OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Asqad Muxtor. Arvoh (hikoya)
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsqad Muxtor
Asar nomiArvoh (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Asqad Muxtor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Arvoh (hikoya)
Asqad Muxtor

Abdurahmonning buvasi bugun yana keldi. Oʻsha-oʻsha oq surp yaktak, shoyi qiyiq, oppoq soqoli va yarashiq sutdek salla...

Ammo, Abdurahmon «Keling buva» deya olmadi — boboning vajohati xunuk edi.

– Sen nima uchun meni mujmal yaltoqi qilib qoʻyding, bolam. Sendan umidim shulmidi! Men qachon nonu-tuz koʻtarib yovuzlarga peshvoz chiqqan ekanman, qani, ayt! Bu qanaqasi, mana endi moʻmin-musulmon oldida yo sen xoin, yo men xoin. Nima degan odam boʻldim, axir, men senga boʻlgan voqeani miridin-sirigacha hikoya qilib bermovdimmi? Yo Olloh, oʻzingdan chiqqan baloga qayga boray davoga.

– Axir, buva...

– Menga qara! Nahotki yodingdan chiqqan boʻlsa mening hikoyalarim! Men aytgan edim-ku, ular avval qandaydir ekspeditsiya... ya’ni ilmiy sayr-sayohat degan bahona bilan kelishgan. Keyin qarasak, ular shubhali deb hisoblagan odamlar bitta-bitta gʻoyib boʻla boshladi. Bizni nodon bilib, yerli qora xalq deb, ustimizdan hukm yurguzadigan boʻlishdi. Bilsak, orqalarida minglab lashkarunavkarlari bor ekan. Biz panshahayu tayoq-choʻkmor koʻtarib dalaga, oʻsha qurolli kelgindilarga qarshi chiqdik.

«Mingboshi qani?» deb jerkidi qarqarali chakmon kiygan bir zot. Mingboshi qilichdan tap tortmaydigan togʻli yigit edi.
— Kelgindini koʻi koʻrgan bu xalq — deb murojaat qildi qilich taqqan zobitlarga, — Oʻlsa oʻladiki yer surib lashkarlaringni boqmaydi! oʻlsa oʻladiki...

Shu payt oʻq ovozi yangrab, yalangtoʻsh mingboshpmiz yer tishladi. Xalq oldinga tashlandi. Roʻparadagilar nayzasini oʻqtalib, gurs-gurs odim tashlab, osmonga oʻq otib kelavergandan keyin, toʻxtadik. Buyruq boʻldi:
— Tiz choʻk!

Tikka turaverdik.
— Tiz choʻk!

Mingboshining gapi toʻgʻri edi: hech qachon begonaga tiz choʻkmaganmiz. Tikka turaverdik.

Ammo oldingn qator tutday toʻkilavergandan keyin yerga qapishdik.
— Bosh koʻtarma!

Bosh koʻtargan oʻqqa uchaverdi... Oʻlganga qayrilib qaragan ham, yiqilganga yordam beraman degan ham, bu xunxoʻrlikka dosh berolmay seskangan ham, shunchaki qimir etgan ham yer tishlayverdi. Olti yuzga yaqin kishi edik. Bari qirilib ketdi. Yo eshitmovdingmi qon-yosh toʻkib aytgan bu hikoyalarimni: —Ayt, eshitmovdim degin!!!

– Buva...

– Shu xunxoʻr qotillarga men nonu tuz tutgan emishmanmi? Ye olloh! Qaysi shaytoni lain senga dars bergan, hey bola!

– Axir, buva, bu haqda hech qanday hujjat...

– Buvangning guvohligi kerak emas senga, hujjat kerak! Xudoning shahodati kerak emas, senga hujjat kerak! Qiron qishloq yaqinidagi begunoh qurbonlar qonini shimgan qutlugʻ tuproq bir yarim asrdan buyon dodu faryod solib, lovullab yotibdi, senga hujjat kerak!

– Buva, Buvajon, meni qargʻamang, yosh edim, yoshlik qilibman...

Bu mahal haligi lovullab yotgan yerdanmi, qaerdandir issiq jizgʻinak hid anqib Abdurahmon uygʻonib ketdi. Sapchib turib, negadir ikki qoʻllab, tirikmanmi deganday, oʻzini quchdi. Vujudi sovuq terga botgan edi.

Buning mudhish tush ekanini anglab hushiga kelganida birinchi oʻyi shu boʻldi:

«Obbo... yana yolgʻon gapirdim!—dedi u ichida, manglayini changallab,— yoshlik qilibman emish: asli bu kitobni yozganimda ellik yettiga kirgan fan doktori edim. Rasvo boʻldi. Yolgʻon gapirdim. Yanagi kelishlarida endi mana shuni yuzimga soladilar!»

U toʻshakka oʻzini yuz tuban tashladi. Lekin darrov sapchib turdi — tagʻin uyquga ketib qolishdan qoʻrqardi. Koʻpdan beri uyqusida halovat yoʻq,— koʻzi ketdi, deguncha bosinqirab tush koʻradi. Tushda esa bobosi!

Aytganday, u bobosini koʻrgan emas-ku! Qandoq qilib tanib olayapti? Tush ekan-da, ahmoqona tush... Buvasining aytganlari ham oʻz koʻnglida gʻimirlagan, oʻzi bilgan oʻylar. Uzing bilgan oʻylar boshqa-yu, kitob boshqa ekan. Shunday boʻlmasa doktorlik unvoni qayoqda deysiz? Yurar edi hali ham yettinchi sinfga dars berib.

Ikkinchi tomondan... Oʻsha ham durust edi bu azobli tunlardan koʻra. Hozir hali yarim kecha. Abdurahmon yana uyqu elitishidan qoʻrqardi. Oʻz xayolida paydo boʻlgan boboni yomon koʻrib qoldi... Oq surp yaktak, Oq soqol... Arvohga oʻxshab tushiga kiradi. Deyarli har kuni... Arvoh ham asli yoʻq, odam xayolida yaratilgan narsa. Lekin baribir, xuddi bor narsaday koʻrinadi, gaplashadi, soʻroq qiladi, qiynaydi, azob beradi.

Bundan qutulib boʻlmaydi. Abdurahmon aka. Chunki bu — buvangiz ham emas; arvoh ham emas, bu — Oʻzingiz. Odamning oʻzidan qochib qutulganini hech eshitganmisiz?