OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsqad Muxtor
Asar nomiFano va baqo (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Asqad Muxtor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm63KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/06
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Fano va baqo (hikoya)
Asqad Muxtor

«
Boʻlmasa vasli mango,
ikki jahonni na qilay

Mashrab
»
«
Yozganlarim bari —      
hayot va oʻlim haqida

Edgar Po
»
«
Ollohning va’dasi haq.
Dunyoi-dun sizni hargiz
aldab qoʻymasin

Qur'oni karimdan
»

Xotin kishi bilan ish bitgandan keyin odam behafsala boʻlib qoladi. Xolxoʻja buni ilgaritdan bilardi-yu, lekin bunaqangisi boʻlgan emas. Haligina «Huriniso! Huriliqo!» qilib erkalagani Hurixonning basharasini koʻrgisi kelmay, uning vannadan chiqishini ham kutmasdan koʻylagini kiyib, ketishga otlandi.

Ob-havo nobop kunlar Xolxoʻjaga ta’sir qilmaydi. Biroq bugun shomdanoq negadir ichi xira, bekordan-bekor ezilib ketyapti. Kostyumini yelkasiga tashlab, derazadan boqsa, qora tun qoʻynida nimadir boʻgʻiq gumburlab... yoʻq, momaqaldiroq emas, samolyot yo vertolyot ham emas, yer qa’ridan vahimali, boʻgʻiq guvillash koʻtarilayotganday. Bir zumdan keyin boʻlsa, uzoq-yaqinda itlar vovullab, tinchlikni buzdi. Xolxoʻja shahar joyda itning bunday chiyaboʻriday xunuk ulishini eshitgan emasdi. Mash'um nishona...

Eshikka qarab yurdi. Yoʻlakka chiqqanida tepasida nimadir qirsillab, ohak toʻkildi. Sargʻayibroq yonib turgan chiroqlar lipillab chayqalardi. Xolxoʻja boshi ustida beton plitaning darz ketganini koʻrib, ogʻzini ochib ham ulgurmay, oldinroqda shift toʻsinlari qarsillab, nazarida devor agʻanadi. Qars-qars tebranayotgan zinapoyadan oʻzini pastga otdi, xuddi gugurt qutisiday mayishib yanchilayotgan beton qavatlardan nechtasi orqada qoldi — bilmaydi, roʻparasidagi eshik kesakisi bilan oʻpirilib, qattiq gumburdan keyin orqa-oʻngida quyuq toʻzon koʻtarildi. Koʻz ochib, nafas olib boʻlmas, chiroqlar oʻchgan, tepadagi beton qavatlar xuddi bosib tushmoqda, na oldinga, na orqaga yoʻl bor. Xolxoʻja nimagadir qoqinib-surilib, xavfsiz joy qaerda ekanini bilmasa ham, oʻzini chetroqqa olishga urinar edi. Bir joyda turishga toqati chidamay, toʻzon quyunida chang yutib, qorongʻida qandaydir gʻisht uyumlaridan hatlab oʻtib, devorni paypasladi. Qoʻli nimadandir tilinib, bilagiga issiq qon yugurganini sezdi. Sezdiyu e’tibor bermadi, chunki bu vaqt qaerdadir gʻirchillab eshik ochildi. Tepada yana ham dahshatliroq gumburlashlar eshitilardi. Xolxoʻja toyibmi, bir nimaning zarbi bilanmi, shu zahotiyoq zinadan yumalab pastga tushib ketdi.

...Yotgan yerida lat yegan, shilingan joylarining ogʻrigʻidan ham oldin kallasiga oʻy keldi: bu mudhish zil-zila edi, u esa — tirik. Lekin qaerda yotibdi? Fahm-ladiki, haligi gʻirchillagan eshikni oʻzi ochgan ekan: u yumalagan zina, bu zax joy — koʻp qavatli binoning podvali boʻlishi mumkin... Ha, yertoʻla, hididan ma’lum.

U «tirikman» dedi-yu, ammo shubhalanib qoldi. At-rof zim-ziyo, quloqlari tom bitgan, faqat ...hid bilyapti, hid! Demak, nafas olyapti, dimoqni paxsalaydi-gan boyagi chang yoʻq, zamin ham tinchidi chogʻi. Xolxoʻja qoʻl-oyogʻini qimirlatyb koʻrdi, sal zirqirasa ham, xayriyat, bari butun. Atrofini paypaslab, turib oʻtirdi. Barmoqlari bilan quloq-burnini ushlab koʻrdi, shukr, u-bu sharpani zshityapti. Lekin quloqlari zingʻillar, boshi gʻuvillar edi. Keyin tushundi: jim-jitlikdan ekan. Haligi mudhish gumburlashlardan keyingi bu jimjitlik undan battar vahimali tuyul-di...

Qani endi hozir birdan uygʻonib ketsa! Bordiyu Huri qanjiqning toʻshagida mizgʻib qolgan boʻlsayu... Koshkiydi. Mana bu koʻzga turtsang koʻrinmaydigan zimistonning sassigʻi — tushga oʻxshamaydi, tush emas. «Qanjiq» dema, u shoʻring qurgʻurni ham hozir hoynahoy bosib qoldiyov. Vannasida kafansiz koʻmilib yotibdimi hali...

Shu zahoti necha yuzlab jon nobud boʻldi, Xolxoʻja sen tiriksan. Sen tiriksan, Xol! Olamda shu payt ikki narsa bor: oʻligu tirik. Uchinchisi yoʻq. Sen esa tiriksan, Xolxoʻja.

Shu oʻylardan keyin u bir dam nafas rostladi. Ammo qaerdandir yana bir nima qirsilladi, guv eshitildi. Zilzila «qaytdi» shekilli. Xolxoʻjaning endi oʻlgisi yoʻq, u oʻlimning dahshatini boshidan kechirdi. Qutuldim deganida... endi oʻlimni oʻylash ming bora mudhish... U devorni paypaslab oʻrnidan turdi. Tizzalari qaltirar edi. Qorongʻida bittagina nur zarracha boʻlsa ham yorugʻlik qidirib, moʻltirab turganida sal narida lip etib... voajabo, chiroq yondi. Xolxoʻja hushidan ketayozdi, birdan urilgan shu'ladan koʻzlarini chirt yumdi, yorugʻlikdan butun vujudi yayraganday boʻshashdi. Bu nima oʻzi? Nima boʻldi? Elektr chirogʻi-ku! Kim yoqdi? Yo undan boshqa odam ham bormi? Xiragina qizarib, sal lipillab turgan kichkina lampa zim-ziyo yertoʻlani kunday yoritgan edi. Biror joyda sim uzilgan boʻlsa, keyingi qimirlashda oʻzidan oʻzi bexos ulanib qoldi chamasi. Omad-da! Xolxoʻja omadli yigit oʻzi. Uylab qarasa, omad unga bir umr soyaday ergashib yurgai ekan: soldatlikka bir yarim yosh yetmay, qirgʻin urushdan chetda qoldi, ta’qibu qamoqlardan xudo asradi, qoʻyingchi, kasalxonaga ham tushgani yoʻqda. Baxtu mol — dunyoning moʻmay-moʻmayi gohida shundoqqina osmondan oyogʻini uzatib tushaverdi, olamda oʻzidan boʻlak gʻami yoʻq. Omad bu safar ham roʻparasidan chiqib qolsa ne ajab.

U ehtiyotlik bilan devor boʻylab yurib, bir umid ilinjida yertoʻlani aylanib chiqdi, eshik-teshik degan narsa yoʻq. Orqa tomon butunlay bosib yotibdi—yaqinlashish xatarli. Qirgan eshigi, yumalab tushgan zinapoyasi qayoqdan edi, aqli yetmadi. Gʻisht beton, tuproq oʻpirilib tushgan, hammayoq gum... Xolxoʻjaning vahima-si oshib, havo yetmayotganday, badanidan sovuq ter chiqib ketdi: tirik koʻmilgan boʻlsa-ya! Nima boʻladi unda? Avval aqldan ozib, jinni boʻladi. Keyin ochlikdan, yolgʻizlikdan talvasada jon berib... murdasi sasib yotadi. Bir sichqonmi — kalamush ham yugurib oʻtmaydi bu yerda... Yoʻq. Nima «yoʻq»? U kuchi boricha ovoz berib koʻrdi, yertoʻlani yana aylanib, jon-jahdi bilan baqirib-chaqirdi. Boʻgʻiq yangragan ovozni yertoʻla qsra goʻrday oʻz qa’riga yutardi. Xolxoʻja shaytonlaganday zir yugurib, devorlarga urilib, qoqinib-surinib, holdan toydi. Miyasi karaxt, hech narsa oʻylayolmay, beton devorga suyangancha uzoq turdi. Yoʻq... Qutqazishadi. Yertoʻlada odam koʻmilib qoladiyu qutqazmaydimi... Mahalladagilar sal oʻzlariga kelishsinchi, qidirib qolishadi. Kavlashayotganda tepadan beton plitalar bosib tushmasa bas. Ular sal ilinib omonat turganga oʻxshaydi. Xolxoʻja tepaga koʻz solishga botinmay, gʻujanak boʻldi. U qoʻrqishdan, vahimayu talvasalardan toliqqan edi. Bunaqada telba boʻlib qolish mumkin. Oʻzingni bos, Xolxoʻja. Nafas boʻgʻilishi ham vahimadan, bu yerda havo yetarli, uqdingmi, avval esni joyiga qoʻyish kerak. Qancha vaqt oʻtdi oʻzi? Bir oʻylasa — necha kunlardan beri shu yerda oʻtirganga oʻxshaydi. «Kunlar» deganda eti jimirlab ketdi. Yoʻq. yoʻq, axir. Hali yarnm soat ham boʻlgani yoʻq. Xolxoʻja buni yaxshi biladi, qizib ketgan miyasining bir chekkasida idroki uygʻoq. Mana shuni yoʻqotmaslik kerak, telbalik oʻldiradi, sovush kerak, sovuqqonlik kerak.

Yarim soat emas, nazarida undan ham kam, besh-oʻn minutgina... Lekin bir dunyo xayol oʻtdi boshidan. Yolgʻizlikda shuning oʻzidan ham jinni boʻlish mumkin. Idrok dedi. Yolgʻizlik-chi? Bu ikkalasining chiqishuvi qiyin yo u, yo bu yengadi.

