OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAshurali Joʻrayev
Asar nomiShoshayotgan odam (esse-monolog)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ashurali Joʻrayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Esselar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shoshayotgan odam (esse-monolog)
Ashurali Joʻrayev

«
Aziz inson, senga nima kerak?
Qaylarga shoshasan, qayda manziling?

Asqad Muxtor
»

Har qadamda shoshayotgan, shoshilayotgan odamga duch kelasiz. Roʻparangizdan nuqul qayoqqadir shoshayotgan yo shoshilishga shay turgan odam chiqib qolaveradi, qolaveradi... U shoshib yoningizdan oʻtaveradi, oʻtaveradi... Siz esa hayron boʻlib turaverasiz, turaverasiz…

Qay tomonga qaramang, shoshayotgan odamni koʻrasiz. U turfa xayollar girdobiga gʻarq boʻlib, atrofingizda yuguradi: yo taniysiz, yo tanimay qolasiz. Chunki yoʻlingizni kesib, ba’zan toʻsib, ba’zan turtib ketayotgan odam haqiqatdan ham qaygadir shamolday yelayotgan boʻladi.

Darvoqe, ey odam bolasi, bunchalar qayoqqa shoshasan? Nega shoshasan? Nima uchun? Mening shoshilib berayotgan savollarim havoda varrakday osilib qoladi. Havoda. Ular haqiqatan ham yerdagi odamga yetib bormaydi.

Shoshayotgan odam bu savollarni mutlaqo eshitmaydi. Eshitsa ham javob bergisi kelmaydi. Chunki ulardan biri shoshyapti, yana biri shoshilyapti, biri shoshmoqda, boshqasi shoshayotir, shoshib-shoshqaloqlik qilib noma’lumlik sari ketayotir. Xayolingizga keltirsangiz, Gyote yozganidek: «Shoshqaloqlik – barcha adashishlarning onasi», ekan...

Sen ham odatdagiday erta tongda shoshib uygʻonasan. Koʻzlaringni ochasanu tok urganday shoshilib oʻrningdan turasan. Yoningda yotgan yoringga qayrilib yo yolchitib qaramaysan. U ham sen kabi shoshilib uygʻonadi. Uygʻonadiyu vannaga shoshadi. Azbaroyi shoshilganidan yuz-qoʻliga hatto suv tegmaydi. Tishlarini yuvishga ham ulgurmaydi. Sen kabi u ham ishga shoshayapti. Aslida, xotining bozorga oshiqayapti. Bozor ham zoʻr va gavjum ishxona-da! Xuddi korxonaday gavjum!

Nonushta ham shoshilish notalari ostida oʻtadi. Ogʻzingdagi ovqatni shoshib chaynaganingdan nima yeganingni ham bilmaysan. Soʻng, shoshib kiyinib, koʻchaga oti­lasan. Va koʻchani, yoʻlaklarni toʻldirib oshiqayotganlar safiga qoʻshilib, suvdagi baliqday «suzib» ketasan. Shoshayotganlar toʻdasi yana bir shoshqaloq bilan boyiydi, xolos.

Uydan ishga, ishdan bozorga, bozordan bogʻchaga, bogʻchadan doʻkonga, doʻkondan shifoxonaga, shifoxonadan dorixonaga, dorixonadan oshxonaga, oshxonadan boshqa... xonalarga shoshasan. Aslida, bozorga ham jonsarak borib, shoshqaloq oʻrdak kabi boshingni toʻkin rastalarga urib, arzonroq mahsulot izlaysan. Bozor qiziq: bittasi shoshib sotadi, bittasi shoshilib oladi. Lekin mashhur she’rda aytilganidek, «Molim yomon degan kimsani koʻrmaysan». Sen faqat bozorda emas, balki yoʻlda, koʻchada, bekatda, hatto tor yoʻlakda ham shoshib ketayotgan boʻlasan. Turfa avtolarda, met­roda shoshasan. Xudo asrasin, gavjum chorrahada, katta-kichik mashinalar suvday oqayotgan tigʻiz koʻchalarda shoshasan. Ayt, yana qayoqqa shoshasan? Shoshqaloqliging boisi ne? Bundan maqsad nima oʻzi, birodar?

