OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAziz Abdurazzoq
Asar nomiAkam ekkan oʻrik (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Aziz Abdurazzoq
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Akam ekkan oʻrik (hikoya)
Aziz Abdurazzoq

Bayram kuni bolalar juda erta turishadi. Galdagi bayramda ham xuddi shunday boʻldi. Tez-tez yuvinib, bir-birimizni bayram bilan tabrikladik.
— Dada, buvimnikiga boramizmi? — dedi qizcham.
— Ha, boramiz.
— Ur-re-ey, dovuchcha yeymiz!
— Bu yil dovuchcha yoʻq, — dedim men. — Oʻriklarni sovuq urib ketgan.
— Nega sovuq urib ketgan?
— Axir, oʻrik gullaganda qor yogʻdi, sovuq boʻldi, koʻrding-ku.
— Nega qor yogʻdi?
— Shunaqa boʻlib qoldi-da, — dedim men.

Axir, yosh bolaga nima ham deb boʻladi? Qanday tushuntirish kerak.

Qizimning ma’yuslanib qolganini koʻrib, yupata boshladim.
— Shunaqa boʻladi, qizim, xafa boʻlma. Ba’zida oʻrik gullaganda ham qor yogʻar ekan. Endi dovuchchani yanagi yilda yeymiz. Yaqinda gilos pishadi, olcha pishadi, keyin olma. Oʻshalardan yeymiz.

Xullas, qizim gapimga ishondi. Bundan oʻzim ham xursand boʻldim. Xursand boʻldimu ota hovlimizdagi bir tup oʻrik haqida oʻylay boshladim.

Har yili 9 may kuni dovuchchaxoʻrlik qilish menga odat boʻlib qolgan. Aslida dovuchcha yeyish aprel oyida boshlanadi. Lekin 9-maydagisining lazzati boʻlakcha. Bu urushda omon qolgan oʻrikning dovuchchasi. Ha, urush vaqtida faqat odamlar emas, balki qancha-qancha jonivorlar ham, daraxtlar ham qurbon boʻlganini koʻrganman. Bunday qurbonlar faqat urush boʻlgan yerlarda emas, mamlakat ichkarisida ham, ya’ni bizning tomonlarda, Toshkentda ham boʻlgan. Bu bir tarix. Bu tarixning eng qiziq va eng ma’yuslantiruvchi joyini, oʻzim koʻrgan qismini gapirib beray. Ya’ni bir tup oʻrikning boshidan oʻtganlarini bir boshdan qisqacha hikoya qilay:

... Uni akam ekkan edi. Oʻshanda u mening boʻyim bilan barobar edi. Oradan koʻp oʻtmay urush boshlandi. Koʻpchilikka kelgan toʻy emasmi, akam ham urushga ketdi. Ketdiyu keyingi yili uning oʻrigi gullab, birinchi nishona berdi.

Onam nishona qilgan, sargʻaya boshlagan oʻrik donalariga qarab:
— Bolaginam oʻzi ekkan oʻrikdan jilla boʻlmasa bir donasini yemay ketdi-ya, — deb yigʻladi. Keyin bizni oʻrikka yaqinlashtirmadi.
— Mevali daraxtning birinchi hosilini uni ekkan odam yeyishi kerak, — dedi onam. — Sizlar keyin yeysizlar. Men hech boʻlmasa bir donasini akangga atab olib qoʻyay. Uni turshak qilib qoʻysam, akang kelib yeydi.

Biz onamning gaplariga itoat etib, oʻrikka yaqinlashmadik. Keyinchalik u pishganida onam ikki donasini uzib olib, turshak boʻlsin deb tom boshiga qoʻyib qoʻydi.
— Ana endi, qolganlarini yeyaveringlar, — dedi bizlarga.

Shu tariqa akam ekkan oʻrikning hosili yildan-yilga koʻpaya bordi. Bir kuni singilcham shu oʻrik shoxiga argʻimchoq solib berishimni iltimos qildi. Men uni boshqa daraxtga solaylik, oʻrik hali yosh, shoxi sinib tushishi mumkin, deb koʻndira olmadim. Aytganini qildiradigan erka singlim ikki oyogʻini bir etikka tiqib turib oldi. Noiloj oʻrikning bir shoxiga argʻimchoq solib, singlimni uchirdim. Koʻp oʻtmay uning argʻimchoq solingan shoxi sindi. Keyin uni ukalarim yordamida koʻtarib tagiga tirgovich qoʻydim. Singan joyini loy bilan suvab qoʻydim. Uni koʻrgach onam rosa qaqshab yigʻladi.

