OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Suyunov
Asar nomiOta va oʻgʻil (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Anvar Suyunov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ota va oʻgʻil (hikoya)
Anvar Suyunov

Biyday dalada saratonning zilday hovuri kezadi.

Quyoshning achchiq nurlari qiyalamalarda tikkayib turgan shuvoqlarni qichirlatib, bilqillagan tuproqqa singib ketadi.

Qiyalik etagida oʻn besh-yigirma uyli qishloq joylashgan, bir tomoni kakrayu karrak, maskavagu tuyaqorin lar toʻshalib yotgan lalmi toʻqayzorga tutashib ketadi. Aslida bu toʻqayzor emas, bir-ikki yovvoyi bodomni hisobga olmaganda, qayragʻochzor. Dov-daraxtlar dasht chakalakzori tusini olgan. Ayni kezda nainki shoxi, barglarini qimirlatishga qurbi yetadigan – qilt etgan shabada topilmaydi.

Qishloq oralab oʻtgan – dashtga eltadigan chang yoʻl qayragʻochzorni ikkiga ayirib kesib oʻtgan. Tuprogʻi toʻpiqni koʻmguday bu koʻchaning bir-ikki oʻtkinchi bilan choʻpon-choʻliqdan boshqa yoʻlovchisi ham yoʻq, ikki yondagi daraxtlar ostida saratonning dim nafasi qotib qolgan goʻyo.

Daraxtzor boshlanadigan qirdan enib kelayotgan qora kuchuk ana shu dimiq haroratning zabtini mensimaganday dam iskalanib, dam tilini osiltirib bir maromda loʻkkilab boradi. Uning ortidan, qir tomonda qoʻngʻir eshakka mingashib olgan ikki kishining qorasi koʻrinadi. Eshak ildam yoʻrgʻalagani sayin yoʻlovchilarning jussasi aniqlashib boradi: egarda soch-soqoliga oq oralagan oʻrta yoshli kishi. Orqasida oyoqlarini likkilatib kelayotgan, qovurchini qotgan bolakay. U egarga koʻndalang qadalgan xaskashga qoʻllarini tirab, oyoqlari bilan eshakni nuqib qoʻyadi.

...Yoʻl labiga yaqin oʻsgan maskavakning quyuq butalari orasidagi mullatoʻrgʻay polaponlari sariq tumshuqchalari orasidan bigizday tilini chiqarib uzoq-uzoq yutinadi. Ona mullatoʻrgʻay sal ilgariroqda, kakra tagida bagʻrini tuproqqa berib yotadi. Kuchuk mullatoʻrgʻay uyasi yonidan oʻtayotib noxosdan polaponlarga yaqinlashib boraveradi.

Soyalab yotgan ona qush oʻqday uchib it oldiga yaralangan kabi shalp etib tushadi. It unga otiladi. Qush bir zarb bilan sal ilgariroqqa kalta uchadi. Kuchuk likonglab ortidan tushadi.

Bu hol yana, yana va yana takrorlanadi...

Laqqi it mullatoʻrgʻay inidan olislab ketadi.

Mugʻombir qush pirr etib daraxt shoxiga chiqib oladi.

Koʻrpaday bilqillab yotgan yoʻlning tanobini tortib borayotgan oqsoch kishi ortiga qarab:
– Koʻrdingmi, oʻgʻlim, qushlar ham anchayin mugʻombir chiqadi. Anov mullatoʻrgʻay Boʻbigingni aldadi, – dedi.
– Yoʻgʻ-e, qaytib aldaydi, – dedi bola egar karsoniga suyanib, otasining yuzi tomon choʻzilib, – qaerda koʻrdingiz?

Ota indamadi... Uzangiga oyogʻini mahkamroq tirab, chapga sal enishib, choʻntagidan noskadisini oldi, tizzasiga toʻq-toʻq etib urdi:
– Anov maskavakning tagida joʻjalari boriydi. Kuchuging har kuni ularni be­zopta qip oʻtadi. Sen e’tibor qimaysan...

Ota-bola yana nimalarnidir chugʻurlashib, soʻqmoq oʻrlagan tepalik ortiga oʻtib, sekin-sekin koʻrinmay ketishdi.

* * *

– Endi, oʻgʻlim, sen jonqa larni gʻaramlab tur, men qoʻchqorchalarga chirmovuq bilan boʻtakoʻz oʻrib kelay. – Dada, anov maxsarning orasi siyrak, shu yerda chirmovuq moʻl.

