OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAyzek Azimov
Asar nomi«Oʻqituvchi odam boʻlgan ekan...» (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ilmiy taxayyulot
Mualliflar
   - Ayzek Azimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMahbuba Vahobova (Ingliz tilidan)
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Ma’rifat gulshani» gazetasidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





«Oʻqituvchi odam boʻlgan ekan...» (hikoya)
Ayzek Azimov

Oʻsha tunda Mari bu haqda hatto xotira daftarchasiga ham yozib qoʻydi. Daftarchaning 2155 yil 15 mayga tegishli sahifasida shunday deyilgan edi: «Bugun Tommi uydan kitob topib oldi!»

Kitoblar haqida Mari bobosidan eshitgan edi. Bobosiga ham oʻz paytida oʻzining bobosi aytib bergan emish. Bobosining aytishicha, bir paytlar yozuvlar qogʻozlarda chop etilgan!

Tommi topib olgan kitob juda eski edi. Aka-singil uni varaqlay boshlashdi. Kitobda qimirlamay turgan harflarni tomosha qilish ularga haddan ziyod zavqli edi. Chunki ular soʻzlarni ekranda oʻqishga oʻrganib qolishgan edi-da...
— Buni qara! - dedi Tommi, - esizgina... Bunday kitoblarni oʻqib boʻlgach, tashlab yuborgan boʻlishsa kerak. Bizning elektron kutubxonamizda millionlab kitoblar boʻlsa ham, bunisi ulardan ming marta yaxshiroqqa oʻxshaydi. Uni qoʻlda ushlash, hatto yoningda olib yurishing ham mumkin. Men bunaqa kitoblarni tashlab yubormagan boʻlardim.
— Men ham, - dedi Mari kitobni avaylabgina siypalarkan.U endigina oʻn bir yoshga kirgan, Tommichalik telekitoblarni koʻp koʻrmagan edi. Tommining yoshi oʻn uchda, elektron kutubxonaga kiritilgan kitoblarni koʻp oʻqiydi, til oʻrganishga qiziqadi, hatto qadimiy tillardan ayrimlarini ham oʻzlashtirgan.
— Buni qaerdan topding? - soʻradi qizaloq. Bola kitobdan koʻzini uzmagan holda qoʻli bilan ishora qildi: «tomdan».

Tommi kitob yozilgan qadimiy tilni uncha-buncha tushunar ekan, uni oʻqishga berilib ketdi.
— Nima haqda ekan? - soʻradi Mari sabri chidamay.
— Maktab haqida...

Mari bu gapdan burnini jiyirdi. «Maktab? Maktab haqida nimani ham yozish mumkin? Men maktabni yomon koʻraman!»

Qizcha maktabni chindan ham yomon koʻrardi. Negaki, robot «oʻqituvchi» qizchaga fanlardan test ustiga test berar, u esa hech yaxshi oʻzlashtira olmasdi. Bu holat to uning onasi uyga «oʻqituvchi»ning holatini tekshirib koʻrish uchun texnik mutaxassisni chaqirmaguncha davom etdi. Mutaxassis oʻzining har xil temir-tersaklarga toʻla asboblar qutisi bilan kelib, «oʻqituvchi»ni boʻlaklab koʻrdi. Oʻsha tobda Mari «oʻqituvchi»sining qayta tiklanmasdan, bir uyum temir-tersak holida qolib ketishini shunday xohladiki... Biroq unday boʻlmadi. Texnik usta hammasi joyida ekanligiga ishonch hosil qildi va bir soat oʻtar-oʻtmas, Marining qarshisida yana oʻsha - bahaybat, qop-qora, savollaru uy vazifalari koʻrsatib boriladigan sovuqqina ekranli «oʻqituvchi» turardi.

Mari eng yomon koʻrgan narsa bu «oʻqituvchi» ekranidagi test javoblari va uy vazifalarini qoʻyish uchun moʻljallangan ochiq joy edi. U har safar topshiriqlarga olti yoshligida majburan oʻrgatilgan kodni kiritishi kerak boʻlardi. Robot «oʻqituvchi» esa bahoni darrovgina hisoblab qoʻya qolardi.