Xolxoʻja dahshatli yolgʻizlikning idrokdan ustun kelishiga koʻzi yetib turganida allaqayoqdan ingragan ovoz eshitildi. Badanidagi ogʻriqlarni unutib, sapchib turdi, alangladi, yana quloq soldi. Tashqaridami? Tashqarida boʻlsa, eshitilmas edi. Tuproq, gʻisht ostidami? Unday boʻlsa, uni qidirib bir joyni kavlash ham xatarli. Kavlamay quloq solib oʻtirish—undan ham mudhish... Ingrash yana eshitildi. U yordamga muhtoj bir issiq jon ekanligi aniq. Xolxoʻja uyoq-buyoqqa yugurgiladi. Uni quvonch yugurtiryaptimi, vahimami — Oʻzi bilmasdi. Burchaklarga kirdi, beton bloklari mayishib, armatura simlari chiqib, oʻpirilib yotgan yon devor kavaklariga, kunjaklarga koʻz soldi. Toʻxtab, jimlikka quloq tutsa, ovozidan tezroq topardi, lekin hovliqib jim turolmayapti, asablari qaqshagan, sabr-toqat tugagan, oʻzining nafasidan boshqa sharpani eshitmas edi. Bunga sari oʻt olganday shoshib, choʻloqlanib yuguradi, yiqiladi, yana turadi.
— Hoy, kim bor?!

Ovozim chiqmayapti shekilli, deb bir zum tinch qoluvdi, zaif ingrash yana takrorlandi. Xolxoʻja oʻsha yoqqa urdi oʻzini. Bu haligina oʻzi kirgan eshik tomonda edi. Endi eshik yoʻq. Bu yon ham oʻpirilib, gʻishtu beton uyumi shiftga taqalib yotibdi. Ovoz shu yerdan keldi, bu aniq. Yana bir eshitilsa — ustidan chiqadi. Kutdi. Ingrash eshitilmadiyu shitirlab tuproq toʻkildi. Xolxoʻja bir uchi bilan yerga qadalib qolgan balka ostiga bosh suqib qarasa, ingrash yonginasida eshitildi. Qorongʻida yarim koʻmilib yotgan gavdani koʻzlari ilgʻaganday boʻldi.
— Hoy, tirikmisiz?!
— ... O-o-oyogʻim...— dedi haligi odam.

Tirik! Ulib qolmasa boʻlgani. Qaysi tomondan bornsh kerak? Bu yerda bir nimani sal qimirlatsang bosib qolishi hech gapmas.
— Kimsiz?

U odam bir nima deb gʻudrandi-yu, ogʻzi tuproqqa toʻlganmi, tushunib boʻlmaydi. Joni uzilib qolmasa bas. Oʻlib qoladigan boʻlsa... hali yolgʻizlik vahimasi bosayotuvdi, endi... Yoningda oʻlik bilan yolgʻiz qolish...

Oʻzingni bos, Xolxoʻja. Ogʻir boʻl, omaddan umid uzma. Buni qutqazish kerak. Qutqazish kerak.

Bir yelkasi bilan toʻsin tagiga suqilib, qoʻlini uzatdi. Uning paypaslayotganini sezgan haligi odam, yana:
— O-o-yoq...— deya shivirladi siqtab.

Xolxoʻja kafti bilan uning ustidagi tuproqni sidirib tashlab, qoʻl-oyogʻi qaerdaligini topishga urindi. Paypaslab yuzini topdi, issiq nafasini sezdi.
— Hozir... hozir... Birpas toqat qiling. birodar...

Bu odamning oyogʻini bosib yotgan yoʻgʻon xoda bir uchi

bilan yerga tiralgan, bir uchi bilan tepadagi beton plitani suyab qolgan edi.
— Xodaga tegmang... oyoq... oyoqni torting,— dedi yotgan odam. Uning koʻzi qorongʻiga koʻnikib, u-bu narsani koʻrib yotganga oʻxshaydi. Xolxoʻja hushyor tortib, oʻzini chetga oldi. Qarasa, chindan ham xavfli: xodani qimirlatsa shift bosib tushadigan...
— Oyoq... ni,— dedi chorasiz odam qattiq ogʻriqdan tishini tishiga bosib.

Xolxoʻja uning etigini paypaslab topib, oyoqni xodaning koʻtarilgan tomoniga qarab surishga urindi. Tepaga qarab olib, etik poshnasidan mahkam ushladida, yana tortdi. Bechora jon-jahdi bilan «ya... ya... yana!» degancha tinchib qoldi. Ogʻriqdan hushiii yoʻqotdimi, nima balo? Ulib qolmasa boʻlgani. Xolxoʻja tagʻin bir zoʻr berib siltagan edi, u xunuk ovoz chiqarib dod soldiyu yana jimib qoldi. Xolxoʻja ham qimir etmay quloq solardi. Xayriyat, nafas olishi sezilyapti. Tavakkal qilib, ikkala oyogʻidan torta boshladi. Uni yorugʻlikka sudrab chiqqunicha vujudini qora ter bosdi. Usti-boshidan shuvillab tuproq toʻkilgach, kapalak moʻylov, oʻrta yashar, naynovgina yigitning loy tekkan aft-basharasi koʻrindi. Lekin koʻzi yumuq, yuzi ifodasiz, behush yotar edi. Xolxoʻja uning tomirini ushlab koʻrib, xunuk jilmaydi-da, yana chaqqon harakatga tushdn. U oʻzidan mamnun, jonlanib ketgan edi. Shoʻrlikning yuz-koʻzini siypalab, ustidagi ohak kukunini qoqib tashlab, soʻradi:
— Hoy, qalaysiz?
— Oyoq...— dedi yana yigit koʻzini ochmay.

Oyogʻiga qaradi, etigini tortib koʻrdi, lekin nkkinchi oyogʻiga qoʻl tegizishi bilan yigit baqirib yubordi. Xolxoʻja boʻlsa, uning faryodiga quvonganday:
— Bormisiz-e...—dedi.—Hozircha chidaysiz, birodar. Sinmagan etik qoʻnji saqlabdi, shukr qiling, le

kin qattiq lat yegan, chidaysiz!

Shunday dedi-yu, dod solishiga qaramay, etikni shartta, yechib oldi. Yigit bir ingrab, jim boʻldi. Xolxoʻja bir poy etikni quchoqlagancha oʻtirib qoldn.

Ikkalasi ham goʻyo ogʻir ishdan keyin dam olishar edi. Anchadan soʻng yigit koʻz ochib, shiftga, atrofga, keyin najotkoriga boqdi. Qaerda yotganini hali fahmlagani yoʻq chamasi.
— Tuzukmisiz?— dedi Xolxoʻja.
— Boshim nimagadir urilib... hech nimani bilganim yoʻq. Hushimga kelsam... oyoq ogʻriyapti. Qattiq ogʻriq hushimga keltirdi chamamda.
— Hozir-chi?
— Hozir... qarang-chi, oyoq butunmi?

Xolxoʻja oyoqqa yopishib qotgan paytavani ehtiyot bi-lan yechib oldiyu qorayib-koʻkargan boldirni ushlab koʻrishga qoʻrqdi.
— Bugunoq chopqillab ketasiz...
— Nazarimda, qon yurdi... rahmat sizga. Qaerda-miz? Nima boʻldi?
— Zilzila... Yomon boʻldi. Yertoʻlada qamalib yotibmiz, yuqorida nima boʻlganini bilmayman.
— Hushimga kelganimda oʻzimning ham taxminim shu edi. Boshqa hech kim... biron eshik-teshik yoʻqmi?
— Yoʻq... Yilt etgan tuynuk ham yoʻq...
— Chiroq...
— Chiroq keyin yondi, hayronman. Xullas... hozir tirik qolganimizga shukr deyishga toʻgʻri keladi. Oyoq qalay?

Yigit indamadi. Ancha jim yotgandan keyin zoʻr bilan sal yonboshlab paxtaligini yechib buklab, orqasiga qoʻydi-da, devorga suyanibroq oʻtirib, moʻmataloq boʻlib ketgan boldiriga qaradi. Oyoqni qimirlatolmadi.
— Sinmagan deyapsizmi? Nazarimda majaqlanib ketganga oʻxshaydi.
— Singan boʻlsa hozir men bilan gaplashib oʻtirarmidishgiz, birodar. Ogʻrigʻiga chidolmay, devorga tirmashardingiz, ha. Mayishib, qon uyushib qolgan, qorayib ketganini koʻrmaysizmi? Otingiz nimadi?
— Ochil, Sizniki-chi?
— Xolxoʻja. Shu uydanmisiz?
— Oltinchi qavatdan.
— Xayriyat,— devordi Xolxoʻja. Ochil, oyogʻi bilan ovora, eshitmadi.

Shu uydan! Shu uydan ekan bu shoʻring qurgʻur! Hoy, buki emas, oʻzingni oʻlimdan qutqazibsan, Hol. Buni albatta qidirishadi, yertoʻlani kavlashadi!

Yuragida umid uchqunladi.
— Nima dedingiz?
— Meni bu uyda hech kim bilmaydi... deyapman. Baxtsiz tasodif bilan kelib qolgandim...

Odamni oʻlimdan qutqazish bu qadar quvonchli boʻlishini bilmas ekan. Yaradorga yordam berish taraddudiga tushdi.
— Xizmat boʻlmasa, Xolxoʻja aka, hov sandiqni koʻrayapsizmi?
— Sandiq?
— Ha, ana, devorga suyab qoʻyilgan.

Xolxoʻja qorongʻi burchakdagi axlat tashlanadigan qopqoqli taxta qutini koʻrdi.
— Ushanda chirpit... katta shisha bor. Olib kelsangiz.

Xolxoʻja borib qopqoqni koʻtardi. Sakkiz litrlik shishani topdi. «Sandiq»da yana allaqanday temir-tersak, egri-bugri, quvurlar, qogʻoz qopchiq, unda shakarmi, tagʻin bir nimalar bor edi. Ogʻir shishani koʻksiga bosib olib keldi, u toʻla emas, tubida nimadir chayqalar edi.

Ochil qoʻliga olib, poʻkagini ocharkan:
— Samogon,— dedi iljayib. Xolxoʻja hididan fahmlagan edi. Lekin:
— Rostdanmi?—deb yana soʻradi,— chagʻirpazlik ham qilaman deng?
— Shu la’natini deb tushgan edim bu qora goʻrga...

Noqulay jimlikni yana oʻzi buzdi.
— Kuzya degan shopir ogʻaynim oʻrgatgan. Men oʻzim shopirman-da. Bu... oson, men sizga aytsam. Shakar topilsa boʻlgani,— shisha ogʻzini hidlab, aftini jiyirdi,— juda zakonni boʻladi, «Stolichna»ngiz u yoqda

tursin.
— Kayfi zoʻrmi?

