OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAxtamqul Karim
Asar nomiErta tushgan qor (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Axtamqul Karim
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Erta tushgan qor (hikoya)
Axtamqul Karim

Oʻsha yili kuz pand berdi. Endi togʻdan pastga enamiz deb tursak qor yogʻdi. Bobom qor yoqqanda yoʻlga chiqib boʻlmasligini yaxshi biladi. Yolgʻizoyoq soʻqmoq yoʻlimizni qor koʻmgandi. Uni topish amrimahol. Qishloqdagilar vaqtida enib toʻgʻri qilishgan ekan. Togʻda soʻppayib ikki oila qoldik. Qishloq odam bilan obod. Goʻyo dara bizni oʻz domiga olgandek sovuq edi. Bunga bobom sabab. Ayni koʻcha-koʻch payti usta Zarifning ayoli Xaticha ammaning koʻzi yoridi. U ketishimizni ortga surdi.
— Xatichaning bolasining boʻyni qotsin, keyin ketamiz, — dedi bobom. Bobomning qarori dilimizni xufton qildi. Hazori ammam sabrsizlik qilgani uchun jazolandi. Unga achindim. Hayotda koʻp qiynalgan. Sababi, uning koʻngli yarim edi. Farzandi yoʻqligi uchun dunyodan nolib yurardi. Bobom noligan kishini xush koʻrmaydi. Shuning uchun ham ammam koʻp tanbeh eshitadi. Bir kuni bexosdan:
— Amma, nega sizning bolangiz yoʻq? — degan edim, u kishining dunyosi ostin-ustun boʻldi.
— Iloyo, jodugar mullaning oxiratiga oʻt tushsin...

Ammamning koʻzlari olayib qargʻashga tushdi.
— Hammasiga oʻsha goʻri olov olgur sababchi...

Badanim uvushib, koʻzlarimni yerga qadadim.
— Kim edi u, mulla?..
— Qishloqning imomi edi. Buxoroi sharifda tahsil olgani uchun, qoʻlidan har balo keladi deb, odamlar undan qoʻrqardi. Oʻshanda aqlimni tanib-tanimagan qizaloqman. Uyimizga Oyxol kampir keldi. Uni oʻsha mulla yuboribdi. U meni chetga chaqirib pichirladi:
— Senga mulla bobo oshiq boʻlibdi. Borib ayt, oldimga kelsin, deb tayinladi.

Oyxol kampirning soʻzlaridan sochlarim tikka boʻldi.
— U mulla otamdan katta-ku, jinni boʻlmaganmi? Qoʻsh xotini boʻlsa, iymonini yebdi. Borib ayting, agar uning bu gapini otam eshitsa, sogʻ qolmaydi, u sassiq chol...

Soʻzlarimdan Oyxol kampir ogʻrindi.
— Unday qilma qizim, u ilmli odam. Qishlogʻimizning halol-haromiga javobgar kishi...
— Oʻlsin oʻsha ilmi bilan...

Qahr bilan Oyxol kampirning yonidan otilib chiqdim. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, u yana keldi. Men unga oldin aytgan gaplarimni qaytardim. Keyin Oyxol kampir soʻzlarimni oqizmay-tomizmay mullaga yetkazibdi.
— Eh, — debdi mulla mening rad javobimni eshitib. —Hali shunaqami? Kerak boʻlsa Hazorining oʻzi kelib oyogʻimga yiqiladi. Lekin unda kech boʻladi. Men uning baxtini qulfga bogʻlab, daryoga tashlayman. Bir umr baxtini izlab oʻtadi...

Mullaning taklifini Oyxol kampir uchinchi bor menga yetkazdi. Men koʻnmadim. Boʻlgan voqea shu. Tilimdan topdim. Bir umr baxtsiz, tirnoqqa zor boʻldim. Kunim kishilar eshigida dakki eshitish bilan oʻtdi. Aytmasam boʻlmaydi, hammasiga oʻsha oxirati olov olgur sababchi...

