OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Asad Dilmurod. Kunsuluv (hikoya)
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsad Dilmurod
Asar nomiKunsuluv (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Asad Dilmurod
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm34KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/15
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kunsuluv (hikoya)
Asad Dilmurod

Haligina tomchilab turgan yomgʻir chelaklab quymoqda.

Xufton yaqin: elas-elas qorongʻilik choʻkayotir...

Qoshlari oʻrtasiga tugun tushgan Zayniddin moviy «Neksiya»sini shitob haydab borardi. Xayolida goho tim qora koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan Naima gavdalanar va koʻksi sim-sim achishar edi.

Asli sabru qarori chirigan arqon kabi nogahon toʻzgʻib ketishiga Naima oʻzi sababchi, axir, goh oshkora, goh pinhona qitiq patiga teganib kelgani yolgʻonmi? Aksiga, boshqa ermak topolmaganday, mojaro tutantirigʻiga qaynonasi Oysha xola ham gugurt chaqqani-chaqqan...

Tunov kuni choyxonada uch-toʻrt ulfati bilan papovxontoʻra oldidan qittay-qittay tortuvdi. La’nati kayf nima balolarni yodiga solmadi deysiz. Birdan dardi yangilanib, shom aralash lang ochiq darvozadan soʻltanglab — kirdi, oshxonaga bordi-da, ovkatga unnayotgan Naima tomogʻiga sanchqi tiradi.

Ertalab boshi loʻqillab uygʻondi, musibatni bilgach, avval ichkilikni oʻylab chiqargan manfur kimsani, keyin tegmanozik xotinini koʻtara qilib rosa yogʻladi. Hurmatini saqlamabdimi, bas, araz-oʻraz qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻysin. Tavbasiga tayantirmasa, boshida doʻppisini qiya qoʻndirib bekor yurgan ekan, shunday qilsinki, oʻzi akajon deb yalinib kelsin va ikki bukilib poyida yiqilsin!..

Chamasi, tez-tez tutab-yonib turadigan gʻalvadan Naima toʻyib ketgan ekan, oradan ikki hafta oʻtdi hamki, qora bermadi. Mana endi koʻr boʻlib, ortidan yoʻrtib borayotir. Ostonadayoq Oysha xola ta’na toshlariga duch kelishini oʻylab ogʻrindi. Chiroqni yoqarkan, gʻira-shira qorongʻilik pardasini qiymalayotgan yorugʻliqda elas-elas qora koʻrdi. Sel yuvayotgan asfalt yoʻl girdida, sharros kuyayotgan yomgʻir ostida, yupun kiyingan bir ayol suruvdan adashgan qoʻzichoqday junjikib turardi. Arang kaftlarini koʻksiga qovushtirib, dagʻ-dagʻ uchayotganiga qaraganda oʻlgudek sovqotgan va holdan toygan!..

Ayol qoʻl koʻtarmagani uchungina emas, oʻz dardi oʻziga butkul yetib-ortib yotgani sababli toʻxtamadi. Faqat gʻildiraklar koʻlmak suvini shundoq ham ivigan, qotmagina gavdaga chippa yopishgan koʻylakka shalop etkizib sachratib oʻtgandan keyin beixtiyor tormozni bosdi.

Hamon dir-dir uchayotgan, yomgʻir koʻmgan dunyoni emas, hatto oʻzini ham unutgan ayol shigʻillagancha tislangan mashinaga e’tibor qilmadi. Yana battar ajabsingan Zayniddin choʻziq signal berdi. Shundan soʻng u hadik aralash qiyalatib qaradi, iymanibgina eshik dastasiga uzalarkan, ulkan tarvuzday doʻmpayib turgan qorni koʻzga yakqol tashlandi.
— Singlim, yoʻl boʻlsin? Muzlab qopsiz-ku!

Tinmay urayotgan yomgʻir va havo zahri ayolning eti tugul hatto suyagiga qadar oʻtib ketgan edi. Butun vujudi karaxt boʻlib, oyoq-qoʻli arang qimirlardi. Rangini yoʻqotgan yupqa lablari yaproqtsay titranar, koʻksi ogʻir-ogʻir koʻtarilib tushar, tanglayiga yopishgan tili aylanmas edi.

Ayol bir ozdan keyin toʻkilgudek holda xoʻrsindi, doʻmpaygan qornini avaylab ushlagancha, gavdasini asta oʻrindiq suyanchigʻiga tashladi. Picha isidi chogʻi, kulcha beti xiyol qizillanib, mung choʻkkan yirik-yirik koʻzlari kul ostidagi choʻgʻday yiltiradi.
— Men Zarbandga ketayotuvdim... — yana jimlikni buzdi Zayniddin, gʻalati yoʻlovchini gapga solish ilinjida. — Siz aytmadingiz borar joyingizni.

Ayol kaftlarini betiga bosdi-da, hiqichoq tutib uzoq yigʻladi, soʻng arang oʻzini oʻnglab, chaynala-chaynala koʻnar joyi — umidxonasi yoʻkligani aytdimi-ey, yo falaksan!..

Ma’lum boʻldiki, muttaham sayoq er tayini yoʻq bir manjalaqi bilan topishgan, insofga chakirsa, dabdurustdan uch taloqsan degan, bugun boʻkib ichgan-da, boʻgʻib oʻldirishiga sal qolgan, boshpoʻrti va yana boshqa kerakli qogʻozlari, hatto esdalik suratlari jamlangan baxmal muqovali albomini tandirga tiqib yoqvorgan!..
— Ismingiz nima? — guldirab soʻradi Zayniddin, Xudojon, oʻzimniki kammidi, degan qaygʻuli fikrni dilidan kechirarkan. — Borar joyingiz boʻlmasa, ismingiz ham yoʻqmi?
— Ismim bor, — dedi u xiqillab, — Kunsuluv!
— Qarindosh-urugʻingiz-chi?
— Qaydam. Men bechora yetim oʻsganman!
— Ana xolos.
— Voy, esim qursin... Ha, peshonam shoʻr ekan, ado boʻldim anavi goʻrsoʻxtani dastidan, — dedi anchadan keyin Kunsuluv gʻiltillab. — Shaharda Mashhura degan dugonam bor. Tikuvchilik sexida birga ishlagan edik.