Ochil indayolmadi.
— Hozircha oyoqdan boʻlsa ham...— deb hazillashdi Xolxoʻja. Ochil «ma’qul aytdingiz» deganday bosh irgʻab qoʻydi, u koʻzini chirt yumib olgan edi. Spirt ta’sir qila boshladi chogʻi, birpasdan keyin yengil tortib, sherigiga iljaydi. Lekin bu iljayish tez soʻndi.

Xolxoʻja yonida tirik odam paydo boʻlganiga quvonib ketib, hazil boshlaganidan oʻzini noqulay sezdi. Bu ahvolda hazil chindan ham gustohlikka oʻxshardi. Vaqtni soʻrab, Ochilda ham soat yoʻqligini bilgach, koʻnglini yana vahima bosdi. Qancha vaqt oʻtdi, hozir tunmi-kunmi — ma’lum emas, taxminlab ham boʻlmas edi. Yertoʻlada vahimani oshiradigan ogʻir jimlik.
— Chiroqni oʻchiring-chi, balki biron joyda yoriqmi — tuynuk bordir,— dedi Ochil,— boʻlmasligi mumkin emas. Oʻchiring.

Xolxoʻja hozir chiroq ham oʻchsa, bu zimziyo jimlikka bardosh berolmasligini oʻylab, sekin chiroq tomon yurdi. Lampani burab oʻchirdi-da, qoʻli kuydi, bu kichkina oʻt, jindakkina hayot manbai soʻnib qolishi mumkinligini oʻylab, oyogʻi qaltirab ketdi.
— Ochil...— dedi Xolxoʻja yuragi toshib, — bormisiz?

Keyin beixtiyor chiroqni yana yoqib yubordi.
— Dunyoga tuynuk boʻlmasa ham, bir-birimizni koʻrib turganimiz ma’qul,—dedi joyiga kelib oʻtirarkan. Qanaqa vaziyatga tushib qolganini endi astoydil idrok etgan Ochil betoqat edi, oyoq ikkinchi masala boʻlib qoldi.
— Hammayoqni aylandingizmi?
— Ha... chor taraf— gum: tosh, beton, gʻisht, tuproq...
— Menga bir tayoq topib bering.

Xolxoʻja ivirsib yurib, bitta egri quvur boʻlagini topib keldi.
— Mana, tayoqda toy kuchi bor, deganlar, hakkalab yurib ketasiz.

Ochil turdi. Temirga tayanib, ogʻriq oyogʻini sudragancha uzoq burchakka qarab ketdi.

U endi yiqilgancha aylanadi, tentiraydi. Hammayoq-qa bosh uradi. Hammayoq devor. Umidning oxirgi uch qunini ham oʻchirib qaytadi.

Chindan shunday boʻldi. Lekin u boʻkirib yigʻlab qaytib keldi: ogʻriqdanmi, vahimadanmi — bilish qiyin edi.

Yoʻq! yoʻq! Ulib ketamiz! Kavlash kerak! Oʻtiraveradimi oʻlimni kutib?!
— Kavlash — Oʻlimning oʻzi. Qaer bosadi, qaer bosmaydi — ichkaridan turib bilib boʻladimi?
— Aniqlang, qimirlang, nimani kutyapmiz?

Ochilning ahvoli ayanchli edi, Bogʻlangan oyogʻini ham urib olganga oʻxshaydi: yuzi benihoya dardli.

Jim qoldilar. Birpasdan keyin Ochil zaif tovush bilan:
— Uzr...— deb qoʻydi.

Yana jim qoldilar. Anchadan keyin Xolxoʻja qarasa, sherigi uxlab qolibdi. Uyqumi, behushlikmi, ishqilib mayli, shoʻrlik orom olsin. Hozir Xolxoʻja uchun u — butun bir dunyo. Shu boʻlmasa jinni boʻlib, ajalidan oldin oʻlib, yertoʻlada chirib ketishi aniq edi. Mana, gaplashib oʻtirishibdi. Yigʻladi, jerikdi, uzr soʻradi, uxlayapti... Ajab, hayotda minglab, odam bilan yonma-yon yashaysan, bittasining sariq chaqalik qadri yoʻq. Boshiga tushmasa bilmas ekan bandasi.

Shu oʻylar bilan oʻzi ham uyquga tolganini sezmay qolibdi... Koʻz ochsa — atrof oʻsha-oʻsha, yarim oʻpirilgan shiftda sargʻish chiroq miltillab turibdi. Roʻparasida Ochil unga tikilib oʻtiribdi.
— Vaqt necha boʻldiykin?—dedi Xolxoʻja xuddi oʻzi uyida uyqudan turgandek, begʻam kerishib.
— Vaqt?.. Kunmi-tunmi deng.
— Vaqtni qorin ochishiga qarab bilsa boʻladi.
— Meniki nuqul oʻn ikkiga borib quldiraydi,— deb hazin jilmaydi Ochil.
— Meningcha, hozir ertalab soat oʻnlar bor-ov...
— Qayoqdan bildingiz?

Men har kuni oʻnda bazada nonushta qilaman... Mana, hozir ogʻzim suv ochayapti.
— Magazinchimisiz, deyman?
— Oziq-ovqat bazasida mudirman.
— O... undoq boʻlsa bu yerning taomi sizbop emas-ov...
— Mana, samagon bizbop.
— Och qorinni shilib ketadi, battar ochqaysiz.
— Siz ichmaysizmi?
— Biz shopirlar bunga oʻrgansak, ajalimizdan besh kun oldin...
— Bu yerda mashina haydamaysiz.
— Baribir, oʻrganmaganman.
— Buni oʻzingiz qilganmisiz, axir?
— Sotishga... Hozir bilasiz-ku, magazinlaringda an-qoning urugʻi boʻlib ketdi bu sabil. Mana buni...— chirpitni chayqab qoʻydi. Ochil,— yigirma beshga olyapti shishasini.
— Quyqasini qalqitdingiz. Ha mayli, boʻtanasi qorinni ham toʻygʻazadi.
— Menga qanddan ola keling, aka.

Xolxoʻja borib, «sandiq»dagi qogʻoz xaltani koʻtarib keldi.
— Zakuskaga yaraydimi?— soʻradi Xol.
— Yoʻq.
— Nega, bu ham shundan boʻlgan-ku, qarindoshi bilan yigʻlab koʻrishmaydimi?
— Yoʻq, koʻnglingiz aynib, kecha yegan noz-ne’matlaringizni ham qayt qilib tashlaysiz.
— Bu gapingiz ham toʻgʻri...— dedi Xolxoʻja, suv aralashgan sutdek oqarinqirab turgan shishaga qarab. Ichkisi kelar, xavotiri ham bor edi.
— Mayli boʻlmasa, siz kayf qiling, men qand yalayman. Tomoq tomoq emas, tomoqdan oʻtgani tomoq.

U yaladi. Bu ichdi.
— ... Kayf, qand... Itni kunini ham chiroyli gap bilan bejasa boʻladi-ya, qarang,— dedi Xolxoʻja tomogʻini kuydirib oʻtgan chagʻirning qoʻlansa hididan aftini burishtirarkan.

«Itning kuni» degan soʻzlar ikkalasiga ham chorasiz ahvollarini yana eslatdi. Ularni qilday umid ushlab turar, dam-badam uzoq jim qolib, tiq etgan sadoga ilhaq, tepaga qarar, quloq osar edilar. U yerda esa mudhish jimlik. Juda qalin qatlamlar ostida koʻmilib qolishgan shekilli.
— Nima boʻldi endi, sizningcha, hozir tunmi-kunmi?
— Hayronman. Bordiyu kun boʻlsa, tepada biron narsa taq etardi axir ...Siz bilan bizga bu yogʻi hamishalik tun boʻlmasa deb qoʻrqaman...

Ochil yalt etib qarab «yoqangga yopishsin!» devorishiga sal qoldi.
— Nafasni sovuq qilmang, aka...— dedi keyin xomush. Xolxoʻjaning kayfiyati unga ham ta’sir qila

boshladi.

Xolxoʻja boʻlsa, oʻzini qayoqqa qoʻyishni bilmayapti. Kecha shishaning ogʻzidan ichilgan uch-toʻrt qultum samogon uni ezib yuborgan edi. Xumoriga qultillatib yana xoʻpladi.

Ochil oʻzini undan koʻra tadbirkorroq hisoblardi: u kam gapirib, kam harakat qilib, oz-ozdan shakar yalab, koʻproq uxlab, kuch saqlaydi. Bu yerda qancha yotishlari hali ma’lum emas.

Sherigi esa, chidami tez tugab, oʻzini-oʻzi yeb qoʻyyapti. Gʻazablanib, koʻp gapiradi, yana ichib qoʻyadi-da, battar eziladi, tashnalikdan nolib zang bosgan quvurlardan tomayotgan iliq suvdan ichib keladi. Ochil oʻsha quvurning tagiga tunuka idish qoʻyib keldi — suv yigʻilib, sovib, tinib turadi.
— Oling bundan, birodar, kayf bilan vaqt oʻtganini bilmaysiz,— dedi Xolxoʻja. Uzi molday shimirib, uchib qoldi. Shundan keyin yetti-sakkiz soat uxladi. Ochil boʻlsa, uning xurragini tinglab, «shift»ga

qarab yotarkan, behosdan koʻngli buzilib, yuzini yengi bilan toʻsib yigʻladi. Charchagach, uyquta ketdi.

Uygʻonsa, barakalla-e, xurrak hali-hamon davom etardi. Uxlash albata, yaxshi, kuch gʻanimat. Ammo Ochilni borgan sari vahima bosyapti, qancha vaqt, necha kun oʻtdi — ma’lum emas: yuqorida nima gap, ularni hech kim esladimi oʻzi? Qidiruvchilarning sharpasi ham sezilmaydi, nahotki mana bu shoʻring qurgʻurning sovuq gapi toʻgʻri chiqib...

Xolxoʻja qimirladi, bosinqirab, baqirib uygʻondi-da, Ochilga olayib qarab, boʻkirib yigʻlab yubordi. Ovozi xunuk edi. Ochil tasalliga bir nima deyolmadi. Sherigini hiqichoq tutib, tinchib qoldi.
— Tuzukmisiz?
— Tushimda... boʻrilar qurshab olganmish. Tushning teskarisi boʻladi deyishadi, ishqilib...
— Yoʻq, aka,— dedi Ochil, bilagʻonligi tutib,— Azroilning bir turqi — boʻri ekak. Eshitmaganmisiz?