Qayon ketmoqdasan, ey allohning shoshqaloq bandasi? Nega sabr qilmaysan, qanoatni bilmaysan, shukrona aytmaysan?.. Birim ikki, ikkim oʻn, oʻnim yuz, yuzim ming, mingim esa million boʻlsin, deb, halloslab chopasan, qoplab yigʻasan, yigʻib aslo toʻymaysan. Ochkoʻz yuhoga oʻxshaysan. «Yeb toʻymagan, yalab toʻyarmidi», degan naql borku xalqimizda! Daqiqalar, lahzalar, kunlar, oylar shoshib oʻtmoqda. Yillar ham poygachilar misol shoshayotir. Xuddi tob solingan soat millariday tez oʻtayotir. Goʻyo bularning barchasini vaqt kushandasi yutib yuborayotganday.

Hoy, chopib ketayotgan odam, bir lahza toʻxta, nafas rostla, atrofingga boq. Aks holda, hovliqib ketayotib, oʻzingni bexosdan biror-bir devorgami, daraxtgami yoki temir panjaragami urib olasan. Eng yomoni, oʻzing kabi shoshib, shoshilib ketayotgan yana bir shoshqaloqqa urilasan. Bundan yo boshing yoriladi, yo peshonang gʻurra boʻladi, yo burning qonaydi...

Esingdami, beshikdan chopqillab tushganing?! Shundan buyon tinim, orom neligini bilmaysan. Shiddat bilan oʻtayotgan umring davomida, yelib-yugurib, chopib, oshiqib, shoshiqib qoʻlga kiritganing shu birgina aso boʻldimi? Butun umring davomida yelday shoshib erishganing shu bir quloch yogʻoch boʻldimi? Hissiz, zabonsiz yogʻoch?!.

...Nima, hayotning mazmuni faqat shoshilishdan, shoshqaloqlikdan iboratmi? Mundoq bir pas oʻtirib, qilayotgan ishlaring, oʻtayotgan umring haqida chuqurroq oʻylab koʻrdingmi, jiddiy bosh qotirdingmi? Jonsarakliging boisini tushunib yetdingmi? Chopachopdan, hansirab yugurishdan maqsad neligini bildingmi? Birov ota-onam, deydi, birov bola-chaqam, deydi, yana birov nabiramning holi ne kechadi, deb qaygʻuga botadi? Ularni dunyoga keltirgan alloh rizqini ham berar…

Zamon oʻzgarishlari shiddat bilan kechayotir. Oʻtish davrining zalvorli gʻildi­raklari aslo tinmay aylanayotir. Obodlik avjiga chiqqan palla. Yurt bilan birga oʻzimiz ham, qalbimiz va turmush tarzimiz ham keskin oʻzgarib borayotir. Afsus­ki, «sholi kurmaksiz boʻlmagandek», bu jarayonda ba’zan koʻzboʻyamachilik, ba’zan buyruqbozlik qilib oʻz shaxsiy manfaatlari uchun shoshayotgan ayrim gʻalamis va choʻntakparast kimsalarning nojoʻya, nopok ishlarini koʻrib ranjiysan. Ey badnafs va ochkoʻz banda shoshilib, shoshib ariq qazasan, imorat qilasan, nihol ekasan. Sen qazigan ariqning torligidan suv tiqilib yo toshib ketayotir. Qurgan imorating tez orada ta’mirtalab boʻlib borayotir. Ekkan niholing ildiz otmasdan qurib, soʻliyotir. Sababi – shoshqaloqlik! Shoshilinch yoki shoshqaloqlik bilan bajarilgan ishda unum va baraka boʻlmaydi. «Shoshgan qiz…» degan xalq maqolini eshitmaganmisan?..

Shoshib uylanganing yodingdami, birodar? Keyin tirikchilik, degan olis va yetib boʻlmas manzil sari yelkangga «olaxurjun»ni ilib, hovliqib chopib ketding. Hamon toʻxtashni bilmaysan. Sen intilayotgan manzilning, aslida, manzili bormi? Oqibatda, bola-chaqalaringni ham hovliqib tarbiya qilding. Halovat neligini bilmagan sargardon umring hamisha yelib-yugurish lahzalaridan iborat boʻldi. Shoshganingdan sochlaringga erta oq tushdi. Peshonangga ajinning mashaqqat chiziqlari ayovsiz muhr bosdi. Koʻzlaringdan nur, belingdan quvvat ketdi. Yuragingdan choʻgʻ, umringdan qoʻr ketdi, lekin sen shoshilishdan aslo toʻxtamading. Toʻxtash nimaligini bilmading. Endi oʻrni keldi, yana bir tashvishli shoshqaloqlikdan ogoh etmasak boʻlmaydi. Agar bilsang, izingdan bolalaring shamolday shoshib kelmoqda. Ularni bir lahza toʻxtatish, tin oldirish oʻrniga, aksincha, ularni ham shoshqaloqlikka oʻrgatyapsan. Masalan, bittasi bolam she’r yozadi, deb, bir dasta almoyi-ajmoyi yozilgan, havaskorlik darajasidan ham past mashqlarni tahririyatdan tahririyatga olib yugurgani- yugurgan. Bular she’r emasligi, she’rning yozilish qoidalari haqida shoʻrlik muharrir kuyunib gapirdi. Uning jon kuydirib tushuntirishlari behuda ketdi. Chunki boʻlajak «she’riyat yulduzi»ning kitobi allaqachon chop etilibdi. Kitobga taniqli shoirlardan biri jimjimador «oq yoʻl» yozib, yosh «talant»ning «piligini» rosa koʻtaribdi.
– Bolani shoshirib nima qilasizlar? – degan savolga ota-onalari:
– Koʻrik-tanlovda qatnashadi. Kerak boʻlsa, gʻolib boʻladi, – deyishadi ishonch bilan.

