OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Axtamqul Karim. Momoqiz (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAxtamqul Karim
Asar nomiMomoqiz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Axtamqul Karim
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm22KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Momoqiz (hikoya)
Axtamqul Karim

Togʻlarga chiqishni bobomdan oʻrgandim. Bahor kelishi bilan bir zavq dilimni qitiqlaydi. Uning qiyosini hanuzgacha izlab topolmayman. Oʻzbek bobomning ortidan chopqillab-chopqillab yolgʻizoyoq soʻqmoqlardan yuqoriga koʻtarilib boraveraman, xuddi ertaklardagidek...

Togʻning ilondek bilanglab ketgan yoʻllarida har qadamni ehtiyot boʻlib qoʻymasang, hayotingga bir zumda nuqta qoʻyilishi hech gapmas. Qirlar yoʻllarimizni bogʻlayveradi. Bu yogʻida yoʻl yoʻq desam, yana yoʻl chiqadi. Borgan sari yuqoriga koʻtarilib boraveramiz, bobomning menga yod boʻlib ketgan mahzun xirgoyisi yangraydi:

    Togʻlarda devona kezdim,
    Yoʻllarda monandi hur.
    Koʻchalarni toʻldirib chiq,
    Tutqazay qoʻlingga gul...

Qoʻlida yogʻlangan qip-qizil zarang tayogʻini koʻz-koʻz qilib yuqorilayotgan bobom koʻzlarini togʻlardan uzolmaydi. Men esa olislarda savlat toʻkib turgan keksa togʻlarga hayratlanib-hayratlanib qarayman. Yurgan koʻyi koʻzlarimni yoʻldan uzmayman. Bobom har qadamda «yoʻlga qarab yur», deydilar. Nojoʻya qoʻyilgan birgina qaltis qadam qimmatga tushadi. Yurak hapriqadi. Ulovimiz uchta logʻari1 eshak, yukning ogʻirligidan inqillab-inqillab yuqoriga koʻtariladi.
— Gʻayrat qil, — deydilar bobom qat’iy ohangda.
— Bu kecha Avaz kalning bogʻiga yetib olishimiz kerak.

Avaz kalning bogʻiga hadahalab yursak bir kun deganda zoʻrgʻa yetib boramiz. Oʻziyam bogʻmisan bogʻ-da, shundaygina qirning yon bagʻrida joylashgan, bu bogʻ yonidan daryo ayqirib oqadi. Daryoning haybatidan qoʻrqaman, u dod solayotganga oʻxshaydi. Boʻgʻilib-buralib, boshini toshlarga urib-urib oqadi.
— Avaz kal oʻn besh yilga qamalib chiqqan, — deydi bobom. Sovuq xabardan badanim junjikib ketadi.
— Nega?
— Xotinini chavaqlagan...

Men bobomning soʻzlaridan battarroq seskanaman.
— U jinnimi bobo?
— Yoʻq jinnimas, xotini... Hozir bilishing shart emas, katta boʻlganda tushunasan...

