OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAyzek Azimov
Asar nomiUlar uchib kelisholmaydi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Amerika adabiyoti
Boʻlimlar
   - Ilmiy taxayyulot
Mualliflar
   - Ayzek Azimov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonHamidbek Yusupov
Hajm3KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/16
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Ma’rifat gulshani» gazetasidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ular uchib kelisholmaydi (hikoya)
Ayzek Azimov

Hayot tajribalaridan donishmand darajasiga yetgan rigellian irqining vakili Naron - toʻrtinchi avlod galaktikalar solnomachisi edi.

Uning ikkita kitobi bor edi: biri - barcha galaktikalardagi koʻp sonli ongli mavjudotlar tamaddunlarining hammasi roʻyxatga olingan katta kitob; ikkinchisi kichikroq boʻlib, unga Galaktikalar Federatsiyasiga a’zo boʻlish huquqini beradigan darajada yetuklik va mahoratga erishgan tsivilizatsiyalar kiritilgandi.

Omadsizlik, biokimyoviy va biofizik tengsizlik va ijtimoiy adolatsizlik kabi turli sabablarga koʻra tanazzulga yuz tutgan tamaddunlar katta kitobdan oʻchirilgandi.

Ammo kichkina kitobga kiritilgan Federatsiya a’zolaridan birortasi u yerdan oʻchirilmagandi.

Keksa Naron huzuriga kelgan xabarchiga qaradi.
— Naron! - deya xitob qildi xabarchi. - Yagona Buyuk...
— Hoy, mulozamatni kamroq qilaver. Xoʻsh, nima gap?
— Yana bir organizmlar guruhi yetuklikka erishdi.
— Yaxshi! Juda yaxshi! Endilikda unaqalar tez yetilyapti, birorta yil yangiliksiz boʻlmayapti oʻzi. Xoʻsh, bu safar kim ekan?

Xabarchi galaktika kodini va sayyoraning galaktika ichidagi koordinatlarini aytdi.
— Ha, ha, - dedi Naron. - Men bu olamni bilaman.

U oʻzining silliq yozuvi bilan mazkur sayyora nomini katta kitobga yozib, soʻng ikkinchisigayam koʻchirdi. An’anaga koʻra, muayyan sayyorada yashovchilarning koʻpchiligi uni qanday ataydigan boʻlsa, kitobga ham u oʻsha nom bilan yozilardi. Naron shuning uchun yangi sayyorani «Earth» deb yozib qoʻydi.
— Bu yosh yaratiqlar rekord oʻrnatishdi, - dedi u. - Ong paydo boʻlganidan to yetuklikkacha boʻlgan yoʻlni boshqa hech kim bu qadar tez bosib oʻtmagandi. Umid qilamanki, hisob-kitoblarimizda xatolik yoʻqdir-a?
— Yoʻq, janobim, - dedi xabarchi.
— Ular termoyadro quvvatini olishga erishdilar-da?
— Ha, janobim.
— Axir, bu asosiysi-ku, - Naron jilmaydi. - Yaqin orada ularning fazo kemalari borliqni oʻrgana boshlab, Federatsiya bilan muloqotga kirishadilar.
— Gap shundaki, Yagona Buyuk, - xabarchi istamayroq davom ettirdi. - Kuzatuvchilarning xabar berishlaricha, ular haliyam fazoga chiqishmabdi.
— Qanaqasiga? - Naron hayratlandi. - Haliyam chiqishmabdimi? Hatto fazoviy stantsiyalar darajasigayam-a?
— Hozircha yoʻq, janobim.
— Ammo, agar ularda termoyadro quvvati mavjud boʻlsa, uning sinov tajribalarini qaerda oʻtkazishmoqda?
— O’z sayyoralarida, janobim.

Naron butun yigirma futlik boʻyi bilan tikka turib ketdi va bor ovozi bilan xitob qildi:
— O’z sayyoralarida?!
— Ha, janobim.

Naron sekinlik bilan oʻz qalamini chiqardi va kichkina kitobdagi oxirgi yozuvning ustidan chizib qoʻydi. Oldin bunaqasi boʻlmagandi, ammo Naron oʻta donishmand edi va Galaktikaning boshqa a’zolari kabi, yuz berishi muqarrar boʻlgan hodisalarni avvaldan koʻra bilardi.

— Ahmoq eshaklar, - deya mingʻirladi u...