OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAzizbek Anvar
Asar nomiOsmonning oxiri (she’rlar)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Azizbek Anvar
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm71KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/05/01
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Osmonning oxiri (she’rlar)
Azizbek Anvar

Soʻz Sehri

Soʻzda sehr bor, deydilar. Bu, albatta, iste’dodning soʻzi haqida. Bir daraxtga qarab oʻtinchi sarjinni, usta tanburni koʻradi. Quloq oʻrgangan qora soʻz ham talant lafzida ranglanadi, jilolanadi, yuk oladi.

Oʻtinchining “taqa-tuq”idek quruq, ta’siri yoʻq qasidalaru bir xil, beta’sir nagʻmalarni eshitib, soʻzga hayfing keladi...

Shukrki, ustozlarimizdan meros “hayratlik soʻzning” magʻzini chaqadigan “qorakoʻz bolalar” bor.

Shukrki, “globallashuv” deb atalgan, gohida duragaylashayotgandek tuyuladigan davrda ular chin oʻzbekona ohang va dardni koʻngillarida asrab turishibdi.

Koʻrsang, diling yorishadigan, suhbatidan zavqing oshadigan, she’rini oʻqisang, tuygʻularing jonlanadigan ukalar borligi qanday yaxshi!

Azizbekni koʻpdan bilaman. Bir qarashda bolalarcha sodda koʻringani bilan ancha bilimli, mulohazali, samimiy dardi bor yigit. She’rlarining asosiy yutugʻi ham, nazarimda, ana shu samimiyatida.

U chiranib-tiranib tashbeh yasamaydi, oʻzi his qilmagan, oʻzi tushunmagan narsalarni ipga tizmaydi. Ruhiy holatini, iztirobini rost aytadi. Satrdan-satrga fikri oydinlashib, izchil rivojlanib boradi:

Jafo tortay har kuni
Sizga jafo xush boʻlsa,
Qismat tutay uyquni
Visolingiz tush boʻlsa,
Sochlaringiz toʻlqinu
Qoʻllarim oqqush boʻlsa...
Tiz choʻkay poyingizda
Yoqmoq uchun, dildorim,
Ziloliy sochingizda
Oqmoq uchun, dildorim.

Fuzuliy she’rga ta’rif berarkan, asosiy shartlardan biri – u elning esida qolsin, takrorlab yuradigan boʻlsin, deydi.
Men Azizbek Anvarning bir necha satrini oʻzimcha aytib yuraman. Endi, ustozlarimdan izn soʻrab, Siz aziz oʻquvchilarga ham tavsiya etmoqchiman.

Iqbol Mirzo
Oʻzbekiston xalq shoiri


Shoir

Buloqlarning qoʻshigʻidan ohang olib,
Shabbodalar shivirini she’rga solib,
Bir goʻzalni telbalarcha sevib qolib,
Men, shubhasiz, shoir boʻlib ketsam kerak.
Yozganlarim she’riyatga ohor boʻlsa,
Koʻngillarda gul undirgan bahor boʻlsa,
Oshiqlarning suyganiga izhor boʻlsa,
Men, shubhasiz, shoir boʻlib ketsam kerak.
Goho dunyo koʻzimga tor boʻlgan payti,
Xayolimda aylanadi Bobur bayti.
Iqbol Mirzo she’rlarini aytib-aytib,
Men, shubhasiz, shoir boʻlib ketsam kerak.
Poshsho koʻnglim yozgil, deya nido bersa,
Bandasida ne ixtiyor xudo bersa,
Muhammadni suygan shu el duo bersa,
Men, shubhasiz, shoir boʻlib ketsam kerak.
Kunlar kelar har koʻngildan kulfat ketib –
Dunyo bogʻi behisht boʻlar fursat yetib.
Shaytonniyam ezgulikka da’vat etib,
Men, shubhasiz, shoir boʻlib ketsam kerak.
Kim biladi kim ertaga kim boʻladi?
Bu savolga avliyo ham jim boʻladi.
Necha inson nom-nishonsiz gum boʻladi,
Men dunyodan shoir boʻlib ketsam kerak.
2009


Koʻnglim Sevgingizga...

Koʻnglim sevgingizga butunlay koʻndi,
Goʻyo unut boʻldi koʻhna anduhim.
Qaynoq qalbingizdan boʻshating endi,
Sovuq shamollarga oʻrgansin ruhim.
Nozik qoʻllaringiz ohista tutib,
Ushlashni unutdim qilich dastini.
Gʻiybatchi, gʻirromlar qulay vaqt kutib
Turibdi olmoqqa mendan qasdini.
Meni visol bilan siylamang ortiq,
Hijron otashida toblansin yurak.
Shirin soʻz, tabassum aylamang tortiq,
Menga alam kerak, iztirob kerak.
Toki dil dengizday junbushga kelsin,
Toshlarni yemirsin asov toʻlqinim.
Bagʻrimda quyunlar yugurib yelsin,
Dovullar, toʻfonlar boʻlsin betinim.
Goʻzalim, soʻzlarim botmasin ogʻir,
Hozir qoʻyningizda uxlash paytimas.
Oʻzimni uygʻota olmasam axir,
Gʻaflatdan koʻz och, deb hech kimsa aytmas!
2010 yil


Baxt

Baxt koʻkdan tushmas, tushun,
Bu hayot ermak emas.
Baxtiyor yashash uchun
Koʻp narsa kerak emas.
Toleingga shahodat
Ota-onang duoda.
Bundan ortiq saodat
Boʻlmas ikki dunyoda.
Vafoli yor, but roʻzgʻor,
Hamroh sodiq doʻstlaring.
Qora kunda madadkor,
Bitar kamu koʻstlaring.
Oy-quyoshdan ziyoda
Oʻgʻil yoki qizing bor –
Sendan keyin dunyoda
Oʻchmaydigan izing bor!
Yana koʻngling toʻlmaydi,
Kamdek tangri tortigʻi.
Ertakdayam boʻlmaydi
Aytganimdan ortigʻi.
Baxt koʻkdan tushmas, tushun,
Bu hayot ermak emas.
Baxtiyor yashash uchun
Koʻp narsa kerak emas.
2009


Koʻnglim Siniqlari

Koʻnglim siniqlari shishadek erib,
Koʻzimda qalqidi ikki tomchisi.
Yotibman tuproqqa koʻksimni berib,
Yelkamni ezadi ayriliq hisi.
Bir onda rangini yoʻqotdi dunyo,
Bilmadim koʻrganim oʻngim yo tushim.
Yettinchi osmonda yurgandim goʻyo,
Lahzada chaqmoqdek zaminga tushdim.
Zulmatni yoritdi qalbimdagi nur,
Oshkora koʻrindi ne boʻlsa nihon –
Barini roʻyi rost angladi shuur,
Oʻzini koʻrsatdi makkora hijron.
Yurak deb, kerak deb, asrab yurardim,
Koʻksimga xudoyim taqqan tumorni.
Nega tushunmaydi hech kimsa dardim –
Sevgisiz hayotning ma’nisi bormi?
Yoʻq, aslo, koʻnmayman bunday taqdirga,
Sevgilim, ketaver mayli yonimdan.
Muhabbat ketmaydi sen bilan birga,
Muhabbat joy olar mening jonimdan.
2009


Ayriligʻing Uch Kundan Ortsa

Taqdir menga bergan ozorni
Tilamayman hatto gʻanimga –
Jondan ortiq suyganim yorni
Uch kun boʻldi koʻrmaganimga.
Shu uch kunda keksaydi dunyo,
Har bir kunim yuz yil choʻzildi.
Oʻtib ketdi uch yuz yil goʻyo,
Yurak bagʻrim shuncha ezildi.
Yoʻllar qarab qoraydi koʻzim,
Sochlarimning oqlari ortdi.
To yomgʻirlar yuvguncha izim
Yor koʻchasin quchoqlab yotdi.
Bulutlarga berib osmonni,
Uch kun oʻtib chiqqanday quyosh
Nurga koʻmib borliq jahonni,
Chiqib keldi bizning bagʻritosh.
Koʻzlariga surmalar surib,
Chiroyiga qoʻshilgan chiroy.
Oʻn ikki kun sezdirmay turib,
Soʻng uch kunda toʻlgan kabi oy.
Kutganingda imillagan vaqt
Yor kelganda ildamlar atay.
Oʻtib ketar qisqagina baxt
Ikki nafas oraligʻiday.
Yana zulmat qoplar dunyoni,
Xayollarim yana parishon.
Qismat yoʻllab ogʻir savdoni,
Yana sabrim aylar imtihon.
Arslontogʻlar boʻladi kukun,
Bu hijronning azobin tortsa.
Dunyo, hayot topadi yakun
Ayriligʻing uch kundan ortsa.
2006