Bobom boshqa churq etmaydi. Yana esimni taniganimdan beri tillaridan tushmaydigan gʻamgin qoʻshigʻini xirgoyi qilgancha, ilgarilaydi. Mening dilimda Avaz kalga nisbatan nafrat uygʻonadi. Yoʻq unikiga bormaylik, deyman ich-ichimda. Lekin bobom bir soʻzli, aytganidan qaytmaydigan odam. Bir gapni ikki qilmaydigan choʻrtkesar. Togʻlarda qoron­gʻi erta tushadi. Dara huvillab, kishini oʻz komiga tortgandek, olisda turgan xarsanglar xuddi sen tomonga bostirib kelayotgan lashkardek vahima uygʻotadi. Kun boʻyi yuraverib darmonim quriydi. Oʻnqir-choʻnqir soʻqmoq yoʻlda toshlarga qoqilaman. Koshki, bobomning rahmi kelsa-yu, eshakka minib ol desa. Yoʻq, bobom ulovini ayaydigan odam, mening yuk ustiga yana yuk boʻlishimni xohlamaydi. Shundayam ogʻir yukdan eshaklar zoʻrgʻa yuqoriga koʻtariladi. Qosh qorayib, ilon izi yoʻlning izi oʻchadi. Avaz kalning bogʻi goʻyo bizdan qochayotganga oʻxshardi.
— Eshakning dumidan ushlab yur, yoʻldan chiqib ketmaysan, deydi bobom menga qarab. Men eshakning dumidan ushlashni yomon koʻraman. Qoʻlim iflos boʻlishini istamayman. Ushlamaslikning esa iloji yoʻq, qorongʻi tushganda togʻ yoʻlida yurishning azobi shu. Itlarning uzuq-yuluq hurgani eshitiladi, demak koʻzlangan manzil yaqin. Birdan Avaz kalning ovozidan togʻlar gumbirlaydi. Bir ovoz besh-oltita ovozga aylanib, sado beradi.
— Kimsan?..
— Oʻzbekman... — deydilar bobom.
— Qaysi Oʻzbek?..
— Karim merganning oʻgʻli.
— O, aylanay ovozingdan, Karim merganning oʻgʻli. Seni bu bemahalda qaysi shamol uchirdi?
— Piryaxtogʻning shamollarini sogʻindim!..
— Momoqiz, chiroqni supaga keltir, mehmonlarga joy tashla!

Yonoqlari qip-qizil, qaddi-qomati kelishgan ayol oʻtovdan chiroq koʻtarib chiqdi. Nazarimda uning yuzlari ham chiroqqa qoʻshilib nur taratayotganga oʻxshardi. Avaz kal bobomning gapidan keyin menga qoʻrqinchli odamga aylanib qolgandi. Yuzini jun bosib ketgan. Yurganda bir oyogʻi oqsoqlanib yuradi. Nima boʻlganda ham u odamkush-da. Momoqiz uning xotini emish, oʻshanda aqlimni tanimagan yosh bola boʻlsam-da, negadir Momoqizni Avaz kaldan qizgʻandim. Boʻlishi mumkin emas, der edim ich-ichimdan norozi boʻlib. Qarshimizda oʻtirib, bizga muzdek ayron quyib uzatayotgan Momoqizga burnimni tortib-tortib, koʻz qirimni tashlayman. Ismi ajoyib ekan, Momoqiz. Xuddi Avazning nigohida momo-yu, mening nigohimda qiz oʻtirgandek edi. Oʻshanda gʻalati boʻlib ketganman...
— Joʻraqul ham qamaldi...— deydilar bobom Avaz kalga.
— Qaysi Joʻraqul? — uning hayrati oshadi.
— Joʻraqul-chi, Gulyor...
— Ha, nima aybi bor ekan?
— Paxta xirmoniga qorovullik qilardi. Makka qorovuli boʻlib yurgan bir gung yigitni tunda kimdir rosa kaltaklabdi. Gung hushini yoʻqotganmish. Ertasi undan seni kim urdi deb soʻrasalar, Joʻraqulni koʻrsatibdi. Joʻraqul non bilan qasam ichdi. Men urganim yoʻq deb, zorilladi. Oxiri yigʻlab-yigʻlab, qamoqqa ketdi...
— Necha yilga ketdi? — qiziqib soʻraydi Avaz.
— Toʻrt yilga...
— E, toʻrt yil ham jazomi? Kichkina barmogʻimga aytsam, toʻrt yilni oʻtab keladi. Men oʻn besh yil yotdim...

