OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Asad Asil. Sirtlon (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsad Asil
Asar nomiSirtlon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Asad Asil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm16KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sirtlon (hikoya)
Asad Asil

Yil juda ogʻir kelgan edi. Qish yarimlamasdan yem-xashak tugadi. Chorvadorlar qamish, ajriq ildizi, yantoq qidirishib, har kuni izgʻib yurishardi. Shermat aka ham shularning biri edi. U oʻshanda tentiray-tentiray, tunga qolib ketdi. Endi qoʻraga tezroq qaytish kerak: ochqab yurgan yirtqichlar qoʻylarni qirib tashlashi mumkin.

Choʻpon nochor otni qichab borardi. Havoda yulduzlar charaqlaydi. Ot tuyogʻi ostida qor gʻirchillaydi. Sovuq va jimjit tunda bu ovoz uzoq-uzoqlarga eshitilayotgandek. Boʻrilar qorin qaygʻusida toʻp-toʻp boʻlib yurishardi. Bunday kezda ular odamni ham ayab oʻtirishmaydi. Birdan shu xayol kallasiga kelgan Shermat akaning badanida «chumoli oʻrmaladi». U ortiga – bir-biriga mingashib yotgan tepaliklarga tez-tez qarab qoʻya boshladi. Yomonlagur otning dam-badam pishqirishi-chi! Boʻrilarni ataydan chaqirishdek bir gap-da, bu! Havo ham, tevarak-atrofdagi manzara ham sovuq, dahshatli edi. Togʻ tepasidan endigina uzilib chiqqan barkashdek oy hammayoqni yoritib, choʻpon joniga sal-pal ora kirdi. Oy nurida «mudrab yotgan» tepaliklardagi sirti muzlagan qorning yaltirishi ham xunuk va qoʻrqinchli edi. Koʻchki tushib, yalangʻochlanib qolgan tepaliklarning tubi oʻpqonga oʻxshaydi...

Yoʻl yuzida qirgʻizlar yashaydigan kichikroq bir qishloq bor, lekin uyam hali uzoqda. Oyning dogʻli yuziga koʻzi tushgan Shermat akaning xayolida homilador xotinining chehrasi jonlandi. U xotini, bolalari yoniga yetib olib, tinchgina yashashni juda-juda qoʻmsadi shu topda...

Birdan qandaydir xavfni sezib, Shermat akaning vujudi muzlab ketdi. Ot ham kishnab yubordi-da, shasht bilan oldinga intildi. Chapdastlik bilan oʻzini egarda arang oʻnglab olgan choʻpon ortga koʻz tashladi. Quyiroqdagi yonbagʻirda bir gala boʻri yelib kelardi. Shermat aka otga ustma-ust qamchi bosib, oldindagi qishloqqa yetib olmoqchi boʻldi. Tuzuqroq boquv koʻrmagan qirchangʻi tezroq yugurish oʻrniga inqillab, sekinlay boshladi. Oradagi masofa tobora qisqarmoqda edi. Oxirgi shu damlarda Shermat akaning xayoliga soʻnggi najot chorasi keldi. U ot boshini soy boʻyidagi tashlandiq bogʻ tomon burdi. Boqqa arang yetib olgan choʻpon dastlabki uchragan olma daraxtining yoʻgʻonroq shoxiga osildi. Soʻng egardan azot koʻtarildi. Adoyi tamom boʻlgan ot shu ondayoq och boʻrilar qurshovida qoldi. Daraxt ustiga chiqib olgan Shermat aka poʻpisa qilib hayqirar, yirtqichlar esa bunga javoban tishlarini shaqillatib irillashar, irgʻishlashar, goʻyo choʻponni mazax qilishar edi. Boʻrilar otni agʻdarishib, tilka-pora qilishdi. Goʻshtini ochkoʻzlik bilan yutib, suyaklarini sharaqlatib gʻajishga tushdilar. Taqdirga tan bergan Shermat aka esa daraxt ustida tomoshabin boʻlib oʻtirardi.

Ancha olisdagi qishloqchadan itlarning vovullashlari aniq eshitilib turar, ora-sira bir kuchukchaning ham zaifgina tovushi quloqqa chalinib qolar edi. Itlarning vovullashlariga parvo qilmayotgan boʻrilar kuchukchaning ovozi eshitilgan zahoti goʻsht yeyishdan baravariga toʻxtar, diqqat bilan quloq solishardi.

