OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAsror Allayorov
Asar nomiQizil tosh (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Asror Allayorov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2011/11/14
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2011-yil, 4-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qizil tosh (hikoya)
Asror Allayorov

Shirinlik olib kelishga ketayotgan ota, qizil tosh va baxtli odamlar. Oʻn olti yoshli qizning qoʻlida gir aylanayotgan dumaloq tosh unga uzoq vaqtdan buyon tikilib turgan koʻzlar ana shu azaliy ma’noni qayta-qayta idrok etishiga imkon tugʻdirardi. Nuriyaning mahzun va tantanavor kulgusi qizil toshning bejirim qirralariga urilgancha qotib qoldi. U otasi bilan ilk bor bu yerga kelganini yaxshi eslaydi. Oʻshanda toʻqqiz yoshda edi.

– Sen shu yerda oʻtirib tur, men senga shirinlik olib kelaman, – degandi otasi.

Shundan soʻng hovlidagi bolalarni tartibga chaqirayotgan peshonasi boʻrtib chiqqan allaqanday ayol bilan otasi uzoq gaplashganini kuzatib turdi. Qizaloq kun botguncha kutdi. Keyin hammasini tushundi.

Nuriya mehribonlik uyining hovlisida Stendalning qalin jildli kitoblaridan birini oʻqirkan, beixtiyor qoʻlidagi tosh uning ichiga yumalab tushib ketdi. Qizaloq hozirgina oʻzini hayratga solgan yorqin bir fikrni tahlil etish maqsadida biroz tin olishga qaror qildiyu toshni kaftiga qoʻydi. Gir aylanayotgan tosh eng kichik barmogʻining boshlanish yeriga kelib toʻxtadi. U kaftidagi chiziqlarni diqqat bilan kuzatar ekan, Stendal qahramoni tomonidan aytilgan gʻoyat qiziqarli fikrni esdan chiqardi. Nogoh toshning kaftdagi oxirgi chiziqqa tutashgan nuqtasida sirli alanga uchqunlarini koʻrdi. Qizaloq umri bino boʻlib bunaqa kuchli alangaga duch kelmagandi. U miyasiga urilgan dastlabki fikrdan seskanib ketdi. Uning nazdida bu chinakamiga dahshat edi.

Nuriya darvozadan tashqariga chiqdi va toʻgʻri koʻcha boʻylab keta boshladi. Koʻcha tugar-tugamasdan u chap tomonga ketgan bir kichik yoʻlni koʻrdi. Kaftiga qaradi va xuddi shunday kichik chiziqni koʻrdi. U birinchi chiziqqa kelib tutashgandi. Bu yoʻl boshqa bir koʻchaga olib oʻtishi lozim edi. Shunday boʻldi ham. Keyin u toʻgʻriga yurdi. Biroq koʻp oʻtmay ushbu koʻchaga tutashgan butunlay boshqa bir yirik koʻchaga duch keldi. U yana kaftiga qaradi. Hammasi chizilganidek davom etardi. Nuriya oʻylab oʻtirmasdan tutash koʻcha boʻylab keta boshladi. Uning koʻnglida paydo boʻlgan ishonch hozir sodir boʻlishi mumkin boʻlgan allaqanday buyuk oʻzgarishni oldindan bashorat qilardi. Bunday bashoratlar odatda toʻgʻri chiqadi va inson hayotida kutilmagan yangiliklarni vujudga keltiradi. Nuriya koʻchaning oxiriga yetib kelganida yana ikki tomonga ketgan yoʻlni koʻrdi. Shu yerda toʻxtadi. Uning qalbi faqat toʻgʻriga yurishni amr etayotgandi.

«Shoshilish kerak, – xayolidan oʻtkazardi u. – Bunday gʻaroyib onlarni sezmay, his etmay yashayotganlar qancha...» Bu yoʻlning eng soʻnggi nuqtasida ulkan bir bino joylashgan ekan. Koʻcha shu yerda tugardi. Ajabo. Hech narsa oʻzgarmadi. Hammasi xomxayol ekan. Nuriya laqmaligi uchun oʻzidan nafratlana boshladi. Binobarin bu uning hayotidagi ilk yanglishishi emasdi. Nuriya endi ortiga qaytaman deb turganida shundoqqina koʻchaning oʻng yonida suhbatlashib turgan kishilardan biri unga qaradi. U bu odamlarga umuman e’tibor bermagandi. Qiz hayajonga tusha boshladi. Unga tikilib turgan odam otasi edi. Nuriyaning koʻzlari aldamayotgandi.U bexosdan qoʻlidagi dastroʻmolni tushirib yubordi. Qizaloq nima qilishni bilmay joyida qotib turardi. U oʻtgan soniyalar ichida fikrlashga, aniq bir qarorga kelishga ulgurdi.

«Otam meni tanidi. Ammo u mendan voz kechganiga yetti yildan oshdi».

Qizaloq oʻgay onasi haqida ham oʻylardi. U oʻtgan yillar ichida yolgʻiz inson ilojsizlikdan oʻz istaklarini xayolan bajarishi mumkinligini oʻrgangan edi. Hozir ham shunday qildi. Otasini bagʻriga bosib, toʻyib-toʻyib hidladi. Unga aytmoqchi boʻlib yurgan hamma gaplarini aytdi. «Men sizdan xafa emasman», – dedi oxirida. Hech qanday javob eshitilmadi. Nuriya har doimgidek fikrlarini bir joyga jamladi. Otasi uzoqdan hamon unga tikilib turardi.

«Ehtimol bu bir umr izlab yashagan, oʻzim uchun muhim boʻlgan oʻsha lahzadir, – xayol surardi qiz. – Ammo men kutganimday boʻlib chiqmadi.»

Nuriya shiddat bilan ortiga burildi. U tezda oʻzini qoʻlga oldi va kelgan yoʻli boʻylab yugura boshladi. Ayni paytda qizning kallasidagi fikrlarning hech biri otasining yoniga borishga undamayotgandi. Aniqrogʻi, uning vujudida isyon koʻtarayotgan gʻazab va hayajon bunga imkon bermasdi. U qanchalik tez yugurgani sayin oʻzini shuncha yengil his qilardi.

Qizning oyogʻi bir toshga urilib yiqildi. Kimdir qoʻlidan tortib oʻrnidan turgʻizdi. Bu uning otasi edi.