OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Asad Asil. Tulki bolasi (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsad Asil
Asar nomiTulki bolasi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Asad Asil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tulki bolasi (hikoya)
Asad Asil

Oʻrmon mergan koʻzi ilindimi-yoʻqmi, tong boʻzara boshlaganini koʻra solib oʻrnidan turib ketdi. Oʻgʻilchasining harorati baland, tuni bilan ingrab chiqqan edi. Uyquga qonmagan ovchining boshi sirqirab ogʻriydi, koʻngli gʻash. Buning ustiga, kech kuz havosi emasmi, qibladan izgʻirin aralash sovuq tuman yopirilib kelmoqda.

Shunaqa mijgʻov havoda issiq oʻrnini tashlab, izgʻiringa chiqadigan odam kamdan-kam topilsa kerak. Oʻrmon polvon esa, koʻngliga bir niyat tugdimi, tamom, osmon uzilib yerga tushsa ham ahdidan qaytmaydiganlardan.

Hamyurtlari unga ikkita nom qoʻygan. Norgʻulligi uchun polvon, chumchuqni koʻzidan urishi tufayli mergan deyishadi.

Shunday qilib, mergan qargʻa «qagʻ» demasdan hovliga tushdi. Ammo havo ov uchun nobop edi. Buni koʻrgan Oʻrmonning oyogʻi toqqa tortmadi. Oʻringa tappa tashlab, kuni bilan uxlamoqchi, bir galgina ahdidan qaytmoqchi boʻldi-yu, darhol oʻz-oʻzini koyidi: «Shu vaqtgacha qilmagan nomardlikni endi boʻynimga olamanmi? Shaytonning vasvasasiga bir gal yursam, umrbod undan qutulib boʻlmaydi. Yoʻq, uyqu – gʻaflat, hech boʻlmaganda qopqonlardan xabar olishim kerak». U suv oʻtmas kamzulini yelkasiga tashlab, yopgʻichini boshiga koʻtardi. Uydagilarni, ayniqsa bemor oʻgʻlini uygʻotib yubormaslik uchun ehtiyotkorlik bilan, ammo tez harakat qilib zalvorli soʻyili, chilvir, ov pichogʻini oldi, qoʻshtigʻni yelkasiga osdi-da, koʻchaga qarab uch-toʻrt odim tashladi. Keyin birdan toʻxtab, shart ortiga burildi va oʻgʻilchasi yotgan xonaga asta moʻraladi. Tuni bilan oʻgʻlining ikkala yuzi naqshdek qizargan edi. Xotini esa oʻgʻil tepasida hamon mudrab oʻtirardi. Rahima koʻzini arang ochib, gʻamgin yuzini eriga burdi-da:

– Bugungi ovingizni qoʻya qolsangiz boʻlmaydimi? Axir tuni bilan koʻz yummadingiz-ku, ustiga-ustak oʻgʻlimiz... – dedi hazin tovush bilan.

Ovchi xotiniga oʻqrayib qaradi. U oʻzini «yoʻldan uradigan»larni yomon koʻrardi.

Ota sharpasigami yoki oyisining shivirini eshitibmi... Oʻgʻilchaning koʻzlari ochildi. Bola har doim otasiga koʻzi tushganda nimagadir dadillanib ketardi. Tili biyronlashib qolgan bolakayning tovushi zoʻr-bazoʻr chiqayotgan boʻlsa ham, «sir bermay», chiranib soʻradi:

– Menga nima optelasiz, ada?

Oʻgʻilchasi arang nafas olayotganidan burun kataklari kerilib, harorat zoʻridan koʻz qorachiqlari choʻgʻdek yonib turardi. Buni koʻrib yuragi uvishib ketgan mergan:

– Senga tulki bolasi obkeb beraman, oʻgʻlim! – dedi shosha-pisha uni yupatish ilinjida.

– Tirigini obteling, adajon, xoʻpmi?

– Ha, ha, albatta tirigini... – deya ovchi darhol eshikni yopdi. U oʻgʻli yonida yana bir oz tursa, bu yerdan chiqib keta olmasligiga koʻzi yetgan edi.

Merganning ishi ovda ham hadeganda yurishavermadi. U changalzorlar oralab ketgan yon yoʻllar osha bir qopqondan ikkinchisiga oʻtardi-yu, hafsalasi pir boʻlardi: ular qanday qoʻyilgan boʻlsa shundayligicha turgan edi. Keyingi ikkitasi ov oʻrniga tuproqni koʻtarib turgan kigiz parchalarini qisib qolganligi Oʻrmonning koʻnglini battar gʻash qildi.

Havoning avzoyi betinim aynib bormoqda edi. Izgʻirinning achchiq zahri yetmagandek, birdan qor boʻralay boshladi. Atrofdagi tuman quyuqlashib, besh qadam nari koʻrinmay qoldi. Pastdagi soy shovqini allaqanday noxush nola kabi eshitiladi quloqqa. «Bugun ovga chiqmasam boʻlar ekan, - afsuslandi mergan. – Mayli, oxirgi qopqonni ham borib koʻrayin-chi...» Togʻ yonbagʻridagi barcha mayda yoʻllarni birlashtirgan joyga qoʻyilgani uchun polvonning soʻnggi ilinji shu qopqondan edi. Chindan ham qopqon qoʻyilgan joyida koʻrinmasdi. Chuqurcha ochilib yotar, tezaklar aralash tuproq ichida kigiz parchasi qolgandi, xolos.