Ota-bobosi chorvador oʻtgan Shermat aka ulardan koʻp voqealar, hangomalar tinglangan. Hozir shu suhbatlardan biri yodiga tushdi.

– Ba’zi it yakka kuchuk tugʻadi. Boʻrilar uning ovozidan tanib, kichikligidayoq boʻgʻib ketishadi. Shu kuchuk omon qolsa, yetilgach, boʻrilarga qiron keltiradi. Uning nomini Sirtlon deb atash kerak. Sirtlonni faqat onadan yakka tugʻiladigan Arslon-boʻri yengishi mumkin, - degan edi dadasi. «Qishloqqa sogʻ-salomat yetib olsam, kuchukchani izlab topganim boʻlsin...» Olma daraxti ustida sovuqdanmi, gʻazabdanmi, qalt-qalt titrab oʻtirgan choʻpon shu niyatni koʻngliga tugib qoʻydi.

Birpasda otni xomtalash qilgan yirtqichlar tepaliklar ortiga oʻtib, koʻzdan gʻoyib boʻlishdi. Shermat aka kesakdek uvishgan badanlarini ishqay-ishqay, qishloqcha tomon yoʻl oldi.

Kuchukchani topish qiyin boʻlmadi. Taxmini toʻgʻri chiqdi. Chindan ham u yakka tugʻilgan, boʻlaligi shundoqqina koʻrinib turardi. Yurishgan ishning buyogʻi ham oson koʻchib, Shermat aka bilan uloq tortishib yurgan tengquri Eshimbet aka eshik ochdi.

– Joning foydaga qopti, otabiy! – dedi voqeani eshitib gʻoyat hayajonlangan mezbon. – Bir kuchuk nima degan gap, senday mard odamdan jonniyam ayamaymiz. Biroq toza yemish bilan yaxshilab boq. Shunday qilsang, mana, koʻrasan, boʻrilardan qasdingni olib beradi.

* * *

Shermat aka koʻchib boradigan yaylov togʻlar qurshovidagi kattagina tekislik boʻlib, uni Tolmaydon deyishadi. Bu sayhonning qoq oʻrtasida toʻnkarilgan togʻoraga oʻxshash katta bir tepalik bor. Uning yonboshidagi toshlar orasidan buloq qaynab chiqib, pastga oqadi. Buloq boʻyida oʻsgan ulkan tol daraxtining shoxlari har tarafga tarvaqaylab ketgan. Choʻpon toqqa koʻchganda mudom shu daraxt soyasiga oʻtov tikadi. Sirtlon esa tepalik ustidagi uyasida yashaydi. Shermat aka oʻsha joyda iti uchun ikki qavatli «qasr» qurib bergan. Havo ochiq kunlarida iti ustki qavatda poyloqchilik qilsa, yogʻingarchilik yoki jazirama kezlarda panaga tushib oladi. «Har ikkala joydan ham itim toʻrt tomonni kuzata oladi. Sirtlonimni esa sirtdan biron zot payqamaydi...» Iti uchun berilib oshyon qurar ekan, shunday xayol qilgandi choʻpon. Bir voqeadan keyin Sirtlonning raqiblari, ayniqsa boʻrilarning anoyi emasligi ma’lum boʻldi...

