OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Artur Klark. Gumrohlik (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifArtur Klark
Asar nomiGumrohlik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ilmiy taxayyulot
Mualliflar
   - Artur Klark
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonAlijon Zohidiy
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Gumrohlik (hikoya)
Artur Klark

I

— Bu juda dahshatli-ku, — dedi Bosh Alloma. — Nahotki biz hech nima qilolmasak?
— Chorasi bor, Oliy bilimdon hazratlari, ammo bu sayyora juda olisda joylashganligi uchun yechimi oʻta murakkabdir. Besh yuz yorugʻlik yiliga teng masofada boʻlganligi bois muloqot oʻrnatish juda qiyin. Ammo bu hali hammasi emas. Eng yomoni shundaki, unda yashovchi mavjudotlar bilan muloqot oʻrnatishning deyarli imkoni yoʻq. Ularda telepatik xususiyatlar rivojlanmagan, murtak holida qolib ketgan. Yakkayu yagona yoʻli — kim bilandir telepatik muloqotga kirishishdir...

Oraga ogʻir sukunat choʻkdi. Bosh Alloma holatni tahlil chigʻirigʻidan oʻtkazib, nihoyat toʻgʻri qarorga keldi.
— Har qanday ongli irq, — dedi u, — telepatik xabarni qabul qila oladigan bir necha zotga ega boʻlishi lozim. Agar biz bir emas, yuzlab koʻpriklar ochsak, oʻzimizga kerak boʻlgan narsani topishimiz mumkin. Bitta qabul qiladigan miyani topishimizning oʻzi kifoya, shunday emasmi?
— Toʻppa-toʻgʻri, Oliy bilimdon hazratlari. Aytganingizdek qilamiz.

II

Shunday qilib ulkan koinot boʻshliqlari orqali yorugʻlik tezligi yetishi uchun ham besh yuz yil kerak boʻladigan masofalarga nurga aylantirilgan fikr tarqala boshladi. Oʻta yuqori tezlikka ega boʻlgan fikr — nur bir lahzada tubsizlikni kesib oʻtib uchinchi koinotga yetib keldi va Txaar sayyorasi bilan Yer oʻrtasida koʻzga koʻrinmas koʻprik paydo boʻldi. Txaarliklar oʻzlari uchun zarur boʻlgan yakkayu yagona odamni ham zudlikda topdilar... Bu Uilyam Kross edi.

Bill Krossning tafakkuriga yoʻl ochilishiga olib kelgan ehtimollik kechishi shunchalik taxayyulona ediki, uni keyinchalik milliarddan bir nisbatda deb baholadilar. Umuman olganda, bu ehtimollik darajasi uchta edi.

Birinchisi, Mister Krossning joylashgan oʻrniga bogʻliq boʻlib, u fikr — nur uzatilgan mahalda yoʻnalishning qoq markazida turgan edi. Albatta, bu markazda Billdan boʻlak yana millionlab kishilar bor edi, ammo ular Kross kabi raketa texnikalari boʻyicha muhandis emas va birortasi ham sayyoralararo uchish toʻgʻrisida bir umr orzu qilmagandi. Bu ikkinchi ehtimollik darajasi edi.

Va nihoyat, uchinchisiga kelsak, fikr — nur yerga yetib kelgan mahali Kross itdek ichgan va esi kirar-chiqar darajada mast edi. Uning tumanlashgan ongi orzu va xayollar dunyosiga tortib ketdi.

III

— Biz sizga, doktor Kross, kosmik kemalar emas, harbiy raketalar yaratishingiz uchun maosh toʻlaymiz, — degan edi shu mashmashalardan biroz avval general Potter norozi qiyofada. — Agar juda chidab turolmasangiz, asosiy ishdan boʻsh vaqtlaringizda bu bema’nilik bilan shugʻullanishingiz mumkin. Tushundingizmi?

Tushunmay oʻlibdimi? Ammo, shuncha mashaqqat bilan yaratgan kosmik kemasi tarxini bir buyruq bilan yoʻqqa chiqarmoqchi boʻlishyapti. Kross shu paytda hayotining oʻta gʻurbatli davrini boshdan kechirmoqda edi; albatta, xotini Brenda ham uni tashlab Jonni Gardnerga ketib qolganligini e’tiborga olsak, hayotining chindan ham holva emasligiga ishonch hosil qilamiz.

Kross yengil chayqalib, roʻparasidagi oqqa boʻyalgan devorga ma’nosiz tikildi. Ikkita surat orasidagi mitti dogʻga nigohini jamlamoqchi boʻldi... Va shu alfozda uning ongiga umidini deyarli yoʻqotgan yuzlab txaarliklarning fikrlari urila boshladi. Bill roʻparasidagi devor asta-sekinlik bilan erib, oʻrnida hadsiz tuynuk paydo boʻldi.

Bu ajabtovur evrilish uning qiziqishlarini alangalatib yubordi. «Juda gʻalati alahlash-ku», oʻyladi Bill. Uning boshida tovush paydo boʻlganida esa hatto qoʻrqib ham ketdi. Chunki Bill Kross itdek ichganida ham oʻzi bilan oʻzi gaplashmas edi!
— Bill, — boshladi tovush. — Diqqat bilan eshit. Biz seni uzoq izladik va nihoyat topdik. Senga yetkazmoqchi boʻlgan xabar oʻta muhimdir.

