OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAziz Norqulov
Asar nomiQoʻrqinch bagʻishlagan sevinch (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Aziz Norqulov
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/07
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qoʻrqinch bagʻishlagan sevinch (hikoya)
Aziz Norqulov

«
Shirq-shirq...
Shirq-shirq, shirq-shirq...
»

Abdurahmonning ixtiyori qoʻldan ketdi. U qabristonda turib, mozorlarni suratga olayotgandi. Yuragida milt etgan nur yoʻq. Najotni nimadan kutishni ham bilmaydi. Koʻzyoshlari necha karra yuzini yuvdi. Tong otguncha qancha yostiqlar yosh tomchilaridan ivib ketdi. Yuragiga iztiroblar dunyosidan quvur ochilgandek edi. Yamab-yasqab bekitishning sira iloji yoʻq.

Holi qolmagan Abdurahmon qabriston chetidagi nimqorongʻi kulbaga uzala tushdi. Xayollariga erk berishga ham majoli qolmadi. Hayot bilan bogʻlovchi soʻnggi tolalarning chirt-chirt uzilayotganini sezib turardi. Qancha muddat yotdi, xotirida yoʻq. Eti junjikib uygʻondi. Hadiksirab atrofini kuzatdi. Vujudiga sezilar-sezilmas taralayotgan titroq bor xayollarini toʻzgʻitib yubordi.

Bolaligida tong mahali tom boshiga chiqib, goʻyo quyoshni qarshilagan boʻlardi. Jimirlayotgan ufqqa uzoq-uzoq tikilarkan, pastda jigʻibiyron boʻlayotgan onasi hech narsani tushunmasdi. Balki soddadil oʻgʻlidan xavotir ham olgan chiqar.

Bu tong esa na tiriklar orasida, na oʻliklar orasida hisobda yoʻq. Taqdir oʻyinlari vijdon «matematika»si bilan chiqishmadi. Uni marhumlar qabr bitguncha vaqtincha saqlanadigan mana shu kulbaga uloqtirib yubordi. Betizgin tuygʻularning asiriga aylangan ojiz inson UMIDni shu yerlardan axtaribdi. Qabrtoshlardagi suratlar bilan soʻzsiz suhbatlashganlarini xotirladi. Mungli nigohlar unga hayot saboqlarini berardi.
– Bu dunyo va oxirat bir lahzalik tahlika va xavotiringga arzimaydi.

Qabrlar orasida uzoq, bemaqsad tentidi. Suratlar uni ta’qib etayotgandi, nigohlardan panalash esa imkonsiz. Jur’atini jamladi, ularga tik boqdi. Marhumlarning biri mehr, biri oʻkinch bilan hasrat xaltasini kavlashtirar, nimalarnidir uqtirishga urinardi. Ular dunyoning dardini opichlab yotganini his qildi. Nega, nega bu saslarni shu paytga qadar tuymadim-a?!

U birinchi marotaba oʻlimdan qoʻrqdi. Najot oʻlimda ham emas ekan! Nega paymonam toʻlmasdan burun oʻlim toʻshagiga yotdim? Abdurahmon oʻlimdan qoʻrqayotganidan qoʻrqdi. Haqli edi. Ilgari oʻlimdan sira choʻchimagan. Aksincha, najotni oʻlimdan kutib yashaydiganlar toifasidan edi. Marhumlarning «voy-voy»larini eshitgach, bu yerlarga tezroq kelish istagi tamoman soʻndi. Tezroq kun yorishsa-yu, moʻ‘jaz dunyoda yashab-yashab qolishga shoshilsa. Shuni istadi uning yuragi.

Bir mahallardagidek tuygʻulari bilan hisoblashmaslik odatini endi tark etadi. Na oʻzgalarning, na oʻzining yuragiga quloq tutardi. Oqibat-natija esa uni bu makonlarga muddatidan ilgari yetaklab keldi. Biroq «indamaslar dunyosi» yana ham vahima va iztiroblarga toʻla ekanini kech angladi. Xayollandi: «Eng ulugʻ oʻlik ham iztirob chekishdan mahrum».

Tirik ekanidan, iztirob chekayotganidan quvondi. Tiriklik nishonasi, deb bildi iztiroblarni...

