OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsqar Mahkam
Asar nomiShavkat Rahmonning soʻnggi nafasi (maqola)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Asqar Mahkam
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Maqolalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Oʻzbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 47-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shavkat Rahmonning soʻnggi nafasi (maqola)
Asqar Mahkam

«
Ey, gulim,
Koʻzlarga yoshlar toʻlganda
Soyamiz qoʻshilgan damlarni eslang!

Shavkat Rahmon
»


...U yuzini ters oʻgirdi.
— Nimaga keldingiz?

Nafasi siqilib, butun vujudi boʻgʻriqqan, yuz tomirlarigacha taranglashib, tobora qorayib borayotgan daryo toshlaridek zaxali, oʻydim-chuqur yuzi endi burungidek qoyatoshni eslatmas; musavvir yurtdoshi chizgan polotnodan boqib turgan burgut nigohlardan asar ham qolmagan; ayovsiz dard bilan olishmoqdan tinkasi batamom qurgʻagan; ketmonchinikiga oʻxshash baquvvat qoʻllariga botgan ignalarning son-sanoqsiz izlari oʻrnida koʻkish-qora dogʻ bilaklariga yoyilib, tok zangiga oʻxshayozgan; sochlariga tuyqusdan yogʻilgan oq qirovlar endi qirq toʻqqiz yoshni qoralagan zabardast shoirni yetmish yashar munkillagan moʻysafidga aylantirgan edi.
— Nimaga keldingiz?

Men ruhoniyati choʻqqilardek oʻktam va qaysar, jismining har zarrasida halollik, toʻgʻrilik, e’tiqod va goʻzallik yashagan shoir ayni paytdagi holatiga toqat qilolmayotganini his qilardim. Dard nomardlarcha uni oyoqdan olganiga, bir qultum havo uchun butun vujudini qon qaqshatayotganiga chidayolmasdi. Yoʻq, oʻlimdan qoʻrqadiganlardan emasdi. U boshqacha oʻlimni istardi va hatto oʻshandek bir oʻlimni yashirin orzu qilardi. Deylik she’rlariga oʻxshash goʻzal, ayovsiz, achchiq, fojiali va kutilmagan oʻlimni...

Men hech narsa demadim. Hammasi kundek ayon edi. Soʻlgʻin koʻzlarining tubida qotib qolgan «turkona» (bu uning iborasi) bitiklar oʻzbek she’riyatining Alp Tegini umrining oxirgi lahzalarini yashayotganini tasdiqlardi. Bu bitiklarda Oloy tizmalari etaklarida qolib ketgan begʻubor bolalikning uchqur xayollari, Oʻsh ostonasida uning yoʻllariga koʻz tikavermoqdan qorachigʻlari yoʻllarga toʻkilgan va nihoyat dovon osha Toshkentga kelib, jon talashayotgan bolasining holsiz vujudi yonida Xudoga nola qilayotgan onaizor lablarining pichir-pichirlari, sambit qomatli suluv qizlarining boʻyiga boqib, ularga kahkashondek baxt orzu qilgan ayolining ma’yus xayollari, yagona Shohruxning begʻubor va sodda nigohlari... va yana koʻp narsalar ifodalanayotgandek edi. Koʻngil koʻtarishdek bema’nilik xayolimga ham kelmadi. Jim uning nigohlariga boqdim va xonani tark etdim. Qaytib bormadim. Endi borib boʻlmasdi. Rostini aytganda, oʻzim ham uni bu holda koʻrishni istamasdim.

Toshkentning talabalar shaharchasi yonboshidagi onkologiya markazi binosi joylashgan daraxtzor hovlida yurgan odamlarning qiyofasida ham allanechuk mung bor edi. Asosan, saraton kasaliga chalinganlar bilan shugʻullanuvchi doʻxturlarning ahvolini tasavvur qilishga harakat qildim. Ular bemorlarga qanday qilib umid bagʻishlashar ekan? Chorasiz bu dard qoshida ojizligini tan olmagan tabibu tabobat deyarli qolmadi? Nahotki, saraton oʻz changaliga olgan va olayotgan kishilarning koʻz oʻngida faqat saratonda qurib-qaqshab qolgan biyobondan boshqa hech narsa boʻlmasa?..

