OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Asqad Muxtor. Atir (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsqad Muxtor
Asar nomiAtir (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Asqad Muxtor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Atir (hikoya)
Asqad Muxtor

U idoraning eshigiga barvaqt kelib qolgan ekan. Hali qorovul ham tol soyasidagi chorpoyaga choponini tashlab, xurrak otib yotibdi. «Hoy, Madraim, nima qilib yuribsan saharmardonda?» deydigan odam yoʻq. Suvchiniki shu-da, hamma uxlaganda ishlaydi, hamma ishlaganda uxlaydi. Quyosh nayzaga kelganda shiyponning zahroq burchagini tanlab jindak mizgʻib oladi-da,— tun oʻziniki — oydinda suv tarab tong ottiradi.

Hozir ham daladan kelishi. Ketmonni zinapoyaga suyab, etigining loyini obdon qirib artgach, qabulxonaga kirib oʻtirdi. Nos otib, mulohazaga tushdi: bemavrit keldi-yov... javo.b berishi amrimahol. Ha, saratonda suvchining joyi xuddi shaharda, deya kesatib chiqarivorsa-chi? Tagʻin bilib boʻlmaydi, qaysi tomoni bilan turganiga ham bogʻliq. Omad yurishib, yosh xotindan xursand boʻlib, chehrasi ochilib kelib qolsa...

Raisning mashinasi charaqlagan quyoshni chaqnatib, soat sakkizlarda kelib toʻxtadi.
— Suv qalay?
— Suv serob.
— Koʻllatmanglar.

Rais shunday dediyu salomlashmasdanoq idorasiga kirib ketdi. Madraim qabulxonada esankirab, yaktagining etagi bilan peshonasini qayta-qayta sidirib artgancha, kirsammi-kirmasammi deganday depsinib turdi-da, tavakkal qildi shekilli, nosqovogʻini qayta belbogʻiga qistirib, eshik qoqdi. Ichkaridan ovoz kelmasa ham ochib kiraverdi.
— Frontchi oʻrtogʻim kasalxonaga tushib qolibdi, xoʻjayin. Xabar olmasam boʻlmaydi. Oʻzingizdan qolar gap yoʻq, birga oʻlib, birga tirilgan qiyomatlik oshna... Shomgacha aylanib qaytaman, xoʻjayin,— dedi ilanib. Nima desa ham, jerkib tashlasa ham, chidab beraman, deganday yerga qaragancha kutdi. Rais uzoq indamadi.
— Mayli...— dedi anchadan keyin. Tavba — astagʻfirillo, koʻz tegmasin bu yosh xotinning sharofati, albatta. Lekin aynimasdan turib, paytida joʻnab qolish kerak.
— Menga qarang,— dedi rais uni ostonada toʻxtatib. Madraimning yuragi shuv etdi: «Aytmadimmi, ana, aynidi!»

Rais bir parcha qogʻozga nimadir yozib, ellik soʻm pul qoʻshib uzatdi.
—«Domdehqonga» tushasiz-ku? Usha yerga yaqin. Shuta Rustavillining muyushida oynavonlik magazin bor, «Teje» degan. Atir olasiz.

Madraimning ellik soʻmni ushlagancha hayron boʻlib turganini koʻrib, yuzi kengayib jilmaydi.
— ...Keliningizga. Otini mana bu qogʻozga yozdim.
— Xoʻp boʻladi, xoʻp boʻladi,— deya chiqib ketdi oʻzida yoʻq xursand Madraim. Osongina javob berganining boisi bu yoqda ekan-ku. «Selmag» ga bir asil mol kelsa avval shu kishining oldidan oʻtishadi: «Kelinoyimizga mabodo...?» Ellik soʻmni yana olib qarab qoʻydi Madraim. Oʻzining kecha olgan ikki oylik «avansi» 43 soʻm, mana, belboqqa tugugliq... Nahotki bitta atir ellik soʻm boʻlsa? Oti ham... oti ham qiyomat, begona soʻz boʻlsa kerak, odamning tili kelishmaydi.