Bir oz yigʻishtirinib olgan Abdurahmon hovliga chiqdi. Ufqqa bolaligidagi kabi uzoq-uzoq termuldi. Koʻz ilgʻar-ilgʻamas quyosh shu’lalari paydo boʻlayotgandi. Sevinib ketdi. Vujudidagi qoʻrqinchli titroq tarqala boshladi. Miyigʻida jilmaydi. U sevina olayotganidan sevinayotgandi.

Ulkan odam

(Afsona emas)

Qoʻlingizni siltamang, siz meni notoʻgʻri tushunayapsiz!?

Bunday boʻlishini sira istamagandim. Hammasi dabdurustdan sodir boʻldi. Yoʻlakdan oʻtayotganimizda qattiq tayinlandi: «Koʻzlaringni mahkam yumgin-u, ochma!»

Dimogʻimga urilayotgan xush boʻylarga dosh berolmadim. Atrofni koʻzlarim bilan koʻrgim keldi. Avvaliga moʻraladim. Sezmadi. Keyin tomosha qila boshladim. Goʻzalliklardan hushimdan ayrilar mahalim osmonda muallaq ketayotganimizni sezdim. Harakatlanayotgan biz emasdik. Jonholatda siltanib, oʻzimni yerga tashlamoqchi boʻldim. Muvozanatim buzildi. Yonasiga pastga quladim. Boshim pastga qarab ketayapti-yu, oyogʻim joyidan jilmasdi. Qoʻrqib ketdim. Men ULKAN ODAMga aylanayotgandim. Shu alfozda necha yillar Oʻzim bilan oʻzim ovora boʻldim. Ulkan odamlarning mayda tashvishlar bilan ishi boʻlmas ekan. Uzun-uzun qoʻllarim oyoqdek harakatlana olar, uzaygandan-uzayib, uzatgan joyimga yetardi.

Biroq hammasi jonimga tegdi. ODAMga oʻxshab yashamaganingdan keyin bekor ekan. Azoblandim. Necha-necha qayta siltandim, eslolmayman. Bir zamon oyoqlarim boʻshab, bor bastim bilan zaminga quladim. Uning bir burchida yumalarkanman, qancha harakat qilmay oʻzimni toʻxtata olmasdim. Dumalaganim sayin kichrayib bordim, nihoyat, yoshgina bolakay toʻxtatib qoldi. Unga mehrim tushdi. Qiliqlari, erkaliklari, yana nimalaridir oʻzimga oʻxshardi. Ikkalamiz bab-baravar ulgʻayib bordik. Uning men qilgan xatolarni takrorlashini hech xohlamasdim. Tanbehni koʻp berdim. Oxiri mendan bezib, haydab yubordi.

Ilojsizman.

Jimgina kuzatib yashaydigan boʻldim.

Hozir u juda ham ULKAN ODAM. Faqat oyoqlari osmonda, qoʻllarini esa qaerga uzatsa yetadi.

Qoʻlingizni siltamang, siz meni notoʻgʻri tushunayapsiz!

Taskinga muhtoj tasalli

Yer kurrasi nazdimda kichik bir zarraga aylandi. Unda allanimalar elas-elas koʻzga tashlanardi. Yana ham uzoqlarga uchib ketdim...

Cheksizlik girdobida kezindim. Sayyoralar iymangan koʻyi yonimdan aylanib oʻtardi. Yurak yana ham, yana ham kenglikni istadi. Turfa galaktikalar, turli olamlarni ortda qoldirdim. Biroq koʻp oʻtmadi, oʻzimni yoʻqotdim. Ma’nosiz harakatlar jonimga tegdi. Yurak oʻz goʻshasini qoʻmsay boshladi. Millionlab sayyoralar orasidan Zaminni qidirdim. Ana – u!

Ammo oyoq bosarga joy yoʻq. Bu makondan oʻzimni topish, Oʻzimni ajratib olish oʻyi bosdi meni. Uzoq tentidim. Kundalik yumushlar bilan kuymalanayotgan vujudda yashashim qiyin kechishiga koʻzim yetayotgandi. Uni opichlagan koʻyim boshqa olamga ketgim keldi. Ammo buning sira iloji yoʻq. Oʻzimning ham oʻz koʻngli bor. Ba’zida tuygʻularim bilan hisoblashmaydi ham. Tanballiklariyu xudbinligidan jonim halqumimga keldi. Tashlab ketishning ham mavridi emas. Yurak oʻz makonida qolishni istaydi. Koʻnglimga tasalli beraman, ammo tasallilarim taskinga muhtoj.

