OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsad Asil
Asar nomiYolgʻiz uchayotgan kabutar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Asad Asil
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/08/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Yolgʻiz uchayotgan kabutar (hikoya)
Asad Asil

Laylakqor erinibgina yogʻar, Ortiqali ikkimiz katta-katta odim tashlab, bir maromda ketib borardik. Baland boʻyli, chayir va koʻrkam gavdali bu yigitning ota-bobosi mergan oʻtgan, oʻzi ham tabiatning tanti oʻgʻli edi. Miltiq koʻtarib dalagami yo toqqa chiqsa, uning ovi oʻngidan kelmagan kun yoʻq. Hatto keksa ovchilar ham uni omadi yurishgan yigit, deb maqtashadi. U koʻpdan beri meni ovga chorlar, birga chiqsak, quruq qaytmaysan, deb ishontirar edi.

Kuzning oyogʻi, qishning boshi. Biz ov qilishni moʻljallab joʻnagan togʻlar safida eng baland va salobatli boʻlmish Qoraqiya choʻqqilarini odatdagidek qalin tuman oʻrab olgan. Shipshiydam dalalardan, tashlandiq bogʻlardan oʻtib bormoqdamiz. Yalangʻoch daraxtlarda hayot nishonasi qolmagan, boshlarini egib, tumtayib turishibdi.

Ortiqali: «Yengil, quruq qor yoqqandan keyin ov yaxshi boʻladi», der edi. Kecha shunday qor yogʻdi, men katta ovdan umid qilib, doʻstimga ergashgandim.

Qor hamon uchqunlab turibdi, havo ancha sovuq. Shunga qaramay, birpasda qora terga tushib ketdim. Har qanday kibr-andishani yigʻishtirib qoʻydim-da, Ortiqalining izidan odimlay boshladim. Endi oyoq bosishlarim bir oz yengillashgandek boʻldi-yu, bari bir oʻqtin-oʻqtin gandiraklab ketaman. Bir bahona topib, ortimga joʻnab qolmoqchiman, biroq oriyat yoʻl bermaydi.

Buni sezgan Ortiqali oʻtmish voqealari, ota-bobosidan eshitgan ov xotiralaridan gap boshladi. Avval loqaydlik bilan eshitdim, bora-bora qiziqib ketibman. Badanimdagi ter qotib, yurak urishim ham bir tekis izga tushdi. Shunday qilib, togʻ etagiga yetib kelganimizni bilmay qolibmiz.

Ortiqali toʻxtadi, miltiqni yelkasidan olib, kamaridagi oʻqlardan ikkitasini joyladi. Soʻng baquvvat kaftini yelkamga qoʻyib, menga boshdan-oyoq razm solgach, salmoqlab dedi:
— Mana, sovitilgan otdek boʻlibsan, doʻstim. Buyogʻiga charchamaysan. Ovimizning barori oʻzimizga bogʻliq...

Shundan keyin Ortiqali bugun boʻladigan ov rejalarini erinmay tushuntirdi. Uning uqtirishicha, men Qoratoshning chap biqini boʻylab ov qilib, Qatortoshga oʻtar ekanman, Ortiqalining oʻzi esa Qoratoshning oʻng yonbagʻridan borib, Teshiktoshga koʻtarilarkan.
— Shundagina biror oʻljadan umid qilishimiz mumkin. Chunki mendan uchgan yoki qochgan ov senga, sendan qaytganlari menga toʻqnash keladi, - dedi ovchi doʻstim joʻnash uchun chogʻlanib.

Ortiqalining oʻzicha «fol ochishi» kulgimni qistatdi. Iljayganimni sezib qolib, oʻrtogʻimning jahli chiqmasin, deb teskari qarab oldim. Ikkimiz ikki tarafga qarab ketdik.

