OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Asqad Muxtor. Qora domla (hikoya)
 
Asarga baho bering

4 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsqad Muxtor
Asar nomiQora domla (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Asqad Muxtor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm31KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qora domla (hikoya)
Asqad Muxtor

Qishlogʻimiz Shovvasoyning yassi sohili boʻylab choʻzili-ib ketgan. Shunday choʻzilganki, narigi tikka qirgʻoqqa chiqib qarasangiz, shakli xuddi kattakon yashil chumoliga oʻxshaydi: beli ingichka, boshi uzilay deb turibdi. Shuning uchun qishlogʻimizning oti ham ikkita: «boshi» ya’ni Shovvasoyning yuqori oqimidagi kichik qismi Bolokapa, etagi — Quyikapa deb ataladi. Qishloq nohiya markaziga aylanganidan beri, ayniqsa Quyikapa hisobiga yana ham yoyilib, ajabtovur kent boʻlib qoldi. Yeri toshloq, har bahor soy toshib, sel kelib bezor qilsa ham, xalq mana shu sohilga naq yopishib olganday, aholi koʻpayaveradi: suv serob, bogʻ-rogʻ tutash...

Bolokapa boʻlsa yersiz, siqiq joy, togʻ-tosh orasida rivojlanmay qolib ketdi. Maktabi ham pastakkina sinch-sovuq binoda, toʻrt sinfli boshlangʻich maktab. Maktabning joni esa — Bolokapaning birdan bir ziyolisi Qora domla.

Bu laqab boʻlmasa kerak, chunki u kishi uncha qora emas edilar, asli otlari Qoravoy boʻlsa ehtimol, biz bilmadik, ishqilib katta-kichik hamma uni orqavoratdan Qora domla, oʻziga esa Domla deguchi edi.

Qora domlaga oʻrganib qolgandik, kunimiz shu kishi bilan oʻtar, domla boʻlmasa nima qilarimizni bilmay zerikib qolardik. Ayniqsa, bahor, erta kuz kunlari domla bizni zax sinf hujralarida olib oʻtirmay, tabiat qoʻyniga boshlab chiqar, toshloq yoʻllar oralab Shovvasoyning yuqori oqimiga qarab turna qator boʻlib yurardik. Bu yerda domla yaxshi koʻradigan ajoyib joylar bor: toshlar orasidan oʻsib chiqqan na’matak butalari, quyoshda qizib yotgan supaday-supaday xarsanglar. Shovvasoy esa oʻz nomiga yarashiq — shovvalari koʻp, suv uchquniga boqqanda nuqtasini topib tursangiz naykamalak ranglarining tovlanganini tomosha qilasiz. Bu yerlarni domla ham, biz ham tushlarimizda koʻrardik. Sayohat payti goho toʻxtab, silliq soy toshlariga oʻtirib, domlaning tabiat haqida, Shovvasoyning boshlangan joylaridagi sovuq chashmalar, suvning necha ming yillik mehnati tufayli paydo boʻlgan koʻm-koʻk va zahkash daralar, chaqir xarsanglar yumalab, tarashlanib mana bu silliq soy toshlarining paydo boʻlishi haqidagi hikoyalari ruhimizda tabiatning salqin soy havosining shavqi bilan qorishib ketganidanmi, hamma narsani unutib quloq solar edik. Bularning koʻpini oʻzimiz ham taxminan bilardik albatta, lekin domlaning gapirishlari boʻlakcha, u kishi goʻyo shularning barini bir umr unutmanglar, deb uqtirayotganday, oʻz muhabbatini ham qoʻshib dilidan soʻzlardi. Nazarimda, hammadan ham bizning ogʻiz ochib quloq solganimizdan xursand, shundan ragʻbatlanar, unga sari toshib gapirar edi.

Bizning eng xush koʻrgan joyimiz — qayoqdanam kelib qolib tosh ostidan oʻsib chiqqan ikkita jiyda soyasidagi koʻrpadekkina maysazor. Bu yerda uzoq qolib ketishimizni bilib, nonimizni ham belimizga tugib kelardik. Asli bu joyda ortiqcha qiziq narsa yoʻq, faqat narigi tikka qirgʻoq, undagi qaldirgʻoch uyalari, oldimizda esa yoyiq oqqan soy: uning shovqini bu joyda ancha bosiq, shuning uchun jon orom oladi. Undan tashqari, domlaning aytishicha, narigi sohildagi jarlikda xarsanglar ostidan otilib chiqqan muzdek buloq jimirlab yotibdi ekan.
— Diqqat bilan qarasanglar, buloq suvining soyga qoʻshilolmay anchagacha qorayib oqqanini koʻrasizlar,— deydi Domla.

Biz tosh ustida tikka turib qaraymiz. Chindan ham, tiniqligidan choʻyan singari qorayib oqqan buloq suvi toshlar orasidan koʻpiklanib kelgan oqishroq soysuviga xuddi qilichday sanchilib turibdi.
— Sizlar qimirlamay oʻtirib turinglar,— dedi bir kuni Domla. Uzi pochalarini koʻtarib, yenglarini shimarib, choy qaynatadigan tunuka choynagimizni oldi-da, soyga kirdi. Biz Qora domlaning mushaklari oʻynab turadigan paylari, chayir bilagu boldirlarni oʻshanda koʻrdik. Kuchli odam edi u. Toshdan toshga sakrab, goh noxos sirgʻanib tushib, beligacha shalabbo, biz tomonga qaragancha kula-kula sohilga chiqib qoldi. U yerdagi siyrak quvoqzorda anchagacha ivirsidi. Biz nima qilayotganini bilolmay qarab oʻtirdik. Intizomli edik, domlaning chizgan chizigʻidan chiqmasdik.