Bobom goʻyo Avaz kalning jon joyidan tutgandek boʻladi. U boshidan kechirgan qora kunlarini soʻzlayveradi-soʻzlayveradi. Men esa gurung qulogʻimga kirmay, bizdan sal uzoqroq oʻtov yonida bolalari bilan ovunib oʻtirgan Momoqizdan koʻzimni uzmayman. Keyin shu holimda koʻzim ilinib, toshdek qotib uxlayman. Yoʻl charchogʻi darrov bilinadi. Bobomning:
— Tur, oy chiqdi. Salqinda yurmasak boʻlmaydi, — degan ovozidan uygʻonib ketaman. Togʻning sovuq havosidan turgim kelmaydi. Daryoning quturgan tuyadek nolishi shundoq pastlikdan eshitiladi. Bobom uxladimi, yoʻqmi bilmayman.
— Yoʻlovchiga yoʻl yaxshi. Eshaklarni keltir, oyning yorugʻida bir qadam boʻlsa ham oldinga yurganimiz ma’qul. Eshaklarimiz oldida toʻkilgan pichanni kurt-kurtlayotgan boʻladi. Bobom ularning belini tortib-tortib:
— Joʻra, agar shu yerga yetib kelmaganimizda bu kecha eshaklarimiz och qolib ertaga yoʻlga yaramay qolardi. Baraka topkur Avazning bergan bir bogʻ bedasidan bularga ham darmon kirdi. Oʻzimiz esa issiq oʻrinda maza qilib yotdik.

Bobomning amri bilan eshaklarni haydab, yoʻlga tushamiz. Bu paytda Avaz kal bilan Momoqiz yotgan oʻtovning chirogʻi oʻchgan boʻladi. Ular bizning qachon turib ketganimizga e’tibor ham berishmaydi. Bilsalar ham oʻzlarini bilmaganga olib uxlayverishadi. Men nimanidir qoldirib ketayotgan kishidek Momoqiz oʻtirgan supaga moʻltirab qarayman. Bobomning bir soʻzi bor: «Tong uyqusini totgan ham bir, tong otguncha yotgan ham bir».
— Hushyor boʻl, toshga qoqilib ketma, hali uyqung qochmab­di. Eshakning dumidan mahkamroq tut, yiqilib ketmaysan.

Biz yana yolgʻizoyoq yoʻldan yuqoriga koʻtarilamiz. «Bordi-yu, hozir oldimizdan ayiq chiqib qolsa nima qilamiz ekan?» Yarq etib xayolimga kelgan sovuq savoldan seskanib ketaman, Gulmurod bobomning hikoyasi esimga tushadi:
— Oy tunda sutdek yogʻdu sochib turgan payt, Choʻponqul bilan togʻ yoʻlidan ketayapmiz. Choʻponqul unda yosh bola edi. Eshaklarimiz taqa-taq toʻxtadi. Shuncha ix deymiz qani endi, oldinga yursa. Hayron boʻldim. Qarasam, yoʻlning oʻrtasida hoʻkizdek keladigan bir ayiq oʻtiribdi. Ayiq desam, Choʻpon­qul qoʻrqadi. Oʻzimning ham badanim uvishib, sochlarim tik boʻldi. Choʻponqulni katta xarsang ustiga chiqarib qoʻydim. Keyin oldinga oʻtib, ayiqqa: «Polvonjon, siz shu daraning sultonisiz. Sizdan zoʻri yoʻq. Yoʻl bering, oʻtib ketaylik», deb yolbordim. Ayiq soʻzlarimni fahmlagandek, oʻrnidan turib, oʻn qadamlar yoʻldan chetga chiqdi. Biz oʻtib ketdik, ziyon qilmadi. Ayiq mard hayvon...

Bobom bilan oldinma-ketin ilgarilab yuraveramiz. Peshinga yaqin olisdan Piryaxtogʻ koʻrinadi.
— Qorlaringdan oʻrgilay Piryax!

Birdan bobomning koʻngli yorishib, quvonchdan koʻzlari porlaydi:
— Ana u koʻrinayotgan Navroʻzgoh togʻi, oldiga yetib borsak boʻlgani...

