OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Asqad Muxtor. Chodirxayol (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsqad Muxtor
Asar nomiChodirxayol (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Asqad Muxtor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/06/03
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Chodirxayol (hikoya)
Asqad Muxtor

Bu yerda hamisha shovullab tuproq toʻkilib turadi. Tepalik oʻyilgan joyda tikka devordan, belkuragu ketmondan, shoʻr bosgan yelkalardan, choʻkich zarbidan, kajava zambillardan shitirlab toʻkilardi. Bu shovullash oʻn besh-yigirma yil naridan kelayotganday, boʻgʻiq, doim bir maromda allalab eshitiladi.

Tepalik oʻyilib, qoʻraday katta kovak hosil boʻlgan, ichi nimqorongʻi, hurmat taxtasining tepasida yonib turgan ikkitagina lampochka bilan sal yorishib turibdi. Bu yerda ish tabiatning injiqliklariga qaramay, qoru qirov, selu jalada ham, sovuqda ham, issiqda ham tinmay davom etadi, tuproq toʻkiladigan jargacha soʻqma yul yaxshi shibbalangan, oʻsha yerdan tepalikning qovjiroq shumgiyayu shilvi, bujgʻun choʻkirtaklari chirmashib yotgan sirti bemalol koʻrinadi.

Ishlayotganlarning biri eng ichkarida, orqa devordan tuproqni metin bilan oʻyib berib turibdi. U oʻrta boʻyli, qorachadan kelgan baquvvat odam, har zarbidan rosa yarim zambil tuproq toʻkiladi, koʻzlari timqoraligidan gʻira-shirada ham yiltillab koʻrinadi. Ikkinchisi tuproqni bel bilan zambil kajavasiga tashlab turibdi. Yorugʻlik orqadan tushgani uchun, miyonagina tiqmachoq gavdasi chodirxayolning qoʻgʻirchoq soyasidek lipillab koʻrinadi, yaqiniga borgan odam qorachoʻgʻlarida ishga astoydil ixlosni oʻtini payqaydi.

Ular oʻzi yetti kishi, ikkitasi, ya’ni uchinchi va toʻrtinchisi zambilda. Bular aka-uka boʻlsa kerakmi, bir-biriga juda oʻxshash: qorachadan kelgan yuzlari ham, pishiq-puxta jussalari ham quyib-qoʻyganday. Bir-birlarini koʻz qarashlaridan tushunishadi. Qorachoʻgʻ yilt etdimi — «koʻtar!» degani, bilinar-bilinmas im qoqdi-mi — «agʻdar!» degani. Tuproq toʻkiladigan joyga mokiday qatnab, soʻqma yoʻlni shular shibbalagan.

Beshinchisi yorugʻroqda, kiraverishdagi eski yozuv stoli yonida... ha, darvoqe. toʻxtang-chi, yaxshisi bunisini oltinchi deyaylik. Chunki u...

Beshinchisi esa ketmonda. U boshqalardan shu bilan ham ajralib turadi, oʻyilgan gʻorning yerini qirib tekislaydi, tuproqdan, dumalagan toshu kesaklardan tozalaydi. O’zi keksaroq boʻlsa ham hali baquvvat, girdigʻum gavdasiga chogʻ ketmon obdon yarashib turibdi.

Endi oltinchisiga kelaylik. U, aytganimizday, eski yozuv stoli yonida (stol ustida chang-gʻubor qoʻngan telefon apparati ham bor) taxtaday koyib turadi. Koʻzi qandayligi ma’lum emas, chunki u koʻzoynak taqadi. Qoracha yuzida odamga lop etib koʻrinadigan narsa shu koʻzoynak. Lekin u boshqalardan bu bilangina farq qilmaydi. Farqi yana shundaki, avvalo, hali aytganimizday, stol yonida qotib turadi, shunga bogʻlab qoʻyilganday. Soʻngra ishlamaydi. Bir zamonlar, yoshligida, mana bu «Hurmat taxtasi»ii tashkil etib uni hamma koʻzlarning suratlari bilan. Gʻorning peshtoqini esa shior bilan bezab qoʻygan. Endilikda shularning ta’sirini kuzatib, qimir etmas miyasini ishlatib turibdi.