Ammamga rahmim keldi. Nahotki, berahm mulla bir zaifaga shunday baxtsizlikni ravo koʻrib, uni bir umr chir­qiratgani rost boʻlsa?! Uning oxirati nima boʻldi ekan?..

Bir kun qarasam, ammam yer chopayapti.
— Nima qilayapsiz amma?..

Yugurib yoniga bordim. U kishi horgʻin uf tortdi:
— Yongʻoq ekayapman bolam, yongʻoq uzoq umr koʻradigan daraxt. Bir kun dunyodan oʻtsam, bolalaring qiyqirib meva terayotganida katta Hazori ammamizdan qolgan bogʻ, deya meni eslaysizlar. Oʻshanda bolalaringga bu dunyoda mendek bir baxti qaro ayol tuproqlarga qorishib oʻtganini aytasan. Mendan qoladigani mana shu uch-toʻrtta daraxt boʻladi...

Keyingi paytlarda bobom usta Zarifning uyiga koʻp qatnaydigan boʻldi. Togʻning sovuq havosi jonimizni sugʻurib olayotgandek edi. Hammayoq oppoq qor. Yozda gʻamlagan pichanning ham oxiri koʻrinib qolgan. Bobom echkilarni bogʻlarga oralatishimizni buyurdi. Mayda mol tili bilan bir barg olsa kifoya emish. Echkilar toʻkilgan xazondan toʻyadi, lekin akam bilan sovuqda dildirab yurishga holimiz yoʻq. Biz echkilarimizni haydab, egalari qoldirib ketgan bogʻlarni oralaymiz. Daraxtlar shoxida ilinib turgan olmalarga tayogʻimni otaman. Yerga tushgan qirmizi olmalarni kaftimga olib, kuf-kuflab yeyman. Akam yigʻlaydi. Oyogʻidan sovuq oʻtganidan noliydi. Negadir sovuqqa bardoshi yoʻq. Men tushirgan choʻgʻdek olmalar ham dilini ilitolmaydi. Nogoh uning dardlarini yangilayman.
— Endi togʻlarda qolib ketamiz, qor oʻlgur tinmaydi. Usta Zarifning xotiniyam bemahalda tugʻmay oʻlsin...

Soʻng aka-uka mulla Sultondan qolgan besoʻnaqay yongʻoq daraxtining kovagiga tushib olamiz. Yonimdan gugurt chiqarib olov yoqaman. Oyoq-qoʻlimizni ilitamiz. Birdan akamning kiyimi hoʻl boʻla boshlaydi. Men hayron qolaman.
— Nima boʻldi?

U gunohkor koʻzlarini olovdan uzmaydi. Keyin bilsam Hazori ammamga bildirmay oʻgʻirlagan saryogʻi olovning taftida erigan boʻladi.
— Ammamga aytaman, endi oʻldim deyaver.

Akam oʻgʻirlikni hech qachon tan olmay, qaysarlik qiladi...

Bugun quyosh chiqqanidan koʻnglimiz yorishdi. Lekin kunlar bir tutam boʻlib qolganidan qor erimadi. Quyoshda taft yoʻq. Chiroqqa kerosin quygan ammam pastga ketganlarning yorugʻ xonalarda maza qilib oʻtirganini eslaydi. Bobomning qovogʻi uyulib deydi:
— Hazori, senga ming martalab aytaman, bir kun kelib, bu damlarni tillo berib ham topolmaysan. Togʻda yashashning oʻz gashti bor.
— Oʻt tushsin, agar gashti shunaqa boʻlsa...

Ammam kaftlarini ochib, olov tomon siljiydi. Bobom boshqa gapirmaydi, koʻlobi toʻppani qatiqqa bulab uradi. Koʻlobi toʻppa bobomning jonu dili. Hovlidan usta Zarifning ovozi eshitiladi.
— Dofur...

U bobomni nuqul Dofur deb chaqiradi. Dofur togʻlarda bir paytlar dovrugʻ taratgan qahramonning nomi. Bobom oʻrnidan sakrab turib usta Zarifga peshvoz chiqadi. Ammamning esa qovogʻidan qor yogʻadi. Negaki, bizni qorli kunlarga qoldirgan usta Zarif boʻladi.
— Dofur, — deydi usta beparvo bobomga quchoq ochib.
— Siz mening qadrdonimsiz, hatto, tugʻishgan akam ham menga qaramay ketdi. Sizning bu yaxshiliklaringizni oʻlgunimcha unutmayman.