Oldimizdan Mush qishlogʻi chiqadi. Mush Kokil boboning bogʻi. Qir bagʻrida yastanib turgan bogʻlarni Kokil bobo barpo qilgan. U uyini katta qoya toshning tepasiga chiqarib qurgan. Uyining poydevori togʻ. Yonida kattakon hovuz ham bor. Buni Havzi Mardon deyishadi. Hovuzda gulmohilar suzib yuradi. Kokil bobo gʻalati odam. Yoshi saksonni qoralab qolgan bu qariyani togʻliklarning hammasi biladi. Qariya biron-bir yoʻlovchini uyining yonidan quruq oʻtkazib yubormaydi. Mehmonxonasining eshigi har doim ochiq.
— Qani, eshakni bu yoqqa qaytar, bir piyola choy ich. Oʻsha Shotiroʻd qochib ketmaydi. Alqosning onasi, qatiq keltir...

Kokil boboning choyini ichmay ketishning iloji yoʻq. Dasturxoni ochiq bu cholning mehmoni uzilmaydi. Ikki dara odamining yoʻli shu uy oldidan oʻtgan. Bobo sochini oʻstirib yurgan olifta yigitlarni xush koʻrmaydi.
— Soch qizlarga yarashadi, — deydi. U mening tap-taqir boshimni silarkan.
— Oho, yigitmisan yigit boʻlibdi-ku, bu bola!

Boboning koʻp bora soch qoʻyganlarga tanbeh berganini eshitganman. Kokil bobo oʻzini bilmaganga olib, sochi borga ishora qilib deydi:
— Qizingizning ham boʻyi yetib qolibdi-ku?

Bolaning otasi hayratlanib: «qizmas, bu — ul bobojonisi», desa:
— Ul boʻlsa, ulga oʻxshab yurmaydimi? Yigit kishiga soch yarashadimi? Soch ayollarning bezagi. Indamasang, hozirgi yigitlar jamalak taqishdan ham qaytmaydi, — deydi Kokil bobo istehzo aralash.

Bobom nega har gal sochimizni buncha qirtishlab oladi desam, buning tagida gap bor ekan. Bobomni ham tushunib boʻlmaydi. Hali zamon koʻrasan, qayoqdandir kelib:
— Qani tayyorlaninglar, sochlaringni olamiz, — deb qoladi.

Dunyoda eng yomon koʻrganim, bobom qoʻllari bilan boshimizni oʻynatib-oʻynatib, sochimizni qirtishlashi. Bosh­qalar sochni issiq suv bilan sovunlab olsa, bobom unday qilmaydi. Bizni muzday oqib turgan ariq boʻyiga chaqirib, avval boshimizni sovuq suvga yuvib, keyin kaft­lari bilan rosa ishqalaydi. Biz tishimizni tishimizga qoʻyib chidaymiz. Ukam Jabbor nozik boʻlgani uchun yigʻlashga tushadi. Soʻng eski pokini tizzalariga ishqab-ish­qab, bismillo, deb boshimizga yurgizadilar. Boshimiz biram ogʻriydi deng.
— Ogʻriyapti... — Yigʻlashimiz foyda bermaydi. Baribir sochdan ayrilamiz. Bobom huzur qilib kuladilar.
— Ogʻriydi-da, sochni oʻstirgandan keyin. Rangingni qara, sargʻayib ketibdi. Yigit kuchini soch oladi.

U kishi, ming bora eshitganim eski rivoyatini boshlaydi.
— Bir boy bor ekan. Bolasini polvon boʻlsin deb har kuni qoʻy goʻshti bilan boqarkan. Bir kambagʻal bor ekan, u ham polvon boʻlsin deb bolasini qotgan non bilan boqarkan. Boy oʻgʻlining sochini olmas, kambagʻal esa har oʻn kunda oʻgʻlining sochini qirtishlab olar ekan. Bir kuni katta maydonda ikkisini bellashtiribdilar. Kambagʻalning oʻgʻli boyning oʻgʻlini koʻtarib uribdi. Hamma hayron. Boy donishmandlardan buning sirini soʻrabdi. Ular boyning xatosi oʻgʻlining sochini oldirmaganida, deyishibdi. Soch uning kuchini olib, zaif qilib qoʻygan-da...