Yettinchi kishi, qoʻlida ketmoni bilan, keyinroq yetib keldi. Uning boʻyi past ham emas, baland ham emas. Oʻzi ketmon bilan quchoqlashib tugʻilganday, yumaloq. Tepalikning orqa tomonidan chiqib kelib, pastga yumalab tushganday birdan paydo boʻldi.
— Ha, shu yerni kovlash kerak ekanmi? — deb soʻradi kelasolib:
— Nega kovlash kerak ekan?
— Hokim Toʻraevich aytganlar! — dedi Ikkinchi.
— Ha unday boʻlsa... — deb kaftiga tufladi-da. barini beliga qistirib, ishga tushdi. Endi unga shu yerni kovlash kerak ekanligi ham, Nega kovlash kerakligi ham ayon edi. Oftobda qoraygan peshonasiga sharros ter qalqidi.

Lekin unda yana savol tugʻildi. U boshqalardan mana shu oʻrinsiz savollari bilan ajralib turardi.
— Ana u kishi nimaga ishlamayapti? — dedi u yozuv stoli yonida taxtaday qotib turgan Oltinchiga ishora qilib. Uning bu qadar sersavolligiga ham hayron boʻlib, ham gʻashi kelib turgan Birinchi ishdan bosh koʻtarmay toʻngʻilladi:
— Tepadagi shiornn oʻqimadingmi?
— O’qish kerakmi? — deb soʻradi Yettinchi.
— Yana savol beradi-ya. Muncha savoli koʻp ekan?

Keyin shiorni oʻqidi: «Qoʻshimcha majburiyatni muddatadan oldin bajaramiz!»

Uning ovozini eshitgach, qizil alvondagi bezaklar birdan jonlanib ketgandan, hamma anqayib tepaga qaradi.
— Ana endi tushundingmi? — dedi Birinchi Yettinchiga. Keyin qotib turgan Oltinchiga ishora qildi: — U ana shuni gʻoyaviy jihatdan ta’minlaydi.

Aftidan, Birinchi koʻp narsani bilar, shiorni ham oʻqigan ekan shekilliyu, kamtar ekan-da. Tarbiya koʻrgan odam kamtar boʻlishi kerak. Kattaodamlar bor, kichkina odamlar bor. Kichkina, kamtar odam hargiz oʻz xayollariga izn beravermasligi kerak. Hadeb savol ham beraverma, dedy oʻziga oʻzi Yettinchi.

Shu bilan gap-soʻz tinib qoldi, astoydil mehnat qilishga shart-sharoit tugʻildi.

Tuproq shovullaydi. Betinim, bir maromda, hamma yerda tuproq shovullaydi. Telefonli stol yonida turgan Oltinchinpig xayoliga «Mehnat poeziyasi!» degai tanish soʻz birikmasi keladi, qoracha yuzlari yorishadi.

Shunday jimlikda gʻayritabiiy bir shitirlash eshitiladi. Ikki marta eshitildi. Savol beraverish naqadar noqulay boʻlsa ham, Yettinchi oʻzini tiyolmadi:
— Bu, deyman, juda ichkariga oʻyib kirib ketdik-ku, tepamiz oʻpirilib bosib qolmasmikin?
— Bosmaydi. Bosmaydi deyishgan, — dedi Uchinchi bilan Toʻrtinchi barobariga boʻsh zambilni yerga qoʻyib.
— Ha unday boʻlsa... — deya, xotirjam boʻlib kajavaga tuproq tashlay boshladi Yettinchi. Tepalikning bosib qolmasligiga endi ishonchi komil edi, qoracha manglayidan mehnat terini sidirib tashladi.

