OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAxtamqul Karim
Asar nomiUrush koʻrgan chollar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Axtamqul Karim
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Urush koʻrgan chollar (hikoya)
Axtamqul Karim

Togʻ yoʻlining tanobini tortish mashaqqat... Oy toʻlishgan paytda yoʻlga tushamiz. Negadir yoʻlimiz unmaydi. Ulovli yo piyoda, zim-ziyo dara qoʻynida togʻu tosh oralab oʻrlab boraveramiz. Yoʻl tugamaydi. Qorli choʻqqilarga tutashib ketgan yolgʻizoyoq yoʻl darmonni quritib, holdan toydiradi, koʻzlarni toliqtiradi. Dunyo boshdan-oyoq yoʻl ekanini fahm­layman. Yuqorilab borgan sari osmonga yaqinlashaman. Qoʻlim yulduzlarga yetgudek hayajonlanaman. Bobom negadir kechasi yoʻl yurishni xush koʻradilar. Emishki, tunda yurganda yoʻl unadi. Men esa toshlarga qoqilib, daralar yonbagʻridan, bir odam zoʻrgʻa oʻtadigan soʻqmoqdan pastga qulab tushishdan qoʻrqib, tongning otishini intizorlik bilan kutaman. Gʻaroyib choʻqqilaru, togʻning xushhavo manzarasini oyning yorugʻida tomosha qilib borish jonu dilim. Ammo kechasi yoʻl yurish menga yoqmaydi. Toshlar qorongʻida Maysara momoning hikoyasidagi alvastidek tus oladi. Aftidan, nuqul bir qirning atrofida aylanib yurganga oʻxshaymiz. Ulovdan uzoqlashganim uchun oyogʻim moʻljaldan adashib, yiqilaman, qoʻlimdagi zarang tayogʻim uchib ketadi. Bobom menga burgutdek qahrli nigohini qadaydi. Darhol hushyor tortaman. Boʻsh-bayov harakatim unga yoqmaganini anglayman. Bu galgi hamrohlarimiz urush koʻrgan chollar. Ularning ichida urush koʻrmagan, dayovrogʻi Safar birgad. «Jangchi» chollar mening qoqilib-surilib yurishimga parvo qilishmaydi. Bu ular uchun odatiy hol. Negaki, ularga togʻ yoʻlida har yili qanchadan-qancha menga oʻxshagan xom-xatala bolalar hamroh boʻlishadi. Chollar bizga oʻxshash gʻoʻr, togʻ yoʻlida pishmaganlarni endigina jangga otlangan yosh jangchiga oʻxshatishsa kerak. Shilinib, qontalash boʻlgan kaftimga avaylab tuproq bosaman. Tanam ogʻriqdan zirqiraydi. Endi yiqilmasdan «jang­chi» chollar bilan basma-bas yurishga kuch toʻplayman. Ammo buning chorasi yoʻq...

Safar birgadning hayqirigʻidan togʻlar gumburlaydi. Yoʻlimizdan kutilmaganda yirtqich jondor chiqib qolmasligi uchun daralar qoʻynida yurganda kimdir har zamonda ovoz berib turishi kerak. Bu ish Safar birgadga yuklatilgan. Chunki uning ovozi baland. Daryo boʻyida yashagani uchun ham har doim baland-baland soʻzlaydi. Ovozini ilk bora eshitgan kishi unga nega buncha baqiradi, deb hayron qolishi tayin. Koʻplar Safar birgadning bobokalonini «kallasiz» odam boʻlgan, deyishadi. Bobom u voqeani menga shunday hikoya qilganlar: katta bobosi Ahmadboyning togʻda juda katta bogʻ-rogʻi boʻlgan ekan. Togʻ yoʻlidan oʻtib ketayotgan yoʻlovchilar uning uyiga qoʻnmasdan oʻtmas, qoʻnganlar bogʻidan biron olma yoki yongʻoqnimi olmasdan ketsa, ranjir ekan. Ahmadboy bogʻidagi toshsupaga oʻtirib, toʻrt tomonini qurshagan togʻlarni obdan kuzatishni xush koʻrar ekan. Bir kuni uyiga yaqin togʻning yonbagʻrida charaqlab turgan qizgʻish shu’laga koʻzi tushibdi. Buning nimaligiga qiziqib qolgan Ahmadboy yuqoriga koʻtarilibdi. Lekin u shu’laning chiqayotgan joyini aniqlay olmabdi. Uch-toʻrt marotaba qirga chiqib tushibdi. Pastdan koʻringan qizgʻish nur yuqoriga chiqqanda yoʻqolar emish. Oxiri oʻrtacha qovunday keladigan qip-qizil tosh uning diqqatini oʻziga tortibdi. Tosh ustiga boshidagi sallasini qoʻyib, pastga tushibdi. Qarasaki, shu’la endi sallaning ostidan chiqayotgan emish. Ahmadboy odamni shunchalar sarson qilasanmi, deb toshni uyiga koʻtarib kelibdi. Xotiniga shu savil toshni deb, toʻrt marta qirga chiqib tushganini aytib kulibdi. Ajoyib tosh ekan, yangi qurayotgan oʻchoqqa ishlatsak boʻladi, debdi. Shunday qilib u tosh oʻchoqtoshga aylanib, voqeaga nuqta qoʻyilibdi.