Xolxoʻja indamadi. Ochil ehtiyotsiz gapirib qoʻyganini sezib, tilini tishlab qoldi. Qeyinroq Xolxoʻja suv ichgani borganida yurishndan bilindiki, darmoni tugayapti. Suvni tunukasi bilan koʻtarib kelib, yoniga qoʻydi. Bu ishi ham toʻgʻri: har safar borib kelish uchun majol kerak, shu yerda tursa, chanqaganda ogʻiz hoʻllab turilaveradi. Suv yoʻgʻida tayammum, degan mashoyixlar.

Kunmi-tunmi degan bahs ham tugadi. Buni endi uyqu bosishiga qarab ham aniqlab boʻlmaydi — uyqu vaqti ham chalkashib ketdi. Xolxoʻja boʻlsa, hamisha shirakayf, uyqusirab yotganiyotgan. Vaqtni qorin ochishiga qarab ham aniqlab boʻlmaydi — ochlik ichni tatalab, umurtqani soʻrib, tinkani qurityapti. Ovqat haqida gap ochishga jur'at yoʻq, bir-birlaridan koʻzlarini olib qochishadi. Umid ipi borgan sari ingichka tortib ketayotganini sezadilar. Dildagi roʻy-rost gapni aytishdan qoʻrqib, soatlab gʻiq etmay oʻtiradilar.

Sherigi yana ichib uxlab qolganida Ochil oʻzini qayoqqa qoʻyishni bilmaydi. Xolxoʻja och qoringa koʻp ichyapti, bir kor-hol boʻlib qolmasa edi. Ochil anglab yetdiki, yoningda issiq jon boʻlmasa jon saqlash mushkul.

Bir safar Xolxoʻja uygʻondi-yu, juda uzoq jim yotdi.
— Aka,— dedi Ochil xavotir olib,— nimalarni oʻylayapsiz?

Xolxoʻja yana ancha oʻylaganidan keyin tilga kirdi:
— Shu... bir xayol kalladan ketmayapti. Xuddi changak solib yopishib olgan...
— Nima ekan u?
— Oʻzing haqingdagi yomon gapni birovlarga gapiraverma, derdilar dadam rahmatlik. Bir chekkasi— bu ham toʻgʻri. Yomon gapni ichingda saqlab, goʻringga olib ketganing ma’qul. Dunyoda sening toʻgʻringda faqat yaxshi gap qolishi kerak. Yomondan odamlarga nima naf, toʻgʻrimi?
— Toʻgʻri.
— Toʻgʻri-yu, lekin hamma yomonlikka shu dunyoda oʻrgandik, shu yerda orttirdik barini. Odam bolasi dunyoga sof keladi, bu yerda orttirgan jamiki qabihliklarini, jinoyatu pastkashliklarini tashlab, sof ketishi kerak emasmi?
— Bu gapingiz toʻgʻri. Tirikchilik — asli tirriqchilik. U dunyoga ishonmaydi-da koʻplar. Shuning uchun qoʻrq-may kirdikorini qilaveradi.
— Boqiy dunyoning borligi uning ostonasiga kelganimizdagina yodimizga tushadi. Inson uning borligiga bir umr iymon keltirsa, kaptar kelib quzgʻun ketmasdi...

Kelsa gumon — ketar iymon, degani shundan-da.
— ... Oʻligimiz shu yerda qolib ketishiga koʻzim yetib qoldi, birodar.
— Unday demang, aka.
— Sizni bilmayman-u, men... Gapirishga holim borida quloq soling...

Ochil boʻshashib ketdi, oyogʻini sudrab unga yaqinrok siljidi. Xolxoʻjaning ovozi bazoʻr eshitilardi, nafasi tez, chindan ham...
— Aytganingizday, darhaqiqat,— deya uni chalgʻitmoqchi boʻldi.
— Endigina mol, bilim, hunar, tajriba toʻplaganing ... barini birdan... olib ketganing yomon ekan...
— Dunyo yigʻib netarsan — bir kun tashlab ketarsan. Bunisi mayli, lekin gunohni olib ketma.
— Ha... Qisqa umrimizda shuncha gunoh! Ming yil yashasak nima boʻlardikin? Dahshat!
— Yosh ekansiz — bilmaysiz: hayot oʻlimdan yomonroq. Men ne vaqtdan beri shuni oʻylab, boshim yorilay deyapti. Hayot zararli, odam shundan oʻladi asli. Ammo-lekin dorilbaqo... ostonasida turgan kishi uchun fanoning oʻzi ham, u tugʻdirgan mudhish gunohlar ham hech nima emas. Faqat ularni dunyoga tashlab ketish kerak.

Ochil avval uni alahlayapti deb ham oʻyladi. Lekin qarasa, gapni oʻziga yarasha mantiq bilan olib ketyapti. Ovozi zoʻrgʻa eshitiladi, nafasi boʻlinib-boʻlinib chiqadi-yu, lekin gapida jon bor.
— Tashlab ketib boʻlar ekanmi...— dedi Ochil, esankirab.
— Boʻladi,— dedi Xolxoʻja.— Kimgadyr yorilish kerak. Yoriladiganing boʻlmasa yomon, ichingda ketadi. Xayriyat, mana...
— Toʻgʻri, aka, odam odamning dardini oladi. Jon jonga quvvat.

Xolxoʻja charchab, jimib qoldi. Ochil, oʻlim oldidan odam ortida qoladiganlarni oʻylasa kerak, deb yurardi. yoʻq inson hamon oʻzini oʻylarkan. Unga yorilmoqchi bir gunohi azim tilkalayapti koʻksini. Shuni «tashlab», «soflanib», ketmoqchi. Shundan yengil tortsa, mayli lekin ulgurarmikin?
— Qanddan yalang aka, darmon boʻladi.
— Yoʻq, endi foydasiz... Siz quloq tuting,— Xolxoʻja nafas rostlab, gap boshladi.— Bir begunohni oʻn besh yilga qamatib yuborganman, birodar.
— Yopiray, qandoq?
— Yolgʻon guvohlik berib. Buni men bilamanu, mana, endi siz bilyapsiz.
— Men bilmayman, aka,—dedi Ochil kapalagi uchib.
— Hozir gapirib beraman.— Xolxoʻja tunukadagi suvdan kaftiga olib, lablarini namladi.— Oʻn yil avval oziq-ovqat bazasida hammol edim. Tolzordagi magazin mudiri Haydarov bilan oʻsha yerda tanishganman. Qoʻynimga u-bu qistirar, men uning mashinasiga benavbat yuk ortib berardim. Keyin shu odam, baraka topkur, qogʻozlarimni toʻgʻrilab, ispolkomda uy-joy olishim uchun navbatga qoʻydi. Oʻzim joyi jannatda boʻlgur Mastura kampirning hujrasida ijarada turardim-da...

Xolxoʻja nafasini rostlab olib, davom etdi:
— Uch yil kutdim, toʻrt yil kutdim, navbat tegmadi. Qishloqda va’dalashgan qayligʻim bor, Sarviniso degan... Orzularimiz ushalmadi. Rejalar barbod boʻlganidan alamzada bir holatda yurganimda, hujramga Salim soʻpoq kirib keldi. Yonida qora chopon kiygan turqi sovuq bir barzangi. Boshi sapchadek, peshanasi doʻng. Salim soʻpoqni bazaning yertoʻlasida, bir ulfatning maishatida koʻrgan edim. U-bu buyurishgan, xizmatlarini qilganman. Soʻpoq boʻlsa ham gʻoʻdaygan: boyvachcha, odamni bir tiyinga olmaydi, u ham qaysi bir gastronomning mudiri.
— Voy-boʻ-oʻ... Shu katalakda turibsanmi, kalamush ham bordir?—dedi hujrani koʻzdan kechirib. Keyin darcha yoniga bordi-da, birdan gapni boshqa yoqqa burdi:
— Haydarovni yaxshi bilasan-a?
— Ha...— dedim.
— Uzoqdan ham, qadam olishidan tanisang kerak? Hov anovi darvozaxonaga kirib ketsa, shu darchadan turib taniysanmi?

He yoʻq, be yoʻq, nima deyapti oʻzi? Garangsib turaverdim.
— Taniysan, taniysan, qani beri kel-chi. Borib, darchadan koʻchaga qaradim.
— Darvozaxonani koʻryapsanmi?
— Ha.
— Haydarov shu yerga kirib ketdi deylik, albatta tanib olasan, a?
— H-ha...— deb yelkamni qisdim.
— Endi quloq sol: ertaga, kech soat oltida Haydarov kelib oʻsha darvozaga kirib ketadi,— dedi u dona-dona qilib.— Sen uni «tanib» qolasan. Nima qilib yuribdi bemahalda, deb oʻylab ham qoʻyasan ichingda.
— E... a... kelmasa-chi?

Hozirgacha tund, bezabon boʻlib oʻtirgan qora chopon tilga kirdi:
— Kelmasa ham tanib qolasan.

Uning tovushidan vujudimga titroq yugurdi. Bu vaqt Soʻpoq qoʻltigʻimdan tutib, toʻrga olib oʻtdi-da, stolga bir qogʻoz tashladi.
— Ol, bu senga.

Olib, ancha tikilgandan keyin bildimki, uch xonalik uy-joyga order ekan. Mening nomimga yozilibdi. Endi bularning niyatiga tushunib qoldim.
— Qachongacha bu katakda oʻtirasan.— Shangʻilladi Soʻpoq,— istasang ertagayoq koʻchib bor, shaharning qoq markazida...
— Yolgʻon guvohlik...
— Nima yolgʻon? Koʻrding — taniding, vassolom. Tergovchiga ham, sudga ham javob shu — bir ogʻiz gap, Sendan boshqa hech narsa talab qilinmaydi.
— Sen xolis guvohsan, tushundingmi?—dedi qora chopon, oʻrnidan turib.
— Ha, aytganday,— Soʻpoq choʻntagini kavladi.— Mana bu... mana bu «Gaz-24»ga chaqiruv qogʻozi. Avtomagazindan. Sening nomingga yozilgan, koʻrdingmi? Buni suddan keyin borib olasan,— deb qogʻozni qaytib choʻntagiga solib qoʻydi.
— Buni nima qilaman? Pulim yoʻq meni.
— Boʻladi, hammasi boʻladi, — dedi iljayib yelkamga qoqarkan.

Joʻnab qolishdi. Faqat qora chopon kiygan barzangi ostonada turib, yana oʻdagʻayladi:
— Ertaga, kech soat oltida. Koʻrding, taniding, ichingda hayron boʻlib oʻylab ham qoʻyding.