Ota oʻrogʻini qoʻltiqlab sariq-pushti gullagan maxsarpoya paykaliga kirib ketdi.

Bolakay bamisoli yerga yopishib – yer bagʻirlab, quloch otib-quloch otib xaskash tortadi. Xaskash orasidan tirnalgan tuproqning gardi koʻtarilib, turib qoladi. Bolaning peshonasidan reza-reza ter quyuladi. Ter qurimasidan chang oʻtirib, oygʻiz-oygʻiz – taram-taram, kirlangan izi qoladi.

Ota va oʻgʻil bepoyon dasht oʻrtasida, toltush da, quyosh jamiki mavjudotga rahm qilmay, achchiq va zilday nurlarining iskanjasiga olgan paytda somon yigʻayotir. Qaydadir, pichan orasidan jizloviq ning choʻzib-choʻzib viz-vizlagani dasht saratonining oʻlik sukunatiga esh boʻlib uchadi. Eshak egarining qoshiga iligʻlik, ustiga chopon yengi qoplangan va sirtidagi nami sirqib ketgan yelim shishadagi suv ham eshak har qimirlaganda chayqalib-chayqalib qoʻyadi. Ota maxsarzor orasidan bir quchoq koʻkpichan koʻtarib chiqadi. Xurjunning ikki koʻziga peshma-pesh tutamlab-tutamlab tiqadi. Peshonasidagi shoʻr bosgan belbogʻini olib, boʻyni va koʻkragidagi yiltirab turgan terni artadi. Egar qoshidagi idishdan suv hoʻplaydi. Aftini bujmaytirib, ogʻzini chayib: «E-e, Xudovandi karim, choʻgʻsiz-olovsiz qaynab ketibdi-ku», – deydi oʻziga-oʻzi.
– Hey, Bahodir, beri ke, bu yoqning xashagi toʻshalib yotibdi, – deb oʻgʻlini chaqiradi. – Qancha boʻldi. Bir qanor chiqadimi?..

Oʻgʻli xaskashni sudragancha issiqdan erinib, ishdan beli sovib keladi. Gap-soʻzsiz xurjunning ustiga choʻkkalaydi.

Ota oʻgʻlining xatti-harakatlariga beparvo holda xaskashni olib, sekin-sekin, bir maromda yer tirmalaydi. Xaskash har borib kelganida qovjiragan oʻt-oʻlan shirq-shirriq degan shovir chiqaradi. Tirnalgan tuproqda turli-tuman hasharotlar, loʻkanglagan tuyaqumirsqalar yuguriklab qoladi. Issiqning zoʻridan sargʻayib, moʻrtilib turgan munchoqgullarga temirtishlar tegishi bilan omonat turgan donlari toʻkilib, poyasi gʻaramlar orasiga qoʻshilib ketadi. Sinib, koʻrpa boʻlib yotgan qoʻngʻirboshlar arpa poyasining ichida yoʻqolib ketadi. Ota bir pasda ancha-muncha joyni tozalab tashladi. Onda-sonda qoʻllarini tupuklab xaskash dastasini qayta tutayotganda oʻgʻliga zimdan qarab qoʻyadi. U shu zaylda bir osh pishirim vaqti toʻxtamay ishladi. Soʻng bellari uvishib, boʻyni qotib qolganidanmi, koʻkragini ozod ochib, quloch otib kerishdi. Qoqirinib , bir kaft nos otdi-da, oʻgʻliga:
– Ha, bolam, jin chaldimi deyman, beling suvub qoldi? – dedi xaskashga suyanib. – Ishlaging yoʻq.
– Zerikdim, – dedi bola beparvo, – har kuni eshak bilan somon tashiymiz. Odamlarga oʻxshab uch kun tirnab traktirda opketsak kamayib qolarmidik?

Ota birpas oʻylanib turdi, yana ishlashda davom etdi. Endi sal teparoqqa, angarning betkayligi ga koʻtarildi.
– Buyoqqa ke, xas-xashagi moʻl ekan, – deb bolaga yuzlandi.

