OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiXorij radiosi va... kalish (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xorij radiosi va... kalish (hajviya)
Anvar Obidjon

Pul almashtirilayotgan bonkani eslatuvchi tiqin bekatda «Frunzening haykalini-ku majaqlashdi, lekin tagidagi otda nima ayb?» – degan mulohazani kallada ezgʻilab turuvdimki, yelkamga «shap» etib tushgan qoʻl xayolimni boʻldi. Ogʻzida pivaning qoldigʻi koʻpirayotgan ayvonpeshana banda meni oʻziga oʻgirib, koʻzimga shoʻngʻishga intildi:

– Kalishimni nima qipqoʻyding, uka?

Uchoqlarni, harbiy kemalarni oʻmarishga oʻtgan zamonamiz chakkibosarlari sha’niga isnod boʻlib yogʻiluvchi bu xarxashadan dovdirab qoldim. «Qanaqa kalish?» – deya anqayib savol berdim.

– Tashi qora, ichi qizil... Patagi guldor sholchadan...

– Kalla joyidami? Menga kalishingizning nima keragi bor?

Ayvonpeshananing koʻzi gilosdan sitilayotgan danakdek boʻrtib chiqdi:

– Ha kerakmas-a! Kerak boʻlmasa, osongina doʻppi turganida, atay oyogʻimdagini ilib ketarmiding? Kalishimni nima qipqoʻyding, uka?

Bekatda ulov kutaverib diqqati oshganlarga ermak oʻz oyogʻi bilan keldi, «choʻqi-choʻqi»ga itqitilgan xoʻrozlardek jonli doiraning ichida qamaldik-qoldik. Birovning kulfatidan tomosha yasovchilar bema’nilikdan ma’ni qidirishga urinishadi.

– Oʻlar jonga nimani talashyapti bular?

– Kim nimani shilibdi oʻzi?

– Anavi manavining kalishini yopishtirganga oʻxshaydi.

Ayvonpeshanani esa shu topda na atrofdagilar, na atrofdagilarning fikri qiziqtirayotgandi.

– Aybim anavi supada sal koʻzim ilinganimi? – deya xurujini davom ettirdi u. – Kuning menga qolganakan, paypoqni urib ketavermaysanmi, joʻlik. Yalangoyoqdan koʻra qoʻlantayoq yursam, elda bunchalik beobroʻ boʻlmasidim. Ma, buniyam ol endi!

Shunday dedi-yu, qoʻlidagi saxtiyon paypoqni yuzimga otdi. Toʻqson birinchi yilning oʻn toʻqqizinchi avgustida bir piyonista uyimga tuyqus kirib kelib, GKChPning mazkur mahalla boʻyicha favqulodda vakili ekani, unga oliy ma’lumotlilar xonadonidagi araqlarni musodara qilish topshirilganini aytganida, bisotimda loaqal biror qultum musallas yoʻqligidan oʻta noqulay ahvolda qolgan edim. Shu chogʻdagi xijolatpazlik undan ham oʻtib tushdi.

– Menga qarang, aka... jon aka, – dedim, ayvonpeshanaga yalinchoqlanib, – doʻkonni qoʻyib turaylik, eng zoʻr kalish chayqovda qancha?

– Kavlanma! – deya choʻntagimga suqilayotgan qoʻlimni shapatiladi u. – Sabzipoʻchoq roʻbilingni echkingga sol. Bir yotib turguningcha gugurt uch milliyon boʻpqoladigan zamonda yuribsan. Menga molimni ber... Kalishimni nima qipqoʻyding, uka?

Qarasam boʻlmaydigan. Raqibdan baland kelish uchun baqirib koʻrish uslubini tanladim:

– Hov, mirzagʻofil, meni kim deb oʻylayapsiz? Taniqli zotlardanman! Kattakon bir simfonik orkestrda goʻsnogʻorachiman! Nima, kalishingizni olib borib, oshnamning garmoniga yamaq qilamanmi?

Tomosha yasovchilar endi men tomondagi pallaga oʻtishdi.

– Toʻgʻri-da, shu odam kalishga zormi?

– Oyogʻidagi patinkani qara, mingtaligingni tepib oʻtaman deb turibdi.

– Hoʻ, peshanasi ishgan, qoʻyvor nogʻorachini!

Bekatdagi gʻala-gʻovur bozordan chiqayotganlarning ham e’tiborini tortib, tegramizdagi «xoʻrozboz»lar koʻpayganidan koʻpayib borayotganidi. Yuragimni gʻulgʻula qopladi. Birorta ogʻzi maymoq: «Tuy ikkalasiniyam!» – devorsa bormi!