Lekin bir pastdan keyin haligi shitirlash yana eshitildi. Ilhombaxsh mehnat jarayonida bunga kim ham e’tibor berardi. Xiyol oʻtib, kiraverishda tepadan top etib ikkita kesak tushdi. Kesaklar ushalib, sochilib ketdi. Top etgan tovushga qayrilib qarashgan ham ediki xuddi oʻsha joyda tepadan gup etib loʻmbazday tuproq oʻpirilib tushdi. Chang toʻzgʻib, tashqari koʻrinmay qoldi, yana allanimalar gursilladi. Zimistonday qorongʻida changdan nafasi qaytgan odamlar jon holatda avval uyoq-buyoqqa yugurishib, keyin gursillashu shovullashlardan quloqlari ham bitgach, bir-birlaridan najot istaganday qoʻl ushlashib oʻrtaliqda guj boʻlib qoldilar. Dahshatli gursa-gurslar tinganda ham, quloqlariga ishonmay, bir-birlarini qoʻyib yuborishdan qoʻrqqandek, tirik jon taftndan umid uzolmasdan shu holatda uzoq turib qoldilar. Hech narsa eshitilmas, hech narsa koʻrinmas, u dunyodami — bu dunyodami ekanliklarini bilolmaganday garangsib, qimir etgani jur’at topolmay turaverdilar.

Anchadan keyingina quyuq toʻzon asta bosilib avval yon devorda «Hurmat taxtasi» tepasidagi ikki chirog xiragina boʻlib koʻrindi. Odamlar oʻz nafaslarini eshitib, bir-birlarining changga belangan afti-angorlarinn koʻrdilar. Hammaga goʻyo qaytadan jon kirdi, tirik ekanliklariga quvondilar, koʻzlari ham asta-sekin qorongʻiga oʻrganib oʻrab olgan qora devorlarni ilgʻay boshladilar. Chor atrof kuru gumgurs edi. Yugura borib devorlarni bir-bir ushlab, itarib, tepib koʻrdilar. Ilgari ochiq turgan tomon ham butunlan bosib qolgan, ular tiriklay koʻmilgan edilar.
— E... endi... nima qilamiz? — dedi Yettinchi.

Bu cheksiz jimlikda qora devorlardan titroq aks-sado bergan birinchi jur’atli tovush edi. U ham boʻlsa-savol. Shu holatda ham savol beradi. Yettinchi oʻzi biron joʻyali fikr taklif qilolmaydi-yu, savol tashlagani tashlagan.

Ammo shu birinchi sado hammani hushiga keltirdi. Qimirlab qoldilar, kimdir ust-boshini qoqdi. kimdir sal oʻziga kelib zambilgʻaltakka oʻtirdi, yana kimdir ogʻzidagi loyni tuflab tashladi...

Nima qilardik... Hech kim topshiriqni bekor qilgani yoʻq, har qanday ob-havo… toes har qanday sharoitda...
— O’zi qaysi tomonii qaziyotuvdik? — dedi bu vahimali zimziyoda boshi aylanib qolgan Ikkinchi.
— Mana bu tomonni... — Beshinchi qoqila-surila orqa devor tomonga yurdi.
— Mana bu yoq ochiq edi. Mana bu «Hurmat taxtasi» — yon devor, demakki... — U gapidan toʻxtab qoldi. «Hurmat taxtasi» yonida Oltinchi ishga tushgan edi. U «Hurmat taxtasi»ni maxsus latta bilan artib, unga Yettinchining ham suratini osib ulguribdi. O’zi taxtada hamma bor, faqat bitta joy boʻsh qolgan edi. Endi qarabsizki, taxta ochilib ketibdi, xuddi shundan siqilib turgan ekanmi... Chiroyli! Chirogʻlar ham uning tepasida. G’orni yoritib turgan chirogʻlarmi, ilgʻorlarmi — Oltinchining yuzida mana shu zavqli va hayratomuz xitob porlar edi. U ommaning kayfiyatini ajoyib tezkorlik bilan payqaydi. Tuproq tagida qolgan shiorni ham yangittan yozib osishi kerak. Stol tortmasidan tish paroshogini olib, ishga tushdi.
— Tuproq tashidigan yoʻl bekilib qolibdiku... — deb barobar gap boshlashdi Uchinchi va Toʻrtiichi! Lekin Oltinchi ishni gʻoyaviy jihatdan ta’minlash uchun jon chekayotgan ogʻir sharoitda ortiqcha ob’ektiv vajhu kasonga chim quloq solardi. Aka-ukalar tarbiya koʻrgan odamlarga xos odob bilan, jim boʻlishdi. Ammo savoling boshingdan qolgur Yettinchining isyonkorligini tiyib boʻladimi! U savol bersa boʻlgani, kimga savol beryapti — Oʻzigami, birovgami, javob oladimi — yoʻqmi, bu bilan ishi yoʻq, ichini boʻshatib oladi shekillida. Yana soʻradi:
— Axir, avval bu qora goʻrdan qanday chiqib qutulishni oʻylamaymizmi?
— Buni oʻylaydiganlar bor, akasi, — dedi barini beliga qistirib, ketmonni qoʻliga olgan Beshinchi. Hozir uning ishi koʻp — hamma joyda shiftdan tushgan kesaklar sochilib yotibdi. — Tepada sendan katta odamlar oʻtirishibdi. O’ylashadi.
— Sizning gapingiz ham gap, — dedi Yettinchi, — biz kichkina odamlarmiz.