Zayniddin sezdirmaygina uf tortdi, axir, ikki oyogʻi bir etikka tiqilib turgan paytda, ayniqsa bunaqa yomgʻirda shaharga borib-kelish yoqadimi? Kamida ikki soat vaqt yoʻqotadi. Lekin endi allaqachon gʻisht qolipdan koʻchdi. Tishini tishiga bosmasa — Oʻlgani yaxshi!..

Faqat Kunsuluv nega buncha bezovta, nima uchun bu qadar vahimali boqayotir mung toʻla koʻzlari!? Birov boʻgʻayotgandek entikib-entikib arang nafas olmoqda, ajin tushgan torgina peshonasini marjon-marjon ter qoplagan, zulukdek qoshlari oʻrtasi tugunli!..
— Nima boʻldi, Kunsuluv?

Biroq ayol javob beradigan ahvolda emasdi: doʻmpaygan qornini asabiy silab, bir qisqa, bir choʻzib ingrandi. Shu zahoti ohakday oqargan betiga bir zoʻriqish qalqidiki, buni nogahon qayrshshb koʻrgan yigit yuragi orqasiga tortib ketdi. Nimagadir aqli yetdi-da, ortiq churq etmay gazni bosdi. Xiyol siltanib olgan mashina shamol kabi yelib, tez orada yomgʻirda choʻmilayotgan shaharga kirdi.

Zayniddin toʻrt qavatli gʻishtin imorat hovlisida Kunsuluvni bir amallab mashinadan tushirdi. Oyogʻida zoʻrgʻa turgan ayol xayr ma’nosida bosh irgʻadi, keyin nimadir demoqchi boʻldi, ammo ulgurmadi, qayta kuchlangan toʻlgʻoq butun borligʻini junbishga soldi. Oppoq kiyingan xodimalar chugʻurlab zambilga yotkizishganda hushini yoʻqotdi. Shaddodligi bilinib turgan, qoshlari qilichdek oʻynoqlayotgan doʻmboqqina juvon kutilmaganda amirona buyurdi: uzoqlab ketmang-a, akamullo!..

Zayniddin iljayib hovlidan uzildi, bekat doʻkonchasidan ma’danli suv olib qaqragan tomogʻini hoʻllagach, mashinasi eshigani ochdi, ammo shu zahoti qaytarib yopdi. Axir, borar joyiga bari bir kechikdi, shunday ekan, bir soat-yarim soat nimani ham oʻzgartiradi. Yana ozgina chidasin, asakasi ketmas, xushxabarni eshitgandan keyin xotirjam joʻnaydi. Aytgancha, hali Mashhuraga xabar berishi kerak, agar chindan qadrdoni boʻlsa yolgʻizlatib qoʻymas.
— Hay, akamullo, hushiga kelmayapti xotiniyiz!..

Koʻp alomat ekan-ku bu oyimtilla!? Mundogʻ avval soʻrab-surishtirsa biron joyi kamib-netib qoladimi!? Tagʻin yoniga tirgʻala kelib, qoʻliga bir parcha kogʻoz tutqizgani va qaysi dorixona qaysi koʻchada joylashganini bidirlab tushuntira ketgani ortiqcha!..

Asli oʻziyam, Oysha xola aytganidek, lattayi goʻr-da, axir, oʻsha kogʻozni nima uchun betiga kaytarib otmadi. Boʻsh-bayovligidan topdi: uyquga choʻmayotgan shaharning u tarafidan-bu tarafini koʻzlab bearmon yeldi. Hatto yonilgʻisi tugab, turli rusumli ulovlar tizilgan shoxobchada tars yorilgudek ahvolda navbat kutdi, qisqasi, tugʻruqxonaga kaytganda vaqt kichik sahardan oshgan edi. Kamini boʻsagʻada nari-beri diqqati oshib odimlayotgan doʻmboq juvon toʻldirdi. Bir zahrini sochib, xumordan chiqishni choʻtlovdi-yu, qurgur imkon bermadi, dori-darmon solingan yelimxaltani qoʻltiqtab zipillay ketdi. Noiloj boʻzarib, choʻchibgina ayol ahvolini soʻraganda, hatto burilib qaramay: «Sabrdan qismasin-da, akamullo!» — deya boplab chimchiladi. Endi beixtiyor chap yonogʻi aralash chap qoshi pirillab uchaverdi, hey, tavbangdan ketay, sabr jonivorning uyi tamom kuydi-ku!

Zayniddin chalgʻish va birpas ovunish niyatida mayda-mayda tomchilar ingan, neon chiroqlari yorugʻida billur kabi tovlanayotgan qizil-sariq atirgul yaproqlariga tikildi. Bahonada Naima tikandan qoʻrqishini eslab kulimsirar ekan, boʻsagʻada boyagi pari koʻrindi. Qiyofasini avvalgidek jahl yoki istehzo emas, afsus-nadomat ifodasi qoplagan, surma tortilgan qalin kipriklari nam!..

Ming azobu ming tahlika bilan chaqaloqni kesib olishibdi, shunday shoshilinch tadbir qoʻllashmasa, yanga bechoraning hayoti butunlay xavf ostida qolarkan. Koʻpni koʻrgan, qoʻli yengil shifokor, boʻlim mudirasi Rohat Komilovna kam boʻlmasin, muqarrar ajal bilan bir necha soat terlab-pishib mardona olishib, oxiri gʻolib kelgan. Shunaqa, azaldan duo ketgan, tugʻish ba’zilar oʻylaganday oson emas, har doim homilador ayol jon talashib narigi dunyoga borib qaytadi. Har holda yanganing Xudoga bir aytgani bor ekan, bechora azob tortsa-da, eson-omon qutildi. Endi siz shukur qiling va bemalol uyingizga boravering, faqat erta barvaqtroq xabar olishni unutmasangiz kifoya!..