Jabbor ukam soch oldirganda rosa yigʻlaydi. Aytdim-ku, juda nozik deb, buning ustiga Ahmad akamiz nuqul uni mazax qilib holi-joniga qoʻymaydi. Emishki, Jabbor sochini oldirsa, Ibrohim kalga oʻxshab qolarmish. Bu soʻz ukamga juda ogʻir botadi. Ori bor-da, birovga oʻxshagisi kelmaydi. Shuning uchun ham yigʻlaydi. Togʻlarda nima koʻp, kal koʻp. Lekin muhimi bu emas, togʻliklar uchun eng muhimi yigit boʻlish kerak. Oʻylayman — togʻlarda kallarni koʻpaytirgan narsa, bobomning eski pokisi boʻlsa kerak. Sovuq suvga boshingni yuvib, kaftlab-kaftlab eski ustarada sochingni olsami, bosh jarohatlanib kal boʻladi-da...

Darvoqe, Kokil bobo... Tovoqlarda toʻlib turgan echki qatigʻidan rohatlanib ichamiz, keyin boboning duosini olib, yoʻlimizni davom ettiramiz. Eh, bu togʻliklar, deyman oʻzimga oʻzim. Bular balandlarda yurganlari uchun ham koʻnglida gidir yoʻq, baland odamlar, ularning qiyosini topolmayman. Dunyodagi barcha odamlar qani shunday bagʻri keng, baland boʻlishsa. Balandda yurgan odam koʻp narsani koʻrar ekan, buni menga bobom aytgandi.

Qishlogʻimizga ikkinchi kuni quyosh botish arafasida kirib boramiz. Kavraklarning xushboʻy isi dimoqqa uriladi. Eshaklarimiz ham qishloqqa yaqinlashib qolganimizni payqab, ildam yuradi. Endi biz ularga yetolmay qolamiz. Qishloq bizga quchoq ochadi. Qir bagʻrida bobomning bogʻlari boʻyi yetgan qizlar kabi shivirlashga tushadi. Singlim Gulsanamning qoʻngʻiroqdek ovozi yangraydi.
— Ur-ra- a- a, bozorchilar kelishdi...

Oldimizdan tayogʻini toʻqillatib Maysara momo chiqadi. U bizni koʻrganda dunyo topgandek quvonadi. Choʻpillatib yuzlarimdan oʻpadi.
— Pastdagilar yaxshi yurishibdimi? — soʻraydi momo. Bobom ishora qilib, qoʻllarini silkitib-silkitib soʻzlaydi. Maysara momoning quloqlari ogʻir, past ovozni eshitmaydi. Uning uchun bulbullarning xonishi bilan daryoning shovullashi bir.
— Quloqlarim kar, — deydi momo nolib. — Koʻzlar ham xiralashgan, nima qilay?