Endi hamma oʻz ishiga kirishgan edi hamki, stoldagi telefon chang-gʻuborni toʻzgʻitib jiringlab qoldi. Yaqinroqda turgan Oltinchi trubkani oldi.
— Ahvol qalay? — degan ovoz eshitildi.
— Ahvol yomon emas...

Trubkadan kelayotgan ovoz, shubhasiz, Hokim Toʻraevichniki edi. Hamma jim boʻldi. Biroq telefon simlari shikast yegan ekanmi, qancha nafas yutib quloq olishmasin, baribir uyogʻini yaxshi eshitisholmadi. Lekin Oltinchi toshpiriqnni yaxshi uqqan edi, ommaga yetkazdi.
— Hokim Toʻraevich, avvalo, qora koʻzlarga mening salomimni yetkazing, dedilar.
— Ana, aytmadimmi, oʻylaydigan kattalarimiz bor, akasi, — dedi Beshinchi kipriklarini qoʻlqopi bilan artib.
— Ha, oʻylashyapti, — davom etdi Oltinchi. — G’ordagilarni qutqarishni oʻyladik, dedilar. Ammo biz tashqaridan qaziylik desak bu xavfli ekan, tepalikning biror joyi butunlay bosib qolishi bor. Shuning uchun topshiriq bunday: O’zlaringiz sharoitga qarab ehtiyot bilan mustaqil harakat qilinglar, dedilar.

Topshiriqni olgandan keyin hamma erkin, chuqur soʻrab olib, xotirjam boʻldi. Xuddi qora yer qa’rining zim-ziyo tutqinligidan bir moʻ‘jiza bilan qutulib, birdan yorugʻlikka chiqqanday, yayrab oʻtirib qoldilar. Hokim Toʻraevichning ovozidan eribroq oʻtirgan Birinchi Yettinchiga qaradi:
— Hammamiz uchun hurmatli Hokim Toʻraevich dono odam-da, topganini qarang: «Qora koʻzlar!» Muomala deb buni aytadi. Qarang, hech kimni boshqalardan ajratib ham atamaydi, hech kimni xafa ham qilmaydi. Hammaga yoqimli — «qora koʻzlar»! Shu kengligi ommaga ma’qulda kattamizning.
— Zoʻr, zoʻr. Gapga jubbo kiydiradilar.
— Hech-da. Chunonchi, mana seni oting bilan aytib, alohida atasa, sen hovliqib, bir qarich oʻsib, yana, xudo saqlasin, ochidib ketib, hamma yoqni savolga toʻldirib tashlarmiding! Shunday emasmi?
— Shunday.
— «Qora koʻzlar» deganda esa hamma bir qolipdan chiqqanday bab-baravar. Hech kim hovliqmaydi ham, kamsitilmaydi ham.
— Ha.