Bu gapning toʻgʻriligiga Krossda gumon paydo boʻldi, chunki ayni shu damda uning uchun muhim narsaning oʻzi qolmagan edi.
— Biz sen bilan juda olis sayyoradan turib gaplashmoqdamiz, — dedi tovush. — Sen biz bilan muloqotga kirisha oladigan yagona yerliksan, shuning uchun gaplarimizni diqqat bilan eshit va xulosa chiqar.

Bill oʻzining tashvishlana boshlayotganini sezdi. «Qiziq, hech kimni koʻrmasang-da, allaqanday tovushlar eshitsang, gʻalati emasmi? Darvoqe, nima ham yoʻqotayapman, tinglasam, tinglabman-da!»
— Yaxshi, — dedi u biroz jimlikdan keyin. — Faqat kulgiliroq narsalardan gapiringlar, hozir yuragimga qil sigʻmay turibdi. Yoʻqsa, badimga urib qolishi mumkin.

Oʻrtaga ogʻir sukunat choʻkdi, keyin tashvishli ovoz eshitildi:
— Biz sizni tushunmadik, Sizga yetkazmoqchi boʻlgan xabarlarimiz nafaqat qiziqarli, balki sizlarning hayot-mamotlaringiz ustida ketayapti. Uni zudlik bilan kerakli odamlarga yetkazishingiz kerak.
— Men kutayapman, — dedi Bill. — Balki muloqot bilan vaqtimiz tezroq oʻtar...

Bu tuturiqsiz javobdan keyin besh yuz yorugʻlik yiliga teng masofada turgan txaarliklar esankirab qoldilar. Albatta, ular maqsadiga erishib, muloqotga kirishib oldilar, ammo javob ular kutganichalik boʻlmadi. Shunga qaramasdan, ular davom ettirishga qaror qildilar.
— Tingla, Bill, — davom etdi tovush. — Olimlarimizning hisob-kitobiga koʻra, yaqinda Sizlarning Quyoshlaringiz portlab ketadi. Bu uch kundan soʻng, yana ham aniqrogʻi 74 soatdan soʻng yuz beradi. Portlashning oldini olishning aslo iloji yoʻq. Aytganlarimizga quloq tutsang, sizlarni qutqarib qolishimiz mumkin.
— Vaysayveringlar, — mingʻilladi Bill. — Umrimda bunaqa alahlamagan edim.
— Bil, koʻpriksimon tuynuk oʻrnatamiz, — davom etdi tovush. — Bu tuynuk katta masofadan oʻtadi, u baayni sen roʻparangda koʻrib turgan tuynukka oʻxshaydi. Uni yaratish jarayoni oʻta murakkab boʻlib, sizlarning matematiklaringiz ikki dunyoda ham tushunmaydi.
— Toʻxtanglar, — jon kirdi Krossga. — Sizlar yuqori oʻlchamlardan oʻtuvchi qisqa yoʻllar toʻgʻrisida gapirayotgan boʻlmanglar tagʻin. Bu narsa Eynshteyngacha boʻlgan zamonlarda ham fanga ma’lum edi.

Krossning koʻrinmas suhbatdoshlari hayratga tushdilar.
— Sizlarning faningiz bunchalik ilgʻorlab ketganligi xususida bizda hatto shubha ham boʻlmagan edi, — hurmat ohangida yangradi tovush. — Taassufki, nazariyani batafsil tushuntirib oʻtirishga vaqtimiz ziq. Mohiyati shundan iboratki, bunday tuynukdan qadam qoʻyganingiz zahotiyoq boshqa sayyoraga oʻtib qolasiz. Yoʻl oʻttiz yettinchi oʻlcham orqali oʻtadi.
— Men sizning sayyorangizga oʻtib qolamanmi?
— Yoʻq, yerliklar bu sayyorada yashay olmaydilar, ammo Galaktikada yerga oʻxshash sayyoralar juda koʻp. Biz hamma joyga tuynuklar ochib tashlaymiz, qutulish uchun bir necha qadam qoʻyishgagina toʻgʻri keladi, xolos. Toʻgʻri, tamaddunni boshqatdan yaratishga toʻgʻri keladi, boshqa yoʻli yoʻq. Sizning vazifangiz — bu xabarni barcha yerliklarga yetkazishdir.
— Ular meni tinglamasa-chi? Nima, yerda mendan boshqa odam yoʻqmi?
— Yerda faqat sen muloqotni qabul qila olasan, qolganlar bizning fikrimizni ilgʻab ololmaydilar.