Anchadan keyin choynakni boshiga koʻtarib, hali belgilagan toshlari ustidan sakrab-sakrab, yiqilmay-qoqilmay bu yoqqa oʻtib keldi. Sochlarigacha hoʻl, katta ish qilib qoʻyganday xursand edi. Nima ajoyibot, yo bir moʻ’jizani boshlab keldi, deb betoqat kutib oʻtirsak, choynakda oddiy suv!
— Buloq suvi, tatib koʻringlar!— dedi,—hali munaqangi shirin suvni ichmagansizlar. Nonlaringni olinglar, nonushta qilamiz!

Domla ixlos bilan ta’riflagani uchunmi, ochiq havoda yurib ochiqqan ekanmizmi, yo chindan ham suvning oʻzi shunaqamidi, ishqilib bizga shu qadar shirin tuyuldiki, hindu tseylon choylaringiz uyoqda tursin. Suv ichganday emas, sof havodan nafas olayotganday vujudingiz yayrab rohat qilasiz. Sovuqligi ham beozor, mayin, shishadek tiniq, ichgan sari ichkingiz keladi. Nonimizni ham ivitib yeb qoʻydik. Domla koʻrib kelgan bulogʻining ta’rifini qilardi. Keyin, bu moʻ’jiza oldida soʻzlari ojizligini sezib, va’da qildi:
— Ikki haftada soyda suv qaytadi, kelgusi safar hammanglarni u qirgʻoqqa olib oʻtaman, buloqni koʻrasizlar.

Jiyda soyasida bir pas dam olib, Shovvasoyga suqlanib oʻtirdik. Shovvani qancha tomosha qilsangiz ham zerikmaysiz. Suron bilan tosh yumalatib, koʻpirib oqishidan boʻlak hech narsasi yoʻgʻu, baribir zerikmaysiz.

Narigi sohilda bir qiz bilan bir yigit paydo boʻldi. U tikka qirgʻoqdan qanday tushib kelishdi — bilolmadik, butazorda biron aylanma soʻqmoq bordir-da. Yigit poychasini shimarib olgan, ikkisi ham oftobda pishib, yuzlari boʻgʻriqib ketgan; buloqni topib borib uzala tushgancha rosa suvga toʻyishdi, yuzlarini chayib bir-birlariga suv sachratib oʻynashdi, yayrab ketib, xoli joyda ekanliklarini unutishdi, shekilli, xuddi oʻz uylaridagiday qiy-chuv qilishdi. Biz kino koʻrganday kulib qarab oʻtirdik. Chindan hammasi xuddi kinodagidek edi. Narigi tikka qirgʻoqning tepasida katta yoʻl bor, ogʻir-engil mashinalar gʻiz-gʻiz oʻtib turibdi. Shu atrofda buloq borligini bilgan yoʻlovchilar, ayniqsa shofyorlar goh toʻxtashadiyu, pastga tushish uchun yoʻl topolmay chanqoq lablarini yalagancha attang deb yana ketishadi. Lekin bir-ikkitalari ilojini topib pastga tushishdi ham. Ayniqsa qaytib chiqish mushkul edi. Nishabroq joylarni tanlab tirmashishsa-da, baribir toshlar yumalar, tuproq koʻchar, sirgʻanib ketib tizzalari, tirsaklari shilinar, xullas buloqning shirin suvi tatimas edi. Bir amallab, azobda koʻtarib chiqqan qimmatbaho suvlari tirnalgan yara-chaqalarini yuvishga ham yetmasdi.

Biz bir kulamiz, bir achinamiz. Ana katta yoʻlda brezent yopilgan yuk mashinasi kelib toʻxtadi. Avval shofyor tushib, qirgʻoq tepasida turgancha, bilar ekan shekilli, buloq tomonni — pastni koʻrsatdi. Brezent ostidan chiqib kelgan besh-olti yosh-yalang, hammasi shoʻx, olov, hech narsadan qaytmaydigan boshvoqsizroq bolalar ekan chogʻi, yoʻl tanlab ham oʻtirmay, oʻzlarini jardan tashlashdi. Tosh-tikan demay, ketlari bilan sirgʻalib, ildizlarga tirmashib, xuddi buloq sapchib yotgan joyni moʻljallab tusha boshlashdi. Loʻmboz-loʻmboz tuproq nurab, chang-toʻzon koʻtarildi, toshlar yumalab biri — ikkinchisiga urilib, togʻ koʻchkisiday suron turdi. Haligi beboshlar bir-birlariga baqirib chaqirar, oʻzlari koʻrinmas edi. Domla oʻrnidan turib ketdi. U haligilarning birontasi mayib boʻlmasa, fojea yuz bermasa edi, deb xavotir olardi. Anchadan keyin, koʻchki tinib, buloq boshida chang buluti bosilgach, shoʻx ovozlar, chinqirib aytilgan behayo soʻzlar, kulgi aralash baqiriq-chaqiriqlar eshitildi. Buloq boshida haligilarni koʻrgach, domla joyiga oʻtirdi. Uning yuzida boyagi xushnud shu’la oʻchgan edi.
— Bunaqada bir kun emas bir kun buloqning koʻzi yumilib ketadi...— dedi u ma’yus koʻzlarini narigi sohildan uzmay,— Yaxshilab pillapoya qilib qoʻyish kerak edi, Nima koʻp — Shovvasoyda tosh koʻp. Serqatnov yoʻl, oʻtgan-ketgan zinadan sakrab-sakrab tushib muzdek buloq suvida yuzini chayib, hordigʻini tashlab, chanqoqbosdi qilib ketardi. Jumlai fuqaroga tatiydigan shirin buloq. Savobtalab boʻlsang yoʻlovchiga bir piyola suv ber, deganlar... Afsus, Ispolkomning qoʻli kalta-da. Bekorchi boʻlganimda oʻzimoq urinardim, shu ishga...

