OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAshurali Joʻrayev
Asar nomiKetmon yuzidagi oy (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ashurali Joʻrayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 1-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ketmon yuzidagi oy (hikoya)
Ashurali Joʻrayev

Ketmonning yuziga oyning aksi tushmay qoʻydi. Yuzi kichrayib, xira tortib, zang bosib borayotgan ketmon esa oyni judayam sogʻingan edi. Oy uning eski dildoshi, darddoshi va ushalib-ushalmagan orzu, armonlari edi. Afsuski, ketmon tush koʻrmaydi. Boshi band, xotirasi yogʻochga aylangan. Agar u tush koʻrganda bormi, tushiga nuqul oy kirardi, toʻlin oy!.. Va u mazza qilib oy bilan armonlashardi. Oʻshanda ketmon yosh edi. Gʻayrati joʻsh urib hech qaerga sigʻmasdi. Har gal yer bilan uchrashganida uning damidan oʻt chiqardi. Bu oʻt tuproqni jizillatardi. Ketmonning olovi yerni yondirmoqchi boʻlardi.

Yer bunday dami oʻtkir haroratli ketmonlarni koʻp koʻrgani uchun ham ularga zarracha parvo qilmas edi. Yerning bagʻri yerday keng va bepoyon edi.

Ketmonning oy bilan sirlashgan daqiqalari umrining eng baxtli lahzalari edi. Oy aksi uning kaftday yuzlariga qoʻngan oydin tunlar lazzatini hech qachon unitib boʻlmaydi.

Oy, oydan-da goʻzal, ketmon, ketmondan-da haroratli va qudratli edi. Aslida oyning hasrati ham ketmonnikidan aslo kam emasdi. Ular bir-birlariga mahliyo boʻlib, hatto hasratlashishni ham unutib qoʻyardilar. Bunday paytda hasratga balo bormi?..

Endi yer uning jon jonini sugʻurib olgan edi. Ne-ne dami oʻtkir ketmonlar kabi bu shoʻrlik ketmon ham yerning azaliy va ilohiy quvvatiga dosh berolmadi. Yer qanchalar yumshoq, qanchalar metin boʻlgani bilan baribir yer edi. Abad-azal shu: temirchilar zoʻr berib, yuksak mahorat bilan ketmon yasayveradilar, yer esa ketmonlarning damini asta-sekin pasaytirib, jasoratini soʻndirib boraveradi. Ming harakat qilgani bilan ketmon oxir-oqibat holdan toyyadi. Holdan qolish esa azob. Soʻngra ortiqcha buyum singari hech kimga kerak boʻlmay qoladi. Yoningga yosh va zabardast ketmonlar kelib qoʻshiladi. Ular ham oxir-oqibatini oʻylamay, zavq-shavq bilan tunu-kun yer chopgani-chopgan... Eh, shunday paytda ketmonning jasoratiga, shijoatiga na ta’rif, na taraf yoʻq. U ertasini va kelajagini oʻylamay, yer bilan gʻayrati joʻshib kurashgani kurashgan. Ketmon odam bilan yerni bogʻlab turuvchi faqat mehnat vositasi emas, balki tiriklik manbai hisoblanadi. Vositachilik mushkul vazifa. Avvalo ketmonning qanday qoʻllarga tushishiga ham bogʻliq. Agar u haqiqiy mehnatkash dehqon qoʻli bilan oshno boʻlsa, ya’ni oʻz qoʻlini topsa, bu ketmon uchun bayram, moʻl-koʻl xirmoni uchun hosil qoʻshigʻi yangraydi. Bunday paytda ketmon ketmon boʻlib yaralganiga shukr qiladi, tinimsiz yer chopadi. Uning tanida ham, yuzida ham armon qolmaydi.

Endi ishyoqmas, dangasa qoʻlga tushgan ketmon armonda ketadi, shashti soʻnadi, hamma dardi ichida boʻladi. Egri qoʻllarga tushgan ketmon esa, faqat begonaning tomorqasi uchun ishlaydi, umri sargardonlikda oʻtadi. Begona egatlarda sandiroqlaydi.

