OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsqad Muxtor
Asar nomiTaqdir kimning qoʻlida (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Asqad Muxtor
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm45KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Taqdir kimning qoʻlida (hikoya)
Asqad Muxtor

Qulahmatning hushyorxonadan chiqadigan kuni edi. Zulukdaygina moʻylov qoʻygan yosh leytenant uni xonasiga chaqirdiyu, bunday vaqtda qiladigan «oʻtit-nasnhat»ini boshlayolmay, timiskilanib qoldi. Stolidagi qogʻozlarni yigʻishtirdi, tungi navbatchilar bulgʻab ketgan kuldonni qayoqqa toʻkishni bilmay, noiloj qaytib joyiga qoʻydi. Bu hamon gʻashiga tegardi shekilli, tagʻin olib stol tagidagi sim savatga, gʻijim qogʻozlar ustiga toʻkdi. Chekmaydigan odam, tamaki kulining hidiga burnini jiyirdi. Bosh koʻtarmay, Qulahmatga gap qotdi:
— Yara bitmabdi-ku hali ham...
— Bu... Oʻtgan safargi,— dedi Qulahmat ham bosh koʻtarmay, iyagida soqol aralash koʻtirlab qotgan eski yarani siladi. Keyin kir koʻylagining yoqasini qayirib yelkasini koʻrsatdi.— Kechagisi mana, bilinmay ketdi...

Yesh leytenant yana ancha ezmalaidi-da, axiri uiing yuziga tikka, achinib boqdi:
— Menga qarang, Qulahmat aka,.. yoshingiz ellikdan oshibdi. Men sizga oʻgʻli tengi odam, har gal oʻgit-nasihat qilib oʻtirsam...— u gapidan toʻxtab qoldi. Qulahmatning turqi haqiqatan ham juda ayanch edi.

Hushyorxonada dush bor, sovun bor, majbur qilib choʻmiltirishadi, soch-sodollarini qirib qoʻyishadi. Bu boʻlsa oʻshanda ham bir umr sovun koʻrmaganday... Yoʻq, u oʻzi shupaqa, turgan-bitgani shu, qandaydir yuziqsizning nusqi bor afti-basharasida... Qovoqlari salqi, yorgʻoq boshiga qasmoq doʻppini bostirib kiygan, bilaklarida yuvsa ketmaydigan dogʻlar, qoramoy yuqi, qoʻllari chaqa, kulrang yuzida eski-yangi yara izlari, boʻyinlarn tirnalgan...
— ... baribir nasihat qilishga toʻgʻri keladi,— deb davom etdi leytenant.— Hech kim siz bilan menday muloyim gaplashmaydi, bilib qoʻying. Ish joyingizga ham bu gal, mayli, qogʻoz yozmayman. Buning qadriga yetish kerak. Agar yana bir marta mushtlashadigan boʻlsangiz...— qarasa Qulahmatning xayoli uzoqda, qulogʻiga gap kirayotgani yoʻq. Leytenant oʻrindan turib eshikni mahkamroq jipslab yopib keldi.
— Menga qarang, grajdanin Qulahmat aka, agar ichmaslikning ilojini topmasangiz, iching...
— Men piyonista emasman.
— Iching, mayli,— dedi leytenant eshik-derazaga yana alanglab qoʻyib,— lekin janjal-suron koʻtarmang, xudo haqqi, mushtlashmang! Hech boʻlmasa shuni eplay olasizmi?
— Men hech kimni urmayman... Meni...
— Nega meni hech kim urmaydi-yu sizni uradi? Bekor gap! Jim yotgan itni ham hech kim tepib oʻtmaydi... — Leytenant, soʻz ogʻzida qolib, kamgap Qulahmatga yer ostidan qarab — kechirasiz...— deb qoʻydi-yu, oʻzi ham oʻngʻaysizlanib,jim boʻlib qoldi.
— Oʻtgan gal ham shunday degansiz,— dedi ovozini pasaytib.— Kim urdi desak, xuddi bezabon, indamaysiz. Bezorilarni, jinoyatchini yashirganlik uchun qonunda alohida modda bor, bilasizmi?

Leytenant amin edi: Qulahmat ashaddiy ichkilikboz. Ichsa shunday mast boʻladiki, kim bilan adi-badi aytishib, kimlar bilan mushtlashganini ham eslolmaydi.
— Menga qarang, Qulahmat aka, odamning taqdiri oʻz qoʻlida, ha, har kim...

Ilgari koʻp eshitgan odatdagi bu oʻgitlardan zeri-kib oʻtirgan Qulahmat shu oʻrinda bir hushyor tortganday, seskanib qoʻydi, qizargan mijjalarini pirpira-tib leytenantga tikildi.
— Qoʻlingizda hunaringiz bor, otam, shu yoshga kirib oʻzingizii eplolmagapingizga... Ahvolingizga qarang... Mening sizga gap uqtirib oʻtirishim uyat. Boring.

Qulahmat xuddi shunday boʻlishini kutganday, yengil turib eshikka qarab yurdi, lekin ostonada orqasiga qayrilib, xuddi yosh bola singari:
— Ikkinchi qilmayman, leytenant,— dedi-da eshikni tovushsiz yopib chiqib ketdi.

JEKka qaytib kelganida soat toʻqqizdan oshgan, xonalarda hech kim yoʻq edi. Telefon jiringladi, Qulahmat trubkani olib, «Hech kim yoʻq, hamma ob’ektda» dedi-da, oʻzining divaniga choʻzildi. Uning yotadigan joyi shu, oʻrtoqlari oʻrniga kechalari navbatchilik ham qiladi, shuning uchun hamma xodimlar undan xursand. Kechayu kunduz tinmay jiringlab turadigan telefonga beriladigan javob ham yod boʻlib ketgan, xuddi avtomatday: «Hech kim yoʻq, hamma ob’ektda».

Hozir yotdiyu yosh leytenantni oʻylab ketdi: yaxshi bola. Milisaga sira ham oʻxshamaydi. Taqdir odamning oʻz qoʻlida emish... Joʻn gapini qara. Hay, toʻxta, bordiyu chindan ham shunaqa boʻlsa-chi? Eh-he... Aytishga oson. Sodda-da, nimani ham koʻribdi. Nima boʻlsa ham, bolani qiynamasligi kerak. Yoʻq! Endi boshqacha yashaydi, gap bitta!

U ishchanlik bilan oʻriidan turib, buyurtmalar yoziladigan daftarni varaqladi. Titilab ketgan varaqlarga santexnikka kechasi bilan toʻrtta buyurtma tushgani yozilgan ekan. Sherikchilik tumbochkasidan kechagi somsa bilan ikkita olmani olib, tikka turgancha chay-nadi, ustidan shishani boshiga koʻtarib kefir ichdi-da, asbob qutisini olib yaqinroq manzilgohga qarab joʻnadi. Qaerlaridir zirqirar, boshi gʻuvillab, qoqilib-surilib borardi.

Qulahmatning qoʻli gul. Hunariga ehtiyoj ham koʻp. Zang bosib ishdan chiqqan vintillar, rezinasi yeyilib oqib yotgan kranlar, latta tiqilib qolgan oqova quvirlarn, tirsillab devorga urgan qaynoq suv... Bu ogʻir, gohi nopok, qora ishlarning oxiri-keti yoʻq. Bu bilan bir umr kun koʻradiganlar koʻp. Qulahmat ham yuraversa boʻlardi, hech kim xalaqit bermaydi. Lekin tirikchilik ekan, ba’zan bir nimaga duch kelib qoqiladi-da, ke-in... Ayb albatta oʻzida. Yoki taqdir oʻz qoʻlingda degani shumikin? Taqdir... taqdir degani bu umr-ku axir? Butun bir umrga bitta leytenant bilan duchlashuv nima degak gap, bir hafta vaqtning oʻtishi-chi? Mana, bir haftasi ham oʻtdi, voqeasiz, mashmashasiz... Hammasi joyida, hamma buryutmalar bekami-koʻst bajarilib turibdi. Qulahmatning yaralari ham bitib ketdi, milisaga ham duch kelgani yoʻq. Zulukmoʻylov leytenaitni ham endi yelkasyning chuquri koʻrsin!