Kunlarning birida Ahmadboynikida bir choʻpon yigit mehmon boʻlibdi. Ahmadboy mehmon oldiga topgan-tutganini qoʻyibdi. Nogoh choʻponning koʻzi Ahmadboyning oʻchogʻida tovlanib turgan toshga tushib, salmoqlanib, soʻzni uzoqdan boshlabdi:
— Ahmad aka, sizdan bir arzimas narsa soʻrasam yoʻq demaysizmi?

U mehmonning soʻziga hayron boʻlib:
— Nima soʻramoqchisan, soʻra, boʻlsa jonim bilan, — debdi.

Mehmon oʻchoqqa ishora qilib:
— Shu oʻchoqqa qoʻygan toshingizga havasim keldi, shuni menga bersangiz.

Ahmadboy kulib:
— Shunga ham shunchami, kelib-kelib bir tosh soʻraysanmi, nahotki, tosh insondan aziz boʻlsa, olaver, — deb u oʻchoqdagi toshni qoʻporib, choʻponga beribdi.

Oradan yillar oʻtibdi. Bir kuni choʻpon yigit bir suruv qoʻyni haydab Ahmadboynikiga kelibdi. U Ahmadboyga: «Mana shu suruvdan xohlagancha qoʻyni ajratib oling, ular sizniki. Siz bergan tosh qimmatbaho tosh ekan, meni boyitdi», debdi. Ahmadboy choʻponning gapiga hayron boʻlib kulibdi:
— Shunga ham shunchami? Men u toshni oʻchoqqa qoʻygandim, senga boylik bergan boʻlsa, osh boʻlsin! Koʻrmayapsanmi, toʻrt tomonimda bunaqa toshlar tiqilib yotibdi.

Yigit Ahmadboyning mardligiga qoyil qolibdi. Soʻng qoʻyarda-qoʻymay suruvning yarmini unga qoldiribdi. Ahmadboy choʻpon qoldirgan qoʻylarni beva-bechoralarga boʻlib beribdi. Bundan xabar topgan qishloq boylari: «Ahmad, kallasi yoʻq odam ekan», degan gap tarqatishibdi. Bobomning soʻzlarini eshitib, chuqur oʻyga tolganman: Ahmadboy ha­qiqatda kallasiz odammi yoki boylikni nazariga ilmagan odammi?!

Bu savolning javobini hanuzgacha oʻylayman...