Uilyam Kross viskidan deyarli boʻshayozgan shishaga ma’nosiz tikildi. Inson miyasi nimalarga qodir emas-a, — gʻira-shira fikrladi u. — Tushga nima kirmaydi, shayton nima demaydi? U oʻtgan haftada oxir zamon toʻgʻrisida qiziqarli bir kitob oʻqigan edi.
— Maboda Quyosh chindan ham portlasa, qanday oʻzgarishlar yuz beradi, — dedi u alahlashini tiklamoqchi boʻlib.
— Yupiter orbitasidagi barcha sayyoralar kabi yeringiz ham kulga aylanadi.
— Mening hurmatli sarobim, — dedi u koʻzlarini ayyorona yaltiratib. — Agar men sizlarga ishonganimda nima deb javob bergan boʻlar edim, bilasizmi?
— Sen, albatta, bizga ishonishing kerak, — besh yuz yorugʻlik yili masofasida turganlar orasida gʻulgʻula paydo boʻldi.
— Shunday qilib, — dedi Bill muloqotga chek qoʻya turib. — Agar Yer yonib ketsa, qancha muammolardan birvarakayiga qutulgan boʻlar edik. Urushlar tugagan, gʻalvalar bitgan, xotinlar hamma narsaning qimmatlashib borayotgani xususida vaysashlardan toʻxtagan, atom urushi haqidagi vahimalardan birdaniga qutulgan boʻlardik. Siz bilan tanishganimdan oʻta xursandman, hurmatli sarob. Endi tuynuk-puynuklaringiz bilan daf boʻlinglar, men uxlamoqchiman.

IV

Txaar sayyorasidagilar bu javobdan shok holatiga tushib qoldilar. Oliy Allomaning oziqli muhitga solingan miyasi sargʻish tusga kirdi, bu narsa besh ming yil muqaddam Txaarga Ksantil bosqinchilari bostirib kirganida bir marta kuzatilgandi. Sayyoralararo muloqot boʻyicha oʻn besh mutaxassis aqldan ozdi. Komofizik markazdagi bosh kompyuter xotirasida qisqa tutashuv yuz berib, barcha raqamlarni nolga boʻlib tashladi va alal-oqibat butunlay kuyib ketdi.

Yerda esa Kross oʻz alahlashlarini rivojlantirayotgan edi.
— Menga qara, — dedi u koʻrsatkich barmogʻini arang oʻzining sargʻishtuk koʻkragiga tirab. — Men insonlarga foydasi tegsin deb, sayyoralararo kema yaratishga oʻn yillab umrimni sarfladim. Bu maxluqlarni esa faqat qirgʻin-barot qiluvchi harbiy kemalar qiziqtiradi. Nima uchun? Bir-birini portlatib oʻldirishlari uchunmi? Endi quyosh buni hammangdan ham yaxshiroq bajaradi. Agar biz boshqa sayyoraga oʻtsak, barcha mashmashalarni qaytadan boshlashimizga toʻgʻri keladi.

U bir daqiqa oʻylashdan toʻxtab, fikrlarini bir joyga jamlashga harakat qildi.
— Qanjiq Brenda ham meni tashlab ketdi, hatto yozuv ham qoldirishni ravo koʻrmadi.

U oxirgi gaplarini adogʻiga ham yetkaza olmadi, mastlikdan tili kalimaga kelmay qoldi.

Bu mahalda esa txaarliklar oxirgi bardoshlarini yigʻib unga yana bir karra murojaat qildilar.
— Bill, biz bilan hazillashmayapsanmi, ishqilib. Nahotki, yerliklarning barchasi sen kabi betamiz boʻlsa?
— Qanday qiziqarli falsafiy mushohada, — fikrladi u. Uning tasavvurini xira tuman oʻrab ola boshladi... U ertalab general Potterning huzuriga kiradi va unga generallik yulduzchalarini qaerga taqishni aytib ishni topshiradi va oʻziga boshqa ish qidiradi. Xoʻsh, Brenda-chi? Bosh omon boʻlsa doʻppi topiladi, unga ham boshqa xotin topilib qolar. Eng muhimi, zahirada yana bir shisha viski bor, xumordan chiqquncha ichishi mumkin. U oyoqda arang turib, viski turgan stolga yoʻnaldi.
— Bill, — txaarliklarning alamzada ovozi soʻnggi bor yangradi. — Nahotki hamma odamlar sendek boʻlsa!

Kross orqaga oʻgirilib, sirli tuynukka soʻnggi bor tikildi, uning koʻzlariga son-sanoqsiz yulduzlar koʻrindi. U oʻzida faxr hissini tuydi.
— Mendekmi, — qayta soʻradi Bill. — Yoʻq, hamma mendek emas. Biroq men ularning koʻpchiligidan baxtliman.

Shu gaplardan soʻng tuynuk sirli tarzda yoʻqolib, oq devor yana oʻz oʻrnida paydo boʻldi.
— Juda yaxshi, — dedi u tili ogʻzida arang aylanib. — Xoʻsh, shunday qilib navbatdagi sarob nima haqida boʻlar ekan?

Keyingi ikki kun mobaynida u sirli muloqot haqida umuman oʻylamasdan yotib ichdi. Uchinchi kuni esa uni tashlab ketgan Brenda qoʻqqisdan qaytib keldi va oralarida odatdagidek mojaro boshlandi.

Toʻrtinchi kun esa txaarliklar aytgan hodisa yuz berdi.