Oʻsha kuni – kechga yaqin Sirtlon tepalikdagi uyasini tark etib, oʻtov oldiga keldi. U qattiq bezovtalanar, kunchiqarga qarab tinmay irillar, sira tinchiy olmas edi. Qorongʻi tushgach esa, Shermat akaning hay-haylashiga qaramay oʻtov ichkarisiga kirib ketdi. Tuni bilan choʻpon ham, it ham koʻz yummadilar. Tong saharda tashqariga qaragan Shermat aka Sirtlonning bezovtalanishi sababini tushundi. Oʻtov eshigidan besh-olti qadam narida, tusi sargʻish, yoldor, qulogʻi qop-qora, qaddi-basti Sirtolondan ham tikroq Arslon-boʻri hujumga shaylanib turardi. Boʻri bilan itning koʻzlari bir-birlariga qadalgan. Ikkalasi ham kiprik qoqmasdi. Shoshganda labbay topilmas deganlariday, oʻgʻloqlik miltiq qolib, choʻpon oʻtov burchida turgan doʻlana soʻyilni koʻtarib tashqariga yugurdi. Boʻri choʻponga tashlanmoqchi boʻldi-yu, yutqazdi. U itning koʻzidan koʻz uzishi bilanoq Sirtlon oʻtovdan oʻqdek otilib chiqib, boʻrining tomogʻidan oldi. Zarba ustiga zarba berib, uch-toʻrt bor siltab tashladi. Shuning oʻzida «shilq» etib tushgan yirtqich qayta bosh koʻtarolmadi. Sirtlon eng xavfli dushmanni daf qilgach, jon-jahdi bilan tepalik ortiga otildi. Aygʻirga sakrab minib, Shermat aka ham iti ortidan ot soldi. Tepalik panasida poylab turgan boʻrilar tizilgancha Chotqol choʻqqilari tomon qochib borishardi. Ular sardorlaridan ayrilganlarini sezib, jon talvasaga tushib qolgandilar. Boʻrilardan birontasi ham qutulib ketolmadi. Sirtlon zumda navbatdagi yirtqichga yetib olar, jon joyidan tishlash barobarida siltab orqaga uloqtirib yuborar edi. Birgina shu zarbadan soʻng boʻri qayta oʻnglanolmasdi.

– Meni yemoq boʻlib ortimdan tish qayrab yugurganlaring uchun bu! – deya chalajon boʻrilarning boshlariga soʻyil bilan tushirardi choʻpon.

* * *

Yovvoyi jonivorlar uchun oʻsha yilgi qish yana qahrli keldi. Qor uzluksiz yogʻib, togʻlardagi keraga toshlarni ham koʻmib yubordi. Inson zotiga qorasini koʻrsatmaydigan toʻngʻizu kiyiklar yemish izlab qishloq ichkarisigacha tushib kela boshladilar. Yaqin atrofda boʻrilar ham koʻpayishib qoldi. Ehtiyotsizlik qilib tunda eshik ochgan falonchiga och boʻri sapchibdi, degan sovuq xabar tarqaldi. Odamlar qorongʻi tushmasdanoq eshik-teshiklarni berkitishib, ogʻil-otxonalarni mahkamlab qoʻyadigan boʻlishdi. Bari bir dam u-dam bu xonadondan qoʻy-echkilar yoʻqolib turardi. Qish choʻzilgan sayin it va kuchuklar ham dom-daraksiz ketaverdi...

Bunday olgʻirlikka boʻri qodir emas. Sirli yirtqich juda epchil va ayyor edi. Dala aylangan ovchilar hatto uning izini ham topisha olmasdi. «Oʻgʻri» qush emaski, oʻljasini koʻtarib uchib ketsa. U har kuni kelavermasdi. Qachonki, boʻron quturganda yoki qor boʻralayotgan tunda paydo boʻlar, manman degan hushyorlarni ham dogʻda qoldirardi. Vahimali gaplarni eshitgan qishloq kishilari kechasi tugul kunduzlari ham koʻchaga chiqishdan choʻchiy boshladilar...

Shermat aka ogʻir kezlarda har doim hamqishloqlariga yordam berib kelgan. Yoshi oʻtinqirab qolganiga qaramay, dala-togʻlarda ot surganda yoshu qari baravar havaslanib qaraydi unga. Egasining norgʻul gavdasiga baquvvat tulpor ham juda mos tushgan. Bu otni «Qadimgi asl otlardan qolgan tuyoq», deyishadi. Oʻzi qizgʻish, yoli oq tusli jonivor koʻpkarlarda uloqni olgan egasini marra sari uchirib borayotganda dalalar larzaga keladi, yaqiniga yoʻlashga boshqa bedovlarning yuragi betlamaydi.

Shermat aka otidan ham koʻra itiga koʻproq ixlos qoʻygan. Yuqoridan kelgan komissiyami, muxbirlarmi, choʻponni maqtay boshlagan zahoti u: «Ha, endi gap itim bilan otimda», deb kesib qoʻya qoladi. Choʻpon vahimali mishmishlarga dastlab unchalik e’tibor bermadi. Quyonyuraklar aravani quruq opqochayotgan boʻlsalar kerak, deb oʻyladi. Oʻzining qoʻrasidan ketma-ket ikki toʻqli yoʻqolgandan keyingina ahvol jiddiy ekanligiga ishondi. Sirtlon rosmana yetilgan, ancha yildan beri uni biron yirtqich dogʻda qoldirmagan edi. «Yo itim tanballashib gʻaflat bosdi, yoki raqibi zoʻr».