Qopqonga boylangan qoʻra shoxi izlari ovchini soy tomon boshladi. Oʻrmon hovliqib, yugurgancha pastlikka tushib bordi. Katta sharshara qoshidagi olcha daraxti panasida ancha yetilib qolgan tulki bolasini koʻrib, yuragi taskin topdi. «Tiriklay olib borib, oʻgʻlimni sevintiraman», degan quvonchli fikr oʻtdi xayolidan.

Odam sharpasini sezgan jonivor tez oʻgirilib qaradi. U ajal muqarrar ekanligiga iqror boʻlibmi yoki shafqat kutibmi... dam Oʻrmonga, dam uning qoʻlidagi soʻyilga termilardi. Odatda, qopqonga tushgan hayvon odamni koʻrdi deguncha talpinib, yulqinaverguvchi edi. Bu tulki bolasi esa shumshaygancha oʻtiraverdi.

Oʻrmon tulkining miltirayotgan koʻzlariga qarab, yuragi jiz etdi. Bu koʻzlar, nimagadir, oʻgʻilchasining azongi boqishlarini eslatib yuborgan edi.

Shu payt tulki oyogʻining qopqonga qisilgan joyiga ovchining koʻzi tushdi. Oyoq suyagi choʻrt uzilib ketgan, uch-toʻrtta paygina ovni ushlab turardi. Bir-ikki yulqilansa, paylar uzilib, tulki qutulib ketadigandek.

Oʻrmon har ehtimolga qarshi soʻyilni oʻnglab oldi.

Ovchining koʻnglidagi shum niyatini sezdimi, tulkicha qopqondan qutulib ketish uchun urina boshladi. Ovchining nazarida tulkini qopqonga bogʻlab turgan paylar uzilib ketgandek boʻldi. U beixtiyor soʻyil bilan bir urdi. Urishga urdi-yu, tulki bolasini tirik saqlab qolishi kerakligi shu zahoti lop etib esiga tushdi. Ammo... Gʻisht qolipdan koʻchgan, bitta zarbaning oʻzidayoq jonivor til tortmay qolgandi.

Ovchi holsiz odimlar bilan hovlisiga kirdi-yu, yolgʻiz bolasini «tez yordam» kasalxonaga olib ketganini eshitdi.

...Ota nafasini sezgach, yarim behush bolaning kipriklari ohista pirpiradi-da, bir-biridan ajraldi. Tim qora koʻzlari jovdiradi. Goʻdak jilmaymoqchi boʻldi, qoʻlchalarini arang koʻtarib, otasiga choʻzdi. Oʻrmon toqat qilolmadi, bolasini dast koʻtarib bagʻriga bosdi. Uning qulogʻi ostida oʻgʻilchasining holsiz shiviri eshitildi:
— Ada, tirik tulki bolasi obteldiyzmi?

Ertasi, tong mahali ovchi jahd bilan yana toqqa joʻnadi. Kun ochilib ketgan, ulugʻvor choʻqqilar orasidan moʻralayotgan quyoshning zarrin nurlari ostida oppoq qor koʻzni qamashtirardi. Tuni bilan sovuqda ochiqib qolgan kakliklar buloq boʻylaridagi shivarlarda timirskilanib yurishibdi. Kaptarlar qirov ketishini kutib, toshlarning ustilarida gʻuj-gʻuj boʻlib tumshayishib oʻtirishibdi.

Oʻrmon merganning avvalgi paytlari boʻlganda-ku, ovi zap baror olardi-ya! Ammo u hozir hech qayoqqa boqmay, qopqonlari tomon shasht bilan borardi. Bugun birinchi qopqondayoq ishi yurisha boshladi: unga katta boʻrsiq ilinibdi. Ovchini koʻrgan jonivor bir amallab qutulib ketish uchun jon-jahdi bilan yulqinishga tushdi. Buni koʻrgan Oʻrmon doʻstlarining «topshirigʻi»ni esladi. «Boʻrsiq ilintirsang, goʻshtini qaynatma qilamiz, yogʻiga osh damlaymiz», deyishgandi ular. Ovchining tishlari beixtiyor gʻichirlab ketdi, sovuqdanmi, boshqa sababdanmi, koʻzlaridan chiqqan yoshni uvushib titrayotgan mushti bilan artdi. Soʻng oʻng qoʻli bilan boʻrsiqning boʻynidan ushlab turdi-da, oyogʻini qopqondan chiqarib qoʻyib yubordi. Boʻrsiq ozod boʻlganiga ishonmagandek, ovchiga birpas serrayib qarab turdi, keyin uch oyoqlab chopganicha oʻzini changalzorga urdi. Ovchi hamma oʻljalarni qopqonlardan shu alfozda ozod etdi. Orqalab olgan qopqonlarini esa... kecha tulki bolasini oʻldirgan joyga olib tushib, katta toshlar bilan urib sindira boshladi. U xunuk ovozda baralla yigʻlab, qopqon siniqlarini har tomonga uloqtirardi. Parranda-yu darrandalar bu telba odamning xatti-harakatlariga hayron qolgandek, kavak-kavaklardan, tosh va shox-shabbalarning panalaridan boʻyinlarini choʻzib qarab turardilar.

«Hayot» gazetasi,

2010 yil 25 noyabr soni.