OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAziz Abdurazzoq
Asar nomiOydek jamollar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Sotsialist realizm
Mualliflar
   - Aziz Abdurazzoq
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/03/26
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oydek jamollar (hikoya)
Aziz Abdurazzoq

Oyday ayol edi Oyjamol. Yoshi oltmishga yaqinlashib qolganida ham yaxshi saqlangan edi. Sip-silliq, oppoq kulcha yuzlari, atroflariga endigina bilinar-bilinmas ajin tusha boshlagan shahlo koʻzlari doimo kulib turardi. Kelinchaklik davrining gashtiga toʻymay tamshanib qolgan, umr boʻyi judolikda, yolgʻizlikda yashayotgan bu ayolning irodasi dugonalarining havasini keltirardi. Ammo Oyjamol yolgʻiz qolganida, ayniqsa, yarmi bedor oʻtgan, oʻzining dilidagi ta’biri bilan aytganda «poʻchoqqa chiqib ketgan» chala tunlarda qanchalik jiddiy, qanchalik xayolchan boʻlishini bir oʻzigina biladi, xolos. Bironta dugonasi:
— Hay, Oyjamol, kecha televizorda ajoyib kino boʻldi, koʻrdingizmi? — deb soʻraguday boʻlsa, biror narsa sabab boʻlib koʻrolmay qolganini aytadi.

Aslida kino urush haqida boʻlgani uchun televizorni ataylab oʻchirib qoʻyganini aytmaydi. Oʻchirib qoʻyadiyu bir xil boʻlib ketadi. Xayol uni oʻtmishga qaytaradi: bolaligi oʻtgan bogʻ koʻchalar, ota maskani — chogʻroq qoʻrgʻoncha, bogʻidagi keng-keng ishkomlar, baqalari tinmay vaqillab turgan hovuz, hovuz labida supa, u yerda oʻzidek jamalak soch dugonalari bilan bogʻ qoʻrishib, oʻsma qoʻyishib, ashula aytishib oʻtirgan kezlari — ajib tarovatli yoz kunlari va hokazo... U zamonlar endi faqat ahyon-ahyonda tushlarida koʻrinadi. Balki urushda yoʻq boʻlib ketgan Jamoliddin qaytib kelaru, ammo bolalik... bogʻ koʻchalar... Yoʻq, aslo...

U Jamoliddin bilan kechgan nurday koʻz qamashtiruvchi kunlarini, ohularday tez oʻtgan chopqir tunlarini eslaydi. Jamoliddin ham oʻsha bogʻ koʻchalik yigitlardan edi. Ular bir maktabda oʻqigan, bir koʻchada oʻsgan, vaqt-soati yetib, bir-birlariga koʻngil qoʻygan edilar. Afsuski, ularning quvonchlari — kelin-kuyovlik davru davronlari koʻpga bormadi. Ular hali chillalik ekanidayoq urush boshlanib, koʻp qatori Jamoliddin ham egniga shinel kiyib, qoʻliga qurol olib, jangga ketdi. Oyjamolga Jamoliddindan ikki yodgorlik qoldi. Biri — nikoh oqshomidan bir kun ilgari u taqib qoʻygan uzuk boʻlsa, ikkinchisi — boʻyida endi paydo boʻla boshlagan murgʻak jonning yoqimtoy jonsarakligi edi. Birinchi esdalik hamon uning barmogʻida. Ammo ikkinchisi... Yuz-koʻzlari otasini, tiniq oqligi onasini eslatadigan paxtaday oʻgʻil bir yoshga yetib-etmay qizamiqdan nobud boʻldi. Jamoliddin boʻlsa hali oʻgʻilchasi dunyoga kelmasidanoq, ming toʻqqiz yuz qirq ikkinchi yilning fevralida Kiyev uchun olib borilgan janglardan birida shahid boʻlgan edi. Ammo bu haqdagi xabar Oyjamolga urushdan keyin, ming toʻqqiz yuz qirq yettinchi yilning saratonida garmselday yetib keldi. Xabar boʻlganida ham bema’ni: «... dom-daraksiz yoʻqoldi...»