Kunlar, oylar, yillar oʻtaverdi. Hayot borgan sari ogʻirlashib borar edi. Uyimizdan nimaniki bozorga chiqarib sotish mumkin boʻlsa sotdik. Navbat daraxtlarga keldi. Akam ekkan oʻrikdan boshqa hamma daraxtlarni kesib, oʻtin qilib sotdik. Oxiri navbat akam ekkan daraxtga keldi.
— Buni kesmayman, — dedi onam. — Buni bolam ekkan. Ochlikdan oʻlsam ham sotmaymiz.

Onam shunday deyishi bilan koʻcha eshigimiz taraqlab ochildi. Sochlari parishon holda yoyilgan Nazmi opa degan qoʻshnimiz telbalarcha yugurib hovlimizga kirib keldi.
— Suyunchi beringlar! Urush tamom boʻlibdi! — dedi hayqirgan va titroq ovozda.

Onam bilan ikkovlari yigʻlashib quchoqlashdilar. Biz ham quvonchdan yigʻlab yubordik. Uyimizdagi eng kichik odam, hali olti yoshga toʻlmagan Nasiba singlim qandaydir yovvoyi tovush bilan qiyqirib yubordi. U ham qora kunlar ketib, yillab kutilgan baxtli daqiqa yetib kelganiga tushungan boʻlsa kerak.

Men esini yoʻqotgan telbalarday koʻchaga otildim. Yo tavba! Qiyomat ham koʻchada, alomat ham. Har qadamda odamlar bir-birini yigʻlab tabriklashayapti. Ayollar, boʻyiga yetgan qizlar bir-birlari bilan quchoqlashib, oʻpishib yigʻlashib turishibdi. Ularning ranglari ham bir zumda oʻzgarib qolibdi. Yuzlariga qizillik yugurgan, qandaydir boshqacha, chiroyli boʻlib qolishibdi.

Kutilmaganda jonlanib qolgan gavjum yoʻllardan oʻtib Navoiy koʻchasiga chiqdim. Ana tantanayu mana tantana! Koʻchaga odam sigʻmaydi. Ayniqsa, qizlar shu kunga atab asrab qoʻygan eng sara kiyimlarini, atlas koʻylaklarini, zarbobu baxmal nimchalarini kiyib, eng qimmatbaho duru gavharlarini taqib chiqishibdi. Hammayoqda oʻyin-kulgi, goʻzallik.

Men ham namoyishga qoʻshilib ketdim. Keyin allamahalgacha koʻchada yurdim. Ochlikni mutlaqo esimdan chiqarib yubordim. Gʻalaba bayramining zavqi, kelajak haqidagi shirin xayollar, rejalar bilan qornim toʻyib qolgan edi.

Qosh qorayar-qoraymas uyga kirib keldim. Kirib keldimu hang-mang boʻlib qoldim. Uy oʻrtasidagi kattakon dasturxon ustida toʻrt yil mobaynida biror marta ham koʻrinmagan noz-ne’matlar — arpa unidan qilingan kulchalar, qop-qora qatlamayu boʻgʻirsoqlar, jiydayu turshaklar... Bizning koʻchamizdagi barcha qoʻshni ayollar dasturxon atrofida davra qurib, gurunglashib oʻtirishibdi. Ostonada turib hammaga salom berdim. Bir-birimizni tabrikladik.

Nima uchun ayollar boshqa xonadonga toʻplanmay toʻppa-toʻgʻri topgan-tutganlarini bizning dasturxonimizga toʻkdi ekan. Buni keyinroq bildim. Avvalo, koʻchamizdagi hamma ayollarga nisbatan onamning yoshi kattaroq. Ikkinchidan, bizning oilamiz urushning zahrini boshqalarga nisbatan koʻproq totgan, birin-sirin besh kishini yoʻqotganmiz. Otam vafot etgan, ikki akam urush qurboni boʻlgan, kelinoyim jiyanimni olib koʻchib ketgan. Shu sabablarga koʻra ayollarning bayram dasturxoni bizning uyda bezatilgan ekan.

... Shu tariqa akam ekkan oʻrik omon qoldi. Lekin akam oʻzi yoʻq. Bugungi kunda u ekkan oʻrik ham yoʻq. U allaqachon qurib bitgan, ya’ni oʻlgan. U oʻsgan yerdan sal narida uning danagidan chiqqan oʻrik yashnab turibdi. Bu oʻsha oʻrikning zuryodi. Zuryod qolgani yaxshi ekan.