Men katta-kichik toshlar orasidan ehtiyotkorlik bilan oʻta boshladim. Sal yurmay, kakliklarga yoʻliqdim. Choʻchib tushib, tepkini beixtiyor bosib yuboribman. Kakliklar osmonda-yu, oʻqim besh metrcha nariga – qorga sanchildi. Eh, attang, oʻqim bekor ketdi-ya! Kakliklarning goʻzal parvoziga mahliyo boʻlib, ularning ortidan uzoq qarab qoldim. Ular Qoratoshning oʻng tomoniga uchib oʻtishgan ham ediki, u yoqdan qoʻshtigʻ miltiqning ketma-ket gumburlagan ovozi eshitildi. Yuragim hapqirib ketdi. Soʻng oyoqlarimni ohista bosib, yoʻlimda davom etdim. Qiynala-qiynala nihoyat aytilgan marraga yaqinlashdim. Shu payt Teshiktosh tomonda qoʻshtigʻning yana gumburlagan ovozi togʻlarni yangratib yubordi. Sal oʻtmay, oʻsha yoqdan bir gala kaklik men tomon uchib kela boshladi. Men ularning «gʻiyt-gʻiyt» ovoz chiqarishlariga, qanot qoqmay parvoz qilishlariga tikilgancha qaqqayib turaveribman. Kakliklar meni koʻrib qoldilar-da, darhol chap berib, narigi toqqa oʻtib ketdilar. Mundoq qarasam, qoʻlimda miltigʻim otish uchqun shay turibdi. «Noshudligim qursin, - dedim oʻzimga dashnom berib, - mening oʻrnimda Ortiqalidek ovchi boʻlganda bormi, kamida uch-toʻrttasini tushirib olardi...»

Ortiqalining rejasiga avval kulgan edim, endi chinakamiga tan berdim.

Bu paytga kelib bulutlar taram-taram tusga kirdi, quyosh ham moʻralay boshladi. Qatortosh shamol tegmaydigan, hovonchaday dim va issiq joy ekan. Shuning uchun boʻlsa kerak, bu togʻning qori ham doim avval erib ketadi. Quyosh koʻrinishi bilan dimogʻimga bahor isi urilgandek boʻldi. Toshlar orasidan qulay joy tanladim-da, ikki kaftimni boshimga yostiq qilib chalqa yotgancha atrofni kuzata boshladim. Naqadar goʻzal! Toshlar orasidan turli koʻkatlar dadil bosh koʻtarmoqdalar. Quyosh taftidan eriy boshlagan qor suvi toshlardan «chak-chak» tomib, koʻkatlar ostiga singib ketmoqda. Allaqaerdan uchib kelib, bexosdan yonimga qoʻnib olay degan togʻ chumchugʻi qattiq chirilladi-da, nariroqdagi toshga tushib, panaroq joyga berkindi. Keyin boshini sekin chiqarib, menga qaradi, choʻzib-choʻzib sayradi...

Teshiktosh tomondan har zamon-har zamonda oʻq otiladi: «Gum-um, gum-um!» Togʻlar larzaga kelib, aks sado beradi. Gumburlash ovozlarini eshitganimda yuragim yana orziqib tushadi, mendan tuzuk ovchi chiqmas ekan, degan noxush fikr yuragimga soya solib oʻtadi.

«E, ov boʻlmasa, tabiatdan rohatlansang-chi, nodon!» Shu fikr koʻnglimga kelib, yuzimni quyoshga tutgancha koʻzlarimni yumib, huzur qilayotgan edim, qandaydir qushlarning mayingina qanot qoqishlari qulogʻimga chalindi. Sekin koʻzimni ochdim. Biroq hech narsa koʻrinmasdi. Shundan soʻng, oʻrnimdan qoʻzgʻalib, toshlar orasidan moʻraladim. Ana menga ov! Ellik-oltmish metr chamasi naridagi katta keraga ustida bir gala yovvoyi kaptar oʻtirardi. Yuragim qattiqroq tepa boshladi. Men izlamasam ham oʻzlari kelib qolganini qarang! Ishqilib, endi bulardan quruq qolmay...