Eski Niyat

Fursatni behuda boy berdim bugun,
Afsusdan bosh egib koʻnglim gʻashlayman.
Qaytadan nadomat chekmaslik uchun
Ertadan boshqacha hayot boshlayman.
Ibodat fursati oʻtdi uyquda,
Saodat fursati ketdi behuda,
Farogʻat fursati kechdi qaygʻuda,
Ertadan boshqacha hayot boshlayman.
Tiyiqsiz nigohdan koʻzim kirlandi,
Ta’mali soʻroqdan soʻzim kirlandi,
Poyimdan uzilgan izim kirlandi,
Ertadan boshqacha hayot boshlayman.
Chorak asr umrim oʻtibdi mana,
Sizga qancha ozor beraman yana –
Bemehr oʻgʻlingiz kechiring, Ona,
Ertadan boshqacha hayot boshlayman.
Shaytoniy xavaslar tutib qoʻllarim,
Orzudan olislab ketdi yoʻllarim.
Xudoning oldida boʻldi boʻlarim,
Ertadan boshqacha hayot boshlayman.
Siz ham oʻylab koʻring, ey, insoniyat,
Lafzida turmaslik eng katta uyat!
Almisoqdan qolgan bu eski niyat –
Ertadan boshqacha hayot boshlayman!
2009


Koʻzingizga Kirib Boraman

Sigʻmay qoldi dunyoga koʻnglim,
Talpinadi ziyoga koʻnglim.
Otdim ikki daryoga koʻnglim –
Koʻzingizga kirib boraman.
Izlaganim qoʻsh qora gavhar,
Tegrasida ikkita ajdar –
Parishonlab zulfingiz, dilbar,
Koʻzingizga kirib boraman.
Ikki qilich ostidan oʻtib,
Shirin jonim tamom unutib,
Shu olamdan moʻ’jiza kutib,
Koʻzingizga kirib boraman.
Kipriklar oʻq otar beayov,
Bunchalar koʻp ishq yoʻlida gʻov.
Tutqich bermas nigohim asov,
Koʻzingizga kirib boraman.
Parvonaman, porlar ikki sham,
Quchogʻiga chorlar ikki sham.
Kuyishimni bilaturib ham,
Koʻzingizga kirib boraman.
Deydilar koʻz – koʻngil koʻzgusi,
Muhabbatning tiniq yogʻdusi.
Azizbekning ulugʻ orzusi –
Koʻzingizga kirib boraman.
Koʻnglingizda mangu qolaman.
2010


Alam Qilar

Xoru xasdek oyoqosti nodon uchun
Sening qadri osmonliging alam qilar.
Yuragida hasad yongan xazon uchun
Jannat guli – rayhonliging alam qilar.
Alam qilar, unga parvo qilmas birov,
Bor bisotin nazariga ilmas birov,
Axir hatto ismini ham bilmas birov,
Sening dongʻi dostonliging alam qilar.
Hamma igʻvo, gʻaraz, gʻiybat tilida jam,
Qovogʻida qor uyulgan, dilida gʻam.
Bechoraga har toʻrtala faslda ham
Yashnab turgan boʻstonliging alam qilar.
Mingta fitna kirib-chiqar tushlariga,
Qahratonda zahar toʻplar nishlariga.
Oʻlib-tolib qilgan qingʻir ishlariga
Beparvoyu hayronliging alam qilar.
Mansub bilar oʻzin zukko tabaqaga,
Asli umri arzimaydi bir chaqaga.
Immillagan qari surbet toshbaqaga
Tillotuyoq jayronliging alam qilar.
Yana mening ishq tojini kiyganligim,
Isming aytib, baxt neligin tuyganligim,
Tanlab-tanlab faqat seni suyganligim
Va bu ishqdan shodmonliging alam qilar.
Bizga nima, alam qilsa qilaversin,
Hasad bilan ich-etini tilaversin!
2009


Koʻz Tegmasin

Siz bor mudom fayzli yeru samolarim –
Chinorlardan yoshi ulugʻ bobolarim,
Evarasin erkalatgan momolarim,
Xudo bergan baxtingizga koʻz tegmasin.
Ishqni tanlab, tillolarga uchmaganlar,
Yor yonida yolgʻon qasam ichmaganlar,
Yonib-yonib muhabbatdan kechmaganlar,
Xudo bergan baxtingizga koʻz tegmasin.
Toʻy kechasi aytiladi gul tilaklar,
Bir yil oʻtib beshik quchgan kelinchaklar,
Ota boʻlib joʻshib turgan shod yuraklar,
Xudo bergan baxtingizga koʻz tegmasin.
Soʻzi gavhar, har hikmati mumtozlarim,
Komillikdan saboq bergan ustozlarim –
Elu yurtning ardogʻida e’zozlarim,
Xudo bergan baxtingizga koʻz tegmasin.
Mahorati dunyoni lol etgan zotlar,
Dongʻi tilda doston boʻlib ketgan zotlar,
Bir umrlik orzusiga yetgan zotlar,
Xudo bergan baxtingizga koʻz tegmasin.
Qaqroq yerda gullar unar gapingizdan,
Baxtiyorsiz elga yetgan nafingizdan,
Menga ham joy olib qoʻying safingizdan,
Xudo bergan baxtingizga koʻz tegmasin.
2009


Nega

Duch kelgan birinchi odamdan soʻrang,
Quyoshning otashi noayon kimga?
Sevgilim, bir marta koʻzimga qarang,
Nega isbot kerak mening ishqimga.
Ayting koinotning adogʻi bormi?
Cheksizlik boʻlinar necha qismga?
Nomsiz yulduzlarning sanogʻi bormi?
Nega isbot kerak mening ishqimga.
Aniq narsalarning befoyda bahsi,
Kunday ravshan boʻlsa yetti iqlimga –
Kamalak – koʻnglimning koʻkdagi aksi,
Nega isbot kerak mening ishqimga?
Xudoyim avvaldan shubhangiz bilib,
Ismingiz bosh harfin bitmish ilkimga.
Xulosa chiqaring tomosha qilib,
Nega isbot kerak mening ishqimga?
Ortiga qaytmaydi otilganda oʻq,
Pushaymon boʻlmayman qilgan ishimga.
Sizga aytadigan boshqa gapim yoʻq
Nega isbot kerak mening ishqimga?
2010


Doʻstimga Omad Ber

Tark etdi betashvish bolalik,
Koʻzlar yosh, koʻngillar yaralik.
Koʻksiga yuqmasin qoralik –
Doʻstimga omad ber, xudoyim.
Kun sayin yurishib ishlari,
Oʻng kelsin xayrli tushlari.
Boshiga qoʻnsin baxt qushlari,
Doʻstimga omad ber, xudoyim.
Oy-quyosh nur toʻksin yoʻliga,
Yulduzlar ilinsin qoʻliga,
Toʻy qilsin oʻgʻlining oʻgʻliga,
Doʻstimga omad ber, xudoyim.
Oq tulpor yarashsin ostiga,
Tushmasin shaytonning dastiga,
Azozil qoʻl ursa qasdiga,
Doʻstimga omad ber, xudoyim.
Ey hukmi har nedan ortigʻim,
Xiyonat, yolgʻondan forigʻim,
Habibim, halilim, sodigʻim,
Doʻstingga omad ber, xudoyim.
2010


Asrang

Ishq ichra teng dedik shohu gadolar,
Yuragi adolar, joni fidolar,
Armon bilan oʻtdi yordan judolar,
Yoriga yetganlar baxtingiz asrang.
Garchi shoh naslidan Shirinu Farhod,
Visolga yetolmay boʻldilar barbod.
Bu bizga saboqdir ahli odamzod,
Yoriga yetganlar baxtingiz asrang.
Eslang xudoyimga Majnun arzini,
Ka’bada tiladi Layli vaslini.
Ajal vayron etdi sevgi qasrini,
Yoriga yetganlar baxtingiz asrang.
Tugʻilgan chogʻida Tohiru Zuhro,
Kelin-kuyov deya berdilar duo.
Ammo hijron bilan keldi intiho,
Yoriga yetganlar baxtingiz asrang.
Aytganim emasdir pandu nasihat,
Istagim – koʻrmasin koʻngil aziyat.
Shoh Mashrab qoldirgan farmon – vasiyat:
Yoriga yetganlar baxtingiz asrang.
Buzilsin azaldan qolgan aqida,
Oshiqlar yashasin visol zavqida.
Boshqa she’r boʻlmasin hijron haqida,
Yoriga yetganlar baxtingiz asrang.
2009


