OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsad Asil
Asar nomiUkkiboy otaning oxirgi ovi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Asad Asil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm23KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ukkiboy otaning oxirgi ovi (hikoya)
Asad Asil

Mashhur merganlar haqida antiqa rivoyatlar eshitganmiz, koʻplarining uy-joylarida boʻlib, tongotar suhbatlarini olganmiz. Oʻzimiz ham yoshlikda ovchilikning koʻchasidan oʻtgan edik-da...

Qadimda koʻpchilik oʻz podasini oʻzi boqardi. Oʻn-oʻn bir yoshga toʻlgan paytlarim. Qoʻy-echkilarimni qori erib ketgan kungay qiyaliklarda aylantirib kelaman. Bir kun obdan toʻydirib, qaytish chogʻimda sanab qarasam, burama shoxli serkam yoʻq. Yuragim «shuv» etib, qidira boshladim. Shamoldan berkinib, katta tosh panasida oʻtirganimda qulogʻimga «ba-a-a» degan mungli ovoz eshitilganday boʻluvdi-ya! Sinchiklab borib, izini topdim: serka tisarila-tisarila birdan gʻoyib boʻlibdi. Uning davomida notanish izlar narigi soyga qarab ketgan. Itning iziga oʻxshash-u, katta-katta. «Serkamni boʻri orqalab ketibdi-yov!» Oʻpkamni qoʻltiqlagancha «Toshbuloq»qa oʻtib bordim. Qarasam, katta baqaterak panasida ulkan gavdali, koʻkimtir tusli boʻri serkaning qornini yorib, ichki a’zolarini yeyapti. Boʻri deganlari shu ekan-da! Bu yirtqichni birinchi koʻrishim. Sekin izimga qaytdim. Qoʻy-echkilarimni qandoq haydab, uyga qandoq yetib kelganimni bilmayman. Voqeani eshitgan dadam besh-oʻn kun dalaga chiqarmay qoʻydi. Qish qattiq kelgan, chorva ozuqasi tugab borardi. Bir aylantirib kelsa ham ancha pichan tejaladi. Oʻzim dala-toshga oʻchman, bahona topib chiqqim kelaveradi. Qoʻshnimiz Sa’dulla akaning qoʻy-echkilarini koʻpincha qoʻshib boqib kelardim. Uning bolalari yosh, oʻzi har kun ishga boradi. Bir ogʻizli miltigʻi bor.

– Miltigʻingizni berib tursangiz, sizniyam mollaringizni har kuni boqib kelaveraman, – dedim qoʻshnimizni xoli uchratib. – Dadamni bir amallab koʻndiring.

Qish qahri kuchayib, chorva ozuqasining tugayotganini koʻrgan dadam koʻnibdi. Sa’dulla aka har kuni ikki dona oʻq oʻqlab beradi, men ikki xonadonning chorvasini haydab joʻnayman.

– Yaylovga yetgach, osmonga qarab bir otasan, tushda ham shunday qilasan, – deb tushuntirgan edi Sa’dulla aka. – Shunday qilsang, boʻri zoti yoʻlamaydi, bexavotir borib-kelaverasan.

Hovlisida bir jirildoq (kichikroq qush)ni moʻljalga oldirib, qandoq otishniyam oʻrgatib qoʻygan. Shu-shu ovga ishqim tushdi. Koshki oʻqni osmonga otsam, kaklik boʻlgandayam eng yirigini moʻljalga olaman. Bora-bora ikki-uchtasini qatorlashtirib otadigan boʻldim. Uyimizdan kaklik goʻshti arimaydi. Buni koʻrgan dadam bir ogʻizli miltiq olib berdi. Keyinchalik yoshim ulgʻaygach, qoʻshtigʻ sotvoldim. Oqibatda haqiqiy ovchi boʻldim-qoldim...

Ovga rozi boʻldi-yu, qulogʻimga tayinlab qoʻyardi dadam: «Tagʻin butunlay berilib ketma, oʻgʻlim. Bu kasb egasining kosasi hech qachon oqarmagan...»