Lekin oilasiz odamning ishi qiyin, ba’zan yolgʻizlik ich-ichini yeydi, yuragi ezilib ketganda dil tortib kimlargadir yaqinlashadi, ulfatga qoʻshiladi. Maia, hafta tinchgina oʻtdi deganda, toʻqqiz qavatlikning bnqinnda bir toʻda remontchilar uchrab qoldi. Kranini tuzatgan kvartiraning issiq suvini ochib, podvaldan chiqib kelarkan, bu suronli, xushchaqchaq bolalar keksa santexnikni kasbdosh deya oʻzlariga yaqin olishib iliq salomlashishdi. Shokir degan bir choʻlogʻi bor ekan, ogʻzi qulogʻida, choʻntagidan yaritmani olib koʻz-koʻz qildi.
— Qayoqdan olaqolding darrov, Lang?
— Tekin! Osmondan tushdi!— dedi Shokir choʻloq,— oltinchi qavatdan batareyani koʻtarib tushayotsam, bir kampir tushmagur etagimga osilib olsa boʻladimi! Kirsam, suv oqib vannasi jezday sargʻayib yotibdi. Savob boʻlar deb, shundoq olib qayta burab qoʻyuvdim, tappa toʻxtadi, jonivor. Endi chiqay desam, kampir manuni qoʻynimga tiqayapti. Yoʻq, buvi, dedim, bizga oylik toʻlashadi, boʻmaydi, dedim. Qani endi koʻnsa, hansiragan-cha, hadeb tiqishtirayotibdi-da kampir tushmagur. Atay navbatga turib, senga deb olib qoʻyganman, bir hafta kutdim seni, deydi. Meni santexnik deb oʻylagan ekan. Tak chto, boboy, sizning ham haqqingiz bor bunda, yuravering,— deya Shokir Qulahmatni yengidan ushladi.
— Ioʻq, bolalar, menga toʻgʻri kelmaydi!
— Be, besh kishiga nima boʻlardi yarimta, yuring,— deyishdi sheriklari ham.
— Rostini aytsam bolalar, kech qolaman...

Qulahmatning boʻshgina qarshiligini noz deb tushungan ulfatlar qoʻyarda-qoʻymay uni toʻqqiz qavatlining podvaliga olib tushib ketishdi.

Bu podvalni Qulahmat yaxshi bilardi: ozodagina issiqxonasi bor. Sozlovchilar axlatxonaga tashlab yuborilgan eski stol bilan shaloq divanni ham slib kirib, uyoq-buyogʻini tuzatib olishgan. Goho sovuq kunlari shu yerda yashiklarga oʻtirib nonushta qilishadi.

Bu gal u yerdan anchagacha ahil gangur-gungur gap, ba’zan esa baralla kulgi, gohida oʻqtin-oʻqtin gurung bir maromda eshitilib turdi. Salkam bir soatlardan keyin lodvalda nimadir taraqladi, shovqin-suron koʻtarildi, yana keyinroq esa baqiriq-chaqiriq, soʻkinish, xunik tovushlar yangradi. «Issiqxona»ning tunuka qoplangan pachoq eshigi taraqlab, qulogʻigacha qizarib ketgan Shokir otilib chiqdi. Ketidan sozlovchi bolalar yertoʻla eshigidan bir-bir chiqib har tomonga tar-qaldilar, kayfdan asar yoʻq, hammasi behafsala, qovogʻi soliq, gap-soʻzsiz, biri tish orasidan chirs etib tuflab, biri jahl bilan nimanidir tepib, joʻnab qolishdi.

Qulahmatdan darak yoʻq edi. Yomgʻir savalay boshladi. Chang bosgan yaproqlar yoqimli shitirlab, tuproq hidi anqidi. Tarnovdan podvalning zinasiga sharillab suv oqar edi. Shu mahal pillapoyalari koʻchib ketgan oʻsha iflos zinada Qulahmatning qasmoq doʻppisi, keyin oʻzi koʻrindi. U ikki qoʻli bilan devorlarni ushlab, gohi esa «toʻrt oyoqlab», zoʻrgʻa chiqib kelar edi. Endigina hushiga kelganga oʻxshaydi. Yorugʻ jahon borligiga ishonmayotganday, koʻkarib ketgan koʻzlarini chimirib osmonga boqdi, hansirab kesakiga suyandi, keyin oʻpka toʻlatib nafas oldi-da, duch kelgan joyga, devorga suykalib oʻtirib qoldi. Yomgʻir quyar, roʻparasidagi daraxt barglaridan yelkalariga loyqa suv tomar, u esa, sulayib oʻtirgancha, seskanmas ham edi. Xuddi shu joyga kulmi, jarbit qoldigʻimi toʻkilgan ekan, osti ivnb qoʻlansa hid taraldi. Lekin Qulahmat buni ham sezmadi, hushiga kelishi bilan haligi ulfatlarini koʻz oldiga keltirishga urina boshladi. U bunday «kampaniya»larni kup koʻrgan. Ichuvchilarning ajab turfa xillari boʻladi. Birov sal kayf qilsa shiringina jinni boʻladi-qoladi. Otangdan ham mehribon, umrida koʻrmagan odamning betiga soʻlagini surkab oʻpishgani-oʻpishgan. Birov boʻlsa yengiltak, shilqim boʻlib qoladi. Umrida qilgan hamma iflosliklarini hayosizlik bilan toʻkib soladi. Yana biri bekordan bekor yigʻlab, jigaringni ezib koʻksingni hoʻl qilvoradi. Boshqa biri zsa hayvon boʻtshb ketadi, butun dunyo uning oyogʻiga tiz choʻkishi kerakday, pichogʻiga qoʻl yugurtiradi. Birov beozor koʻpirib maqtansa, birov dunyoni dushman bosganday, esiga kelgan odamni yoki oʻz xotinini yomonlab ketadi. Uni boʻgʻib oʻldirishga va’da beradi. Yana birovning esa bir umr ichini tatalab, bagʻrini zaharday tilib yotgan biron dardn qoʻzgʻab, achchiq alami posodday yoriladi-da...

Qulahmatning hayoli boʻlindi: yomgʻir yuvib oʻtgan yoʻlkadan bilagiga qizil tasma taqqan uchta nazoratchi gurunglashib borardi. Qulahmat oʻtirgan joyidan yonidagi buta tagiga asta agʻanadi. Chunki koʻz qovogʻi koʻkarib bu ahvolda oʻtirgan odamni koʻrishsa, nazoratchilar indamay oʻtishmaydi. Qulahmat yumalab yotgan joyi bilchillagan loy boʻlsa ham, biqiniga sovuq oʻtsa ham, chidadi, bordiyu payqab qolishadigan boʻlsa ularga nima deyishini oʻylab ketdi. «Tanimayman ular-ni... Men boshlaganim yoʻq. Nega boʻlmasa odamning yuziga tuflaydn?.. Men nima qilibman ularga...» Koʻkar-gan koʻzini ushlab qoʻydi Qulahmat. Nazoratchilar oʻtib ketishdi.