Bobom xurjunda Maysara momoga «posilka» borligini tushuntiradi. U tayogʻiga suyanib-suyanib bizga ergashadi. Isimizni sezgan Qoplon hovlidan yugurib chiqadi-da, avval bobomning, keyin esa mening oyoqlarimga suykalib-suykalib yuguradi. Eshaklarimiz ogʻir yukdan xalos boʻlib, xumordan chiqquncha tuproqqa agʻanaydi. Onam Maysara momoni: «...bu kampir sira yangi gapni gapirmaydi», der edilar. Onamning soʻzlari haq. Momo hech qachon yangi gap aytmaydi, faqat oʻtmishdan soʻzlaydi. Biz uchun yod boʻlib ketgan oʻsha bolalik yillarida daryodan qancha koʻp baliq ovlagani-yu, Haybibi xolani baliq tozalashdan esi ketib yigʻlaganlarini faxrlanib soʻzlayveradi.
— Qani, u baraka? — deydi momo savolni oldimizga koʻndalang qoʻyib.
— Hammasi ketdi... Eh, — deydi kampir turib-turib. —Merganjon tirik boʻlganida, hozir sizlarni kiyik goʻshti bilan siylagan boʻlardim. Endi u boshqacha yigit edi-da...
— Merganjon kim? — soʻrayman otamdan.
— U kampirning ukasi, devqomat yigit edi. Yetti-sakkiz botmon yuklarni yuk demasdi. Bir ilib yelkasiga olardi. Bir kuni deng, bogʻimizda oʻrik yeganini koʻrib, qoyil qolganman. Oldiga bir togʻora oʻrik danagini taxlab qoʻyibdi. Endi oʻylab koʻringlar, u bir oʻzi qancha oʻrik yeganini?! Otamning soʻzlari hayratimni oshiradi.
— Shunchalik bahaybatmidi?
— Bizlar uning belidan ham kelmaymiz, — deydi otam. —Vajohatidan ot hurkadigan yigit boʻlgandi.
— Nega oʻldirishdi uni?

Maysara momo gapimizni fahmlab turgandek, soʻz boshlaydi.
— Zoʻrlarni koʻrolmaydiganlar zamonida shunday qi­lishdi. Dushmanlari hiyla ishlatib, ovga olib chiqishgan. Keyin dam olib yotgan paytida bolta bilan boshini chopib tashlashgan... U besh-oʻn kishini pisand qilmaydigan polvon edi...

Momoning eski dardi qoʻzgʻaydi. Koʻzlaridan shashqator yosh oqaveradi.
— Butun qishloq ahli oyoqqa turib, oʻligini oʻn besh kun qidirdik. Oxiri murdani qumning ostidan Choʻyanning Malluk iti topdi... Men ukamning jasadini koʻrib, qattiq dod solganman. Oʻshanda quloqlarim kar boʻlib qolgan. Endi hech narsaga ishonmayman. Bu dunyoning koʻp ishlari yolgʻon. Eshitishni ham xohlamayman...

Momo «posilka»sini qoʻltigʻiga qisib, oʻrnidan turadi. Onam kampirning biror marta yangi gap aytmaganidan noliydi... Ha, togʻliklar shunaqa...

Kelganimizdan togʻbegi xabar topadi. Togʻbegi Muxtor Qassob. Uni koʻplar Muxtor kal deyishadi. Garchi soʻzlarni koʻpirtirib gapirsa-da, undan yaxshi odam yoʻq. Otam uning koʻp soʻzlarini yolgʻonga chiqaradi. Agar sal boʻsh kelsangiz, u oʻzini mamlakatning barcha kazo-kazolari bilan qadrdon etib koʻrsatadi. Dunyodagi hamma katta uning tanishi boʻlib chiqadi. Uzoq yillar xizmatini halol bajargan odam ham mana shu Muxtor Qassob. U bizni uyi­ga boshlaydi:
— Bugun qoʻshga chiqdim. Shoʻrchilik Joʻlli koʻrning katta bir qoʻchqorini tosh uribdi. Ellik kilodan ortiq yuki bor. Joʻlli nima qilishini bilmay hayron turgan ekan. Vaqtida boribman, goʻshtni xurjunning ikki koʻziga toʻldirib, eshakka ortdim-da, qoʻliga yuz soʻm tutqazdim, vaqti chogʻ boʻldi, deng. Bu ham sizlarning nasibangiz...

U ikkita yogʻoch tovoqda qovurilgan qoʻy goʻshtini dasturxonga qoʻyadi. Biz maza qilib goʻshtxoʻrlik qilamiz. Togʻ odamlari ichida yomoni yoʻq, yomon deganlari ham bir xislati bilan ajralib turadi.
— Sizlar bilmaysizlar, — deydi Jabbor ukam Muxtor kalga yon bosib.
— Muxtor bobo savodsiz boʻlgani bilan qonunni suvday biladi. Unga hech kim gap topib berolmaydi...