Ketmon egasining yoshi ham bir joyga borib qolgan, endi uning gursillatib, qarsillatib ketmon urishga quvvati kelmasdi. Ketmon uning quvvatini uzum donasiday soʻrib olgan.

Bir vaqtlar egasining kuch-gʻayrat toʻlib-toshib yotgan bilaklari dastaga tegishi bilan ketmonning bagʻriga oʻt tushardi. Ishga bir shoʻngʻib ketildimi, tamom, ilhomlangan qoʻllarning ketmondan, ketmonning poʻrsildoq yerdan uzilgisi kelmasdi. Tuproq elanib-elanib, titilib-titilib, ushoq-ushoq boʻlib ketardi.

Yerning ham mehri joʻshib, ketmon tushgan tuproqlar elanib, maydalanib borardi. Ketmon qanchalar bagʻrini tilka-pora qilmasin, yer oʻzini yayrab-yayrab hosilga tayyorlardi. Ketmon yengil-engil botsa, yer ham yayraydi, yer ham huzur qiladi. Yer koʻpchiydi. Urugʻni uygʻotib, uning nish urgan ildiziga bagʻrini ochadi. Hosil boʻluqlashadi.

Ketmon yer bilan urugʻning qoʻshilishiga makon yaratib beradi. Lekin ketmon qanchalik kuyib-pishib mehnat qilmasin hosil qoʻshigʻini eshitish baxtiga muyassar boʻlolmaydi. Ketmonning qoq peshonasiga shu koʻrgiliklar yozilgan boʻlsa, u shoʻrlik nima ham qilsin? Mehnatni ketmon qiladi-yu, uning huzurini oʻroq koʻradi. Hatto hosil toʻylariga ketmonni taklif qilishni unutib qoʻyadilar. Toʻrda toʻralar oʻtiradi. Ketmon ushlamaganlar yo qadah, yo mikrofon ushlaydi. Abjir shoirlar ketmon haqida she’r oʻqiydi. Qoʻliga ketmon ushlamagan bittasi «Ketmon» degan doston yozibdi.

Ketmon bechora qachon ishlab, qachon dam olganini bilmaydi.

Qishda ariq-zovurni tozalaydi, shoʻri yuviladigan dalalarning chelini tortadi, soʻng shoʻr yuvadi.

Bahorda koʻchat oʻtkazadi, urugʻ ekadi, nihollarni zavq bilan chopiq qiladi.

Yozda mehnat qaynaydi, ketmon qanday yumushlarni bajarganini eslab sanogʻiga yetolmaydi, oftobning tigʻida terga botib mehnat qilgani-qilgan. Saratonda sargʻayib-sargʻayib ketadi ketmon. Ogʻir-ogʻir nafas oladi ketmon. Yerning taftidan chuqur-chuqur hansiraydi ketmon. Ketmonni qora ter bosadi. Bu marjon-marjon terdan ba’zan yer ham shoʻrlaydi.

Kuzda hosilni yigʻib-terib olishda ketmonning oʻrni, vazifalari borki, buni ketmondan boshqa birorta texnikasi eplolmaydi.

Ketmonning yotogʻi yil oʻn ikki oy dala. Bunday ayvon peshtoqida yoki saysxonaning bir qorongʻu burchagida durustroq dam olganligini eslolmaydi.

Endi hamma ketmon ham oʻz egasidan rozi boʻlavermaydi. Birovlar xuddi oʻz farzandiday ketmonni asrab avaylaydi. Toshga, temirga urib olishdan ehtiyot boʻladi. Agar ketmonning tigʻi biror qattiq narsaga tegib uchsa yoki jiddiy lat yesa, egasining ham yuragi ogʻriydi, vujudi azob chekadi. Axir ketmon mehnat quroli-ku!

