OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiZiyolicha olishuv (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ziyolicha olishuv (hajviya)
Anvar Obidjon

Hasharot uchsa, qanoti boʻksib yiqiladigan gʻira-shira tong edi. Jigʻildoniga mix tiqilgan qoʻydek uvatda «xir-xir»lab tipirchilayotgan Parriq mingʻi choʻchib uygʻondi-yu, yonginasida yonboshlab yotgan Mamashotining baqrayma koʻzidan battar shaytonlab, «Abva-a!» deb chinqirganicha, nayzaga chap bergan toʻngʻizdek chetga sapchidi.

– Ie, ha? Tushingda bolalar minan «qoʻrvoshi – savet» oʻynab, qorindan oʻq yedingmi?

– Uf-f... uf-e! – Parriq mingʻi xiyol oʻziga kelib, sherigiga talvasali tikildi. – Juda-a repoʻmisa-rep tush koʻrdim-ku, oshna. Xuddi qoʻtosga oʻxshab ketadigan temir duvol orqamdan quvib yurib, ustimga agʻdarildi.

Mamashotining baqrayma koʻzlari yanada olayib, hozirgina chekkan nosini «choʻlp» ettirib ariqchaga tashladi.

– Vey, uyingda birorta kasal-pasal yoʻqmidi?

– Yoʻ-oʻ...

– Bugundan qoldirmay Qurmon romchiga bor, – qat’iy tayinladi Mamashoti. – Kitob koʻrib, ta’birini aytib beradi. Ta’bir ishkal chiqsa, qaytarma duo oʻqib, keladigan baloni dap qiladi.

Parriq mingʻi mazaxlab tirjaydi:

– Qurmoning gʻirt qallob-ku. Odam qurib ketgandek, oʻshaningga murid boʻlamanmi?

Mamashoti bir narsani aytdimi, shuni boshqagayam ma’qullatmaguncha qirq kun och-yalangʻoch olishishdan toymaydiganlar xilidan edi. Gʻoʻzalari koʻsak tuga boshlagan oxirgi besh gektarlik yerni peshingacha sugʻorib boʻlishgach, Parriq mingʻining: «Ovora boʻlma, u hiylagaringga baribir ishonmayman», deya tixirlanishiga parvo qilmay, romchinikiga sudrab bordi. Sherigi koʻrgan tush haqida gapirib boʻlib, «shuning ta’birini chiqarib bering», deb, romchining kaftiga gʻijim pul qistirdi. Surbashara Parriq mingʻi «be-e» deya chetga bosh burganini nazardan qochirmagan romchi, bir moʻylov uchirib qoʻydi-da, kitob varaqlashga tutindi. Dastlabki sahifalaridan biri-dayoq toʻxtab, borgan sayin qovogʻi osilaverdi. Shipga termilib, uzoq mulohazalanib turgach, «ishning tagi hoʻlroq-ku, mulla Mamashoti», deb burnini balandlatdi. Keyin Parriq mingʻiga yuzlanib, salobatli ovozda zahrini sochdi:

– Gap shu, uka. Seni... «MAZ» moshinasi bosib ketadigan boʻpturibdi.

Avvaliga Parriq mingʻining rangi quv oʻchdi, soʻng oʻzini tezda oʻnglab, pisanda bilan mingʻirladi:

– Bilsak boʻladimi, aka pochcha, oldingizdagi kitob qachon yozilganikin?

Boyagi «be-e» degan soʻzdan keyinoq oʻzaro hurmatsizlik yoʻliga batamom oʻtib ulgurgan sirtqi raqiblarning ichki oʻchakishuvi ayni shu lahzadan e’tiboran ochiq tus ola boshladi.

– Balki, ming yil oldin yozilgandir, – noxush hidni sezgandek burnini jiyirdi romchi. – Balki, undanam oldinroqdir. Buvomning buvosi achangning achasigayam shu kitobdan ta’bir aytgan boʻlsa, ajabmas.

Parriq mingʻi gapni oʻziga yuqtirmay, tosrayib kuldi.

– Eshitdingmi, Mamashoti? Ming yil oldingi kitobga «MAZ» moshinasi yozib qoʻyilganmish-a. Shundan keyinam oʻzimni goʻllikka solib turaveraymi?