Chollar xuddi qoʻliga qurol ushlab olgan kishidek, tayoqlariga suyanib-suyanib yuqoriga koʻtariladi. Ildamlikda bir-biridan qolishmaydi. Men esa ularga hamroh boʻlib borayotganimdan mamnun holda orqalaridan ergashaman. Nuqul bir qoʻlini boʻyniga osib, qishin-yozin boshidan telpagi tushmaydigan Shotoʻr boboning qoʻlida tayogʻi yoʻq. U tayoqqa suyanib yurishni yomon koʻradi. Qoʻlida doimo zarang yogʻochdan yasalgan qip-qizil xalachoʻp olib yuradi. Badanining bir necha joyini oʻq ilma-teshik qilgan Shotoʻr boboni bobom yaxshi koʻradilar. Shotiroʻdliklar esa uni xushlamagani uchun «jinni chol» deyishadi. Emishki, u urushda qon kechib yurgan paytlari gʻazabi oshib, dushman qonini ichib, yuragini sovitgan ekan. Bobom urush koʻrmagan odam, ammo qalbida urush jarohati qolgan. Akalari Abdurahmon va Sulaymon jangdan qaytmagani bois bir umr fashistning goʻriga «gʻisht qalab» yuradi. Urush koʻrgan jangchilarning yuragiga har zamon-har zamonda qoʻl solib koʻrgan bobom urushda nomu nishonsiz ketgan akalari haqida biror iliq soʻz eshitishga hamisha ilhaq.
— Urushda qancha fashistni yer tishlatgansiz?

Bobomning kutilmaganda yosh bolalar kabi oʻrtaga tashlagan savolidan «jangchi» chollar kalovlanib qolishadi.
— Ey jinni, besh yil davom etgan urushda oʻlim bilan hisoblashishni kim xayoliga keltirgan! — Shotoʻr boboning jahli chiqib, koʻzlari ola-kula boʻladi.

Toshboev boshini sarak-sarak qilib:
— Uka, urush oʻldirgan dushmaningni sanaydigan maydon emas. Odam tutdek toʻkilib ketaveradi. Oʻqqa uchramay qolishingni oʻylab, Xudo deb yurasan.

Hamrohlarimizdan faqat bir «jangchi» unsizgina gap tinglaydi. U urushda yetti yil yoʻqolib qaytgan Hakim chol. Urush haqida birovga churq etmaydigan bu odamni, siz ham biron narsa deng, deb holi joniga qoʻymaganlaridan soʻng goh qizarib, goh sargʻayib soʻz boshlaydi:
— U kunlarni doʻst-ku doʻst, hatto, dushmaningniyam boshiga solmasin!

Hakim cholning uzoq qistovlardan soʻng aytgan birgina soʻzi shu. Bobomning gap-ulovidan bilganmanki, Hakim chol fashistga asir tushgan odam. Koʻrgan-kechirganlari haqida hech kimga soʻz aytmaslik uchun nemisgami yoki oʻrisgami qasam ichgan. Shuning uchun oʻz «va’da»siga vafo qilib, «sir»ni bir umr oʻzi bilan olib yuradi. U jang taassurotlarini jangda qoldirgan, urushdan gap ochilishini xushlamaydi. Biz togʻning uzundan-uzun soʻqmoqlarida eshakli — piyoda gurung qilib, tunimizni tongga ulardik. Toyxar1larimiz ogʻir yukdan inqillay-inqillay yuqoriga koʻtariladi...

Yoʻl qoq ikkiga boʻlinganda «Janggal»ga yetib kelamiz. Shundan bilamizki, yoʻlning teng yarmini bosib oʻtdik hisob. Bobom ulovlarning oldini qaytarishimni buyuradi. Men qoʻnoqqa yetib kelganimizdan quvonaman. Qop-qorongʻi bu bogʻ yoʻlovchilarning dam olish qoʻnogʻi hisoblanadi. Ulovlarimiz ham ustidagi ogʻir yukdan qutulishini payqagandek taqa-taq toʻxtaydi. Yuklarni tushirib, chiroyli qilib taxlaymiz. Bobom dami latta bilan oʻralgan boltachasini olib, Safar birgad bilan zim-ziyo daraga oʻtin qidirib ketadi. Hakim chol qumgʻonlarni olib, daryoga joʻnaydi. Shotoʻr bobo esa yogʻoch tovoqqa uch-toʻrt siqim unni solib, bir qoʻli bilan qorishtirishga tushadi. Aftidan, choʻgʻda koʻmoch pishirmoqchi. Negadir Toshboevning vajohati oʻzgaradi. U ichi kovak boʻlib qolgan besoʻnaqay chinor daraxti atrofida nimanidir izlayotgandek alanglab yuradi...