Rostdanam, koʻp merganlarning uylarida boʻlganman-u, tuzukroq roʻzgʻor egasini uchratmaganman. Keyin dadamdan soʻradim:

– Nega shunday, bu kasbga qargʻish tekkanmi, yoki boshqa biron sababi bormi?

Dadam koʻp yillar madrasada oʻqigan, oq-qorani obdan tanigan ilmli odam edilar (Alloh rahmatiga olgan boʻlsin).

– Birinchidan, ovchi jonlini jonsiz qiladi. Aslida bunga Allohdan oʻzga hech kimning haqqi yoʻq, – erinmay tushuntirgan edi dadam. – Innaykeyin, topganini miltiqqa solib otvoradi. Qolaversa, ovi yurishadimi-yoʻqmi, azondan qaro tungacha tentirab, umrini uvol qiladi...

Shu gaplar ta’siridanmikin, oʻqib, kasb oʻrganib, boshqacharoq odam boʻldim-u, baribir ovdan koʻngil uza olmasdim. Bora-bora bir voqea tufaylidan mutlaqo miltiq ushlamaydigan boʻldim...

Ancha yillar ovchilar bilan ov ovlashib, koʻp joylardan tanish-bilishlar orttirganman. Olis Nayzatosh qishlogʻida ham uch yaqin tanishim bor. Dadam aytganidek, bari qashshoq yashashadi-yu, qoʻllari ochiq. Vaqti-vaqti bilan meni yoʻqlab turadilar. Quruq emas, togʻ asali, togʻ piyozi, xandon pista-yu kiyik goʻshti kabi noz-ne’matlarni uzishmaydi. Men ularning idoralardagi yoki boshqa joylardagi, xullas, shahardagi ishlarini bitirib berishga baholi qudrat qarashaman. Har gal ovchilik suhbatlarida nayzatoshlik bir mergan haqida koʻp gapirishadi. Uning ismi Ukkiboy ekan. Butun boshli yuqori deparalarda eng oʻtkir mergan sanalmish bu ovchi bir voqeadan keyin kasbidan butunlay voz kechgan ekan. Buning sirini hech kimga aytmasmish. Meni Nayzatosh tomonlarga ovga qistashadi, Ukkiboy ota bilan tanishtirishni va’da qilishadi. «Gapga chechansan, balki senga yorilar», – deb qoʻltigʻimga suv purkashadi...

Ukkiboy otaga oʻzim ham qiziqib qoldim. Gapni bir joyga qoʻyib, ov kunlarini belgiladik. Mana, nihoyat, Ukkiboy ota uyidamiz. Tavba, odam ham ismiga shunchalik tortadimi? Yuz tuzilishlari, boqishlari, miqtidan kelgan toshdek gavdasi... Ukkiboy ota oʻrnidan turib yura boshlasa, lapanglab ketayotgan ukki hozir parvoz qilsa kerak, deb oʻylaysiz-u, faqat unda qanot yoʻq. Bu galgi safarga shaylanishimning yana bir boisi – ov voqealarida dongʻi taralgan Ukkiboy ota bilan yaqindan tanishuv edi. Bir oz dam olib, yarim tunda choʻqqilar sari koʻtarilishni boshlaydigan boʻldik.

– Biz bilan birga borasizmi? – soʻradim keksa ovchi bilan muloqotga shaylanib. Aslida uning ovdan butunlay voz kechganiga ancha yil boʻlganini uch doʻstim aytib bergan edi.

– Endi, bizlar qaridik, oʻzlaring boraveringlar, – gapni kalta qildi horgʻin bir qiyofada qariya. Bu gal ish chiqmadi. Biz avvaldan tayyorlab qoʻyilgan ot va eshaklarga yuklarni joylab, navbatma-navbat minib, choʻqqilar sari ravona boʻldik. Qum va shagʻaldan iborat soʻqmoq bora-bora «toshyoʻl»ga aylandi. Yoʻlning davomi nuqul keragatoshlardan iborat edi. Togʻchilar ularni yoʻnib aylanma yoʻllar yasashgan, chorvalarini ham shu toshyoʻl orqali haydashar ekan. Ot-eshaklar oriq koʻrinishli ekaniga qaramay, ustlaridagi ogʻir xurjinlaru, qoʻnqayib oʻtirgan odamlarni koʻtargancha toshdan yasalgan «qilkoʻprik»lardan bemalol oʻrlab borishardi. Ular obdan chayir-chandirga aylanib ketgan ekan...