Qurmon romchi ham, oʻz navbatida Mamashotiga qarab turib, uchinchi shaxsga kesatdi:

– Ba’zi balchiqmiyalarga oʻzlari tushuntiradilar-da endi, mulla Mamashoti. Bizdagi kitoblarda aniq narsaniyam shama bilan yozishadi. Qoʻtos toʻgʻrisidagi gapga kelsak: «Ramziga tayanib, asosini qidirgil. Ramzidan emas, asosidan qoʻrq», deyilibdi. Zigʻirttak farosati boʻlgan odam qoʻtosning ramzi dunyo boʻyicha bittagina «MAZ» moshinasida borligini chaqqon payqagan boʻlardi. Kallasini ajiriq bosganlarga buni qanday tushuntirsak boʻlarkin?

– Olamda oʻnta odamdan toʻqqiztasi arosat, taqsir, – piching yumalantirgan boʻldi Mamashoti ham. – Arosatlar desangiz, qachonki boʻyniga bolta tushadi, boltaning keskirligiga shunda ishonadi. Koʻp kuyinmasdan, ishingizni qilavering.

– Bu gap bizga ma’qul, – dedi romchi va sezilar-sezilmas tish gʻijirlatib, Parriq mingʻiga pisandsiz koʻz qadadi. – Xullas, «MAZ» moshinasi ertami-kech chalpagingni chiqaradi, uka. Sendaqalarning boriyam, yoʻgʻiyam menga bir pul. Jon shirin boʻlsa, chorasini axtar.

Parriq mingʻi oʻzini bazoʻr dadil tutib, mitrigʻi mit etmay soʻradi:

– Qachon chalpak boʻlishimizni bilib qoʻysakmikin...

Qurmon romchi ham oʻsha bezligida turib, javob sachratdi:

– Balki, yarim yoʻlda orqangdan yetvolar... balki, seni ezadigan gʻildirak moshina zavoʻtining omboriga hali kelib tushmagandir...

E, toʻxta-chi, qaerdandir eshituvdi-ya, kimdir aytgandi-ya. Kiborlar oilasida tarbiyalangan ziyolilar qattiq oʻchakishib qolishgandayam, mehribon ogʻa-inilardek bir-biriga muloyim iljayganicha, soatlab gʻidi-bidilashib oʻtirishaverarkan. Vaholanki, bu mushkulotni uch-toʻrtta badboʻy soʻkinish-u, bir-ikki juft telva tarsaki bilan osongina hal qilish mumkinligini eng ahmoq chapaniyam bolalikdan biladi. Ha, mayli, Qurmon romchi ziyolicha usulni tanlagan ekan, bizam birpas ziyoli boʻlsak boʻpmiz-da.

– Ha xoʻp, gʻildirakning tagida uziladiganlarning roʻyxatida turaturaylik, – ziyolilarcha sipolandi Parriq mingʻi. – Ammo-lekin, balodan hazar deb, bugundan boshlab uydan chiqmay yotvolsak-chi, aka?

– Roʻzgʻorga ortiqcha chiqim keltirish shartmikin?– eng bezbet ziyoli qiyofasiga kirdi Qurmon romchi. – Birorta «MAZ»ning boshqaruvi izdan chiqib, seni tinchitish uchun uyingni buzib kirishiga toʻgʻri kepqolyapti-ku.

Ziyolilikni boʻyniga olgan Parriq mingʻi oʻzini ilmga chuqurroq urib koʻrishga harakat qildi:

– Masalan, yopon olimlariga yolvorib, Qora dengizning tagiga uy qurdirvolsam-chi?

– Nima qipti? – ziyolicha «ermak-ermak»ni davom ettirdi Qurmon romchi. – Qibriz yo Tabrizga ketayotgan birorta yuk kemasi dovulga yoʻliqadi. Kemaga yuklangan «MAZ»lardan bittasi dengizga agʻdariladi-yu, suvning tagidagi uyni bosib tushib, ichidagi maxluqniyam qazibop qipqoʻyadi.