Ukamning soʻzlarini Rayimqul togʻa tasdiqlaydi.
— Kal tugʻma talant, hujjati oʻzi bilan. Chindan ham raislar undan zirillaydi. Biror rais yoʻqki, undan ha­yiqmasa, oldiga borsa, uni boʻsh qaytarmaydi.

Eshagini minib idoraga bordimi, demak arpami, bugʻdoymi omborda nima boʻlsa, birinchi Muxtor kal oladi. Rais­ning esa bermay iloji yoʻq. U borishi bilan darhol, ombor­da nima bor rais, deb soʻraydi. Rais qoʻrqqanidan, uning bejiz kelmaganini bilganidan, hamma narsamiz bor, Muxtor aka deydi. Bordi-yu, rais omborimizda hech narsa yoʻq desa bormi, unda kalga Xudo beradi.
— Rais, bu yil yaxshi ishlamabsiz, omborning boʻshligi — xalqqa non yoʻq degani, endi kursini boʻshatib qoʻysangiz ham boʻlaveradi, — deydi tap tortmay. Raislar shuning uchun ham undan qoʻrqib yuradi. Xuddi Muxtor kal ulardan lavozimini tortib oladigandek.

Ayniqsa, yillik hisobot yigʻilishi yaqinlashdimi, Muxtor kalning eshagi idoraga serqatnov boʻlib qoladi. U hech qachon quruq qaytmaydi. Ana shunaqa...

* * *

Yillar oʻtdi... Yigit boʻlib qoldim. Oʻzbek bobom bilan yana togʻlarga chiqib boryapmiz. Bu gal bobom meni koʻp tergamaydi. Bu yoʻllarda yuraverib pishidim. Xohlagancha togʻu toshlarni tomosha qilib boraveraman. Bobom oʻsha-oʻsha kamgap. Turib-turib oʻzicha xirgoyi qiladi. Xirgoyi qilganda ham soʻzlarning salmogʻi borini, yurakning tinchini buzadiganini topib aytadi. Yuraverganimizdan mening qornim ochqaydi.
— Bobo, ozroq dam olaylik, och qoldim, — desam, u kishi miyigʻida kulib:
— Senga nima balo boʻlgan oʻzi, bir zoʻr mullani topib, bod oʻqitishing kerak, — deydi.
— Och qoldik-da, bobo, — deya xurjunga qoʻlimni tiqaman.

Bobomning dardi yangilanadi, bolaligini eslaydi.
— Bir paytlar togʻ yoʻlida otam bilan boryapmiz. Oʻshanda olti-etti yoshdaman, ochlik yillari. Otamga sira yetib yurolmayman, otam bir buloqning boʻyiga oʻtirib oldilar-da, yonidan menga bir burda taxta kunjara chiqarib berdilar. Men kunjarani ishtaha bilan yeyishga tushdim. Bu payt otamning oʻzi bir burda arpa nonini suvga botirib yeganiga koʻzim tushdi. Oʻshanda arpa noni koʻzimga dunyodagi eng noyob narsadek koʻrindi. Kunjara yeyishdan toʻxtadim. Otamdan ozroq non berishini soʻradim. Otamning gʻazablanganini oʻshanda koʻrganman. U kishi menga qarab:
— Sen yoshsan, hozir toshni yesang ham hazm qilasan. Men-chi, men... Bordi-yu, yoʻlda sen ochlikdan yiqilib qolsang, men seni koʻtarib manzilga yetkazib boraman. Toʻgʻrimi? Agar men ochlikdan yiqilib qolsam-chi? Sen meni hech qayoqqa olib borolmaysan. Negaki sen yosh bolasan, kuching yetmaydi. Unda ikkimiz ham nobud boʻlamiz, uqdingmi? ...