Shukr

Yulduzlarga boqqan chogʻimda,
Koʻzlarimni bogʻladi uyqu.
Tush koʻryapman, koʻngil bogʻimda
Chechak ekan har bitta tuygʻu:
Mehr – rayhon, shafqat – binafsha,
Ishq – qizgʻaldoq, vafo – atirgul.
Bari-bari turibdi qaqshab,
Yaproqlari qovjirab butkul.
Umid, ishonch, e’tiqod, sabr,
Muruvvat ham zabun bir chechak.
Qahru gʻazab, hasad va kibr
Yashnar misli tikanu pechak.
Meni bani odam aylagan
Tuygʻularim yotar chalajon.
Yuragimga shayton joylagan
Yomonliklar oʻsmoqda ravon.
Bu qanday hol, bu qanday dahshat,
Gulbogʻ nahot kulboqqa doʻnar.
Qaydan shuncha ziyonu zahmat,
Bu qismatga qay odam koʻnar?
Birdan koʻzim ochildi shu chogʻ,
Darichadan kulardi quyosh.
Shukr qildim tongga turiboq:
Koʻtardim tun gʻaflatidan bosh!
2009


Yaxshi Kunlar

Bila turib holimiz hayot,
Boshimizdan qorlar eladi.
Ayoz qahri emas umrbod,
Hali yaxshi kunlar keladi.
Qargʻa izi uzilmay qirdan,
Qizgʻaldoqlar qiygʻos gulladi.
Gulga koʻmib olamni birdan,
Hali yaxshi kunlar keladi.
Meva bitar bizning bogʻda ham,
Shabodalar shodon yeladi.
Yigʻlab oʻtgan tunlarga malham
Hali yaxshi kunlar keladi.
Qara, hilol chiqmish bu oqshom,
Bildim, koʻngling nima tiladi –
Men oʻgʻlimga axtaraman nom,
Hali yaxshi kunlar keladi.
2008


16 Dekabr'. Tugʻuruqxona

Tong kechikdi. Choʻzildi zulmat,
Qora tunni quvgin laylakqor.
Men xudoga yozaman qorxat:
Gunohlarim yuvgin laylakqor.
Tugʻilgani boʻlsin ovoza
Bir bandaki, sendan ham toza.
Lang ochilsin osmondarvoza –
Gunohlarim yuvgin laylakqor.
Parchang boʻlib uchsin nigohim,
Samolarni quchsin nigohim.
Bolamga pok tushsin nigohim,
Gunohlarim yuvgin laylakqor.
Har bandaga koʻkdan yogʻir dard,
Haq eslanar yetgan chogʻi dard.
Senday yengil oʻtsin ogʻir dard,
Gunohlarim yuvgin laylakqor.
Yogʻavergin, yoqqin oʻynoqlab,
Kaftlarimda oʻpay ardoqlab,
Yerni, elni, koʻngilni oqlab
Gunohlarim yuvgin laylakqor.
Bagʻringda koʻz ochsin subhidam,
Va tugʻilsin tongday pok odam.
Shu farzandim haqqi mening ham
Gunohlarim yuvgin laylakqor.
2009


Oʻgʻlim Muhammadiqbolga

Aylanayin xudoyimning himmatidan –
Bitta rayhon olib berdi jannatidan!
Qarab turing iqboli zoʻr olim chiqar
Muhammadning shu erkatoy ummatidan.
Odamzodni farzand togʻi tutib turar,
Meva-magʻzi shirin bogʻi tutib turar.
Yelkamdagi chavandozning kamolini
Boychiborlar yer depsinib kutib turar.
Maydonlarda Alpomishdek chopsin oʻgʻlim,
Oʻz oʻrnini va baxtini topsin oʻgʻlim.
Yuz yil yashab diydoriga toʻymay oʻtsam,
Ochiq ketsa koʻzlarimni yopsin oʻgʻlim.
Yuragiga nuri iymon hamdam boʻlsin,
Yoʻli, qoʻli, koʻngli ochiq hotam boʻlsin.
Menga tortgan farzandiga ibrat uchun
Botir boʻlsin, olim boʻlsin, odam boʻlsin!
Tuf-tuf, deyman kamoliga koʻz tegmasin,
Dardlar yengib, soʻlgʻingina bosh egmasin.
Lafzi halol yigit boʻlsin qayda boʻlsa
Unutmasin oʻzbekona sof shevasin!
Aylanayin xudoyimning himmatidan –
Bitta rayhon olib berdi jannatidan!
2010


Afsus

Bizlar bilmay ketib qoldik kuzlar bilan,
Bolalikning bogʻlarida bahor qoldi.
Oʻyin-kulgi, eng pokiza hislar bilan
Har gʻunchasi bir moʻ’jiza gulzor qoldi.
Quchoq ochib koʻrishardik doʻstlar bilan,
Keyin turmush quchoq ochib kutib oldi.
Bugun faqat salom-alik soʻzlar bilan,
Sal yuzaki tabassumli yuzlar qoldi.
Katta yoʻlga chiqdik katta orzu bilan,
Mayda tashvish boshimizga savdo soldi.
Aldangani maylar ichdik ogʻu bilan,
Ushalmagan necha niyat uvol qoldi.
Bashoratlar qilgan edik baxtimizdan,
Oʻsha shirin kundan faqat xayol qoldi.
Ming oshiqqa orzu boʻlgan dilbar qizdan
Zardalari zada qilgan ayol qoldi.
2008


Koʻzmunchogʻim

Munchoq-munchoq shabnamlardan siz bokira,
Koʻzmunchogʻim, koʻzlarimga joylab qoʻyay.
Yeru koʻkka ishonmayman sizni sira,
Sochingizga nigohimni boylab qoʻyay.
Kulib boqmang, kulib-kulib qarasangiz
Oshiq boʻlar sizga hatto togʻu toshlar.
Uchragandan arzi ahvol soʻrasangiz,
Sadoqatu sevgi izhor eta boshlar.
Joʻshqin soylar buzgan kabi qirgʻogʻini
Soch yoysangiz, koʻrgan borki parishondir.
Ne qilasiz shuncha jonlar qiynogʻini,
Chiroyingiz sabrlarga imtihondir.
Ikki qalam chehrangizning kitobiga
Gʻoyat latif surat chizib, gul chekadi.
Shuning uchun qoshlaringiz mehrobiga
Uzun-uzun kiprigingiz bosh egadi.
Oy, yulduzlar manzilingiz yodga solib,
Yuksaklarga chorlayverar orzuingiz.
Husningizga hayron qolib, shu’la olib
Tiniqlashib boraverar koʻzguingiz.
Ado boʻldim kecha-kunduz poylab sizni,
Oʻz jonini avaylagan ojizdayin.
Qoʻzmunchogʻim, qarogʻimga joylab sizni,
Boshqalardan asrash uchun koʻz yumayin.
2009


Meni Maftun Etgan

Chamanlar mahliyo gul yuzingizga,
Qaddingiz koʻrganlar sarvni sarv demas.
Shamshodning havasi keladi sizga,
Meni maftun etgan qaddingiz emas.
Nayzador kipriklar tunu kun uygʻoq,
Oʻtib ketolmaydi hatto mayda xas.
Olamning eng nodir gavhari, biroq
Meni maftun etgan koʻzingiz emas.
Poʻrtana yasaydi qop-qora toʻlqin,
Necha yuraklarda atay qasdma-qasd.
Hech kim qocholmaydi domidan, lekin
Meni asir etgan sochingiz emas.
Hamma bosh egadi qoshingizda jim,
Jonlar fido boʻlgay imo qilsa bas.
Qoʻsh qilich oʻynatib borliqqa hokim,
Meni mahkum etgan qoshingiz emas.
Garchi chiroyingiz, la’li labingiz,
Ming marta sevishga arzir har nafas.
Meni maftun etgan latif qalbingiz,
Meni afsun etgan qaddingiz emas.
2009