Uh... hali ham or-nomusi bor-da. Uning oʻrnida boshqa birov boʻlsa bu milisa-yu hushyorxonalarni allaqachon pisand qilmay qoʻygan boʻlardi. Ha, nomusini saqlab qolgan, naqadar azob boʻlsa ham u bilan yashash...

Ammo-lekin joʻnash kerak bu yerdan. Mahallaga otning qashqasiday boʻlib qoldi. Umuman, bu tumanda, iloji boʻlsa bu shahardan butunlay gumdon boʻlish ke-rak. Yuradimi endi batta zulukmoʻylov bolaga chap berib... Nega iloji boʻlmas ekan? Bedananing uyi yoʻq, qayga borsa pitbildiq.

Ertasiga arizasini tashlab, asbob qutisini oldi-da, avtobusga chiqdi.
— Bitta. Ohangaronga.
— Avtobus Chirchiqqa boradi.
— Mayli, Chirchiqqa,— dedi Qulahmat. Pattachi uning aftiga bir qarab qoʻyib patta yirtib berdi.

Qulahmatning yoʻldayoq omadi yurisha boshladi. Bir oʻrindiqda toʻrxaltalarini tizzasining orasiga olib oʻtirgan qoʻshnisi, baqaloqqina porum yigit, juda ochiq, sergap ekan, bir pasda oʻzini ham batamom tanitib, Qulahmatni ham miridan-sirigacha bilib oldi.
— Bizni xonim mana shunaqa — toʻrttani tugʻib qoʻyib... Ana endi bu qopu tugunlardan akang qaragʻayni yelkasi yagʻir... Xoʻsh, zndi munday qilamiz, Qulahmat aka. Avtobusdan tushib tikka kapratipga boramiz. Temirni qizigʻida bos, degan mashoyixlar. Bizda ishlaydiganlar albatta kamida ikki-uch hunarni egallagan boʻlishi kerak, amolaykim boshligʻimiz oʻgʻilbola yigit, sizning ahvolingizni hisobga oladi. Keyin, santexnik degani bizda yoʻq hisob.
— Menga qarang, Hojimat uka... Boshliq deyapsiz, men uning oldiga bu qiyofada kirsam...

Hojimat qoʻshnisiga razm solib, boshidan oyogʻigacha yana bir koʻzdan kechirdi.
— Hechqisi yoʻq, undan avval sartaroshxonaga birrov kirib, pardoz qilib chiqamiz, aka.

Qulahmat xursand boʻldi.
— Siz oʻzingiz qaysi hunarlarni...
— Menmi? Men,— deb ilib ketdi Hojimat,— hozircha suvoqdaman. Amolaykim zarur boʻlganda oboy yelimlashni ham eplab turibman. E, yigitga hunar kasot ekanmi, oʻrganib ketasiz, Qulahmat aka, bizda nima koʻp ikir-chikir yumush koʻp. Muhandis, dezayner, agronom, hatto pedagoglar ham bor amolaykim. Ushalarning orasida siz bilan biz ham yursak nima qipti, aka. Daromad boʻlsa chakki emas.
— Bunisi menga baribir...
— Menga ham! Amolaykim mana bu zumrashalar bor-da,— deb Hojimat negadir yana toʻrxaltalarini koʻrsatdi. Bu baqaloq Qulahmatga borgan sari yoqardi, koʻpdan beri birinchi marta ichi ilib, jilmayib qoʻydi.

Ular toʻrxaltalarni koʻtarishib tushgach, sartaroshga kirib chiqdilarda, shahar bogʻining orqasidagi bir qa-vatlik bino yonida toʻxtadilar. Hafsala bilan tekns oqlangan bino peshtoqiga «Fayz»—kooperativ «UYuT» degan lavha qoqilgan edi. Hojimat «Dadil boʻling, aka, boshligʻimiz oʻgʻil bola yigit, ha!» deb Qulahmatni shu yerda qoldirib «zumrashalari» yoniga shoshdi. Boshliq chindan ham oʻgʻilbola yigit ekan, siyosat, qilib oʻtirmadi:
— Bizda hozir birinchi galdagi masala —«Fayz» ning obroʻsini oshirish. Jamoamizda hamma ziyoli.
— Tushunarlik. Men ichmayman. Agar qoidalarin-gizga xilof bir ish oʻtsa ikkinchi kuniyoq boʻshatib yuboring, roziman.
— Ish boʻshatishgacha borsa, kech boʻladi. Men sizdan hech narsani yashirmayman.
— Men ham yashirmayman, sizga xalaqit berishi mumkin boʻlgan ikkita kamchiligim bor: birinchidan, hunarim bittagina, ikkinchidan, turarjoyim yoʻq.

Boshliq biroz oʻylanib, kuldi:
— Bu ikkitagina kamchilikdan ikkita fazilat yasamasak, kooperator boʻlib qayoqqa bordik!

Qulahmat tushunmadi-yu yuzi yorishibroq unga tikilib qoldi.
— Bizga «tungi direktor» ham kerak, hunaringiz ikkita boʻladi. Shu yerda, — qoʻllarini yozib, yaxshi jihozlangan keng xonani koʻrsatdi,— hozircha shu yerda yotib ham yuraverasiz. Shu bilan ikkinchi kamchiligingiz ham...

Qeyin u «tungi direktor»ning vazifalarini uzoq tushuntirdi.

Shunday qilib ajoyib odamlar orasiga tushib qoldi Qulahmat. Bunaqangi omad tushiga ham chalingan emasdi. Uy-xoʻjalik ishlarining oʻnlab xillarini bajarib turgan «Fayz» kooperativini butun shahar bilardi. «Fayz»danman, chaqirganmidingiz?» desa qoʻli gul bolalarga hamma eshiklar lang ochiq. Qulahmat ikki oy deganda umrida kiymagan kostyum oldi, hushyorxonalarda qirilaverib unutilib ketgan sochlari ham qorayib chiqdi. Chakkalarigina jinday kumushrang edi. Yuzidagi, boʻynidagi yaralar chandiqsiz bitib ketdi.

Ammo bu yuzaki oʻzgarishlar, yuzadagi yaralar ekan.

Ularning bitmaydiganlari borligini oddiy bir telefon qoʻngʻirogʻi eslatib qoʻydi.

Qulahmat tungi buyurtmalarni dispetcherga topshirgandan keyin, kabinetni shamollatib, endi nonushtaga chiqmoqchi boʻlib turgan edi, boshliqning xosxonasida telefon jiriiglab qoldi.
— Allo, ha, «Fayz,— dedi Qulahmat trubkani olib.
— Ijroqoʻmdai gapiryapmiz, allo, men Mirtojievman... eshityapsizmi?

Qulahmat boʻshashib, oqarinqirab ketdi.
— Kim? Kim gapiryapti?
— Komil Mirtojievichman...

Ijroiya komitetining xodimi keyin kooperativ bi-lan tuzilgan shartnoma-yu uning allaqaysi moddalari, qandaydir instruktsiya haqida ezmalanib gapirdi. Bu tanbihu eslatishlar Qulahmatning qulogʻiga kirgani yoʻq, u tarashadek qotib qolgan edi. Trubkaning joyini zoʻrgʻa topib qoʻydi-yu, hozir Komil Mirtojiev eshikdanmi, derazadanmi kirib keladiganday, atrofga alangladi. Keyin esini sal yigʻib oldi shekilli, divanga oʻtirib qoldi, koʻziga stoldagi telefon apparatidan boshqa hech narsa koʻrinmas, haligi ovoz havoda muallaq osilib turar edi: «Komil Mirtojievman...»