Bola otasining yonida behafsala somon tirnashga tutindi. Jizirlagan issiq uvadasi chiqqan shapkasidan oʻtib boshini qizdirar, dimiq harorat shijoatini soʻndirar edi. Ota birpas kuzatib turdi-da, qaddini rostlab, uvishgan suyaklariga rohat berib, belbogʻi bilan yuzlarini arta turib gap boshladi:
– Sen, oʻgʻli-i-im, ishlashdan erinma. Oʻn besh qanor oborsang bir telejka boʻladi. Bu – oʻn besh ming soʻm degani. Shuni traktrisga bermayman, senga beraman. Ikovimiz foyda qilamiz, toʻgʻrimi?
– Siz baribir menga bermaysiz-ku...
– Nimaga bermayman, oʻn besh qanor qilsang aniq beraman.
– E-e-e, qoʻying-e, oʻtgan yili yozi bilan qoʻylarni boqsang valasapid oberaman devdingiz, ammo...
– Endi-i, oʻgʻlim, valasapid qochib ketmaydi, – dedi ota horgʻin bosh egib, tik turgan xaskash dastasiga tirsak tirab, – oʻtgan yil boʻlmasa, kelasi yil olasan.
– Siz shunaqasiz-da, har doim biror nima oberaman deb nuqul aldaysiz, – dedi oʻgʻil otasining yuziga qaray olmay. – Maydan beri Botirni ola sigirni semirtirsang kastim-shim olasan, deb aldab keldingiz.

Ota mungʻayib qoldi.

Bir oz vaqt olis-olislarga, angar quymich2idagi yovvoyi oʻrikzorga tikildi.

Oʻgʻliga teskari burilib yuz-koʻzlarini belbogʻi bilan artdi. Koʻz oldidan ola sigirini soʻygan kuni, qassobxonadan qaytganidan soʻng, kenjasining yiltiroq kostyum-shim olaman, deb xarxasha qilgani oʻtdi. Oʻshanda u oʻgʻlini, «akangning oʻqish pulini toʻlab kelay, ortganiga Bahodir ikkovingga ikkitadan kastim-shim oberaman», deb yupatgandi.

Afsuski, ola sigirning puli bu koʻchaga urvoq ham boʻlmagan, kamiga ikkita sovliq sotgan edi.

Negadir xoʻrligi keldi. Koʻngli buzilib, enish jarlik labida arqonlogʻliq turgan eshakning ortiga oʻtdi va qizib turgan xarsangga choʻkdi. Qoʻllarini iyagiga tiragancha, xotirasida yildan-yilga xira tortib borayotgan yoshligini esladi:

...bolaligida bu yerlarga teng-toʻshlari bilan juda koʻp kelardi. Har safar mana shu jarlarda «shpion-shpion» oʻynardi. U hammadan chaqqon va kuchli edi. Jarlar ora yashirinib olgan birorta raqibini tutib olsa, taslim qilguncha qoʻllarini qayirib qiynardi; yerga yotqizib oyogʻini kuluklab, tayoq solib burardi. Shunda har qanday oʻjar bola ham tobe boʻlib, shu toʻda vakiliga aylanardi...

Oʻyin qoidasi shunaqa edi.

Oʻsha kezlari yoshi tizzasidan baland kirza etik kiyib, saratonning jazirama kunida dastasi bilakday keladigan xaskash koʻtarib somon yigʻayotgan mushtday oʻgʻlidan ancha katta, sal kam armiyaga ketadigan, kap-katta davangirday yigit edi.

«Nega? – dedi u oʻziga-oʻzi siniq tovushda, – nega bular oʻyin oʻynamaydi, nega shaharlarga borib soya-salqin joylarda dam olib kelmaydi, nega beshikdan tusha solib ogʻir mehnatning azobini tortadi... bolalarda nima ayb?... Yoʻq, Rahmon, oʻzing noshudsan, ular jabr koʻrmasligi kerak...».

Ohista joyidan turdi.

Oʻn besh qadam narida chang burqsitib, yer tirmalayotgan oʻgʻli tomonga yurdi-da, hayron qoldi.

Sal kam yer bagʻirlab xaskash tortayotgan bolaning terga botgan, terisi kuyib, archilib ketgan yalangʻoch yelkasida quyoshning aksi oʻynar, bola esa nimalardandir alamzada koʻrinardi. U har xaskash tortganda somonning mayda qipigʻi aralash gard koʻpirib, bir qancha vaqt uchgan joyida selgib, xira tortib yoʻqolardi. Qiyalamada mayda gʻaramlar potirlab ketgan: son-sanogʻi koʻrinmasdi. U katta uyumlarni chamalab koʻrdi. Keyin eshakning yoniga borib lash-lushlarini yigʻishtirdi. Qoʻngʻir hangini qayta egarladi. Soʻng qanorni olib, gʻaramlarni sola ketdi. Bora-bora qanor sudralib, ogʻirlashib, tortishga kuchi yetmay qoldi.
– Bahodirboy, kel endi, manovga yordamlash, – dedi oʻgʻliga.