Biz Qora domlaning keyingi soʻzlariga, shunchaki aytdi-qoʻydi-da, deb e’tibor bermadik. Bolalik ekan, «buloqning koʻzi»ni, kipriklari pirpirashini, kalta qoʻlli Ispolkomni tasavvur qilib oʻtirardik. Orada Sotti merov deganimiz boʻlardi, semiz, dangasa, ochiq havoda uyqu bosib, mukka ketmaslik uchun choʻp bilan qumga har xil suratlar chizib oʻtirardi. Qarasam qoʻli kaltagina odamning rasmini solibdi. Ispolkomni odam deb bilsa kerak. Suratga qarab kuldim. Qiziq, qoʻli kalta odamning oyogʻi uzun boʻlib koʻrinar ekan...

Biz, bolokapalik bolalar, boshlangʻich maktabni bitirgandan keyin har qayoqqa tarqab ketdik. Kimdir Quyikapadagi oʻrta maktabga qatnaydigan boʻldi, kimdir shaharga joʻnadi, kimdir ota-onasi bilan butunlay koʻchib ketdi. Men oʻshandan keyin Qora domlani koʻrmadim. Shuning uchun buyogʻiga u haqda eshitib bilganlarimnigina hikoya qilaman.

Qora domla pensiyaga chiqqandan keyin shirin buloqqa tushadigan tosh zinapoya haqidagi niyatini amalga oshirish uchun bel bogʻladi. Nafaqaxoʻrlikda zerikib qolganidan emas. U hali baquvvat, ezgu orzu esa chindan ham xayolini butkul qamrab olgan edi. Buloq atrofida kun boʻyi aylandi, tikka qirgʻoqning oʻpirilmaydigan nishab joylarini timirskilab oʻrgandi. Toshga oʻtirib uzoq oʻy surdi.

Shovvasoy supaday-supaday toshlar orasidan buralib oqar, shovullashlari uzoqdagi togʻ-tosh, yashil, zax daralar hikoyasini soʻylaganday battar xayolga toldirar edi. «Nechta pillapoya boʻlishi mumkin», deya bir qoʻli bilan boshidagi doʻppisini ushlab qirgʻoqning balandligini chamaladi, domla. «Nishabini tanlab aylanibroq chiqilsa, 40-50 pillapoya boʻlar... Qanchaga boradi bu ish? Yolgʻiz oʻzi say’ etsa oʻtgan-ketgan bir nimalarni oʻylamasmikin? Hay, bunisi goʻrga. Birov machit insho etadi bu dunyoda, birov — kutubxona. Qoravoydan bir zinapoya qolsa qolibdi-da. Savobtalab qariya, u dunyoligini oʻylab qopti», desa der.

Qora domla, ochigʻi avval savob haqida oʻylagani yoʻq, buloqni saqlash, uni odamlar uchun ardoqlab qolish haqida oʻyladi. Axir toliqqan yoʻlovchi, shofyor-mofyor, yosh-yalang, bola-chaqa xarsang zinadan yugurgilab tushib, saratonda koʻksini sovuq toshga berib, oyna buloqdan muzdek suv ichsa, yuzini chaysa, ruhi ravshan tortib atrofga qaraydi, tabiatning kamtarin yashnashini dilidan sezib, nimadandir mamnun boʻladi. Buloq tiniqligi koʻzlarida, shu kun — qalbida, Shovvasoyning bir maromda shovullashi esa quloqlarida qoladi... Qora domla shularni oʻyladi, ammo-lekin savob degan soʻz ham koʻnglining allaqaerida aylanishgani aniq, buni tan olish kerak.

Oʻy-xayollar tiniqib, dilda niyat qaror topgandan keyin choʻkich-ketmonni yelkalab keluvdiki, rejaning andak xomligi bilindi: pillapoyaga toshni qaerdan oladi? Soy toshi yaramaydi, tikka jarda uning oʻrnashuvi mushkul, xavfli. Bunga yassi xarsang yo bazalt kerak. Bazalt degani taxta-taxta boʻlib qatlanadigan qizgʻish qumtosh, zinabop boʻladi.