Avval, u meni atay qidirib topib tusmollab tele-fon qilyapti, degan fikr keldi, unday boʻlsa, tanidimi-yoʻqmi? Toʻxta-chi... ovozi oʻxshamaydi shekilli? E, shuncha yillardan keyin ovozni tanib boʻlar ekanmi. Qoʻchada roʻpara boʻlishsa ham bir-birini tanimas... Darvoqe, bu boshqa odam boʻlsa-chi? Ismi-familiyasi oʻxshash odamlar kammi!

Bu oʻylardan Qulahmatning joniga orom yetmadi. Bu oʻsha Komilmi, boshqami, endi buning ahamiyati yoʻq, goʻyo butun umrining astar-paxtasi agʻdarilib, oʻy-xotiralari ham, koʻngil mulki ham algʻov-dalgʻov boʻlgan edi.

Ertasiga Qulahmat gʻoyib boʻldi. Toshkent vokzalida tasodifan oʻsha Hojimat porumni koʻrib, «Fayz»ga endi qaytib bormasligini aytdi. U xuddi tuman ichida adashganday, boshi oqqan tomonga qarab yurardi, qayoqqa boʻlsa ham, faqat olisroqqa ketsa boʻlgani...

Kechasi bir maromda taqa-tuq, taqa-tuq qilib, shaldirab ketayotgan boʻsh vagon ichida hushiga keldi. Mudrab qolgan qariyaning tikkaytirib qoʻyilgan qopiga suyanib oʻtirgancha mizgʻiyotgan ekan, koʻzlarini yirtib, derazaga qaradi. Ushanda ham, bu vagonda qayoqlarga ketayotganini emas, oʻsha Komilni oʻylardi. Bu uzuq-yuluq xotiralar tushlarini oʻngiga ulab qancha davom etdi — Oʻzi ham bilmaydi.

...Oʻqish muhimmi, gʻoyaviy soflik muhimmi? Gʻoyaviy soflik muhim. Bu isbot qilingan. Bu isbot talab qilmaydigan aksioma edi. Shuning uchun dars emas, majlis birinchi oʻrinda turardi. Komsomol majlisi uch kun surunkasiga davom etganda ham pedagoglar hech narsa deyolmay muallimlar xonasida intizom saqlab, kun-uzun shumshayib, bekor oʻtirishardi.

Institutning katta zalida bu shovqin ikki kundan beri tinmaydi. Uchinchi kuni Mirkomil (u vaqtda Komilning oti shunday toʻla aytilar edi) majlisni qariyb butunlay oʻz qoʻliga oldi. Uning ovozi hamma suronlarni bosib tushar, keskin, dadil edi. Avval zalning oʻrtarogʻida kursining ustida tikka turib, qoʻllarini paxsa qilgancha, baqirib gapirdi. Keyin minbarga chiqib oldi. Minbar sahnada, baland joyda boʻlib, unga chiqib qoʻllarini yoygan odam zaldagi xalqning ustida uchib ketayotgan burgutday koʻrinardi. Mirkomil dastlab minbarga bir necha gazetalarni yoyib tashladi-da baland ovoz bilan undagi yirik sarlavhalarni oʻqidi:
— «Gazandalar xalqning qahri gʻazabidan qochib qutilolmaydi!» «Hukmimiz beayov: xalq dushmanlariga oʻlim!» «Itga it oʻlimi — azmi qarorimiz qat’iy!»— zaldagi mudhish jimlikka bir zum quloq solgandan keyin Mirkomil davom etdi — Mana shu adolatli hukmu qarorlarda institutimiz kollektivining ham munosib hissasi, vijdon ovozi bor! Sovet kishilari halqaro imperializmning qonxoʻr josuslarini temir supurgi bilan supurib tashlayotgan bir paytda biz oʻz saflarimizning gʻoyaviy sofligiga loqayd qaray olamizmi?! Fosh etilgan xalq dushmanlarining arzandalari oramizda bemalol yursa, biz bunga chidab turishimiz mumkinmi? Xoʻsh! Mana, hali ham komsomol safida yurgan ikkinchi kurs talabasi Qulahmat Nazirovning otasi qaerda hozir, bilasizlar! U oʻz arzandasining quloqlariga, uning yuragiga qanday qora niyatlarni, oʻzining qanday chirkin umidlarini shipshidi ekan, xoʻsh, buni kim ayta oladi? Men saflarimizni bunday shubhali unsurlardan tozalashni qat’iy talab qilaman!

Uch kundan beri shunday suronlar ichida gangib oʻtir-gan studentlar zalni boshlariga koʻtarishdi. Shunda ham Mirkomilning baqiroq chaqiriqlari hammadan baland eshitilar edi.
— ...komsomol safida oʻrin yoʻq!
— ...oʻchirilsin!
— Haydalsin!
— Otasining yoniga borsin!

Qulahmat, bu suron oyoqdan yiqitadiganday, quloqlarinn ikki qoʻllab bekitib, baqiriq-chaqiriqlar ostida qoqila-suqila zaldan chiqib ketdi. Uni ovozga qoʻyish, qoʻl koʻtarish yoʻli bilan emas, quvib haydab soldilar. Uni komsomol safidan emas, hayotdan haydab chiqardilar. «Otasining oldiga borsin!» Qayoqqa boradi, otasi qamalganiga ikki yil boʻldi, otildimi, surgun qilindimi — darak yoʻq. Qayoqqa boradi.

Tentirab yana oʻsha institut yotoqxonasiga borib qoldi. Begona koʻzdan yashirinib, qoʻrqa-pisa yotogʻiga kirib, yechinmayoq, koʻrpaga oʻranib yotdi. Koʻzidan tirqirab chiqqan yoshlaridan ori kelib, goʻyo oʻt ichida toʻlgʻanib kunni kech qildi. «Dadajon, oʻzingiz dushman boʻlsangiz ham, menga yomon ishni oʻrgatmagansiz-ku! Qulogʻimga hech narsani shipshimagansiz! Nega bunday qilishadi? Endi qayoqqa boraman, endi qayoqqa sigʻaman? Mirkomil-ku, mayli, u mendan Murshida uchun oʻch olayapti, koʻrgani koʻzi yoʻq. Boshqalar-chi? Gazabda toʻs-toʻpolon koʻtargan zal koʻz oʻngiga keldi baqiriq-chaqiriq, nohaq haqoratlar qulogʻida yangrab, boshini koʻrpaga burkab oldi.

Ertasiga Murshidani hech qaerdan topolmadi. Dardini aytib koʻnglini boʻshatadigan birdan-bir yaqini shu edi, nima «boʻldi, nahotki u ham... Institutda darslar yoʻq hisob. Majlislar davom etyapti. Qulahmatning esa endi boradigan majlisi yoʻq. Gaplashadigan odami ham yuq. Moxovday yakkalanib, hech qaerga sigʻmay qoldi. Faqat yotoqxonadagi farrosh kampir «dardingni olay, boy boʻlgur» deb budkasiga chaqiradi-da, choy uzatib gurunglashib oʻtiradi. U bir kuni xunuk gap aytib qoldi: Murshida qishlogʻiga ketib qolganmish.