Men avvaliga hayiqib, inqillab-sinqillab yayov bosaverdim. Burnim yerga tegay deb qolganini koʻrgan sheriklarim «nima, sening joning azizu, bizlarniki uvolmi», deya eshaklardan biriga oʻtirgʻizib qoʻyishdi. Nuqul toshlardan iborat tubsiz zovlarga qarab yuragim uvishadi-yu, oriyat kuchlilik qilib, jim ketaverdim. Nihoyat, bora-bora koʻnikdim. Kichikroq ikki koʻldan oʻtib, gʻira-shira tong ota boshlaganda, tosh dovonlar oraligʻiga joylashgan ajoyib bir ummonchaga yoʻliqdik. Unda bemalol kemalar suzib yurishi mumkin edi-yu, atrofda gʻurrak, kaptar, loyxoʻraklardan oʻzga biron-bir tirikjon koʻrinmasdi. Qiziq, bu koʻllardan bir daryocha oqib chiqardi, ammo tepadan loaqal kichik jilgʻa qoʻshilmaydi. Yerli ovchilarning ma’lum qilishlaricha, qalin shagʻal-toshlar ostidan sizib oʻtib, koʻllarga quyiladigan daryocha koʻzga mutlaqo koʻrinmas ekan. Shu tufayli har qanday ob-havo sharoitida koʻllar zilol holicha turaveradi, mutlaqo loyqalanmaydi...

– Shundayin joylarda yirikroq yovvoyi hayvonlar yoʻqmikin? – hayron boqdim yerli ovchilarga.

– Manovi Merganbekka oʻxshaganlar tirikjon qoldirarmidi, – sherigiga qoʻlini bigiz qildi Qoraboy ismli baqaloq ovchi.

– Oʻzing ja oppoqmisan, toqqa nuqul «quruq» chiqib, «hoʻl» qaytasan-ku!

– Bu ishda hammamiz aybdormiz, – sheriklarining bahslashuviga chek qoʻydi Merganbek ismli ogʻir-bosiq yigit. – Qadim bu koʻllarning atroflarida poda-poda kiyiklar oʻtlab yurishar ekan. Qolgan-qutganlarini oʻzimiz koʻrganmiz, yolgʻon boʻlmasin, ovlaganmiz ham. Endi kiyiklarga yetish uchun yana yarim kun yoʻl yurish kerak. Koʻl boʻyida nonushta qilib, biroz mizgʻiylik, boʻlmasa mehmonimizni charchatib qoʻyamiz...

– Toqqa «quruq chiqib», «hoʻl qaytish»ni qandoq tushunsa boʻladi? – soʻradim qiziquvchanlik bilan. Yerli ovchilar bir-birlariga dakkinamo qarab qoʻyishdi. Oraga noqulay sukunat choʻkdi.

– Togʻ boshiga yetganimizda oʻzingiz tushunib olasiz, – gapni qisqa qildi Merganbek.

Katta koʻldan soʻng yoʻl davomi oson va zavqli edi. Keragatoshlar tugagan, sentyabr oyi boshlanganiga qaramay, atrofda ming xil gul-chechaklar ochilib yotardi. Bular orasida toʻp-toʻp oʻsib, gullari oltinday tovlanayotgan oʻsimlik diqqatimni tortdi.

– Bu nima? – soʻradim Merganbekdan.

– «Oltin ildiz» (Zolotoy koren), – izoh berdi ovchi. Bu oʻsimlik qiymati jenshendan baland boʻlsa bordir-u, kam emas. «Oltin ildiz» uch-uch yarim ming metr balandda oʻsadi. Afsus, buyam yildan-yilga kamayib, yuqorilab boryapti.

– Biz shunchalik balanddamizmi?!

– Ha-da!..