Xayriyat, davrada shu oʻramning nazoratchi mirshabi paydo boʻldi. «Nima gap? Bizga qanday shikoyatlar bor?»– deya chimirildi u. Men to soʻzga ogʻiz juftlagunimcha ayvonpeshana tashabbusni dangal qoʻlga oldi:

– Peshanam qursin, uka, kalishni urdirvordim. Gumonim manavindan!

Mirshab da’vogarning arzini chala-pula eshitiboq, qoʻlimdagi diplomatga alohida shubha bilan boqdi. Qutichani ochib koʻrsak boʻladimi, deya qoʻl choʻzgan edi, bu narsa meniki emasligini aytib, tixirlanganimcha ortga chekindim.

Diplomat rostdanam meniki emasdi. Har gal ishxonamga hol soʻrab kirganida, goh shamsiyasini, goh shlyapasini, ba’zan, hatto, sigaretini unutib qoldiruvchi doʻstim doktor Parishoniy bugun diplomatini esdan chiqarib jilvorgani, birovning buyumini titish esa odob qoidalariga tomoman xilofligini tushuntirishga urinayotganimda, ayvonpeshana jon-jahdi bilan yana yoqamga yopishdi:

– Namuncha gapni aylantirasan, vey? Kalishimni nima qipqoʻyding, uka?

Tomosha yasovchilar qaytadan narigi pallaga ogʻishdi.

– Diplomatni ochmayapti. Bir gap bor.

– Shu eplashtirgan-da. Kampazitirdan oʻgʻri chiqmaydi degan hadis yoʻq, ogʻaynilar.

– Hoʻ, melisa, mahkam ushla nogʻorachini!

Olomondan oq fotiha olgan mirshab qat’iy tarzda buyurdi:

– Qutichani oching deyapman! Oching yaxshilikcha!

Beodoblik qilishga majburlik odobsizlikka kirmaydi. Diplomatni ochishga jazm etdim. Ammo, ocholmadim. Qulfi raqamli gʻildirakchalar bilan tilsimlangan ekan. Mirshab ham gʻildirakchalarni aylantirib, har xil sonlarni terib koʻrdi. Bilimi yetmadi.

– Qulfini qasddan chalkashtirvoribsan-ku, kunjara yegan, – deb pishqirdi ayvonpeshana. – Kalishimni nima qipqoʻyding, uka?

Bu orada tomosha yasovchilarning safi kengaya borib, olomon katta koʻchaning yarmigacha yoyilib ulgurgan edi.

Shu payt, sargʻimtil oynali bashang mashina «vapap-vapap» qilganicha oraga yorib kirib, bekat yaqinida toʻxtadi. Undan tushgan qora koʻzoynakli kimsa mirshabni yoniga tortdi, nimanidir surishtirdi. Mirshab uning qulogʻiga bosh tiqqudek boʻlib, uzoq shivirladi. Tim qora koʻzoynakning ortidagi nigoh dam meni, dam ayvonpeshanani diqqat bilan kuzatayotganini aniq sezib turardim. Mirshab bor sepini yoyib boʻlgach, qora koʻzoynakli kimsa salobat bilan kelib, ayvonpeshanaga biqin tiradi:

– Chiqing mashinaga. Kalishni oʻzimiz tashkil qilamiz.

– Vey, gadoymasman men, – jizzakilandi ayvonpeshana.– Zoʻr boʻlsang, anavinga osil, uka. Ochsin sandiqchasini.

Tomosha yasovchilarning jovur-juviri avjiga mindi.

– Haq gap! Ochsin diplomatini. Koʻraylik.

– Hammang bitta yalangoyoqqa yopishvolasanmi?

– Kampazitir qutisini ochsin. Gap tomom!

Olomonni tarqatishga kuchi yetmasligini sezgan mirshab koʻzi jovdiraganicha qora koʻzoynakli kimsaga tikildi. Qora koʻzoynakli kimsa doktor Parishoniyning qaerda yashashini mendan soʻrab bilgach, shofyorni uni olib kelishga joʻnatdi.

– Kalish qutichadan chiqmasa, oʻzingizdan koʻring, – deya ayvonpeshanaga oʻdagʻayladi mirshab.

– Menga poʻpisa qilishga hech kimning haqqi yoʻq! – mirshabga boʻyin choʻzdi ayvonpeshana. – Urush vetironiman men!

Turishidan Girmon urushi uchun yoshroq, Afgʻon urushi uchun keksaroq koʻrinuvchi bu nusxaning soʻnggi soʻzlari bir mendagina gumon uygʻotib qolmagan ekan. «Masalan, qaysi janglarda ishtirok etgansiz, akaxon?» – deb savol berdi qora koʻzoynakli kimsa.