Keyin Qulahmat bu gapning tagiga yetdi. Mirkomil uning yotogʻiga bostirib kirib shilqimlik qilibdi. Avval yaltoqlik bilan: «jazmaningni kavushini toʻgʻ-riladik, endi otasining oldiga ketadi, umidingni uz» depti. Shu gapiga Murshidadan tarsaki yegandan keyin, «manjalaqi, gazandaning quyqasi!» deb haqorat qilib chiqib ketibdi. Tarsakining alami juda oʻtib ketgan ekan, bunga ham qanoatlanmay talabalar orasida Murshida haqida fisqi-pasot tarqatibdi. Endi majlisga olib chiqmoqchi boʻlib yurganmish: «Fosh etilishini bilib, institutdan qochib ketdi, shuning oʻzi isbot qilib turibdiki...»

Qulahmat bunisiga dosh berolmadi. Uzi har narsaga, harqanday turtkiyu tepkilashlarga koʻnishi mumkin, ammo Murshidani tahqirlatib qoʻyishga uning yigitlik paylari tortishib.

Qulahmat hali nima qilmoqchi ekanini bilmasdi. Bunday paytda odam oʻz tarbiyasiga, oʻz muhitiga, oʻz zamonasiga yarasha ish tutadi. Davrlar boʻlganki, bunday vaziyatda yoshlar bir-birlarini duelga chaqirishgan. Lekin Qulahmat oʻz davrining bolasi, uning mnya-siga duel emas, boshqa tadbir kelishi tabiiy edi.

«Toʻxtab tur, Mirkomil!—dedi u yaia,— toʻxtab tur, tavbangga tayantirmasam! Uzingni shu kunga solmasam!»— bu tahdidning davomi borga oʻxshaydiyu nima ekanligi darrov esga kelaqolmasdi.

Esga avval boshqa bir narsa keldi, bundan bir yil-cha avval boʻlgan bir dars. Ximiyadan, tajriba darsi.

Ximiya laboratoriyasi kamdan-kam ochilar, qarovsiz edi. Farrosh xotinning paqiru supurgilari, yongʻinga qarshi asboblar ham shu yerda saqlanar, foto toʻgaragining mashgʻulotlari ham shu yerda boʻlar, keyingi vaqtda esa bu qorongʻi xona naq omborga aylantirilgan edi. Tajriba darsi boshlanganda muallim bu tartibsizlikni koʻrib, oʻzicha nimadir deb doʻngʻilladiyu, darsni davom ettirdi. Oyoq ostida qandaydir portretlar teskari qilib devorga suyalgan, shior yozilgan qizil alvoilar gʻijimlanib chang bosib yotar, eski kursilar bir-biriga mingashtirib taxlangan, hatto biri pachoq, biri butun qandaydir haykallar, byustlar ham burchak-burchakka yumalatib qoʻyilgan edi. Sirka, oltingugurt hidi anqib, devordagi krandan chak-chak suv tomar; muallim spirtovkayu probirkalar qalashib yotgan oʻz stoli yoni-da u yoq-bu yoqqa yurib turib gapirardiyu, koʻrinib turardiki, oyoq ostida tartibsiz yotgan lashlush jigʻiga tegardi. Ayniqsa, ganchdan yasalgan bitta oq byust bemalol yurib gapirishiga xalaqit berardi. Kimning byusti ekani ma’lum emas, lekin gʻira-shirada xuddi tirik odam oyoq ostida yumalab yotganday, muallimning gʻashiga tegaverdi. U yoqqa oʻtdi — oyogʻi tegib ketib bir qara-di, buyoqqa oʻtdi — oyogʻi tegmasa ham egilib yana bir qaradi. Axiri oʻsha yumalab yotgan labi kemtik oq byustni egilib qoʻliga oldi-da, doʻq etib deraza rafiga oʻtqizdi, keyin basharasiga bir qarab, deraza pardasining orqarogʻiga surib qoʻydi. Dars davom etdi.

Oʻsha vaqtda qorongʻi omborxonalarga tashlab, koʻzdan yashirib qoʻyilgan siniq-pachoq byustu haykallar koʻp boʻlar, bu oʻshalardan biri, Akmal Ikromovning byusti edi. Xoʻsh, allaqachon oʻtib ketgan, odatdagi, joʻngina bu dars nima uchun hozir alamzada Qulahmatning hayolita keldi, dersiz. Gap shundaki, oʻsha ximiya muallimi, muloyimgina ziyoli odam, Mirkomilning dadasi edi.

Qasos jazavasida qolgan Qulahmat «hapsanimi!» deb tishini tishiga bosdi-da yotogʻiga bekinib, qoʻliga qogʻoz-qalam oldi.

Xalq dushmanining haykalini roʻparasiga qoʻyib sovet yoshlariga «dars» beradigan gazanda ozodlikda yurarmidi! Tez orada Qulahmatning qora kuni Mirkomilning boshiga tushdi. Majlislar esa davom etardi. Oʻqishlar-chi? Oʻqishlar muhim emas, gʻoyaviy soflik muhim. Bu — Mirkomilning oʻz iborasi.

Yillar oʻtib, Qulahmatning dadasi, yupun, orriq, qarib qolgan boʻlsa ham, eson-omon qaytib keldi. Oʻqishdan qolib ketgan boʻlsa-da, aqli-xushi butun oʻgʻliga toʻymasdi: «Men oʻzimdan emas, sendan xavotirda edim, oʻgʻlim, xayriyat!—deb Qulahmatni qayta-qayta quchardi,— davr axir odamlarni ne kuylarga solmadi, otasidan kechib ketgan bolalar bor. Yomon yoʻlga kirganlar qancha...»

Qulahmat hali yomon yoʻlga, kirmagan edi. Yana bir yildan keyin ximiya muallimining otilib ketganligi ma’lum boʻldiyu, Qulahmat, ichiga lovullagan choʻgʻ tashlanganday, oʻzini qayoqqa qoʻyishni bilmay, uzlat istab borib «betonka»dagi xoli restoranda birinchi marta «toʻyguncha» araq ichib, yiqilib qoldi. Mastlikda kimga nima dedi, eslolmaydi, lekin noma’lum odamlardan kaltak yeb, sulayib qaytdi. Uning kimgadir nimadir deyishi kerak edi. Lekin hushyor vaqtida aytolmaydi. Ichishi kerak. Bu qiligʻi bilan uch yil deganda otasining oʻlib ketishiga ham zomin boʻldi. Ammo bu kudfat ham ichidagi choʻgʻni oʻchirolmadi. Nazarida uning yalligʻini faqat araq sal paslatardi. Negadir, uni koʻp kaltaklar edilar, u esa oʻchakishib, yana ichaverdi.. Goho tiyildi ham, bunga irodasi yetardi, lekin, hayog eqan, gohida bir qoqilib...

...Vagon taraq etib, tormozlar xunuk gʻirchilladi. Qulahmat uzoq uyqudan uygʻonganday, bir seskandi-da, qop egasi qariyaga uzr aytib vagondan tushdi. U xuddi shu shaharga kelayotgan yoʻlovchiday chaqqon tushdi, lekin qaerga kelganini hali bilmasdi. Buning ahamiyati ham yoʻq edi.

Bunday paytlarda Qulahmat Ubaydulla togʻani eslaydi. U tegi moldaviyalik loʻlilardan boʻlib, asli oti Bodulay. Burni doim qip-qizil, sochlari jangalak-patak, bilmagan hunari yoʻq, qoʻli gul odam edi. Qulahmat ikkinchi kursdan haydalib, behujjat, bekasb, sargashtayu sargardon boʻlib yurganida shu odam uni qanoti ostiga oldi. «Senga bir hunar oʻrgatamanki, hujjatning ham hojati boʻlmaydi», dedi. Chindan ham, Qulahmat santexnik boʻlganidan beri hali beish qolgani yoʻq. Bodulay togʻaning bir hikmatli gapi hozir yana yodiga tushdi: «Shahar yoʻqqi, unda JEK boʻlmasa, JEK borki unda santexnikka albatta ehtiyoj boʻladi!»

