OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAziz Nesin
Asar nomiKeyin xursand boʻlasiz (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Jahon/Turk adabiyoti
Boʻlimlar
   - Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti
Mualliflar
   - Aziz Nesin
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
TarjimonMiad Hakimov
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/11/19
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Keyin xursand boʻlasiz (hikoya)
Aziz Nesin

Bir-birini taniganiga uch kun boʻlmasdanoq turmush qurishga va’dalashib qoʻyishibdi. Boʻlgʻusi kelin durustgina oilaning qizi boʻlib, ota-onasi juda nozikta’b odamlar ekan. Shuning uchun ham qiz yigitga:
— Uyimizga borib, chol-kampirdan ham rozilik olmasang boʻlmaydi, — debdi.

Kuyov toʻrani soʻrasangiz, oʻzi juda moʻmin-qobil yigit, bir gapni ikki qilgisi kelmaydi, iloji boricha birovning koʻnglini ranjitmasam, deydi. Shunga koʻra u:
— Juda soz, ertagayoq uyingga borib, otangdan toʻyga ruxsat olaman, — deb qizni xotirjam qilibdi.

Qiz voqeani onasiga aytibdi. Onasi ham bor gapni oqizmay-tomizmay eriga yetkazibdi. Xullas, ikkovi ertasigayoq kuyov bilan uni ichkari olishibdi. Hammalari birgalikda qahva ichishibdi, allavaqtgacha uyoq-buyoqdan gaplashib oʻtirishibdi. Ana gapiradi, mana gapiradi, deb chol-kampir rosa kutibdi, lekin yigit sira toʻydan ogʻiz ochmasmish. Buning ustiga ketishni ham oʻylamasmish. Kech kirib, qorongʻi tushibdi. Kechki ovqatni ham baham koʻrishibdi. Ketidan yana qahva ichishibdi. Boʻlgʻusi kuyov hamon churq etmasmish. Ogʻiz poylash bilan vaqt allamahal boʻlibdi, yarim kechada mehmonni haydab boʻlarmidi? Noiloj unga joy solib:
— Narigi xonaga oʻta qoling, marhamat oʻrningiz tayyor, — deyishibdi.

Bir vaqt ota bundoq qarasa, yigit qizning bilagidan ushlab, oʻsha xonaga tortqilayotganmish. Cholning gʻazabi qaynab:
— Oʻgʻlim, bu nima qiliq? — debdi.

Yigit esa pinagini buzmay:
— Gap bor, ota, — deb javob qilibdi.
— Qanaqa gap?
— Gap bor, dedim, boʻldi-da, surishtirib nima qilasiz, otaxon. Keyin xursand boʻlasiz.

Ham gapirarmish, ham qizni zoʻr berib ichkariga tortarmish. Uning sirli gaplarini eshitib, chol-kampir indolmay qolibdi. Ikkovi boshlashib xonaga kirib ketishibdi.
— Qani, koʻraylik-chi, nima gap bor ekan, — deb chol-kampir mijja qoqmay tong ottirishibdi.

Uning birinchi katta ishi shu boʻlgan ekan. Ehtimol, aynan shundoq boʻlmagandir, lekin bizga yetib kelgani shu.

Xullas, ertasiga ertalab xonadan yana boshlashib chiqishibdi.
— Qani nima gaping bor edi, ayta qol endi, — debdi yigitga qizning otasi koʻzini yerga qadab.
— Bu yogʻidan xotirjam boʻling, otaxon, aslo gʻam yemang. Bir narsani bilmasak, biz gapirmaymiz. Gap bor, dedimmi, vassalom qoʻyavering, keyin xursand boʻlasiz.

Nonushtadan keyin «endi bizga ruxsat» deb ketmoqchi boʻlgan ekan, qiz uvvos tortib tizzasiga yopishibdi.
— Tur oʻrningdan, yigʻlama bas qil. Keyin aytaman, gap bor, oʻzing xursand boʻlasan, — deganicha etagini qutqarib ketibdi. Bechoralar nima gap ekan, deb rosa kutishibdi-yu, lekin uni qayta koʻrish nasib boʻlmabdi.

Biz tushgan qamoqxonaga shu odamning oʻzidan oldin sarguzashtlari yetib keldi.

Yana bir kuni gazlama doʻkoniga kiribdi-da, tokchada yotgan bir toʻp matoni koʻrsatib:
— Manavini bir koʻray, — debdi.