Yettinchi «ha» dediyu, lekin yana savolparastligi tutib, oʻrnidan turib ketdi.
— Hay, birodarlar, aytgancha, bu mustaqil harakat harakat qilinglar, degani qanaqa boʻladi?
— O’zlaring bilib yoʻlini topinglar deganidir-da.
— O’zimiz qayoqdan bilamiz, koʻrsatma boʻlmadi-ku? Yettinchining «savolchi»ligiga oʻrganib, bunga parvo qilmay qoʻygan odamlar bu safar xushyor tortishdi. Chindan ham, oʻz bilgicha ish qilish mumkin ekanmi, bunisi qanaqa boʻladi?
— Telefon qilish kerak, aytishsin! — dedi Ikkinchi.
— Telefon qilib boʻlar ekanmi. Telefon bir tomonlama-ku.
— Qanday «bir tomonlama»? — dedi Yettinchi.
— U tomondan gapirib boʻladi, bu tomondan — yoʻq. Uqdingmi?
— Qanday?— dedi. Sira tinchimadi bu «savolchi». Goʻyo faqat u hamma narsani bilishi kerak. Darrov bila qolishi kerak. Birinchi unga yana tushuntirib qoʻyishga majbur boʻldi:
— Menga qara, telefon ikki tomonlama ishlasa, tartib boʻladimi! Sen telefon qilsang, men telefon qilsam, sen bilan menga oʻxshaganlar nechta? Hokim Toʻraevich boʻlsa...

«Nima qilamiz boʻlmasa?» — bu savol hammaning ham koʻnglida bor edi. Bu «savolparast» podani bulgʻatdi shekillida. Birinchi marta bunday bezovta boʻlishlari. Ruhiy bezovtalik yomon ekan, halovat qochdi. Bu qiynoqdan koʻra, tepalikni oʻsha koʻrsatilgan joydan qaziyvergan osonroq edi. Kavlayverilsa bir joydan chiqiladiku axir.
— Biz yangi koʻrsatma oldik, demakki, eskisi bekor boʻldi. Yangi koʻrsatma shundan iboratki, mustaqil harakat qilish kerak, — dedi Oltinchi qogʻoziga qarab qiroat bilan. — Bu avvalgisidan mushkulroq albatta. Ammo shunday boʻlishi qonuniy. Chunki toshpiriqlar tobora ogʻirlashib bormasa olgʻa qarab siljish boʻlmaydi.
— Bir joydan kovlab, teshib chiqishi kerak. Havo kirsin, yoʻl ochilsin.
— Unday koʻrsatma boʻlgan emas...
— Qaysi tomonni kovlaymiz?
— Ha mana, oʻpirilib tushgan tomonni. Yoʻl oʻsha yoqda.
— U tomonni kovlashga kim koʻrsatma beradi?
— Boʻlmasa bir boshliq saylaymiz. O’sha nima desa — shu.
— Yoʻgʻe... — dedi Birinchi qoʻrqib. — Tepada boshligʻimiz turib, yana birovni saylash uni tan olmaslikka oʻxshab ketmaydimi?
— Kichkina... Kichkinagina bir boshliqcha saylaymizda. Bizga boʻlaveradi.
— Kimni?
— Mana, sizni, masalan, — deyishdi aka-ukalar. Birinchining moʻyi tikka boʻlib, sapchib tushdi.
— Meni?.. Seni kim tayinladi, desa... Yoʻq, tarbiya koʻrgan odammiz, oʻzboshimchalik boʻladi. Avvalo yuqoridan menga ishonch bildirilishi... — u bir tomonlama telefonga mungʻayib qarab qoʻydi.
— Yoʻq, birodarlar, — dedi Ikkinchi, — saylovi nimasi. Har kim oʻziga boshliq saylab olaversa... Topshiriqning har bir soʻzini diqqat bilan eshitdinglar: «Ehtiyot bilan» degan joyi bor. Bu donolik bilan aytilgan. Ehtiyot boʻlinmasa, mustaqillikning mana shunday xavfli tomonlari bor.
— Juda mushkul narsa ekanda... — dedi Beshinchi ketmonini suyab oʻtirarkan. Keyin u boʻxchasidan non, mayiz, talqon olib, qiyiqchasini yerga yozdi. Buni koʻrib boshqalar ham ochiqqanini sezdi chogʻi, biri belbogʻdan, biri toʻrxaltadan u bu olib oʻrtaga toʻkdi. Tortishuvlardan charchaganliklari ham endi bilindi. Shuncha tepalikni oʻyib, shuncha turpoq tashib munchalik charchamagan edilar. Chindan ham mushkul ekan...