Yanga deyvurib kuydirdi-ku bu qaqajon, kanaqa yanga, hey, falak!?

Zayniddin xiyol toʻrsayib jovdirardi, qult-qult yutinib qoʻyayotgan hamshira nigohi bilan nigohi toʻqnashdi-yu, dilidagi malol va gʻashlik oʻrnini achinishga oʻxshash narsa egalladi. Choʻntagida qolgan-qutgan pulini qoqishtirib uzatgach, imillab mashinasi sari yurarkan, nuqul xayolida jarrohlik ustolida beun yotgan ayol gavdalanar edi...

Oʻlgudek ochiqqan va tinkai madori qurigan Zayniddin tong shafagʻi ufqni ola-chalpoq boʻyab, chor atrofni dakang xoʻrozlar qichqirigʻi tutganda tanish darvozani ustma-ust qoqdi. Hoziroq roʻparasida rang-roʻyi siniqqan Naima paydo boʻlishini, mungʻaygan koʻzlaridan shashqator yosh toʻkib poyiga yiqilishini oʻylarkan, yuragi potirlay ketdi. Oyogʻi kuygan tovuqdek tipirchilab turganda, umidi puchga chiqdi: tirqishdan xoʻmraygancha Oysha xola moʻraladi...
— Uyalmay kepsiz-da, kuyovtoʻra? — kesatdi qaynona, jahlini arang bosib. — Kaysi insofli erkak koʻchaga haydab qoʻyadi xotinini?
— Nimaga unaqa deysiz, onajon? — dedi Zayniddin, iloji boricha ovozini yumshatib. — Endi... bir erkalik qilmoqchi boʻlgan-da! Oʻzi bilan gaplashay.
— Yoʻliyizdan qolmang. Sudga ariza berib kelgan!..

Kampirsho qoʻl sermadi, sovgʻa-salom solingan toʻrxaltani, bir chetga irgʻitib, burnini jiyirdi. Yer yorilmadi, kuyovtoʻra tushib ketmadi. Sal naridan Naima barini imi-jim kuzatmoqda, u ham onasiga oʻxshab miltiq oʻqlab olgan shekilli?

Zayniddin ipakday eshilib, uzrni qalashtirdi, it yotishu mirza turishdan toʻyganini ham qistirdi. Qayda, Naima arzini eshitmadi, tosh suvratiga kirib, yetti yot begonaday teskari oʻgirildi. Qaynonasi zaxarlab tashlabdi-da miyasini, ering — er emas, ogʻzidan oshi toʻkilib ketadigan ovsaru landovur yoki senday beozor kush kadrini bilmagan muttaham, iloyo, urugʻ-aymogʻi bilan qirilsin, deb koʻpirgani ehtimoldan xoli emas.

Allabir gʻubor qopladi shuurini, ichi timdalanib, oʻy-fikri shu kadar chuvalandiki, mashinani qachon jildirgani, qachon qishlogʻiga kirganini tuzukli eslolmasdi. Jonida jon kolmagandi, choʻzilib yotgisi kelardi biron-bir xilvatda. Yoki noma’lum yokdarga badar ketsami!? Koʻksi uvalgudek xoʻrsinib, istar-istamas molxona sari burildi, boshi loʻkillab turganiga qaramay, kun boʻyi ikir-chikir yumushlarga oʻralashdi. Zarband koʻchalarida sargʻaygani, axiyri, qaynonasi bilan xotini qahriga uchrab qaytganini ukalari tugul hatto oʻzidan ham yashirishga urinar, goho lablarini qonatgudek tishlardi-da, xayolan kimgadir musht oʻqtalar edi.
— Aka, Zarband bir qadam. Nosir amaki bilan Shoyim baxshini elchi kib joʻnatsak, — ertalab nonushta payti nooʻngʻay jimlikni buzdi Salohiddin. — Har holda doʻst-dushman oldida yaxshimas. Davralar toʻrini bermay yurgan odamsiz.
— Ma’kul fikr, — darhol kesdi Nizomiddin, qirtishlangan jagʻiga kaftini tirab. — Kennoyim arazlagan boʻlsayam hurmatini joyiga qoʻyish kerak.

Anchayin toʻliqib oʻtirgan Zayniddin, churk etmay, soʻlgʻin nigohini bir nuqtadan uzmay, bosib-bosib choy hoʻplayverdi. Oftob qoraytirgan enli betida sen churvaqalarga kunim kolgani yoʻq tarzidagi kesatiq-zarda zuxurlandi. Kechadan beri oʻzini qurib-qakshagan, sarob pardasiga oʻralgan oʻzanda koʻrayotir, esi borida etagini yigʻishtirmasa, bir umrlik ayriliq tushishi mumkin oʻrtaga. Hoziroq yana Zarbandga otlanadi, bir yoʻlini qilib, ona-bola bilan til topishadi, toki suddan arizani qaytarib olishsin.

Bu yogʻi qandogʻ boʻldi: darvozaga otning kallasiday dumaloq qulf osilgan-ku! Alamidan koʻkardi va hovliga yoʻlamaysan deganday bezraygan kulfni bir tepdi. Atak-chechak bola yetaklagan oʻrta yoshli koʻshni juvondan hammasini ipidan-ignasigacha bildi-da, tishlarini gʻichirlatdi. Imondan ayrilgur jodugar bir amallab sudni tezlashtirish payida. Odamovi Naima esa avrashiga laqqa uchganu yoʻlga tushgan...