Togʻ boshiga yetib qolgan ekanmiz. Uchli choʻqqilar, qator-qator qiru zovlar koʻz ilgʻamas ufqlarga tutashib ketgan. Ovchilar eshak-otlarni ustlaridagi yuklardan xalos aylab, oʻtloqlarga boyladilar. Keyin mendan nariroqqa borishib, yuk qopchalaridan durbinlarini chiqarishdi-da, uzoq-uzoqlarni, atrofdagi soyu zovlarni kuzatishib, bir-birlariga nimalarnidir ma’qullashdi. Soʻng tarqalishib, atrofdagi toshlarning kavak-kamarlaridan kuchli ov miltiqlarini keltirib, sozlab oldilar...

«Quruq» chiqib, «hoʻl» qaytishning dastlabki ma’nosini endi tushundim. Toqqa miltiq koʻtarmay chiqib, oʻljalar bilan qaytishni togʻliklar qisqagina shunday izohlar ekanlar. Men esa qoʻshtigʻ miltigʻim, oʻqdonli kamzulim toʻla oʻq va boshqa turli ov anjomlarimni qop hamda ryukzaklarda orqalab yuribman, kamida yigirma kilogramm chiqar-ov. Ularni sozlab, men ham ovga shaylandim...

– Oʻh-hoʻ, yuk bosib qolibdi-ku sizni, mergan aka! – yelkamga qoqib qoʻydi Merganbek.

– Iloj qancha, biz «hoʻl» chiqibmiz-da, – dedim. – Xoʻsh, men nima qilay?

– Siz shoir odamsiz, toshning mana bu tapchanida yonboshlab atrofni tomosha qiling, ilhom kelib qolsa she’r-per yozing. Ha, aytgancha, ustingizdan Ular (yovvoyi kurka) uchib oʻtguday boʻlsa, «oʻn olti»ngiz bilan otib olarsiz. Bu togʻlarda siz uchun boshqa ov yoʻq.

– Kaklik-chi? – soʻradim hafsalam pir boʻlib.

– Kakliklar ancha pastda yashaydilar. Aytmoqchi, manovi durbin ham sizga asqotadi, bizlarning ov ovlashimizni kuzatib, zerikmay oʻtirasiz...

Yigitlar soyma-soy oshib ketdilar. Ular bir gʻoyib, bir paydo boʻlar, toshu shagʻallar ustlaridan shunchalar ustalik bilan oʻtar edilarki, biron sharpa sezilmasdi, ovoz eshitilmasdi. Qoraboy oldinda, Merganbek oʻrtada, Oʻskantoy yuqorida, dovonma-dovon oshmoqdalar. Ovchilarning bu usuli azaldan bor: biridan qochgan ov ikkinchisiga, undan ham omon oʻtsa uchinchisiga yoʻliqadi...

Bir mahal Qoraboy tosh panasiga oʻtdi-da, durbin bilan sinchiklab kuzata boshladi. Keyin sheriklariga nimalarnidir imo-ishora qildi. Ular toshlar orasida birdan gʻoyib boʻldilar. Qoraboy asta koʻtarilib miltigʻini toʻgʻrilay boshladi. Durbin bilan ovchi moʻljallayotgan tomonga qaradim. Uncha uzoq boʻlmagan masofadagi tosh ustida kattakon togʻ echkisi ovchiga tikilib qotib turar, tuyogʻini toshga urib-urib qoʻyardi. «Ovchini koʻrdi-ku, nega qochmayapti, tagʻin tuyogʻini toshga urgani nimasi?» Tosh yonboshidagi oʻtloqqa qarab buning sirini tushundim: maysa orasida echkining koʻzga koʻrinib qolgan bolasi oʻtlab yurardi. Ona kiyik (yovvoyi togʻ echkisini biz tomonda shunday deyishadi) bolasini himoya qilish uchun oʻzini naq oʻqqa duchor qilayotgan ekan!

– Qoraboy, otma-ang, bolasi bor ekan!