U bu tamaddi qilgandan keyin, a’zoyi badanlari boʻshashib, uyqu tortib tursa ham, xotirjam boʻlolmas, bexalovat edilar.

Oziq-ovqatning hodini oldimi. poygak tomonga kalamush yugurib oʻtdi.
— Huv, padaringga la’nat!— dedi ishtahasi qochib, koʻngli betinch boʻlib oʻtirgan Yettinchi. Endi uning savoli ham qolmagan edi. Toʻgʻrirogʻi — bir-biriga mingashgan chigal-chirmov savollar uni yenggan, darmonini quritgan edi. U ham endi loqayd boʻlib qoldi, koʻpga kelgan toʻy, boshqalarga nima boʻlsa, unga ham shuda.
— Toʻxta, toʻxta!— dedi Ikkinchi shu mahal hovliqib. Aka-uka Uchinchi-Toʻrtinchilarning «dasturxon» qilib yoygan koʻk qogʻozini tortib oldi. Undagi piyola yumalab, ikkn hovuch jiyda, turshak, yana allanimalar sochilib ketdi. Aka-ukalarning ogʻzi ochilib qoldi. Ikkinchi qoʻlidagi koʻk qogʻozga tikilgan edi. Qogʻoz gʻijimlanib, yirtilib ketgan, cheti hoʻl, bir burchagi butunlay yoʻq.
— Menga qaranglar! Mana bu... Axir bu...

Hamma unga qarab engashdi. Ikkinchi gʻira-shira qogʻozdagi katta harflarni hijjalab oʻqishga harakat qilardi.
— Ins... Ins...
— Insi-jins!? Voy-dod!
— O’zingni bos, xursandchilik-ku qaytaga... «Ins... instr... «Buyogʻi sal yirtilibdi, attang», — dedi. Ikkinchi qogʻozning yirtilgan, buklangan joyini barmogʻi bilan tekislab, oʻqidi: — «Instr — ukuktsiya» Instruktsiya!
— A? — dedi aka-uka barobariga, Hamma oldidagi taomini unutgan edi.
— Instruktsiya?
— Ha-da. Mana! Instruktsiya topildi, birodarlar!— dedi Ikkinchi atrofida charaqlagan qora koʻzlarga tikilib. O’zi ham xazina topganday, oʻlimga mahkum etilgan doʻstlarining najotkoriday baxtiyor edi, ochilib ketdi: — Madaniy jamiyatda yashaymiz, azizlar. Bunday jamiyatda inson hech qanday vaziyatda ham yoʻl-yoʻriqsiz qolmaydi!

Instruktsiya — bamisoli mushkuli kushod. Toliqqan vujudlarga halovat qaytib keldi. Ovqat, charchoq, ruhiy xotirjamlik, bu omad hammani elitdi. Kechadan beri uxlamagan odamlar gʻam-tashvishdan arib, oyoqlarini bemalol uzatdilar, a’zoyi badanlari rohatdan halimday boʻshashib uyquga toldilar. Endi miriqib orom olsa ham boʻladi, aha, yaxshilab hordiq chiqarish kerak, ertaga aniq, tayinli ishlar turibdi. Qayoqdadir kalamush shitirlayapti. Shitirlasa shitirlayversin...

