OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiXususiy koʻprikcha (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Xususiy koʻprikcha (hajviya)
Anvar Obidjon

Qatiqsotarlar mahallasini qatiqsevarlar mavzesidan ajratib turuvchi ariq ustidagi yogʻoch koʻprikcha payshanbadan jumaga oʻtar kechasi olakoʻkish rangga boʻyalib, ertalab uning boʻsagʻasida baliqchilar gʻarovtayogʻini eslatuvchi ingichka shlakbaum va gʻoʻla kursida baboqlanib oʻtirgan qoʻngʻizmoʻylov kimsa paydo boʻldi. Quyoshning kiprigi uzaygan kezda katta soʻmka koʻtargan shogird ham yetib kelib, «assalomalaykoʻ-oʻ-m, Qoʻshmat aka», deya qiyshanglab ta’zim qildi.

– Salomni choʻzgʻilamay, tezroq joyingga bor, – gʻoʻdangladi Qoʻshmat. – Odamlarni koʻniktirguncha hushyorroq ishlashimiz kerak. Yoʻtalimni poylab tur. Qaysi usulni qaysi vaqtda qoʻllashni chalkashtirvorsang, ishdan boʻshaysan, Qoramirza.

Qoramirza mungli burun tortib, chetga burildi. Nariroqdagi butalar ortiga oʻtib, soʻmkadan olingan turli kiyimlarni alohida-alohida taxlashga tutindi.

Endigina nos chekishga taraddudlangan Qoʻshmat oxorli shlyapa ostida soʻlqil-soʻlqil odimlab kelayotgan poʻrim kishini koʻrib, tiqinni qaytadan nosqovoqning ogʻziga suqdi-da, birdan bezrayib, maxfiy hudud soqchisi qiyofasiga kirdi. Tonggi manzaradan juz’iy xato topgandek, ufqqa norozi kayfiyatda koʻz qadab kelayotgan poʻrim kishi xirom poyabzalini koʻprikcha yaqinida keskin toʻxtatdi. Taajjublanib qosh chimirdi. Choʻntagidan koʻzoynak olib, shlakbaumning oʻrtasiga ilib qoʻyilgan taxtachadagi «Aqqa-baqqa 10 soʻm» degan yozuvni sinchiklab oʻqigach, nigohini Qoʻshmatga burdi:

– Buni tagiga yetsak boʻladimi?

– Xususiy koʻprik bu. Oldin puli toʻlanadi, keyin oʻtiladi.

– Xususiy? Bunga hujjat bormi?

Qoʻshmat butalar tomonga bezovta qiyalab, qattiq yoʻtaldi, soʻng poʻrimga gap ilmoqladi:

– Bizda-ku hujjat bor. Lokigin, oʻzlarida-chi? Birovni tekshirishga haqqingiz boʻlsa, koʻrsating hujjatni.

Poʻrimning labi asabiy pirpirab, navbatdagi hamlaga chogʻlanganida, chap qoʻlini boʻyniga osib, oʻng qoʻlida hassa ushlagan Qoramirza oqsoqlanib yaqin keldi:

– E, hormang, akaxon, – deya Qoʻshmatga xushomadlandi.– Iloyim, kam boʻlmang. Umringizdan baraka toping.

Keyin, poʻrimga yuzlanib, ilgari bu koʻprikcha u dunyodagi qilkoʻprikdan ham xavfli boʻlgani, yaqinda shundan ariqqa yiqilib qoʻl-oyogʻi shikastlangani, natijada bozordagi tirikchiligidan qolgani yetmaganidek, ancha pul sarflab davolangani, xotini kuniga uch mahaldan moshinakira qilib, kasalxonaga qatnagani-yu, nihoyat Qoʻshmatning muruvvati bois bu koʻprikcha epaqaga keltirilib, minglab moʻminlar xatardan xalos etilganini maddohlanib soʻzlab berdi. Qoʻshmatga «qaytimi kerakmas», deya yigirma besh soʻm tutqazgach, poʻrimga boshdan-oyoq razm soldi:

– Sumbatingizdan sezyapmanki, shu saxovatpesha insonga menam bitta elliktalikni xayriya qilvorsammikin deb turibsiz. Koʻnglingizdagini topdim, a? Xex-xex-xe…

Poʻrimning tuyqus koʻngli yumshadi, «a… agar-r xayriya boʻlsa, bu boshqa gap», deya choʻntagidan bir tutam pul oldi, ichidan elliktalikni topib, Qoʻshmatga uzatdi. «Shunchalar savobga koʻmildingizki, oʻliboq, tap etib jannatga tushasiz, akaxon», degan alqovlarni yogʻdirib, poʻrimni iliq kuzatib qoʻyayotgan Qoramirzaga Qoʻshmat qoniqish ila tirjaydi:

– Yaxshi ishlading. Bundan keyinam noningni shunaqa halollab yegin.