Bobom kulib, usta Zarifga olovning yonidan joy beradi.
— Yov quvlayaptimi usta, boramiz oʻsha pastga...

Bizning hafsalamiz pir boʻladi. Koʻzimga usta Zarif yanada yomonroq koʻrinadi. Negaki, u bobomni yoʻldan urgan. Usta choy hoʻplayotganda koʻzlari yumilib-yumilib ketadi. Bilaman u kun boʻyi ishlashdan tinmaydi. Dunyoning tashvishlari goʻyo yelkasidan bosayotgandek boshi oyoqlari orasiga tushib qoladi.
— Dofur, — deydi soʻng mingʻirlab, — Xudo xohlasa, payshanba kuni biz ham yoʻlga tushamiz. Mayda molni bolalar oldinga haydaydi. Uning izidan qoramol yuradi. Keyin qarabsizki, eshakka yoʻl ochilibdi. Asta sekin uch-toʻrt kunda qishloqqa yetib boramiz.

Ustaning soʻzlarini bobom ma’qullaydi. Biz endi payshanba kelishini intizorlik bilan kutamiz...

Nihoyat, kutgan kunimiz keldi. Usta Zarifning qizi Oysara bilan echkilarni oldimga solib quvlayman. Ahmad akam esa Hazori ammam bilan qoramolning izidan qolmaydi. Bobom bilan usta Zarif ulovlarning ortidan uzilmaydi. Qalin shohi koʻrpacha toʻshalgan hangi ustida oʻtirgan Xaticha ammaning roʻmoli hilpiraydi. Quchogʻida yangi tugʻilgan mehmon...

Biz Oysara bilan echkilarni suramiz. Ularning ustida yuki yoʻqki, agʻanasa. Oysara menga mehribonlik qilib yongʻoq uzatadi. Men esa uning yongʻogʻini olmayman. Negaki, Oysarani, oilasini, yongʻoqlari bilan qoʻshib, yangi mehmonigacha yomon koʻraman. Shularni deb shoʻrlik ammam xoʻrlandi. Akamning sovuqda yigʻlaganlari-chi? Buni sira kechirib boʻlmaydi...

Biz imillab-imillab kun botarda qoʻygʻorga yetib kelamiz. Oʻzi moʻljalimiz ham shu edi. U juda katta gʻor. Unga bir suruv qoʻy bemalol sigʻadi. Gʻorning ichi uydek qup-quruq. Yaratganning moʻ’jizalariga qoyilman. Biz gʻorda tunaymiz. Bobom bilan usta Zarif dunyoning shox-shabbasini yigʻib kelishadi. Oʻsha kecha tuni bilan olovimiz oʻchmaydi. Xaticha amma topgan-tutganini dasturxonga sochadi.
— Mehr ado boʻldi usta, — deydi bobom olovga shox tashlab. — Odamlar ortidan yov quvlagan kabi bir-biriga qaramay yugurishadi.
— Toʻgʻri aytasiz, agar siz ham bizni tashlab ketganingizda holimiz nima kechardi? Odamning taftini odam oladi. Bu daradan ne-ne jahon sherlari oʻtgan. Togʻlar ham qariydi. Biz ham bir kun oʻtib ketamiz. Bu damlar gʻanimat, Dofur!