Shuning uchun qaerga kelib tushganining ahamiyati yoʻq edi. Darvoqe tez orada ma’lum boʻldiki, bu yer Begovot ekan.

Qulahmatning oldida eshiklar yana ochildi. U ishdan qoʻrqmaydi, duch kelgan joyda tunab ketaverishga ham oʻrgangan. Faqat yana oʻsha eski dard — yolgʻizlik. Ayniqsa, charchab kelganida u jismoniy ogʻriqqa aylanadi. Gohi shunday tuyuladiki, yonida bir suhbatdoshi boʻlsa, balki boshi ham chatnab ogʻrimas, beli ham zirqiramas edi. U odamlarga intiladiyu ulfatdan hadiksiraydi. «Odamovi ekan» deydiganlar uning dardini bilmaydi albatta, tasodifan uchrashib, ikki ogʻizgina gap qilib oʻtib ketadigan odamlar, oʻtkinchi muloqotlar uning uchun birdan-bir najot.

Begovotliklar odamshavanda, xushmuomala, sodda-sofdil boʻlarkan. «Usta» deganni Qulahmat shu yerda eshitdi: «Boʻldimi, usta?», «Baraka toping, usta!» Shamolini aytmasangiz, shaharning oʻzi ham durkungina ekan. Shamol nima, Qulahmatning ishi yuzada emas, shaharning tagida. Binolar yangi boʻlganidanmi, «er osti xoʻjaligi» hali ancha botartib, zanglash, yorilish, avariyalar kam, koʻpincha mayda-chuyda ish: kran, vintil, deganday... eshik qoʻngʻirogʻi jiring etadi, «Texnik, chaqirganmidingiz?», «Ha, keling, usta!» Unga hamma peshvoz, hamma xursand.

Kunlardan bir kun zavodga qarashli toʻrt qavatli uydan buyurtma tushdi. Bu ham oʻshanaqa, arzimagan yumush: oshxonada idish-tovoq yuvadigan kran hushtak chaladigan boʻlibdi. Uynab-kulib borib, oʻynab-kulib toʻgʻrilab keladi.

Uchinchi qavatda yoqimtoygina ayol eshik ochdi, tistarilib yoʻl berdi. Uyda yolgʻiz ekan shekilli, Qulahmat unga razm solib boqqani ham yoʻq, salomlashgach, oyogʻini artib oshxonaga oʻtdi-da, qutisidan asboblarini oldi. Kran chindan ham ancha xunuk chinqirib, gʻashga tegadigan boʻlib qolgan ekan. Buradi, yeyilib ketgan rezinkalarini olib tashlab, zanglarini tozaladi. Qu-tisidan yangi rezinka topdi. Arzimagan shu ishga ter-lab ketganini sezib, xijolat tortdi. Manglayini hoʻl qoʻlining sirti bilan artib, nima ish qilayotganini unutganday, bir pas toʻxtab qoldi. Negadir xayoli joyida emas. Orqasida... haligi ayol tikilib turganday boʻlaverdi. Oshxonaga-ku yolgʻiz oʻzi kirdi, undan boshqa hech kim yoʻq, buni biladi, lekin kimdir... Qimdir emas, uy bekasi, haligi ayol, nazarida hamon yelkasiga tikilib turardi. Qulahmatning qoʻli qaltirab, kalitki zoʻrgʻa buradi, endi tekshirib koʻrish kerak, kran hushtak chaladimi-yoʻqmi... Chaladimi-yoʻqmi... Qarasa, qoʻllari xuddi shol, hech narsa qilolmay shamday qotib turibdi. Orqasiga qayrilib qarashga yuragi dov bermaydi.
— Murshida...— dedi beixtiyor shivirlab. Qayoqdan keldi koʻngliga bu ism... Badani yonar edi. Orqasiga qayirilib qarasa — haqiqatan ham, hech kim yoʻq.

Otilib tashqariga, havoga chiqqisi keldi, nima boʻlyapti oʻzi, yolgʻizlik dardi unga turli koʻrinishlarda kelib yopishadigan boʻlyapti, bu ahvolda jinni boʻlib qolish ham hech gap emas. Hali eshik ochganida bamaylixotir yonidan oʻtgan beparvo ayol nega hozir birdan miyasini lovullatib qoldi?

Qoʻlini chayishii ham unutib, oshxonadan chiqdi. Ichkarigi xonaning eshigi ochiq, undan bosiq yigʻi tovushi eshitildi. Burchakdagi yumshoq kursiga mukka tushib yuzini yashirib olgan uy bekasining yelkalari titrar edi.
— ...Hamma... si... boʻldi...— dedi Qulahmat odatiga koʻra. Lekin behis, beixtiyor.
— ...Rahmat... usta...— dedi uy bekasi boshini koʻta-rib. Qizargan yonoqlari nam, koʻzi hech narsani koʻrmayotganday moʻltirab turar edi.

Qulahmat ketolmadi. Bu yigʻlagan xotinni yupatmoqchi emas, oʻzining yigʻlagisi kelardi. Ma’nosiz termulishib turdilar. Nihoyat, Qulahmat buning tush emasligiga ishondi shekilli:
— Murshida,...— dedi sekin, nimadandir qoʻrqib, ikkilanibroq.

Ayol oʻrnidan turib, yuz-koʻzini arta-arta, burchakdan yorugʻroqqa chiqdi.
— Shubhalanmang, Qulahmat aka, menman, men...— toʻlishgan yuzida kulgichi yoyildi. Qulahmatning tizza boʻgʻinlari boʻshashib ketdi, bu oʻsha kulgich edi, oʻzi toʻlishib ancha oʻzgargan boʻlsa ham, bolalarga xos kulgichi oʻsha-oʻsha. Yoʻq, kulgichi ham oʻzgargan albatta, ilgarigidek nurlanib turadigan sehri chuqurcha emas, jilmayganida koʻz tagidagi ajinlarga tutashib ketadigan gʻamgin xotiraga oʻxshardi. Murshida ham yoʻq, umr ham yoʻq, bu tasodifiy uchrashuv ham yoʻq, hammasi xotira! Gʻamgin xotira!
— Xushnud emasga oʻxshaysiz... Oʻtiring axir. Uchrasharmiz deb men ham hech oʻylamagan edim,— dedi uy bekasi. Qulahmat duch kelgan kursiga choʻkdi, koʻz oldida gʻujgon oʻynagan qora nuqtalar tarqay boshladi.
— Murshida...— dedi yana, endi unga astoydil tikilib. Uning ilk muhabbati! U nimalarni, kimlarni koʻrdi, hayot uni ham ayovsiz mijigladimi, undan nimalar qoldi? Shubhasiz nimadir qolgan, yoshlikning oʻsha sehridan nimadir qolmasa, ular hozir bir-birlarini tanimagan boʻlar edilar.

Ular bu safar kam gaplashdilar, tikilishib oʻtirib, bir piyoladan choy ichdilar-da, Murashidaning yolgʻizligini bilgandan keyin, Qulahmat negadir ketishga shoshildi.

Nega shoshib chiqib ketganiga oʻzi ham hayron, yolgʻizlikdan qiynalib yurgan odam yolgʻizlik istab qolgani gʻalati edi. Uniing xayoliga boshqa hech narsa sigʻmay qoldi, bir vaqtlar besh qoʻlday bilgan Murshidasi zndi unga noma’lum bir olamdek, ttsbora uni koʻproq bilgisi kelaverdi.

