OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Asad Asil. Targʻil olma (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsad Asil
Asar nomiTargʻil olma (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Asad Asil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Targʻil olma (hikoya)
Asad Asil

Taqdirimdan nolimayman. Diyorimiz markazida chiqadigan, jamiki ijodkorlar orzusidagi moʻ‘tabar dargohlarda mas’ul vazifalarda mehnat qildim. Baxtimizga elektr poezdi bor ekan, azonda joʻnayman, kechga tomon yana ikkinchi vagonda qaytaman. Diltortar odamlar uyushib, davra tashkil etgan ekanlar, shularga qoʻshilib olganman. Fayzulla aka davraboshi. Safimizda Azimjon, Oʻktamjon, Habibullo singari oʻn chogʻli sara yigitlar bor. Beshinchi bekatdan davra malikasi chiqadilar. Ul xonimga bitta joyni band qilib boramiz-da, Fayzulla aka yoniga oʻtkazib yuboramiz.

Davraboshimiz ta’kidlashicha, qatorda ayol boʻlgani ma’qul: «Erkaklar odob saqlashadi, haddilaridan oshmaydilar, chegaradan chiqib ketmaydilar...»

Umr shunday oʻtaverdi. Ba’zan suhbatlasha-suhbatlasha manzilga yetganimizni bilmay qolamiz, ba’zan gap-gapga qovushmaydi. Shunda kimdir kitob oʻqishga tutinadi, boshqa birovni mudroq bosadi. Men koʻpincha deraza osha atrofni kuzatib boraman...

Bahor oʻz oʻrnini yozga boʻshatib berayotgan kunlar edi. Poezdimiz soʻnggi bekat – Solor sari ilgarilab borar ekan, oʻng tomondagi bogʻlar orasida ajoyib manzaraga koʻzim tushdi. Shu zahoti yodimda jonlandi: bultur aynan shunday kezlarda bu ajoyibotni koʻrgan edim. Biroq fikran ikkilanib, koʻrganimni hech kimga aytmagandim. «Yoz hali boshlanmagan bu paytda olma pisharmidi, oʻtgan yilgi xazon faslidan qolgan quruq barglar boʻlsa kerak». Endi esa, tikilib qarasam, ular chinakam pishib turgan targʻil olmalarga oʻxshardi...

Yonimda oʻtirgan Fayzulla akaning qulogʻiga shivirladim:

– Taqsir, anovi bogʻ orasidagi olma daraxti mevalari chindanam pishganmi? Yoki!...

Davraboshi hushchaqchaq, shu bilan birga biroz askiyaboz, hozirjavob inson edi. U bor boʻyi bilan men tomon oʻgirildi-da, jilmaygancha koʻzimga tikilib:

– Sinov muddatini oʻtamay turib, bizning mevalarga koʻz olaytirganingiz nimasi? – dedi. Soʻng men koʻrsatgan tomonga qarab, u ham hayron qoldi. – Toʻgʻri payqabsiz, mevalari shu qadar yirik va bunchalar ertapishar olmani umrim bino boʻlib men ham shu joyda koʻrdim. Bu haqda gap ochganingiz yaxshi boʻldi: vaqt topib borasiz-da, oʻsha targʻil olmadan olib kelasiz. Sizga vagon jamoasining topshirigʻi. Sovgʻani ikkita qogʻoz xaltaga joylashtirasiz: biri hammamizga, yana biri vagonimiz malikasiga!...

– Juda toʻgʻri! – deyishdi davradoshlar bir ovozdan. Vagon malikasi indamadi-yu, chiroyli yonoqlari lolarang tusga kirib, koʻzoynagining gardishlarini nafis roʻmolchasiga artib-artib oʻtiraverdi. Chamasi, Fayzulla akaning kutilmagan topshirigʻi iffatli bu ayolni tadbiridan adashtirib qoʻygan edi...

Shu kunning ertasigayoq vazifani bajarishga kirishdim. Ishimni barvaqtroq tugallab, poezd joʻnashidan bir soatcha oldin Solorga yetib bordim. Qoʻlimdagi yuklarimni bekat navbatchisiga omonat topshirdim-da, chaqqon borib, bogʻ egasi eshigini taqillatdim. Ostonada boʻychangina, goʻzal bir qiz paydo boʻldi. Vagon jamoasi topshirigʻini hazil aralash tushuntirgan edim:

– Marhamat, istaganingizcha terib oling, – dedi u jilmayib.

Daraxtga chiqishning hojati qolmadi, yerga toʻkilganlaridan saralarini ajratib, qogʻoz xaltalarni toʻldirdim. Pul uzatgan edim, qiz rad etdi.

– Unda, yana bir iltimosimiz bor, – dedim unga. Ulab koʻpaytirish uchun olma novdasidan bahorda olsam maylimi?

– Afsus, kelgusi bahorda bu hovliniyam, daraxtlarniyam, targʻil olmalarniyam topolmassiz, degan xavotirdaman, – dedi qiz ma’yusgina.

– Nima uchun? – ajablandim men.

– Ana qarang, – yuqori tomonga ishora qildi u. – Qoʻshnilarimizning hovli-bogʻlarini bir boshdan tekislab kelishyapti. Bu joylarda qandaydir ishxonaning binolari qurilarmish. Bizga ham muddat belgilashgan: shaharda yangi qurilayotgan koʻpqavatli uylardan biri bitishi bilan koʻchib oʻtishimiz kerak ekan. Shundan keyin, bu joylarni tekislab tashlaydilar...

– Xudo xohlasa, targʻil olmani ulab koʻpaytiramiz, uni albatta saqlab qolamiz!

– Koshki edi! – dedi qiz men bilan xayrlashar ekan.

