OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiUsta Gulmatning jumbogʻi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Usta Gulmatning jumbogʻi (hajviya)
Anvar Obidjon

Shoirlikdan ilkis koʻnglim sovib, baayni nazm mushuk, man it boʻlibdurman. Mundogʻ keskinlik koʻrsaturgʻa toʻrt sabab topdim.

Sabab raqam bir: belimdan quvvat, turqimdan istara chekingʻoch, hatto nosqovogʻimga alohinda qosh uchirib yurgʻon ahli nozanin daf’atan yuzsizlikka oʻtib, puch savlatimni bir imoga olmaydurgon boʻldi. Begonalar ordona qolsun, kenja xotuncham ham goh soqolimni paxmoq, goh qornimni doʻmpoq deb qargʻanadur.

Sabab raqam ikki: doʻst-ahbobdin hanuz oqibat kutub, xumboshligʻimcha qolmakni oʻzimga ep koʻrmadim. Zero, man mudom imonga ergashdim, alar ehsonga tirmashdilar. Alarga shakar tutdim, alardin zahar yutdim.

Sabab raqam uch: olloi karimning tabarruk ismini maxfiy shoʻ‘badin choʻzilgʻon yashirin maoshga pullab, ochiq koʻrlar jamoasini miltiqboz zoʻrlar dumasigʻa chandib bergʻon ayrim savatsallalarni mazanglamoqdin ham toliqdim. Jamoa koʻzini ochmak istadim, koʻr boʻmagʻonim uchun jamoa mandin hamdard topmadi.

Sabab raqam toʻrt: va nihoyat, ulkan bir saltanat ila olishmoqqa barham yetkarub, hokimu arboblarga omonliq berdim. Fahmladimki, bir mansabdorni agʻdarsam, joyini ikkinchi olgʻir foydasigʻa boʻshatgʻonim qolur.

Alqissa, shoirlik ila oroni ochiq qilgʻoch, xayol ummoniga gʻavvos oʻlub, mahovatimga loyiq kasb qidirdim. Ummon tubigʻa yetib bildimki, banda uchun eng qutlugʻ saodat – har narsadin sir-asror axtarib, olamni ravshan anglamoq erkan. Shu asno oʻzimni ilmgʻa urdim.

Allomalikka ilk qadamni Beruniy sumalak toshini chaqib koʻrmakdin, ibn Sino qovurilgʻon boʻyrakni idroklab chaynamakdin, Mirzo Ulugʻbek saroy shiftindagi jinchiroqlarning joylashuv tartibini jadvalga tushurmakdin boshlagʻon boʻlsa, ajab ermas. Buyuk ajdodlarimdin farqim – faqirning ilk nazari qaboqariga tushub, koʻnglumda ul maxluqni bolari ila chogʻishtirmoq havasi uygʻondi. Avomga ma’lum va maqbulkim, bolari bosh suqqon tuynukning xotimasi tekin asal yigʻindisiga borib taqalgay. Vale, man qaboqarilar maskaniga jiddiy hujum uyushtirib, hujramning yon devorini vayronlab koʻrsam-da, guvalalar orosindan loaqal chirik turshak topmadim. Bul zahmatli chogʻishtiruv nihoyasinda dilimda bashorattalab bir soʻrogʻ zohir oʻlub: «Bolariga nisbat aylasak, qaboqarining boshi uch chandon, keti besh chandon katta boʻlgʻoni holda, nechuk bizga yetadurgʻon daromad hechdur?» – dedim. Soʻgʻin koʻnglima vahiy kelib, karomat yogʻdirdim: «Jonzot nechogʻlik besoʻnaqaydur – naf shuncha kamdur», deb. Emdi Yusuf Xos Hojibdek jumboqdin yechim, yechimdin falsafa izlab, qat’iy xulosa qildim va yoshlargʻa mundogʻ nasihat bitdim: «Tanlagʻon yoring qanchaki xipcha ersa, roʻzigʻorga shuncha baraka kiritgʻay. Xotunning qoʻpoli buning aksidur».

Shu yoʻsin, bu chalkash dunyoda shoir boʻlmakdin choyxona choynagini oʻgʻirlab kun koʻrmak maqbul deb, oʻzni batamom ilmgʻa kishanladim. Avliyolik xislatimdin yaralgʻon nodir fikrlarni abadiylashtiruv yoʻlinda qirq daftarni nobud etib, risolalar yozmoqdin hanuz tiyilmagʻonimga ne hayrat? Chunonchi, olam jumboqlari bisyor erkan, mutafakkir taajjubi ham benihoyadir.

Uzoq ketmay, kuni kecha yuz bergan gʻalat ishdin kelay. Koʻrsam, bir musofir dala yoʻlini qazib, doʻppi koʻmayotir. Soʻrdim: «Bu ne ahmoqlik?» Ul bezot dedi: «Tugʻma sehrgardurman, bitta doʻppi eksam, bir rakat namozni tushurgunimga dovur toʻrtta suvsar qalpoq unib chiqadur». Hosilni teng taqsimlash yuzasidan darhol shartnoma tuzilib, beqasam choponlar yetishtirmak umidida man yaktagimni ekdim. Musofir odobini namoyishlab aytdiki: «Yoshingiz ulugʻ erkan, imom boʻling», deb. Qiblani mehrob etib, oldinga oʻtdim. Namozni bitirgʻoch, ortga oʻgrulib «assalomu alaykum», desam, musofir gijonda? Allaqachon hosilni oʻrib, qochib qolibdur. Jumboqdin yechim, yechimdin falsafa izlab, qat’iy xulosa qildim va yoshlarga mundogʻ nasihat bitdim: «Sherikchilikka hatto kalish ekma – foydani kelgindi koʻradur».

Bu kun peshinda yangi bir chagalning guvohi oʻlib, tagʻin yaqo ushladim. Toʻydan qaytayotib qarasam, guzarda olomon tirband. Aynoq jinni koʻchani toʻsib olib, «bu yoqqa faqat jinnilar yursin», deb turibdur. Birov oʻzini telbalikka solib «qumgʻonda arslon qovurib yedim», desa, boshqasi «ayripilongʻa eshak qoʻshib, toʻgʻri Qashgʻarga uchdim», dedi, lek afsus, biron-bir foyda chiqmadi. Bir kimarsa esa unga toʻqnosh borib, choʻntagidin tanga olib koʻrsatdi va nimadir deb shivirlagʻon boʻldi. Shunda Aynoq jinni bexos qah-qah otib, kutilmagʻonda unga yoʻl boʻshatdi. Danakdek qulogʻim supra boʻlgʻuncha yashab, bu yangligʻ ulkan jumboqni koʻrmagan erdimki, ondin na yechim, na falsafa, na xulosa, na ibrat topa bildim.

Balkim aytgandur:

– Kecha eng yaxshi doʻstni mana munaqa temirchalarga almashladim.

Yoki:

– Mana, shu narsa mani jinni qildi.

Yoki:

– Ma, okosi. Bu sabilgʻa xohlasang sabzini sotib olursan, xohlasang qozini.

Agar kimda olimlikka da’vo bordur, ushbu chigalni oʻrinlatub yechsun, biz tizzalab ta’zim qilayluk.

1988