Bu narsalarga aqlim yetmasligini bilardim. Men tobora dunyodagi rizqi tugab borayotgan «oʻjar shoir»ning qismatini oʻylay boshladim. Ajal odam tanlamasligiga ishonsam-da, ammo bunday odamga aqalli biroz shafqat qilish lozim boʻlgan kuchlar bordek tuyulardi. Axir, shunday buyuk qalbni yaratib, uni qanday qilib qaytarib olish mumkin? Uning borliqqa hali qonib toʻymagan nigohi, rayhon boʻylariga boʻlgan goʻzal sogʻinchi, hamma-hamma narsaga cheksiz muhabbati, qilichdek keskir oriyati, Vatan va el-yurtga boʻlgan buyuk muhabbati haqqi-hurmati uni asraguvchi kuchlar bor deb oʻylardim... Ammo, hamma va hamma narsa saratonning qarshisida ojiz ekanligini oshkor tan oldilar.

She’rni tom ma’noda har nechuk tutqunlikdan ozod qilgan, har qanday zohiriy sarhadlarni buzib tashlagan, soʻzga jon bagʻishlash san’atini yaratgan, quruq bayonchilik, arzon pand-nasihat, matalnamo soʻzamollikni adabiyot maydonidan haydab solmoqchi boʻlgan, jonli tilning bor imkoniyatlarini amalda qoʻllay olgan, yalangʻoch haqiqat tuygʻusiga ilohiylik libosini kiydirgan soʻz sehrgarlaridan biri omonsiz dard changalida surunkasiga uch yuz oltmish olti kecha-kunduz olishib, hali tugallanmagan she’ridek jon taslim qildi. Balki Paganini shunday jon bergandir, balki Mashrab ham shunday jon holatda dor ostiga borgandir. Balki Lorka... Ammo ular oʻz ahvolidan «xijolat chekmagan». Dor toʻshak emas. U buni yaxshi bilardi va qachonlardir, jangda qurbon boʻlish haqida soʻylagandi. Endi esa, bir qultum havo ham yoʻq, borliq olam guldirab, ayqirib nafas olib yotibdi, hatto uning Aravonida, Novqat va Sulaymon togʻlarida toshlar ham nafas olyapti. Daryolar shovillab, mirza teraklar Oʻsh koʻchalari boʻylab sollanib, yutoqib nafas olmoqda, maysa va giyohlar, qurtu qumursqalar, ilonu chayonlar ham nafas olayaptilar. Faqat u... bir qultum nafas olish uchun butun vujudi bilan tirishib, zoʻriqib azob chekadi.

Nodirajon, Shoirajon,
Tanam qimir etmaydi,
olis-olis vohalardan
togʻlarimni chaqiring —
osmon toʻla havolar
faqat menga yetmaydi.
Nodirajon, Shoirajon,
Tanam qimir etmaydi,
koʻzimda bir tomchi yosh,
soylar yuvsa ketmaydi.
Nodirajon, Shoirajon,
Tanam qimir etmaydi,
Peshonamning shoʻridan
Bino boʻlgay bu daryo...
Osmon toʻla havolar
Faqat menga yetmaydi.
Nodirajon, Shoirajon,
Tanam qimir etmaydi,
Boring, qorli togʻlarga:
Bir shoir yotibdi deng
Xudoning hovlisida...
Osmon toʻla havolar
Faqat menga yetmaydi...

