OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAxtamqul Karim
Asar nomiTogʻlarga dil bergan devona (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Axtamqul Karim
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm14KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Togʻlarga dil bergan devona (hikoya)
Axtamqul Karim

Togʻlarning boshini qora bulutlar oʻradi...

Hayal oʻtmay quloqni qomatga keltirib, goʻyo togʻdagi toshlar koʻchib tushayotgandek momaqaldiroq guldiradi. Daf’atan chaqnagan chaqmoq shamshiri bulutlar bagʻrini tilkaladi. Gohida esa chaqmoq lipillabgina qolar, xuddi togʻlarga oʻgʻri oralaganu, kimdir uni fonus yoqib qidirayotganga oʻxshardi. Devonaning xayolini togʻlar oʻgʻirladi...

Oʻzi juda gʻalati odam. Shotiroʻdliklar uning beoʻxshov xatti-harakatlarini bilgani uchun ham «devona», deb atashardi. Bulutlarni haydab yurgan shamollar togʻlarda yangi unib chiqqan kavrak isini qishloqqa yoydi. Buni eldan burun uning dimogʻi tuydi, tuygan sari kayfiyati koʻtarildi.
— Bay-bay-bay! Qudratingdan aylanay Xudoyim, togʻlarga yana koʻklam keldi... — deya hayajonini oshkor etdi.

Goʻyo bahor kelganidan qishloq ahli bexabar qolgandek, u hammadan suyunchi olmoqchidek koʻchalarda yugurib koʻnglini yordi.

Odamlar allaqachon hammasidan xabardor boʻlsalar-da, uning koʻngli uchun hayratlanishdi. Ertasi u hech kimga bildirmaygina qishloqdan gʻoyib boʻldi. Buni eshitgan qishloqdoshlari ham koʻch-koʻchga tushdi. Qishning uzun tunlari ularni zeriktirgandi.
— Devona biladi, — dedi Bozor Qodir ishonch bilan. —Uning hisob-kitobi bor...

Mana shu bir ogʻiz soʻz hamma uchun kifoya, «Devona biladi». Togʻliklar orasida erta bahordan togʻlarga chiqib, goho kech kuzgacha koʻrinmay yuradigan kishilar bor. Ular tinimsiz bogʻ barpo etishadi. Bunday tashvishlardan faqatgina bir odam xoli, oʻ ham boʻlsa devona...

U kun boʻyi qir-adirlarda yolgʻiz izgʻib yuradi, nima uchun yurganini balki oʻzi ham bilmaydi. Saksonni qoralab qolgan qariyaning aft-angori, kiyim-boshiga qaragan kishi bu juldur odamdan hayratlanishi aniq. Egnida eski chakmon, boshida yillar oftobidan rangi uniqqan salla, oyoqlarida yuraverib adoyi tamom boʻlgan ikki tus poyafzal. Turgan-turishi-yu, yurgan-yurishi gʻalati bu odamni togʻda uchratgan kishi borki, unga achinadi. Beliga zarang dastali boltachani qistirib, togʻlarga chiqqanda bir zayl shox kesib, oʻzi yurgan izlarga tortib yuradi. Bir yoʻla qoldirgan izlarini supurib ketaveradi. Goʻyo dunyodan izsiz oʻtmoqchidek. Uning bu ishini hech kim tushunmaydi...

Bu daraga juda koʻp odamlar kelib ketishgan, lekin bunaqasini hech kim koʻrmagan emish...

Ming yillar berisida togʻlarni makon etgan shotiroʻdliklar baland togʻlar bagʻrida hayot kechiradi. Bunga azim yongʻoqzorlar guvoh. Qishloq ahli qadimdan bir soʻzli, keng fe’l va jasur, qancha zahmat boʻlsa koʻtaradi. Shunday baland togʻning gʻururi osmon odamlari qildek nohaqlikka chiday olmaydi. Negadir devonaning gʻalati qiliqlarini gohida anglamay qoladilar. Togʻliklar echkini shayton de­yishadi. Bu bejiz emas. Shayton boʻlmasa behisob kengliklar qolib, devonaning suruvidan ajragan besh echki bora-bora odam oyogʻi yetmaydigan togʻning qati1ga tushib qolarmidi. Bundan xabar topgan devona qatga tushib, echkilarni olib chiqishga koʻp urindi, ammo eplay olmadi. Echkilar goʻyo oʻz oyogʻi bilan tuzoqqa tushgandi.

Soʻng u ilojsiz qolib, qishloq oralab, bittagina boʻzbola beringlar, deya odamlardan yolvorgancha yordam soʻradi.

