OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsad Asil
Asar nomiAyiq bilan bellashgan polvon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Asad Asil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ayiq bilan bellashgan polvon (hikoya)
Asad Asil

Qunduz togʻani sakson bilan toʻqson orasida desangiz, hech kim ishonmaydi. Juda daroz ekanligiga qaramay suyagi yengil bu odam bir joyda oʻtirolmaydi, soyu qirlar, hatto togʻu toshlargayam chiqib tushaveradi. Chillaning ayni jazirama pallasida tuproqli koʻchalarni popillatib yalangoyoq kezgani kezgan. «Aziz jonni namuncha qiynaysiz? Yotmaysizmi, nevara-avaralarning tilagini tilab?!» deganlarga javobi bitta: «Ayagan koʻzga choʻp tushadi. Yurmasang bu oyoq deganlari dangasalashib borovuradi. Oxir-oqibat yurmay qoʻyadi. Ana, innaykeyin, boshqalar tugul bola-chaqanggayam yoqmay qolasan, ishlatgan saring ishlayveradi.» Oyoq jonivor ham bor-da, Togʻada: tuproqqa tushadigan izlar eng ulkan ayiq polvonnikidan bir yarim, ikki barobar katta. Shundan xulosa chiqarib, boʻyu bastni tasavvur qilavering...

Qishlogʻimizda klub qurilishi boshlanganda oʻninchi paxsasiga Togʻaning bir oʻzi loy otib bergan ekan! Tumonat odam, ammo hech kimning qulochi yetmagan-da, oʻninchi paxsaga! Daroz bu odamning fe’l-atvori ajoyib: quvnoq, begʻubor, sodda va samimiy. Qishlogʻimizning eng yuqorisidan ham olisroqdagi soy boʻyida bostirma uy bor. Qunduz togʻa bu kulbada oʻziga deyarli tengqur kampiri bilan umrguzaronlik qilardi. Norimjon ocha choli singari sergʻayrat, ishlab charchamaydigan, istarasi issiq kampirlar xilidan. Kattakon hovlidagi yumushlarni bir oʻzi saranjomlab, hammayoqni yogʻ tushsa yalaguday qilib, cholini jimgina kutib oʻtiraveradi. Qunduz togʻa esa koʻchadan beri kelay demaydi, sangʻigani-sangʻigan. Qishloqning toʻrt tarafiga tarqalib ketgan bola-chaqalari, nevara-chevaralarinikiga har kuni bir-bir kirib oʻtmasa koʻngli joyiga tushmaydi. Birov hasharga chaqirsa sahar-mardondan borvoladi. Gʻoyat saxovatli, olijanob boʻlgani uchun uni hamma togʻa deb chaqiradi. Bu odam yurtning togʻasi, deb maqtab ham qoʻyishadi. Kechqurunlari uyiga qaytayotib, mahallamiz guzarida ba’zan biz bilan yarim tungacha hangomalashadi. «Ochamizning yolgʻiz oʻzlari qolib choʻchimaydilarmi?», - desak, «Buvilaring chumchuqni koʻzidan uradigan mergan-ku, chiraqaylarim!», - deb qoʻyadi gumburlagan ovoz bilan jilmayib.

Boboga hammamiz havas bilan qaraymiz, gapga solamiz, hatto ba’zan hazillashib ham qoʻyamiz. Juda kech qolib oldimizdan toʻxtamay oʻtaversa, baravar salom berishni boshlaymiz: «Assalomu alaykum, Qunduz togʻa!» Darhol javob qaytadi: «Va alaykum assalom, chiraqaylarim!» Jannati bu inson koʻzdan koʻrinmay ketib, to togʻdagi uyiga yetguncha biz joʻr boʻlib, salom beraveramiz-da, javob kutamiz. Quloqlarimizga elas-elas tovush keladi: «Va alaykum assalom, chiraqaylarim!...»

Qunduz togʻaning yigitlik chogʻlari ayiqlar bilan «bellashib» oʻtgan deyishadi. Bobomiz biz bilan muloqot paytlarida koʻproq bolalarni gapirtirib, maroq bilan tinglaydi, ba’zi oʻrinlarda astoydil va begʻubor ho-holab, oʻtirishimizni bezaydi. «Endi navbat sizga-da, togʻajon! – uni gapga solamiz bizlar ham qoʻyarda-qoʻymay.

– Ayiq bolalarini qanday qilib qutqargan edingiz?

– Obbo, chiraqaylarim-ey, buni kimdan eshitgansizlar?

– Endi, chala eshitganmiz-da, siz toʻliq qilib aytib bering, iltimos! – qistashni qoʻymaymiz.

