OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Asad Asil. Oxirgi ilinj (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsad Asil
Asar nomiOxirgi ilinj (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Asad Asil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oxirgi ilinj (hikoya)
Asad Asil

Dadajonim-ey, siz bu ahvolda turib, men qanday qilib?... Yoʻq! Men toʻyni toʻxtataman!!.

Shashqator yoshlari gulyuzlarini jaladay yuvib borayotgan, qalin sochlari toʻzgʻib ketgan Oygul ahvoli nochor otasi koʻksiga bosh qoʻygancha faryod urib yigʻlardi. Shu damlargacha boshi yostiqqa tegmagan, hech narsadan tap tortmaydigan ota koʻksidan juda-juda tanish hid qiz dimogʻiga urildi. Qadrdon bu isga butun borligʻi-la bogʻlangan Oygul koʻzlarini chirt yumgancha oʻylardi: «Aziz bu is egasi hozir hayot, sal oʻtmay yoʻqotib qoʻyishim mumkin! Yo, Qodir Egam, men shoʻrlikka rahming kelsin!» Qizning butun borligʻi bu dahshatdan zirqirab, beixtiyor dod deb yubordi! Quloqlariga mungli qoʻshiq eshitilgandek boʻldi:

«Topmadim izlab otam hokini koʻzga surtgali...»

Oygul shu qoʻshiqni tinglaganda har gal negadir qoʻrquvga tushaverardi. Balogʻat yoshiga yetmay turib onajonidan bemavrid judo boʻlgan qiz qachondir otasi boshiga ham shunday mash’um koʻrgulik tushishi mumkinligi hayoliga keldi deguncha charos koʻzlaridan yosh quyilaveradi. «Nahotki ayriliq damlari shu bugun yetishgan boʻlsa?!» U otasini mahkam quchib, yanayam qattiqroq faryod urib yubordi:

– Yoʻq-yoʻq! Dadajon, hech qayoqqa ketmaysiz!...

«Oh, bolaginam-a! Qaniydi, bu mushkulotning iloji topilsa?» Koʻnglidan shu fikr kechgan nochor qariya nuridiydasi faryodidan bezovtalandi. Oʻrnidan turolmasa-da, loaqal qaddini koʻtarmoqchi, qizining boshini har doimgidek silab ovutmoqchi boʻldi. Yoʻq, u na qoʻl va na oyoqlarini qimirlata oldi, hayoli ham oʻzidan yiroqlashib borayotgandek edi. Birdan-bir ovunchogʻi, suyanchigʻi Oygulni oʻzga xonadonga uzatish taraddudida timirskilanib, ham onalik, ham otalik burchini bajarib yurgan chol kuz yomgʻiri hoʻllab oʻtgan supadan tiygʻonib ketdiyu, qayta turolmadi. «Bir paytlar qoyadan dengizga sakrab, oʻpqonlarga tushib ketib, choʻqamoq qalpoqlilar tomonidan bosmachi nomini olib ne-ne balolarga giriftor etilganimdayam tirik qolgandim-a... Oh, ularning tepkilari, qiynoqlari!... Qolgan sheriklaringniyam topib bermaguningcha shu holatda turaverasan, deb boshimni pastga qaratib osib qoʻyishlari!... Yaratgan Egam, shundayam Oʻzing qoʻllagan eding. Arqon tasodifan yechilib, hech chorasiz tutqunlikdanam qochib qutulgandim. Umrimning yarmini darbadarlikda oʻtkazib, oʻlsam oʻligim yurtimda qolsin deb, devonasifat boʻlib qaytib kelgandim. Mengayam bir jufti halol topildi-yu, seni hadya etib, olamdan koʻz yumgandayam bardosh bergandim-a, qizalogʻim!. Nahot endi ojizman?! Kelib-kelib shu bugun-a!» – qariya u yoq-bu yoqni paypaslab, tomoq qirib, yoʻtalib koʻrdi, aqlu hushi joyida. – «Yoʻq, bor kuch-irodamni toʻplashim, oxirgi burchimniyam bir amallab ado etishim kerak!».