Hayajonimni bosa olmay, qoʻllarim titragancha miltiqni yerdan koʻtardim. Qoʻndoqni oʻng yelkamga qoʻyib, chap koʻzimni yumdim-da, galaning qoq oʻrtasini moʻljalladim. Oʻzlariga qaratilgan ajaldan tamoman bexabar bu qushlar orolanib taranishar, bir-birlarini yalab-yulqashardi. Yuragim «jiz» etgandek boʻldi. Sal tursam, oʻq uzolmay qoladiganga oʻxshayman. Koʻzimni chirt yumdimu, tepkini bosib yubordim! Gumburlash bilan birga, kuchli zarb meni orqaga siltab tashladi. Kaptarlar gurillab havoga koʻtarildi. «Nahotki oʻqim yana bekor ketdi?!» Shu payt toshdan-toshga urilib, pastga qulab tushayotgan kaptarni koʻrib qoldim! Quvonchdan entikkanimcha, sakrab turib, oʻljam tomon yugurdim. Jon talvasasida tipirchilayotgan kaptar yoniga yetib kelib, qoʻlimni choʻzdim-u, boʻshashib turib qoldim. Mening aybim bilan bir beozor qush jon berayotgan edi. Buning ustiga, shu zumda yuz bergan antiqa sinoat meni battarroq lol qoldirib, qalbimni zirqiratib yubordi. Ne koʻz bilan koʻrayki, uzoqlashib borayotgan kaptarlar orasidan bittasi ajraldi-da, toʻppa-toʻgʻri men tomon shiddat bilan uchib kela boshladi. U bor-yoʻgʻi oʻn metrlar chamasi nariga, boyagi kaptarlar oʻtirgan joyga kelib qoʻndi. Boyoqish betoqatlanar, chiroyli boʻynini choʻzib toʻrt tomonga alanglar, har qanday xavf-xatarni unutib, yoʻqotib qoʻygan juftini axtarardi.

Koʻnglimdagi xursandchilik oʻrnini oʻz-oʻzimga nafrat va qandaydir azob hissi qopladi. Biroq, nachora, endigi afsusdan foyda yoʻq. Nazarimda oʻzim ham tosh ustida mungʻayib oʻtirgan kaptar ahvoliga tushib qolgandim.

Shu payt toshdan-toshga sakrab Ortiqali yetib keldi. U yoniga oʻntacha kaklik osib olgandi.

– E, ha... ovlar chakki emas-ku, doʻstim, – hazillashdi u oʻlib yotgan kaptarga imo qilib. – Endi qaytamizmi?

Men ma’yus bosh irgʻadim. Koʻnglimga hech narsa sigʻmas edi.

Katta yoʻlga tushib olganimizdan keyingina qoʻlimda hech narsa yoʻqligini Ortiqali payqab qoldi.

– Ie, oʻljang qani? – dedi u ajablanib.

– Mendan ovchi chiqmas ekan, tushirib qoʻyibman...

– Zarari yoʻq, – dedi Ortiqali. – Xafa boʻlma, bu safar durust ov qilolmagan boʻlsang, mana koʻrasan, keyingi gal ishing albatta yurishib ketadi. Tomning boshiga birdan chiqib boʻlmaydi-da, oshna! Manavi kakliklarning yarmi seniki, endi qovogʻingni och, kelishdikmi?

«Mayli», deganday boʻldim. Negadir bu haqda suhbatlashgim kelmasdi. Ortiqali bugungi chiroyli ovi tafsilotlarini soʻzlar, men boʻlsam, oʻqtin-oʻqtin qanot qoqib, olis ufqlar sari uchib ketayotgan yolgʻiz kaptarni oʻylardim...

«Hayot» gazetasi,

2010 yil 7 oktyabr soni.