Mening hayqirigʻim bilan bir paytda oʻq gumburladi. Ona kiyik tikka zovga – Qoraboy tomonga dumalab ketdi. Oʻq ovozidan choʻchib tushgan uloqcha sakrab tosh ustiga chiqdi-da, choʻzib-choʻzib ma’ragancha onasini izlay boshladi. Shu zum yana oʻq ovozi yangrab, uloqcha ham onasi ortidan ravona boʻldi!.. «Eh, nomard, bolasi bor kiyikni koʻrib turib otdi-ya! Uloqchasini qanday koʻzi qiydiykin-a?!» Sheriklari tezda Qoraboyga yordamga keldilar. Ona kiyik va bolasini koʻtarishib, mening oldimga olib chiqishdi. Ona-bola jayronlarning koʻzlari ochiq qolgan, ular juda mungli, mijjalarida yosh yiltirardi. Buni koʻrib ichimdan bir nima uzilib ketgandek boʻldi.

– Ha, shoir aka, namuncha qaygʻuga botmasangiz? – oʻljalarni nimtalar ekan, menga qarab-qarab qoʻyardi Qoraboy. – Ovchi xalqi toshbagʻirroq boʻlishi kerak. Ov ovchilar uchun chiqarilgan. Yo oʻzingiz jonlini bejon qilmaganmisiz?..

– Ona-bolani otish shartmidi, takalarni ovlasayam boʻlardi-ku?!

– Bolasini koʻrmay qoppan-da, shoir aka. Uniyam otmasak bari bir itu qushlar yeb ketardi, – deya Qoraboy sheriklariga yuzlandi. – Endi shoir akamiz aytgan takalarga navbat.

Xullas, togʻ tepasida ikki kun ov qilib, Ukkiboy otanikiga «jiqqa hoʻl» qaytdik. Oʻljalarni taqsimlab, menga ham ulush ajratdilar. Koʻz oldimdan ona-bola kiyiklarning moʻltiragan koʻzlari ketmasdi, ulushni rad etdim. Ukkiboy ota menga hayron boqdi.

– Arazladingizmi, togʻdagi voqeaga? – bepisandlik bilan gapirib qoʻydi Qoraboy. – Arazlagan quruq qolaveradi, ovning rasm-rusumi shundaqa! Haligi... yozuvchiligingiz bor, togʻdagi voqeani yozib-pozib yurmang, tagʻin.

– Yozsangizam nomlarimizni oʻzgartirib yozing, – Qoraboyning gapiga qoʻshimcha qildi Merganbek. Oʻskantoy, har doimgidek, indamay oʻtiraverdi. Shundanmi, uning laqabi «Oʻskanjim» ekan.

Ovchilar mening ulushimni Ukkiboy otaga qoldirishib, uy-uylariga tarqalishdi.

– Telim (ulush)dan nega voz kechdingiz? – hayronligi tiliga koʻchdi Ukkiboy otaning. – Togʻda nima boʻldi oʻzi?

Ona-bola kiyik voqeasini va bundan buyon qoʻlimga miltiq olmaslik ontimni eshitgan Ukkiboy ota kulimsiradi-da:

– Ovchilikda ne balolar boʻlmaydi, – dedi qoʻl silkib. – Mening sarguzashtlarimni eshitsangiz, bilmadim, ne kuyga tushar ekansiz?.. Yoki bittaginasini aytib beraymi?.. Mayli hovurdan tushishingiz uchun aytsam ayta qolay, – oʻzi soʻrab oʻzi davom etdi mezbon. – Koʻrib turibsiz, soʻqqaboshman. Mening ham, har kim havas qilguday, har tomonlama toʻkis xotinim bor edi. Bechora sodda togʻ qizi merganlarning sarasiga turmushga chiqqani uchun dastlab oʻzini juda baxtiyor sezardi. Keyinroq pushaymon boʻldi-yu, kech edi...

Men bunaqa kiyik-piyik ovlamasdim, faqat ayiqlarning saralarini tanlab otganman. Bir kun «Qorongʻi toʻqay»da toʻsatdan kichikroq ayiqqa duch kelib qoldim.

Qorongʻi toʻqay oʻz nomi bilan xilvat joy edi, shu paytlarda. Keyinchalik daraxtlari kesilaverib, tirikjonlari ovlanaverib oddiy toʻqayga aylanib boʻldi...