Chunki yurak osoyishtalik tarafdori.

Chorasiz qolgan, dunyolarga sigʻmayotgan «olifta» Ruh bir umr vujud qafasida mum tishlab yashashga majbur.

Yuraksiz VUJUDsiz yurak

Tong yorishib uygʻonganimda nimagadir koʻnglim gʻash edi. Sokinlikdan yuragim yorilay deyapti. Beixtiyor tomirlarimni ushladim, biror narsani anglash mushkul. Nogahon deraza raxidan oshib oʻtayotgan yurakka koʻzim tushdi. Vujudsiz yurak qaerga ham keta olardi. Beparvolik qildim...

Yuraksiz vujud bilan qancha muddat yotdim, bilmayman. Ammo yuragim loylarga belandi. Ikki marotaba yomgʻirda qoldi. Bir gal kimdir yanchib oʻtgandek ham boʻldi. Shu asnoda voqealar qorishib ketdi.

Ogʻriqning zarbidan choʻchib uygʻonganimda bosinqirayotgandim. Darhol deraza raxiga, romlarga koʻz yugurtirdim. Ikkalasi ham berk. Yuragimga quloq tutdim, oʻz oʻrnida ishlayapti. Shukrona keltirdim.

Yuraksiz vujudga achindim.

Vujudsiz yurakka rahmim keldi.

Arz va dunyo arazlashganda

Arz atvorini oʻzgartirishga qaror qildi. Shu paytga qadar QALBning saslariga quloq tutmacdi. Tashlandiq qalb axiri boʻgʻildi. Oʻlmoq yoki qayta tirilmoq istagida yondi. Tirik boʻla turib, yashay olmaslikdan oʻlmoq afzal – qalbi bilan hisob-kitob qila boshlagan Arzning soʻnggi xulosasi shu. Ochilar-ochilmas soʻngan «chechak»larning uvoli tutmasidan parvarishlashga ulgurish lozim. Arz bunga toʻla ishona boshladiki, u qalbiga quloq tutar ekan. Dunyo ham, albatta, oʻzgaradi. Zotan, bu Arz uchun yashab qolishning yagona chorasi edi.

* * *

Dunyo bugun har doimgidan kechroq uygʻondi. Chirkinlasha boshlagan vujudiga boqib, oʻz-oʻziga achinish hissini tuydi. Shundogʻam yashashga majoli qolmagandi, oshib tushdi. Bisotidan goʻzallikka burkangan mahallaridagi jilva qiladigan ziraklarini axtarib topdi. Endigina ayollik ostonasiga qadam qoʻygan paytlaridagi goʻzal tusga kirdi. Sandiqchasidan olgan kiyimlari oʻrniga sharmni berkitdi. Yuzlarini qoplab ulguray degan taram-taram ajinlarga nafrat bilan tikildi. Liboslari vujudidagi keksalikni, ruhiyatidagi gʻariblikni ichiga yutib, yashab qolishiga quvvat bagʻishlayotgandi. Koʻzguga qaradi, jilmayishga harakat qilib, koʻchaga otlandi.

* * *

Ertasiga Arz Dunyoga qoʻl siltadi. Yigʻlab-yolvorganlarini-da, unutdi. Nima boʻlsa Yaratgandan, deb bildi. Dunyoni qoʻlga kiritish imkoni boʻlgani holda QALB amri ila yashamoqni lozim koʻrdi. Erta tongdanoq uvadasi chiqqan qalbining astarini agʻdardi, tiniqlashtirmoqqa tirishdi. Tez kunlarda Dunyo uning ketidan chopishiga ich-ichidan ishondi. Tizzalab tiz choʻkkan damlarini unutmoq istadi.

* * *
Dunyoning koʻzlari yoshlandi. Yosh tomchilari qalbini bir sidra yuvib oʻtdi. Shu on yogʻa boshlagan rahmat yomgʻiri unga esh boʻldi. Bu ular uchun poklanish imkoniyati edi.