Ota-bola soʻzsiz ishladi...

Ular bir-biriga qaray olmadi...

Oʻgʻil ortib qolgan uchta gʻaramni sigʻdirish uchun qanorni tikka qilib ustida jon-jahdi bilan choʻpchiladi . Yerga yotqizib, ogʻzidagi magʻizlik2dan tortib, oraliqdagi boʻshliqlarga oyogʻini tiqib yana ikkita uyumni joyladi.
– Qoʻy, oʻgʻlim, bittasi ortsa ortar, shu bilan boy boʻlarmidik, – dedi ota eshakni yetaklab kelib.

Ota-bola terga pishib qoldi. Ikkalasining ham qora-qizil yuzidan suv tomchilay boshladi. Qaqragan lablariga arpasomonning gardi oʻtirib, burmalarida loyshang taramlar hosil qildi.

Oʻgʻil eshakni noʻxtasidan ushlab qopga oʻngʻaylab turdi.

Ota «yo, bissmillo...» – deb qanorni egardan oshirdi.

Oʻgʻlini boldiridan suyab qop ustiga chiqardi.

Oʻzi noʻxtadan mashinalar oʻtadigan tekis yoʻlga chiqqunicha tutib bordi.

Qoʻngʻir hangi oldinga oʻtib, ancha olislarga yoʻrgʻalab ketdi.

Ota qoʻllarini orqasiga qayishtirib, quyoshning oʻtkir tigʻida tanglayi qaqrab, nosini tupira olmay tebranib boraverdi.

Ular quyosh peshinga tushganda mullatoʻrgʻay uyasi yonidan oldinma-ketin oʻtib ketishdi.

Bu safar qora Boʻbik qaylargadir sangʻib ketgan edi.

* * *

Uyiga yetib kelganida oʻgʻli qanorni tushirib, xurjunni yelkasiga olib molxona tomonga shoshayotgan edi.

...Boʻsh yurgan eshakni soyaga tortib boyladi. Egarini yechib, tom boʻgʻotidagi qoziqqa osdi. Eski novga yetaklab borib eshakni sugʻordi. Yonidan oʻtib ketayotgan oʻgʻliga:
– Ovqatingni yeb, damingni ol, – dedi.

Oʻzi oshxonaga borib, hozirgina muzday quduq suvida tayyorlangan chalobdan ikki kosa simirdi. Dasturxon yoniga oʻtib yaqinda suzilgan shoʻrvani non boʻktirib tanovul qila boshladi. Oʻchoq boshida kuymalanib yurgan xotini ishlarini saranjomlab kelib:
– Bozordan keluv boʻyida somonga ketib qolibsizmi? – dedi shoʻrva shopirib. – Boʻrdoqilar qanchaga turdi?
– Goʻram pul boʻlgan yoʻq, katta sandiqning tagida belbogʻda turipti, – dedi xotiniga oʻqrayib. – Shundan oʻttiz mingini ol-da, ertaga bozorga chiqib, Botir bilan Bahodirga kastim-shim olib ber. Shahar aylaninglar.

Xotini angrayib qoldi...

Biroq joʻyali taxmin topa olmadi.

Eri ovqatlanib boʻlgach, pichirlab duo oʻqidi-da, yuziga fotiha tortib, derazasiga oq surp qoplangan salqin mehmonxonaga kirib ketdi.

Teparoqda yotgan oʻgʻlining yoniga toʻshanchi tashladi. Koʻylagini yechib sekin choʻzildi. Birpas jim yotdi-da, bolakayni kuzatdi. Oʻgʻli koʻzlarini yumib uyqu aralash mudrab yotardi...«Senlar shopirning bolasisanlar, men raisning oʻgʻli edim», – dedi oʻziga-oʻzi, beixtiyor eshitarli ovozda. Yana ancha vaqt kallasidagi tum-taraqay va algʻov-dalgʻov fikrlarini gʻudranib gapirib yotdi.

Soʻng chalqanchasiga yerga oʻgirilib yotib, ming bir xayolning xaltakoʻchasiga kirib ketdi...

Shu zaylda oʻy surib uxlab qoldi.

Bu paytda oʻgʻli uning oʻksiklarga toʻla gʻudranishlarini eshitib yotardi.

Tashqarida esa, saratonning achchiq issigʻi tobora avjiga chiqar edi.