U yerga qarab, kesib gapirdi. Tovushida «Endi ishimizga sheriksan, bilib qoʻy!» degan tahdid bor edi. Shunday qilib, oldindan tayinlangan guvoh boʻldim-qoldim. Qaltiroq qoʻlimda orderni ushlagancha karaxt boʻlib kechgacha oʻtiribman. Usha kechasi uxlaganim yoʻq. Ming xayolga bordim. Ahli rahmon bilan nafsi shayton tapir-tupur olishar edi ichimda. Biri: darrov yirtib tashla, yovgʻon oshing,— begʻalva boshing, deb turibdi; biri boʻlsa: hoy, omading kelib turibdi, bola. Uch xona, 46 kvadrat metr. Sarviniso hayt desang uchib keladigan, odamga oʻxshab yasha sen ham... deydi. Menga qarang, birodar, bu Soʻpoq odam emas, odam qiyofasidagi shaytoni la’in edi, meni yoʻldan urdi oʻsha kechasi, mana Xudo guvoh...— deya nochor qoʻllarini yoydi Xolxoʻja sherigiga qarab. Goʻyo Ochil uni hozir hamma gunohlaridan mosuvo qiladiganday.
— Ha, qizilni koʻrib Xizr yoʻldan ozgan ekan. Keyinchi, keyin nima boʻldi,— dedi Ochil shoshib.
— Ertasiga kechasi... Oʻsha darvozaxonadan oʻlik chiqdi,— dedi Xolxoʻja.
— Birov oʻldirib ketibdi. Qiy-chuv, milisa, «tez yordam:», yigʻi-sigʻi... Men u odamni tanimas edim... Tergovda Salim soʻpoq tayinlagan gapni aytdim men no-mard. Haydarovni darchadan koʻrdim, dedim, soat oltida dedim. Vaqtni qayoqdan bildingiz, deb soʻradi. Soatga qaragan edim, dedim. Qanaqa soat deb qolsa bormi, xonumonim kuyardi. Chunki uyimda soat-poat yoʻq, qartaga yutqazganman... Xudo nomardni ham asrab qolarkan, qarang.
— Bandasining oʻziga qoʻyib beradi-da.
— Oʻzim... Oʻzim qildim hammasini. Omaddan ragʻbatlanib, sudda ham tap tortmay guvohlik berdim. Boshqa dalillar ham bor ekan shekilli, Haydarov shoʻring qurgʻur, qotil sifatida oʻn besh yilga... «Oʻziga qoʻyib beradi» deysiz-u, lekin... mana, oʻsha begunohning qargʻishiga uchrab oʻtiribman.
— Zato u dunyoligingizni yengillatdingiz menga yorilib... Xoʻsh, keyin-chi, keyin nima boʻldi?
— Ikki oydan keyin Salim soʻpoqning haligi tund barzangisi mashinaning qogʻozini ham olib kelib berdi. Bir olgan madad, ikki olgan — odat, buni ham ol-dim. Endi nima talab qilar ekan deb uyqum qochib yursam... yoʻq, tinchib ketdi. Qaytaga, oʻsha oʻzim yuk tashib yurgan oziq-ovqat bazasiga mudir qilib qoʻyishdi, eski mudirni boʻlsa Haydarovning oʻrniga koʻtarishdi. Yogʻliq joy emasmi, koʻp oʻtmay mashinaga ham qurbim yetib qoldi... Soʻpoq har koʻrganda yelkamga qoqadi: «Amerikadan nima kam joyimiz bor: u yerda lyuboy hammol prezidentlikkacha koʻtarilishi mumkin!» deydi kulib. Biroz dam olib, labini hoʻlladi-da, uzuq-yuluq qilib davom ztdi. Darmoni qurib borardi.
— Lekin Salim soʻpoqning menga hushyor boʻlib, kuzatib yurishini bilardim. Birovning qaramogʻida yashash... hech kimga nasib qilmasin. U mening mirimdan-sirimgacha biladi, men esa uni bilmayman: kimning xizmatida, pulni qayoqdan oladi, anov shoʻrlikning oʻlimi nega kerak edi, qotil kim... Soʻpoq doim koʻz oʻngimda, goh uzoqdan koʻraman, goh roʻparamdan chiqadi. Mushuk bilan sichqonday «inoq» boʻlib ketdik. Bir yil oʻtmay, togʻ etagidagi jilgʻa sohilidan chorbogʻ ham toʻgʻrilab berdi, qariyb tekin.
— Chakki emas, tagingizda «Volga», suv boʻyida chorbogʻ, uch xonali kvartir, yonginangizda Sarviniso...
— 13, Sarvinisoni allaqachon esdan chiqarib yuborganmiz. Boyigan saring sarvinisolar koʻpayaverarkan. Bu yertoʻlada tiriklay koʻmilib yotishim ham oʻshalardan birining kasofati. Badbaxt boʻlmasam shu baloliq kunda kelamanmi? Qishloqdagisining qargʻishiga yoʻliqdim...

Xolxoʻja majoldan qoldi. Uni ovutish, chalgʻitish, tushkunlikka tushushiga yoʻl qoʻymaslik kerak edi. Ochil uchun oʻlik yonida yotish... Unday desa, oʻzining ham sillasi qurib, qandga koʻzi tushsa oq kafanni koʻrganday junjikib ketyapti. Shunday boʻlsa ham har zamonda koʻzini chirt yumib yalab qoʻyadi. Oʻlgisi yoʻq.
— Qoʻyavermang, aka. Bu sinovdan oʻtolgan odamning oʻzi yoʻq.
— Qanaqa sinov?
— Shu dunyoda, Xudo bandani bu dunyoga uning iymonini sinash uchun yuborar ekan. Gunoh desangiz bizda ham toʻlib-toshib yotibdi. Mana yorildingiz — yengil tortdingiz. Zora xudoning qahri ham qittak yumshasa...
— Haq gap aytdingiz. Ancha yengil tortdim, qarang.

Bu soʻzdan soʻng Ochil ham uzoq, azobli xayolga toldi.
— Sizda nima gunoh boʻlardi, yoshsiz...— dedi Xolxoʻja yana tilga kirib.— Gunohga shoʻngʻish pallangiz

endi kel...— u gapini boʻlib, ovozini pasaytirdi,— bu dunyodan yosh ketgan ham ma’qul ekan.

Ochil gapning oxirini eshitmadi chogʻi.
— E, unday demang, aka, yoshlikning oʻzi turgan-bitgani gunoh, men sizga aytsam. Boʻlmasa men, takasaltang, xoʻjayinning oyimchasini ezgʻilab yurarmidim!
— Qanaqa xoʻjayin?
— Katta xoʻjayin-da.
— Siz...
— Ha, oʻshani olib yuraman. Bizning viloyatimizga kelishdan oldinroq xotini qazo qilgan ekan. Ikki yil avval yigirma yashar dirkillamasiga uylandi. Jannatxon degan. Toʻydan oldin ham xoʻjayinni uniqiga, uni xoʻjayinning chorbogʻiga oborib-obkelib yurardim. Ketvorgan, men sizga aytsam. Odamga oʻgʻrincha qaraydi. Toʻydan keyin, ham bozorga, atelega oborib yurdim. Mashina chaqirmagan kuni yoʻq. «Xoʻjayin, aravani yuboring» deb ertalabdan telefon qoqadi, nozanin. Bizning xoʻjayin ham ovoziga erib, «Jon» deydi-da, meni yuboradi. Bir marta men ham haddim sigʻib, xoʻp boʻladi, jon, deya hazillashib qoʻyibman. Hafa boʻlish u yoqda tursin, xaxolab, quchoqlab olishga bir bahya qoldi. Yoqdi, qarang. Men uni mashina minishga ishqiboz ekan desam, yoʻq, meni koʻz ostiga olgan ekan, mochagʻar. Bir kuni xoli topib, kabinada chippa yopishdi. «Hoy, xoʻjayindan qoʻrqmaysizmi?» desam, «xoʻjayishshgiz oʻlsin», deb battar suykaldi. Nima deysiz, endi, yigitchilik, boʻshashdik...

Bari shundan boshlandi, aka, xudo guzoh. Xotin kishi ayyor, tadbirkor boʻlarkan, ikki kunning birida xoli topib keladi, kutilmagan joyda qoʻlga tushiradi, kuppa-kunduzi tap tortmay koʻksini ochadi. Xoʻjayindan xavotirdaman, desam «E, qoʻying oʻsha xoʻjayiningizni», deb qoʻl siltaydi. Men ham yoʻq deyolmayman. Uch yildan beri ahvol shu. Uning nozu ehtiroslarini koʻrsangiz siz ham yoʻq demasdingiz, aka.

Xolxoʻjaga sal jon kirganday, ingrab yonboshiga agʻdarildi.
— Sizning gunohingiz menikiga qaraganda holva ekan. E, gunoh emas, savob-ku bu, birodar.
— Unday demaang, aka. Bizning xoʻjayinni bilmay-siz. Ilgarigi xotinini rashk vajidan oʻzi boʻgʻib oʻldirgan, degan mish-mishlar bor. Sezib qolsa, bormi, bunisi ham juvonmarg boʻladi, meni boʻlsa bir kun emas bir kun «tasodifan» mashina bosib ketadi-ya. Zoʻrniki tegirmon yurgizar ekan. Jonim qilning uchida turibdi, men sizga aytsam. Sirimni bitta sizga aytdim...
— Boshqaga... aytmaysiz xam.
— A?
— Yengil tortdingizmi axir?
— H... ha, aytdim-qoʻydim-da endi, baribir emasmi. Bir boshga bir oʻlim. Jon bor joyda qazo bor.
— Oʻlim haq. Poklanib borish kerak. Parvardigorning oldiga...— dedi-yu, Xolxoʻja shilq etib chalqamcha tushdi.
— Aka, aka! Sizga nima boʻldi, mazangiz yoʻqmi?

Xolxoʻja indamadi.Turtkilab-tortqilasa ham oʻlikday yotaverdi. Ochilning oʻzi ham bazoʻr qoʻl uzatib, qolgan quyqa suvni ichib yubordi, tunuka zangi och qorinni qirib oʻtdi.
— Ak-ka...— deb, u ham tinchib qoldi. Anchadan keyin qulogʻiga boʻgʻiq bir gumburlash eshitilganday boʻldi. Koʻzini ochib qarasa, hech gap yoʻq, oʻsha-oʻsha mash'um jimlik. Bari ochlikdan. Bunday holatda birovning koʻziga bir nimalar koʻrinadi, birovning qulogʻiga gʻalati sadolar eshitiladi. Lekin Ochilning hali esi joyida. Umid bilan uzoq quloq solib yotib, koʻzi ketib qolibdi.

Uygʻonganida koʻrsa, ikkalalari ham choʻzilib yotishibdi. Ochil bunga chetdan koʻrayotgan uchinchi kishiday qaradi. Vaqt oʻtib, ularning oʻligini toigan odamlar mana shunday tikilishsa kerak...