Shovvada har xil toshdan koʻpi yoʻq, albatta. Istagancha topiladi. Lekin qazib olish, tashib kelish... Birinchi kun ish yurishmadi. Asboblarini butalar orasiga yashirib, uyga qaytdi. Ertasiga tomorqaga goʻng tashiydigan ikki gʻildirakli temir aravachasini ham gʻildiratib yana bordi. Yuqori oqimga yurib, ikki-uch boʻlak yassi toshni koʻchirib keldi. Tosh koʻp edi, lekin kamida bir tomoni yassi boʻlmasa, pillapoyaga yaramaydi. Qora domla qirgʻoqning tuprogʻini toshlarning gʻudur tomoniga moslab oʻyib, dastlab topgan xarsanglarini joyladi. Toshlar choʻkich bilan moslab oʻyilgan joyga chippa yopishganday, jips joylashdi. Domla mamnun boʻlib, manglayini sidirib artdi-da, birinchi pillapoyaga oʻtirdi. Az’zoyi-badanida ogʻriq sezdi, bunday charchashni oʻylamagan edi. Shunday boʻlsa ham, buni pensionerligiga emas, tosh ishiga, pastu baland yoʻllar azobiga yoʻydi. Birinchi kun axir, oʻrganib ketadi.

Mana, dastlabki ikki pillapoya, oqarib-buralib tepaga chiqib ketadigan boʻlgʻusi zinapoyani koʻz oʻngiga keltirsa boʻladi. Shirin buloq zinapoyasi, Qoravoy domla zinapoyasi! U tosh zinaning shunga oʻxshash nomlar bilan tildan tilga oʻtib mashhur boʻlib ketishiga shubha qilmasdi. Yoʻgʻ-e, yana oʻsha gap... Shaytonga hay bermasa boʻlmas. Yana shunday savob... Odam xayol suraversa oddiy ishdan ham, jinday gʻaraz deymizmi, minnatmi, manfaatmi — kelib chiqaverar ekan. Yaxshisi oʻylamaslik kerak.

Qora domlann ikki narsa qiynardi. Biri — yurakning zoʻriqib hovliqishi, hansirash, nkkinchisi — tosh masalasi. Birinchisi — goʻrga, tez-tez dam olsa oʻtib ketadi, bu yoshda boʻladigan gap. Lekin ikkinchisi muammo...

Bir necha kundan keyin aravachasini sudrab qadimgi qadrdoni Sadr sangtaroshning oldiga bordi. Oshnasi katta yoʻlning nariyogʻidagi qabristonning pastida ustaxona tutardi. U yerdan keladigan betinim taq-tuq, chiq-chiq, choʻkich bilan iskana tovushi goʻriston jimligini doim buzib turadi. Qora domla borganida usta semiz, soqol qoʻygan, toʻnkaday toshlarni chap oyogʻi bilan surib tashlaydigan anqovroq shogirdi Polvon bilan ochiq bostirma tagida ishlayotgan ekan. Mehmonni koʻrib, yiltillab ketgan brezent peshgirni yechdi, gardishiga charm qoplangan koʻzoynagini asboblari yoniga qoʻydi.
— Kel, Qoravoy.
— Omonmisan, Sadriddin ogʻayni? Quchoqlashib koʻrishdilar. Ular boʻy-basti qotmaligi, qoramagʻizligi yana bosiqlikmi, mulohazakorlikmi, nimalari bilandir bir-birlariga oʻxshab ketishar, chetdan qaraganga aka-ukadek edilar.
— Hay...— dedi Qora domla tosh kursilarga oʻtirib, omin tutganlaridan keyin. Ustaxonaning peshtoq tomoniga suyab qoʻyilgan sagʻana yodgorliklariga koʻz soldi. Tarashlangan yapasqi xarsanglar, katta-kichik bazalt toshlari, onda-sonda marmar boʻlaklari, biriga arab imlosida qandaydir yozuvlar, raqamlar oʻyib bitilgan, biriga sellofanli toʻgarak fotosurat oʻyma qilib yopishtirilgan, biri hali chala.
— Buyurtma serob deyman?
— Shukur deb boʻlmaydi, oshna! Ammo dunyo ekan, bandasi omonat, ishsiz qolganimiz yoʻq. Oʻzing qalaysan?
— Alhamdulillo, senga mijoz boʻlgunimcha yoʻq,— domla oʻzi boshlagan ishi haqida gapirib berdi.
— Yaxshi niyat qilibsan, ogʻayni,— dedi usta Sadriddin,— Oʻlikdan oʻlja yiqqandan, tirikka tekin xizmat qil, degan mashoyixlar. Qani endi har kim hech boʻlmasa bitta buloqning koʻzini ochsa. Savob ishga qoʻl uribsan, Qoravoy.
— Gap savobda emas. Koʻngil... Xoʻsh, oʻzingchi, oʻzing qancha olasan mana bularga?
— Biri besh soʻm, biri oʻn soʻm, har xil.

Koʻrdingmi, aslida har biriga haftalab koʻz nu-ringni toʻkasan, oʻpkangga tosh gardi yuqadi. Quloqlaring bitib ketadi. Besh soʻm, oʻn soʻm, qancha arzon pul-lasang savobi shuncha katta.
— Qoʻysangchi, Qora, xayolga kelmagan gaplarnn gapirasan. Bizga kulfatzada bandalar keladi. Savobga-ku, qarshi emasmiz. Lekin insof kerak, joʻra.
— Ana endi oʻzingga kelding, bizniki ham shu.