Shu xayol ogʻushida aygʻirning ayilini tortayotgan choʻpon yonida Sirtlon bosh egib turardi.

– Hechqisi yoʻq, polvon, – dedi Shermat aka unga bir qarab qoʻyib. – Har zamonda magʻlubiyat alami ham kerak. Boʻlmasa judayam kekkayib ketamiz.

Tulporini minib, Sirtlonni ergashtirib chiqqan Shermat akani koʻrgan hamqishloqlari, endi tinchib qolarmiz, deb yengil nafas oldilar...

Yozu qish yelkasidan oppoq muz arimaydigan Chotqol choʻqqilari kuzdan boshlab mudom tuman va bulutlar qurshovida qoladi. Oʻziga obdan ishongan, manman degan ovchilargina uning xilvat bagʻriga yeta oladilar. Havasmandlar gapi bilan aytganda zigʻirmoy palovidan iligi toʻq oʻsgan Shermat ovchi zabardast yigitlik yillarida bu togʻlarning etagidan kirib, yoqasidan chiqardi. Chotqolning hamma sir-asrorlari unga besh qoʻlday ma’lum.

Qalin tuman bosgan tund choʻqqilarga bir oz tikilib turgach, Shermat aka oʻzicha reja tuzdi. U otining boshini toqqa emas, teman dala tomon burdi. Tunda yoqqan qor hamma izlarni berkitib yuborgan edi. Otini ohista odimlatayotgan choʻpon har sakkiz-oʻn metr masofada sezilar-sezilmas qolgan izlarga tikilgancha oʻylab borardi: «Raqibimiz osonlikcha jon beradiganga oʻxshamaydi...» «Yomonjar»ning xilvat joyidagi manzara Shermat aka tusmolini tasdiqladi. Choʻpon uzangiga tayangancha yarim engashdi-da, qor ostida doʻppayib turgan toshlardan birini qamchin sopi bilan turtib yubordi. U tosh emas, tishlari irjaygancha qotib qolgan it kallasi ekan. Qolganlari ham qoʻy, echki va it boshlari edi. Bularni oʻnlab chaqirim masofaga orqalab kelgan pahlavon kim boʻldi ekan?

Sirtlon koʻzlari yonib jangga shay turar, daryo boʻyidagi qalin tolzorga qarab irillar, biroq ichkari kirishga botinolmas edi. Shermat aka birpas ikkilanib turgach, Sirtlonni ergashtirib ortiga qaytdi. Choʻpon noma’lum yov bilan olishishni keyinga qoldirdi. Bir zarba bilan butunlay daf qilish kerak. Shu niyatda u puxta reja tuza boshladi.

Keyingi ikki kun davomida havo ochilib ketdi. Qattiq sovuq boshlandi. Bunday sharoitda biron-bir voqea roʻy berishiga choʻponning koʻzi yetmasdi. Shunday boʻldi, bu kunlar tinch va osoyishta oʻtdi. Uchinchi kunga oʻtar tunda kuchli shamol qoʻzgʻaldi. Peshindan soʻng esa havoni qalin bulut qoplab, qor uchqunlay boshladi. Buni koʻrgan Shermat aka zudlik bilan harakatga tushdi. U taxmin qilgan joylariga tuzoq va qopqonlar qoʻydi, miltiqlarini yaxshilab sozladi, oʻz yotogʻidagi pech yoniga koʻproq oʻtin-koʻmir gʻamladi. Sirtlonni esa devori eng baland qoʻy saroyi ichiga qamadi. «Qoʻy ketsa-ketsin, Sirtlonni saqlab qolish kerak», degan niyatda shunday qildi choʻpon.

Qor betinim yogʻar, ustiga-ustak boʻron kuchayib borar edi. Yarim tunga qadar pistirma qurib oʻtirgan choʻponning suyak-suyagidan sovuq oʻtib ketdi. U yotoqxonasiga qaytib, koʻrpachaga yonboshladi. «Yirtqich toqqa chiqib ketdimikin? – xayolga toldi Shermat aka chirsillab yonayotgan oʻrik oʻtining qip-qizil oloviga tikilib – Bu «kishi», odatda, qor yogʻayotganda yoki boʻron avjga chiqqanda tashrif buyurguvchi edi. Hanuz daragi yoʻq»...