– Koʻcha janglarida qatnashganman! Nimaydi?

– Stalingraddagi koʻchadami, yoki...

Ayvonpeshananing koʻzlari sarosimali oʻynab: «Noroziman! Adolatsiz tergov bu!» –deya gap boshlagan ediki, ogʻzining oldida sopi uzun mikrofon paydo boʻlganini koʻrib, halqumiga chandir tiqilgandek «hiq» etib toʻxtab qoldi. Soʻng, odamlar ortidan boʻylagan kuyi mikrofon tutib turgan tirjayma yigitga chaqchayib dedi:

– Xoʻsh? Sabab?

– Chet el radiosidanman, – chiyilladi tirjayma yigit.– Nimadan norozisiz? Bu namoyishning sababi nima?

– Namoyish?! – terisidan chiqqudek boʻlib boʻkirdi ayvonpeshana. – Kim nimasini namoyish qipqoʻyibdi? Hebbivoy odamlarni toʻplab, biror narsasini koʻrsatyaptimi? Yo senga arz qilganimminan davlatingdan iskabtopar kelib, kalishimni topib beradimi? Ol naryoqqa! He, nikrapoʻningga Hayyomni ruboyisi!

Yana oʻsha «vapap-vapap»lar yangrab, bashang mashinada doktor Parishoniy ham yetib keldi. Mashinadan tushayotib meni koʻrdi-yu, negadir rangi boʻzarib ketdi. «Manavi diplomat siznikimi?» – deb soʻradi undan qora koʻzoynakli kimsa. Parishoniy tasdiqlagach, «oching» deb farmon berdi. Titroq barmoqlar tilsimlangan raqamlarni terishga tutindi. Qulf sharaqlab chertildi. Mirshab diplomatni qoʻliga olib, qopqogʻini ochdi. Uning ichida... ne koʻz bilan koʻrayki, sholcha patakli bir juft eski kalish egizak maymunchalardek ishshayib turardi. Damim ichimga tushib, tarraklanib qoldim. Atrofdagilar tengdan oh tortib yuborishdi.

Doktor Parishoniyning qorasi koʻringandayoq, birdan qoshi ilang-bilang boʻlib, oʻzini mirshabning panasiga olishga uringan ayvonpeshana «ha esim qursin-a», deya boshiga shapatilab mungʻaydi.

– Ie, oʻzlari shoʻttamidilar? – ayvonpeshanaga koʻzi tushib, doktor Parishoniyning yuziga qon yugurdi. – He, Hebbi polvon boʻlmay, har narsa boʻling. Moldek ichvolib, transportni choyxonada qoldirib ketibsiz-ku. Toji-samovor elanib yotib, kalishingizni qoʻlimga tutqazuvdi. Qachongacha buyumlaringizni ortingizdan yigʻib yuraman, qoʻshni?

...Uyga kelib ham kayfiyatim ochilmadi. Yuragimda kimdir hanuz xamir qorar, butun boshli rok-guruh miyamni tepalab raqs tushayotgandek edi: «Qanday sharmandalik! Muxlislarimdan ba’zilari oʻsha bekatdagi ahvolimni koʻrgan boʻlishsa...»

Hovurimni bosish uchun ayvondagi paqirdan muzdek suv simirdim. Uy ichidan «chuv-v, chuv-v» qilib taralayotgan tovush ham boshimni choʻqilayotgandek tuyuldi. Nodon kenjatoyim haqiqatni yana xorij radiosidan qidiryapti, chogʻi.

Yon-verimdagi xonadonlar bilan aloqani yaxshilash maqsadida keyingi paytlar uyda mashq qilmay qoʻyganidim. Shu topda biron-bir latif kuy chalib, oʻzimni ovutgim keldi. Ilhom isitmasida oʻrnimdan turib, yigirma pudli xumni eslatuvchi jonajon goʻsno-gʻoramga yaqin bordim. Qayragʻochdan yasalgan uraqni qoziqdan olib, sopidagi qayishni bilakka ilayotganimda, ichkaridagi radioning chuvillashlari tinib, nihoyat, odamzodning ovozi yangradi: «...bozor oldidagi bekat maydoni odamga liq toʻlib ketgan. Muxbirimizning fikricha, bu kattakon namoyishga kalish yetishmasligi sabab boʻlgan».

Suxandon «Sobiq Shoʻro imperiyosining boshqa hududlarida ham...» deya axborotni davom ettirayotganida, oʻzimni sabrsiz olamning mojarolari sahnasidan chetroqqa olib qochishga tirishib, goʻsnogʻoramda zoʻr berib «Aliqambar»ni chala boshladim:

– Gum-gum! Gumbira-gum! Gum-gum! Gumbira-gum!..

1993