Hayal oʻtmay bobom bilan Safar birgadning sudrab kelgan bir dunyo shox-shabbasidan yoqilgan gulxan atrofni yoritadi.
— Eh, bu damlarning zavqiga nima yetsin! — deydilar bobom. Biz gurillab koʻkka intilgan olov atrofida chordana quramiz. Bu joyni nihondaraliklar oʻzlariga qadrdon goʻsha, deb biladi. Jazirama saraton paytlarida ham quyosh bu boqqa kirishdan hayiqadi. Togʻning bahavo joyi boʻlgani uchun yoʻlovchilar qaysi daradan yoʻlga chiqsa, albatta, kechasi shu yerga yetib keladi. Kimdir vaqtida barpo etgan ulkan bogʻning daraxtlari osmonu falak egasiga kaft ochib, oʻtgan-ketganga duo berayotgan moʻysafidga oʻxshaydi. Yoʻlovchilarning eshagi uchun beminnat ozuqa maydoniga aylangan bogʻ bir zayl yashnab turadi. Bobom xurjunidan bir tovoq kartoshka olib choʻgʻga koʻmadi. Togʻning kartoshkasida bosh­qacha ta’m bor, ayniqsa, yoʻl yurib, horib-charchagan, qorin piyoz poʻstiga aylangan vaqtda choʻgʻga koʻmib yesang. Yoʻl azobi — goʻr azobi, deyishgan bobolarimiz. Ammo togʻning ana shu bir lahzalik rohatidan yoʻldagi charchoqlaring butunlay unutiladi.

Shotoʻr boboning choʻgʻda tayyorlagan koʻmochi-yu, bobomning koʻmgan kartoshkasini Rim pazandalari ham yetti uxlab tushida koʻrmagan boʻlsa kerak, deb oʻylayman oʻzimcha. Uning ta’mini hanuzgacha sogʻinaman. «Jangchi» chollar uzoq yoʻl yurganidan suhbatning shashti pasayadi. Bobom eshagi uchun olgan xashakni mening tagimga toʻshaydi. Uning ustidan eski choponini tashlab, yotishimga joy hozirlaydi. Ulovlarimiz bu xashakni oy chiqqanda yeydi. Keyin yana yoʻlni davom ettiramiz. Bobom menga ertaga ham yoʻl yurish kerakligini eslatadi... Oʻzi esa uyulib qolgan choʻgʻlarni qoʻzgʻab turib, suhbatdosh «jangchi»larning ham eski dardini qoʻzgʻaydi. Bu gal bobomning qistovi bilan soʻz navbati Toshboevga keladi. Urushdan keyin bir necha yil kolxozda amaldor boʻlgani uchun togʻliklar hurmatini joyiga qoʻyib Toshboev deyishadi. U urush tugab, qaytishida yuz bergan voqeani eslaydi:
— Besh yil qon kechdik. E uka, u kunlar bizlarga chin, sizlarga yolgʻon! Odam ochlikdan oʻlmas ekan, yuguraverishdan sillamiz qurib qolgandi. Oxiri, dushmanni yengdik, keyin deng, bir dunyo orden-medallar bilan Vatanga qaytdim. Oyoqlarimda fashistning noyob xrom etigi gʻirchillaydi. Goʻyo yer ing­rayotgandek boʻladi. Ichimga sigʻmagan quvonch bilan yurtga qayt­dim. Oʻzimni zoʻr jangchi boʻlganimni togʻliklarga koʻz-koʻz qilishni xayolimdan oʻtkazdim. Jangda olgan or­den-medallarimni yap-yangi harbiycha kiyimimga qator qilib taqdim. Harbiy bilet bilan jangda berilgan hujjatlarni hamyonga solib, yoʻlga tushdim. Togʻ yoʻlida kiyimlarim kir boʻlishini oʻylab, eskilari bilan almashtirdim, yangilarini xaltaga soldim. Uni manzilga yetib olgach, kiyishni xayolimdan oʻtkazdim. Yakka-yolgʻiz bir oʻzim toqqa chiqib boryapman, koʻzlarimdan uchqun uchadi. Goʻyo bu darada mendan zoʻr odam yoʻqdek. Yarim tunda anavi oʻn qadam narida turgan ichi kovak chinorning tagiga yetib kelganman. Endi bu yogʻi tinchlik deb, ki­yimlarim solingan xaltaga boshimni qoʻyib uxladim. Anchadan beri bunday maza qilib uxlamagan edim. Yurt tuprogʻi isidan mast boʻlib qolibman. Tong sahar uygʻonib qarasam, boshimga qoʻyilgan xalta yoʻq. Besh yil urushda yurib bunday noqulay holatga tushmaganman. Toʻrt tomonim kimsasiz togʻ, biron jonzot koʻrinmaydi. Kimdan gumon qilishni bilmayman. Ovozimning boricha hayqirib boryapman. Togʻlar ham menga qoʻshilib dod solayotgandek, sado beradi!
— Bolalaringizning yaxshiligini koʻringlar, kiyimlarimni kim olgan boʻlsa ham mingdan-ming roziman, faqat hujjatlarim bilan orden-medallarimni qaytarib bersalaring bas, — deya ovoz chiqarib chor atrofga yolvoraman! Qani dodimni birov eshitsa-yu, men oldim, desa. Besh yil urushda qilgan xizmatlarim Toʻpolon daryoga oqdi. Shotiroʻdliklar oldiga boshimni xam qilib bordim. Maqtagulik hech narsam yoʻq edi. Boʻlgan voqeani odamlarga aytishga uyaldim. Or yomon ekan, bir zumda tilim qisiq boʻlib qoldi. Fashist­ni yengib, qancha olovlardan omon qolgan jangchi — beparvoligim oqibatida bir kechada magʻlub boʻldim. Inson taqdirini ba’zan shu bir parcha qogʻoz hal qilar ekan. Urushning tugaganiga qancha yillar oʻtgan boʻlsa-da, men sobiq jangchilar safida magʻlubiyatga uchragan odamdek boshimni egib yuraman. Hukumatning barcha imtiyozlaridan mahrumman. Urushdan qoʻrqib, bir qoʻlini shartta bolta bilan chopib, oʻz qonini toʻkkan Nasim choldan nima farqim bor. Nasim balki oʻshanda toʻgʻri qilgandir. Birovlar qonini toʻkkandan koʻra oʻz qonini toʻkib qoʻya qoldi. Oʻzini oqlash maqsadida bir qoʻli bilan togʻda bepoyon bogʻ barpo qildi... Urushda qancha begunoh odamlar qoni toʻkildi. Urushni anglab yetmagan yigitlarimiz juvonmarg boʻlishdi. Akang Sulaymon oʻshanda oʻn olti yoshda edi. Togʻ odami boʻlgani uchun koʻzga juda salobatli koʻrinardi. U urushga kirmasdan turib yuragi yorildi... Qoʻy, Oʻzbekboy inim, dardimni yangilama, urushning uyiga oʻt ketsin!..