Bir bahona bilan, asbob qutisini koʻtarib yana bordi. Bu safar ular oʻtgan yillar haqida uzoq, ochiq gaplashdilar. Uzlari haqida bir-birlariga hikoya qilib, goʻyo boshqatdan tanishdilar. Murshidaning eri taksist ekan, mashina halokatida nobud boʻlibdi. Oʻzi hozir zavod bolalar boqchasida murabbiya. Bir qizi bor, eri bilan turadi.
— Men shu yerda qoldim, ish joyiga yaqinroq.
— Uying fayzli ekan. Ana u tikka quvirlarni almashtirish kerak xolos. Quruvchilar kalibrni notoʻgʻri tanlashibdi.
— Kamchiligi koʻp...— dedi Murshida qandaydir aytilmagan oʻydan uyalgandek, bosh egib.

Qulahmatning keyingi kelishiga Murshidaning oʻz «buyurtma»si bahona boʻldi. Umuman keyingi vaqtda uning «buyurtma»lari tezlashib, koʻpayib qoldi: goh suv bosadi, goh dush ishlamaydi. Duch kelgan joyda quruq-sovuq tamaddi qilib yurgan, boshpanasiz Qulahmatga bunday kunlar — bayram. Murshida binoyidek pazanda ekan, buni yolgʻizlikda oʻzi ham bilmagan ekan, ochilib ketdi, plita yonida yuzlari lov-lov, qoʻli qoʻliga tegmaydi.

Bir kuni qizi kelib qoldi. Juda ochiq-sochiq, sergap, serkulgi qiz ekan:
— Voy, chuchvaraning ustidan chiqippan!—dedi kirasolib, shirin taom hidlariga chiroyli burnini jiyirarkan. Qulahmat unga qarab hang-mang boʻlib qoldi.
— Murshida!?—dedi koʻzlarini pirpiratib.
— Murshida emas, Movluda,— dedi onasi kulib.

U qiziga Qulahmat haqida oʻtgan safar gapirib bergan, qizi esa uning hazin ohanglaridan bir nimalarni payqagan edi.
— Yoʻq, sen emas, mana bu — Murshida!—deb turib oldi Qulahmat. U oʻzining zavqli haziliga berilib, Murshidani hafa qilayotganini payqamas edi. Ayol chetroqda teskari qarab, bosh egib qoldi.— Axir mana-ku oʻsha Murshida! Qayoqlarda yurgan eding?—dedi yana Qulahmat goʻyo hazildan xayolatga oʻtib, xotiralar domiga tushib qolganday. Qiz onasi yoniga borib, yelkasidan quchdi. Qulahmat birdan oʻziga kelganday xomush tortib, kursiga oʻtirdi.
— Juda ham oʻxshar ekansan-da, qizim...— dedi uzr soʻraganday. Nega uzr soʻrash kerak — hech biri tushuntirolmas edi. Oniy noxushlik oradan tez koʻtarildi. Bunga koʻproq Movludaning «bir qop yongʻoq»ligi sabab boʻldi, dasturxon ustidagi shoʻx kulgisi, betoʻxtov gaplari bilan ogʻir xotiralardan oʻsha chalgʻitdi.
— Qulahmat amaki, oyimlarni yolgʻizlatib qoʻymang-a!—degani yana bir shaddodlik boʻldi. Bu ochiqlikdan koʻngli koʻtarilgan Qulahmat ham uni:
— Yolgʻizlanib qolmasliklari uchun u kishiga nevaracha kerak, puchuq!—deb kuzatib qoʻydi.

Oʻsha kuni Qulahmat ketishga shoshilmadi. Qizining shaddod gaplaridan uyalinqiragan Murshida allaqanday hayajonda edi, «uni ovutmay tashlab ketish noqulay» deya oʻziga bahona qidirardi, Qulahmat ham. Oʻzining qarovsiz hayotidan, Qoʻriqda, BAMda ishlagan boshvoqsiz yillaridan gapirdi. Divaida qoʻl ushlashib, peshana tirashib oʻtirib, tunni yarim qildilar.
— Murshida... Oʻsha yonib-kuyib yurgan yillarimda ham seni oʻzimga bu qadar yaqin olmaganman...
— Nnib kuyibsizu quyilmabsiz...— deb kuldi Murshida uning qoʻlini chetlatib...

Xullas, yanagi uchrashuvda ular, toʻy-poʻy emasu, besh oʻnta yoru birodarlarni chorlab, kichkina bir oʻltirish tashkil qilish haqida osongina kelishib oldilar.

Muyulishdagi kafening kichik zali juda qulay, xuddi shunday kamtarin marosimlarga moslab jihozlangan, begona koʻzdan xoli, hatto gulzor tomonga chiqadigan alohida eshigi ham bor edi. Dam olish kuni kechga yaqin shu yerga oʻntacha odam toʻplandi. Qulahmatning JEK da orttirgan bir moʻysafid tanitli, boqchadan ikkita durkun juvon, bitta kampir, qoʻshnilardan ikki juft er-xotin, koʻpi qariyalar. Yoshlardan faqat sershovqin Mavludayu uning ashaddiy kashanda eri, ular ham dasturxonga oʻtirmay, xizmatda boʻlishdi — biri magnitofolga kaseta tanlashdan boʻshamadi, biri kabobpaz yonida.

JEKdan kelgan — veteran ekan, qoʻshnilardan biri — baxmal doʻppi kiygan arvoqqina muallim, ikkalasi «kelin-kuyov» haqida ortiqcha gapirib ularni uyal-tirib oʻtirmay, har xil zamonaviy hazilomuz «turmushaviy» hangomalar bilan oʻltirishni qizitib yuborish-di. Dasturxon yashnagan, pepsi-mepsidan tashqari, burchak-kunjakda, muallimning iborasicha, andak «aqiqai-ta’qiqa»lardan ham bor edi.
— Bu, deyman, «Yovuzlik saltanati» degan fikridan qaytibdi-a Reygan ham,— dedi veteran «oq»idan

bittasini ochib.
— Qaytmay iloji qancha, mana oʻzi kelib hurmatni koʻrib turibdi-ku,— dedi muallim. Xalqaro ahvoldan gap boshlagan edi. Lekin «bitta-yarimta»dan keyin xotin-xalaj oʻz xonaki mavzuiga oʻtib ketdi. Dasturxon ustidagi bu erkin, bemalol gʻovur Qulahmatga yaxshi tushday tuyuldi. U oʻsha Chirchiqda olgan yangi kostyumini kiyib toʻrda oʻtirar, Murshidaga zimdan boqib oʻzicha shirin jilmayar edi. Shuncha haqir sargardonlik yillaridan keyin sevgisiga duch kelib, shunday toʻy qilishni, yaxshi odamlar davrasida, dasturxon toʻrida oʻtirishni xayoliga keltiribdimi?! Umrni ham, umidni ham, oʻzligini ham, hamma narsani yoʻqotdim, deb yurgan paytida...

U hali kuyovlarga xos kamtarlik bilan xoʻplab qoʻyib qoʻygan birinchi qadahni... olib ichib yubordi. Ha, bugun ichsa arziydi! Bugungisi savob. Bugun ichmagan noshukr...

Davrada gʻovur musiqa bilan aralashib ketgan edi.

Kabob kelganda muallim bilan veteranning ovoziga zavq qoʻshildi.
— Ular, bilasizmi, hozir bizni nima uchun maqtab qolishdi? Bilmaysiz, taqsir...— dedi veteran. U muallimga gapirardi-yu yonidagi juvonga xushomad qilishni ham unutmay, unga issiq kabob tutardi.— Ularga biz emas, qayta qurishimiz yoqib qoldi.
— Qayta qurishni kapitalizmga qaytish deb tushunishyapti ular. Umidi shundan, taqsir, ha...