Kechikkani uchun oʻzini-oʻzi yomon koʻrib poʻngʻilladi, yana parokanda xayollar ogʻushida bemajol borarkan, toʻsatdan yomgʻir ola-tasir quyib yubordi. Maysalagan dala-qir va tap-taqir asfaltni savalayotgan tomchilarga tikila-tikila Naimani, keyin... sel ostida ivigan va sovqotib qolgan Kunsuluvni esladi. Nihoyat, Zarbanddan uzoqlashar ekan, shagʻal tosh toʻkilgan, tuman markaziga eltadigan yoʻlga sovuqqina nazar soldi. Chakki boʻldi, tuppa-tuzuk rejasi buzildi, endi shaharga tushgani va Kunsuluv ahvolini surishtirgani ma’qul!..

Zayniddin Mashhura yashaydigan mahallani topdi, lekin tomi qizgʻish laxtakchalar bilan yopilgan, hovlisi yogʻoch panjara bilan oʻralgan uyni uchratmadi, bir bahonada buzib yuborilgan boʻlsa kerak. Qisqa muddat ikkilangach, bozor boʻylab aylandi, u-bu narsa xarid qildi. Tugʻruqxona eshigida bandasidan oʻtadigan noshukurchilik qimmatga tushishini muhokama qilib parishon turganda tunov kuni zir yugurtirgan tanish hamshira koʻrindi. Avval, odaticha, qoshlarini qilichdek oʻynatdi, soʻng labi-labiga tegmay shunaqa bobilladiki, yigit bechora tars yorilayozdi. Axir, yuragi toshdan ekanligini birinchi bor shu qaqajondan eshitdi-da!..
— Singlim, men siz oʻylagan odam emasman, — dedi axiyri, sabr kosasi toʻlib. — Til tortmay oʻlayki, badanim eskanlaydigan boʻldi sizga yoʻliqsam!
— Shunaqami? Rohat Komilovnaga aytasiz arziyizni!..

Zumda Zayniddin oʻzini ola-bula patgilam toʻshalgan, lolanusxa shisha qandilli jimjit va keng-moʻl xonada koʻrdi. Xona toʻridagi oromkursida bemalol jurnal varaqlab oʻtirgan taxminan ellikni qoralagan toʻlagina xushroʻy ayol qoshida kalovlanib qoldi. Jigʻu biyron hamshira bilganu bilmaganini qalashtirib joʻnagandan keyin u gajaqparini tuzata-tuzata chimirildi.

Hozir yana malomat toshlari yogʻilishini sezgan Zayniddin hamon qafasga tushgan musichadek javdirar, oʻzini qay yoʻsin himoyalash chorasini qidirar edi. Axiyri, toʻsatdan dilida bir jur’at uygʻondi-da, yomgʻir sel boʻlib yoqqan kuni roʻy bergan voqeani soʻylashga kirishdi. Allabir shubha komida tili zoʻrgʻa aylanar, goʻyo bari-barini qayta boshdan kechirayotgandek entikar, gʻovlagan kallasida, kim ishonardi bu afsonaga, degan fikr aylanishar edi.

Diqqati oshgan Zayniddin a’zoi badanidan asta-sekin qora ter quyildi. Haytovur soʻzlari, uzuq-yuluq yangragan boʻlsa-da, dilidan chiqibdi shekilli, Rohat Komilovna yuzidan tahdidli koʻlankalar aridi, saldan keyin bir-bir bosib deraza sari yurdi, tashqarini jimgina kuzatgach, iziga qaytdi-da, ustol gʻaladonidan buklogʻli qogʻoz oldi.
— Sizga atalgan, yaxshi yigit, — dedi keyin xoʻrsinib, oromkursiga ogʻir choʻkarkan. — Tavba qildim-ey. Xoʻsh, haligi... Oʻlikni tegishli idora saranjom qiladi. Qizaloqni yetimxonaga beramiz. Mehrdan qisilsa ham bir kun odam boʻlar!..

Qingʻir-qiyshiq bitilgan maktubdan goʻyo urishdan toʻxtayottan yurak sadosi elas-elas eshitilardi. Favqulodda ezgin va zalvarli sado Zayniddin ich-ichida choʻkib yotgan armon bilan qoʻshilib ketgandek boʻldi. Va buni butun vujudi bilan yakqol tuydi, tuyarkan, tunov kuni toʻlgoq paytida Kunsuluv oʻziga najot istab oʻksinibgana boqqani va nedir tilagi boʻgʻzida qolganini xotirladi.
— Opa, tushundim. Shu... Haligi, iloji bormi... marhumani men tuproqqa qoʻysam!? — dedi nihoyat ikkilanibrok, maktubni koʻyin choʻntagiga solarkan.
— Goʻdagini qaramogʻimga olsam!..
— Oʻylab gapiryapsizmi?
— Bola masalasi nozikligini bilaman. Lekin yoʻli topilsa kerak. Oramizda qolsin, quruq qoʻymayman. Nomard boʻlay kamida barra poʻstin yopmasam!..

Rohat Komilovna nigohini noma’lum nuqtadan uzdi va bir malolli chimirildi: poʻstinga balo bormi, ukajon? Ayni paytda ayollik qalbi orqali nimanidir payqadi. Hozirgina yangragan ogir-bosiq tovushda nedir shikastalik — taqdirning sovuq bir sharpasi zohir emasmi? Hali uncha e’tibor bermagan ekan: moʻltirabgina chaqnayotgan chogʻir koʻzlar naqadar horgʻin va naqadar ma’yus!..

Ehtiyotkorlik zarar qilmas, degan oʻyga bordi chogʻi, mudira norasida masalasida aniqroq javob aytmadi. Ayni paytda, haligi taklifdan koʻngli oʻsganini ham yashirmadi. Hozircha mayitni beradigan boʻldi. Har holda yigit shunisiga ham shukur qildi. Mayli, avval rasm-rusumi bilan shoʻrlik marhumani tuproqqa topshirsin-chi, keyin muruvvatli Egam bir tomonga boshqarar. Chamasi, opaxon achchiq-chuchukni tatib ulgurgan ayol, erta tagʻin bosh egib kelsa, qoʻllab yuborsa kerak.

