OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Axtamqul Karim. Oʻlja (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAxtamqul Karim
Asar nomiOʻlja (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Axtamqul Karim
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/17
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oʻlja (hikoya)
Axtamqul Karim

Osmon shu qadar tiniq ediki, Egamberdi mergan nazdida aqlini tanigandan beri osmon choʻqqilarga mixlanib qolgandek, yoʻq-yoʻq, choʻqqilar osmon bagʻrini teshib kirgandek tuyuladi. Yolgʻizoyoq soʻqmoq boʻylab daradan oʻtayotgan ovchi xayolini ana shu oʻylar band etgandi. Ovi baroridan kelmagan merganning koʻngli gʻash. Gʻash xayollar uni dengizda adashgan qayiqdek goh u, goh bu yoqqa olib qochmoqda. U kechgacha och boʻriday qirma-qir izgʻib yuraverdi, izgʻib yuraverdi. Har buta yo archani panalab atrofni kuzatdi, qulogʻini ding qilib biron ovoz yo sharpani eshitishga urindi. Bari befoyda. Negadir bittayam kiyikni uchratmadi. Ilgari toʻsatdan oʻtlab yurgan kiyikka koʻzi tushib qolar, hech qursa shundoq yonginasidan kaklikning pir etib uchganiga duch kelardi. Endi boʻlsa... Xufton koʻngliga chiroq yoqsa ham yorishgudek emasdi. Goʻyo togʻu daralarda oʻtlab yuradigan kiyiklar ovchining hidini sezgandek qayoqqadir gʻoyib boʻlgan. Egamberdi mergan umr boʻyi kiyik ovladi. Mergan nomini oldi. Egamberdi deyishsa qishloqdoshlari yelka qisishar, toki «mergan» soʻzini qoʻshmaguncha tanishmasdi. Egamberdi mergan avvallari shunchaki havas va koʻngilni xushlash niyatida unda-bunda bekor paytlari togʻu toshlarga kiyik oviga chiqardi. Bora-bora bu havas odatga aylanib ulgurdi. Endi u qoʻliga miltiq olmasa turolmas, hayotidan maza tuymaydigan darajaga yetib bordi. Shu-shu odati xumor boʻlib qoldi. Bir narsaning xumori tutsa yomon ekan. Egamberdi mergan uchun ov oldida dunyo ham koʻziga koʻrinmas, ov qilmay qoʻyganda vujudida gʻalati his uygʻonardi va bu hisni ovdan boshqa narsa bosolmasdi. Uyiga kiyik otib qaytish, uning goʻshtini tanovul qilgandan koʻra koʻproq lazzat bagʻishlar va bu lazzatni dunyoning uncha-buncha lazzatiga alishishni istamasdi. Qishloqdoshlari ham Egamberdi merganning bu qiligʻiga koʻnikib, unda-bunda koʻzlari tushib qolganda ham hayron boʻlishmasdi. Egamberdi mergan ovchilik hayotida koʻp voqealarni boshidan kechirdi. Necha marta oʻlimga chap berib, necha marta ajalni aylanib oʻtdi. Endi-endi u kunlarni eslasa, yuragi orqaga tortib ketar, nahotki shunchalik darajaga yetgan boʻlsam, deya oʻziga-oʻzi ishonmasdi. Egamberdi mergan ovga chiqqanda uncha-buncha ovchi uning oldida ip esholmas, u bilan musobaqa qilishga jur’ati yetmasdi.

Togʻliklar udumiga koʻra, ovchilikdan voz kechmoqchi boʻlgan merganlar «miltiq koʻmdi» marosimini oʻtkazadi. Shundan keyin qancha-qancha merganlar qoʻliga zinhor miltiq ushlamas va shu udumga rioya qilgan holda olamdan oʻtib ketardi. Lekin Egamberdi mergan bunday qilishni xayoliga ham keltira olmas, ov qilmay qoʻysa, goʻyoki hayoti ostin-ustun boʻlib ketadigandek qattiq hadiksirar va bunday oʻyni xayolidan quvlab tashlardi. Egamberdi mergan quruq qoʻl bilan qaytishni ovchilik sha’niga uyat deb bilar va oʻzi esa ovga chiqqanidan beri biron marta oʻljasiz qaytganini aslo eslayolmaydi. Bugun esa... Har doim oʻlja bilan qaytishga odatlangan mergan qorongʻu tushishini kutdi. Eshagini bogʻlab qoʻygan archa yoniga keldi. Iloji boʻlsa qishlogʻiga kechroq kirib borishga ahd qildi. Chunki uning oʻljasiz soʻppayib qaytganini koʻrgan qishloqdoshlari oldidan oʻtganda mazax qiladigandek, holing shu ekan-ku, hayf senga merganlik, deydigandek tuyulardi. Shuning uchun uyga qaytish unga azobga aylandi, yurgan yoʻli unmas, goʻyo oyogʻi ham oʻziga boʻysunmayotgandek, yetaklab olgan eshagi ham oʻzidan oldinga oʻtib ketaverardi. Qishloqqa yaqinlashganda qosh qoraydi. Togʻ choʻqqilari oqshom tusidan battar qoraydi. Uch-toʻrt qadam narini koʻrish qiyinlashdi. Yaxshiyamki, kech kirib uyga qaytgani. Uyiga yaqinlashguncha hech kim duch kelmadi. Shunday qilmasa kechasi bilan uyqusi qochib, or-nomusdan oʻzini bir narsa qilib qoʻyishi hech gap emasdi! Eshak sharpasini sezgan kampiri oldingidek peshvoz chiqdi. Qaradiki, cholning avzoyi buzuq. Oldingidan shashti past. Eshak ustidagi hurjuning boʻm-boʻshligini koʻrganda battar ajablandi. Kampirning qoʻllari havoda muallaq qoldi. Kampir ham hurjuning boʻsh qaytishiga sira odatlanmagan. Uning eriga ajabsinib qarashi shundan. Egamberdi mergan bilan bir yostiqqa bosh qoʻygandan beri yaxshi eslaydiki, ovga chiqqan erini bu alfozda koʻrgan emas. Kampiri har gal qaytganida eshakka yuklangan kiyik goʻshtini tushirishga yordamlashar va darhol qozon-tovoqqa unab ketardi.
— Bugun ov kuni emas ekan, — dedi mergan ijirgʻanib eshagini qoziqqa bogʻlar ekan. – Ertalab bir yuvuqsizga koʻzim tushgandi. Dunyoni aylanib chiqdimki, kiyik zotini koʻrmadim. Eskilar bir yuvuqsiz odam koʻchadan oʻtsa, yer titraydi, baraka ketadi, degani rost ekan.