Kim ham beshta tirriq echki uchun jonini garovga qoʻyardi. Qishloq ahli echkidan umidingni uzaver degandek, uning iltijolariga loqayd qarashdi. Gapning indallosini Qosim mergan aytdi:
— Ota, buning oson yoʻli, — dedi mergan koʻzlari chaqnab, — besh dona oʻq, paq etib otamiz, olam guliston, hammaning ogʻzi moy...

Qosim merganning gapidan devona seskandi. Nazarida bu odam, hozir echkilarga qoʻshib oʻzining omonatini ham olishga tayyordek tuyuldi. Badani uvishib ketdi.
— Yoʻq... Yoʻq... — dedi ovozi titrab, — chiqsa oʻzlari chiqar, chiqmasa oʻsha yerda oʻlib ketsin, jonlini jonsiz qilish gunoh...

U qishloqdoshlaridan umidini uzdi. Ayniqsa, Qosim mergandan qattiq ranjidi. Uch bogʻ xashakni yelkasiga olib, qatda yotgan echkilar boshiga bordi. Soʻnggi paytlarda u ancha toliqqan, togʻlar kun sayin kuch-quvvatini tortib olayotgandek edi. Qirga olib chiqqan xashagi koʻzlagan joyga tushmay, har yoqqa sochilib ketardi. Tadbirdan murodi hosil boʻlmasligiga aqli yetgach, tushkun kayfiyatda iziga qaytdi. Oyoqlari unga boʻysunmasdi. Garchi bir suruvdan ziyod moli boʻlsa-da, mol soʻyganini hali birov koʻrmagan. Bu telba chol jon talvasasida yotgan qoʻy-echkilari tepasida munkayib kunni oʻtkazgani, jonivorning boʻyniga pichoq tortishni xayoliga ham keltirmagani koʻplarni ajablantirgan. Odamlar shu bois uni «non yemas»ga chiqarishgan.

Togʻ boshida sahar mardonda paydo boʻlgan gʻajirlarning beoʻxshov xatti-harakati devonaning koʻngliga tahlika soldi. Qatda yotgan echkilarning vaqt-soati tugaganini sezgan bu oʻlaksaxoʻr qushlar panjalarini yozib charx urishar, goʻyo uloqqa tushgan chavandozlarday payt poylashardi. Gʻajirlar toʻy qilishdi.

Devona yirtqich qushlarning qiyqiriqlarini, oʻljani yulqilab-yulqilab uzib talashishlarini uzoqdan gʻamgin kuzatib oʻtirdi. Ichidan nimadir uzilib ketgandek boʻldi. Qoʻllarini sovuq suvga yuvib, etagiga artdi. Odamdan omad yuz oʻgirsa yomon ekan. Bir paytlar otini aytib chaqirsa yugurib keladigan echkilari, bugun sogʻish uchun keltirgan xumni koʻrsa shataloq otib qochgani-qochgan... Ayolining dun­yo­dan oʻtganiga koʻp yillar boʻldi. Lekin tanholik uning qaddini bukolmadi.
— Xotin zoti moʻrt keladi, — deydi ba’zan bu haqda soʻraganlarga. U qolgan gapni aytmasa ham qishloqdagilarga uning hikoyasi yod boʻlib ketgan...

Devona erta tongda turib qirga chiqdi. Uning qirga chiqib borayotganini Toshbibi kampir koʻrdi. Belida hanuz oʻsha boltacha, aftidan uxlaganida ham boltachasini belidan olmaydi. Tanish qoyalar, besh barmogʻidek yod boʻlib ketgan yoʻl. Bu yoʻllarda hech kim uningdek koʻp yurmagan. Birov «Devonaning devi bor desa», yana birov «Togʻlarda yashirgan xazinasi bor» deydi. Togʻlardan oʻzga doʻst topmagan qariya sovuq toshlarga koʻngil berdi. Togʻlar bilan ovundi. Yuragini choʻqqilarga yordi va shu ketishida Pir­yax choʻqqisining etagiga yetib bordi. Devona bu choʻqqiga chiqib ming yillardan beri yastanib yotgan muzlarga koʻz tikib, Ollohning moʻ’jizasidan hayratlanardi. Qiziq, bu muzliklarning eriganini birov koʻrmagan. Devona muzliklardan bir nimalarni oʻrganmoqchi boʻladi. Uning bolaligi shu qirlarda kechgan. Hammasiga omonat sabab, qayoqdan ham uni boʻyniga oldi-yu, shu kuyga tushdi. Tinch­ligini yoʻqotdi. Qadrdon ismidan judo boʻlib, «devona» nomini orttirdi. Devonadan esa Devona bobo darajasiga koʻtarildi. Garchi taqdirning achchiq hazillariga koʻnikib ketgan boʻlsa ham, ammo nimadir umr boʻyi yurak bagʻrini ezardi.

