OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiXX asr talonchiligi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





XX asr talonchiligi (hajviya)
Anvar Obidjon

Shahri azimning militsiyasi oyoqqa turdi. Jinoyat qidiruv boʻlimi hordiqdagi xodimlarini shoshilinch chaqirib oldi. Militsiya maktabi talabalari hisobiga kuchaytirilgan avtoinspektorlar jamiki yoʻl va yoʻlsimon joylar ustidan nazorat oʻrnatdi. Drujinachilarga paxtavon oʻqli qurollar berilib, vokzallar, aeroportlar, bozor-guzarlarga tarqatildi. Dala-dasht, koʻl-daryo zonalarini kuzatish ovchilar va baliqchilar jamiyati a’zolarining zimmasiga yuklandi. Chet el sayohatida yurgan tajribali izquvar Mastonov Avstraliyadan, xalqaro musobaqada qatnashayotgan dovruqli iskovuch Shoʻrka esa Jakartadan qaytarib kelindi.

Mastonov odatdagidek ishni bir chekkadan, ombor qorovulini tergov qilishdan boshladi.

– Hovliqilmasin, otaxon, – deya qorovulning hayajonini bosishga tirishdi u. – Chuqur oʻylab koʻrilib, aniq-aniq javob qilinsin. Talonchining qiyofasi?

– Turqimi? Turqi sovuq! – zardali tovushda soʻz qotdi qorovul.

– Qaytaraman, oʻpka bosib olinsin! – deb ogohlantirdi Mastonov. – Voqea bir boshdan gapirilsin. Yolgʻon qoʻshilmasin. Uxlab qolingan boʻlsa, yashirilmasin.

Oxirgi gapni eshitib, qorovul tergovchini jerkib tashladi:

– Ie, vey, tik turganda qorovulxonamga zoʻrgʻa sigʻaman-u, uxlab boʻlarkanmi? Buni ustiga, toʻrt-besh kundan beri qulogʻim ogʻriydi. Kechayam bemahalda yomon loʻqillatdi. Bildimki, doridan tomizmasam tinchitmaydi… Muni qarang, nachaylik, quloq ogʻriqqa eng zoʻr davo yosh bolaning peshobi ekan. Birinchida oʻqiydigan nevaram bor, kenjasidan kattasi, shu tirmizak desangiz har kuni bizga dori yetishtirib beradi. Qoʻliga bitta shakolatni ushlataman-u, endi joʻmrakni oching, deb pivaxoʻrlardan qolgan shishani tutaman, tezda childiratadi...

– Gap aylantirilmasin!

– Xullasi kalom, oʻsha dorini qoʻlga olganimni bilaman, eshikning zulfi uzilib, xirom etikka oʻxshagan bir gursimos ustimga bostirib kirdi. Mardakdek qotib qoldim. U indamasdan changalimdagi shishani yulqib, chaypab koʻrdi, «Oltinchinikimi?» deb soʻradi. Battolni qarang-a, oltita nabiram borliginiyam bilarkan. Men toʻgʻrisini aytdim, «beshinchiniki», dedim. Shunda u dorini koʻpirtirib piyolaga agʻdardi, ikki hoʻplab, bir gʻoʻlqillatdi. Piyolani qatronbop qilgani yetmagandek, achitib qoʻyibsan deb soʻkindi. Nevaram doim yonimdamidiki, darrov achimaganidan quydirsam...

– Boʻladiganini gapirilsin! – deya toqatsizlandi Mastonov.

Qorovul bir zum sukut saqlagach, xoʻrligi kelganday lunjini bujmaytirdi.

– Qoʻrqitdi meni... Otasi tengi odamni sensiradi. «Ertaga tirik yuray desang, hozircha oʻlib tur», dedi. Koʻrpachamga chalqancha uzalib, koʻzga qulf soldim, oyoq-qoʻlimni murdadek shalviratdim... Oʻlganimdan keyingi ishlarni bilmayman, nachaylik.

Mastonov gʻaladondan bolishdek albom olib, qorovulning yoniga oʻtib oʻtirdi. Suratdagilar orasida oʻsha qaroqchining bor-yoʻqligini aniqlash niyatida sahifalarni shoshmasdan varaqlashga kirishdi.

– Ie, vey, manavinisi opshepitimizning boshligʻi-ku! – deya albomni oʻzining oldiga surdi qorovul. – Yotib chiqqanmi?

Mastonov indamadi. Qorovul boshmaldogʻiga tupurib, albomni paypaslay ketdi. Oʻrtaroqdagi sahifalardan birida yana toʻxtalib: «Ie, vey, shu juvon ham oʻgʻrimi?»– deb soʻradi. Mastonov «yoʻq» degandek bosh tebratdi.