Manzura opa, biror nafasi halol duoxon boʻlsaydi, dedi ovozi titrab. U keyingi kunlarda oʻzi ham deyarli turmush oʻrtogʻining ahvoliga tushib qolganga oʻxshab ketardi. Oʻshandek eti borib suyakka yopishgan, oʻshandek yuz-koʻzlari kuyuk va dardli, oʻshandek siniq. Xayolimdan Sayyid Ne’matulloh Ibrohim oʻtdi. Shogirdi. Dalaning odami. Nafas ololmayotgan ustoziga Koʻktosh tomonlardan, Rangon togʻlaridan, aziz-avliyolarning marqadu mozorlaridan, Ibrohimbekning tulporlari kishnagan dala-dashtlardan ustozi uchun toza havo olib keladi, oʻyladim men. Ammo... Endi qirq toʻqqiz yoshga toʻlgan zabardast chinorning ulkan yaproqlari bir-bir uzildi va qalqib-qalqib yerga toʻshala boshladi.

Koridorda duch kelgan Tohir aka «Shavkat oʻtibdi», dedi. «Shoira ketdi...»

Men Hofizga qoʻngʻiroq qildim.
— Koʻchaga chiqib turing, — hamishalik asabiy ovoz titradi.

Koʻcha. Odamlar oʻsha-oʻsha, shoʻx-shodon. Qayoqqadir shoshgan, qayoqdandir shoshib kelayotgan. Kimdir redaktsiyalarga she’r eltyapti va eng buyuk she’r jon taslim qilayotganini bilmaydi. Kimdir maqolasi qahramoni bilan suhbat qurmoqda. Moshindan tushib tahririyat binosiga yoʻl olgan mashhur tanqidchi qatagʻon qilingan adiblar haqida maqolalar yozadi va u ham qaerdadir Sibir yoqda, qandaydir GULAGlarda emas, bir chaqirim naridagi kasalxonada buyuk oʻzbek shoiri jon topshirayotganini bilmaydi. Qayoqdan ham bilsin?

Yeseninning bir holati esimga tushdi. 1922 yil. Berlin. Yesenin Oydinbogʻda M.Gorkiy bilan uchrashadi. Oydinbogʻ ayqirib yotibdi. Odamlarning baxtiyor kulgilari atrofni tutgan. Kim muzqaymoq shimadi, kim alvon pufagining bandidan tutib chopadi. Oshiq-ma’shuqlarning qaynoq boʻsalari.
— Menga, — deydi M.Gorkiy mutlaqo ruhsiz Yeseninga, — anovi it haqidagi she’ringizni aytib bersangiz. Bolalari nobud boʻlgan it...

Yesenin «Quyosh oʻynar javdar xirmonda...» deb boshlanuvchi va shafqatsiz sohibi yetti nafar bolasidan judo qilgan ona itga bagʻishlagan ma’yus she’rini oʻqiydi. Rossiyani larzaga solgan shoir mana bu satrlarni oʻqiyotib beixtiyor Gorkiyga nazar tashlaydi. Buyuk proletar adibi yigʻlayotgan edi.

Botqoqlardan kechib oʻtdi loy,
Oyoqlari toldi, urindi.
Tom ustida qalqib turgan oy
Bolasiga oʻxshab koʻrindi...
Shoʻrlik yana bolasin soʻrab,
Koʻkka boqib uvladi xasta.
Yangi oy ham asta gʻildirab,
Tushib ketdi ufqdan pastga.
Bechoraga ermaklab, kulib
Non oʻrniga otishgandek tosh,
It koʻzidan yulduzlar boʻlib,
Qorga oqdi tomchi-tochi yosh...
(Erkin Vohidov Tarjimasi)

Yesenin she’rni tugatib, Gorkiyga yuzlandi:
— Nima deysiz, she’riyat, umuman, mening she’rlarim kerakmi? Oydinbogʻ Shillersiz ham maza qilib yashayapti?..

Buyuk proletar adibi Yesenin nimalarni nazarda tutayotganini bilardi. Hali she’r ta’siridan qutulmagan adib hech narsa demaydi...

Mashina yoʻl chetida toʻxtadi. Orqa oʻrindiqda chopon, harakat maromini oʻzgartiradigan dastak yonida bir dasta pul.
— Qutulibdi, — dedi Hofiz parishon. — Men hayotimda bunaqa toʻgʻri odamni koʻrganim yoʻq. Toʻgʻrilik faqat Xudoga xos ekan, bandaga emas...