Butalar ortiga ogʻir yumushdan toliqib qaytgan Qoramirza uchuq toshgan labiga sigaret qistirdi. U yoqda Qoʻshmat ham xumorbostiga shaylandi-yu, nosqovogʻi yana qoʻlida qoldi. Koʻprikchaning narigi boshida qizalogʻini yetaklagan tannoz juvon koʻrindi. U, shlakbaum yaqinida toʻxtab, taxtachadagi yozuvni tumtayib oʻqidi, kartmonidan oʻn soʻm sugʻurib, yerdagi qogʻoz qutichaga irgʻitdi. Qoʻshmat goʻyo uni koʻrmagandek bez boʻlib turaverdi.

– Ochmaysizmi? – tezakrang boʻyoq suvalgan labini choʻchchaytirdi tannoz. – Pulni oldingiz-ku.

– Bolaga kim toʻlaydi, bolaga?

– Voy! Mushtumdek bolagayam pulmi? Insof bormi?

– Insofimiz bordirki, emizikli goʻdaklarga bepul oʻtish huquqini berib qoʻygandirmiz, – boshini butazor tomon burib, gʻargʻarador yoʻtalgach, tannozga chaqchaydi Qoʻshmat. – Qizchangiz nechchiga kirdi?

Qizaloqning yettidan oʻtayotganini eshitib: «He, ata-a-ng, bogʻcha yoshida boʻlgandayam, ellik foiz yengillik berardik», deya afsusnamo bosh tebratarkan, bu gal jagʻiga yasama soqol yopishtirib, bashang salla-choponda tashrif buyurayotgan Qoramirzaga koʻzi tushib, muloyimlanganicha oʻrnidan turdi:

– Ie, ie! Assalomu alaykum, qori pochcha.

Qoramirza tavoze bilan alik oldi, tannozga chala-chulpa koʻz tashlab qoʻyib, Qoʻshmatga qiroatlandi:

– Bu otinchani tanimadik-ku, boʻtam. Inchinun, qarindoshlardanmi deyman?

– Nimalar deyapsiz, pochcha boboy? – jizilladi tannoz. – Ming shukurki, bunaqa yulgʻichdan qondoshim yoʻq. Qarang, shu zigʻirttak qizdan koʻprikpuli soʻrayapti-ya.

Viqor bilan tasbeh oʻgirayotgan Qoramirza, bir seskanib olib, Qoʻshmatga qosh kerdi:

– Evo-o-h! Inchinun, avliyolarni ranjitadigan ish boʻpti-ku. Andek sabr qilmabsiz-da, mulla Qoʻshmat. Bunaqa kalta koʻylakli otinchalarning zoti ulugʻ boʻladi. Bolasining boshidan biron narsa oʻgirar, vaallohu a’lam.

Bu gapdan tannozning chehrasi chaman boʻldi:

– Toʻgʻri aytdingiz, pochcha boboy, tagim judayam toza. Bolamni haqiga doim sadaqa qipturaman.

Shunday deya, kartmonidan yana ikkita oʻn soʻmlikni oldi, qizchasining boshidan aylantirib, ularni ham qogʻoz qutichaga uloqtirdi. Qoʻshmat shlakbaumni ochib, ona-bolani oʻtkazib yuborgach, «bo-o-rakallo, otincha, bo-o-rakallo», deya koʻzi yonib duogoʻylanayotgan Qoramirzaga qarab moʻylov uchirdi:

– Fisht! Joyingga bor endi.

Qoramirza tasbeh oʻgirishdan toʻxtab, ta’nador kepatada havolandi:

– Qoʻpollik qilmasinlar, boʻtam. Inchinun, bu koʻprikni vayron qilish uchun «suf» deyishimiz kifoya.

Qoʻshmatning zardasi qaynaganini koʻrgan Qoramirza miriqib kuldi-da, sallani qoʻlga olib yelpingan kuyi butalar ortiga oʻtib ketdi. Qoʻshmat nihoyat nos kapladi. Lekin, kayfi tomirlariga yoyilib ulgurmasidan, kitob-daftar qoʻltiqlagan yigitcha shamoldagi xazondek pirpirab kelib, qornini shlakbaumga qadab toʻxtadi.

– Ie, bu qanaqa tamoʻjniy? – koʻzi gildirab soʻradi u.

Mayda nosdan ogʻzi suvlashgan Qoʻshmat avval yozuvli taxtachani qoshi bilan koʻrsatdi, keyin barmoqlarini bir-biriga ishqalab, pul toʻlash lozimligini shama qildi.