Oʻsha-oʻsha otamga boshqa gap qaytarmadim, endi oʻylasam u kishi toʻgʻri aytgan ekan. Lekin, qani oʻsha otam...

Bobomning yaralariga goʻyo tuz sepgan boʻlaman.
— Sizlar non toʻkin-sochin zamonda ham och qoldik deysiz. U kunlarni Xudo koʻrsatmasin...

Biz yana oʻz xayolimizga berilib, yoʻl tortamiz, endi aqlimni taniganim uchunmi, bobomning soʻzlari menga bosh­qacha ta’sir qiladi. Bolalik xotiramga muhrlanib qolgan bogʻ — bu Avaz kalning bogʻi. Qancha yillar oʻtib, yana oʻsha tanish boqqa yetib keldik.
— Shu yerda tunaymiz, — deydi bobom. Itlar hura boshlaydi. Daryo dod soladi. Negadir bu gal Avaz kalning togʻlarni gumburlatadigan ovozi chiqmaydi. Momoqiz bolaligimda ayron quyib bergan qadrdon supa yoniga bobom bilan borib, ulovdan yukni tushiramiz. Qaerdandir Momoqiz paydo boʻladi. Yoʻq, u men bundan oʻn besh yil ilgari koʻrgan Momoqizimga sira oʻxshamasdi. Kiyinishi qahratonda qor bosgan daraxtni eslatardi. Yuzlarigacha oqarib ketgan, aftodahol ayol. U supaga joy qiladi. Bobom bilan chiqib oʻtiramiz. Bobom atrofga alanglaydi:
— Avazboy qani?
— Uydalar, hozir...

Momoqiz gʻam choʻkkan koʻzlarini gunohkordek yerdan uzmaydi. Oʻtovdan qoqsuyak boʻlib qolgan Avaz kal chiqadi. Uning qoʻlidan tutib kelayotgan qizaloqda ilgari uchratgan Momoqizimning oʻtli nigohini koʻraman. Goʻyo u Momoqizning nigohini oʻgʻirlab olgandi...
— Avaz aka! — deya bobom quchogʻini ochadi.

Avaz kal yosh bolalardek oʻzini bobomning bagʻriga otadi. Hoʻngrab-hoʻngrab yigʻlaydi.
— Uyim kuydi, Oʻzbek. Uyim kuydi... Bolamdan ayrildim... Bolamni daryo olib ketdi, Oʻzbek. Daryoga nima yomonlik qiluvdim? Daryo menga yomonlik qildi. Eh, nomard dunyo...

U oʻkirib-oʻkirib yigʻlaydi. Bu bilan bir yoʻla Momoqizning ham dardlarini qoʻzgʻaydi.
— Onang oʻlsin, bolam...

Momoqizning yurakni ezib yuboradigan mungli nolasi daryoning ovoziga joʻr boʻladi. Biz bobom bilan karaxt boʻlib qolamiz. Keyin bilsak, Avaz chol oʻgʻlini daryoga berib, uning hijronida koʻzlaridan ayrilibdi, shuning uchun qizchasi uni yetaklab yurardi. Bir vaqtlar uning qamalganidan qanchalik nafratlangan boʻlsam, bugun yosh bola kabi hoʻngrab-hoʻngrab yigʻlayotganini koʻrib, achindim. Axir uning ham yuragi bor ekan-ku?! Oʻz juftining qotili boʻlgan odam farzand dogʻini koʻtarolmay ikki koʻzidan ayrilib oʻtirsa... Bu qanday sinoat? Tomogʻimdan hech narsa oʻtmaydi. Daryoning sovuq na’rasidan badanim uvishib ketdi. Biz tuni bilan Avaz cholga qoʻshilib, ayriliq azobini chekdik. Tong yorishdi. Tun qaro toʻnini sudrab, juftakni rostladi. Uy­qusizlikdan achishib turgan koʻzlarim oldida haqiqiy momo bilan qiz paydo boʻldi...