Ancha toliqqan choʻponni issiq elitdi. Devorga suyanib, miltigʻini bagʻriga bosgancha, beixtiyor mizgʻiy boshladi. Qancha vaqt oʻtgani noma’lum, oʻtkir hushtakdek chinqiriq va Sirtlonning dargʻazab oʻkirishi uni uygʻotib yubordi.

«Eh, attang, itimdan ayrilib qoldim-ov!»

Choʻpon qoʻshtigʻining tepkisini koʻtarib, xanjarni shay tutgancha, Sirtlon qamab qoʻyilgan saroy ichkarisiga yugurdi. Oʻtakalari yorilguday burchak-burchakka tiqilishib turgan qoʻylardan oʻzga tirikjon koʻrinmasdi.

«Obbo, kasofat! Sirtlonimni ham «Yomonjar»ga ilib ketibdi-da! – oʻz-oʻzidan gʻoyat dargʻazab boʻldi Shermat aka. – Oʻl, battar boʻl, tanbal uyquchi!...» U bir-bir bosib qoʻradan chiqdi. Tuman bostirib kelayotgan dalalarga tikilar, gʻazabdan choʻpon tishlari gʻichirlardi: «Qani endi, nomard qaroqchi bilan yuzma-yuz kelsamu armonsiz olishsam!..»

Shu payt Shermat aka qulogʻiga Sirtlonning ovozi ingandek boʻldi. U oʻzini guppa yerga otdi, koʻzlarini chirt yumdi. Yuzini sovuq qorga bosgancha nafasini ichiga yutib, butun vujudi bilan quloq soldi. It ulishi yana takrorlandi. Bu chindan ham Sirtlon edi! Choʻponning sodiq doʻsti oʻziga xos ovoz bilan egasini chaqirardi. Shermat aka it tovushi kelayotgan «Yomonjar» tomon yugurdi. Bir chaqirimcha chopib borgach, qor ustida choʻnqayib oʻtirgan sharpaga koʻzi tushdi. Yetar-etmas itiga qoʻl choʻzgan Shermat aka birdan ortiga tisarildi-da, qoʻliga xanjarini oldi. Sirtlonning ostida qandaydir kattakon yirtqich sulayib yotardi. Chotqol togʻi choʻqqilarida xoʻjayinlik qilib yuradigan qor qoploni ham Sirtlondan qutulib ketolmabdi. Qahraton qish gʻururini bukib, chakana oʻgʻirlik qilishga majbur etgan qoplon oʻzidan zoʻrga yoʻliqibdi.

– «Qizil kitob»ga kiritilgan erkatoyni oʻldirib qoʻyibmiz-ku, – dedi itini ergashtirib qoʻraga qaytayotgan choʻpon. – Endi uning jarimasini toʻlashimiz kerak, polvon...

Shu bilan tashvishlar tugab, endi baxtli kunlar boshlanadigandek edi. Ammo kulfatning kattasi, dushmanning eng qattoli oldinda ekan.

* * *

Qor qoploni voqeasidan xabar topgan oʻrmon nazoratchisi Sirtlonga koʻz tikib oldi. Shu bahona Sirtlonu choʻponning boshi ta’qibdan chiqmay qoldi. Nazoratchi har kelganda uning fatvosini olish – oyogʻi ostida qora qoʻchqor boʻgʻizlash kerak. Bu ham yetmagandek, Sirtlonni bizga berasiz, deb qistalang qilaverdi. Rad javobi bergan fermerni kunora-hafta sayin nazoratchi tekshirib yuradi. Keyin... keyin Sirtlon birdaniga ovqatdan qoldi. U oldingi ikki oyogʻiga boshini qoʻyib, mudom egasiga tikilib yotar, ich-ichidan betinim gʻingshirdi. Iti tuzalavermagach, Shermat aka zuvillagancha tushib, mol doktorini boshlab chiqdi.

– Itga igna berilibdi, - dedi koʻzoynakli doktor bir qarashdayoq. – Istasangiz, operatsiya qilamiz...

– Buguncha kutaylik, oʻylab koʻraylik-chi, – dedi fermer yigʻlamoqdan beri boʻlib.

Ertasi azonda turib qarasa... Sirtlon oʻrnida yoʻq! Shu-shu, Shermat akaning iti qaytib kelmadi.