OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiUyquda nimalar boʻlmaydi! (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Uyquda nimalar boʻlmaydi! (hikoya)
Anvar Obidjon

Mushukning tushi

Yeshikni tashqaridan bir-ikki qirtillatib qoʻygach, xonaga lapshaygan bir Sichqon kirib keldi. «Iya!» deb yubordi Mushuk.

– Oqsoqol sizmisiz? – deya chiyilladi Sichqon. – Sizga arzim bor.

– Arzing boʻlsa, sal beriroq kelib gapirgin-da, – uni tappa bosishga shaylanib mingʻilladi Mushuk. Keyin Sichqonning: «Qoʻshnim bilan janjallashib qoluvdik», degan soʻzini yeshitib shashtidan qaytdi.

– Nima, u seni nohaq doʻpposladimi? – yalanib soʻradi Mushuk. – Qani, oʻsha zoʻravonni buyoqqa chaqirib kel-chi.

– Doʻpposlagani yoʻgʻ-u, koʻpchilikning ichida meni bekordan bekorga haqorat qildi, – yigʻlamsirab dardini aytdi Sichqon.

– Ie, hali guvohlar ham bor degin? – sevinib ketdi Mushuk. – Oʻzing bilasan, hamma ishda haqiqat boʻlgani yaxshi. Masalani adolatli hal qilish uchun oʻsha guvohlarni ham olib kelishing kerak boʻladi.

Oradan hech qancha vaqt oʻtmay, nodon shikoyatchi toʻrt-beshta sichqonni yergashtirganicha «oqsoqol»ning huzuriga kirib keldi. Mushuk muloyimlik bilan ularni oʻtirishga taklif qilib, asta yeshik tomonga oʻtdi. Soʻng kutilmaganda, shosha-pisha eshikka tamba urib, laqmalarni xona ichiga qamab oldi...

Agar u uygʻonib ketmaganida, rosa-a mazza qilgan boʻlardi-da.

Quyonning tushi

U saroy sozandalari chalayotgan yoqimli kuyga berilib, quloqlarini shalpaytirganicha taxtda uyqusirab oʻtirar, qarshisida yosh Boʻrilar eshilib-eshilib raqs tushishardi. Kechagina butun darani zirillatib yurgan jangari Sher endilikda uning itoatkor vaziri sifatida ikki qoʻlini koʻksiga bosgan kuyi muloyim jilmayib turardi. Tulki, Shoqol, Ayiq singari iprindilar jahldor hoqonning sovuq koʻzlariga pastdan tez-tez choʻchinqirab boqib qoʻyishar, faqat bosh jallod Yoʻlbarsgina odatdagidek tevarakka olazarak nazar tashlar, u Quyon hazrati oliylarining andak ishorasiga muntazir edi.

Bir mahal, Quyonning qarshisida bosh oshpaz Qoplon paydo boʻldi. Qoplon dumini shipga, tumshugʻini yerga tekkizgudek boʻlib ta’zim bajo keltirgach, shahanshohning tushligi uchun qizilcha qoʻshilgan karamqiyma tayyorlab qoʻyilganligini ma’lum qildi. Oshpazning soʻzini eshitib, shahanshohning birdan ishtahasi ochilib ketgan boʻlsa-da, boshqalarga oʻzining kimligini yana bir bor eslatib qoʻyish maqsadi-da: «Men sabzi yeyman!» deya injiqlanib ayyuhannos soldi...

– Muncha chiyillaysan, bolam? – deya uyquda alahsirayotgan oʻgʻlini shoshib tinchlantira boshladi ona Quyon. – Shu topda sabzini qaerdan topaman senga? Jim boʻl, atrofda yirtqichlar izgʻib yurishibdi.

Laylakning tushi

Qirq boshli ajdarhodek yoprilib kelgan qop-qora bulut bir hamla qilishdayoq quyoshni yutib yubordi. Ketma-ket chaqmoq chaqnadi. Momaqaldiroqning gumbur-gumburidan qamishlar tanasiga zirqiroq kirdi. Osmondan yomgʻir aralash qurbaqalar yogʻa boshaladi.