Berahm, beshafqat qoʻllarga tushgan ketmonning holiga voy! U ketmon boʻlib yaralganiga ming-ming pushaymonlar yeydi, umri ozor bilan oʻtadi, alami, dardi oʻzi bilan ketadi. Bunday ketmon tezda safdan chiqadi, uning ketmonlik siyogʻi qolmaydi. Ketmon oʻz-oʻzidan qarib, holdan toyib, kasallikka yoʻliqadi, adoi tamom boʻladi. Bir kuni egasi ishdan qaytgach, odatdagiday ketmonni hovli etagiga uloqtirdi. Uloqtirish jarayonida jahl bilan «He, onangni...» deb haqorat qildi. Ketmon onasi bor-yoʻqligini bilmaydi. Lekin bu haqorat uning temir tanasini zirqiratib yubordi. Axir eng ogʻir haqorat onani soʻkish-ku! Qaysi kuni dalaga kelgan uch-toʻrtta yoʻgʻon kishi ham uning egasini boplab haqorat qildi. Biri qoʻyib, biri nuqul onadan keldi. Bechora dehqon, shoʻrlik dehqon tosh yutganday miq etmasdan, boshini ketmonday egib, mut’elarcha yerga termulib turdi. Uning alamdan butun vujudi titrayotganligini ketmon dastasini tutgan qoʻllarining titrayotganligidan sezish mumkin. Agar zamoni koʻtarsa, onangni, degan bu haromxoʻrlarni ketmon bilan tillarini chopardi. Shunda hammayoqni chopilgan tillar bosib ketardi.

Hikoyamizga qaytaylik. Ketmon ketmonligini unutmasdan oldin e’zozlangan paytlari ham boʻlgan.

Uning egasi ancha bama’ni odam. Daladan qaytgach, ketmonni hovli etagidagi ariqda erinmay tozalab, qavarib ketgan kaftlari bilan ishqalab yuvadi. Kaftlarining qavargan joylari ketmonning qitigʻini keltiradi.Bunday iltifotdan ketmon xijolat boʻladi. Uning qoʻllari qavarib-qavarib, barmoqlari yorilib-yorilib ketganidan uyaladi. Ba’zan yuvib boʻlgach, ketmon dastasini olma shoxiga qistiradi, ba’zan ayvonning burchagiga egib qoʻyadi. Gohida yuvib boʻlib, hovli oʻrtasidagi tomorqada qoldirib ketadi. Shunda ketmon rosa yayrab hordiq oladi. Ayniqsa, toʻlin oy ketmon yuzida paydo boʻlsa quvonadi, oy bilan sirlashgisi keladi. Lekin uning yuzida oy bilan sirlashadigan na harorat, na iliqlik bor. Dardlashay desa, dardi oyga yetib bormaydi. Oyning ham dardi koʻp, hasrati moʻl boʻlsa kerakki, ketmonga yetib kelmaydi.

Ketmon endi ketmon-da, yuziga oy aksi tushishi bilan mudraydi, mudrab tush koʻradi. Tushida ham mehnat, jon-jahdi bilan berilib yer chopadi. Ketmondan oldin dastasi terlaydi, dastadan oldin qoʻllar, qoʻllardan oldin barmoqlardan ter sizib chiqadi. Ba’zan manglaydan, yuzlardan oqayotgan shoʻr, taxir ter ketmon yuziga ham tushadi. Ketmon tushida ham terdan tamshanadi, terdan tomogʻi achishadi. Ming yildirki, ketmondan ter hidi anqiydi. Ming yildirki, ketmondan dala hidi, tuproq hidi keladi.

Bu yil ketmonning oʻttizinchi bahor dalaga chiqishi. Oʻttiz yilki bajaradigan yumushlari aniq. Tinim bilmay yer chopadi, ariq qazadi, nihol oʻtkazadi, tomorqani chopiq qiladi, loyxandaqni tekislaydi, loy qoradi, zambilni oʻsha loy bilan toʻldiradi. Ba’zan esa qoʻshni goʻrkov uni ijaraga olib turadi. Bunday paytda u ma’yus tortadi, toʻyib-toʻyib yigʻlagisi keladiyu, lekin yosh oqadigan koʻzlari yoʻq... Oyogʻi yoʻqki qochsa, qoʻli yoʻqki talab qilsa, tili yoʻqki, dardu hasratini aytsa?.. Bechora ketmonga bunday imkon berilmagan. Berilganda ham nuqul mehnatdan gapiraverib quloqlarni qomatga keltirardi. «Sharafli mehnatimiz...», «Shonli mehnatimiz...» deb tinkani quritardi. Oʻshanda ham ter toʻkib, asl mehnat qiladigan ketmon miq etmasdan ishlayverardi. Mahmadona ketmonlardan xudo asrasin...