Egamberdi mergan ogʻir uh tortdi. Chuqur-chuqur nafas oldi. Negadir alamini bosolmasdi. Koʻzlari oldidan kiyiklar galasi yugurib oʻtayotganday hushyor tortdi. Kampir dasturxon bilan bir kosa qaymoqni mergan oldiga qoʻydi.
— Sayidberdi qani? — deya ovchi xotinidan oʻgʻlini soʻradi.
— Qoʻshnining uyiga oʻtgan edi, — dedi kampir beparvogina.
— Nima qiladi qoʻshninikiga chiqib, allamahal boʻlsa. Xotinga oʻxshab gap sotgani chiqibdimi?
— Bilmasam.
— Bu bolang quloqsiz boʻlib chiqdi. Koʻchada gʻiybat qilib yurishdan boshqa ishga yaramaydi. Erkaklik siyogʻi yoʻq. Shuning uchun ham ovga olib chiqmayman. Oʻzida ham qiziqish yoʻq.
— Bir kami oʻgʻlingiz ham sizga oʻxshab umrini miltiq koʻtarib oʻtkazsinmi?

Egamberdi mergan bu gapdan ogʻrindi. Ich-ichidan gʻazabi toshdi. Biroq oʻzini bosishga urindi. Kampirning nima demoqchiligini tushungandek biroz oʻylanib dedi:
— Ovga men emas, u borishi kerak. Men endi yoshimni yashab, oshimni oshab boʻldim. Balki shuning uchun ham bugun oʻljasiz qaytgandirman.

* * *

Egamberdi mergan boshqa hech ovga chiqmadi. Qarilikni tan oldi. Goʻyo togʻlarda endi uning uchun oʻlja qolmagandek edi. U miltigʻini oʻgʻliga berdi. Ovni endi sen qilasan, dedi. Otasining mohir merganligini bilsa ham, oʻgʻli unga ergashib, ovga chiqmas, togʻlarda yurishni unchalik xush koʻrmasdi. U otasidan miltiqni istar-istamas oldi. Otasi yurgan togʻu toshlarni aylanib, otasidek kiyik otish niyatida yurdi. Lekin har gal ovdan uyiga boʻsh qaytib kelar, ba’zan-ba’zangina xashaki darranda-parranda ovlab kelardi, xolos. Shundan Egamberdi merganning xunobi oshdi. Bir marta sugʻur koʻtarib kelgan oʻgʻliga oʻshqirib berdi.
— Bu harom sugʻur goʻshtini boshimga uramanmi? Kiyik ovlasang oʻlasanmi, ahmoq!

Oʻgʻil otasiga nima deyishni bilmas, birdan-bir topib olgan soʻzi, (uni ham kimdandir eshitgan) «sugʻur goʻshti dori-ku», deb qoʻyardi.

Shu tariqa yillar oʻtdi. Egamberdi mergan borgan sari jussasi kichrayib borar, qoʻllarini qaltiroq tutadigan va qomatini ham biroz egib yuradigan holga yetdi. Qarilik ishini qilgandi. Xayolidan kechagina kiyiklarni quvlab yurgani bir-bir oʻtar va shuni eslaganda koʻngli allanechuk hapriqib ketardi. Har-har zamon koʻngli ovga chiqishni tusab qolardi. Chunki umri bino boʻlibdiki, uyida kam boʻlar, soʻrab kelganlar ham ancha kun ovora boʻlishardi. Egamberdi mergan bir gal oʻgʻlining ovdan quruq qaytganiga chiday olmadi:
— Sen qachon mergan boʻlasan? Lapashang. Buncha noshud boʻlmasang. Erkakmisan oʻzi? Ov qilishga yaramasang. Mening pushtikamarimdan tushganga oʻxshamaysan,

Mergan oʻgʻliga ataydan achchiq gapirdi. Shu bilan oʻgʻlining ovga hirsini uygʻotishni moʻljal qildi. Oʻgʻil esa dimogʻida poʻngʻilladi.
— Togʻdagi hamma kiyikni qirib tugatgan boʻlsangiz, men nima qilay?