Ularning bahsi dam gʻovur-gʻuvurga koʻmilib ketar, dam kutilmagan joydan yana yuzaga qalqib chiqardi.
— Ammo shaxsga sigʻinishning hammasini chiqarish-yapti baraka topkurlar! Qecha «Oqshom»ni oʻqidingizmi, taqsir?
— Boplashayapti, gazetada ham, televizorda ham.
— Oʻzimizam, ey, qoʻyday yuravergan ekanmiz, taqsir, necha oʻn minglab begunoh odam bekordan-bekor nobud boʻlib ketsa-ya!
— Hech gap emas edi-da odamni yoʻq qilish.
— Juda toʻgʻri aytdingiz, qoʻshni,— deb Qulahmat ham gap qotdi. U anchadan beri gapga aralashgisi kelib oʻtirardi-yu nimadir yetishmasdi chogʻi, dasturxon egasn eka-nini eslab, qistab qoldi,— Qani olib oʻtiringlar, hadeb gap bilan boʻlmay...

Yana «qittak-qittak» olishdi. Gap esa uzilmay davom etdi.
— Bittasi «dushman» boʻlib ketsa, ketidan oʻntasi «dum» boʻlib ketardi-da, qarang.
— Nimasini aytasiz, taqsir, boshimizdan oʻtgan, ha. Bironta oila yoʻqki...
— Juda joʻn edi-da bu ish, men sizga aytsam, qoʻshni,— dedi Qulahmat hangomaga astoydil kirishib. U ovqatni ham yer, oldida taom toʻla likobchalar qalashib ketgan, oʻzi esa qoʻlida somsami, mantimi, nimanidir bilchillatib ezgʻilaganicha gapirar edi. Artilmagan mo.yli barmoqlari bilan piyolani ushlab, qolgan araqni yana ichib qoʻydi. Gohi adashib qoʻshnisidan qolganni ham koʻtarib yuborardi.— Bir parcha qogʻozga yozilgan joʻngina xat lyuboy odamning boshiga yetardi, men sizga aytsam.
— Boʻlgan, boʻlgan, Qulahmat ogʻayni, nimasini ay-tasiz.
— Boʻlganda qanday!— Qulahmat endi birovning gapini eshitmaydigan boʻlib qolgan edi,— dushmaningiz boʻlsa, shartta yozasiz, tamom-vassalom, bir kechada aspalasopinga ketadi! Koʻrganmizda, mana Murshida guvoh. Deylik, mana sizning oʻnta dushmaningiz bor-a? Qani, oldin bittadan ichaylik... oling. Ha, deylik, mana oʻnta, hay oʻn beshta dushmaningiz bor. Kechasi yotoqqa kirib qalamni asta qoʻlga olasiz-u bitta-bitta... nishonga olib, «chiq!», «chiq!» A labbay? Ha, bamisoli qalam emas, men sizga aytsam, ovozsiz oʻqday gap bu. Faqat tepkisini boshqa joyda boshqalar bosadi. Men oʻzim ham bittasini... Mana Murshida guvoh, gumdon boʻlib ketgan.
— Qulahmat aka...— bu hang-mang boʻlib qolgan Murshidaning zaif yolvorgan ovozi edi. Gʻovurga koʻmilib ketdi.
— Lekin bitta-bitta qilib oʻtirmay, avtomat bilan tarillatsa ham boʻlardi. A, labbay? Buning uchun oʻn beshtasini bir xatga roʻyxat qilib tirkaysiz. Dom-daraksiz ketadi, meni aytdi deng!

Bu payt kimlardir dasturxonni tashlab chiqib ket-gandi. Ovqatlar sovugan, gap-soʻz tugagan, faqat Qulahmatning «ma’ruzasi» eshitilardi.
— Jining sevmagan odamlarni pashshaday terib tashlash mumkin edi-da, a labbay, qoʻshni. Bir kalima gap topsangiz boʻlgani... Ogʻzingizning yeli. Goʻyo xalq podayu hukmronsan!
— Qulahmat!— Murshidaning yigʻlamsiragan ojiz tovushi yana eshitildi.
— Yomon odam boʻlishi ham shart emas, menga qarang. Oʻsha otilib ketgan ximiya muallimimiz yomon odam emas edi, Lekin oʻgʻli Mirkomil-chi?! Mana Murshida aytsin... Ba’zan odamni ayaysan, bitta chertish bilan ketadi, shoʻring qurgʻur. Lekin navbat unga kelganida u seni ayaydimi, qani ayting...

U murojaat qilgan odamning oʻrni boʻsh edi. Umuman davra tarqagan, veteran bilan muallim ham yetaklashib chiqib ketib borar edilar. Qulahmat gapiraverdi. Bir vaqt barzangi gavdali veteran eshikdan qaytib kirib, hamkasbining yoniga keldi-da, yuziga shartta tuflab asta chiqib ketdi.
— Mana, koʻrdingmi, Murshida, nega tuflaydi, ayt qani! Har gal shunaqa... urishadi, tepkilashadi.— Qulahmat panjasida ezgʻilab oʻtirgan goʻshtni tashlab, taom yuqi qoʻli bilan yuzini artdiyu yana davom etdi. Shu vaqt kimdir uni qoʻltigʻidan olib, «turing» dedi. Bu Murshidamidi, boshqamidi — bilolmadi. Lekin endi u faqat Murshidaga gapirardi.
— Turmayman. Menga qara, Murshida, men turolmayman, ichimda... tosh bor, Oʻshanda shum xabarni eshitgandan keyin, peshonamga bir shapati urib, — u peshonasiga tars ztib urib ham qoʻydi,— peshonamga shunday bir urib, «men qo-til-man!» dedimu, yiqildim. Oʻshandan keyin turolganim yoʻq. Ichimda tosh emas, dard bor, Murshida, oʻsha yuzaga chiqadi. Qanday alfozda chiqqanini men bilmayman, eslolmayman...

Murshida es-esingdami... Inson magʻrur yangraydi, a? Shunday deb oʻqiganmiz maktabda, esingdami? Lekin uni yanchish, lattaga aylantirish mumkin. Qayoqqa ketishdi? Men ularga shuni aytmoqchi edim. Latta... mana koʻrdingmi? Mudhish gunoh bor, Murshida. Qimda? Bilmaysan. Bu muammo yechiladimi-yoʻqmi, qachon yechiladi, Murshida?

Bilasanmi, bitta armonim bor: mening ham kimningdir yuziga tuflagim keladi. Lekin kimning yuziga, Murshida? Bilmayman. Bir tuflasam, mast boʻlganda yoriladigan ichimdagi oʻsha pasod balki tufugim bilan birga chiqib ketardi...

Qulahmat oldidagi idish-tavoqni nari surib, atrofiga qaradi. Yonida Murshida ham yoʻq, allaqachon chiqib ketgan edi chamasi. Shunday boʻlsa ham, yana Murshidaga gapirdi:
— Mendan koʻngling qolgani durust. Samoderjavie... Esingdami tarixda oʻqiganmiz. Men... yangi samoderjavie davrida yashab, endilikda u bilan birga tarixdan tushib qolgan odamman. Yuragim sovuq...

«Kuyov»ni chiqarib yuborolmay uzoq burchakda nima qilarini bilmay turgan ofitsiant chakkasiga koʻrsatgich barmogʻini bigiz qilib buradi-da, sherigiga shipshidi:

— Qandaydir samoderjaviyadan gapiryapti...