Parriq mingʻining ilmiy ishtahasi ochilib, endi fazoviy fanga panja urishga jur’at etdi:

– Oʻzlari tilga olib oʻtgan maxluq fazo kemasiga chiqvolib, oʻlguncha osmonda uchib yuraversa, «MAZ» shoʻrlik dodini kimga aytarkin?

– Afsuski, uzoq ucholmaydi, – kutilmaganda, sira ikkilanmasdan e’tiroz bildiradi romchi. – Oʻsha tugʻma pandavaqining fazoviy aravasi qismatda belgilab qoʻyilgan kunga borib, ishdan chiqadi. Yerga qulaydi. Parchalardan sochilgan harom kulni «MAZ» degan moshina, albatta, tepalab oʻtadi.

– Bundan chiqdiki, qutulishning iloji yoʻq, – Mamashotiga bir tirjayib qoʻyib, yana romchiga mugʻambirona suzildi Parriq mingʻi. – Shunaqa ekan, qandaydir xashaki kimsa jonimni saqlab qolishidan umidvor boʻlishim toʻgʻrimikin, aka pochcha?

Parriq mingʻi, firibgar romchini oxiri jigidan ushladim-ku, degandek Mamashotiga gʻolibona nazar tashladi. Soʻng, romchiga boqib, uning avzoyi zarracha oʻzgar-maganidan taajjubga tushdi.

Qurmon romchi kiborlikda hanuz sobit turar, biroq ayrim iboralarning tobora shaloqlashib borayotgani hali yetarli darajada ziyoli boʻlolmaganidan dalolat berardi.

– Men hech qaysi sassiqqoʻngʻizning jonini saqlab qololmayman, – oʻsha oʻrtamiyona ziyoli darajasida sokin soʻzladi u. – Ammo, oldi-qochdi goʻrsoʻxtalarning jonini egamdan tilab olish qoʻlimdan keladi.

Shu yerda Parriq mingʻining tili gʻoʻldirab, gap topolmay qoldi. Ziyolicha olishuv davomida goh u ogʻizga, goh bu ogʻizga jovdirab, yuragi xitlanib ketgan Mamashoti nihoyat yengil nafas oldi. «Endi yetib bordimi? Masala talashishni senga kim qoʻyuvdi, yuvindi?» – deya sherigining yelkasidan turtdi. Bu gapdan Parriq mingʻi battar alangalandi, «e, buningni», deb romchiga qoʻlini shop qildi-yu, ziyolicha usul yana esiga tushib, tilini tishladi. Ziyolilikni qoʻldan bermaslikka chiranib, gerdaygan kuyi eshik tomonga yurdi. Baribir chidolmadi. Boshqacha toifa boʻlib yashashga ortiq qurbi yetmadi. Ostonada toʻxtab, romchiga koʻzini lagan qildi:

– Eshitvol, sassiqkoʻzan! Senga oʻxshagan tezakvachchaga ishonadigan toʻngak endi tugʻiladi. Mard boʻlsang, tek qoʻyib ber. Qani, oʻsha hezalak «MAZ»ing menga qanaqasiga yaqinlasharkin!

Mamashotining kapaligi uchib, shosha-pisha oraga tushdi:

– Bu tuzi pastdan xafa boʻlmang, taqsir. Bola-baqralarini oʻylamasdan gapirib qoʻydi bu.

– Uchragan eshakcha bilan tepishaversam, tovonga kun ora taqa qoqtirishim kerak boʻladi, mulla Mamashoti,– uyqi elitayotgandek koʻzini yarim yumib, magʻrur soʻz qotdi Qurmon romchi. – Mayli, koʻzini moʻltiratib oldimga kelganakan, bir tomondan sizning yuzingiz, bir tomondan norasida bolalarining hurmati, uni «MAZ» balosidan saqlab qolaman. Bu olamda marazlargayam joy topiladi, yaratganning bagʻri keng.

Qurmon romchi soʻzini tugatib, Parriq mingʻiga zimdan tullakona chimirilib qoʻydi. Vujudini zilzila qoplagan Parriq mingʻi bor ovozda «Av-v!» deb boʻkirgisi, oldidagi eshikni vahshiylashgan ziyoli sifatida pachoq-pachoq qilib tashlagisi keldi.

1995