Toshbagʻir

Atirgulga boʻy beradi iforing,
Samolarga koʻrk beradi ruxsoring.
Nima boʻpti oʻn sakkizning chiroyi,
Oʻttizda ham toʻkilmaydi ohoring.
Moviy dengiz, yana osmon koʻk moviy,
Feruza qiz isming rangi samoviy.
Osmon nuri, dengiz duri koʻnglingda,
Shams tal’ating yaratganning in’omi!
Taqdir hukmi – ne buyursa peshona,
Men kuyukdil bir xokisor devona.
Hayron boʻlma yoningdan hech ketmasam,
Yer quyoshning atrofida parvona.
Oftobdan yuz burgan zamin zulmatli,
Seni koʻrmay oʻtgan kunim kulfatli.
Hijron dami ming asrdek choʻzilar,
Boʻlsa hamki bir lavha, bir fursatli.
Tola soching tillorang nur koʻrinar,
Harorati jonga huzur koʻrinar.
Koʻzlarimning koʻzgusiga termulsang
Ta’rifiga til ojiz hur koʻrinar.
Jon huzuri, dengiz duri, koʻk nuri,
Toʻkilmadi qaysar koʻngling gʻururi.
Bagʻritosh deb, arz aylasam, deysanki:
Feruza ham asli toshning bir turi!
Mayliga baxt uzugiga koʻz boʻlgin,
Armon tili aytolmagan soʻz boʻlgin.
Isming kuylab toʻxtamasin jon qushi,
Yuragimda oʻchmaydigan iz boʻlgin!
2009


Tazarru

Ogʻir jinoyatga qoʻl urdim bexos –
Eng nozik chechakning bagʻrini oʻydim.
Ogʻir jazo bering menga iltimos –
Malagim, men sizni ranjitib qoʻydim.
Quyosh qoni qaynab, qip-qizil botdi,
Osmon qovoq uyib, oy xira tortdi.
Kabira gunohim sochimdan ortdi –
Malagim, men sizni ranjitib qoʻydim.
Mendayin aybdorni koʻrmagan zamon,
Roziman, yomonlang meni beomon.
Yomon koʻrib ketdim oʻzimni yomon –
Malagim, men sizni ranjitib qoʻydim.
Gulga oʻz tikonin ozori yetmas,
Men hatto tikondan battar xoru xas.
Sanchiqdek botyapti koʻksimga nafas –
Malagim, men sizni ranjitib qoʻydim.
Afv eting, ey koʻngli yumshoq guloyim,
Ehtimol kechirar shunda xudoyim.
Yelkamda ketmasin ogʻir xatoim –
Malagim, men sizni ranjitib qoʻydim.
2009


Baxtli Boʻlamiz

Peshonamga mushtoq necha devorlar,
Umid gulshanini qopladi qorlar.
Oʻtib qahratonlar, kelib bahorlar,
Gulim, biz albatta baxtli boʻlamiz!
Hilolning haqqi bor bir kun toʻlishga,
Hech gʻuncha ochilmas erta soʻlishga.
Dunyoga kelgansan baxtli boʻlishga,
Gulim, biz albatta baxtli boʻlamiz.
Gulga nima kerak – suv, quyosh, tuproq.
Yoʻlingda tuproqdek xoksorman mushtoq!
Ishqim oftob boʻlar, mehrimdan buloq,
Gulim, biz albatta baxtli boʻlamiz.
Muz soʻzlar kor qilmas bagʻrim choʻgʻ mening,
Mayda gʻiybatlarga ishim yoʻq mening.
Ertangi kunimdan koʻnglim toʻq mening,
Gulim, biz albatta baxtli boʻlamiz.
Muhabbat toblanar ayriliq chogʻi,
Visoldan shirinroq sogʻinch ham gohi.
Bir goʻzal boʻstonda uchrashib oxir,
Gulim, biz albatta baxtli boʻlamiz.
2008


Kulib Yashang

Qora tunga koʻrk boʻlsa mohtob,
Koinotga nur bersa oftob,
Yoritmasa koʻnglingizni lek
Oy quyoshning yogʻdusi sarob –
Qadri yoʻqdir sariq chaqadek.
Sahrolarni bogʻ etsa koʻklam
Va yozilsa yam-yashil gilam.
Yozilmasa koʻnglingiz, dildor,
Dilingizni tark etmasa gʻam,
Bahor, koʻklam kelgani bekor.
Quchogʻida duri bor dengiz,
Poyoni yoʻq begʻubor dengiz
Yuvolmasa dilingiz dardin,
Qurib bitsin bu badkor dengiz –
Yel sovursin samoga gardin.
Latif she’rlar aytsam sizga deb,
Butun olam tinglasa sevib.
Shodlanmasa koʻnglingiz biroq,
Kun koʻraman ich-etimni yeb –
Gung boʻlganim edi yaxshiroq.
Quvonchingiz uchun, malagim,
Kerak boʻlsa beray yuragim.
Ne desangiz mana men tayyor,
Sizdan faqat bitta tilagim –
Kulib yashang, boʻling baxtiyor!
2010


Otalarga

Haqmi nohaq soʻzlarini
Farmon bilar otalar.
Oʻylamay gul qizlarini
Xazon qilar otalar...
Orzulari tongdan goʻzal
Gul oʻsadi bogʻida.
Ul shoʻrlikning taqdiri hal
Ulfatchilik chogʻida.
Piyolalar mayga toʻlib,
Ichiladi goʻl qasam:
“Nima qildim ulfat boʻlib
Senga quda boʻlmasam!”
Ota rozi – xudo rozi,
Duo olgan unadi.
Oʻzbeklarda shu tarozi,
Bunga hamma koʻnadi.
Qiz ra’yiga zinhor-zinhor
Qaramaydi otalar.
Gul koʻngilda nima gap bor
Soʻramaydi otalar.
Ota qaror qildimi bas,
Kim ters chiqar soʻziga.
Qiziga mos yoʻldosh emas,
Quda tanlar oʻziga.
Bunga faqat haqli oʻzi,
Barini hal qiladi.
Xayolida goʻdak qizi
Nimaniyam biladi.
Qiz ulgʻaygan yillar oʻtib,
Koʻnglida ishq pinhona.
Zuhrolarni sirdosh tutib,
Barchinoyni dugona.
Gul koʻngilda nima savdo
Bilmaydi hech otalar.
Bilsa hamki bunga parvo
Qilmaydi hech otalar.
Karnay-surnay, qoʻsh nogʻora –
Dabdaba toʻy boshlanar.
Qiz topolmay biror chora,
Munchoq koʻzi yoshlanar.
Ketar chogʻi yakunida
Dod solganda choʻkib tiz,
Ota oʻylar: “Toʻy kunida
Yigʻlaydi-da hamma qiz!”
Qaydan kelar shuncha koʻz yosh
Ishi boʻlmas otalar.
Qiz bolaga sira sirdosh
Kishi boʻlmas otalar.
Vaholanki, oʻzlari ham
Oshiq boʻlgan bir zamon.
Ayriliqdan koʻzlari nam,
Gʻamga toʻlgan bir zamon.
Unutganlar qaddi choʻkib,
Bedor oʻtgan tunlarni.
Qiz otasin soʻkib-soʻkib
Oʻksib ketgan kunlarni
Chiqarmang hech esingizdan,
Takrorlamang xatolar –
Toʻydan oldin qizingizdan
Koʻngil soʻrang, otalar!
2006


Qanday Yaxshi

Qanday yaxshi oʻylarimda sening borliging,
Xayolimga nur beradi chehrang surati.
Kiyiklarday hurkakliging, beozorliging,
Qoʻl choʻzmoqqa yetarmidi oshiq jur’ati?!
Orzularing qorday mayin, qorday pokiza,
Otash qalbim taftlarida erib ketguday.
Lekin sendan ketolmayman umidim uza,
Xayolimda masofamiz oson yetguday.
Oliyjanob tuygʻularim joʻsh urgani dam,
Senga oq yoʻl, baxt tilayman, omad tilayman.
Ammo asli eng munosib shahzodaga ham,
Seni aslo bergim kelmas, nima qilay man?!
Chin oshiqqa yori baxtli boʻlsa bas emish,
Bu gaplarga koʻnikolmay yashayman hamon.
Umring bogʻi ichra mensiz oʻtsa yozu qish,
Koʻngling toʻlib, baxtli boʻlib ketishning yomon.
Mayli, barin topshiraman taqdir izmiga,
Muhabbatga oʻrab qoʻyib butun borligʻing.
Achinmayman hayotimning qolgan qismiga,
Qanday yaxshi xayolimda sening borliging!
2009