Shu-shu Egamberdi mergan oʻgʻliga boshqa gapirmadi.

Kunlarning birida mergan toʻsatdan kampiriga qarab:
— Kulcha qil, men ovga chiqaman, — dedi.

Kampiri qarib quyulmagan cholning gapiga kuldi. Bu bilan u merganni mazax qilganday boʻldi.
— Hamma narsaning ham oʻz vaqti-soati bor. Sizning ov qiladigan davringiz oʻtdi.

Ilgari eriga tik qarashga botinmasdi.

Shu narsa merganga ogʻir botdi.

Oʻsha kecha Egamberdi mergan uxlay olmadi. Tong-saharda oʻgʻlini oldiga chaqirdi:
— Eshakning ayilini tort, — dedi ovozi qaltirab.

Oʻgʻil eshakni shaylab otasi oldiga keltirdi. Mergan imillab eshakka oʻtirdi. Ilgarigi shashti qayda? Uning butun fikr-zikri Jangoh togʻi tomon qaratilgan edi. Ota-bola yoʻlga tushishdi. Mergan har-har zamon eshakning boshini u yoqqa bur, bu yoqqa bur, deya taneh berib borardi. Nihoyat, Egamberdi mergan navqiron yigitlik paytlari ovga chiqqan Jangoh togʻi yon bagʻriga yetib bordi. Bu togʻda yurib qanchadan-qancha kiyiklarni otib olganini, boshqa merganlar bu togʻda ov qilolmasligini bir-bir xotirasidan oʻtkazdi.

Mergan oʻgʻliga eshakni toʻxtatishni buyurdi.
— Koʻryapsanmi, huv, anavi baland choʻqqini, hozir yayov shunga chiqib boramiz. Eshakni archaga bogʻlab qoʻy. Meni orqalab oʻsha toqqa chiqasan.

Saidberdi bir otasiga, bir qirga qaradi.

Qir ancha tik va baland koʻrinardi. Biroq u, eshakni bogʻlab, otasi aytganlarini qilishga majbur edi. Mergan oʻgʻlining orqasida borarkan, shamolga qarshi yur, odam hidi sezilmaydi, dedi. Nihoyat, qir ustiga ham chiqib borishdi. Saidberdi rosa qora terga botdi. Yurishga holi qolmadi.
— Endi emaklaymiz, — dedi mergan.

Ota oldinda, oʻgʻil orqada emaklay boshladi. Qirning yon bagʻriga oʻtishdi. Mergan kiyiklar oʻtlaydigan joyni bilardi. Hozir oʻzigina biladigan sir-kiyiklar qoʻtonidan oʻgʻlini voqif qilayotgan edi. Birdan sal nariroqda kiyiklar oʻtlab yurganini koʻrib qolishdi. Bir kiyik qaqqayib turar, atrofni olazarak kuzatardi. Saidberdining koʻzlari charaqlab ketdi. U birinchi marta kiyiklarni yaqindan koʻrishi edi. Shoshib qoldi. Yonida turgan otasini butunlay unutib qoʻydi. Katta xarsang yonida chor tarafga oalzarak qarayotgan ohuni moʻljallab oʻq uzdi. Buni hatto otasi ham sezmay qoldi. Kiyik balandga bir koʻtarilganday sapchib, keyin yerga qulab tushdi. Saidberdi kiyikka tomon yugurib ketdi. Qolgan kiyiklar xatarni sezib, bir zumda koʻzdan gʻoyib boʻlishdi. Saidberdi kiyik boʻgʻziga shosha-pisha pichoq tortdi. U oʻzida yoʻq xursand boʻldi. Kiyik otganiga quvonchi ichiga sigʻmasdi. Birdan otasi esiga tushdi. Darhol u tomon yugurdi. U otasi oldiga yaqinlashar ekan:
— Men otdim! Juda zoʻr kiyikni otdim! — deya qichqirdi.

Ota esa javob bermadi. Saidberdi otasiga tikildi. Egamberdi merganning koʻzlaridan shashqator yosh quyulardi.
— Sizga nima boʻldi? – soʻradi Saidberdi hayron boʻlib.
— Nega unday qilding, axir u mening oʻljam edi-ku, sen mening oʻljamni otding, mening soʻnggi oʻljamni...

Saidberdi hech vaqoni tushunolmaganday otasiga hangu mang tikilib turardi.

Jangoh togʻidan bir burdagina boʻlib qaytgan Egamberdi mergan oʻsha tun jon berdi.