Shoshilib «she’rlar» yozgan, shoshilib «kitobi» chop etilgan «talant» atrofida nimalar boʻlayotganini bilolmay hayron edi, lol edi, garang edi...

Bunday soxta shoshqaloqlik kimga kerak, nimaga kerak?.. Axir, shundoq ham yosh talantlarga, yosh iste’dodlarga keng yoʻllar ochilyapti-ku! Bolani chalgʻitgandan koʻra, unga hunar oʻrgatsangiz boʻlmaydimi?

Umring goʻyo telba shamolday, tezoqar soyday oʻtdiyu ketdi. Nega bu dunyoga keldingu, qanday umrguzaronlik qilding? Qanday ezgu amallarga bosh-qosh boʻlding, qanday xayrli, ibratli, savobli ishlarni amalga oshirding? Shoshilinch ketayotib beozor chumolini bosib olmadingmi? Endigina qad rostlayotgan niholni toʻsatdan sindirib ketmadingmi? Yoningdan oʻtayotgan goʻdakni bexosdan turtib yubormadingmi? Yam-yashil maysalarga ozor bermadingmi?..

Kimga mehr koʻrsatib, kimga yaxshilik qilding? Kim bilan doʻst boʻlib, kimga sadoqat, vafo koʻrsatding? Kimning ogʻirini yengil qilib, dardiga malham boʻlding? Kimning qanday mushkulini oson qilib, qanday ogʻir yumushiga madadkor boʻlding? Qaysi dilozorning diliga malham boʻlding? Aqalli, birorta huriliqoni sevdingmi, oʻzing ham sevildingmi? Sevgining shirin-shirin dardlariga mubtalo boʻldingmi?..

Shoshqaloqlik bilan oʻtgan oʻz umringdan qanday ma’no-mazmun topding? Kim va nima uchun shoshilding?

Shoshilayotib boshingni sajdaga qoʻydingmi, bilib-bilmay qilgan gunohlaring oldida tavba-tazarru qildingmi? Oxiratingni oʻyladingmi? Qabr azoblari haqida bosh qotirdingmi? Aziz avliyolar va ota-bobolaring qabrlarini ziyorat etdingmi, ruhlariga duo-fotiha qildingmi?.. Shoir deydiki:

Avlod-ajdoding kim? Shoshmay fikr qil,
Shoshmay soʻz degilu shoshmay zikr qil.
Shoshqin daryoman, deb, vaqt-bevaqt toshma,
Ummon boʻlmoqlikka, ayniqsa, shoshma!

Sening shoshilib yurganingga koʻp bora guvoh boʻldim. Sen negadir soʻnggi paytlarda ma’naviyat gavhari boʻlgan – kitob doʻkonlari yonidan loqayd oʻtib ketadigan yomon odat chiqarding. Doʻkon oldidagi rastalarda yoyib qoʻyilgan turfa kitoblarga aqalli bir qarab ham qoʻymaysan. Hatto kitobning nomiyu muallifiga mundoq koʻz yugurtirmaysan. Chunki sen shoshasan. Faqat kitoblar olamidan emas, balki ilmdan, ma’naviyat va ma’rifat dunyosidan oʻzing bilmagan tarzda uzoqlashib boryapsan.