Ahd

Jonga tegdi alam ozorlar,
Qachongacha oʻksib yuraman.
Yolgʻon iqror, soxta izhorlar...
Muhabbatsiz yashab koʻraman.
Mingga kirib gʻoʻr ekan sevgi,
Peshonasi shoʻr ekan sevgi,
Koʻzi ochiq koʻr ekan sevgi,
Muhabbatsiz yashab koʻraman.
Bugun qizlar suyishni bilmas,
Laylichalik kuyishni bilmas,
Ishq zavqini tuyishni bilmas,
Muhabbatsiz yashab koʻraman.
Charchaganga oʻxshaydi dilim,
Xushomaddan toʻxtaydi tilim,
Alam qilsin sizga, sevgilim,
Muhabbatsiz yashab koʻraman.
Bir kun uchrab nozik gulgʻuncha,
Yuragimga olov solguncha,
Xullas, yana sevib qolguncha,
Muhabbatsiz yashab turaman.
2009


Taqdir

Tirikligim asorati –
Tuygʻularim harorati
Soʻnib boryapti.
Qaysar koʻnglim
Taqdirga jim
Koʻnib boryapti.
Kimdir bilib, bilmay birov,
Qoʻldan ketar imkonjilov.
Kuzak kelmay sochga qirov
Qoʻnib boryapti.
Umr sochdim toʻzonlarga,
Bogʻim toʻldi xazonlarga.
Orzularim armonlarga
Doʻnib boryapti.
Dardim ichga yutgan sarim,
Toʻlib borar dil daftarim.
Koʻrguligim kipriklarim
Koʻmib boryapti.
Tanishtirib omad oʻzin,
Doʻstman dedi, oldim soʻzin.
Bugun esa mendan koʻzin
Yumib boryapti.
Kezib umr bogʻi aro,
Nihol ekdim qaddi raso.
Taqdir menga egri aso
Yoʻnib boryapti.
Qaysar koʻnglim
Taqdirga jim
Koʻnib boryapti.
2008


Sen Yigʻlama

Sevgi tugʻilganda hijron ham hozir,
Bilasan bu dunyo azaldan bir kam.
Oʻlimdan boshqasin chorasi bordir,
Faqat sen yigʻlama, yigʻlama, erkam.
Birovlar oldida egilib boshlar,
Toʻrt yondan yogʻildi malomat toshlar.
Koʻzlaringga toʻlib alamli yoshlar,
Faqat sen yigʻlama, yigʻlama, erkam.
Oʻn besh kun qorongʻu qismat hilolga,
Chin oshiq yetmaydi oson visolga.
Mudhish fikrlarni solib xayolga
Faqat sen yigʻlama, yigʻlama, erkam.
Koʻrasan bu kunlar oʻtib ketadi,
Oysiz qora tunlar oʻtib ketadi,
Tumanlar, tutunlar oʻtib ketadi,
Faqat sen yigʻlama, yigʻlama, erkam.
Guldan shundoqqina meva bitmaydi,
Kulfatlar sabrimni xarob etmaydi,
Faqat koʻzyoshingga bardosh yetmaydi,
Faqat sen yigʻlama, yigʻlama, erkam.
Kulsang yashnab ketar gʻurbatli olam,
Shirin tabassuming eng totli malham.
Kun kelib hatto men oʻlganimda ham,
Faqat sen yigʻlama, yigʻlama, erkam.
2007


Qizginaning Qarashi

Koʻzbulogʻim qaynatgan,
Yuragimning otashi.
Yuragimni oʻynatgan,
Qizginaning qarashi.
Buncha shirin nigohi,
Bundan shirin qarash yoʻq.
Jon oʻrtasa firogʻi,
Bir bor ahvol soʻrash yoʻq.
Tuygʻularin tosh bilan
Toʻsganligi hayratli.
Toshbagʻirda gul-chaman
Oʻsganligi hayratli.
Qachon meni mast etar,
Lablarining gulobi.
Nigohimni xas etar
Kulgichlarin girdobi.
Yonginamda boʻlsa ham,
Unga yeta olmayman.
Sabr kosam toʻlsa ham,
Tashlab keta olmayman.
Jondan oʻtib qiynogʻi,
Ketsam ketay yanchilib.
Uzilmasin nigohi
Yuragimga sanchilib!
2007


Buncha Suluv Qizsiza

Labingizdan rang olgan toza qirmiz gʻunchalar,
Qiyiq qaro koʻzlarda qaydan sehr shunchalar?!
Hech chehraga mayda xol yarashmagan bunchalar,
Bu chiroyni koʻrganlar toʻxtab qolar soʻzsiza,
Buncha suluv qizsiza, buncha suluv qizsiza?!
Koʻngildagi izhorin tezroq sizga aytay, deb,
Ming oshiq ming ovvora vaslingizga yetay, deb.
Tangri sizni yaratgan dunyoni lol etay, deb,
Bu dunyoning ahvoli ne boʻlardi sizsiza?!
Buncha goʻzal qizsiza, buncha goʻzal qizsiza?!
Qomatingiz oldida sarv qaddida koʻrk qolmas,
Bir bor nigoh solganning koʻzlarida erk qolmas.
Sizga boqqan qaroqlar bir lahza ham berk qolmas,
Pari-paykar yo malak, yo joduli koʻzsiza
Buncha sirli qizsiza, buncha sirli qizsiza?!
Bari-bari havasli sizga neki daxldor,
Egningizga yarashgan koʻylagingiz baxtiyor.
Qoʻsh hilol ikki Zuhro ayting yana qayda bor?!
Husn otligʻ samoda eng goʻzal yulduzsiza
Buncha nurli qizsiza, buncha nurli qizsiza?!
Garchi oshiq yurakning tuygʻulari oʻt-olov,
Izhoriga jur’at yoʻq qarshingizda boʻsh-bayov.
Netay qaysar koʻngilga kerakmas boshqa birov,
Aytaymi yo aytmay, deb, umrim oʻtar essiza,
Buncha suluv qizsiza, buncha suluv qizsiza?!
Nozikta’b qiz, soʻzimni ogʻir olmang deyman-da,
Qoʻpol aytgan izhordan ranjib qolmang deyman-da,
Ranjisangiz bir umr ich-etimni yeyman-da,
Omadlining dildori baxtli boʻling bizsiza,
Buncha goʻzal qizsiza, buncha goʻzal qizsiza?!
2008


Bir Ajib Tuygʻu Bor

Bir ajib tuygʻu bor koʻnglimda, goho
Daryodek sokinu jilgʻadek joʻshqin.
Uni ifodalab boʻlmas mutlaqo,
Til ojiz aytmoqqa uning qoʻshigʻin.
Unga boʻysunadi aqlu ixtiyor,
Hukmidan bir lahza ketmasdan nari.
Yugurib xizmatin qiladi xayol,
Sodiq itoatkor bir qul singari.
Uning hukmi bilan koʻzlarda faqat,
Bir surat koʻrinar qayta va qayta.
Til uning zulmidan oladi rohat,
Faqat bir ismni ayta va ayta.
Na aql, na koʻngil, na til, na vujud,
Qarshilik qiladi hukmu ra’yiga.
Agarda istasa borliq, boru bud
Soʻzsiz bosh egadi uning poyiga.
Bu tuygʻu har nedan ustun keladi,
Bu – muhabbat, desam koʻnmaydi yurak.
Sevgi tushunchasi torlik qiladi,
Undan-da buyukroq boshqa nom kerak!
2008


Ayiradi Hushimdan

Oyga andoza yuzlar,
Tundan olingan koʻzlar,
Boldan qorilgan soʻzlar
Ayiradi hushimdan.
Tutash qayrilma qoshi,
Nozli-nozli qarashi,
Dudoqdagi otashi
Ayiradi hushimdan.
Goh araz, goh ozori,
Goh ayoz, goh bahori,
Zulflarining ifori
Ayiradi hushimdan.
Nurdek mayin barmoqlar,
Shirin-shirin titroqlar,
Nozik belu quchoqlar
Ayiradi hushimdan.
Ayrilganman hushimdan,
Bu dunyoga xushim yoʻq.
Kechdim boshqa ishimdan,
Ishqdan boshqa ishim yoʻq.
2008