– Kuz kirgan, ayni pishiqchilik paytlari edi, – hikoyasini boshlaydi bobo. – Olis archazorlar orasidagi qari archa kavagida oʻzimgagina ma’lum asalari uyasi boʻlardi. Har yili chiqib, ortilib qoladigan bir-ikki chelak asalni olib qaytguchi edim. Shunisiyam borki, bahor yaqinlashganda yana bir xabar olardim. Agar ovqati kamaygan boʻlsa, arilarni oziqlantirib qoʻyardim. Axir, ular bir martamas, har yili kerak-da, chiraqaylarim, toʻgʻrimi?»

Bizdan tasdiq javobini olgach, davom etardi bobomiz.

– Bir gal archazorga yaqinlashganimda ari ini tomondan «taq-taq» etgan ovoz eshitila boshladi. «Obbo, kimdir asal olish ilinjida archani kesyapti, chogʻi», odimimni tezlashtirdim. Yaqin borib qarasam, mendan yaxshigina tarsaki yegan katta ona ayiq ari ini bor ayrishoh ustiga oʻtirvolib, qoʻlida tosh, kuchi boricha archani urayapti. Maqsadi – ayrishohni ikki boʻlib yuborib asalni olish! Hov, badbaxt, bolalaring qani?! – baqirdim ovozim boricha. Ayiq meni koʻrdiyu, tanidi. Chunki oʻrinsiz qilmishi uchun tarsaki yegan edi-da! Xullas, toshni tashlab, tura qochdi. U ikki bolasi bilan qishdan chiqib, ergashtirib yurganini koʻrgandim. «Bolalarini halitdan ajratibdi-yov, bu nodon?» Borsam, ayiqlar bola ajratadigan zov ostida ikki ayiqcha hoʻng-hoʻng yigʻlab oʻtirishibdi. Odam bolasi yigʻisining oʻzginasi. Mishiq-tupuklari oqib ketgan, mushti bilan artib-artib qoʻyishadi. Dam olvolgach, yana tepaga tirmashishadi, dumalab-dumalab zov tagiga tushishadi-da, yana oʻtirib yigʻini boshlashadi. Bola ajratishda ayiqlar odati shunaqa: qaltis bir tepalikni tanlab, oʻzlari chiqib ketadi, bolalari zovda qolaveradi. Obdan qiynalib chiqvolgach, bolalar mustaqil yashab ketadilar. Bu ayiq bolalari hali juda kichik, tepaga chiqolmay, ochdan oʻlib qolishlari mumkin edi. Borib, ikkalasini tutdim-da, tepaga navbatma-navbat chiqarib yubordim. Qarasam, onasi togʻ ustidan moʻralab turibdi. Unga musht oʻqtalib dagʻdagʻa qilib qoʻydim. Ertasiga ataylab archazorga chiqib, ularni kuzatdim. Ikkala bolasini ergashtirib yurganini koʻrgach, koʻnglim taskin topib, asalari bilan mashgʻul boʻldim...

– Oʻsha ayiqning quloq-chakkasiga tarsaki tushirishingiz sababi nimada edi?

– Bir kun qishloq arichilari shikoyat qilib qolishdi: bahaybat bir ayiq kechasi kelarkan-da, ari uyasini sindirib, asalini yeb ketarkan. Ular: «Ayiqqa shikast yetkazmasdan yordam koʻrsatsangiz», deyishdi. Oydin kecha edi, qalinroq kiyinib, ari uyalari yonida qurilgan chaylada poylab oʻtirdim. Bir mahal, koʻzim uyquga ketgan ekan, qandaydir sharpadan uygʻonib ketdim. Sekin eshikni ochib qarasam, kattakon ayiq inqillab-sinqillab ari uyasini koʻtarib, zovga olib ketyapti. U yashikni tepadan pastga otib pachaqlar ekan-da, asalini yeb ketarkan. Men ochgan eshik ovozidan ayiq sergaklanib, yashik orqasiga oʻtib yashiringan boʻldi. Ildam emaklab bordim-da, dast oʻrnimdan turdim. Xuddi shu asnoda ayiq ham oʻrnidan koʻtarilgan ekan. Ikkimiz sutdek oydinda yuzma-yuz turib qolibmiz. U menga zarba berish uchun harakat boshlashi hamon quloq-chakkasiga tarsaki tortib yubordim. Ayiq yuztuban ketib, toʻrt oyogʻi osmonda boʻldi. Darhol oʻrnidan turgan edi, bor ovozimni qoʻyib:

– Yoʻqo-ol, maymoq! Naq teringni shilvolaman! – deb hayqirdim. Togʻlar gumburlab ketdi. U paytlarda ayni kuchga toʻlgan chogʻlarim edi-da, chiraqaylarim. Oʻgʻri ayiq oʻmbaloq osha-osha qochib borishini koʻrib, oʻzimni tutolmayman, hoholagandan hoholayman!.. Shu-shu u asalari uyalariga yaqin yoʻlamaydigan boʻldi.