Poezdda qatnab ishlayverdik, kunlar oʻtaverdi. Davradagilar oʻz yumushlari bilan band, mening xayolimdan bir fikr arimaydi: «Ishqilib, bahorgacha targʻil olmani yoʻq qilib yubormasalar boʻlgani...» Aksiga olib, quruvchilar jadal harakat boshladilar: tevarak-atrofni tekislashib, qish davomida uyni ham buzib tashladilar. Shundan soʻng bogʻni bir boshdan qiyratishga tushdilar. Nihoyat, navbat targʻil olmaga keldi. Men har kuni qoʻrqa-pisa olmaga qarab oʻtaman, «uni panohingda saqla», deb Tangriga iltijo qilaman. Yo, qudratingdan, shu joyda ish birdaniga taqqa toʻxtab, quruvchilar ancha vaqt koʻrinmay ketdilar. Quvonchim ichimga sigʻmasdi. Shaharga ham qalin qor tushgan, shu tufayli ish toʻxtatilgandir, balki. Bahor ham moʻralay boshlagan edi. Qor ketar-ketmas, quruvchilar yana paydo boʻlishdi. Shu kuni ertalab soʻnggi bekatdan soʻng hamma oʻz yumushiga tarqaldi, men targʻil olma sari shoshildim. Yetib kelib qarasam, shoʻrlik daraxtni qoʻporib tashlashibdi. Ammo badani hali «issiqqina» edi. Shu zahoti miyamga bir fikr keldi:

«Hoziroq daraxt navdalaridan kesib olib, ortimga qaytaman va qishloqqa chiqib payvand qildiraman. Targʻil olmani saqlab qolishim kerak!..» Surx navdalardan bir bogʻlamini qoʻltiqlab qishloqqa joʻnadim. Yetib kelib, dastlabki qilgan ishim – eng yaxshi payvandchini surishtirish boʻldi. Kimdan soʻramayin, goʻyo hammalari kelishib olganday, Abdumannop aka Mirgʻulom oʻgʻli ulagan payvandlar bexato koʻkarib ketishini aytishardi.

Hamma maqtayotganini aytib koʻndirishga urinar ekanman, Abdumannop akaning soddadil va begʻubor yuzida jilmayish paydo boʻldi. U bulut quyuqlashib borayotgan osmonga qarab-qarab qoʻyar ekan:

– Havoning avzoyi chatoq, yomgʻir qorga aylanishi mumkin. Ustiga-ustak payvandlash fursati toʻliq kelgani yoʻq, balki biror haftadan keyin boshqa novdalar olib kelarsan? – dedi. Men kuyib-pishib voqeani tushuntirdim, bu soʻnggi imkoniyat ekanligini qayta-qayta ta’kidladim.

– Mayli, sazang oʻlmasin, ammo koʻkarib ketishiga kafolat berolmayman, tavakkal qilamiz-da, - dedi bogʻbon kerakli asbob-uskunalarini jamlab.

Boqqa yetmasimizdanoq sovuq tomchilar boshlandi. «Aytmovdimmi», deganday, Abdumannop aka menga qarab qoʻydi. U novdalarni besh-olti tup olma daraxtiga ulab ulgurmay ikkalamiz jiqqa hoʻl boʻldik. Shunda ham men uni qoʻyarda-qoʻymay, qolgan novdalarniyam ulab berishga qistayverdim. «Biri boʻlmasa biri shoyad koʻkarib ketsa», derdim qayta-qayta.

Sovuq yomgʻir hoʻl qorga aylandi. Bir ahvolda qaytar ekanmiz, Abdumannop aka har doimgiday samimiy xayrlashar ekan: «Agar birontasi koʻkarib ketsa oshigʻing olchi, mevaga kirganda meniyam chaqirarsan, - dedi. Buni qarangki, shuncha payvanddan bittaginasi tutib qolibdi. Quvonchim ichimga sigʻmay, suyunchi olish uchun Abdumannop akaning uyiga yugurdim. Ne koʻz bilan koʻrayki, Abdumannop akaning eshigida bel bogʻlagan qator odamlar boshlarini quyi egib turishardi. Shoʻrlik qoʻli gul bogʻbon! Katta koʻchani kesib oʻtayotganda gʻoyat tezlikda kelayotgan mashina urib ketibdi!..

Bular ancha yil oldingi voqealar. Abdumannop aka ulagan olma hozir koʻrkam va sershox daraxt. Har yili hosil beradi. Mevalari yirik, targʻil. Azim shaharda qachonlardir koʻzlarni quvontirib, hammani hayratga solib turuvchi mevalarning oʻzginasi! Faqat, togʻ sharoiti tufaylimi, ular may oxirida emas, iyun oʻrtalarida pishadi.

Targʻil olma sabab endi binoyidek bogʻbonmiz. Bogʻ ishlariga berilib ketib, tomorqamizni sarxil mevazorlarga toʻldirib yuborganmiz. Oʻn gektardan ziyod togʻ terassalarida ham soʻlim bogʻlar yaratib qoʻydik. Bular bari bir taraf boʻlsa, targʻil olmaning tarovatu koʻrki bir taraf. Unga mehrimiz chindan boʻlakcha...

Elektr poezdining ikkinchi vagonida qatnagan serzavq insonlar hozir turli joylarda yashab, ishlab yurishgandir. Davra malikasi, goʻzal yuzli targʻil olma egasi ham omon-eson boʻlsalar kerak. Men ularni qoʻmsayman, sogʻinaman. Olma pishganda ularni har yili bogʻimda kutaman. Abdumannop aka haqqi-hurmati uchun duoi fotihani hech qachon unutmayman. Siz ham shu tarovatli damlarda aziz mehmonimiz boʻling, azizlarim!...