Koʻnglimni Qoldirib

Bardoshim togʻlardan oz emas,
Sabrimni toʻldirib borasiz.
Azizam, injiqlik noz emas,
Koʻnglimni qoldirib borasiz.
Yomonlar koʻpaygan zamonda,
Yor holin bilmasang yomon-da,
Azoblab xavotir gumonda,
Koʻnglimni qoldirib borasiz.
Gulob deb yo sharob ichdimmi?
Va sarxush aldovga uchdimmi?
Gul deya tikonni quchdimmi?
Koʻnglimni qoldirib borasiz.
Hattoki soyamdan rashk qilib,
Har boʻlar-boʻlmasga ashk qilib,
Kun boʻyi yuragim gʻash qilib,
Koʻnglimni qoldirib borasiz.
Oxiri paymonam toʻladi,
Muhabbat chechagi soʻladi.
Oʻshanda juda kech boʻladi,
Koʻnglimni qoldirib borasiz.
2009


Soʻzsiz Sevgi

Gʻoyat latif soʻzlar tanladim,
Sen haqingda she’rlar bitmoqqa.
Barcha tashbeh ojiz angladim
Ta’rifingni ado etmoqqa.
Gʻoyat nafis ranglar tanladim,
Suratingni chizay deb, erkam.
Qiyosi yoʻq chehrang angladim
Tongdan yorugʻ ranglardan koʻrkam.
Gʻoyat mayin ohang tanladim,
Kuylamoqqa chiroying dilbar.
Cholgʻularni tinglab, angladim
Kuyga sigʻmas madhing muqarrar.
Gʻoyat goʻzal gullar tanladim,
Guldastaga toʻlsin quchogʻing.
Chamanlardan a’lo angladim
Bittagina gʻuncha dudogʻing!
Hamma narsa men kabi noʻnoq,
Nechun kerak notugal izhor.
Mehr toʻla koʻzlarimga boq,
Seni soʻzsiz sevaman dildor!
2009


Qora Qiz

Bir keldingu bir kuldingu sehrlab ketding,
Koʻzlarimga suratingni muhrlab ketding,
Sinovlardan oʻtgan aqlim chorasiz qoldi,
Qalbim, sabrim va oromim oʻgʻirlab ketding.
Bor goʻzallik oppoq pari-hurlarda derdim,
Yuzlarida jilvalangan nurlarda derdim.
Qoramagʻiz chehrada ham shuncha malohat...
Alloh, Alloh, qudratingga yana tan berdim!
Ey xudoning moʻ’jizasi, ey qoshi baxmal,
Yuzing, koʻzing, tabassuming olamga sayqal.
Ojizlarga bor san’atin etmish namoyon
Seni ijod qilganida naqqoshi azal.
Endi menga kerak emas qadah toʻla may,
Sarxush boʻldim gulobingdan bir tatim ichmay.
Ta’rifga soʻz topolmadim senga munosib
Aylanayin yarashiqli kulgichingdan-ay!
Bir keldingu ketding, shundoq etganing yaxshi,
Mensiz murod maqsadingga yetganing yaxshi.
Oʻzimdan ham, koʻzimdan ham asrayin seni,
Men bilmagan tomonlarga ketganing yaxshi.
2008


Nilufar

Nilufar – chehrasi gullardan gulgun,
Nilufar – koʻklardan toʻkilgan yulduz!
Koʻksimda barq urib gullaydi bir kun –
Nilufar – koʻnglimga koʻmilgan ildiz!
Koʻrib bir lahzada angladim, bildim,
Men endi nochorlar ichra bechora.
Chehrasiga boqib xayollar qildim:
Labida tabassum boʻlsaydim zora.
Begʻubor kulgisi buloqday tiniq,
Erkalik, shoʻxligi parilarga xos.
Boʻgʻzimdan uzilib ketdi xoʻrsiniq,
Soʻz topa olmadim chiroyiga mos.
Men unga eng sara tashbehlar aytdim,
Shohbaytlar oʻqidim qator va qator.
Soʻzimdan qoniqmay tushunib yetdim:
She’riyat noʻnoqdir, shoirlik bekor!
Nilufar – soʻzlarga sigʻmas malohat,
Nilufar – ta’rifi cheksiz, adosiz.
Behuda chiranmay, husniga faqat
Jim termulmoq kerak, soʻzsiz, sadosiz.
2008


Sevgiparast

Bir lahza lol qoldim sukutda,
Asir etdi koʻzlari xumor.
Shafqat qilgin, yuragim bitta
Menga bunday qarama, dildor.
Qarashlaring jonimga yetar,
Koʻnglim behad baxtiyor etar.
Yuragim tars yorilib ketar,
Menga bunday qarama, dildor.
Nigohlaring buncha yoqimli,
Labing xuddi gʻuncha yoqimli.
Qancha boqsam shuncha yoqimli,
Menga bunday qarama, dildor.
Suzuk koʻzlar sabrimga sinov,
Vujudimga tashlaydi olov.
Qoʻldan ketar ixtiyor, jilov...
Menga bunday qarama, dildor.
Sevgiparast shoir bolaman,
Hozir aniq sevib qolaman.
Oʻng yuzingdan oʻpib olaman,
Menga bunday qarama, dildor.
2008


Yashayman

Qismatning eng ogʻir yuki yelkamda,
Yurakda adoqsiz hasrat, yashayman.
Hijron iqroriga boʻyin egsam-da,
Men sizni koʻnglimda asrab yashayman.
Izimdan avaylab gulbogʻingizni,
Koʻksimdan avaylab quchogʻingizni,
Labimdan avaylab dudogʻingizni,
Kavsar yoqasida chanqab yashayman.
Sizga talpinadi telba hislarim,
Behimmat olamdan yolgʻiz izlarim.
Hurkak nigohingiz tutsa koʻzlarim –
Falak shamshiridek chaqnab yashayman.
Oydin jamolingiz, jilvangiz mayin,
Chehrangiz qoʻmsayman termulgan sayin,
Oʻngimda yodimdan ketmaysiz tayin,
Tushimda nomingiz alqab yashayman.
Qachondir hajrdan tolarsiz, deya,
Qoʻlga ishq sharobin olarsiz, deya,
Bir kuni yoqtirib qolarsiz, deya,
Har kuni oʻzimni aldab yashayman.
Istagim ijobat etmassiz garchi,
Sevgiga boshingiz egmassiz garchi,
Pokiza farishta emassiz garchi,
Men sizni koʻnglimda asrab yashayman.
2002


Yolgʻon

She’r oʻqib tahsinlar kutganligim rost,
Olqishni may kabi yutganligim rost,
Oʻzimni shoirdek tutganligim rost,
Bundan boshqa ta’ma etganim yolgʻon.
Chindan oʻn sakiz yosh – sargashtlik sayli,
Lahzada ming turfa balogʻat mayli.
Hamon qalbimdagi soflik tufayli
Sizdan koʻngil uzib ketganim yolgʻon.
Rosti koʻp yiqildim ravon yoʻlda ham,
Yoʻlimda yoʻq yerdan yoʻldosh boʻldi gʻam.
Dardimga sultonlar quloq tutgan dam,
Dil yorib, dodimni aytganim yolgʻon.
Qolmay deb gʻavgʻoyu minnatlariga
Berkindim yuragim xilvatlariga.
Qoʻl siltab ketganman himmatlariga,
Yolvorib ortimga qaytganim yolgʻon.
Kun kelib, qaytmoqni ixtiyor etsam,
Visoldan dil uzib, yuz burib ketsam.
Shu bilan murodu maqsadga yetsam,
Murodu maqsadga yetganim yolgʻon.
2002


Hurmat Chegarasi

Sizga hurmatimning chegarasi bor,
Undan uyogʻiga yoʻlamang zinhor.
Yoʻqsa koʻnglingizga ogʻir olasiz,
Meni yomon deya oʻylab qolasiz.
Nahot ayb sanalsa qadrim bilganim,
Oʻzimni siz kabi hurmat qilganim.
Agar shunday boʻlsa, mayli, yomonman.
Men ham Yaratganga aziz insonman!
2010


Boy Buvaning Oy Qizi

Bu qismatning yozigʻi –
Koʻngling tilar-tilamas,
Boy buvaning oy qizi
Ishq neligin anglamas.
Oy oʻrgangan osmonga,
Yerga sira qoʻnmaydi.
Oftobdan oʻzga jonga
Ming yolvorgin koʻnmaydi.
Choʻpchaklar bari roʻyo,
Ishonma hech yolgʻonga.
Malika ikki dunyo
Yor boʻlmagan choʻponga.
Bekor yigʻlab kuyganing,
Topolmaysan yoʻq iloj.
Malikaning suygani
Tillo qasr, oltin toj.
Bu qismatning yozigʻi
Ming tilagin oʻchmaydi.
Boy buvaning oy qizi
Qaro yerni quchmaydi.
2002