Polvon choy damlab kelib, tosh ustiga qoʻydi. Qora domla ustaxona orqasidagi qiyaliklarga koʻz soldi. U yerda nishxoʻrdga chiqqan xarsang boʻlaklari dumalab yotar, undan narida ham necha yillik uyumlar oqarib koʻrinar edi. Sangtaroshning oʻgʻli beton zavodida muxandis, otasiga har zamonda samosval topib berib, Shovvasoyning yuqori oqimlaridan sagʻanabop yassi xarsanglar yuklatib keladi. Nishxoʻrd koʻp chiqadi, albatta. Biri tashiganda sinadi, biri iskana uchi tekkanda darz ketadi, biriga tish oʻtmay tashlavoriladi. Qora domla aslida mana shularni oʻylab kelgandi. Qadrdoni ham ortiqcha gap-soʻzsiz tushuna qoldi.
— Muxandisga aytay, samosvalda eltib tashlaydi.
— Ioʻq, har kuni kelib, aravachamga ikki-uchtasini tanlab-saralab yuklab ketaman. Shoshadigan joyim yoʻq, seni ham koʻrib turaman bahonada,— dedi Qora domla.

Shunday qildi ham. Deyarli kunda keladigan boʻldi. Olib borgan ikki boʻlak toshini yer oʻyib joylaydi-da, yana bir pillapoya koʻtarilganiga koʻngli oʻsib, doʻsti yoniga keladi.
— Boʻlyaptimi?
— Boʻlyapti.

Oʻtirib choy xoʻplaydilar. Polvon domlaning aravachasiga brak boʻlgan zinabop yassi xarsanglardan yuklab beradi.

Bir kuni qarasa, Polvon uch gaz keladigan yaxlit, yassi bazaltni aravachaga joylab qoʻyibdi, qanday koʻtargan — xudo biladi.
— Yoʻq, buni olmayman,— dedi domla,— tupkaning tagidan yuklab kelingan mol-a! Eshakka tilla tushov boʻladi, bu. Olmayman.
— Olaqol, bizda koʻp.
— Yoʻq, oʻzingga kerak boʻladi, egasi kelib qolar... Qara, tabiatning oʻzi tarashlab, sagʻanabop qilib qoʻnibdi. Tushur, Polvon uka!
— Hay, mayli, tushur,— dedi usta.— Aytganingday, egasi kelib qolar.

Shunday qilib, Qora domla kun ora kelib yuklab ketgan toshlaridan binoyidek zinapoya tiklay boshladi. Yuqorida aytganimday, toshlarning notekis tomoni pux-talab tuproqqa chippa yopishar, oqarib koʻringan pillapoyalar qiyalikning nishabroq joylaridan eshilib-buralib kun sayin tepaga oʻrlab borar edi. Domla gohi qora terga botib holdan toyadi, sangtaroshning bostirmasida bir pas oʻtirib choy ichadi. Hordiq chiqaradi-da, aravasini sudrab borib, ishga tushadi. Ba’zan qattiq charchaganida tizzalari qaltirab zinaning tikka qirgʻoq tepasigacha chiqib borishiga koʻzi yetmay qoladi.

Shunday kunlarning birida yelkasiga belkurak tashlab Sotti merov kelib qoldi. Yodingizdadir, bu — hov oʻsha, tabiatni mahliyo boʻlib tomosha qilish oʻrniga qumga surat chizib oʻtiradigan sinfdoshimiz. Yolgʻiz oʻzi Bolokapada qolib ketgan ekan. Qayoqqa ham boradi. Oramizda ashaddiy «ikki»chi shu edi. Biz uni otaliqqa olib, darslarini yodlatib, obdon qiroat qildirib, imtihonga rosa tayyorlaganimizda baribir bir amallab ikkini olib chiqardi. Mana bugun bir qarashay deb kelibdi. Domla xursand boʻldi. «Odam boʻpti shu merov ham» deb.

Uning boʻyi choʻzilgan, suyagi buzuq, oyogʻida qoʻpol etik, qoʻli ishga chopib turardi.

Ish yurishib, zina goʻyo tepaga qarab «yoʻrgʻalab» ket-di. Sotti merov tushgacha astoydil ishladi. Lekin kechga yaqin toliqdi chogʻi, tili chiqib, achchiq-tizziq gap ota boshladi.
— Dashti biyobonda kimga kerak ekan bu dahmaza, domla?

Qora domla yalt etib qaradi-yu, indamadi. Kutilmagan bu fikrdan esankirab merovning mishiqi bola paytini koʻz oʻngiga keltirdi.
— Hamma shunga... hayron,— dedi Sotti merov.

Domla yana indamadi. Nima ham derdi. Bu merov shogirdini tuzlab qoʻyishi mumkin edi-yu, endi... katta boʻlib qolibdi, moʻylov ham qoʻyibdi. Bir chekkasi hasharga kelgan odamga qattiq gapirib ham boʻlmaydi.
— Oʻtib ketgan eski dunyoning bandasi ekansiz, dom-la,— dedi merov ham indamagan sari oshib.