Umuman, Zayniddin barisi hamirdan qil sugʻurgandek oson koʻchishiga umid bogʻladi. Mudira bilan xayrlashayotgan chogʻda ham Tangri madadi bilan ogʻiri yengil boʻlishiga qariyb shubha qilmadi, tinmay urayotgan yomgʻir seli koʻllagan hovliga chiqdi-yu, birdan boʻshashdi. Koʻz oldidan goh Naima, goh qaynonasi, goh ukalari lipillab oʻtarkan, goʻyo zimziyo chohga quladi. Faqat endi orqaga yoʻl yoʻq: bas, qamishdan bel bogʻlashi, oyogʻi qolib ogʻzi bilan yuradigan munofiqlarga zarba berishi, har qanaqa ivir-sivir gʻiybatlardan baland turishi kerak.

Qishloqqa kirganda qil sigʻmasdi yuragiga, mashinani darvozaxonada qantarar ekan, badani uvishib sovuqsiradi, ayvonga yetguncha sharros quyayotgan yomgʻirda ividi. Tarnovlardan sharillab tegirmon-tegirmon suv oqardi. Osmon yana gumbirlatib poʻstak qokdi. Yogʻaversin, istaganicha yogʻaversin, baraka-da, deb qoʻydi ichida. Sal oʻtib ukalari koʻringach, quvonish oʻrniga, qovogʻi solindi. Soyayi davlatida semirib yurgan bu bachchagʻarlarga arz-hol qilish oʻlimdan ham ogʻir edi. Fursatni boy bermaslik niyatida oxiri noiloj yorildi.
— Yo qudratingdan! Yana bir qaytaring! — qoshlari bir-biri ustiga sapchilab guldiradi Salohiddin. — Tuzuk eshitmadim, yana bir qaytaring.
— Nimasini qaytaraman?
— E-e, gʻujala qilmay aniqroq gapiring-da, aka! — oraga hamishagidek suqma qoshiqday soʻqildi Nizomiddin. — Kimni koʻmamiz deyapsiz?
— Aytdim-ku, uzoq qarindosh... kunidan qolgan bir beva!

Ajabo, ogʻzidan shu soʻzlar chiqqan payt ichida nimadir uzilganday tuyuldimi? Rostdan ham oʻsha palla bagʻri hovuch-hovuch choʻgʻ yopishganday kuyishib, namdan qaroqlari xiralashdi. Xilvatda yolgʻiz boʻlsa, oʻkirib yigʻlardi-yov. Buqaday xezlanishni biladigan ukalari dardu holini qayoqdan tushunishsin? Uyalmay-netmay ma’noli koʻz urishtirib, basharalarini burishtirib oʻtirishdi. Hatto xizmat bor-yoʻqligini surishtirishga ham yaramay juftaklarini rostlashdi. Gumrohlar battar boʻlishsin, chindan ham oʻshalarga kuni qolgan emas. Hozir oʻzi zipillab machitga oʻtadi, mulla Hayit bilan maslahatlashadi, yordamchisi Musa traktorchini xabarkash kilib tayinlaydi.

Ust-boshi ivib, itdek charchab-toliqib qaytdi-yu, soʻljaygan gavdasini tappa yupqagina koʻrpachaga tashladi, hamisha qotib uxlaydigan odam toshta qadar mijja qoqmadi. Oʻlgur xayoli chuvalanib, har xil qiyofalar oʻgʻirlaydi hushini. Ajabki, ba’zan olisda, gʻira-shira parda ortida mudira koʻrinish berar, nogahon u bilan gʻoyibona munozaraga kirishar edi.

Axiyri, zoriqtirgan tong yorishdi, yoru birodarlar toʻplanib ulgurmay, biqinida maxsus nishon zarblangan sutrang choʻzinchoq mashina koʻrindi. Kattayu kichikni qiziqtirgan, ammo kimligi noma’lum mayit keldi, mayit bilan anglash mahol bir motam keldi. Har kim oʻzicha odob bilan qoʻl bogʻlab, oʻzicha hassakashlik qildi. Kimdir ichi achib yosh toʻkdi, kimdir nomiga oh chekdi, kimdir chekkada kilt etmay boʻzarib turdi, kimdir malomat bilan shugʻullandi, jumladan, oydek-oydek kelinlari — Iroda bilan Xayriniso kechroq, odamlar birin-sirin tarqalishgach, oshxonada hasratlasha ketishdi.

Biri togʻdan, biri bogʻdan sayradi, qisqasi, ovsinlari Naimaxon onasi qornidan baxtiqaro boʻlib tushgan, bir baloni sezganki, araz-oʻrazni katta qilib ketib qolgan bechora! Bemavrid omonatini topshirgan anovi xonimcha Xudo urgan yosuman ekan: tirigini emas, oʻligini koʻrsatgani koʻp alomat hodisa! Bevafo dunyosiga iloyo oʻt tushsin, axir, yaxshi-yomon urchib yotgan shaharda qaysi birovining kundoshi yoʻqligiga kim kafil?!..

Muzdan-da sovuq, tigʻdan-da qattol gʻiybatga guvoh oʻtgan Zayniddin tarsillatib bir urdi peshonasiga, miyigʻida alamli kularkan, miyasiga qaynoq qon tepchib, koʻz oldida sonsiz tangachalar jimirladi. Hamon dilini yoritib turgan umid chirogʻi soʻngandek boʻldi, ruhi-joni va vujudi qaqshab, tun boʻyi oʻzi bilan oʻzi olishdi, aniqrogʻi, koʻproq xayolan Rohat Komilovna bilan tortishdi.