– Endi, ayiq bilan kurash tushganingizniyam aytaqoling, buvajon! – yana gapga tutdik bobomizni.

– Mayli-yu, bu soʻnggisi. Norimjon buvilaring uxlamay kutib oʻtirgandir, – yana hikoyasini davom ettirdi Qunduz togʻa.

– Qishlogʻimizga bir kun ayiq oʻynatib yurganlar kelibdi. Oʻrinlovchi eshikni ochib: «Sizni Hulkar ota soʻrayapti, ayiq bilan kurash tushar ekansiz!» – deydi. Hulkar deganlari qishloq oqsoqoli. Men bilan qadrdon, uning gapini ikki qilib boʻlmaydi. «Obbo, shunisi yetmay turuvdi!». Borsam, qishloqning yoshu keksalari guzarga yigʻilgan, oʻrtada kattakon erkak ayiq hunar koʻrsatyapti. Qani xamir qoring, desa, ikki qoʻllab yerni savalaydi, loy pishiting, desa, tippatik turib ikki qoʻlini orqaga olgancha salmoqlana-salmoqlana loy pishitadi...

– Ana, polvonimiz! – Oqsoqol ayiq oʻynatuvchiga meni koʻrsatdi. Ayiq oʻynatuvchi oqsoqolga shartini aytdi: «Polvoningiz agar ayiqni yiqsa, manovi radioni oladi. Kuchi yetmay qolsa, hammadan bir soʻmdan yigʻib beradi.»

Hulkar oqsoqol menga qarab, nima qilamiz, degan ma’noda imladi. Qarasam, ayiqning jussasi ikki yuz kilodan ziyod.

– Aytib qoʻyay, – qoʻshimcha qildi ayiq egasi. – Bu deparalarda hozirgacha maymogʻimizni hech kim yiqolgan emas!...

Yuragimda xavotirlik hissi uygʻondi: bu ayiq tushmagur kurashning obdan hadisini olgan koʻrinadi, yiqilib sharmanda boʻlsam-a! Keyin qishloqda qandoq bosh koʻtarib yuraman!» Shu payt sizlar singari chiraqaylarim qiyqirigʻi olamni tutdi: «Togʻajon, boʻsh kelmang, kurash tushavering, mana, biz bormiz!..» Ayiq polvon bilan qandoq bellashib ketganimni oʻzim sezmay qolibman. Bir chirpinib koʻtarolmadim. Qarasam, ayiq belimdan mahkam tutib, koʻtarib otishga chogʻlanyapti. Sal sustlashsam ish pachava. Butun kuchimni bilagimga yigʻdim-da, «Yo, piyrim!» deb hayqirgancha ayiqni dast koʻtarib yonboshga urdim! Olamni qiyqiriq bosib ketdi. Gʻazablangan ayiq oʻrnidan tura kelib, menga chovut solyapti. Yiqilib oʻrganmagan ekan-da! Shunda ayiqning quloq-chakkasiga birinchi marta tarsaki tortib agʻdarib tashlagandim!...

– Mukofotni olganmisiz? – chuvillashdik barimiz baravariga.

– U paytlarda elektr yaqinda kelgan, radio deganlari juda antiqa narsa edi. Idorangizda eshitib oʻtirasiz, deb qadrdonim Hulkar oqsoqolga sovgʻa qilganman...

Bu suhbat qishlogʻimiz togʻasi bilan soʻnggi suhbat ekanini qaydan bilibmiz. Ertasiga azonda shum xabar tarqaldi: «Qunduz togʻa kechasi tumanda adashib zovga tushib ketibdi, ertaga peshinga qadar chiqariladi!..» Hammamiz dafn marosimida hassa ushlab qatnashib, qishlogʻimiz togʻasi uchun kuyunib-kuyunib yigʻlaganmiz. Mana, shungayam oltmish yildan ziyod vaqt oʻtib ketibdi. Hanuz yurt togʻasini alohida e’zoz bilan yodga olamiz...

Darvoqe, Norimjon ocha taqdiri nima boʻldi, dersiz? Bola-chaqalari shunchalik qiyin-qistovga olsalar-da, choliga sadoqati tufaylidan, kampir bostirma tomdan koʻchmadi. Umrining oxirigacha togʻa oʻtgan kulbada hayot kechirdi. Toʻgʻri, nabira-evaralari navbatma-navbat yonlarida boʻldilar, issiq-sovugʻidan xabar olib turdilar. Yuzdan oshib olamdan oʻtgan ochani butun qishloq ahli izzat-ikrom bilan yurt togʻasi yoniga dafn qildilar.