OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifArkadiy Averchenko
Asar nomiSohibjamol ayol (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Rus adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Arkadiy Averchenko
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonShahzoda Hakimova (Rus tilidan)
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/12/08
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 4-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sohibjamol ayol (hajviya)
Arkadiy Averchenko

Oʻrmonda sayr qilib yurgan amaldor Plyumajyov daryo boʻyiga chiqib keldi va toʻxtab, oynadek tiniq suv betiga bemaqsad tikilib qoldi.

Uzoqni yaxshi koʻrolmaydigan amaldor narigi qirgʻoqni koʻzdan kechira boshladi. Ixcham sariq choʻmilish kiyimidagi qandaydir bir gavda suvga keldi va tizza boʻyi joyda toʻxtab, boshidagi yashil chepchik ustidan hovuchlab suv quya boshladi.

«Ayol! – oʻyladi Plyumajyov. Koʻzlarini qisibroq qaragan edi, u ikkita ingichka chiziqchaga oʻxshab koʻrindi. – Xudo haqqi, ayol! Yoshgina shekilli!»

Uning keksalarga xos ozgʻin tizzalari titrab, badanini sovuq qaltiroq bosdi.

– Ah, – ingrab qoʻydi Plyumajyov. – La’nati koʻrolmaslik... Qanday ahmoqona odat-a bu durbin olib yurmaslik.

U xoʻrsinib qoʻydi va koʻzlarini ishqadi:

– Oq va yoʻl-yoʻl nimalarnidir koʻryapman. Oʻldirsang ham shunday zoʻr tomoshadan voz kechmayman. A-ha! Ana u yerda kimdir suv oʻrtasidan chiqib kelyapti. Panaroqda oʻtirib kutib turay-chi, balki yaqinroqqa suzib kelar. Attang!

U quyuq butazordagi yaqqolroq koʻrinadigan tepalikka qaltiroq qoʻllari bilan bir amallab tirishib-tarmashib endigina chiqib olganda qoqilib ketdi. Yashil butoqlar orasida gimnaziyachilar furajkasi, qaysidir xizmat paytida kiyiladigan moshrang bluza va kulrang shim kiygan yigitcha harakatsiz qadalib yotardi. Yigitcha uning yiqilganini koʻrib nima deb oʻyladiykin.

– Obbo olgʻir-e... Joylashib olganini-chi! – hasad bilan uf tortdi Plyumajyov.

U yotib olgan gimnaziyachining qoʻlida narigi qirgʻoqqa qaratilgan qora durbinni koʻrib qoldi.

Gimnaziyachi oʻgirildi va Plyumajyovga iljaygancha doʻstona koʻz qisib dedi:

– E, siz hammi?

«Yaramas! Yana betakallufligini-chi», – oʻyladi Plyumajyov, gimnaziyachini yulib tashlagisi keldi, biroq durbin esiga tushib, oʻtlar ustiga – uning yoniga choʻkdi va tilyogʻlamalik bilan hingilladi:

–Hi-hi! Ajoyib-a?

– Chiroylikkina! – dedi yigitcha.

Plyumajyov tilining uchini quruqshagan labi ustidan yurgizib, sabrsizlarcha dedi:

– Bir daqiqaga... berib turolmaysizmi... durbinni!

Gimnaziyachi bosh chayqadi:

– E, yoʻq, amakijon! Bunaqasi ketmaydi! Akangizning oʻziga kerak.

Plyumajyov qaltiroq qoʻllarini choʻzdi:

– Berib turing! Bir daqiqaga.

– Hecham-da! Tekingami, men uni xolamning kiyim javonidan soʻramay olib kelganman! Agar sizda durbin boʻlganida menga oʻzingiznikini bermagan boʻlardingiz, albatta!

– Bersangiz-chi!

– Xalaqit bermang! Oho-ho.

Yigitcha oʻrnidan turib, durbinni koʻziga bosibroq oldinga shunaqangi qaray boshladiki, oqibatda miyasiga kattagina xatar tahdid solayotganidan bexabar qoldi.