Qurbaqalar tarvayganicha uchib kelib, vaqillab yerga urilar, miyasi lat yeganlari oʻsha zahotiyoq behush sulayib qolar, yumshoqroq joyga tushganlari esa oqsoqlanganicha borib, darhol koʻlmakka shoʻngʻir edi. Osmondan tushayotgan qurbaqalarning ba’zilari zuvillaganicha kelib sheriklaridan biriga urilar, shunda pastdagi baqaning jahli chiqib unga ayamay tarsaki tortib qolardi. Shapaloq yeganlar ham, oʻz navbatida, hozirgina ustiga kelib urilgan baqa bilan qurillab-qurillab mushtlasha ketardi.

Vaqtincha panaga oʻtib olib, quvonchdan tinmay irgʻishlab yurgan baxtiyor Laylaklarning qiyqirigʻi tobora kuchayib borayotgan qurilloq ovozlar toʻlqiniga koʻmilib keta boshladi...

Shovqindan uyqusi buzilgan och Laylak qanoti bilan koʻzlarini ishqalab qoʻydi-da, bu oʻramda juda kam uchraydigan goʻshtdor qurbaqani tishlab olganicha yonidan gerdayib oʻtib ketayotgan qoʻshnisiga havas bilan tikilib qoldi. Haliyam jonidan umidini uzmagan shoʻrlik qurbaqa baquvvat tumshuqlar orasida zorlanib-zorlanib qurillab borayotgandi.

Qisqichbaqaning tushi

Toʻlpoq Ilonbaliqcha avvallari Qisqichbaqaxonni nuqul ermak qilib yurardi. Endi boʻlsa, yoniga suqulib kelib: «Men bilan birga oʻynay qol», deb elana boshladi. Ilonbaliqcha bilan oʻynagisi kelib turgan boʻlsa ham: «Xoʻsh, nega endi birdan menga suykanib qolding», deya shubhalanib soʻradi jikkak Qisqichbaqaxon. Ilonbaliqcha oldiniga biroz oʻngʻaysizlangandek boʻldi, keyin duduqlanib asta gap boshladi:

– Ilgarilari seni behudadan behudaga xafa qilardim. Endi bildimki, judayam eslik qizcha ekansan. Yana... chiroylisan.

Jajji Qisqichbaqaxon ich-ichidan quvonib ketsa-da, buni Ilonbaliqchaga sezdirmaslikka harakat qildi.

– Nima, haligi oʻrtogʻing joningga tegdimi? – soʻradi u bosiqlik bilan.

– Men endi Laqqaxon bilan sirayam birga oʻynamayman, – birdan tumtaydi Ilonbaliqcha. – Kecha u mening chuvalchangimni oʻgʻirlab qochdi. Shu ham oʻrtoq boʻptimi?

Keyin u Qisqichbaqaxonning koʻzlariga muloyim boqib, soʻradi:

– Menga oʻrtoq boʻlasanmi?

Qisqichbaqa «Ha!» demoqchi edi, ulgurolmadi. Laqqaxon bilan quvalashib yurgan Ilonbaliqcha suvni qattiq toʻlqinlantirib oʻtdi-yu, uni uygʻotib yubordi.

Boʻribosarning tushi

Umri bino boʻlib, Boʻribosar bunaqa gʻaroyib gulzorni koʻrmagan edi. Atirgul shoxida qoʻyning pocha suyagi, sapsargul novdasida sigirning qovurgʻasi, karnaygul poyasida echkining mijigi shoda-shoda boʻlib osilib yotar, agar itning oʻrnida boʻlsangiz, siz ham albatta hayratdan dong qotib qolgan boʻlardingiz.

Oʻnlab ariqchalarda jildirab oqayotgan yuvindilar gulzor oʻrtasidagi ulkan hovuzga borib quyilayotgandi. Gulzordagi barcha sopol yoʻlaklar ulkan ityaloqni eslatuvchi oʻsha hovuzga kelib taqalar, bu yoʻlaklarning har ikki yoqasiga faqat aslzoda itlarning boʻyniga bogʻlanadigan qimmatbaho mis zanjirlar tortib qoʻyilgan edi.

