OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsad Asil
Asar nomiUch ogʻiz soʻz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Asad Asil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Uch ogʻiz soʻz (hikoya)
Asad Asil

Qiz anchadan beri yuragida saqlab, oʻzini qiynab yurgan gaplarini yigitning betiga ochiq aytolmadi-yu, yaqin dugonasidan maktub orqali joʻnatdi. Togʻ yonbagʻrida yonariq kavlab, bogʻ yaratayotgan yigit horib-tolib uyi tomon kelayotganda jini suymaydigan qiz yoʻlini toʻsib chiqdi.
— Mashkuraxon berib yubordi, - dedi Salima beparvogina konvert uzatarkan. Bu xat yigitni sevintirishi lozim edi. Ammo Rejaboyning koʻngliga negadir xavotirlik tushdi, Salimaga oʻqrayib qoʻyib, konvertni yulqibroq oldi. «Alamzada bu, bir paytlar bilib-bilmay gap otganim uchun Mashkurani mudom yoʻldan urib yuradi», - oʻyladi yigit.

Rejaboyning sabri chidamay, shu zahoti konvertni ochdi-da, yoʻl-yoʻlakay xatni oʻqib boraverdi.

«Rejaboy aka, – yozardi Mashkura, – mana, ikki yillik amaliyotim ham tugab qoldi. Sizning taklifingizni obdan oʻylab koʻrdim. Rostimni aytay, men shaharda oʻsib-ulgʻaydim, balogʻat yoshiga yetib, oʻqishlarni bitirib, hech kimga koʻngil bermadim. Biron-bir yigit koʻnglimga toʻgʻri kelmadi. Endi iqrorman, soʻrovingizga ochiq javob ayta qolay, siz borligʻimni band aylaganingiz rost. Ammo, ma’zur tutgaysiz, meniyam kichkinagina bir taklifim bor. Toʻyimiz oʻtgach, shaharda yashasak. Bilasiz, oyimlarning yolgʻiz va kenja qiziman. Ish, uy-joy tashvishlarini oʻylamang, akalarim katta joylarda, bir yoʻlini topishar. Javobingizni Salimaxondan berib yuborarsiz. Ezgu umid bilan javob kutib qoluvchi Mashkura...»

Xat Rejaboyning qalbini olovdek beayov kuydirib oʻtdi. Toʻsatdan tok urgandek u oʻzini yoʻqotib, bir joyda turib qoldi. «Oh taqdir! – shivirladi yigit lablari. Bu ne hol?! Ota-onasiz qancha azob-uqubatlarda katta boʻlganim yetmasmidi?! «Yetimning ovlogʻi yoʻq, egni but boʻlsa, shu uning tugʻilgan joyi,» deganlari rost ekan-da! Oʻlib-tirilib yaratayotgan bogʻ-rogʻlarim nima boʻladi?..» Rejaboy qoʻlidagi xatni beixtiyor gʻijimlar ekan, choʻzinchoq qoramagʻiz yuzi oqara boshlagan, yirik qora koʻzlari chaqnab, lablari bir-biriga mahkam qisilib borardi. – Toshkentliklar oʻzga yurtlarga qiz uzatmaydi, deyishardi- ya!

Gʻazab otiga mingan yigit oʻgirilib qarasa, Salima nari-beri odimlab, javob kutib turgan ekan. Rejaboy choʻntagidan yondaftarini oldi-da, bir varagʻini shartta yirtib, unga uchta soʻz yozdi: «Tushingizni suvga ayting!..»

Dunyoning ishlari gʻalati ekan. Necha yil davomida bir-birini yeru koʻkka ishonmay, qoshu koʻzdek avaylab yurgan ikki qalb orasida birdaniga oʻtib boʻlmas yomon jar paydo boʻldi. Oliy oʻquv yurtining biologiya fakultetini birga tugatishgach, bogʻdorchilik-uzumchilik instituti togʻ filialiga ishga kelgan paytlarida Mashkura chinakam baxtini topgandek edi. Undan kelgan uch ogʻiz soʻzni oʻqigach, butun dardi-dunyosi qorongʻi boʻlib, kun boʻyi bosh koʻtarmay, yigʻlab yotdi. Axiyri hamma bilan xayr-ma’zurni ham nasiya qilib, kechki avtobusda Toshkent sari joʻnab ketdi...

Qizning ketib qolganini eshitgan Rejaboyga bu olam tor qafasga aylandi-qoldi. Yigit oʻzini ish bilan ovutishga urinardi. Tun boʻyi koʻziga tayinli uyqu inmagan boʻlsa-da, tong saharlab dalaga chiqib ketardi. Qoʻllari ish bilan band esa-da, xayolan Toshkent sari parvoz qilardi. Axiri chidamay, beixtiyor: «Oh, benavo dunyo, – derdi baralla tovush bilan, – qadimda-ku, sevishganlar orasida Qorabotirldar boʻlardi. Bizning oʻrtamizda hech kim yoʻq-ku, bemavrid ayriligʻing boisi ne?»

