OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAshurali Joʻrayev
Asar nomiShirin paxta (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ashurali Joʻrayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shirin paxta (hikoya)
Ashurali Joʻrayev

– Shirin paxta! Shirin paxtalar keldi! Kimga shirin paxta?!

Bu ovoz hovlida oʻynab yurgan katta-kichik bolalarga asalday yoqadi. Shirinlik haqidagi bu xushxabarni eshitib, ular turgan joyida qotadi. Hatto uxlab yotgan bolalar ham uygʻonib ketib «shirin paxta», deb yigʻlaydi. Shirin paxtaning mazasini bir marta tatib koʻrgan bolalar ota-onalarini, bobo-buvilarini, xullas, kattalarni oʻz hollariga qoʻymaydilar. Hovli bir zumda shirin paxta bozoriga aylanadi.

Bola – bola-da! Aytganini qildirmay qoʻymaydi...

Ayniqsa, bobo-buvilar nabiralarini xursand qilish uchun erib ketib, choʻntaklarini kovlay boshlaydi. Bobo har safar nabiralariga «shirin paxta» olib berganida, ular benihoya xursand boʻlib, maza qilishadi. Yayrab-yayrab yeyishadi. Hatto shirin paxtaning tsellofanini paqillatib ochishadi...

Paxta dalasida tugʻilib, paxtazorda oʻsib, shudgorda katta boʻlgan boboning esa xayollari qochadi. U shaharda tugʻilib, voyaga yetayotgan nabiralariga aslida paxta nimaligini, qanday azob-uqubatlar bilan yetishtirilishi, uning hech qachon shirin boʻlmaganligini, agar paxtaga shirinlik aralashsa qanday yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini har safar tushuntirmoqchi boʻladi. Boʻladi-yu, olis xotiralar uygʻonib, bolaligida paxta tufayli roʻy bergan ayanchli bir voqea koʻz oldiga keladi.
– Kichik ukam tugʻilgach, onam bir oyning nari-berisida paxta terimiga chiqib ketdi, – deb hikoya qilib qoldi, bir kuni bobom. – Ba’zan buvim, ba’zan men chaqaloqni onamga emizdirib kelardik. Ukam onamni yutoqib-yutoqib, pishillab emardi. Soʻng onamning bagʻrida qotib uxlab qolardi. Bir gal boʻliq gʻoʻzalarga chalishib ketib, ukamni yiqitib yuborganman. Xudoning rahmi kelib, unga hech narsa qilmagan. Oʻshanda qoʻrqqanimdan bu hodisani hech kimga aytmaganman.

Oʻsha davrlarda paxta terimi ba’zan yangi yilgacha davom etardi. Keyin hosil bayrami nishonlanardi. Lekin bu bayram hammaga ham tatimasdi. Sababi hosil bayramigacha qancha-qancha odamlar, oilalar paxtaning dastidan aziyat chekardi. Uning turgan-bitgani tashvish va gʻurbat edi. Kimdir moli paxtaga kirgani uchun katta jarima toʻlardi yoki moli soʻyib yuborilardi. Kimdir paxta sabab qamalib ketishi hech gap emasdi...

Paxta siyosati – qilichday oʻtkir, zaharday achchiq edi...

Bizning xonadonda ham oʻsha – paxta rejasi bajarilmagan yili kutilmaganda baxtsiz hodisa roʻy berdi. Oʻshanda hali xoʻjalik ham, tuman ham rejani bajarishda oqsayotgan, hamma paxta terimiga safarbar etilgan nihoyatda tahlikali kunlar edi. Bunday paytda odamlarning molxonalari, ayvonlari, uyning xonalari, yertoʻlalar, zarurat boʻlsa sandiqlar ham ochib koʻrilardi. Tuman va xoʻjalik rahbarlari xuddi gestapaday dahshat solib hovlima-hovli yurib hammayoqni tekshirib chiqardi. Ya’ni odamlar koʻsaklarni terib mollariga beryaptimi-yoʻqmi? Toʻy-ma’raka uchun koʻrpa-yostiqqa, deb paxtani qopi bilan berkitib qoʻymaganmi? Uni qish boʻyi sitib – chigitidan ayirib, tozalab qoʻyadi. Soʻng sitilgan momiqday toza paxtani koʻrpa-yostiq, chopon yoki nimchaga solib qaviydi. Doʻkondan paxta olish anqoning urugʻi edi.