Shavkat Rahmonning oʻlimi haqida Tohir Malikka yetib kelgan xabar bemahal xabar edi. Oʻshanda Shoira (shoirning oʻrtancha qizi) «Robita» jurnalida ishlar, Tohir Malik jurnalning bosh muharriri edi. Shoir ogʻirlashib qolgan kun kimdir Shoirani zudlik bilan kasalxonaga chaqirgan. Ehtimol boyagi sovuq xabarning tarqalishiga Shoiraning tahririyatdan yigʻlab chiqib ketayotgani sabab boʻlgandir?..

Biz kasalxonaga kirib borganimizda allaqachon doʻstlar oʻsha yerda jam edilar. Manzura opa butun jismiga turli xil tibbiy vositalar bogʻlab tashlangan umr yoʻldoshining boshida nima qilarini bilmay jonhalak aylanar, qizlar bir burchakda mungʻayib turishar, doʻxturlar, doʻst-yorlar, qarindosh-urugʻlar... Oradan hech qancha vaqt oʻtmay doʻxturlar bemorning ahvoli biroz oʻnglanganligini aytishdi va kelganlarga ruxsat berishdi. Soat kech oʻnlar edi. Biz qaytdik. Yoʻl-yoʻlakay Nabijon Boqiy allaqanday noyob dori haqida gapira boshladi. Endi quloqlarimga na dori, na darmon kirmas, nazarimda shoir eng soʻnggi nafaslarini olayotgandek tuyulardi.

Erta tong, soat beshlarda telefon jiringladi. Nabijon Boqiy Shavkat Rahmonning olamdan oʻtganligini aytdi. Shoirning Qorasuv dahasidagi beshinchi qavatda joylashgan kvartirasida odam gavjum edi. Xona toʻriga yotqizilgan shoir jasadi nihoyat Hofiz aytganidek, bu dunyoning bor gʻam-gʻussalaridan qutulib osuda va tinch orom olardi. Kimdir aytganidek, buyuk toʻfon tingandi. Endi hammasi tugadi. Hammasiga nuqta qoʻyildi. Bir chekkada Nabijon Boqiy va Iqbol Mirzo qon boʻlib yigʻlar, bir chekkada Mirza Kenjabek shoir jismini Toshkentda dafn etish yoki Oʻshga olib ketish toʻgʻrisida bahslashar, deraza yonida yotgan shoir goʻyo mana bu satrlarini oʻqiyotgandek, ammo hech kim bu satrlarni eshitmayotgandek edi:

Ayt, ey xasta bulbulim,
Oʻshga qachon yetamiz?
Yashil bogʻlar sargʻardi,
Magʻiz boʻldi gujumlar.
Oh, voy muncha yoʻl ogʻir,
Bulbulim...
Ulkan soat oʻrtasida
Madorim yoʻq yurmoqqa,
Qashqirlar davrasida
Sudralaman turmoqqa.
Shunda qolib ketsam gar
Netamiz?
Abadiyat oralab
Oʻshga qachon yetamiz?
Qorli togʻlar bagʻrida
Begim — Oʻshim koʻrindi,
Sulton — Oʻshim koʻrindi...

Bu uning eng soʻnggi vasiyat she’ri edi. Ammo hozir hech kim bu she’r haqida oʻylamas, «Xudoning hovlisi»ni tark etgan betakror oʻzbek shoirining bemahal oʻlimi barchani es-hushidan judo qilgandi.

Shavkat Rahmon olamdan oʻtdi, Yalangʻochota mozoriga dafn etildi. «Oʻgʻlimni Oʻshga olib ketaman», deb Qorasuv mavzesini boshiga koʻtarib yigʻlagan ona oxiri qizlarning ra’yiga qarshi borolmadi. Rozi boʻldi... Jigarbandi oʻlimidan bir yil oʻtganidan soʻng ona ham oxirat diyoriga safar qildi...