Bu yer odamlarning baqiriq-chaqiriqlari, qoʻy-sigirlarning ba’rash-moʻvrashlari, qushlarning chugʻur-chugʻuri va boshqa asabbuzar shovqinlardan tugalay holi boʻlib, faqat itlarning akillashigina burchak-burchaklardan eshitilib qolardi.

U eng «serhosil» atirgulning ostiga borib, uning pastki shoxidagi top-toza pocha suyakka asta tumshuq choʻzdi...

Shu payt, egasining «Boʻribosar!» degan tanish tovushini eshitib qoldi-yu, erinibgina koʻzini ochdi. Oldiga tap etib allanarsa tushgandek boʻldi. It tuproqqa qorishib yotgan kir ustixonga birpas tikilib turgach, hafsalasizlik bilan yana asta koʻzini yumdi.

Kalamushning tushi

Katta boshliq uni oʻz huzuriga chaqirib, tergay boshladi:

– Sen direktor boʻlgan kalish fabrikasi mendan kattaroq boshliqlarni ham tashvishga solib qoʻydi. Birinchidan, rejalar bajarilmayapti. Ikkinchidan, Gʻoz va Oʻrdaklar uchun ishlab chiqarilayotgan kalishlarning yarmidan koʻpi yaroqsiz.

– Sichqonlarni ishga olib xato qilgan ekanman, – deb oʻzini oqlashga urindi Kalamush. – Kalishlarni oʻshalar gʻajib qoʻyayotganiga shubham yoʻq. Bugunoq ularning dumini tugaman.

– Oʻtgan safar ham shunaqa degan eding, – jerkib berdi katta boshliq. – Endi bizni laqillatib boʻpsan. Xullas, oʻzingning dumingni tugamiz...

Afsuski, Kalamushni faqat tushidagina ishdan boʻshatishdi.

Ayiqning tushi

Togʻda asalari fermasi tashkil etilib, unga bitta mudir kerak boʻlib qoldi.

– Shunga ham bosh qotirib oʻtiramizmi? – deya yigʻilganlarga murojaat qildi Tulkivoy. – Mana, Ayiqbek janoblari koʻpdan buyon asalarichilik bilan shugʻullanib keladilar. Bu ishni shu polvon akamizga topshirsak degan taklifim bor.

Tulkivoy qaytib joyiga oʻtirarkan, «keyin hisoblashamiz» degandek Ayiqpolvonga zimdan koʻz tashladi. Quyon, Kiyik, Suvsar singari xashaki hayvonlar Tulkivoyning gapini ma’qullashib, «toʻgʻri», «gapida jon bor», deya birin-ketin mingʻirlab qoʻyishdi.

Shunda Toʻngʻiz soʻz olib, xirilloq tovushda asta gap boshladi:

– Ferma koʻpchilikniki. Agar polvonni mudir qiladigan boʻlsak, burnim haqqiga qasam ichib aytamanki, bizga bir qoshiq ham asal tegmaydi.

Xashaki hayvonlar «ma’qul», «bu gapda jon bor» deya chuvillay ketishdi.

– Toʻngʻizning fikriga qoʻshilamiz, – qoʻrsayib turib, koʻpchilik nomidan gapirdi oqsoqol Arslon. – Xachirga xashakni, Ayiqqa asalni ishonib boʻlmaydi.

«Ha, shunaqa», «bunisiyam toʻgʻri», deya yana birin-ketin vijirlashdi xashaki hayvonlar...

Ayiq uyqudan turgach, hasadgoʻy Toʻngʻizning ta’zirini berib qoʻyish uchun toʻgʻri chakalakka qarab yoʻl oldi.