Oʻsha kuni texnik mutaxassis Marining onasiga qarata dedi:
— Ayb qizchada emas, missis Jons. Menimcha, fanlar sektori me’yordan biroz tezroq ishlaydi. Men uni oʻn yoshga moslab sekinlashtirib qoʻyaman...

Marining umidi puchga chiqdi. U «oʻqituvchi»ni olib ketishsa kerak, deb oʻylagandi. Bir safar Tommining «oʻqituvchi»sini rosa bir oyga olib ketishgandi-da. Sababi, undagi tarix sektori butunlay yopilib qolgan ekan.

Shularni xayolidan oʻtkazarkan, Mari eski qogʻoz kitobni berilib oʻqiyotgan akasiga dedi:
— Nimaga endi aynan maktab haqida yozishgan ekan? Buning nimasi qiziq?

Tommi singlisiga gʻalati qarash qildi va bilagʻonlik bilan dedi:
— Bunda biznikiga oʻxshagan maktab haqida yozishmagan, tentakvoy! Bu yuzlab yillar oldingi maktab!

Unaqa maktab haqida hech nima bilmasligi Mariga juda alam qildi. U Tommining yelkalari osha kitobga koʻz yugurtirar ekan:
— Nima boʻlganda ham u yerda oʻqituvchilar boʻlgan-ku. Ularning nimasini yozish mumkin? - dedi boʻsh kelmay.
— Ha, albatta, u yerda oʻqituvchilar boʻlgan. Ammo ular odam boʻlgan!
— Odam?! - Endi Mari chinakamiga hayratda qoldi. - Qanday qilib odam oʻqituvchi boʻladi?

Tommi kulgudan yorilay dedi.
— Men begona odamning uyimizda menga dars berishini istamagan boʻlardim, - dedi Mari bidirlab.

Tommi endi jiddiy tortdi.
— Sen bilmaysan, Mari. Oʻqituvchi oʻquvchilarining uyida yashamagan. Maktab uchun alohida, maxsus binolar qurilgan. Hamma bolalar oʻsha yerga borib tahsil olishgan.
— Ular bir xil saboq olganlarmi?
— Albatta, tengdoshlar bir sinfda bir xil saboq olishgan...

Endi Mari oʻsha qiziq maktablar haqida koʻproq bilish ishtiyoqiga tushib qoldi. Tommidan kitobni ovoz chiqarib oʻqishini yalinib soʻray boshladi.

Ularning onasi «Bolalar! Maktabga!» deb chaqirganda ular kitobni hali yarmigacha ham oʻqib ulgurishmagan edi. Mari Tommiga yolvorgan ohangda dedi:
— Darsdan soʻng kitobni yana oʻqiymiz-a?
— Boʻpti, - dedi Tommi. Uning oʻzi ham kitobda yozilganlar ta’sirida gʻalati ahvolga tushib qolgandi.

Mari uylaridagi maktab deb nomlanadigan xonaga kirdi. Bu xona uning yotoqxonasi roʻparasida edi. Ichkarida robot «oʻqituvchi» qizni kutib turgan ekan, Mari kirgach, uning ekrani yorishdi va «Iltimos, kechagi uy vazifalarini kerakli joyga kiriting», degan sovuq temir ovoz yangradi. Mari xoʻrsinib, koʻrsatmani bajardi. U hamon bobosining bobosi bola boʻlgan paytlardagi qadimiy maktab haqida oʻylardi. «Barcha bolalar kulishib, oʻynab-kulib maktab hovlisiga kirib kelishgan, - oʻylardi qizcha havas bilan entikib. - Sinf xonasi degan joyda barchalari birga oʻtirishgan, ularga bir xilda saboq berilgan. Kun oxirida barcha oʻquvchilar uyga ham birga qaytishgan. Uy vazifalarini birga tayyorlashgan, bir-birlariga koʻmaklashishgan, bahslashishgan... Oʻqituvchilari ham odam boʻlgan ekan. Demak, u bilan bemalol gaplashish, maslahat olish, hatto doʻstona suhbatlashish mumkin boʻlgan...»

Mari oʻsha vaqtda bolalar oʻz maktablarini qanchalik sevganlarini tasavvur qilishga urinar, «Maktab ham, oʻqituvchilar ham shunchalik yaxshi boʻlishi mumkin ekan-da! Oʻsha vaqtlarda bolalarga qanday mazza boʻlgan ekan-a!» deya oʻylardi.