Tongotarda sal-pal tingan yomgʻir, motorni yurgizgan hamono, yana savalay ketdi. Rostdan ham osmon teshildi-yov, deb gʻudrandi. Shaharga yetguncha ham, tugʻruqxona xovlisiga kirganda ham shubha domida edi. Moʻ‘jaz lavha osigʻliq tanish eshikni sekin tiqirlatib qiya ochganda yuragi gupillab tepardi. Oromkursida jurnal varaqlab oʻtirgan Rohat Komilovna sokin jilmayganini koʻrib andak ruhlandi. Chindan ham mudira chehrasi sal-pal nurlandi-da, janoza qanday oʻtgani bilan qizikdi, soʻng, muddaosini aytib ulgurmay, beixtiyor nikoh qogʻozini soʻradi. Ana shunda koʻksi bir totli sirqirab, jovillab yosh tiqildi boʻgʻziga. Ma’lumotnoma tayyor boʻlgan hamono mudirani rahmatu tashakkurga koʻmib tashladi.

Ajabo, mashinasi emas, goʻyo oʻzi qanot bogʻladi: zuvillab qishloqqa keldi, fuqarolar yigʻini idorasidan guvohnoma undirdi, qoʻliga moʻltirab qaragan kotibni durustgina siylagach, Zarband sari uchdi. Yoʻl-yoʻlakay anchadan beri ustara tegmay nishlagan soqolini silay-silay bir kular, bir toʻrsayar edi. Hali shundoq ham ogʻrib yotgan boshida qora kaltak sinishi mumkin. Bemaslahat qadam bosgani uchun ayniqsa Naima shunchaki manglayidan oʻpibgina, qulogini shunchaki burabgina qoʻymasa kerak.

Ana, u tirs-tirs tomchilar tegayotgan voyish ostida bir qultum suv bilan yutgudek boʻlib, zulukday qoshlarini xiyol chimirib, nim qizil yupqa lablarini qimtigancha oʻy surmoqda, rang-roʻyi hamon oʻsha: anchayin zahil tortgan, ma’yusgina boqayotgan tubsiz qaroqlari nafrat va gina-gidirga lim-lim!

Naima qadam tovushini eshitib ilkis seskandi, bir zum hayrat ichra boʻzarib qolgach, tutqich berishni istamagan kiyikday shitob tisarildi va yelkasi bilan koʻkimtir temir ustunga urildi. Noxush holat yengil-engil orziqayotgan yigit uchun ayni muddao boʻldi, jadal umtilib nozik belidan kuchdi-da, dast koʻtara borib mashinaga tikdi. Shu zahoti kabina havosi farangiy atrning muattar boʻyiga belandi.
— Bu nima qiliq, bosqinchi? — yigʻlamsirab-yulqinib qichqirdi Naima. — Sizni koʻrgani koʻzim, otgani oʻqim yoʻq!
— Xudo xayr bergur, avval eshitsang-chi! — dedi Zayniddin, tezlikni oshirar ekan. — Otish boʻlsa qochmas!
— Toʻxtating, tushaman! — Naima baralla hoʻngravordi va birdan rul chambaragiga yopishdi. — Toʻxtating! Men baxtikaro bepushtni boshingizga urasizmi? Bitta zormondani koʻmgan boʻlsangiz, yana bittasini topib olgandirsiz!

Izzat-nafsi simillab ketsa-da, Zayniddin indamadi. Naima koʻksida uyilib qolgan alamlarini toʻkib, har soʻzini bigiz qilib sanchganda ham miq etmadi. Faqat har zamonda yon tarafdan sinikqan betiga tikilib xoʻrsinar, oʻzi kabi uning aqlu idrokini ham bosib yotgan armon nechogʻli zalvarli ekanligini chamalar edi.

Noliy-noliy toliqdi chamasi, Naima oxiri jim boʻldi, hatto yuragini boʻshatgani tufayli bir oz osuda tortdi. Mashina qoʻsh tabaqali darvoza boʻsagʻasida toʻxtaganda avval e’tibor bermadi, keyin peshtokda ilingan lavhani ilgʻadi-da, yana avzoyi oʻzgardi. Dili tubidan nogahon bodragan xoʻrsiniq dunyoni koʻmib tashlaganday tuyuldi. Bagʻri choklangan Zayniddin oʻkrab yuborayozdi. Axiyri, chidolmay choʻntagidan haligi xatni olib uzatdi-da, darvoza sari yoʻnaldi. Hovli toʻriga boʻynini qisib shoshilarkan, goʻyo olisdan eshitilayotgan ovoz yuragi torlariga tegib-tegib ketar edi.

«Zayni aka, sizni atigi bir marta koʻrdim. Erim haydagan yomgʻirli kunda. Taqdirim shu ekan, armon bilan ketyapman. Oʻligim koʻchada qolishi yoki oxirat azobidan qoʻrqmayman. Faqat birgina falokat — yorugʻ dunyoga kelgan goʻdagim xoru zor boʻlishidan qoʻrqaman. Iloyo, Xudoyim undan shafqatini ayamasin!..»

Allabir sehr ogʻushida Zayniddin goh hushiga kelib, goh hushini yoʻqotayotgan, gʻam-anduhga botgan va chor-nochor qoʻliga qalam olgan Kunsuluv holatini tasavvur qildi. Shoʻrlik ayol armoni yonida nedir umid ham ola ketganiga oʻzini oʻzi ishontirdi-da, bir hayiqib, bir dadil tanish eshikka yaqinlashdi. Ichkari boʻsagʻa oʻng tarafida joylashgan postida jonsarak turgan navbatchi kampirga tortina-tortina muddaosini aytgach, sabrsizlik bilan kuta boshladi.