Bunday oʻylar Ochilning darmonini tamomila quritadigan. Sherigini vahima bilan, hushiga keltirdi.

Xolxoʻja oʻziga keldi-yu, koʻziga Ochil bir koʻlanka boʻlib koʻrindi shekilli, ma’nosiz boqdi.
— M.enga qarang, bir nima gumburladi... Siz ham eshitdingizmi?

Xolxoʻja yana indamadi, koʻzlari yumildi. U keyingi vaqtda tez-tez hushidan ketadigan odat chiqargan edi. Ochil har safar vahimaga tushadi joni uzilmadimi?! U ketsa xuddi Ochilni ham oʻzi bilan olib ketadiganday tuyulardi...

Endi ular kamdan-kam gaplashadilar, soʻz qotishga majol yoʻq. Buning ustiga, biri oʻziga kelsa, biri behush yotgan boʻladi. Har zamonda zaif ingrash bilan bir-birlaridan xabar oladilar. Goho esa ikkalasi baravariga hushdan ketib, uzoq yotishadi. Qancha vaqt oʻtdi, kim tirik, kim oʻlik — ma’lum emas.

Xolxoʻja iliq bir toʻlqinda chayqalib uygʻondi. Koʻzini ochib qarasa, atrof yorugʻ; oppoq kiyimdagi bir ayol labiga qoshiq tutyapti. Yoʻq, u dunyo emas, mana, ogʻzida sut ta’mi sezilib tamshandi. Qaerdandir, mingʻir-mingʻir gap eshitildi. Nahot bari kechirganlari dahshatli tush boʻlsa?! Ayol qoshiqni yana tutdi, shirgurunchmi, manni kashami, ishqilib sut ta’mi, biram mazali! Yana soʻraganday, yutinib tikildi ayolga.
— Shoshmang, oz-ozdan...— dedi ayol. Ovozi ham mayin.
— Ochil...— dedi negadir Xolxoʻja. Nimaga Ochil dedi bilmaydi.
— Sherigingizmi?—deb soʻradi ayol, bemorning tilga kirganiga quvonib.— U kishi ham tuzuk, xavotir olmasangiz ham boʻladi. Ancha tetik tortganidan keyin, uyidan kelib olib ketishdi.

Xolxoʻja tushundiki, bu ayol — hamshira, bu joy — shifoxona. Demak.... ularni qutqazishgan, u dunyodan qaytarib olib kelishgan. Ikkinchi soʻzi —«rahmat» boʻldi. Hamshira jilmaydi. Bemor yana koʻzini yumdi.

Biroq koʻp oʻtmay uni boshqa hamshira uygʻotdi.
— Orom olganingiz yaxshi. Lekin ovqat yeyishingiz kerak,— dedi u ham qoshiq tutib. Bu safargisi tovuq

shoʻrva edi. Ustidan dori ichirdilar.

Taomlar bari shirin, mazali, ammo oz. Xolxoʻja har safar hamshira ortidan tamshanib qarab qoladi. U tez oyoqqa turdi. Bemor ozib, choʻp boʻlib qolgan boʻlsa ham ruhan tetik: tirik qolganining quvonchi endi qamradi vujudini. Boshdan kechirganini oʻylasa, aqliga sigʻmaydi. Birovga gapirib bersa, valloh ishonmas... Umrining bu yogʻi tekinga qolganini oʻylab, bu yerdan chiqqanida hech qanday kayfu safoni rad etmay, tarallabedod qilib yashash rejalarini tuzardi.

Bunday kayfiyat ta’sirida tezda toʻlishib, ochkoʻzligi ham yoʻqolib, moʻl-moʻl, toʻyib-toʻyib ovqat yeydigan boʻlgach, unga javob berdilar.

Bazada ish ilgarigiday tiqilinch, yugur-yugur koʻp. Tarallabedod qayoqda deysiz, tirikchilik uni yana oʻpqoniga tortib ketdi. Zilziladan keyin shahar sertashvish. Koʻrganlarimni gapirib tugatolmasman, eshitib hamma hayratda yoqasini ushlar, meni avliyoday bilib, kelib ziyorat qilishar deb oʻylagan Xolxoʻjani hech kim tuzukroq gapga ham solmadi. Hozir shaharda unaqalar koʻp edi. U qayta kelgan dunyo ilgarigidan battar sergʻalva boʻlib chiqdi. Xolxoʻjaning navbatdagi omadidan kelgan quvonch ham asta-sekin suvga urdi.

Ish orasida Ochilni eslab qoladi. Uni topib, bir chaqchaqlashishga ham vaqt yoʻq. Qalay yuribdiykin?! Shofyorning «oyimcha» haqidagi gaplarini eslab, oʻzicha jilmayib qoʻyadi. Kunduzi eslab jilmayadi-yu, kechalari Ochilni nuqul oʻsha goʻrga oʻxshash mudhish yertoʻlada koʻradi. Bu bir alomatga oʻxshar edi. Oʻshanday tushlardan birida bosinqirab uygʻonarkan, kallasiga kutilmagan fikr kelib urildi: axir Ochil endilikda uning ma’shum sirini byaladigan birdan-bir odam-ku. Biror joyda ogʻzidan gullab qoʻysa, nima boʻladi? Oʻzingga sigʻgan sir oʻzgaga sigʻmas, deganlar. Xolxoʻja uning changaliga tushgan bir bechoradek his qildi oʻzini.

Shundan keyin tushida ham, oʻngida ham koʻz oldiga Ochil kelaverdi. Goho oʻzini ovitib, «oʻlibdimi...», deydi-yu yana mulohazaga tushadi. Bir tomondan u chindan ham baxtsizlikda topishgan qadrdoni, ikkinchi tomokdan... istagan vaqtida tutib berishi mumkin boʻlgan, begona sirdosh. Nega begona? Uni topish, gaplashish kerak, ahvoli, kayfiyati qalay... Axir hali bemalol gurunglashgani yoʻq, uyini ham koʻrmagan. Ochigʻi — tuzukroq tanish ham emas u bilan...

Bu soʻnggi fikr Xolxoʻjani yana notinch qildi. Kim biladi, balki ogʻzi boʻsh bir maqtanchoq mahmadonadir? Sirning ogʻzi enlik, el qulogʻiga ellik, deganlar. Yertoʻlada oʻlish yo qolishdan boʻlak gap oʻtgani yoʻq oralarida.

Boʻrini yoʻqlasang, qulogʻi koʻrinarkan. Ogʻir xayollardan qiynalib oʻtirganida, bir kuni Ochil oʻzi yoʻqlab keldi. Xolxoʻja uni zoʻrgʻa tanidi. Yertoʻlada xonaki pijama ustidan kiyilgan isqirt paxtalikda koʻrgan edi-da. Hozirgi boʻlsa, egnida jigarrang charm kurtka, moʻylov yiltillatib taralgan, quyuq qora sochi peshonasini bosib tushgan, ogʻzi qulogʻida edi naynovning. Hukumat mashinasidan tushib, quloch yozdi, arzon atirni anqitib, qiyomatli doʻstday koʻrishdi. Xolxoʻja ham koʻn-gildagi xavotir, shubha, vahimali oʻylarni darrov unutib, bir umrlik qadrdonday quchoqlashdi. Qulishish, zslashishdan keyin Xolxoʻja oldingi oynasi maymun, shayton, habashvachcha qiyofasidagi anvoyi tumorlar bilan bezatilgan mashinani imlab koʻrsatdi:
— Xoʻjayinnikimi?
— Ha, Sizniki... yuribdimi gʻizillab? Boʻlmasa koʻrib beraman.
— Yoʻq, tuzuk hozircha,— dedi Xolxoʻja. Shundan ke-yin popugi pasayib, kulmay qoʻydi. Mashinani eslashi bejizmasmikin?

Ochil, yoʻl-yoʻlakay toʻxtadim, deb shoshib turardi. Gapning bu yogʻi ancha sovudi. Koʻngillariga bir gʻuluv keldimi, shuncha sarguzashtni boshidan kechirgan odamlar gaplashgani gap topolmaganday, kutilmaganda suhbatni muxtasar qilishdi.
— Koʻrishaylik axir, telefoningiz bormi?

Xolxoʻja bazaning telefon nomerini berdi. U-bu kerak emasmi?» «Mashinaning kamchiligi boʻlsa, ayting», deya bir-birlariga manzirat qilgan boʻlishdi,»
— Koʻrishaylik.
— Albatta.

Juda quyuq xayrlashgan boʻlsalar ham, asosiy mavzu chetlatib oʻtilganligi, orada xatarli bir chigal qolganligini ikkalalari ham sezishdi. Ayniqsa Xolxoʻjaning koʻngliga bu uchrashuv battar gʻuluv soldi, unda ilon-chayonday shubhalar yana gʻimirlab qoldi... Iljayishini qara. Hayosizga har kuni hayit. Ulfati — bezori shofyorlar, piyozning poʻsti koʻp, yomonning — doʻsti. Kayfda gullab qoʻyishi hech gapmas. Otni tepmaydi dema, itni qopmaydi dema. Chillasi chiroq koʻrmagan bu begʻam aravakashda sir yotishi mahol. Uning ma’shum soyasi endi Xolxoʻjani oʻy-hayollarida ham, tushlarida ham ta’qib qilaveradilar. Bu yengiltak bir joyda gullab qoʻysa — tamom... Uy-joy, mashinasi, chorbogʻi, bazasi — bular bari qora goʻrga. Haydarovning oʻrniga oborib tiqishlari ham hech gapmas. Qamoqda chiriydi. Turma desa sochining tomirigacha muzlab, hadiksirab yurgan Xolxoʻjaga bu — Oʻlimdan battar, undan koʻra oʻsha yertoʻlada koʻmilib ketgani maq'ul edi.

Yoʻq, u oʻlimning ogʻzidan qaytib keldi, hayoti qayta boshlandi, yana shoʻngʻishga toʻgʻri keladi gunohlarga, jinoyatlarga. Yashash oʻzi shunaqa... bir dard ekan. Odam asli mana shundan oʻladi...

Birovning qaramogʻida yashash peshanamda bor ekan, deb nolir edi. Endi boʻlsa uni xuddi azroil quvlab yurganday, oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi, asablari, qaqshagan, uyqusida halovat yoʻq. Bazadagi ola-gʻovur janjalli mashmashalar ham uni chalgʻitolmadi. Har zamonda qorongʻi burchakda oʻtirib ikki qoʻli bilan peshonasini siqar, kechalari tanini sharros ter bosib uygʻonib ketar, choʻmichlab sovuq suv ichar edi. Uning mudhish siri qora jinoyati yuribdi odamlar orasida. Tasodifan... yoʻq, uning ochilmay qolishi tasodif boʻlardi. Endi omadga ishonish qiyin. Ozodlikka chiqqan u sir sovun koʻpigiday yer ustida omonat uchib yurarkan, Xolxoʻjaga kun yoʻq. Xurmachadan chiqqan bu jinni Xolning oʻzidan boʻlak hech kim daf qilolmaydi. Qismat oʻz qoʻlida.

