OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAshurali Joʻrayev
Asar nomiSirli sirgʻa (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Ashurali Joʻrayev
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 1-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sirli sirgʻa (hikoya)
Ashurali Joʻrayev

Yangi yil kutilmagan voqealari, gʻaroyib sarguzashtlari bilan ham esda qoladi. Yangi yil kirib kelishini hamisha kattalardan koʻra, bolalar koʻproq hayajon bilan kutadilar. Ayniqsa, xonadonlarga Qorboboning sovgʻa-salom bilan kelishi bolalarning quvonchiga quvonch bagʻishlaydi, hayratini oshiradi.

Asilbek ham Qorboboning uzun soqollarini silkillatib, oppoq moʻylovini lablari ustida osiltirib, koʻzlariga qora koʻzoynak taqib, gullik sovgʻa xaltasini koʻtarib, chiroyli hassasini qizil qoʻlqopi bilan ushlagan holda kirib kelganidan benihoya sevindi. Ukasi va singlisi bilan Qorboboga peshvoz chiqib, barobariga salom berdilar.

– Vaalaykum assalom, shirintoylarim, – dedi Qorbobo salobat bilan sal doʻrillagan ovozda. Uning tovushi tanish boʻlsa-da, gʻalatiroq eshitildi.

Bir zumda xonadonni shodon kayfiyat chulgʻadi. Qorboboni chiroyli bezatilgan yangi yil dasturxoniga taklif qilishdi. Lekin Qorbobo boshqa bolalarni ham tabriklashi lozimligini roʻkach qilib, bolalarni yoʻlakda she’r aytishga chorladi. Birinchi boʻlib singlisi Nazokat «Qorbobo» degan she’rini oʻzbek, rus va ingliz tillarida oʻqib berib, Qorboboning sovgʻasi – chiroyli qoʻgʻirchoqni qoʻlga kiritdi. Soʻng ukasi Ozodbek yangi yodlagan she’rini tutilib-tutilib, chala-chulpa oʻqidi. Qorbobo unga ham chiroyli oʻyinchoq mashina sovgʻa qildi. Navbat Asilbekka kelganda u bir yoʻla ikki-uch she’rini qatorlashtirib yoddan oʻqib berdi. Qorbobo qarsak chalaman deganda, qoʻlidagi sovgʻa xaltasi polga «toʻp» etib tushdi. Xaltani egilib olaman, degan bir paytda Asilbek uning qulogʻidagi koʻk koʻzli sirgʻasini koʻrib hayratda qotdi. Axir bu qoʻshni yoʻlakda turadigan Risolat opaning sirgʻasiga juda ham oʻxshash ekan.

Esida – kuzda hovlida hashar qilayotganlarida xazonlarni supurib yurgan Risolat opa oʻng qulogʻidagi sirgʻasini yoʻqotib qoʻygan edi. «Voy, endi nima qildim, onajonim rahmatli sovgʻa qilgan edi», deb yigʻlab ham olgandi. Oradan ikki kun oʻtib, Asilbek qoʻshni bolalar bilan oʻynab yurganlarida hovli chetidagi ariqcha boʻyidan koʻk koʻzli sirgʻani topib olib, onasiga bergandi. Onasi esa oʻsha zahoti Risolat opaga topilgan sirgʻani berib xursand qilgandi. Opa rahmat aytib, bolalarga bir hovuch shirinliklar hadya etgandi. Konfetlardan birining ta’mi butunlay boshqacha edi. Eslab, ogʻzi tamshandi...

«Nahotki, Qorboboning sirgʻasi boʻlsa?» oʻyladi yana Asilbek. Qorbobo ham nimanidir sezgandek Asilbekka chiroyli rangli qalamlar sovgʻa qilib tezgina xayrlashdi. Bolalar ham baravariga «Xayr, Qorbobo» deyishdi xursand boʻlib...

Qorbobo yoʻlakka chiqib, qoʻshni xonadon eshigi qoʻngʻirogʻini hayajon bilan bosdi.

Asilbek onasiga hayrat bilan qarab:

– Oyijon, Qorboboning sirgʻasi bor ekan, – dedi.

– Qanaqa sirgʻa? – hayron boʻldi onasi.

– Risolat opaning koʻk koʻzli sirgʻasiga oʻxshar ekan. Men topib bergan edim-ku, oʻsha sirgʻaning oʻzi.

– Qoʻysang-chi, bolam, senga shunday koʻringan. Qorboboning sirgʻasi boʻlmaydi, – dedi onasi gap nimadaligini tushunib. Soʻng bolalarni oʻyin bilan chalgʻitdi.

Aslida ham hozirgina chiqib ketgan «Qorbobo» bu qoʻshnilari Risolat edi. Ularning Asilbeklar yashaydigan uyga koʻchib kelganlariga besh-olti yil boʻlib qoldi. Shoʻrlikka Xudoyim farzand bermagan. Har yili yangi yil kechasida Qorbobo boʻlib, qoʻshnilarning bolalarini xursand qiladi. Qorbobo boʻlib bolalarni tabriklayotganida yayrab ketadi. U oʻsha kezlarda butun borligʻi bilan bolaga aylanadi. Har bir xonadonga kirganida Yaratgandan ixlos bilan farzand soʻraydi.

Risolatning Qorbobo boʻlib chiqishini bilib qolgan onalar unga yangi yildan toʻrt-besh kun avval bolalari uchun turli xil sovgʻalarni oldindan berib qoʻyishardi. Shu bois Risolat qoʻshni bolalar tanimasin deb, qora koʻzoynak taqib, ovozini biroz oʻzgartirib gapirardi. Bu gal shoshganidan quloqlaridagi sirgʻasini yechib qoʻyishni unutgan edi.

Qorbobo yangi yil kechasi onalari sovgʻa olib bergan barcha xonadonlarga bir-bir kirib, bolalarni xursand qilib chiqdi. Oʻz xonadoniga kelganida eri allaqachon yangi yilni kutib olib, odatdagidek oʻtirgan joyida uxlab qolgan edi. Bechora shishani oxirigacha ham boʻshata olmabdi. Har yili shu ahvol...

Er xotin bir-birini yaxshi koʻrib turmush qurishgan. Risolat tibbiyot bilim yurtida oʻqib yurganida haydovchi Erkin bilan tasodifan tanishib qolib, ota-onasining unchalik roziligiga ham qaramasdan, biri olarman, biri tegarman boʻlib, oyoq tirab olishdi. Qarindosh-urugʻlar koʻmagida toʻylari boʻlib oʻtdi. Er-xotin «qoʻsh hoʻkiz» boʻlib, yelib-yugurib uy-joy qilishdi, yashashlari joyida. Uyda hamma narsasi bor, hech kimdan hech bir kamchiliklari yoʻq. Faqat yuraklari yara... Bu ogʻir yaraning malhami birgina tirnoq...

Risolat Qorbobo kiyimlarini bir-bir yechib, uyida kiyadigan gulli xalatini kiyib, oʻzini krovatga tashladi. Tashladi-yu, yelkalari titrab-titrab yigʻlay boshladi. Yigʻlab turib yana Xudoga yolvordi:

– Xudojon, nahotki shunday ulugʻ dargohingdan bir tirnoqqa zor etsang? Shunchalar ham intizor qilasanmi? Yurak-bagʻrim toʻkilib ketdi-ku, Ollohim.

Aziz oʻquvchi! Keling, siz ham qoʻllaringizni ochib, niyat qiling, Ollohdan ularga birgalashib farzand soʻraylik. Zora, yangi yilda sirgʻali Qorboboning niyati ushalsa...