Koʻngil Uzmayman

Uzun ekan dunyoning dasti,
Yengimoqqa chora izlayman.
Siz oʻzgaga mushtoqsiz rosti,
Bilamanu koʻngil uzmayman.
Oshiqmaysiz istiqbolimga,
Koʻchangizni qancha kezmay man.
Darbadarman, oʻz ahvolimga
Kulamanu koʻngil uzmayman.
Koʻz yoshlarim yuvdi yoʻlimni,
Oʻz yaramni oʻzim tuzlayman.
Sizni oʻylab takror dilimni
Tilamanu koʻngil uzmayman.
Durkun umrim boʻldi za’faron,
Yoʻl yarmida horgʻin kuzlayman.
Zoʻr kelsa gar qismati hijron,
Oʻlamanu koʻngil uzmayman.
2002


Iqror

Soʻzga sigʻar hislarimni bayon etdim,
Ming ohangda istagimni ayon etdim.
Gʻaflat bilan yarim umrim poyon etdim,
Endi sizga tortiq hatto uyqularim,
Soʻz bagʻridan joy topmagan tuygʻularim.
Tilim tolmas sano aytib sanamlarga,
Na sultonman koʻngil moyil haramlarga.
Faqirligim solar, yo Rab, alamlarga,
Nahot shuncha mayda mening qaygʻularim?
Yuragimda qolib ketgan tuygʻularim.
Siz dunyoni poklash uchun yetardingiz,
Balki meni Hoji Ahmad etardingiz,
Rosti, yerdan qadr topmay ketardingiz,
Asli ruhi behisht bilan uygʻunlarim,
Yuragimda qolib ketgan tuygʻularim.
Yolgʻon yashab nafsimga hech nizoim yoʻq,
Qilmishimdan qiyofamda izoim yoʻq.
Baxtsizligim – bu dunyoda jazoim yoʻq,
Xatar etsa qiyomatning qutqulari,
Asrang meni izhori yoʻq tuygʻularim.
2001


Sal Avval...

Sal avvalroq yashar edim oʻynab-kulib,
Yurakkinam oshno edi halovatga.
Bir lahzada baxtga toʻlib, baxtsiz boʻlib,
Qismatimni koʻmdim afsus-malomatga.
Sal avvalroq bormi eding, boʻlsang qandoq
Yashay oldim sendan olis va bexabar?
Nahot endi menga qismat boqiy firoq,
Nahot endi ishqim benaf va besamar?
Sal avvalroq olov yangligʻ gʻunchamiding,
Kapalakka boʻy bermagan, bosh egmagan.
Gulim, hayhot ertak endi gʻunchaliging –
Yomgʻir oʻpgan dudogʻingga lab tegmagan.
Sal avvalroq bilganimda edi Laylim,
Majnun koʻnglim toʻlmasmidi ogʻriqlarga.
Ikki dunyo ichra seni bermas edim
Muhabbatni hirs anglagan fosiqlarga.
Sal avvalroq iqbol oʻchdi peshonamdan,
Dilim oʻldi, dilsiz yashab netay endi.
Ishqsizlarga visol tutgan bu olamdan,
Sal avvalroq boshim olib ketay endi.
2001


Tushimdagi Qiz

Yuragimni qiynaydi bir his,
Fikrlarga sigʻmagan tuygʻu.
Tushlarimga kiradi bir qiz,
Mendan uni qizgʻonar uyqu.
Har kechada odatiy takror:
Koʻzim yumsam, uning dargohi.
Masofasi bir qadamcha bor,
Koʻrinmaydi yoʻlning adogʻi.
Ruxsoriga oxir yetdimu,
Silay dedim, sochlari yalpiz.
Uyqu uni olib ketdiyu,
Yana qoldim tong bilan yolgʻiz.
Toʻxtab borar olov yuragim,
Nahot dilda qiyomat qaygʻu.
Visolidir yolgʻiz tilagim,
Mendan uni qizgʻonma uyqu.
2001


Aldovlar Bas Endi

Mening gʻururimni osmondan soʻra,
Lekin ishq boshimni egdi, gulijon.
Yigʻloqi shoirlik sendan ham koʻra
Oʻzimning jonimga tegdi, gulijon.
Quyoshdan charogʻon chehrangni koʻrib,
Junun sahrosida aqldan ozdim.
Qoʻlingdan bir bora tutmasdan turib
Qaynoq boʻsalaring haqida yozdim.
Yolgʻon baytlarimda men chalolmagan
Zulfing qoʻngʻirogʻin jaranglari bor.
Oshiqlar takrora aytib tolmagan
Sevgi izhoriga boʻlganman iqror.
Tugal baxtli edim yana she’rimda –
Bogʻlarni yonma-yon kezganmiz sarxush.
Bugun ogʻriq turdi mushtdek yerimda,
Nahot umrim bori xayol ila tush.
Aldovlar bas endi muhabbat aro,
Farhodu Majnunlar menga dars emas.
Qoʻlimga qoʻlingni tutgil, diloro,
Yolgʻonsiz yashayin hech yoʻq bir nafas.
2004


Qoʻrquv

Ey raqiblar, biling hech naf yoʻq,
Yuragimga qutqu solishdan.
Bor qoʻrquvim – koʻnglimdagi choʻgʻ
Olovlanmay oʻchib qolishdan.
Isyon bilan hamnafas yashash
Meros Mashrab bobodan menga.
Taft oladi dildagi otash,
Mudroq qalbi muzlarni yenga.
Saodatga birinchi rahna –
Indamaslik, rozilik, jimlik.
Tomoshangni bas qil, ey sahna,
Jonga tegdi tomoshabinlik.
Dardlari koʻp dil daftarining,
Koshki barin bayon etolsam...
Oʻlganim shu – ilhom parining
Shivirini anglolmay qolsam.
Ado etar kim mening farzim,
Bosh koʻtarmay yotsam bolishdan?
Qoʻrqaman koʻp dunyodan qarzim
Uzmay turib ketib qolishdan.
2004


Iltijo

Azon. Bomdod. Ibodatga ibtido,
Albatta ijobat neki tilasang.
Ey barcha asrordan xabardor Xudo,
Sendan nima tilashimni bilasan:
Taqdir kulib, tolening eng yorugʻi
Hamroh boʻlsin dehqon bobo yoʻlida.
Yulduzdek sochilsin bugʻdoy, tarigʻi,
Hilol oltin oʻroq boʻlsin qoʻlida.
Maydon ichra ot chopganda chavandoz,
Chaqmoq otsin tulporining tuyogʻi.
Davralarda koʻkrak kersin qaddi gʻoz,
Gʻurur boʻlsin er yigitning bayrogʻi.
Kibr ketib ul qiz nafaslaridan,
Yuragini ishq qonida ranglasin.
Bu dunyoning hamma havaslaridan
Yorlik baxti afzalligin anglasin.
Yana koʻpdir iltijoyim, duoyim
Tilaklarim buyuk haddi a’losi –
Shu millatga bir dard bergin, Xudoyim,
Ahillikda boʻlsin uning davosi.
2004


Erka Qiz

Oʻynab oʻsdik, ey pariruxsor,
Muhabbatga yetdi yoshimiz.
Sen – erka qiz, men – erkin shunqor,
Bogʻlab boʻlmas bizning boshimiz.
Bolalikdan oʻjarman oʻzi,
Qaytarim yoʻq aytar soʻzimdan.
Oʻpib olsam, tarsakchang izi
Ketgani yoʻq hamon yuzimdan.
Yugurardim qoʻlingdan tortib,
Yoqar edi hamma shoʻxligim.
Sochingdagi oroyish, tartib
Anglatardi mening yoʻqligim.
Soʻng arazlar oʻrniga nozlar
Bolalikning rishtasin uzdi.
Kundan-kunga nozik pardozlar...
Oʻyinimiz balogʻat buzdi.
Hadiksirab yuragim qurgʻur,
Ketib qoldim yoningdan koʻchib.
Ey erka qiz, seni bir umr
Arazlatib qoʻyishdan choʻchib.
Hozir olis yashayman va lek,
Muhabbatim haddan ziyoda.
Ishon, seni hech kimsa mendek
Sevolmaydi ikki dunyoda!
Oʻynab oʻsdik, ey pariruxsor,
Muhabbatga yetdi yoshimiz.
Sen – erka qiz, men – erkin shunqor,
Bogʻlab boʻlmas bizning boshimiz.
2004