Shunday xayollarga bordiyu, nima demoqchi, nima qilmoqchi — Oʻzi bilmaydi. Doimny xavfsirash, mash'um gʻuluv, asabiylik xayollarining tiniqishiga yoʻl qoʻymayapti.

Aslida uni oʻz xoʻjayinining qoʻli bilan daf qilsa ham boʻlardiku-ya. Borib chaqsa, ya’ni shofyoringiz undoq-mundoq... Ulguday rashkchi berahm degan edi... Lekin bunday qasdma-qasdiga ketsa, u ham jim turmaydi, Xolxoʻjaning jinoyati ogʻirroq, yutqazadi. Soʻngra, oʻz xotinini eplolmagan u hez «xoʻjayin»ning bir narsa qila olishiga ishonib boʻladimi?

Yo aksincha... u bilan oradan qil oʻtmaydigan doʻst tutish ham mumkin. Yaqin olib, oʻzini aka, echkisini taka deb... Lekin qachongacha? Oqboshdan oʻtin boʻlmas, oʻynashdan — xotin, deganday, bir kun emas bir kun baribir... Bir umr koʻz oʻngida baloyu qazo, hadik bilan yashagan odam ogʻrimay oʻlar ekan. Pesning chekiga moxov tushsa, shunday boʻladi.

Kunlardan bir kun Ochil oʻzi telefonga chaqirib qoldi.
— Yoʻq boʻlib ketdingizku!— dedi u. Ovozi baland, kayfi chogʻ edi.— Yuraverasizmi bazangizda, kalamushday ivirsib? Ertaga dam olish kuni dovonga chiqaylik. Oʻsha yerdagi restoranda oshnam bor, qimiz topib beradi. Okey? Bnr ishrat qilaylik, onasini... bu yogʻi tekinga qolgan-ku!

Xolxoʻja bu kayfiyatga moslashmay, «boʻpti», deb qoʻyaqoldi. Uning uchun dovonda, dam olish kuni degandan boshqa gaplar ma’nosiz edi, qulogʻiga kirmadi. Davonda... Oʻzi chaqirib qolgani chakki boʻlmadi, hali omad Xolni tark etmaydiganga oʻxshaydi.

Hali rejasi yoʻq, ammo Ochilning hovliqma tovushi qulogʻida yangrar edi. Shangʻillamay oʻl, tirik qolishimni bilsam, men ahmoq, seni oʻlimdan qutqararmidim? Bu yurishing uchun mendan qarzdorsan. Qarzni olish ham, berish ham... gunoh emas.

Koʻcha xandon, xona giryon boʻlib qoldi, Xolxoʻja. Kechasi uyqu qochib, miyasi qizib ketadi. Toʻxta-chi, kalamushday ivirsib, dedimi? Haziling yoqangdan olgur. Nimaga «kalamush?»

U oʻrnidan turib oʻtirdi. Gʻuvillagan boshini kaftlari orasiga oldi. Toʻxta, Xol, hovliqma. Shoshgan ishga shayton oralaydi. Kalamush... Oʻz ogʻzidan chiqdi. Buni Xolxoʻja oʻylab topgani yoʻq. Uning oʻrnida boʻlsa, har qanday kishi...

Xolxoʻja qilmoqchi boʻlgan ishidan ham koʻra oʻzini oqlashni oʻylar, tasalli qidirar edi. Ochil ham jim turmas, axir. Bostirib bormasang — bosilib ketasan.

Shosha-pisha kiyinib, boradigan joyini hali, oʻzi ham bilmay, tashqariga chiqdi. Tong qorongʻusi, olashovur yomgʻir yogʻar edi. Ishxonasi tomon yurdi. Odatdagi yoʻli, lekin hozir — bemahalda uni bir qutqu yetaklab borar edi. Bazaning darvozasini ochib, oziq-ovqat saqlanadigan yertoʻlaga tushdi. Tun boʻyi dimlangan achimsiq va xush islar, omixta, unga tanish muhit... Ammo u kiriboq kursiga oʻtirdi, sekin yurib kelgan boʻlsa ham nafasi tez edi. Nima qilyapti oʻzi?.. «Ha, olmoqning bermogʻi bor, yemoqning — qusmogʻi... Baribir, ogʻriq tishning davosi — ombur».

Yana bir nimalarni shivirladi-yu, turib zax burchakka bordi. Bu yerda kalamushlarni yoʻqotish uchun saqlab qoʻyilgan kuchalami, margimushmi bor edi. Shisha bankada, ogʻzi mahkam bogʻliq kichkina tsellofan xaltachalar, har birida bir chimdim bir chimdimdan kumush-rang kukun... Xolxoʻja karaxt bir holatda, titroq qoʻli bilan birini oldi-da, qorongʻida atrofga oʻgʻrincha alanglab qoʻyib, choʻntagiga tiqdi...

Dovon manzarasi soʻlim... Atrofni qurshagan qorli togʻlar durbindagiday yaqin koʻrinadi, yonbagʻirlarda oʻsgan yakkam-dukkam archalarni bir-bir sanasa boʻladi. Osmon dengizday tiniq, zangori rangda, havo siyrak, nafas yengil. Tansiqboev mashhur suratlarini shu yerda oʻtirib chizgan boʻlsamikkin...

Restoran uchun joy tanlagan odamga ham qoyil qolish kerak. Ana, Ochil undan oʻz uyidan chiqqanday tirjayib chiqib keldi. Goʻyo u bilan birga chiqib kelganday, taom hidi aralash xushboʻy tutun chulgʻandi. Soʻrilardan narida oʻchoq, doshqozonlar. Qoʻrada koʻmir bilan saksovul qoʻr olgan edi.

Koʻrishishgach, Ochil mehmonni restoran ichkarisidagi xosxonalardan biriga boshladi.
— Aytib qoʻyay, ichmaymiz, ruldaman,— dedi Xolxoʻja.
— Ha, afsus... Ichsak, oʻzimnikidan olib kelardimu...
— Qoʻying, quyqa chagʻiringizni koʻrgani koʻzim yoʻq, shunday shirin havo turib... qarang, kayf qilyapti! Ana, kaboblar ham yurishibdi,— dedi Xolxoʻja yonbagʻirlarda oq bulutday siljiyotgan qoʻy podalariga koʻz tashlab.
— Ha, asli tandir kabobga urinish kerak ekan-u... Ana, archa ham koʻp... Lekin jigar qovuradigan boʻldik, tansiqroq, qarshi emasmisiz? Qimiz bilan dodlab koʻrishadi.
— Nimasini aytasiz!

Dasturxon tuzaldi. Ochilning taiishi ikki grafinda qimiz, kosalar keltirib qoʻydi. Derazadan togʻ manzarasi koʻrinib turar, ilhombaxsh joy edi... «Omon qolganimizga!» dedi Ochil kosalarga qimiz koʻpirtirib quyarkan. Ikki kosa ichishgandan keyin jigar kabobning hidi ishtahalarni qitiqlay boshladi.
— Qimiz yaxshi pishibdi,— dedi Xolxoʻja,— kelgusi safar bizning chorbogʻda oʻtirishamiz. Manzarasi bundan qolishmaydi. U domlaring nima boʻldi?
— Avariyni boʻlib yotibdi. Buzib tashlaydi shekilli. Bizlarga yaxshi joy bergan, koʻrsataman, endi

qiyomatlimiz-ku. Oling.

Yer tagida yotgan kunlarini negadir xotirlashmadi. «Yodingizdami», «Esingizdadir...» qilib bir ikki boshlashdi-yu, qimizning kayfi me’yorida edi shekilli, uncha «ichkari»ga kirishmadi. Gunohu tavba-tazarrularga «yaqinlashganlari» ham yoʻq. Ikkalasi ham, qayoqdagi gaplardan nari oʻtishmadi. Kabob kelganida esa, qimizbop xamir ovqatlar, ziraning hidli-hidsiz turlari, saksovulning nega tutunsiz yonishi singari ahamiyatsiz mavzulardagi quralash gap u yoqdan kirib bu yoqdan chiqib turdi. Grafinlar yana toʻldirib kelindi, sovigan sixlar yangilandi.

Bir vaqt, yangi kabob dastasi kelganda Ochil shartta oʻrnidan turib, deraza tomonga baqirdi:
— Hoy, xom-ku, bu!—dedi soʻkinib. Qeyin kabob sixlarini dastasi bilan koʻtarib chiqib ketdi. Xolxoʻja «kayfi oshibdi» degan oʻy bilan jilmayib, orqasidan qarab qoldi. Xuddi shu payt Ochilning lim toʻla kosasiga koʻzi tushib, badani jimirlab ketdi.

...Borgan sari xavfli boʻladi bu — Ilon yuz yil yashasa ajdaho boʻlarkan... Hozir chiqib ketganini oʻzining navbatdagi omadi deb bilgan Xolxoʻja boʻshashdi-da, tashqaridagi mashmashaga bir zum quloq tutgach, tsellofan tugunchadagini qimizga atalab tashladi. Saqlansang saqlanasan, saqlanmasang oʻtga qoqlanasan...

Ochil ancha hayallab, keyin isqirt xalatli kabobpaz bilan birga kerilib kirib keldi. Choy-non, shakarob, qimiz, boshqa nem'atlar sochilib yotgan dasturxonga xush boʻy taratib issiq kabob keldi.
— Mana bu boshqa gap!—dedi Ochil qaynoq jigardan olib. Kabobpaz boʻsh sixlarni yigʻishtirib chiqib ketganidan keyin, Xolxoʻjaga koʻzi tushdi.
— Ha? Rangingiz oʻchgan?
— Havo elitgan sizni, havosi zoʻr-da! Qarshi oling, chorasi shu.

Oldidagi qimizni dast koʻtarib, ogʻzini artdi-yu ovqatga urdi oʻzini.
— Bu yerning havosiga oʻrganish kerak. Balandlik-da. Havo siyrak. Lekin foydali.
— Yoʻq... manga boʻlmadi,— dedi Xolxoʻja,— maza qochyapti.

Uning oqargan rangiga qarab, Ochil ishondi. Chindan ham yoqmadi bu xunasaga, joʻnasa tezroq joʻnatib qoʻyaqolish kerak, quyosh ham ogʻdi.