Ertasiga nonushtadan keyin hamma bel boglab yeng shimarib boʻlganida Ikkinchi chirogʻ tagiga borib «Instruktsiya»ni oʻqiy boshladi.

Hamma tilovat somedek jim oʻtirardi.
— «Instruktsiya» — deb oʻqidi Ikkinchi, — «Birlamchi modda. Massani... »
— Massani?
— Ha, ommani degani. «Massani harorat seltsiya boʻyicha — 5° dan past boʻlmagan salqin joyda saqlash kerak».
— Ha salqin joyda.
— «Ikkilamchi... » bunisi yirtilibdi. «Toʻrtlamchi modda. O’ylab boʻlgandan keyin... qoʻllarni albatta, yuvib tashlash kerak»
— Yuvdik, yuvdik!
— Toʻxtanglar!— dedi aka-ukalardan biri, Toʻrtinchi — Toʻxtanglar, birodarlar... bu... «oʻylab» emas, «oʻynab», «oʻynab boʻlgandan keyin» ya’ni, Kichkina oʻgʻlim qoʻgʻirchoq-odam yasayman deb xarxasha qilaverganidan, plastelin olib berib edim, bu oʻshaning qogʻozi... Non oʻrab kelgan ekanman, birodarlar!

Yuzlaridagi shu’la oʻchdi. Bekorga xursand boʻlishgan ekan. «Aldanib qolgon yomon», deb bekorga aytmaydi ashulachi. Kechagi tashvishli, soʻlgʻin holat yana qaytib keldi. Hatto Yettinchi ham biron savol topolmadi. Ikkinchi «Instruktsiya»ni jahl bilan tashlab yuborgan ekan. Beshinchi uni asta olib, avaylab taxladi-da, ichki choʻntagiga solib qoʻydi. Nima boʻlsa ham instruktsiya axir. Hurmat qilishi kerak tarbiya koʻrgan odam...

Jimjitlik eza boshladi. Yalang yerga kechagiday gʻuj boʻlib oʻtirib qolishgan edi. Qaerdadir yana kalamush shitirlagani eshitildi. Har zamonda stoldagi telefonga qarab qoʻnishadi — koʻrsatma boʻlib qolar degan ilinj, sira oʻlmaydigan umid bor-da...

Jimlik quloqlarda zingillab, sabr-bardoshni egovlaydi. Shu yerda dimiqib oʻlib ketasizlar desa ham... ishqilib, biron bir koʻrsatmacha boʻlsa... Tavba-astagʻfirullo, shunday oʻyga kelganlar ham boʻldi-da. Axir odamni ham oʻz-oʻziga qoʻyib beradimi!

Bir payt bir chinqnriqdan sukut darz ketdi.
— Anuni qaranglar!

Mizgʻib oʻtirganlarning quti oʻchdi. Chinqirgan aka-ukalarning biri — Uchinchi edi. Uning alohida ovozini endi eshitishdi, ovozi oʻtkir ekan. Hamma u koʻrsatgan poygak tomonga qaradi, oʻsha yerdan kichkinagina bir» nuqta yorugʻlik qorongʻi gʻorni teshib kirgan edi. Ingichka shu’la, bir chimdimgina nur ichkari tomondagi koʻr devorga oʻqday qadalib turibdi.
— Yorugʻlik! Yorugʻlik! — deb qichqirishdi.
— Kalamush teshibdi! Kalamush!

Birinchi shu nafis nur tasmasiday sehrlanganday, asta oʻsha tomon yurib, devor yonida toʻxtadi. O’ylab turib, etigi bilan bir tepgan edi, ikki zambil tuproq oʻpirilib, shovullab tushdi-da, odam boʻyi teshik ochilib ketdi. Kun kirib kelganday boʻldi gʻorga.

Joʻra-jamoat shovqin suron bilan oʻsha tomon oshiqdi. Birinchi tashqariga qaradi:

— Ogʻizlaringdan gullab qoʻymalaring, kalamush yoʻl koʻrsatdi deb! Kattamizninng ori kelib, bizni notoʻgʻri tushunib oʻtirmasin!...