– Shu qiyshiq koʻprikdan oʻtishgayam pulmi? – jirrakilandi yigitcha. – Bekorchi valyutam yoʻq. Koʻtaring tayoqni.

Qoʻshmat nosni butazor tomonga tuflab, jarangdor yoʻtaldi. Soʻng yigitchaga doʻq urdi:

– Hamma indamasdan toʻlab oʻtyapti. Nima, shoxing bormi?

– Shox sizga oʻxshagan qari takada boʻladi. Yoʻlni oching, shoshib turibman!

Endi kavkazcha shalviroq shapkani boshga qingʻir qoʻndirib, boʻynidagi kumush zanjirni suratli futbolkaning ustidan salanglatgan Qoramirza, tish gʻichirlatib kelib, yigitchaga burnini burishtirdi:

– Hoʻ, qilvir! Nimaga postda turgan odamga boʻyin choʻzyapsan? Bir kalla solib, koʻkragingni tandir qipqoʻyaman-a. Qoramirza drakoʻn deb qoʻyibdilar meni.

– Yopishganga yarasha, puldorroqqa yopishinglar. Kunlaring talabaga qoldimi?

Bu gapdan Qoramirza battar lovulladi:

– Voy, tulki-ey! Voy, muttaham-ey! Studentman deb, rahmimni keltirmoqchisan? Jaraq-jaraq stipendiya olishingni bilmasamakan.

– Senlardagi bor qiliq tirnogʻimning ustida, – Qoʻshmat ham zahrini sachratdi. – Davlat bergan pulni sovurib, goh behayo kinolar koʻrasan, goh jilpillagan qizlarga muzqaymoq yalatasan. Yana, oʻn soʻm desa, koʻzingni loʻq qilasan-a.

Qoramirza: «Oʻsha koʻzingni oʻyvolaymi!» –deya yigitchaga barmoq oʻqtalgan damda, dehqoncha kiyimdagi kishi paydo boʻlib: «Ha, ikkita koʻppak bitta laychaga tirmashib qopsizlar», deb oʻrtaga kirdi. Talabaning arzini eshitgach, dehqonning peshanasi tirishdi.

– Savob axtarib, birov mahallaga choyxona qurib beryapti, birov sartaroshxona. Senlar shapaloqdek koʻprikchani boʻyab qoʻyib, tugalay oʻzingniki qilvoldilaringmi? Bunga qanday betlaring chidadi, imonsizlar?

– Hov, bratan! – gʻijinib davaralandi Qoramirza. – Mana shu yoʻldan toʻppa-toʻgʻri borsangiz, menimcha, aynan uyingizning oldidan chiqasiz. Gapni koʻpaytirmasdan, sekingina oʻn soʻm berib…

Qoramirza barmoq choʻzib, dehqonning iyagidan koʻtardi. Dehqon esa, kutilmaganda uning bilagidan tutib, qoʻlini shartta ortga qayirdi:

– Oʻpkangni bosvol, polvon, bizam toʻy-poʻylarda kurashib yurganmiz.

Qoramirza kuchukdek gʻingshigancha oʻzini u yoqdan-bu yoqqa urib koʻrdi. Teng kelolmasligini sezgach, Qoʻshmatni yordamga chorladi.

Talvasaga tushgan Qoʻshmat pulli qutichani shosha-pisha qoʻltiqladi-yu: «Birpas chidab tur, hozir melisa chaqiraman», deya koʻzdan gʻoyib boʻldi. Soʻkina-soʻkina, shlakbaumni buzayotgan yigitcha Qoramirza qoʻli qayrilgan holida ham doʻq-poʻpisani davom ettirayotganidan jahllanib: «Bu goʻrsoʻxtani bir tepib ariqqa uchirvorsangiz-chi, amaki!» – deb sharttakilandi.

– Bunaqa haromxoʻrlarni tepishgayam hazar qilaman, – ijirgʻandi dehqon.

– Men hazar qilib oʻtirmayman!

Yigitcha bor kuchi bilan Qoramirzaning ketiga tepib, uni ariqqa agʻdardi.

– Itkanalar! Xariplar! – suvda oqib borayotib musht doʻlaydi Qoramirza. – Senlarni tavba qildiraman hali!

– Xayr, Qoramirza drakoʻn! – mazaxlab qoʻl silkidi yigitcha. – Xush koʻrdik!

Dehqonning ham zavqi joʻshib, qichqirdi:

– Shu ariqdan toʻppa-toʻgʻri oqib borsang, aynan fabrikaning oldidan chiqasan. Odam boʻlaman desang, oʻsha joyga ishga kirvol.

Magʻzavasimon suvning shatmoq toʻlqinchalari ariqni qiqir-qiqirga toʻldirib oqayotganga oʻxshardi.

2001