Domla andvshani qoʻrqoq bilgan bu merovni javobga arzitmadi. Inson bolasining oʻsish, ulgʻayish, oʻzgarishi, bunda oʻzining, umuman domlalarning oʻrni haqida oʻyga toldi. Bularga koʻp narsani oʻrgatdi, oʻgit nasihat qildi, tabiat goʻzalliklarini koʻrsatdi. Lekin beminnat, begʻaraz ishlar tabiatgagina emas, olamni yashnatgan bahorga, tiriklikni barqaror etib turgan sof havo va soy chashmalar, oyu-yulduzlargagina emas, insonga ham xos ekanligini gapirmagan, amalda koʻrsatmagan ekan, oʻylab qarasa. U Sotti haqida oʻylamay qoʻydi. U endi ketadi va qaytib kelmaydi. Gap bunda emas...

Bu mahal Sotti chindan ham etagini qoqib, etigini yuvib kiygandi.
— Shogirdlaringiz koʻp, qarashvor deb chaqirsangiz boʻlmaydimi?— dedi domlaning tundligidan battar xafa boʻlib, — savobingizga sherik boʻlishadi, deb qoʻrqasizmi? — dedi iljayib, belkuragini yelkalab joʻnarkan.

Shu ketgancha chindan ham qaytib kelmadi. Lekin ish toʻxtagani yoʻq. Qora domlaning dilxira boʻlgani qoldi. Uning ilhom chirogʻi soʻndi-yu, lekin oʻchakish shami yondi. Oʻchakish esa charchash, toliqish bilan hisoblashmaydi. Bir oy deganda domla tamom darmondan qoldi-yu, ammo zinapoya buralib, toʻlgʻanib qirgʻoqning eng teppasigacha chiqib bordi.

Qora domla etik yechib, soy kechib oʻtdi-da, boʻynilarini, yuzlarini uzoq-uzoq yuvgach, ikki jiyda soyasidagi toshga oʻtirib, oʻz ishini bamaylixotir tamosha qildi. Qarasa, oʻz moʻljalidan oshiq, 53 pilla poya boʻlibdi, uzoqdan oqarib yoʻlovchi-yu, sayyohlarni oʻziga chorlab turibdi. Joyida! Domlaning koʻngli oʻrniga tushib, besaranjom tuygʻulari bosildi, malolli oʻylari unutildi, hordigʻi chiqib, dilidan gʻubor koʻtarilib, boʻgʻinlari boʻshashib, tanasiga orombaxsh bir iligʻlik yayradi. Joyida... Hali bu yer misli bir qadamjo boʻlib shuhrat topadi, horgʻin oʻtkinchi chanqogʻinn bosib, ehtimol «bu zinapoyani kim qurdiykin, baraka topkur?»— deb ham qoʻyar, qari-qartang duoga qoʻl ochar, bilganlar esa balki Qoravoyni tilga olar. Yaxshi gap tez tarqaydi, zora bir chaqqon muxbir ham chiqib, gazetga chop etsa, ya’ni shundoq-shundoq niyatli odamlar bor, falon joyda shunday ezgu bir ish boʻlibdi va hokazo, deb.

Qora domla oʻz qoʻli bilan qilgan ishga suqlanib, koʻzi toʻymay horgʻin xayollar uyoq-buyoqqa sudrab, jiyda soyasida uzoq oʻtirdi. Quyosh oqqan boʻlsa ham, endi bu zinapoyadan havas bilan birinchi boʻlib tushib kelgan biron zotni ham koʻrib ketay degan niyatda yana jindak kutdi. Qosh qoraymasdan, tepadagi katta yoʻlda ikki ayol koʻrindi. Boshini roʻmol bilan tangʻib, kamzul ustidan belini bogʻlagan bu ikki xotin Shovvasoyning yuqori oqimidagi togʻlardan doʻlana terib kelishayotgan boʻlsa kerak, qoʻllarida ogʻir kajava, jarlik tepasiga kelib toʻxtashdi.
— Voy, ovsin, zinapoya bor ekan-ku,— dedi yoshrogʻi chinkirib. Namozshom jimligida ularning quvnoq chugʻur-chugʻurlari yangrab eshitilib turardi. Kajavalarini boshlariga koʻtarib, yangi zinadan birinchi oyoq bosayotganlarini oʻylamay, hakkalab-hakkalab tushishdi. Soyaday qorayib turgan tosh va boʻtalar ortida, buloq labida ularning shoʻx qiy-chuvlari anchagacha eshitilib turdi. Domla xudojoʻy boʻlmasa ham, qariligi tutibmi, yo boʻlmasa shu sokin oqshomda koʻngli juda yayrab ketganidan, «Iloyo qadaminglar qutli boʻlsin»— deya yuziga omin tortdi, oʻrnidan turdi.

Choʻkich, ketmonlarini olib ketish bahonasida erta-lab kelib zinapoyani yana bir koʻrib ketdi. Joyida. Oqarib uzoqdan chorlab turibdi.

Qattiq zoʻriqqan ekan, domla doktorga qatnab, bazoʻr oʻziga keldi. Doktor yordam qildimi yo koʻngil tinchligimi, ishqilib, beldan gardanga, undan biqinga koʻchib yuradigan zirqirashlar harna qoldi.