Hademay poyandoz toʻshalgan yoʻlakda oq xalat kiygan, qirovlagan boʻliq sochlari ajin tegmagan tiniq betiga muvofiq tushgan Rohat Komilovna koʻrindi. Bugun mudira chiroyi ham, qadam olishi ham boshqacha ekanligini payqash qiyin emasdi: koʻnglini yoritgan sham yogʻdusi shundoq rang-roʻyiga koʻchgandi. Yonma-yon odimlayotgan doʻmboq hamshira yoʻrgak koʻtarib olgan boʻlib, quvonchdan koʻzlari porillar va tinmay bidirlar edi.
— Qarang, akamullo, mittigina-ya! Vay, oʻzim oʻrgilay, dadajonga bir kulon-kulon qib beysinla! Kulon-kulon!..

Zayniddin oʻzini yoʻqotib qoʻygandek sarosimada: boshi uzra goʻyo chaqmoq chaqib, yuragi qinidan otilib chiqayozgan! «Ey, Xudojon, madad bergil, madad!» — deb takrorlardi nuqul koʻnglida. Saldan keyin shoshilib choʻntagini kovladi. Mudira, u jimgina iljayib uzatgan hujjatlarni koʻzdan kechirarkan, bagʻri toʻlib qolgani bilan qutladi, qoshu kiprigiga gard qoʻndirmay oʻstiring, yaxshi joylarga uzating qabilida ezgu tilaklar ayta-ayta zinaga qadar kuzatib qoʻydi.

Rohat Komilovna bilan xayrlashgan chogʻdayoq shundoq koʻz oldida yorugʻ olam butunlay oʻzgarib ketgandek tuyuldi. Ushoq jonning issiq nafasi faqat dilini emas, gird-atrofini oʻragan dunyoni ham ajab bir inqilobga gʻarq aylagan edi. Yoʻrgak haroratini butun vujudi bilan teran his etar, qoʻrqib-qoʻrqib qadam bosar, sarxush kabi gandiraklar va boshi girillab aylanar edi. Nazarida hozir oʻzini jamiki tirik jon toʻlib-toshib muborakbod qilardi, hatto daraxt shoxlarida qoʻnib chugʻurlashayotgan son-sanoqsiz qushlar ham!..

Shoshilmaygina alanglab yoʻrgʻalayotgan Naimani koʻrib allaqaeridir jizillab ketdi, hayajonini bosolmay, ogʻzi qulogʻiga yetib, nedir muddaoda asta chaqaloq betini ochdi, ocharkan, endi faqat dunyo emas, koʻngli ham yanada boshqacha yorishgandek boʻldi.

Notanish ayol xatini oʻqigandan keyin Naima oʻpkasi toʻlib ancha yigʻlagan chogʻi — koʻzlari qizargan, qovoqlari koʻpchigan edi. Tamshanib qoʻyayotgan goʻdakka nigohi tushgan hamono bir entiqdi, uning rangpar chehrasiga mahliyo boʻlib uzoq termilgach, puchuq burunchasiga asta barmogini tekkizdi, bir mayin maysalagan qoshlariga ham tekkizdi.
— Vay, namuncha shirin? — dedi shivirlab. — Ismi nima?
— Kunsuluv! — javob qaytardi Zayniddin. — Yarashibdimi?

Naima mamnun bosh irgʻadi-da, kifti togʻdek baland koʻtarilgan eridan chaqaloqni avaylab oldi. Shu zahoti goʻyo qachondan beri rutubat choʻkib yotgan koʻngliga chiroq yoqilib, siynasiga bahor oftobi nuriday iliq va yoqimli sharora quyildi.

Tez orada temir toychoq shaharni ortda qoddirdi va trassa boʻylab yelib ketdi, olisdan yomgʻirda tozargan qiru adirlar etagida yastangan qishlokdari koʻzga tashlandi, shunda nigohi quvnagan Naima koʻksida haligi sharora yana koʻpirdi, yana gʻalati orziqdi-da, kipriksiz koʻzlarini chirt yumgan Kunsuluvni intiqlanib quchdi...

Zaynidtsin hoziroq ukalariga bor gapni aytmoqchi edi, lekin ular panadan-panaga qochib yurishganini eslab aynidi. Egasi koʻchib ketgandek huvillab yotgan hovlida dastlabki onlarda Naima oʻzini begonadek tutayotganini sezib anqovsiradi, hatto oʻzi ham ancha muddat taraddudlanib qoldi. Necha yillik gurmushlariga shohid oʻtgan uy goʻyo qovoq uyib boʻzarar, ustiga ustak, chor-atrof allatovur befayz tuyular, ayvon-oshxona va boʻlmalar qoʻqib-toʻzib yotar, oyoq bosgani joy yoʻq edi.

Nogahon Kunsuluv chirillab yigʻlab yuborgach, kutilmagan hodisa roʻy berdi: hovli-haram goʻyo osmonu falakdan yemgʻir oʻrniga sim-sim yogʻilayotgan shu’laga chayina boshladi.

Naima darhol kukundan quyuqqina sut hozirladi, emizgʻini Kunsuluv ogʻziga solarkan, nimadir qovushmay oʻngʻaysizlanar, siynasi osti bir gʻalati achishar edi. Hademay chaqaloq miriqib toʻydi, osuda tortib beozorgina uxlab qolgach, Naima oʻzi kabi patak-paymona boʻlgan, bir joyda oʻtirolmay javdirayotgan eriga qarab kulimsiradi. Ushbu damda goʻyo ikkovlon taqdir koʻndalang qilgan favqulodda qiyin imtihondan bir amallab oʻtgan edi.

Baraka topgur Naima anchagina uquvli chiqdi: tez orada oʻzini dadil va emin-erkin tutadigan boʻldi. Odam tanib, hatto yupqagina lablarini burib jilmayishni odat qilgan Kunsuluv yonida ruhi bir yengil, suyagi bir tetik edi. Endi u chindan ovunchogʻiga aylandi. Sira bagʻridan qoʻymasdi, jildirab boqadigan koʻzlaridagi ma’sumlik joniga quvvat bagʻishlardi. Emizgʻini qizgʻanibgina soʻrayotganda birdan toʻliqib ketar, uxlatar chogʻi berilib alla aytar, yoqimli ohanglar toshib-toshib yuragi toʻridan yangrar edi.

