OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Anvar Obidjon. Yerliklar (hajviya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiYerliklar (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yerliklar (hajviya)
Anvar Obidjon

Bichiqchilik boʻlimining boshligʻi Qodir-qaychi oʻpkasi ogʻziga tiqilgudek boʻlib, ichkariga otilib kirdi.

– Ishni toʻxtatinglar, qizlar! – xirqiradi u, boʻlimdagi yakkayu yagona erkakning koʻziga qaramaslikka urinib. – Bir soat ichida ish joyimizni gulxonaga, hovlini istirohat bogʻiga aylantirib ulgurishimiz kerak. Koinotdan kelgan odam-m... hm-m... shaxslar ishimizni koʻrisharmish.

– Voy oʻla-a-y! –deb yoqa ushladi Oyshabu. – Erimning oldida nima degan odam boʻldim? Marsda hayot bor, desa, nuqul aljiraganingiz aljiragan, deb mazaxlaganidim.

– Balki, Saturndandir, – barmoq tishlab turib, taxmin qildi Toʻpaxon.

Xorijdan keltirilgan boshqacharoq itni koʻrsa ham, birdan hayajonlanib ketadigan Qumrixon Qodir-qaychiga toshiqib boqdi:

– Yo Yupiterdan kelishdimikin?

– Buni osmonga durbindan qaraydigan frapessirlardan soʻra, – toʻngʻilladi Qodir-qaychi. – Direktorimiz menga qoʻngʻiroq qilib, gap shunaqa-shunaqa, senga bir soat muhlat beraman, dedi – vassalom!

Boʻlimdagi yakkayu yagona erkak, odatiga koʻra, xotinlarga suykanib turib, mayin tovushda gap qistirdi:

– Tilimizga tushunisharmikin u yer yutkurlar?

Qodir-qaychi yelka qisdi:

– Kim biladi deysan, aka Yoqub. Ishqilib, oʻzing tilingga ehtiyot boʻlgin. Mabodo, maoshingni soʻrab qolishsa, mukofot pulini qoʻshib aytish esingdan chiqmasin... Ha, aytganday, kasaba uyushmasining raisi qani?

– Mana turibman-ku, – deya oldinroqqa chiqdi Mardonoy.

– Senga topshiriq shuki, Buhalchaga moʻmayroq qilib yordam puli yoz!

– Voy! Buhalcha bizdan yordam soʻrabdimi?

– Unaqa buraqbozlarga yordam beradigan ahmoq yoʻq! – oʻshqirdi Qodir-qaychi. – Sen oʻsha pullarga bozordan xarajat qip kelasan. Osmondan tushganlarning tomogʻini yogʻlash kerak. Yerliklarning ulfatchiligini ularga bir koʻrsatib qoʻymasak, yurganakanmiz.

Bir soat oʻtib-oʻtmay, mehmonlar bichiqchilik boʻlimining hovlisiga kirib kelishdi. Qodir-qaychi tep-tekis yoʻlakda qoqina-qoqina, ularning istiqboliga oshiqdi. Koinotliklarga qaysi tilda murojaat qilishni bilmay, tavakkaldan, «Gud... gud... gudibay», deya kuchukchaday gʻingshidi.

Direktor boshlab kelgan uch nafar mehmondan ikkitasi ayol boʻlib, koʻrinishi va kiyinishi jihatdan mahalliy juvonlarga juda oʻxshab ketishardi. Lekin, mallasoch erkakning koʻkish koʻzida samoviy sovuqlik yaqqol aks etib turar, bujur yuzi esa, meteorlar yomgʻiridan gʻalvir boʻlib ketgan olis bir sayyorani eslatar edi.

Koinotlik erkakning qoʻlida tanish sigaret qutisini koʻrgan aka Yoqub, Oʻzbekiston oʻz tamaki mahsulotlarini Yer yuzidan tashqariga ham eksport qila boshlaganini payqab, beixtiyor faxrlanib ketdi. Mehmon yirqiroq mischaqmoqni shiqillatib, sigaretiga oʻt bergan paytda, hozirgina nos kaftlagan qorovul cholning koʻzlari bejo oʻynadi.

– Ya ilavha illavla, – gʻoʻdirab, chalasavodlarcha kalima keltirdi u. – Yettinchi osmonning jinchirogʻini qarang-ga!

Direktor mehmonlarni chinniday toza yoʻlakdan ishxona binosi sari yetakladi. Qunishganlaricha, bir-birovining pinjiga kirib olgan qizlar, eshik yonida hayrat va hayajondan qotib turishardi.

– Hormanglar qizlar! – koinotlik ayollardan biri ularga jilmayib soʻz qotdi.

Mehmonning iliq muomalasi, kutilmaganda, sovuqqina qarshi olindi. Qizlar oʻrtasida oʻzaro visir-visir boshlandi.

– Ie! Gʻirt oʻzbekcha gapirdi-ku!

– Baribir gʻalizroq...

– Shunisigayam shukur qilsang-chi...

Biri-biridan soʻzamol qizlarning hozir tuyqus yovvoyilanib qolishganidan taajjublangan direktor mehmonlar oldida oʻngʻaysizlanib, ustma-ust tomoq qirdi.

– Sizlarga nima boʻldi, qizlar? – «qizlar» desa-da, negadir aka Yoqubga ta’nador boqib soʻradi u. – Bu mehmonlar oʻzlaringga kasbdosh, ya’ni qoʻshni tumandagi «Koinot» modalar uyining vakillari. Mollarimiz xaridorgirligini eshitishib, tajriba oʻrgangani kelishibdi. Qani, yaxshilab tanishib olinglar-chi...

Hamma tengdan qalqib ketdi. Qorovul chol jahl bilan nos tuflab, belini qashiganicha asta nari jildi.

1977