Gazlamafurush xoʻp deb olib beribdi. U boʻlsa matoni qoʻltigʻiga qistirib, sekin eshikka qarab yuribdi. Molning egasi oldiniga hang-mang boʻlib qolibdi, keyin uning mashinaga oʻtirayotganini koʻrgach, yugurib borib qoʻliga yopishibdi. Yigit zarracha pinagini buzmay:
— Iya birodar, nega qoʻlimga yopishasan? Molingni yeb qoʻyamanmi? Nega olasan emish-a, tavba. Kerak boʻlganidan keyin olaman-da. Ha, shundoq. Koʻp hovliqma, sabr qil. Gap bor, — debdi. Uning bosiq, qat’iy gaplarini eshitgan doʻkondor nima qilishini bilmay qoladi, xullas, u yo molidan ajrab orqaga qaytadi, yoki «nima gap boʻldiykin?» deganicha kalovlanib turadi. Ammo u aytgan gapning nimaligini hali hech kim bilmaydi, chunki bir marta qoʻlga tushirgan odamiga u ikkinchi qayta yoʻliqmaydi.

Bu yigitning ogʻizdan ogʻizga koʻchib yuradigan hunarlari koʻp, lekin hammasining yoʻli va usuli bir xil.

Bir kuni tramvayda konduktorni rosa boplab ketganini aytib berishdi. Toza miriqib kuldik. Voqea bunday boʻlgan ekan.

Bir payt u tramvayga chiqibdi-da, toʻgʻri konduktorning oldiga borib:
— Qani boʻyningdagi xaltani menga uzat! — debdi.

Konduktor hayron boʻlib:
— Nega endi? — deb soʻrabdi.
— Obbo sen-ey, ber degandan keyin beravermaysanmi.
— Xoʻsh, nega berar ekanman?
—Tagʻin soʻraydi-ya. Bitta aytdim, boʻldi-da. Sen menga beravergin, gap bor, keyin xursand boʻlasan.

Konduktor hayron boʻlganicha boʻynidagi xaltani yechib beribdi. U ham pul toʻla xaltani olib, shoshilmay tramvaydan tushibdi, keyin bitta-bitta qadam tashlab ketaveribdi. Buni qarangki, na yugurarmish, na bir yoqqa qocharmish. Hammaning ogʻzi ochilib qolibdi.

Ana shu odam oxiri qamoqqa tushdi. Chuvakkina bir kimsa ekan. Oʻzi oʻttiz beshlarda boʻlsa ham koʻrgan odam yigirma beshlarga borgan, deydi. Koʻzlari naq igna teshigidek, oʻzi mugʻombir. Unchalik gapdon emas. Umumiy kamerada ikki kungacha ovozi chiqmay yurdi.

Kelganining uchinchi kuni hunarini koʻrsatdi.

Mahbuslardan birini koʻzining ostiga olib yurgan ekan, toʻgʻri oldiga borib:
— Qani, menga ellik lira uzatvor-chi, — debdi.
— Nega beraman?
— Choʻzaver, ishing boʻlmasin.
— Negaligini bilsak boʻladimi?
— Tavba, negaligi bilan nima ishing bor. Ber degandan keyin beravermaysanmi, oshna. Qani, uzatavergin, gap bor, keyin xursand boʻlasan.

U ham «nima gap bor ekan?» deb qiziqib qolib, ellik lirani qoʻliga sanab beribdi.

Bu voqeadan oʻsha kuniyoq hamma xabardor boʻldi. Muhbuslar ham, soqchilar bilan qamoqxona boshligʻi ham buni eshitib rosa kulishdi.

Qamalganiga hali bir hafta boʻlmagan edi, toʻsatdan gʻoyib boʻldi. Qamoqdan qanday qochganini biz keyin eshitdik. Ma’lum boʻlishicha, kechga yaqin navbatda turgan soqchining oldiga borib:
— Qani, eshikni och, — debdi.

Gapni doʻndirib gapirganga nima yetsin. Agar boshqa odam kelib shunaqa desa bormi, soqchi tumshugʻiga aylantirib bir tushirgan boʻlardi. Lekin buning vajohatini koʻrib:
— Ochsam nima boʻladi? — deb soʻrabdi.
— Ochgin, keyin koʻrasan. Gap bor.

Soqchi kamera eshigini ochibdi.
— Mana endi bu yoqqa yur!

Soqchi uning ketidan tashqari hovliga chiqibdi.
— Endi bu darvozani och!
— Nimaga?
— Aytgan ishni qilaver, soʻrab nima qilasan. Ochaver, gap bor, keyin xursand boʻlasan.

Soqchi darvozani ham ochib beribdi. U nima gap borligini sabrsizlik bilan kutayotgan soqchiga qoʻlini silkib hay-yu hayt deb joʻnab qolibdi.