Koʻngil nisbatan tinch edi-yu, bir chekkasida nimagadir intiqlik, bir bezovta his bor edi. Ochigʻi, domla zinapoya haqida hech boʻlmasa biron gap-soʻz boʻlishinn kutardi. Bu kutishni birovlardan, hatto oʻzidan ham yashirmoqchi boʻlardiyu, eplolmasdi. Buloq obod sayrgoh boʻlibdi, yosh-yalang yayrab qolibdi, katta yoʻlda hamma toʻxtab oʻtarmish, degan gaplar bir necha haftadan keyin yetib keldi. Ammo na buloq, na zina va na domla haqida gazet-pazetda hech narsa chiqmadi...

Aytnshlaricha, bir havaskor muxbir nohiya roʻznomasiga maqola yozib olib borgan emish, muharrir koʻrib, «Xoʻsh, nima, Dneproges qurilibdimi, bu haqda butun boshli maqola chiqarsak?! «Xronika» boʻlimiga kiring, uch-toʻrt satr qilib berishsin», deya qaytarvorganmish. «Xronika» boʻlimining xodimi ham yelkasini qisib, «Yoʻq, birodar, biz xronikada jizillab turgan oʻtkir faktlarnigina beramiz. Masalan, bosqin, toshqin, yongʻin...» deya barmoqlarini bir-bir bukib uzoq sanab, havaskorning hafsalasini pir qilibdi.

«Xronikabop» jizillagan oʻtkir voqealar haqidagi ovoza bir necha oydan keyin tarqala boshladi.

Avvalo qandaydir bir guruh yoshlar obod buloq labida ulfatchilik qilib, qattiq mushtlashishdan keyin, boshi shisha bilan urib yorilgan birovi kasalxonaga olib kelinganmish... Bu mish-mish yetib kelgan kuni Qora domla gangib qolganidan, pensiya olgani borish yodidan koʻtarilib, oilasida xafaqonlik yuz berdi. «Ha, esi pastlar, aroq ichadigan joymi-ya!» deya, kechasi bilan gʻoʻngʻillab, uyqu ololmay, uyoq buyoqqa agʻdarilib chiqdi. Yaxshi hamki, bu gap gazetada chiqmay, el ogʻzida qolib ketdi. Bundan keyingi ovoza ham mish-mish darajasida boʻldi: Kimdir Qora domlaning zinapoyasidan yiqilib, oyogʻinn sindirgan emish. «Emish» boʻlsa ham, bunisi domlaga qattiq botdi, chunki xalq ogʻzidagi gapda «Qora domla zinasi» degan soʻzlar ham ora-chora quloqqa chalinar edi. Domla ezilib ketdi.

Bundan keyingi voqea esa gazetada doʻmbira boʻlib, oʻlgan ustiga tepgan, deganday, domlani astoydil esankiratdi. Markazdan kelayotgan bir taniqli oila quvnab-yayrab buloqdan suv ichib chiqsa, katta yoʻlda qolgan «Volga» mashinalari yoʻq emish! Taxminlarga qaraganda, bu xoli joyda shunaqalarni atay poylab chakalakzorda yotgan «shaytonlar» shartta haydab ketishibdi.

Hali shunday poylab yotadigan «shaytonlar» ham chiqibdi desangiz-chi! Domladan sovuq ter chiqib ketdi. Xayriyatki, bu gal gazetda uning nomini tilga olishmadi. Olishsa oʻrni bor, nojoʻya boʻlmasdi. Xudo saqlabdi. Yo tovba...

Usha haftaning oʻzida «Xronika» chashmada noma’lum bir qizni zoʻrlab ketishganini xabar qildi. Shundan keyin bir oycha tinch boʻlib, domla endi oʻzimga keldim deb turganida, buloq atrofidagi butazordan oʻlik topildi. Qora domlaning bulogʻiyu zinapoyasi nohiyada odamlarning koʻngliga dahshat soladigan xavfli joyga aylandi. Oʻzingiz bilasiz, el oshirib, qoʻshib-chatib ham gapiradi, koʻp oʻtmay oʻsha joylarda hech narsadan tap tortmaydigan kallakesarlar ham paydo boʻlganmish, degan gap tarqaldi. Kim biladi deysiz...

Qora domla bosh koʻtarib koʻchaga chiqolmay qoldi. Yaqindagina, qilgan ezgu ishimni bir ogʻiz gazetaga ham yozishmadi, deb ichidan xafa boʻlib yurgan odam, bugun birdan yomon otligʻ boʻlib, oʻsha zina haqidagi niyatni diliga solgan kuni-soatini kechalari bilan la’natlab chiqadi. Uyda oʻtirib, choʻkib-bukchayib qoldi.

Qulogʻini bekitib oʻtirgan bilan qutulib boʻlarkanmi?! Bir oycha oʻtkazib, bozor-oʻcharga chiquvdi, ikki joyda notanish odamlar uni «Ana, Qora domla!» deb barmogʻi bilan turtib koʻrsatganini payqadi. Nariroqdagi rastada bir xotin sotayotgan pomidorining ustini yopib, domla oʻtib ketguncha yuzini oʻgirib turdi. Shundan keyin bozor ahli, hamma unga qiya qarayotganday boʻlaverdi, qulogʻiga «Qora domla!», «Qora domla!» degan betinim shivir eshitilardi. Uzidan oʻzi darmondan qolgan domla keragini xarid qilolmay gandiraklab yurib bozordan zoʻrgʻa chiqib ketdi.