Bir kun bir ayiq tippatik turgancha menga quchoq ochib kelyapti. Aytdim-ku, men ayiqlarning eng yiriklarini tanlab otardim. Bu esa kichikroq, xuddi men bilan quchoqlashishga shaylangan kabi bemalol kelyapti. Otmaslikning hech chorasi yoʻq, bir oʻq bilan qulatdim. Keyin qulayroq joyga sudrab oʻtib, terisidan loshini ajrata boshladim. Terisini shilib boʻlib, bundoq qarasam... yo, piray, qarshimda goʻyoki xotinim qipyalangʻoch boʻlib yotibdi-da! Xayolimda: «Qadim bir eru xotin shakkokligi tufayli qargʻishga uchrab ayiq boʻlib qolgan ekan, ayiqlar shulardan tarqalgan...» degan rivoyat jonlandi. Men shafqatsiz ovchi edim, ammo aynan mana shu joyda koʻnglim bir xil boʻlib ketdi. Ammo darrov oʻzimni qoʻlga oldim-da, ayiqning aynan yosh ayollarnikiday boʻligʻ siynalari va keraksiz boshqa joylarini kesib tashladim. Loshini qoplarga joylab, shahardagi kelishilgan doʻkonga eltib berdim. Bari bir bu voqea koʻz oʻngimdan sira oʻchmasdi. Men ahmoq shuni xotinimgayam gapirib beribman-a! Ayolimning birinchi homilasi ertasigayoq tushdi-qoldi! Yigitchilik ekanmi, buniyam unutib, ayiq ovini davom ettiraveribman. Keyingi gal esa!..

Qarasam, Ukkiboy otaning ukkinikidek katta-katta koʻzlaridan shashqator yosh oqyapti. Ovozi ham titrab-titrab oʻchdi. Keyin nima boʻldi deb soʻrashgayam tilim bormaydi. Qariyaga choy quyib uzatdim. U bir sipqorishda piyolani boʻshatdi-da, «gapirolmayman, qolganini ertaga...» deya oʻrnidan qoʻzgʻaldi...

Obdan charchagan ekanman, choshgohgacha uxlabman. Oʻrnimdan turib hovliga chiqdim: bir-ikki dapqir yomgʻir yogʻib oʻtgan. Bu atrofdagi togʻlar tarovatini koʻring! Quruq oppoq qoyalardan iborat Nayzatosh quyosh nurida zardek tovlanadi. Tikkaygan biror oʻt-oʻlan yoki daraxt-oʻsimlik yoʻq. Unga qarama-qarshi tomondagi Baxmalbuloq togʻi esa boshdan-oyoq yashil libosga burkangan. Ushbu egiz togʻlar orasida oʻn-oʻn besh chogʻli xonadonga ega Nayzatosh qishlogʻi joylashgan. Kecha qorongʻida qaytganimiz uchunmi, obdan horiganligimdanmi, takrorlanmas bu goʻzalliklarni payqamagan ekanman. Ukkiboy otaning yolgʻizlik holatini koʻrib kecha oʻylagan edim: «Ketmaydimi, shahar-paharga bosh olib. Bir-ikki xonali kvartirada yashamaydimi mazza qilib!» Endi unga qarshi javob tugʻildi: «Manovi jannatmakonlarni tashlab qayoqqayam borardi!» Uchta koʻldan tushib sharqirab oqayotgan daryochada mazza qilib yuvindim. Qaytishda sobiq merganning xonadoni atroflarini kuzatdim: olmazor, shaftolizorlar alohida. Sara mevalar obdan yetilgan. Har biri kaftga sigʻmaydigan oq shaftolilar «mendan yaxshiroq qanday yemish bor?!» deb oʻzini koʻz-koʻz qilyapti. Tunuka bilan yopilgan kattagina uy xonalari shinam, shaharliklarnikidan sirayam qolishmaydi. Badavlatlik sababi ayon: mergan ovchilikni tashlagach, bogʻdorchilik va dehqonchilik bilan mashgʻul ekan...