Ular turdilar. bchil mehmonni mashinagacha kuzatib chiqdi.
— Ehtiyot boʻling, yoʻl qiya. Yana uchrashamiz xudo xohlasa.
— Rahmat, yaxshi oʻtirdik,— dedi Xolxoʻja, eshikni ochib. «Endi Azroil bilan uchrashasan» dedi ichida. Tezroq joʻnab qolishi kerak edi, gaz berdi. Salim soʻpoqning tortigʻi zoʻr chiqdi, necha vaqtdan beri pand bermay gʻizillatib yuribdi, mana. Choʻ, jonivor!

Bekordan bekorga vujudi muzlab, qoʻli qaltirab ketayotgan Xolxoʻja bu dovonni tezroq unutishga, oʻziga dalda berishga urinar edi. Choʻ, jonivor! «Gaz-24» birpasda archali qoyaga yetib keldi, bu yogʻiga yoʻl keskin pastlab ketar edi.

Uning qoʻllari hamon qaltiraydi. Miyasida ham xuddi qovoq ari gʻujgʻon oʻynaydi... Qiziq... qanchada ta’sir qilarkin? Keyinroq... Kalamushni kuchala yegan joyidan ancha nariga borib tirishib qolganini oʻz koʻzi bilan koʻrgan. Xolxoʻja ikki barmogʻi bilan pesho-nasini siqib, boshini siltab tashladi: shularni oʻylamaslikning iloji yoʻqmikin? Iloji... Iloji... bu... bu qanaqasi?! Tormoz boʻshab qoptimi?!

Tormozning pedali xuddi singan qoʻlday shilq-shilq borib-kelar, ushlamas edi. Bu nimasi, haligina... Mashina qiyalikdan gʻizillab ketib borardi. Tezlik 160 ga yetdi. Xolxoʻjaning qaltirogʻi ham tindi, butun es-hushi, asablari, vujudi bir tugunga tugilganday, oʻy-xayoli — omon qolish! Chapda tikka qoyatosh, oʻng yoq — jarlik. Roʻparadan tepaga chiqib kelayotgan mashina-larning biri «hurkib» oʻzini chetga olar, ba’zilari qoʻrqqanidan faralarini yoqib, uzun signal berib qolishar edi. Tezlik koʻrsatkichi qizil chiziqdan oʻtdi. Xolxoʻja koʻzini yoʻldan olishga qoʻrqar edi. Bu ketishda qaerga borib uriladi... urilish... yoʻq, portlab kul boʻladi. Ajabo, bu holatda miyasi ham xuddi uchib ketayotgan mashinaday ishlab turibdi. Xayoliga bir fnkr keldi: bu ablah Ochilning ishi! Dovonga atay chaqiri-shi ham bejiz emas. Hali bahona topib tashqariga chiqib ketganida... ancha hayallab qolganidan koʻngliga bir shubha oralovdi-ya... Ha, iflos. Toʻxtab tur, oʻzing ham uzoqqa bormay tarashaday qotasan!

Mashina nishabga qarab oʻqday uchib borar, Xolxoʻja endi taqdirga tan berib, oʻzini yoʻqota boshlagan edi. Shalabbo ter bosdi, boʻshashdi, nima qilishini bilmaydi. Ochil gazandaga oʻxshash tajribali shofyor boʻlganida-ku, bir chorasini topardi. Qoʻlidan darmon ketdi. Roʻparadan yana mashinalar chiqib kelyapti. Yonidan lip-lip oʻtishadi. Shofyorlar vahimada nimalarnidnr baqirib qolishadi. Biri mashinasini orqaga qaytardi shekilli. Xolxoʻja koʻzguda unga qarayman deb, yoʻldagi chogʻroqqnna toshni koʻrmay qoldi. Tosh yelib kelayotgan mashinaning orqa gʻildiragini jindak koʻtarishi bilan... kabina shiftiga boshi bilan urilgan Xolxoʻjaning zehnida mashinaning charxpalak boʻlib jarga uchgani chaqnadi-yu, soʻndi. Shundan keyin uchish ham, taraq-turuq urilishlar ham yoʻq, hamma narsa shunday sekinladiki... Xolxoʻjaning oʻzi ham havoda soyaday asta suzib borib, tubsiz qorongʻilikda goʻyo erib gʻoynb boʻldi.

U hushiga kelishi bilan aqli tiniqib, hamma voqealar birdaniga koʻz oʻngidan oʻtdi: dovon, Ochil, tormoz, uchib ketayotgan mashinaning charxpalak boʻlib jarga agʻdarilishi... Ammo koʻzini ochsa — zimziyo. Tun, qoq yarim tun... Yo tun emas, koʻzdan qoldimi? Unday desa, koʻzi emas, qaytaga boshi... Boshi qulogʻi aralash butunlay chirmab tashlangan, yod xidi anqib turibdi. Xolxoʻja kasalxonada yotganini bu gal darhol tushundi. Demak, yana tirik. Lekin oyoq-qoʻlini qimirlatishga yurak dov bermasdn: kesib tashlagan boʻlsa-ya. Barmoqlarini asta qimirlatib koʻrdi, ammo oyoq... Bosh koʻtarib qarashga yurak betlamadi.

Eshik gʻiyq etib, xonaga qiya shu'la tushdi. Hamshira kirib, derazaning ogʻir pardalarini surib qoʻydi.
— Ha, qahramon!—dedi u. Ovozi yoqimtoy ekan.
— Qachon... olib kelishdi?
— Utgan kuni.— Kampir koʻrpa-yostiqni chaqqon-chaqqon tuzatib, uyoq-buyoqni yigʻishtirarkan, oʻz bolasiga gapirayotganday yalinardi: — Endi ketib qolmagin, bolam. Mana joying yaxshi, qoʻshnilaring beozor. Kecha ikki marta hushingga keldingu odam tanimasdan yana... Mana, hozir ovqatlantiraman, dori beraman. Katta doʻxtir keladi. Mana bu matolaringni boshqatdan bogʻlaydi. Bilaman, ogʻriydi, bir baqirasan, ikki baqirasan, keyin tuzalib ketasan-da, bolam. Koʻp koʻrganmiz, bizga ham oson tutma, bari mana shu ichkilik tushmagurning kasofatidan.. . Xudoyim-ey, yosh-yosh bolalar...

Kampir mehribonu juda ezma ekan. Uning gapiga qaraganda, Xolxoʻjaning qonidan ham alkogol asari topilibdi, shundan keyin, albatta, mashinasini tekshirishmagan ham. Xolxoʻja kampirning bu xabarini eshitgandan keyin, boshqa javrashlariga quloq solmay qoʻydi. Obbo, Ochil maraz-ey, shu joyda ham Xolxoʻjadan ayyorroq chiqdi: mayda-chuydagacha hisobga olibdi. Lekin qora niyati bilan ketdi—undan nari. Itning tilagi qabul boʻlganda osmondan suyak yogʻardi. It! Yotdan yorugʻlik, itdan — chorugʻlik chiqmas. Seni oʻlimdan qutqazgan kim edi, it! Koʻr boʻl-noshukr boʻlma!

Xolxoʻja sogʻayib chiqib ketishga astoydil qasd qil-di. Endi Ochil yoʻq (uning koʻp oʻtmay kalamushday tirishib qotganiga amin), jin koʻzachaga qayta qamaldi. Shuning uchun u ogʻriqlarga tishini tishga bosib chidash berdi. Tushlarida oʻzini qiyalab uchib ketayotgan mashinada koʻrib, baqirib uygʻonar, yarasini bexos urib olib, uzoq siqtanar, azobli muolajalardan keyin orom topib uzoq uxlar, kechalari taxtakachga tortib osib qoʻyilgan oyogʻiga qarab xayol surardi: mana, endi yashaydi u! Shu vaqtgacha oʻtgan betayin umr umrmi? Endi uni ta’qib qilib, orqasidan yuradigan oʻlim koʻlankasi yoʻq, ichidagi sir ichida, uni sirtga chiqaradigan ahmoq Xolxoʻja oʻldi. Avariyada oʻldi. Yertoʻlada koʻmilib ketdi. Bu yotgan butunlay boshqa, dorilbaqoning ostonasidan ikki marta qaytib, es-hushini yigʻib , olgan odam bu, ha. Bunday kayfiyat uning tezroq tuzalib ketishiga yordam berdi, albatta. Ikki hafta deganda unga qoʻltiqtayoq berdilar. Hamshira kampirning «qahramon-qahramon» deb erkalashlari ham dalda boʻlib, hakkalagancha yoʻlakka, hatto hovliga ham chiqadigan boʻldi.

Kasalxona katta. Daraxtzor hovlini qurshab olgan korpuslarning har biri oʻz nomi bilan: Xolxoʻja yotgan joy ortopediya boʻlimi deb ataladi, roʻparada — kardiologiya, oʻngda — nevrologiya, hov narigi sargʻish korpus — toksikologiya boʻlimi. Asfalt yoʻlkalarning ikki yonida gulzorlar, yashil oʻrindiqlar, qisqasi, bemorlar uchun soʻlim sayrgoh.

Bugun Xolxoʻja shu yoʻlkalardan birida qoʻltiqtayoq bilan yurishni mashq qilib ketayotsa, za’faronday sargʻish oʻsha korpus tomondan bukchayganroq, rangi zahil bir odam yaqinlashib kelaverdi. Orada yetti-sakkiz qadam qolganda dovulga duch kelganday sekinladi, surrang pijama yengini koʻziga soyabon qildi; Xolxoʻja ham toʻxtab, tayogʻiga suyanib qoldi.

Bir xil bemorlik jomasi kiygan bu ikki kishi, ikki shumshuk — it-mushuk, bu dunyoda bir-birlarini koʻrmaslik uchun qolgan umrlarini berishga tayyor edilar. Oldinga bir qadam qoʻymay, tikilib qolishdi. Uzoq juda uzoq tikilishdi. «YO rab, sen ham qaytdingmi, sen ham tirikmisan?» degan xitob bor edi ikkala-sining ham koʻzlarida. «Boʻlmasa, yertoʻladagi gapni ovoza qilishni endi koʻr!» der edi ikkalasi ham ichida. Va hamon tikilishar edi.

Ha, u ham tirik, bu ham tirik. Endi, to oxiratgacha ular bir-birlarini ta’qib qiladilar. Yana oldinda umr, yana hayot, yana gunoh, yana jinoyatlar... Azobli yoʻlni baribir bosib oʻtish kerak. Fanoda ham, Baqoda ham. Xudovand bir insonga ikki dunyoni berib qoʻyibdi. Ammo iymonni boy berganga ikkalasi ham harom ekan...