– Oho-ho-ho! Orqasini oʻgirdi... Ammo men uning ensasini shunaqa goʻzal deb oʻylamagandim.

Yonida yotgan Plyumajyov esa yasama beparvolik bilan teskari oʻgirilib oldi, biroq uning lablari dilsiyohlikdan va qattiq gʻazabdan titrar edi.

– Toʻgʻrisini aytganda, – alamini ola boshladi u qaqragan ovozda, – choʻmilayotgan ayolni yashirincha kuzatishga haqqingiz yoʻq. Axloqsizlik bu.

– Siz mendan durbinni soʻradingiz! Oʻzingiz ham!.. Oʻzlariga bemalol-u, menga mumkin emas ekan-da.

Plyumajyov indamadi.

– Xohlasam, durbinni tortib olardim. Musht ham tushirardim. Kuchliman-ku axir...

– Oʻh-hoʻ! Tortib olib koʻring-chi... Shunday qichqiramanki, butun chorbogʻdagilar yugurib kelishadi. Menga-ku farqi yoʻq, yosh bolaman, ammo sizning juda boʻlmaganda qulogʻingizni choʻzib, ta’ziringizni berishsa, bu sharmandalikdan yoz boʻyi uyalib yurasiz. Siz yoshi ulugʻ keksa kishi boʻla turib shunaqa ahmoqona ishlar bilan shugʻullanib oʻtiribsiz. Endi u yana oldinga oʻgirildi. Xohlaysizmi, men sizga nima koʻrinsa, barini aytib turaman?

– Yoʻqolib ket!

– Oʻzing yoʻqol! – sovuqqonlik bilan gap qaytardi yigitcha.

– Qoʻpol...

– Shunaqadan eshitdim.

Plyumajyov tishlarini gʻijirlatgancha bolakayning gardaniga musht tushirib, hoziroq uyga ketishni moʻljalladi, biroq buning oʻrniga tupugini ichiga yutib, yasama muloyim ohangda yigitchaga murojaat qildi:

– Tili oʻtkir ekansiz, yigitcha... Gap bunday, doʻstim, agar vaqtincha berib turishni xohlamasangiz, unda... soting!

– Nima... soting... Keyin xolam menga birovning durbinini sotish qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻyadi!

– Ishonamanki, yaxshi yigit, – xushomad qilardi Plyumajyov, – xolangiz sizdaligini sezmaydiyam. Undan keyin xizmatkor oʻgʻri xotin oʻtib ketdi... Men sizga toʻliq haqini hoziroq beraveraymi?

Gimnaziyachining yuzida qarama-qarshi ikki hissiyot aks etar, u oʻylayotgandi.

– Hm... Menga qancha bermoqchisiz oʻzi?

– Uch soʻm.

– Uch soʻm? Siz menga yarmini taklif qilyapsizmi? U magazinda sakkiz soʻm turadi.

Yigitcha nopisandlik bilan yelka qisib qoʻydi va yana narigi qirgʻoqqa qaray boshladi.

– Xoʻp, boʻlmasa, besh soʻmga rozimisiz?

– Oʻn soʻm bering!

– Bunisi endi razillik. Oʻzingiz, yangisi sakkiz soʻm turadi, dedingiz, tagʻin oʻn soʻm undirmoqchisiz. Yulgʻich.

– Kammi deyman! Kerak boʻlsa ba’zan yigirmani ham bagʻishlab yuborishga toʻgʻri keladi... Mana... Sayoz joyga chiqdi, oyoqlariyam koʻrindi. Boldirlari, toʻpiqlari juda ajoyib, sizga aytsam!

Avvaliga gimnaziyachi shunchaki zavq olayotgandi. Endi boʻlsa u oldi-sotdi ham qila boshlagach, zavq-shavqi ikki hissa oshib ketdi.