Shiyponga qaytib toza etik, oq ishton, yangi yaktak kiyib, barini belboqqa qistirdi-da, yoʻlga tushdi. Hayallab boʻlmaydi, kechga qaytib kelishi kerak. Yaxshi boʻldi. Boʻtavoy-serjantdan hol soʻrash qiyomat-qarz edi, raisga rahmat... jonon kelinga rahmat, ochigʻi. Madraim oʻzicha jilmayib qoʻydi.

Shoshsang shaharga bor. Hamma yelib-yugurib yuradi. Koʻpchilik qatori sen ham. Imillab koʻr-chi, turtib oʻtadi. Eshitasan eshitmaganingni. Shoshganingdan, ishing bitganini oʻzing ham payqamay qolasan. Bozor, kasalxona, Boʻtavoy bilan apoq-chapoq suhbat, yana «Domdehqon», Shuta... Rustavilli, chakana yoʻl bosmadi, oʻylab qarasa. Toʻgʻri, Boʻtavoy-serjant bilan uzoq oʻtirishga ruxsat berishgani yoʻq. Bu ham oʻz yoʻliga omad-da. Oynavandlik «Teje» yopilib qolsa nima boʻlardi!

«Teje» degani nima degani — xudo biladi. Madraim raisning yozib berganini ichida takrorlab-takrorlab, yana oʻziga ishonmay qogʻozni ochib boqdi. «Poisoh»— eskicha harfda yozilgan ekan. Kapitalistlarda tutganini qoʻymaydi, hali-hali oʻsha eski alifboda oʻqib-yozib yurishibdi.

Eshikni ochishi bilan — oh-oh-oh!— allaqanday xushboʻylar dimogʻiga urildi. Sotuvchi qizaloqlarni-chi? Osmondaya tushgan parizotlarmi deysiz, qoʻgʻirchoqday bejirim, uzun kipriklari yuziga soya solib, yanoqlari yal-yal yonib turibdi. Ayniqsa oʻrtada birovi — chilvirsoch, koʻzlari teran chashmaday, qarashlari osuda... Xayrining yoshligiga oʻxshab ketadi. Xudo haqqi, sal yondan qarasang, Xayrining oʻzginasi-ya, iyagining chuqurchasigacha...

Madraimning esini yigʻib olishiga ancha vaqt ketdi.
— Atirni shoʻtta sotadimi?
— Atir doʻkonida turibsiz-ku, amaki!—deb chiroyli kuldi sotuvchi qiz.

Ovozi oʻxshamas zkan. Ayniqsa hozirgi Xayrinikiga. Madraimning qulogʻiga xotinining ovozi eshitilib ketdi: «Hoy, qaysi qora goʻrda yuribsiz? Avans qani, bugun yigirmasi! Opkeling buyoqqa, suprani qoqib, qozonni qantarib qoʻyibman!»

Avans... Oylik, maosh degan gaplar boʻlardi, bizda aunas degani chiqqan. Yalintirib beradi-da, yillik hisobda yalintirmay-netmay osongina chiyirib qoladi...

Madraimning xayoli ketib qolgan ekan, haligi pa-rizotning ovozi oʻziga keltirdi.
— Xizmat?
— Payson degan atir kerak,— dedi Madraim qogʻozdagi yozuvni zoʻrgʻa eslab.

Qiz yelkasini qisib, dugonasiga kulib qaradi.
— Unaqasini eshitmaganmiz, amaki.
— Nega eshitmas zkansiz, mana,— deb Madraim raisning qogʻozini uzatdi. Qizlar, oʻqib, kulib yubo-rishdi. Qeyin haliginisi sodda odamdan uzr soʻraganday, muloyim ovozda tushuntirdi:
— «Puazong» deyiladi bu, amakijon,— atir nomidagi oxirgi «N» harfini dimogʻidan chiqarib aytdi,— Frantsuz atri bu, juda qimmat.
— Bilaman, ellik soʻm,— dedi Madraim belbogʻidan pulni chiqarib.