Gulxan atrofida choy xoʻplab, koʻzlaridan duv-duv yosh oqayotgan Hakim cholni koʻrib, beixtiyor mening ham koʻzlarim yoshlandi. Uyqum qochdi. Balki Hakim chol dilida yillab yiqqan dardu hasratlarini oʻz koʻz yoshlari bilan yuvayotgandir. Shotoʻr bobo yarador qoʻlini olovning taftiga toblab, jangga hozirlik koʻrayotgan jangchidek atrofga alang­­- laydi...

Borgan sari gulxanning shashti pasayib borardi. Bobom ham endi na chollarni, na gulxanni qoʻzgʻaydi. Chunki u ilk marta Toshboevdan akasi haqidagi achchiq haqiqatni bilib olgan edi. Olovning choʻgʻi pasaydi. «Janggal»ni zulmat qopladi. Qorongʻida koʻksini kerib turgan togʻlar nazarimda oyning gʻira-shira yorugʻida qoʻqqisdan bostirib kelayotgan yovga oʻxshab koʻrinardi. Safar birgadning begʻubor xurragi daryoning ovoziga joʻr boʻlardi. Chollar jang maydonida yaralangan jangchilar kabi har joy-har joyda pala-partish qotib qolishgandi. Faqat birgina «jangchi» oʻsha kecha uxlamadi, u Toshboev edi. Uning yarasi boshqalarnikiga oʻxshamasdi. Necha marotaba sovqotib uygʻongan boʻlsam, Toshboev bir narsasini yoʻqotgan odamdek, gulxanning choʻgʻini kovlab oʻtirardi. Nazarimda u nimanidir izlayotganga oʻxshardi...