Ketmon qachon, qaysi ustaxonada toblanib tayyorlanganini bilmaydi. Ishlayverib xotirasi ham kesakka aylanib ketgan. Allaqachon eslash qobiliyatini yoʻqotgan. Ketmon shoʻrlikning bilgani dala bilan hovli. Egasi ham qiziq odam: bir gal uni e’zozlab yelkasiga tashlab yuradi, boshqa safar eshakka minib dastasini taqimiga bosib oladi. Ba’zan daladan qaytishda eshakka ortilgan oʻtning orasiga qoʻyib bogʻlaydi. Shunda ketmon ancha ozor chekadi. Bularga chidasa boʻladi. Lekin ba’zan tinib-tinchimagur egasi tunda tomorqasiga suv qoʻyadi. Shunda ketmonga rosa alam qiladi-da! Kuni bilan yer chopgani yetmagandek, yarim kechgacha dahana bogʻlab, dahana ochadi. Kechasi ketmonning oromi buziladi, xayoli tarqaydi, halovati yoʻqoladi. Oy bilan sirlasholmaydi.

Shu zayil ketmon eskirib, zanglab adoi tamom boʻlib borardi. Uni yasagan temirchi ustasini bilmasa ham bozorda boʻlgan savdoni oz-moz eslaydi. Yaxshi ishlangani, yuzlari keng-moʻl, ancha yengil boʻlgani uchun ham tez sotilgan edi. Egasi uni xurjunga solib olib kelgan. Soʻng toldan qilingan dastani teshigidan ya’ni zoʻgʻatadan zoʻr berib oʻtkazganini biladi. Hatto dastani yorib kichik pona ham urgandi. Dasta gʻirvon bilan jipslashib ketdi. Soʻngra bir kecha suvga solib qoʻygandi. Dasta oʻzidan-oʻzi shishib, zoʻgʻataga chippa yopishdi. Shu yopishguncha qimir etmaydi.

Tong saharda dalaga chiqib ketgani, dalaga muhabbat qoʻygani... Shu-shu dala bilan bogʻlanib, yer bilan oshno tutindi. U bir safar ilgʻor ketmonlarning umumiy yigʻilishida minbarga chiqmoqchi boʻlib rosa harakat qildi. Lekin uni majlisxonaga yaqin ham yoʻlatishmadi. Eshikdayoq siltab-siltab irgʻitib yuborishdi. Oʻshanda dastasi qarsillatib yerga tegib, biroz darz ketgandi. Shu-shu qaytib majlisga bormaydigan boʻldi. Keyinchalik gilos daraxtidan qilingan dasta oʻrnatishdi. Zanglamasligi uchun tez-tez ot yogʻi surishardi. Keyinchalik otlar ozib ketib, yogʻ bermay qoʻydi. Ketmondan har urganda duvullab zang toʻkiladigan boʻlib qoldi.

Hademay handak yoki axlat oʻraga tashlab yuboriladigan ketmonning bir armoni bor: ketmonlar qachon oʻz mehnatining huzurini koʻradi. Qachon?

...Ketmon yaroqsiz holga kelib qolgach, uni temir-tersakka topshirib yuborishdan oldin egasi yangi ketmon xarid qildi. Lekin yangi ketmon eskisiga parvo ham qilmadi, qayrilib qaramadi ham.

Yap-yangi ketmon dalaga talpinadi, tezroq yer bilan diydorlashgisi, diydorlashib muhabbat izhor qilgisi keladi. Yangi ketmon ham oy bilan sirlashishga tashna. Oyning oyday aksi uning yuziga tushishini istaydi. Yer bilan boshlanadigan oʻtli ishq oldidan ketmonga pirlari hazrati Dovud alayhissalom madad bersinlar. Oʻtgan barcha katta-kichik ketmonlarning dami qoʻllasin.