Qizlar tushunishdiki, bu sodda odamga nozik xarid-ni bir boyvachcha buyurgan. Olib koʻrsatishdi. Kichkinagina, tillarang xat bitilgan shishacha. Madraim uni avaylab oldi, shishacha dagʻal barmoqlari orasida naq yoʻqolib ketdi. Xaridor ishoninqiramay, qoshini chimi-rib uzoq boqdi. Ajabo, ellik tomchi ham kelmaydi-ku bu! Nahodki tomchisi bir soʻmdan oshiq boʻlsa?
— Boshqa hech narsa olmaysizmi, amak,— dedi haligi Xayrining yoshligiga oʻxshagan qiz boʻyalgan uzun tirnoqli barmoqlarida qalamni oʻynatib,— kelinoyimlarga ham oling, arzonrogʻi bor.

Xayriga atir? Madraim xoholab kulib yuborishiga sal qoldi. Xayriga-ya! Shishasi bilan urib boshingni yorar! Bugun yigirmasi, auansni kutib koʻzi toʻrt boʻlib oʻtirgandir. Pul oʻrniga mana bu shishachani olib borsa, jazavasi tutib, doktor chaqirishga toʻgʻri keladi. Bu parizotlar nimani biladi, nimani koʻribdi, na roʻzgʻor bularda, na bola...

Oʻtgan yigirmanchi chisloni esladi. Auansni olib endi koʻchaga chiqsa, doʻkonga muzdek pivo tushgan ekan, toʻrtta ulfat uchrab ikki krujkani ichib qoʻydi-da. Madraim oʻzi ichmaydi, hadeganda nafsga ham chalgʻimaydi, ammo koʻngil ekan, ha-ha ol bilan yana bir krujka ich-di. Pivopurush loterey ham sotayotgan ekan, jizmanlariga yoʻl-yoʻlakay toʻrtta-beshtasini tutqizib turibdi. Gapdan-gap chiqib, ola-gʻovurda kimdir maqtanib qoldi: qoʻshni sovxozda bir oshnasi shu lotereyga mashina yutibdi emish. Yana birov kimdir gilam, kimdir mototsikl yutgan deb xabar qildi. Sal kayf qilgan Madraimni ham shayton chalgʻitdimi, yigit-yalang qatori uchta loterey olsa boʻladimi?!
— Yutasiz, yutasiz, qatorasiga oling!—deb turishibdi tekin nasihatchi sheriklari...

Qisqasi, endi uyga kelgandagi ahvolni koʻring. «Auans»ni kutib oʻtirgan Xayri loterey biletlarini shundoq oldiyu shirakayf erining basharasiga urdi, biletlar sochilib, shabadada hovlining burchak-burchagiga, biri toklar orasiga, biri oʻchoq boshiga kapalakday pirpirab uchdi.
— Baloning oʻqini yutasiz! Tuyani dumi yerga tekkanda!—deb baqirdi Xayri,— ana boqing toʻrtta bolani oʻsha qogʻozlaringiz bilan!—boʻxchasini tugib onasinikiga ketib qoldi. Bunday paytda unga qarshi gapirib boʻlmaydi, jazavasi tutib yiqilib qolishi ham bor. Madraimning kayfi yelday uchib, ostonada qaqqaygancha qoldi.

Bola boqish nimaligini ana oʻshanda bilgan Madraim. Yolgʻizlikning oʻn toʻrtinchi kuni kechasi bilan yigʻlab, xayolida xotinining yorilib ketgan chaqa barmoqlarini oʻpganini haligacha birovga ochilib gapirgani yoʻq. Xotini oʻn yetti kun deganda bolalariga tugunchada u-bu koʻtarib qaytib keldi. Adabini yegan Madraim Xayrini hali ham yaxshi koʻrishini ich-ichidan tan olgan edi oʻshanda.
— Boshqalar oladiyu siz nega olmas ekansiz kelinoyimlarga!—dedi haligi qiz,— yozaman chek, oʻn toʻqqiz soʻm boʻladi, xoʻpmi, amakijon?