Zayniddin erta-kech Naimani zimdan qiziqsinib kuzatadi, keyingi kunlarda u yosharib ketganini sezib, koʻnglida oʻralib yotgan chigillar yechilib boradi. Aql bovar qilmas sevinch va gʻururdan boshi koʻkda! Qolaversa, endi oʻzi ham boshqa odam: qadam olishlari oʻzgardi, koʻz oʻngida anduh, gʻam-gʻurbat va iztirobdan ayri ajib olam oʻrnashdi. Faqat goho Oysha xola yodiga tushib mungʻayib qoladi, axir, kampirsho mojaro qoʻzgʻashi va koʻngillarini xufton qilishi ehtimoldan xoli emas. Oxiri xavotirini boʻlishdi. Bor vaqtini goʻdakka sarflab hatto oʻzini unutgan xotini ham avval sal boʻshashdi, keyin joʻyali maslahat berdi: dangal boʻlasiz endi, dadasi!

Toʻgʻrisi ham shu edi. Yana ham tikroq tutdi qaddini. Zarband sari gʻizillab joʻnadi. Bari bir, ishqilib orqasi tutib quvlamasin-da, degan oʻy tinchlik bermasdi. Ammo bekor tashvish chekibdi: Oysha xola boʻsagʻada quloch yozib qarshiladi. Koʻpdan beri birinchi marta kuyovini oʻtqizgani joy topolmay shoshdi. Yelib-yugurib dasturxon tuzagach, barini eshitganini yashirmadi, hatto bironta suyunchi soʻrab ostonasiga qadam bosmagani uchun ginaladi. Yana ham qizigʻi, joʻnar payti soʻramay-netmay asta mashinasiga qoʻndi, shu kungacha borib qizini qutlamagani, nevarasini erkalamagani uchun aybdor ekanini qayta-qayta ta’kidladi.

Oysha xola oshiqib boʻsagʻa hatlagan pallada goʻyo peshonasida quyosh balqigan, boʻyi bir qarich oʻsgan edi. Hozirgina uygʻongan norasidani entikib bafiga bosarkan, yelkalari asta-asta titranib, ajin tilimlagan yonoqlaridan mildirab yosh dumaladi.

Qaynonasi qurmagur uyi toʻrini bermay qoʻydi, Naima bilan birga ertayu-kech Kunsuluv yonidan jilmasdi. Soat sayin toʻlishib borayotgan goʻdak kulgisi va yigʻisi uzoq gazaklagan armonini allaqachon koʻksidan surib tashlagan edi. Harqalay kampir qushdek yengil tortgani Zayniddin uchun alohida mukofot boʻldi va bahonada shu mushfiq jon onasi oʻrnida ona ekanligini ham e’tirof etdi. Koʻklam adogʻida uni bosh-qosh qilib qirqni oʻtkazgach, diliga tugib qoʻygan niyatini ushatish uchun kirishib, bir shanbada barchani beshiktoʻyga chorladi. Doʻstu dushman koʻziga sarfu xarajat borasida qisinmadi, muhimi, soʻzida turib, xotirida bir farishta kabi oʻrnashgan Rohat Komilovnani yoʻqladi. Opaxonni izzat-ikrom bilan mashinasida mindirib keldi-da, egniga yal-yal tovlanadigan barra poʻstin yopdi.

Ma’raka kech soat oʻnga yaqin tarqadi, ukalari qora bermaganini aytmasa, rosa tartibli oʻtdi. Yarim tungacha tengqur joʻralari bilan yana ezib-ezib hangomalashdi. Axiyri, ular ham joʻnaganda, oʻlarday charchagan boʻlib, oyokda arang turardi. Dahlizda, Kunsuluv belangan beshik yonida suhbatlashib oʻtirgan Naima bilan qaynonasiga xayrli istaklar aytib, jimgina yotoqqa kirib choʻzildi va hayal oʻtmay kipriklari yumildi.

Tush koʻrsaki, ayni tong pallasida bir shivalab, bir chelaklab yomgʻir yogʻarmish, marhuma — yupqagina kiyingan Kunsuluv, lablarida iliq bir tabassum, keng dala boʻylab urina-surina odimlarmish, nari tomondan tuldor shamsiya tutgan Naima ildamlab kelarmish, Kunsuluv unta bir dona atirgul va bir dona olma uzatib gʻoyib boʻlganmish!..

Alomat tush goʻyo tasavvuriga toabad nakshlandi. Ertayu kech xayolidan Naimani qarshilash niyatida yomgʻirda ivib, kula-kula, allabir mushtokdik bilan oshiqayotgan Kunsuluv sira jilmas edi. Xar soniya u goʻyo yonginasida nafas olayotgandek tuyular yoki panadan har bir harakatini diqqat bilan ta’qib qilar edi...

Bugun Zayniddin daladan ancha barvaqt qaytdi, allakachon atak-chechak boʻlib qolgan, qorasini koʻrgan zahoti qoʻl choʻzib talpinadigan Kunsuluvni sogʻingan edi. Hoziroq erkatoyini toʻyib-toʻyib bagʻriga bosishni, yorugʻ dunening tugamaydigan tashvishlaridan bir tsam uzoqroqqa chekinishni oʻylab darvozadan kirdi-yu, angraygancha toʻxtadi.

Axir, burma yoqali sakkiz tepki atlas koʻylak kiygan Naima roʻparasida qizil guldek ochilib-sochilib turar, surma surilgan tubsiz koʻzlari ham sirli, ham gʻamzali boqayotgan edi. Saldan keyin hayratini yana ham oshirib, xandon kula-kula, hovli oʻrtasida xiromon aylana boshladi.

— Nordon olma yegim kelyapti, nordon olma, akajon!..