Sen hatto ibratxona boʻlgan – teatrlar yonidan ham beparvo oʻtib ketayotganingni bilmaysan. Azbaroyi tez yurganingdan teatr afishasiga ham yolchitib qaramaysan. Shoshqaloq birodarim, kutubxonalarni allaqachon unutib yuborganingni aytmay qoʻyaqolay. Bilaman, bir marta berilgan umringni koʻproq toʻylarga, ziyofatlarga, choyxonalarga bagʻishlaysan. Toʻydan-toʻyga shoshasan, oshdan-oshga chopasan. Ziyofat, desa, yelib-yugurasan. Bir gal doʻstingni toʻyiga shoshib kirib, chiqib ketganingni koʻrdim. Chunki boshqa bir toʻyga shoshayotgan eding-da! Seni yana bir azada koʻrgandim. Shoshib kelib, shosha-pisha fotiha qildingu darhol joʻnading. Azadorlardan tuzukroq koʻngil soʻrashga fursating yetmadi. Shundoq yon qoʻshning qazo qilganida, tobutni ham birrov ushladingu yana qayoqqadir darhol oshiqding. Bilsang, u ham senga oʻxshab shoshgan edi. Mana, endi, «toʻrt oyoqli choʻbin ot»da mutlaqo shoshilmay ketayotir. Endi, u, aslo, shoshmaslar, shoshilmaslar olamiga borayotir. Ahmad Yassaviy yozganidek:

Gunohingga tavba qilib, yigʻlab yurgʻil,
Ketarman deb, yoʻl boshigʻa borib turgʻil,
Ketganlarni koʻrib san ham ibrat olgʻil,
Ibrat olsang, yotmish yering boʻlar gulzor…

Oxir-oqibat shoshqaloqlik bilan oʻtgan umring soʻnggida seni ham shoshilib kuzatdilar, farzandlaring, yaqinlaring ham shoshilib koʻzyosh toʻkdilar. Soʻng qabring ustiga shoshilib tuproq tortdilar.

Shoirning oʻtli misralari yodga tushadi:

Uyum tuproq boʻldi quvonchi-gʻami,
Kimdir boqib dedi: «Shunga shunchami?!.»

Qabrlarda qulf boʻlmaydi, lekin ulardan chiqib ketishning aslo iloji yoʻq. Shoshishning ham zarracha foydasi yoʻq.

Qabr – umrning soʻnggi bekati, shoshayotgan odamning oxirgi manzili. Chunki shoshayotgan, shoshilayotgan odamni to oʻzi toʻxtamaguncha, uni hech kim toʻxtatolmaydi. Yelib-yugurib, horib-tolib, oxiri oʻzi toʻxtaydi. Toʻxtaganida esa kech boʻladi...

Oxirating obod boʻlsin, shoshilgan odam! Toki, sening shoshqaloqlik bilan oʻtgan umring, boshqa shoshayotganlarga ham saboq boʻlsin.

Alvido, shoshgan odam!..

Sen bilan vidolashdimu, afsuski, bu dunyoni qanday tark etganingni, mutlaqo bilmay ketganingga juda-juda achindim. Bu kutilmagan dahshatli hodisa bir lahzada roʻy berdi. Mashhur qoʻshiqda aytilganidek: «Chapingdan oʻngingga boqqancha boʻlmas», ekan. Agar vaqti-soati yetib, ajal quvib kelsa, tamom, hech qanday iloj topilmas, na boylik, na mansab, na kuch-qudrat uni toʻxtatib qolaolmas ekan...

Haqiqatan sen ham koʻplar qatori oddiy tasodif tufayli qazo qilganingni bilmay, bilolmay ketding, shoshgan odam.

Oʻsha kuni xarxasha qilaverib holi-joningga qoʻymagan oʻgʻilchangga oʻyinchoq olib kelish uchun «Bolalar dunyosi» doʻkoniga oshiqayotgan eding. Yoʻl-yoʻlakay, xotining aytgan qandaydir yumushni bajarish uchun, odatdagidek yelib-yugurib «Super market» tomon chopqillab ketayotganingni bilmay qolding. Ha, har safargiday yelib-yugurib!.. Tekis koʻchadan tizginsiz xayollar girdobida shoshib borayotib, kutilmaganda oʻng oyogʻing bilan sirpanib ketding. Ketdingu ikki oyogʻing havoda oʻynab, boshing bilan beton yoʻlga yiqilib tushding. Koʻz olding qorongʻulashib, qanday dahshatli voqea sodir boʻlganini anglab-anglamay hushingni yoʻqotding. Kasalxonada ham oʻzingga kelmading. Tiling kalimaga kelmay, biror ogʻiz soʻz aytolmay, bu yorugʻ olamni tark etding. Aslida, sen mevasi yeyilib, yoʻlakka tuflab ketilgan oddiy oʻrik danagiga sirpanib ketganingni bilmading. Ha, shoshib ketayotib arzimagan kichik bir danakni bosib olgan eding. Poshnang bilan, qattiqroq bosganingdan danak chaqilib ketgan edi. Danak puch ekan…