Shundan keyin Oyjamolni shirin soʻzlar bilan yupatuvchilar, «doʻstona» maslahat beruvchilar avvalgidan ham koʻpayib ketdi. Birov:
— Iloyim yolgʻon boʻlsin! — dedi.

Yana birov:
— Asir tushib ketgandir, — dedi.

Boshqa birov erga tegishini maslahat berdi. Xullas, bu birovlar bir necha kun ichida bechoraning ham boshini, ham ensasini qotirib yuborishdi. Oyjamol boʻlsa hech kimning maslahatigayu nasihatiga quloq solmay, oʻla-oʻlguncha Jamoliddinni deb yashashga qaror qildi. Uni bunday qaroridan hech kim qayirib «yoʻlga» sololmadi. Dugonalari, hesh-aqrabolari uni aslo koʻndirolmadilar. U ne-ne «yaxshi joylardan chiqqan» nomzodlarni rad etdi. Ularning birortasini Jamoliddinga sal-pal boʻlsa ham oʻxshatolmadi.
— Axir, yuragim «jiz» etmasa nima qilay? — der edi oʻrtada turgan dalolatchilarga.

Uning yuz-koʻzlaridagi quvnoqlik faqat mana shu koʻngilga urgan dalolatchilar koʻpayib ketgandagina yoʻqolar edi. Shundan keyin bir muncha muddat qulogʻi tinchib yurar, biroq tinib-tinchimas savobtalablar yana miyasini achitishni boshlar edilar.

Oyjamolning hovlisi buzilib, unga ham bir xonali kvartira tegdi. Lekin u kvartirani olganidan emas, qulogʻi tinchiganidan xursand boʻldi. Endi bu yerda avvalgi mahalladagi kabi bekorchi qoʻshnilari yoʻq. Hech kim erga teg, deb maslahat bermaydi, nasihat qilmaydi.

Oyjamol yashaydigan uyda biz qoʻshni boʻlib qoldik. Bir necha yil qoʻshnichilik qildik. Qoʻshnichiligimizning dastlabki kunlaridayoq u menga:
— Aylanay, koʻnglingizga qattiq botsa ham bir gapni aytib qoʻyay, — dedi mayin, siniq ovozda.
— Ayting, ayting, — dedim men hayron boʻlib.
— Shu desangiz, menga nasihat qilgan, maslahat bergan odamni umrimda yomon koʻraman.

U soʻzini tugatmasidanoq men gapni ilib ketdim:
— Xuddi mening oʻzim ekansiz, ona, — dedim men. — Men ham maslahat bergan, nasihat qilgan odamni oʻlguday yomon koʻraman. Oʻzim ham hech kimga aql oʻrgatmayman. Chunki hammaning ham oʻz aqli, farosati bor. Har kim ham koʻngli buyurgan ishni qilaversin. Mening odamlar bilan nima ishim bor?

Bu gap qoʻshnimga juda ma’qul boʻldi. Shunday qilib biz bir necha yil, toʻgʻrirogʻi, oʻn yetti yil qoʻshnichilik qildik.

Oyjamol yetmish yetti yoshida toʻsatdan ogʻrib, yotib qoldi. Ahvoli ogʻir boʻlib, qarovchisi yoʻqligidan akasi bilan jiyani kelib olib ketishdi. Bir necha kundan keyin ular keldilar.
— Oyjamol onamning ahvoli qanday? — deb soʻragan edim, akasi:
— Vafot etdi, — dedi.

«Vo ajab... Shunday chiroyli kampir ham oʻladimi?» — deb oʻylabman nogahon.

Bechora Jamoliddinning rasmini doim yonida olib yurar ekan. Uni bagʻriga bosgancha jon beribdi.