Men dala aylanib yurganimda, mehmonxona yigʻishtirilib, nonushta tayyorlanibdi: kattakon xontaxta usti turli noz-ne’matlarga toʻla. Shohkosada togʻ asali deysizmi, pista-bodomlar deysizmi, qaymogʻu sutlar deysizmi! Lofi bilan aytganda, kosadagi sovunqiragan sutning qaymogʻi ustida changʻi uchsa koʻtarguday!..

– Keling, azizim, toʻrga oʻting, – oʻrnidan turib meni qarshiladi Ukkiboy ota. – Yaxshi dam oldingizmi, kecha obidiyda qilaverib, obdan joningizga tekkandirman-a? Sizni yozuvchi deyishadi, tagʻin yozib-chizib yurmang, koʻnglim boʻshab gapirib yuboribman, hech kimga aytmagan sirlarimni...

Shu payt eshik shartta ochilib, ostonada tayoq koʻtargan durkun bir bola paydo boʻldi:

– Doda, mollarni yaylovga haydab keldim!

– Barakalla toychogʻim, amaking bilan koʻrishmaysanmi?!

– Assalomu alaykum...

– Va alaykum assalom, – lochin koʻzli, yumaloq yuzlari boʻlali qomatiga yarashgan bolakay uzatib turgan loʻppi qoʻlchasini beixtiyor mehr bilan siladim. – Ismingiz nima, otaxonim?!

– Najotbek! – bolakayning ovozi yoqimli va jarangdor edi. Soʻng shart Ukkiboy otaga burildi, – mevalarning toʻkilganlarini terishga ketdim! – shunday deb xonadan oʻqday otilib chiqib ketdi.

– Nevarangizmi? – soʻradim «olov» bolakay ortidan havaslanib.

– Nevaram ham, bolam ham, xullas, bor-yoʻgʻim, jonu jahonim mana shu bola! – dedi Ukkiboy ota ovozi titrab. – Men uni bolalar uyidan asrab olganman! Ha, endi mavridi keldi, kechagi suhbat davomini aytmasam boʻlmas...

Indamadim. Oraga gap sigʻmas edi.

– Yoshgina juvonga oʻxshash ayiqni otib, birinchi bolamdan ayrilganimdan keyin ham men ovsar xulosa chiqarmagan ekanman. Ammo xotinimning koʻngli sovib, oʻzini olib qochishlarini sezib yurardim. Koʻp yillar boʻyida boʻlmadi. Men uni yupatishga urinardim, farzandimiz boʻlmasa nomimiz butunlay oʻchib ketishini qayta-qayta gapiraverardim. Nihoyat, xotinim yana farzand kuta boshladi. Xuddi shunda ovni tashlasam oʻlamanmi? – Ukkiboy otaning koʻzlaridan yana yosh oqa boshladi. – Ayiq goʻshtini xufiyona sotadigan mijozlarim qistayverib sira qoʻyishmasdi. Oʻzim ham ular beradigan «koʻk pullar»ga ilhaq boʻlaverardim...

Qish qattiq kelgan. Bir oʻngirda ona ayiq qishlashini bilardim. Bu gal shuni moʻljallab ovga chiqqan edim. Ikki-uch metr qalinlikdagi qor ustida ketib boryapmanu, koʻnglim gʻash. Xotinimning oy-kuni yaqinlashgan edi. Uyda goʻsht ham qolmagan. «Xotinim goʻshtli ovqat yeyishi kerak, yoʻl-yoʻlakay biror oʻljani otib qaytsammikin?» ikkilandim oʻzimcha. Ayiqning aynan odamga oʻxshashligini koʻrgandan beri ayiq goʻshti yeyishni bas qilgan edik. Otganlarimni shahardagi tanish doʻkonga olib borib «koʻk pullar»ga almashtirardim-da, xohlagan narsamni xarid qilib qaytardim...