Uning ovozi eritvordi Madraimni. Atirni qoʻliga olganida oʻsha shirinzabonning qoʻlini olganday boʻldi: kichkina, chiroyli, xushboʻy... Indamay oʻylanib turganida qiz chekni yozib, u tomon surib qoʻydi. Madraim tufugini zoʻrgʻa yutib, quruqshagan lablarini yaladi. Yuziga muloyim qaragan qizga bir nima deyolmay, pulni chiqardi, xayollari chuvalib, «men nega olmas ekanman, men... nega olmas ekanman...» deya koʻnglida takrorlab doʻkondan chiqdi. Qizchaga rahmat, xayr deyoldimi-yoʻqmi — esida ham yoʻq.

Endi uning xayoli boshqa yoqda edi: uyga qanday kirib boradi, nima deydi, xodiniga atirni qanday beradi, undan keyin nima boʻladi? 19 soʻm! Auansni qariyb yarmi-ya!

Kechga yaqin eshikni gʻirchillatmasdan ochib, yozvosh kirib bordi. Xotini oʻchoq boshida bolalar bilan chugʻullashardi.
— Oʻzingizmisiz?—dedi Xayri sharpani sezib, qayrilib qaramasdan.— Ulfatlar uchramadimi ishqilib? Bugun yigirmanchi chislo — ya...

«Boshlandi!»—dedi Madraim ichida: savollarga javoban, «Ha, keldim», deganday yoʻtalib qoʻydi. Lekin hamoni etigini yechmay, garangsibroq turardi.
— Ha, qoʻlingiz choʻntagingizga yopishib qoldimi?
— Yoʻgʻe, nega...— Madraim hali ham atirni mahkam ushlab turganini endi payqab, qoʻlini oldi. Jilmaygan boʻldi. Sun'iy chiqdi jilmayishi.
— Bir nimani yashiryapsiz,— dedi xotini.

Madraim bolalarning ham kelib, «hozir janjal boʻladi» deganday baqrayib turishganini koʻrdi.
— Qiziqmisan... Nimani...

Oʻzi boʻlsa oʻylardi: avval sovgʻani bersammikan, yo qolgan pulnimi? Ikkalasi ham xatarli, ikkala holatda ham oʻt olib ketishi mumkin...» Endi tavakkal, boʻlar ish boʻldi. Madraim har narsaga tayyor edi. Atirni yaktak kissasidan shartta chiqardi-yu xotiniga uzatdi.
— Mana!

Xayri beixtiyor ikki qoʻllab oldi-yu peshonasini tirishtirib bejirim qutichaga tikilib qoldi. Keyin uni asta ochib, jajjigina yumaloq atir shishasini xuddi uchib ketadigan qushchaday hovuchida ushlagancha yana uzoq tikilib turdi.

Nima boʻldi unga? Tezroq bir nima desa-chi?! YO gʻazabi tomogʻiga tiqildimi? Baqir, Xayri, soʻk, qargʻa, faqat jim turma!

...Hozir jazavasi tutadi, idish-tovoqni koʻtarib uradi, yiqiladi... Madraim juda koʻrqib ketdi: Xayri tildan qolgan, yumuq koʻzidan yosh sizib, koʻksi toʻlqinlanib, gavdasi chayqalib ketdi.
— Oyi! Oyi! Nima boʻldi sizga?—deyishdi bolalari.
— Xayri,— dedi uning yiqilib ketishidan qoʻrqqan Madraim. Haqiqatan ham yiqiladigan ekan, eriga suyalib qoldi va shu zumdayoq boʻynidan mahkam quchib osilib qoldi.
— Xayri...— dedi yana Madraim xavotirda.
— Hidi yaxshi ekan,.. boshim aylandi. Oʻzingiz yaxshisizda,—dedi Xayri yana mahkamroq quchoqlab,— esingizda turgan ekan... toʻyimiz boʻlgan kun. Esingizda ekan...
— Xayri, oʻzingni bos, bolalar qarab turibdi,— dedn baxtiyor Madraim iljayib. Allaqachon unutgansiz deb oʻylovdim.
— Xayri, esingni yigʻ, kuppa-kunduzi...— deya shivirladi xotinining haroratini butun vujudi bilan sezgan Madraim.

— Axir kechasi yana ketasiz... bugun ham oydin, suv taraysiz...