OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsror Allayorov
Asar nomiChinnigul (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Asror Allayorov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm3KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 9-sonidan olindi


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Chinnigul (hikoya)
Asror Allayorov

Oʻng qoʻlida bir dasta chinnigul koʻtarib olgan keksa ayol oʻzi yashaydigan koʻcha tomon burilarkan, beixtiyor gul doʻkonidan chiqqanidan buyon jilmayib kelayotganini sezib qoldi. Buni birov koʻrib qolmadimikin deya avval toʻgʻriga, keyin ikki yoniga qaradi. Koʻchada hech kim koʻrinmadi.
– Har kuni bir dasta chinnigul sotib olasiz, ularni kimga olib borasiz? – deya soʻragan edi bir muddat avval doʻkon sotuvchisi Feruza xoladan.
– Uyga, Bobir amakingizga, albatta. Boshqa kimga ham boʻlardi.
– Ilgari savatlarni u kishining oʻzi topshirib ketardi. Uch oydan beri negadir koʻrinmayapti?
– Bobir amakingiz menga uyda koʻmaklashayapti, xolos.

Ayol toʻgʻri yotoqxonaga kirib keldi va qoʻlidagi gullarni qoʻshni xonaning mixlab tashlangan eshiklari oldidagi gultuvakka solib qoʻydi. Endi bemalol savat toʻqiyversa ham boʻladi. Uning ixtiyorida butun boshli kun va tun bor.

Feruza xola koʻzlarini xona boʻylab xushbuy is taratayotgan chinnigullar solingan gultuvak ostiga tikdi.
– Hozircha toʻrt dona yetadi, – oʻziga-oʻzi dedi u qoʻlini oldinga choʻzib qamishlarni olarkan. – Bugun doʻkondagilar «Gullarni kimga olib ketayapsiz? Nega har kuni bir dasta gul sotib olasiz?» deb soʻrab qolishdi. Men bular Bobir amakingiz uchun, u kishi koʻchaga chiqolmaydi. Uyda menga yordam berayapti, dedim. Toʻgʻri aytibmanmi?
– Nega yolgʻon deysiz? Mana yordam berayapsiz-ku?
– Boʻlmagan gap. Men hech qachon bir kun kelib sizni yoʻqotish haqida oʻylab koʻrmaganman. Koʻnglimda shunday shubha paydo boʻlgan kezlarda oʻsha vaqtning oʻzidayoq notoʻgʻri oʻylayotganimga oʻzimni ishontirganman. Siz esa xandon otib kulardingiz. Agar bir kun kelib bu dunyoni tark etish lozim boʻlsa, faqat sizdan avval shunday hodisaga duch kelishni Xudodan soʻraganman. Sizdan yashirib kelgan yagona sirim ana shu edi. Insonlar nega oʻladi? Men buni anglagandayman. Odam omonatini topshirayotgan lahzada Allohga boʻlgan muhabbati yoʻlida qurbon boʻladi. Aslida oʻlim ham hayotimizning bir qismi. Lekin sizni hech kim mendan tortib ololmaydi.

Uch kundan keyin ertalab soat 7:30da Ulugʻbek koʻchasida yashayotganlar bu uyga qoʻlida bir dasta chinnigul koʻtarib olgan narigi mahalladagi doʻkon sotuvchisining kirib borayotganini koʻrishdi. Doʻkon sotuvchisi gullarni tuvakda soʻlib qolganlarining oʻrniga solib qoʻydi. U eshikning oʻng tomonidagi karavot oldida deraza tomonga qaragancha tirsagiga suyanib xayol surayotgan Feruza xolani koʻrdi. Soʻngra hol-ahvol soʻradi. Ammo javob boʻlmadi. U derazani ochib yubordi. Xonaga toza havo kirdi. Feruza xolaning gavdasi shamolda tebranib ketdi.

Kechga yaqin Feruza xolani dafn etishdi. Ammo Bobir amaki uyda yoʻq edi. Qoʻshnilar uni anchadan buyon kasal yotuvdi deyishdi. Doʻkon egasi Feruza xola unga atab har kuni gul olib ketganini aytdi. Kimdir uzoq vaqtdan buyon Bobir amakini uchratmaganini gapirdi. Ertasi kuni qoʻshnilar mixlangan uyning eshigini buzib kirishdi. Bobir amakining jasadi bundan uch oy ilgari aynan shu xonaga koʻmilgan edi.