– Ie! Bunisi nima ekan? Yelkasidagi chuqurchalar... Chindan ham! Qoʻllari esa oppoq....Tirsaklariyam nafis!! Belidagi chuqurchalar...

– Yaxshi yigit, – xirillab uning gapini boʻldi Plyumajyov, – xohlasangiz... men sizga sakkiz soʻm beraman...

– Oʻn!

– Boshqa yoʻq... menda... mana hamyonim... Oʻn tiyinlik bilan sakkiz soʻm. Hamyonni ham qoʻshib oling, mayli. Hamyon yangi, uch soʻm turadi.

– Shu yangimi! Eski-ku, yarim bahosiga arzisa ham katta gap.

Plyumajyov yigitchaning eski durbin uchun osmondan kelib haq soʻrayotganiga e’tiroz bildirmoqchi edi, biroq ich-ichidan choʻchib turardi: qanday boʻlmasin, bolakay arazlab qolmasligi kerak.

– Oʻh-hoʻ! Orqasiga egildi! Bu nimasi! Ha, albatta! Choʻmilish kiyimining bogʻichini yechdi va...

– Quloq soling! – qattiq hayajondan ovozi boʻgʻriqib xitob qildi Plyumajyov. – Men sizga sakkiz soʻmdan tashqari hamyonimni, yana pishiqqina pichoqcham va anavinaqa suratlarni ham beraman!

– Oʻtkirmi?

– Oʻtkir, oʻtkir! Kechagina sotib oldim.

– Tamakingiz ham bormi?

– Bor, bor. Ma’qul boʻlsa, taqdim etaman.

– Yoʻq, siz menga hammasini bering. O-o! Charm tamakidon... Mayli, agar tamakilarni tamakidoni bilan, pichoqcha va suratlarni pulga qoʻshib bersangiz, durbinni sizga sotaman!

Plyumajyov bu ochkoʻz bolakayni yaxshilab soʻkib bermoqchi boʻldi-yu, ammo buning oʻrniga shunday dedi:

– Xoʻp, mayli... Faqat menga bir juft tamaki qoldiring... yoʻlda...

– Ajabo, ana yangilik! Bor-yoʻgʻi olti dona ekan oʻzi. Almashishni istamasangiz, mayli, kerak emas.

– Xoʻp, xoʻp... oling, olavering... Mana sizga, hisoblab koʻrishingiz mumkin: sakkiz soʻmu oʻn tiyin! Mana pichoqcha. Shoshmay turing... U ketib qolmadimi oʻzi?

– Butun goʻzalligi bilan namoyon boʻlib turibdi. Endi yon tomoni. Mang, qarang.

Yigitcha sevinib hushtak chalgancha Plyumajyovning oyogʻini shoʻxchan chimchib oldi-da, oʻzining qimmatbaho narsalarini ola solib oʻrmon ichiga gʻoyib boʻldi.

Plyumajyov hirs bilan iljaygancha durbinni koʻziga toʻgʻrilab qaray boshladi: choʻmiladigan joy yonidagi qumloq sayozlikda yoʻl-yoʻl choʻmilish kiyimida xotini Plyumajyova Marya Pavlovna tik turgancha qoʻlini boshiga koʻtarib, chepchigini tartibga solmoqda edi.

Plyumajyovning koʻzlari kosasidan chiqib ketayozdi... U nimalardir deb toʻngʻillab-toʻngʻillab, gʻazab ichida qoʻlidagi keraksiz durbinni zarb bilan toʻppa-toʻgʻri suvga uloqtirdi.

Ana shu qirgʻoqdan narigi tomonga oʻtish mumkin boʻlgan koʻprikkacha va u yerdan uning dala hovlisigacha uch chaqirim yoʻl yurish lozim edi...

Oyoqlari zirqirab ogʻriganidan bukilib-bukilib borayotgan Plyumajyovning, oʻlguday tamaki chekkisi kelayotgandi, ammo afsus, tamaki yoʻq edi...