Bora-bora Rejaboyning ishtahasi yoʻqoldi, kuch-quvvatdan qoldi. Uyqusizlik, yelkasidan togʻdek bosib turgan gʻam yuki tinkasini quritdi, keng yelkalari puchayib, rang-roʻyi sargʻayib ketdi. Uni «sariq» deyishib, kasalxonaga yotqizishdi, «tif» deyishib, tit-pitini chiqarib tekshirishdi. Yigit soppa-sogʻ edi-yu, ahvoli tobora nochorlanib borardi. Shunday kunlarning birida palata eshigi ohista ochilib, Salima kirib keldi. Unga koʻzi tushgan Rejaboy darhol teskari oʻgirilib oldi. Jafokash yigit lablari pirpirab bir soʻzni takrorlardi: «Shumqadam, axiyri niyatingga yetding-a!»

– Rejaboy aka, men begunohni namuncha qiynamasangiz! – dedi Salima bemor yonboshidagi kursiga omonatgina choʻkar ekan, – odamlarga yaxshilik qilay, derkansan-u, ba’zan aksi boʻlib chiqarkan. Oʻshanda dugonamning maktubini sizga quvonib-quvonib eltib bergandim. Men-ku, kuydim, sevishganlar uchun sal boʻlsa-da, yordamim tegsin, deb oʻylagandim. Konvert ichida ne borligini men qaydan bilibman?! Mashkuraning toʻsatdan Toshkentga ketib qolishi, sizning birdan bu koʻyga tushishingiz... Bilaman, meni unutgansiz, hatto nafratlanarsiz ham! – Salimaning yuzlaridan yoshlar navbat kutmay yerga tomardi. – Cizga xushxabar emas, shumxabar olib borganimni keyinroq bilib qoldim. Mashkuranikiga tushib bordim. Meni yuziqaro qilgani uchun boplab ta’zirini bermoqchiydim. Qarasam, shoʻrlik shundoq ham siz kabi davosiz dardga mubtalo boʻlib yotgan ekan. Ezmalikka berilib ketibman, Rejaboy aka, boshingizni koʻtarib, qaddingizni tutib oʻtiring. Sizga shundayin bir noyob sovgʻa olib kelayki, koʻrgan zahotingiz hamma dardlardan forigʻ boʻlasiz!..

Rejaboy oʻgirilib qarasa, Salima yoʻq. «Nimalar deb alahlayapti bu qiz? Noyob sovgʻasi nima ekan?» Yigit oʻrnidan turib oʻtirdi, yoyilib ketgan sochlarini tartibga soldi.

Bir ozdan soʻng eshik yana ohista ochilib, avval Salima, ortidan... Chaqnab, doimo kulib yuruvchi shahlo koʻzlar ich-ichiga botib, xayolchan boʻlib qolibdi. Qirmizi lablar, ozganigami, tiniqlashibdi, «boʻyoq yetmay qolgan» chap burchi koʻzga yanayam aniqroq tovlanardi. Qoratoʻri yuzlar choʻzilibdi-yu, chiroyi yanayam ortibdi. Qizning boʻyi ham uzayib qolgandek koʻrindi yigit koʻziga.

– Mashkura! Mashkuram!!

Shu onda yigit nigohi nogahon Salimaga tushdi. U eshikdan astagina chiqib ketmoqda edi.

– Salima, toʻxtang, eshiting gaplarimni! – dedi Rejaboy baralla tovushda. – Siz, siz!.. Meni kechiring!!.

Bu payt Salima koʻchaga chiqib ulgurgandi. Rejaboy bilan Mashkura bir-birlariga tikilib qolishdi.

– Voy, Rejaboy akam-ey, qaysi toshbagʻir sizga shunchalar sitam qildi? Menga ayting, agar Mashkura boʻlmay, avliyosi boʻlsa ham yaxshilab ta’zirini berib qoʻyay! – istigʻno aralash hazillashgan boʻldi qiz. Ammo oʻzini tuta olmay, yigitning koʻksiga yosh oqayotgan yuzini yashirib shivirladi. – Kechiring, azizim, bunchalik boʻlar, deb oʻylamovdim. Salimaning gaplarini eshitgan oyim ham rosa ta’zirimni berdilar. «Sen qaerda baxtli boʻlsang, mening baxtim shu!» dedilar.

– Yoʻq-yoʻq, butun baxtimizni yoʻqqa chiqarayozgan uch ogʻiz soʻzni yozishga jur’at etgan men johilni siz kechiring! – dedi yigit qizning lovullab, hovur koʻtarilib turgan yuzlarini kaftlari orasiga olib. – Mayli, siz qaerda desangiz, shu joyda yashaylik! Nima boʻlsa ham...

Qiz nafis va bejirim barmoqlarini yigitning lablariga bosib engashdi-da, qulogʻiga shivirladi:

– Xuddi mana shu qishloqda, siz istayotgan ushbu bogʻu rogʻlarda yashaymiz! Men oʻshanda naqadar tor oʻylagan ekanman. Rahmat oyimlarga, Salimaxonga, koʻzimni ochdilar! Bu yer ham Toshkent, endi bilsam, Vatanimizning hamma joyi Toshkent ekan! Toshkentni diyorimizdan, diyorimizni Toshkentdan ajratib boʻlarkanmi, Rejaboy aka!..

Rejaboy mahbubasi koʻzlariga termilib turib, yana uch ogʻiz soʻz aytishga jur’at etdi. Ma’zur tutgaysiz, bu haroratli soʻzlarni oʻzingiz topib olarsiz...