Uyda ham uni shumxabar kutardi: hov oʻsha zoʻrlangan qizning onasi, telbami-sogʻmi bilib boʻlmaydigan darajada, kelib domlaning darvoza xonasida sochlarnni yulib dodu suron solibdi. Koʻni-qoʻshnini boshiga toʻplab mudhish qargʻishlar aytib ketdi.

Qora domla kechasi bilan bosinqirab chiqdi. Koʻzini yumishi bilan goh changalzorda yotgan kallakesarlar, goh sochini yulgan telba xotin, goh buloq boʻyida uzala tushib yotgan murda, gohi bozordagi teskari yuzlar, sirli nafrat chaqnagan qarashlar koʻz oʻngiga kelar, oʻrnidan turib ketardi.

Oxirgi turishda obrezda yarim satil sovuq suvni boshidan quydi-da tandir biqiniga suyalgan loʻmni yelkasiga olib, chiqib ketdi.

Tong salqin edi, yoʻtal tutdi. Yoʻtal zoʻridan koʻzi tingan domla Shovvasoy yoqasidagi oʻzi sevgan chakalakzor gullarini ham, undagi oqish shabnam sarinligini ham, endi uygʻongan chipor kapalaklarni ham koʻrmadi. U buloq tomonga shoshardi. Qani oʻsha «shaytonlar», qani oʻsha zoʻravonu bezorilar, qani oʻsha kallakesarlar?!

Bu dargʻazab dard uning ruhida boru, jismi boʻshashgan edi. Zina bosib yuqoriga chiqqanida bu yana bilindi, loʻmga suyanganicha kattiq hansirab, pastga, atroflarga ma’yus qaradi, hech zot yoʻq edi.

Tongda oqarib, namlanib yotgan zinapoya harsanglariga qaraganida, negadir koʻzidan tomchi yosh sitilib chiqdi. Shuning zoʻri bilan eng tepadagi birinchi pillapoya ostiga loʻm urdi. Gʻazab bilan qayirib tashladi. Tosh shagʻal aralash tuproqni shovullatib oʻpir-gancha yumalab tushib ketdi. Qizishgan qariya ikkinchi pillapoya ostiga jon-jahdi bilan loʻm urdi, jahl bilan birga qandaydir yovuz kuch ham toʻlishib ketdi. Domla nafas siqishini unutgan, qora terga botib tosh qayiradi. Qurish qiyin, yemirish oson, tepa qismini bir lahzada oʻpirib tashladi. Sal tinsa butunlay toʻxtab qoladiganday, urinib-surinib davom etar, loʻm qoʻlidan chiqib ketsa inqillab yana olar, «mana boʻlmasa!» deb urganida tosh chaqnab, domlaning oʻzi munkillab ketar, lekin tinmas, urar, tepar, qayirar, buzar edi.

Pastdan oʻn-oʻn ikki pillapoya qolganida ichida xuddi bir narsa uzilganday, domla «ing» dedi-yu toshga oʻtirib qoldi. Qoʻlidan chiqqan loʻm toshdan toshga urilgancha jaranglab pastga tushib ketdi. Domla, koʻz oldi qorongʻulashgach, belini ushlab, qayrilgan zinapoya oʻrniga yonboshladn. Lekin u oʻz ahvolini oʻylash oʻrniga, negadir. Sotti merovni koʻz oldiga keltirdi: «Domla, oʻtib ketgan eski dunyoning bandasi ekansiz...» esladi-yu, ingrab yubordi.

Quyosh tikkaga kelib qolgandi, lekin uning koʻz oʻngi qorongʻu. «Xudoyimey,— dedi u hamon oʻz ahvolinn oʻy-lamay,— qanday kunlarga qoldik? Yaxshilik qilib boʻl-masa dunyoda...»

Bu payt yuqorida mashinalar toʻxtab, ikkita shofyor

qichqirdi:
— Hoy, jinni boʻldingmi, nega buzayapsan zinapoyani? Hey, senga gapiryapmiz! Birovlar ne azobda quradi-yu, sen buzib tashlaysanmi!!! Esing joyidami oʻzi...

Ular pastga tushishdi. Qora domla tepasida turgan odamlarni koʻrib, oʻz ahvolini esladi:
— Bolalar... belim...

Qarashsa, bu «tentak»ning ahvoli chatoq. Koʻtarnshib chiqib mashinaga soldilar.

Nohiya kasalxonasida qaytalab soʻrashdi.
— Qayoqdan?
— Buloqdan, dedik-ku. «Qora domla» zinasida beli chiqib yotgan ekan.
— Obbo, yana Qora domla!—dedi doktor koʻzida va-hima bilan.

Uch kundan keyin kasalxonada Qora domlaning joni uzildi. Usha katta yoʻl yoqasidagi qabristonga yerladilar. Sadr sangtarosh Qoravoyning maqtab, aravachasiga olmay, «egasi kelib qolar» deb tashlab ketgan oʻsha katta bazalt toshga doʻstiiing nomini oʻyib yozdi-yu, doʻng tuproqning bosh tomonida uzoq oʻtirib qoldi. Xotira toshiga qarab gapirdi:

— Yaxshilik qilding, savobini olding-ketding ekan-da? Ioʻq, undoq emas, Qoravoy ogʻayni, ovora boʻlasan, savob degani yaxshi zamonlardan qolgan gap. Bizning kunlarda esa...