– Ona qizim, – ovozi titrab ketgan chol sal jim turib, oʻzini bosib olgach, biroz dadillashib davom etdi, – men hamma balolarni boshimdan kechirdim: yomon-yaxshi kunlarni koʻrdim. Ajal bilan yonma-yon qolgan damlarim koʻp boʻlgan. Rizq-nasibam uzilmagan ekan, mana, hozirgacha yashab keldim. Lekin halol yashadim, iymonimni hech qachon yutib yubormadim, mana shu Vatanga sadoqatli, halol farzand ekanimni isbotlash uchun kurashganman. Sendayin mehribon farzandlarni koʻrish uchun yashaganman. Qodir Alloh rahm aylab seni koʻrdim, istagan oʻqishingda oʻqitdim, biron-bir xohishingga qarshi turmadim. Oʻzing koʻngil qoʻygan kuyovni tanlashinggayam yoʻq demadim. Xudoga shukr, oxirgi orzuimga yetay deb turibman. Shundoq kunda sen – mening dono qizim, dadangni ranjitasanmi, hammasidan mahrum qilasanmi?!

– Dada, dadajonim! Qanday yoʻl tutsam sizga madad boʻlolaman?! Buyuring, har narsaga, siz uchun jonimni fido qilishgayam tayyorman!..

Oygul shiddatga kirgan, uning hech narsadan tap tortmasligi choʻgʻdek yonib turgan koʻzlaridan ma’lum edi. Qariya buni koʻrib sal tetiklandi, oʻng qoʻli harakatga kelib, yarim yonboshladi-da, shu zahoti maqsadga koʻchdi:

– Qaragin, mana, tuzalib qoldim. Agar yana yigʻlasang, yo toʻyingni toʻxtatsang, mendan hozir ayrilishing aniq! Dadamni rozi qilay, koʻnglidagi orzu-havaslarini roʻyobga chiqaray, joniga ora kiray desang, chirogʻim, toʻyingni toʻxtatma. Doʻst-dushmanga koʻz yoshlaringni koʻrsatma. Qoʻsha qarib baxtli boʻlinglar, bazm avjini baland koʻtaringlar! Toki kuy-qoʻshiqlar maniyam quloqlarimga yetib tursin!...

Oʻkrab yuborishdan oʻzini arang tiyib turgan Oygul kafti bilan ogʻzini toʻsgancha bosh tebratib, rozi ekanligini bildirdi. Otasining koʻzi oldida yoshlarini artdi, sochlarini tuzatdi. Buni koʻrib koʻngli taskin topgan ota:

– Qani, endi bir jilmayib yuboring-chi, ona qizim, - dedi «xotirjam»lik bilan. – Qani, quyosh chiqsin-chi!...

«Quyosh chiqsin-chi»ning ma’nosi ota bilan qizgagina ma’lum. Oygul kichikligida nimadandir xafa boʻlib xarxasha qilsa yoki yigʻlay boshlasa otasi uni yoniga chorlar, qizaloqning ikki yuzini kaftlari orasiga olib: «Qani, quyosh chiqsin-chi!» derdi. Oygul beixtiyor kulib yuborar, shu bilan olam guliston boʻlardi.

Hozir esa... Oʻzini zoʻrgʻa eplab turgan qiz bir amallab jilmaygan boʻldi:

– Baxtimga sogʻayib keting, dadajonim!

Oygul chiqib ketgach, ota sekingina choʻzildi-da, koʻzlarini yumdi. U soʻnggi burchni bajarish chogʻida qattiq toliqqan edi. Darmondan ketib borayotgan qariyaning koʻzlari yumuq, ammo koʻngli nimagadir ilhaq. Shu payt mashhur xonandaning yoqimli ovozi ota quloqlariga yetib keldi:

«Ishqingda oʻrtanar jon, ey jonginam, netay men?!

Yuragimga sen inon, izhori dil etay men!...»

Kuy-qoʻshiqlarni jon-tani bilan tinglayotgan bemorning quruqlashib borayotgan lablari ohista pichirlardi:

– Rahmat, bardoshli quyoshim! Yetkazganingga shukr... mingdan-ming roziman!...

Koʻngli taskin topgan ota tinchgina mangu uyquga ketmoqda edi...