Oʻsha kuni buvim, hatto bobom ham eshik-derazalarni ichkari-tashqaridan mahkamlab, ayrimlarini qulflab, kalitni oʻzlari bilan olib, paxtasi terib olingan ship-shiydom dalaga chiqib ketdilar. Hayhotday hovlida akang botir, hali toʻrtinchi sinf oʻquvchisi, ya’ni kamina qorovul boʻlib qoldim. Tekshiruvchilar darvozani sharaqlatib ochib, xuddi kinolardagiday vahima bilan kirib keldilar. Ular – kalta boʻyli, qoʻnjli etik kiygan, koʻzlari qisiq qirgʻiz bashara sovxoz direktori, shapkasi, kiyimi vahimali, uzun boʻyli militsiya boshligʻi, oʻrta boʻyli, burnida xoli bor prokuror va yana ikki kishidan iborat edi. Men oldin choʻchidim, soʻng tortinib ularga salom berdim. Harakatlari chaqqon direktor (direktorligini keyin bildim) menga semiz, baqaloq qoʻllarini choʻzib salomlashdi. Soʻng choʻntagidan chiroyli qogʻozga oʻralgan konfet chiqarib uzatdi. Konfetni shartta qogʻozidan chiqarib, xuddi umrimda shirinlik koʻrmaganday ogʻ-zimga soldim. (Lekin u shirin paxta emasdi!) Ikki kishi oldin molxonani, soʻng ayvonimizni obdan aylanib koʻrgach, tandirxonani ham tekshirdi. Hatto tandirni ham kosov bilan titishdi.
– Hech narsa topilmadi, Suronboy aka, – dedi ular konfet bergan amakining yoniga kelib.
– Qani, bu yoqqa kel-chi, oʻgʻlim, – dedi oʻsha kishi choʻntagidan yana konfet chiqarib menga uzatarkan.
– Onang, buving paxta chuvishadi-ya?
– Ha, sitadi, – dedim shartta u kishi mendan juda oson narsani soʻrayotganidan xursand boʻlib. Ogʻzimda esa shirin konfet moyday erirdi. Qanday maza...
– Sitilgan paxtalarni nima qiladi?

Shu payt yana bir konfet choʻntakdan chiqdi. Yoʻq, deyishga jur’atim yetmadi.
– Sitilganini koʻrpaning orasiga tiqadi. Chigitini mollarga beradi, – dedim konfetni kaftimda mahkam qisib.
– Koʻrpalar qaysi uyda? Bizga koʻrsatib yuborgin, toychoq, – dedi konfet-amaki gaplarimdan xursand boʻlib.

Men ham xursand boʻlib, uyimizning katta xonasi derazalaridan birini ochdim. Chunki bu derazalar ichkaridan bekilmasligini bilardim. Va birinchi boʻlib xonaga oʻzim kirdim. Orqamdan toʻdadagi ozgʻinroq kishi (keyin bilsam partkom ekan) ham derazadan amallab oshdi. Men goʻyo qahramonlik qilayotganday shaxdam borib, sitilgan paxtalar tiqilgan koʻrpalar qatiga qoʻlimni yuborib, bir siqim paxtani olib, ularga koʻrsatdim. Xonaga kirgan haligi ozgʻin kishi ham uzun barmoqli qoʻllarini taxtlangan koʻrpalar qatiga tiqib, ancha-muncha sitilgan momiq paxtalarni choʻntaklariga soldi. Bir siqimini deraza yonida turgan direktorga uzatdi. Soʻng derazadan qanday kirgan boʻlsa, shunday sirgʻalib chiqdi.
– Balli, zoʻr bola ekansan. Otangni ismi kim? – deb soʻradi direktor va yana choʻntagidan konfet chiqarib, menga uzatdi. Men esa shoshilmay otamning otini aytdim. Haligi militsioner amaki qoʻlidagi daftarga bir nimalarni tez-tez yozib oldi.