Odatda sovuq xabar va mish-mish juda tez tarqaydi. Lekin uning kutilmaganda gʻoyib boʻlganini hech kim sezmadi. Mana oʻn kundirki, huvillab yotgan kulbasida chiroq yonmaydi. Nihoyat, togʻbegi odamlarni yigʻib oʻshqirdi.
— Mol yoʻqotsak qidirishga tushamiz, odam yoʻqolibdi, nega hamma jim!

Yigʻilganlar boshini egishdi.
— Oʻn kun oʻtgan boʻlsa, yo togʻdan uchgan yoki biror jondorga yoʻliqqan, — dedi Qosim mergan bilagʻonlik qilib.
— Baribir, qidirib koʻrish kerak-da... Tirigi boʻlmasa oʻligi topilar, nima degan odam boʻlamiz?! — Oʻdagʻayladi togʻbegi.

Togʻbegining da’vati qishloq ahlini oyoqqa turgʻizdi. Devonani qidirishga tushgan guruhga Iskandar mergan bosh boʻldi. Togʻ merganlari hatto kiyiklarni ham izidan ta’­qib qilib, izlab topishadi. Ammo gʻoyib boʻlgan qariyani topish oson kechmadi. Chunki uning izlari yoʻq. Togʻlar uni quchogʻiga yashirib qoʻygandek unsiz turardi. Qidiruvning uchinchi kuni Iskandar merganning durbinida uzoqdan bir qora koʻrindi. Solor choʻqqisining tepasida Piryax togʻi bilan yuzma-yuz turgan tomonida odam yotgani aniqlandi. Bu oʻsha, dedi mergan quvonchini yashirolmay. Durbinda koʻringan choʻqqi ancha baland va tik edi. Archazorlarni oralab borayotgan Iskandar mergan bunday choʻqqilarning koʻpiga chiqqan, Janggoh togʻida bir yoʻla uchta ayiqni tinchitgani uchun mergan nomini olgandi. U choʻqqiga birinchi boʻlib chiqib bordi. Durbin pand bermabdi. Devona topildi. Yonida bir bogʻ shox, belida zarang dastali boltacha, nursiz soʻnik koʻzlarini Piryax togʻiga tikib yotgan qariyaning ahvoli botishga mahkum quyoshni eslatardi. Oʻn uch kun ichida goʻyo oʻn uch yilga keksaygandek edi. Iskandar mergan shoshib belbogʻidan non bilan suv solingan idishni oldi. Mehrdan Devonaning koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi. Qishloqdoshlari uni yosh boladek yelkalab qishloqqa tushishdi. Toʻkilib qolgan tosh kulbasi bunyod boʻlib buncha odamni koʻrmagandi. Hol soʻrashga kelmagan odam qolmadi. Qariya yolgʻiz emasligini bildi. Ammo dardi kundan-kun ogʻirlashib, allaqanday kishi bilmas ogʻriq uni ich-ichidan ado qilardi. U chor atrofga olazarak tikilib, nimanidir qidirayotganga oʻxshardi. Atrofdagilar uning oxirgi nafasda aytadigan soʻziga intiq turishardi. Negaki, u qishloqdoshlari uchun allaqachon «sirli» odamga aylangan edi. Nihoyat, u kutgan odam keldi. Qishloqda katta-yu kichik birday hurmat qiladigan nuroniy Amir oqsoqoldan u bir necha bor tanbeh eshitgandi. Oqsoqol qishloq ahlini har doim harom-halolni ajratishga da’vat qilar, birovning molidan hazar qilishni bot-bot uqtirardi. Ammo bu soʻzlar hammaga birday yoqmasligini oʻzi ham sezib tursa-da, nasihat qilish oqsoqol uchun odatga aylanib qolgandi. Devona koʻzlarini katta-katta ochdi. Goʻyo uyqudan uygʻongan kishidek Amir oqsoqolga oʻychan tikildi, yuzi yorishdi. Oqsoqol Xudodan bemorga shifo tilab, kaftlarini yuziga tortdi. Atrofdagilarga koʻz yugurtirib, devonaga yuzlandi. Umrini qirlarda oʻtkazgan bu majnunvash cholning sargʻayib ketgan yuzi kuzda daraxtlar shoxini tark etishga shay turgan za’faron yaproqlarni eslatardi. Tinimsiz yelib-yugurgan kishining mushtdekkina boʻlib qolgani, nafas olishga qiynalib yotgani oʻtirganlar rahmini keltirdi.
— Hazratqul aka, sogʻligʻingiz yaxshimi?

Uning bolalikdagi qadrdon ismini yolgʻiz mana shu oqsoqol eslab qolgandi. Ismini eshitib devonaning badani jimirlab ketdi.
— Xudoga shukr, tuzukman, — deya gʻamgin pichirladi.

