OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Asror Allayorov. Imkon (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsror Allayorov
Asar nomiImkon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Asror Allayorov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 4-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Imkon (hikoya)
Asror Allayorov

Bir necha daqiqa jimjitlik hukmronlik qilgan shahidlar xiyobonining katta yoʻl yoqasidagi piyodalar yoʻlakchasida toʻsatdan qattiq gʻichirlagan ovozning paydo boʻlishiyu, bu yerga eng yaqin oʻrindiqda oʻtirgan ayol kishining sapchib oʻrnidan turishi va alam bilan qichqirib yuborishini bundan sanoqli soniyalar oldin kim ham xayoliga keltiribdi deysiz.

– Voy, toʻgʻnogʻichim qoʻlimdan tushib ketdi, – dedi ayol oʻrnidan turishiga hamohang yangragan ovoz bilan. – Endi esa u yoʻq.

Ayol keyingi gapini pichirlab aytdi. Biroq uning qarshisida xijolatomuz turgan, koʻrinishidan qirq yoshlardagi erkak toʻgʻnogʻichning har tomonga sochilib ketgan boʻlaklaridan birini yerdan oldi.

– Ming bor uzr, xonim. Men buni bilmasdan bosib yubordim. Hatto oʻzimni toʻxtatib qololmadim. Iltimos, ayting, toʻgʻnogʻichingizning narxi qancha?

U choʻntagidan hamyonini olarkan, darhol yetti ming soʻm sanab ayolga uzatdi.

– Bunga yangisini sotib oling.

Ayol hech narsa demay, joyiga oʻtirdi. Erkak bu lobar chehrada haddan ortiq qat’iylik alomat-larini koʻrdi.

– Oʻn uchinchi oy tunida roʻy beradigan bunaqa gʻalati voqealarni koʻpincha tasodif deyishga tiling bormaydi, – ayol ikki dona marvarid boʻlagidek koʻzlarini erkakka tikdi.

– Siz yapon adabiyotini yoqtirasizmi?

– Ha. Bagʻoyat. Hatto sevishimni ham inkor etmayman. Bambukning ichidan topib olingan mitti qizaloq meni hamon hayratga solib keladi. Shunday voqea boʻlganiga ishonasizmi?

– Keksa Taketori (bambukkesar) keyinchalik uni qiz qilib olganini eshitganman. Qizcha juda goʻzal va kichkina boʻlgan. U savatchada yashagan ekan.

Bobur ismli bu erkak universitetda oʻn ikki yildan buyon falsafa fanidan dars beradi. Uning tabiatiga xos boʻlgan sinchkovlik hozir oʻzi suhbatlashib turgan ayolning bundan uch yil ilgari yangi uyga koʻchib kelganida bir-ikki kun jihozlarni joylashtirishga yollaganini ilgʻashga ojizlik qilayotgandi. Qarilik alomatlarining ilk belgilarini qovoqlari ostidan sezish mumkin boʻlgan ayolning ismi esa Sadoqat edi. U kichik bir fermada sut sogʻuvchi boʻlib ishlaydi. Ayol bugun tongda uch yildan buyon yigʻib qoʻygan pullariga qimmatbaho kiyimlar sotib oldi. Atir-upalarini yangisiga almashtirdi. Uning bolalarnikiga oʻxshash sodda yuz qiyofasi va ishonuvchanligi tezda har qanday kishiga ma’qul tushardi.

Erkak soatiga qaradi. Yana oʻn daqiqa vaqti bor. U ayol bilan yaqindan tanishish uchun stulning bir chetiga oʻtirdi. Erkak ayol zotidan benihoya jirkanishiga qaramay hozir negadir notanish hamsuhbatiga yaqinroq surildi. Buni oʻzi ham tushunolmadi.

«Axir bunaqa ziyoli ayollar shaharda koʻp emas-ku!», oʻylardi u.

«Iliq bahor havosi tanadagi qonga singib ketadi. Bunday paytda inson qalbida hali nom topilmagan yuzlab hissiyotlar borligiga hech shubhang qolmaydi», – oʻylardi ayol.

– Men ma’ruzaga kech qolayapman, – erkak oʻrnidan qoʻzgʻalarkan, norozi bir ohangda dedi. – Aksiga olib hali uyga qaytmayman. Ammo bugun kechki ovqatni birgalikda, menikida tanovvul qilsak, nima deysiz? Mana uy adresim. Sizni kutaman.

Ayol xotirjamlik bilan qogʻozga qoʻl uzatdi. U shu qadar chiroyli jilmaydiki, bu kulguning oʻzida ham xayrlashish, ham yurakka uzoq vaqt azob beruvchi erkalik alomatlari bor edi.

Ayol soat kechki yettiga yaqinlashganda egnidagi eski kiyimlarini yechib, shkafdan bugun sotib olinganlarini kiydi. Soʻngra oynaga qaradi. Oddiy fermaning sut sogʻuvchisi endi butunlay boshqa ayolga aylandi. U uydan chiqib ketayotganida yuzlab joʻnatilmagan maktublar solingan qutini olovga tashlashni unutmadi.

Kechki ovqat aloqalarni yanada mustahkamladi. Erkak ayolni oʻzi tayyorlagan taomlar bilan mehmon qildi.

«Axir men bu kunni uch yil kutdim, – oʻylardi ayol. – Uyingga farroshlikka kelganimda meni naqadar yomon koʻrarding. Sen butun ayol zotini yoqtirmasding. Men esa birgina e’tiboring uchun hamma narsaga tayyor edim.»

Sadoqat uyqu aralash koʻylagini izlab topdi. U uyning ikkinchi qavatidagi yotoqxonada uxlayotgan erkak uchun yozilgan soʻnggi maktubni yoʻq qilishni unutgandi. Bir parcha qogʻozning sariq halqa iskanjasida yemirilib borishini kuzatib turarkan, mayda-mayda boʻlaklarga boʻlinib yerga sochilib ketayotgan qop-qora qogʻoz parchalarida soʻnggi bor imkon qidirib oʻz uyiga otlanayotgan ayolning ma’yus qiyofasini koʻrdi. Endi hech bir odam oʻqiy olmaydigan satrlar esa uning miyasiga muhrlanib qolgan edi: «Bugun shahidlar xiyobonida gʻoyat tahlikali umidsizlik ta’sirida jon beraman yoki meni qutqarasan!».