Ular hovliga qanday shiddat bilan kirib kelgan boʻlsalar, shunday shaxdam qadamlar bilan chiqib ketdilar.

Men ogʻzimda bir, qoʻlimda ikki konfet bilan ularni botirlarcha kuzatib qoʻydim. Goʻyo qilgan ishimdan xursand edim.

Birpasdan soʻng quruq fartukni koʻtarib buvim kirib keldi. Derazaning ochilganini koʻrib, rangi oqardi. Boʻlgan voqeani mendan eshitgach:
– Hoy yaramas bola, nima qilib qoʻyding? – deb uvvos soldi.

Men shunda nihoyatda yomon ish qilib qoʻyganimni tushundim. Tushunganimda esa, kech boʻlgandi...

Oʻsha oqshom otam ishdan qaytmadi. Bobom bilan buvimning yuragini goʻyo it tirnab chiqqanday boʻldi. Uyimizdan goʻyo ilon chiqqanday behalovatlik boshlandi. Uydagilar menga nafrat bilan qarashardi. Men ularning vajohatini koʻrib yigʻlab-yigʻlab qoʻyardim. Lekin men qilgan yomon ishning natijasi ertalab ayon boʻldi. Xoʻjalik idorasiga borib kelgan bobom sovuq xabar topib keldi. Otam bechorani oʻn besh kunga qamashibdi. Uyimizdan topilgan paxta ashyoviy dalil sifatida roʻyxatga olinib, otam ishxonasidan idoraga chaqirilib, oʻsha yerdan u kishini militsiya olib ketibdi...

Oʻn besh kun uyimizda motam boʻldi. Onam qoʻysa, buvim, buvim qoʻysa onam mildir-mildir yigʻlaydi. Ularning yigʻlaganlarini koʻrib, yuragim toʻlib ketganidan hovli etagiga borib, men ham astagina yigʻlab kelaman. Bobom esa har kuni Karmanaga – melisaxonaga otamni koʻrgani ketadi. Ba’zan koʻrib keladi. Shunda hammamizning koʻnglimiz taskin topadi. Koʻrolmay kelgan kunlari esa hamma jim, uh tortamiz. Uyimiz chindan kulfatxonaga aylangan. Qoʻni-qoʻshnilar, qarindoshlar kechqurun kelib birrov xabar olib ketadi...

Oʻn oltinchi kuni peshinga yaqin otam rang-roʻyi bir ahvolda, ogʻir etiklarini sudrab uyga bazoʻr kirib keldi. Onam oʻrgatganday yugurib chiqib:
– Otajon, kechiring, – dedim yigʻlamsirab.

Otam menga avval vajohat bilan qaradi, keyin oʻsha vajohat bilan shunday shapaloq tortdiki, quloq-chakkamdan oʻt chiqib, supadan pastga – tomorqaga borib tushdim. Boshim boʻsh chelakning qirrasiga urildi. Hushimdan ketdim...

Otam ushbu achchiq tarsaki bilan meni kechirgan edi. Chunki u bu koʻngilsiz voqea haqida qaytib ogʻiz ochmadi. Bu gal na bobom, na buvim mening yonimni olmadi...

Bobo bolaligida boʻlib oʻtgan ushbu iztirobli voqeani eslar ekan, «shirin paxta» soʻzini eshitishi bilan tamshanib qoʻyadi. Chunki direktor bergan shirin konfetning va otasidan olgan achchiq shapaloqning ta’mlari boshqa-boshqa edi. Lekin u hayotida qaytib bunday mazali konfet ham, shapaloq ham yemadi. Lekin paxta shirin emasligi, hech qachon shirin boʻlmaganligini hali goʻdak nabiralariga qanday qilib tushuntirsin, qanday qilib aytsin?! Qanday qilib... Ayting, hech zamonda paxta shirin boʻlganmi?..