Amir oqsoqol oʻtirganlarning dilidagini uqib olgandek soʻz boshladi:
— Qirlarda yurish yoshlarning ishi, biz endi qaridik. Toʻrt kunlik qolgan umrimizga besh vaqt buyurganini bajarib oʻtirsak, shu ham katta davlat. Yo togʻlarda yashirgan xazinangiz bormi? Qachon qaramay, qirma-qir izgʻiysiz. Odamzod oʻz jonini ham oʻylashi kerak-da! Oqsoqol tik gapiradigan odam, soʻz moʻljalga aniq tegdi. Atrofdagilar sergaklandi. Ular ham xuddi shu soʻzlarni aytishga qiynalib turgandi. Devona jonlandi.
— Mullazoda, — dedi koʻzlarini pirpiratib, — soʻzlaringiz haq. — Yaratganning qarzlarini ado etishdan ulugʻroq amal yoʻq. Odam bolasi oʻz nafsini tiyishi kerak. El boshidan qancha balo-qazolar kechdi. Oʻlat, urush, ochlik... Odamzod sinov uchun yaralgan ekan. Uzilgan kiprikning koʻzga sanchilishi yomon. Xotinim qazo qilgach, yolgʻiz oʻzim shu huvillagan hovlida qoldim. Qanotidan judo boʻlgan qushning holatini eslang. Usiz hovli meni oʻz komiga tortardi. Togʻlarga chiqdim. Dunyoni balanddan koʻrgim keldi. Pastda odamlar meni «telba» deb oyoq uchida koʻrsatishganda, togʻlar boshiga koʻtardi. Toʻrtta echkimni olib, qirma-qir yurganimda gʻamlarim aridi. Eh-he, men soʻzlamay, sizlar eshitmanglar. Hayotning shafqatsiz sinovlarida chiniqdim. Boy va mullolarni quloq qilgan yillari bir badavlat odam bir toʻp molini menga omonat qoldirgandi. Yurtga qaytib kelsam berasan, deb aytgandi. Men uning qaytishini kutdim. Yillarni yillarga ulab kutdim. Echki ajriqning urugʻi ekan, koʻpayib boraverdi. Bergan omonatlarini koʻpaytirib kutdim. Omonatga xiyonat qilmadim. Omonatbon boʻldim. Juldur kiyib, devonaga aylandim. Odamlardan qoʻrqdim. Omonatni togʻlarning tepasiga olib chiqdim. Togʻlarga ishonsa boʻladi. Men boy emas, Omonatbonman. Omonat qoldirilgan echkilarni soʻyib yeyishdan hazar qildim. Oxiratda hisob berishdan qoʻrqdim. Odamlar esa mening ustimdan kulishdi...

Uni eshitib oʻtirganlarning qiyofasi va yuz-koʻzlarida oʻzgarish yuz berdi. Devonaning ich-ichiga botgan koʻzlaridan shashqator oqayotgan yosh uning sargʻaygan yuzi va soqollarini betinim yuvardi. Amir oqsoqoldan tortib hamma birday karaxt boʻlib qolgandi.
— Omonatni saqlash koʻp ogʻir ekan, halovatim yoʻqoldi. Negaki u menga ishongandi. Har kuni Solor choʻqqisiga chiqib Piryax togʻi bilan yuzlashaman. Nazarimda uning bagʻridagi ming yillik muzlar ham omonatday koʻrinadi, — degach cholning ovozi oʻzgardi. — Xoʻja Piryax togʻining kuni mening boshimga tushgan deb oʻylardim. Unga omonat muzlar, menga esa omonat xazina, bir-biridan sovuq. Bu tashvishdan tezroq xalos boʻlishni qanchalar intizor boʻlib kutganimni bilsangiz edi...

Uning dardchil soʻzlari oʻtirganlarning hayratini oshirar, koʻzlari olayib, mushtdekkina boʻlib yotgan bu juldur chol qishloq ahlining koʻz oʻngida yuksak qoyaga aylanib borayotgandek edi.
— Hammasini togʻlarga topshirdim!.. Cholning ovozi xirilladi.
— Mendan keyin yana bir devona paydo boʻlishini istamayman... Bu togʻlarda hamiyati baland odamlar yashasin. Men togʻlardan gʻurur topdim. Bizni Xudo mana shu togʻlardan ayirmasin.

U yuzini Xoʻja Piryax togʻ tomon burdi. Hamqishloqlariga yana nimadir demoqchi boʻldi. Ammo lablari beixtiyor ilohiy kalomni shivirladi:

«Ashhadu allailaha Illalloh va ashhadu anna Muhammadan ‘abduhu va Rasuluh...» Uning ochiq qolgan koʻzlariga togʻlarning aksi koʻchdi. U goʻyo togʻlarni ham koʻzlarida olib ketganga oʻxshardi...