Usta Zarif bobomni qoʻyarga joy topolmaydi. Biz ana shunday qilib uch kecha-kunduz yoʻl tortamiz. Har oqshom bobolarning oʻtmishdan soʻylaguvchi hikoyalaridan bahra olaman. Xuddi yoʻllarimiz kabi uzundan-uzoq hikoyalar meni oʻziga asir etadi. Biz usta Zarif bilan qadrdon boʻlib qolamiz. Uning ichi toʻla dard ekan. Boshidan kechirganini aytsa, bir necha kitob boʻladi.
— Men kim uchun qilaman? Umrim tosh qazishda oʻtdi. Odamlarning minnatidan qoʻrqib yashadim. Umrimni bogʻ barpo etishga bagʻishladim. Bolalarim xor boʻlmasin deyman. Maqsadim, bir parcha bogʻ qoldirish...
— Usta, — deydi bobom choy quyib, — biz baland togʻlarda yashayapmiz. Baland boʻlishimiz kerak. Bolalarimiz negadir bizga oʻxshamayapti. Boʻyni yoʻgʻon polvonlar ham tayyor bogʻga egalik qilsam deydi. Bugungi yoshlar bir toshni olib oʻrniga daraxt oʻtqazishni or bilishadi. Nimamish, bobomning mulkidan olaman. Bobolarimiz ekib ketdi. Biz ham ekishimiz kerak. Har xarsangni qoʻporganda boʻyinning tomiri uziladi. Har kim ichidan oʻtganini oʻzi biladi. Ammo koʻngil oynadek nozik, rahmatlik padari buzrukvorimiz hikoya qilardi:
— Bir kuni qishloqqa oqsoqol keldi. Har kim topganini olib, oqsoqolni koʻrgani bordi. Men ham uydagilarga shirguruch buyurdim. Kattakon yogʻoch tovoqqa shirguruchni suzib, ustiga saryogʻni quydim-da, oqsoqolni koʻrgani bordim. Borsam, oqsoqol toʻygan qoʻzidek dasturxon boshida yonboshlab yotibdi. Oldida ming xil ashiru nashir. U mening keltirgan shirguruchimga qayrilib ham qaramadi. Yonidagi kishiga:
— Shirguruchni olib bor, Tursunmurodning bolalari yesin, — dedi. Oqsoqolning soʻzi yuragimga tigʻdek sanchildi. Sapchib joyimdan turdim-da, etagimni yigʻdim.
— Oqsoqol, men shirguruchni siz uchun olib kelgan edim. Uyda oʻzimning bolalarim shirguruch orqasidan yigʻlab qolishdi...

Keltirgan taomimni tovogʻi bilan koʻtarib, uyimga joʻnadim. Davrada oʻtirganlar hangu mang qolishdi...

Ha, garchi otam, boʻyi ikki metrdan baland bahaybat polvon boʻlsa-da, koʻngillari juda nozik odam edi. Oʻylab koʻrsam, u kishi toʻgʻri qilgan. Birovni hurmat qilsang-da, evaziga hurmat topmasang...

Qorning sovuq shamoli borgan sari kuchayadi. Usta Zarif olovning choʻgʻi pasayganidan tahlikaga tushadi. Yangi mehmonning begʻubor ingasi qoʻygʻorga fayz bagʻishlaydi.

Eh baland togʻlar, siz yelkangizga bobolarimning zalvorli dardlarini koʻtarib oʻnqir-choʻnqir boʻlib ketgansiz. Bugun qarshingizda tik turibman. Yuqorilagim kelayapti...

Sovuqni yoqtirmaydigan Hazori ammam bahorga chiqish oldidan ketdi...

U kishining eng soʻnggi aytgan soʻzi momaqaldiroqdek yuragimni larzaga soldi. «Bahor kelayapti, men esa ketayapman...» Bobom oʻlim bilan olishib yotgan chogʻida Piryax togʻning suvidan bir qultum keltirishimizni buyurdi. Togʻlarni jonu dilidan ortiq koʻradigan usta Zarif dunyo bilan vidolashdi. Uning qora kunlarida sochlarini tundek yozib, Xaticha ammaning boʻyniga osilib otamlayotgan ayolning nolasidan koʻzlarimga yosh keldi. Bu oʻsha, bizni qorli kunlarga qoldirgan yangi mehmon — Anorxol...

Har gal togʻlarning boshiga qor tushganda xotiralar toʻfoniga gʻarq boʻlib, bolalikni izlayman. Yaxshilikni sira unutib boʻlmas ekan. Bobom aytganlaridek, tillo berib topolmaydigan damlarimni qoʻmsayveraman...