Qalin qor ustida avaylab borar ekanman, tepada qanot tovushlarini eshitdim. Miltigʻimni oʻngladimu, uchib borayotgan yovvoyi kurkalarga baravariga ikkala oʻqdonni boʻshatdim. Ikki Ularning qanotlari yopilib tushib kelayotgani asnosida oyogʻim ostidagi qor koʻchayotganini sezib qoldim. Qor koʻchishi uchun birgina oʻq ovozi ta’siri yetishmayotgan ekan, shekilli. Qutulish u yoqda tursin, uch-toʻrt qadam bosishga ham ulgurmay, katta qor quyuni orasiga koʻmilib, pastga yumalab ketdim!.. Koʻzimni ochsam, naq oʻzim moʻljallagan, ona ayiq qishlaydigan oʻngirning qoq oʻrtasida yotibman!.. Chamamda, meni dumaloqlab oʻrab olgan «qor koʻrpasi» falokatlardan asragan-da, oʻngirga tushib urilgach, sochilib ketgan...

Asta qoʻzgʻaldim, hech qaerim shikastlanmabdi. Oʻrnimdan turdim-da, qorning gʻira-shira yorugʻida tashqariga yoʻl qidirdim, qani endi chora topilsa! Ulkan qor togʻi qurshovida qolganimni payqab, butun vujudim muzlab ketdi. Xayolimga lop etib oy-kuni yaqin xotinim keldi. Qanday qilib boʻlsayam qurshovdan sogʻ-omon chiqishim, xotinimning yonida boʻlishim kerak! Badanim muzlab borardi. Najot izlab, gʻor ichkarisiga yurdim. Umid qilganimdek, katta ona ayiq yonboshlagancha qish uyqusida karaxt, bittagina bolasi bir koʻkragini ogʻziga solib emib yotardi. Men unga asta yaqinlashdim. Mukka tushgan koʻyi boʻsh koʻkrakni soʻra boshladim. Iliq sut ta’mi badanimni yayratib, jonimga orom baxsh ayladi. Bora-bora qoʻrquv yoʻqolib, meni uyqu elitdi... Shundoq qilib, azizim, ayiq bilan ona-bola boʻldik. Necha kun ayiq emib yotganimni bilmayman-u, qor qurshovi erib, bir joyda gʻira-shira tuynuk ochilganini koʻrib qoldim. Meni emizib qishdan omon-eson chiqargan ayiq «onam»ga va rizqini baham koʻrgan «ukam»ga minnatdorchiliklarimni koʻz yoshlarim ila izhor aylab, uyimga shoshildim. Yoʻlda kelar ekanman, bundan buyon qoʻlimga miltiq ushlamaslik, ayiqlarni, umuman, tirikjonlarni jonim boricha himoya qilish uchun qayta-qayta ont ichardim, xotinim va bolamni omon-eson saqlash haqida Tangri Taologa yolborardim. Afsus, ovga joʻnayotganimda Qodir Alloh yodimda yoʻq edi. Xotinimni Ulugʻ Zotga omonat topshirmaganman, tavakkul qilmaganman. Toʻlgʻoq dardi azobida qolgan xotinim qiynala-qiynala tugʻibdi-yu, olamdan oʻtibdi. Keyinroq xabar topgan qoʻshnilarim izsiz gʻoyib boʻlgan meni oʻlganga chiqarishib, xotinimni va kun koʻrolmagan murgʻakni bir joyga dafn etishibdi. Oxirgi ovim mana shundoq falokat bilan tugagan, azizim!..

– Bu sirlarni nega uch ogʻaynimga aytmagansiz?

– Aytsam, ayiqni otib, bolalarini qoʻshib sotib yuborishardi-da!

Ukkiboy ota oyoqlarini choʻzib yuborgancha hoʻng-hoʻng yigʻlar, uni yupatishga ojiz edim. Sal oldingi goʻzallikdan hayratlarimdan asar qolmadi. Faqat bir ilinj koʻnglimga taskin berardi: «Najotbekni astoydil oʻqitib, tarbiyalaymiz. Bizning uyimizda turadi. Bu joylar togʻ hovlisi boʻlib qolaveradi. Oʻsib-ulgʻayib, oʻrganib, ona-tabiatimizning haqiqiy himoyachisi boʻlsin! Ukkiboy otaning tiriklikdagi armonlariga malham qoʻysin!..»

«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi,

2010 yil 15 oktyabr soni.