– Olib sotarmi?

– Yulib sotar, – sirli jilmaydi Mastonov.

Qorovul gapning tagiga yetib, suratga suqlandi.

– Oti nima? Qaerda turadi oʻzi?

Mastonov yuzini oʻgirib, chuqur xoʻrsindi. Qorovul albomni titkilashda davom etdi. Nihoyat, suratlardan biriga titroq barmogʻini bosib: «Mana! Mana shu!»– dedi. Endi Mastonovning oʻzi tuyqus hayajonlanib ketdi.

– Yaxshilab qaralsin... Adashilmasin, otaxon, adashilmasin.

– Aldasam, kalomullo ursin, nachaylik.

Qorovul ketishi bilanoq Mastonov temir javondagi qogʻozlarni agʻdar-toʻntar qilib, zarur papkani topdi, ayrim sahifalarni diqqat berib koʻzdan kechirgach, telefon parragini gʻildiratdi.

– Salomat boʻlinsin, oʻrtoq polkovnik. Mastonovman... Shaxsan shubha qilganimdek, ombor masalasi «Qorabuqa» laqabli nomdor talonchiga borib taqalyapti. Labbay? Delosi qoʻlimda turibdi. Juda pixini yorganlardan. Uch yoshida enasi sochiga osib yuradigan kumush tangani oʻmarib, «shara-bara»chidan surnay olgan. Ikkinchi sinfda «A’lochilar hurmat taxtasi»ni, uchinchi sinfda Avloniyning portretini, beshinchi sinfda Makarenkoning byustini oʻgʻirlagan. Uyda oʻtin yoʻq degan bahona bilan bir necha partani gumdon qilishda ayblanib, yettinchi sinfda maktabdan haydalgan. 1951 yilda N-qismga qarashli «T-34» tankini olib qochib, bozorda xaridor axtarib turganda qoʻlga tushgan. 1960 yilda omonat kassani, 1973 yilda tilla magazinni talagan. Bundan oʻn bir oy burun oxirgi jazo muddatini oʻtab chiqib, hech qanday kasb-kori boʻlmagani uchun savdo rastasida kooperativ tualet ochgan. Navbatdagi jinoyatga qoʻl urgunga qadar mazkur tualet direktorligi lavozimida uzluksiz ishlab kelgan...

Koʻp oʻtmay, «Ombor operatsiyasi»da ishtirok etayotganlarga maxsus paketlar joʻnatildi: «Barcha postlar diqqatiga! Iks kvartaldagi igrek omborni «Qorabuqa» laqabli ashaddiy qallob talagani ma’lum boʻldi. Uning tashqi qiyofasi: barzangi, yapaloq yuzida ikkita koʻz, bittadan burun va ogʻiz joylashgan. Afti qoracha, biroq betiga upa surtib olish ehtimoli bor. Alohida belgisi: qizil rangni koʻrganda asabiy gʻudranadi. Behad uddaburon – avtomashinani ikkita gʻildirakda hayday oladi, suvda oqimga qarshi minutiga uch yarim mil tezlikda suzadi, oddiy zontikka ishonib samolyotdan sakrashi mumkin, ogʻzidagi nosni besh qadam naridagi raqibning koʻziga bexato tupuradi. Qoʻlga olishda katta ehtiyotkorlik zarur. Jinoyatchining fotosurati «Tavsiyanoma»ga ilova qilinmoqda».

Izquvarlarning «gʻiz-gʻiz»i kuchaygani sayin, olomon oʻrtasida «mishmish»lar ham avjga minayotgandi.

– Qorovul chordoqda ekan. Pulemyot otib, oʻgʻriga tekkizolmabdi.

– He, attang, granatasi boʻlganda-ku... Bunaqa noyob mol saqlanadigan ombor qorovuliga granata berish kerak, oʻrtoqlar.

– Yirik banditlar hozir ham bor ekan-da, a?

– Oʻv, yaxshilar, oʻzi nima gap?

– Vo, haliyam gʻaflatdamilar? Eshitmadingizmi? «Shira-shirgʻoq» univermagining omboriga tomteshar tushibdi. Ilgʻorlarga roʻyxat bilan beriladigan shakardan bir qopini paqqos urib ketganmish-a!..

YOZUVCHIDAN QOʻSHIMCHA: magazinlarda shakar tiqilib yotadigan kun balki yaqindir. Ammo bu, oʻshanda satiraning ham kuni bitadi, degani emas.

1988