Chigirtkaning tushi

Kecha bir Hoʻkiz maysazorda uning inini tepalab oʻtgandi. Hozir oʻsha molfahmni qoʻqqisdan uchratib qoldi-yu, bora solib, qanshariga ayamay musht tortdi. Hoʻkiz gandiraklab ketgan boʻlsa ham, yiqilmadi. Battar jahli chiqqan Chigirtka chaqqon sakrab, uning qoq biqiniga qaratib tepdi. Hoʻkiz bir ixrab tebrandi. Zoʻravonlik qilishni senga koʻrsatib qoʻyaman, deb qichqirdi alamzada Chigirtka. U Hoʻkizning ikkala shoxidan ushlab turib, shartta bir tomonga qayirgan edi, eski devordek gursillab yerga agʻdarildi. Qassobning qoʻliga tushdim deb oʻylagan boʻlsa kerak qoʻrqqanidan qattiq boʻkirib yubordi...

Boʻkiriqni eshitgan zahoti choʻchib koʻzini ochgan Chigirtka maysazorga yana poda kirib kelayotganini koʻrib, oʻzini shartta panaga urdi. Sogʻ-omon chetga chiqib olgach, nafasini rostlab oʻtirarkan, nozik qoʻllariga armon bilan bir qarab qoʻydi.

Tulkining tushi

Oʻnlab katta-kichik skeletlar turli parrandalar tilida shovqin solganlaricha uni qurshab olishdi. U jon-jahdi bilan oʻzini har yonga urib koʻrdi. Lekin, temir qoziqlardek oyoqda mustahkam turgan skeletlarning halqasini yorib oʻtolmadi.

– Qoʻlga tushding-ku, maraz! – Xoʻroz shaklidagi skelet kekkayib bir qadam oldinga chiqdi. – Bizni tanimayapsan shekilli? Biroq, biz seni esdan chiqarganimiz yoʻq.

– Meni yaqindagina yegan eding, – Kaklikka oʻxshab gapirdi mitti skelet. – Hech boʻlmasa meni taniyotgandirsan, la’nati?

– Endi bizning galimiz keldi, – deya gʻagʻilladi Oʻrdak-skelet. – Bizni boʻgʻizlagan paytingda qanchalar jonimiz ogʻriganini senga soʻz bilan tushuntirib boʻlmaydi. Hozir oʻsha azobni oʻzingning boshingga solamiz.

Tulki kapalagi uchganicha qichqirdi:

– Bu qanaqa gap, ogʻaynilar? Tushunsalaring-chi, men yashash uchun nimanidir yeyishim kerak-ku, axir!

– Meni boʻgʻib oʻldirguningga qadar yorugʻ dunyoda besh yildan koʻproq umr kechirgandim, – gʻazabli gap qotdi Tovuq-skelet. – Ammo, men yashash uchun oʻzgalarning hayotiga qasd qilmaganman.

– Toʻgʻri, sen shunaqa yaralgansan. Men boshqalarga achinadigan boʻlsam, unda oʻzim harom oʻlaman. Nega haqiqatni tan olmayapsizlar, qadrdonlarim? – dedi Tulki oʻzini oqlash uchun.

Gʻoz-skelet atrofdagilarga bir alanglab olib, gapga aralashdi:

– Demak, bitta boʻlsa ham, u tirik yurishi kerag-u, bizdaqangilarning yuztasi qirilib ketsa mayli ekan-da? Aybimiz undan koʻra kichikligimiz, kuchsizligimizmi?

– Tulki bizning qonimizni ichayotgan vaqtda haqiqat-paqiqatni gapirib oʻtirmagandi, – yana koʻkrak kerdi Xoʻroz-skelet. – Nega endi biz ezmalik qilib turibmiz?

Shunday dedi-yu, boshqa skeletlarga oʻgirilib, bor tovushda: «Sol marazni!» deb qichqirdi.

Turli parranda shaklidagi oʻsha katta-kichik skeletlar shovqin-suron bilan Tulkining ustiga yopirilishdi...

Dod solganicha sakrab oʻrnidan turib ketgan qonxoʻr Tulki anchagacha oʻziga kelolmadi. Oʻpkasini bosib olgach, uyasida qalashib yotgan suyaklarni bitta qoʻymay tashqariga chiqarib tashladi.

1977