Sevgilim

Koʻkka termulaman tunda oʻy surib,
Yulduzlar ishqimga guvoh, sevgilim.
Shunday suluvsanki, yoningda yurib,
Seni sevmay yashash – gunoh, sevgilim.
Isming Gul, iforing guldan xushboʻyroq,
Fasllar almashar sen oʻsha-oʻsha –
Shabnamdan pokiza, oydan xushroʻyroq,
Lahzalar oʻtadi yana koʻrk qoʻsha.
Sen kulsang chamanlar qoʻshilib kular,
Labing tabassumi – olam quvonchi.
Dunyoning boshiga malomat boʻlar,
Munchoq koʻzlaringdan tomgan har tomchi.
Hayotga kelganman visoling uchun,
Benavo umrimga mazmun xayoling.
Yurakda avjlanar tugʻyon kundan-kun,
Yangidan sevdirar tildagi boling.
Oʻxshashing yoʻq sening, boring boshqacha,
Ne qilay ayt, ey Gul, nozing sogʻinsam?!
Qaysar dil koʻnmaydi sendan boshqaga
Netay yolgʻiz oʻzing qalb ardogʻimsan.
2004


Kulgusi Qoʻngʻiroqdek Qiz

Ma’yus, mahzun xayol surasan,
Koʻz oʻngimda oʻksib turasan.
Ey kulgusi qoʻngʻiroqday qiz,
Nima qilsam kulib yurasan?!
Koʻhiqofni tolqon etaymi,
Sahrolarni boʻston etaymi,
Yo ishqimni doston etaymi,
Nima qilsam kulib yurasan?!
Gʻam buluti toʻrt tomon qochib,
Oftob yuzing yozdular sochib,
Kulgichlaring chiroying ochib,
Nima qilsam kulib yurasan?!
Har kimga mos tuygʻu yarashar,
Mana menga qaygʻu yarashar.
Senga faqat kulgu yarashar,
Nima qilsam kulib yurasan?!
Ruhu dilim ogʻrir qaygʻudan,
Meni qutqar ogʻir qaygʻudan.
Xalos boʻlay oxir qaygʻudan –
Nima qilsam kulib yurasan?!
2009


Goʻzallar

Yuragim-ey, boʻldi bas
Koʻz yoshingni art endi.
Aldovlarga qasdma-qasd
Yashashimiz shart endi.
Azal soʻzi asallar
Ozor uchun yaralgan.
Asli hamma goʻzallar
Bozor uchun yaralgan.
Hozir visol bogʻiga
Eltolmaydi yoʻlimiz.
Chorlaydi quchogʻiga
Uzayganda qoʻlimiz.
Koʻz yosh emas oʻshanda,
Visol mayin ichamiz.
Gul yuzlarni gulshanda
Tanlab-tanlab quchamiz.
Azal soʻzi asallar
Ozor uchun yaralgan.
Asli hamma goʻzallar
Bozor uchun yaralgan.
2003


Shaharda

Oyoqlar ostidan yemish qidirib,
Shovqindan qoʻrqmaydi shaharlik qushlar.
Olamon ichiga oʻzini urib,
Pista poʻchoq bilan nafsini xushlar.
Asfal't yoʻlaklarning chokini soʻkib,
Isyon koʻtaradi nozikqad maysa.
Qoʻysang ham ustidan toshlarni toʻkib,
Baribir koʻtarib chiqadi nayza.
Ortiq tinglamaydi birovni birov,
Har kim oʻz holicha yashashni oʻylar.
Ozod bulutlarning yoʻllarida gʻov –
Qani kim oʻzarga boʻy choʻzgan uylar.
Shaharda fursat ham shoshqaloq juda,
Olifta qizlardek ortiga boqmas.
Yonib-kuyishlaring bari behuda,
Mudroq koʻngillarga muhabbat yoqmas.
Qadim qonunlari qat’iy makon bu:
Hammani bir koʻyga solib qoʻyguvchi.
Aldovga farovon turmush beraru
Dillardan shafqatni olib qoʻyguvchi.
Men ham shu muhitda ulgʻaydim, Ona,
Garchi bolaligim begʻubor oʻtgan.
Yoningizga qaytgim keladi yana,
Afsus, u tuygʻular meni unutgan.
Singlim deb kuyardim qizgʻaldoq uchun,
Bugun kiprigimda eski yosh qotgan.
Yuragim oʻrnida mushtdek bir tugun,
Dildoshlik yoʻqolgan, diydam tosh qotgan.
Ammo men asroldim tanish tuygʻuni –
Bolalik zavqlari yodda qolarkan.
Umrim adogʻida oxir bir kuni
Kapalak qanoti qarshi olarkan.
2004


Sirdaryo

Senga aytay sharhi dilimni,
Anduhlarim ketgaz, Sirdaryo.
Ishqim ramzi – atirgulimni
Suyganimga yetkaz, Sirdaryo.
Harirqanot pariday suzib,
Bir qiz ketdi oromim buzib.
Niyat qildim bitta gul uzib –
Suyganimga yetkaz, Sirdaryo.
Sovchim boʻlsin suving oqimi,
Borib aytsin koʻnglim ohini.
Gulim olsin dilim sohibi,
Suyganimga yetkaz, Sirdaryo.
Garchi yerda tomchi – munchoqsan,
Amudan keng haybating boqsam.
Tohir boʻlib bagʻringda oqsam,
Suyganimga yetkaz, Sirdaryo.
Umrim oʻtar uning oʻyida,
Sarson oʻtmay hijron koʻyida.
Yashar emish sohil boʻyida,
Suyganimga yetkaz, Sirdaryo.
Yaprogʻiga yozib qatma-qat,
Quchogʻingga otdim bir gulxat.
Yozganim sir, aytsang ham faqat
Suyganimga yetkaz, Sirdaryo.
2003


Yoshingizni Aytib Turar

Boʻylarimiz boʻylagani yoshman, deysiz,
Birovlarni oʻylagani yoshman, deysiz.
Ishq kuyiga oʻynagani yoshman, deysiz,
Yoshingizni aytib turar koʻzlaringiz!
Oʻn sakkizda barchinoylar boʻyga yetar,
Boychiborli Alpomishni orzu etar.
Sevga yoʻq, deb ovozingiz titrab ketar,
Yoshingizni aytib turar soʻzlaringiz,
Kecha toʻptosh oʻynagan qiz – erta kelin,
Momolari tilab qolar yorugʻ yoʻlin.
Jamolingiz oʻn besh kunli oydan toʻlin,
Yoshingizni aytib turar yuzlaringiz.
Jon rishtasi sochingiz har tolasida,
Suratingiz koʻzlarimning qorasida.
Yurakdek qon atirgulzor orasida
Yoshingizni aytib turar izlaringiz.
Yod bilasiz ming noz ila karashmani,
Arazlaru, achchiqlaru har nimani.
Yoshman hali, deb aldaysiz buncha mani
Yoshingizni aytib turar hislaringiz.
2003


Shu Qizchaga Mehrim Boʻlakcha

Yorim bilan yonma-yon yuray,
Uzayaqol qisqa yoʻlakcha.
Uzoq-uzoq suhbatlar quray,
Shu qizchaga mehrim boʻlakcha!
Koʻrgim kelar koʻrganim sari,
Jonni qiynar hijron xatari.
Aynitmasin dugonalari,
Shu qizchaga mehrim boʻlakcha!
Dunyo gulzor – chiroyi toʻkin,
Tanlab nigoh tashlasang sekin,
Goʻzallar koʻp, goʻzallar, lekin
Shu qizchaga mehrim boʻlakcha!
Oshiq uchun visolkun – bayram,
Doim birga shodlik va alam.
Achchiqlari shirinki biram,
Shu qizchaga mehrim boʻlakcha!
Kelar ismin takror soʻragim,
Barmogʻimga zulfin oʻragim.
Tars yorilar hozir yuragim,
Shu qizchaga mehrim boʻlakcha!
2003


Siz Meni Eslaysiz

Siz meni eslaysiz, la’li labingiz
Toza tabassumni sogʻinganida.
Qizgʻaldoq bargidan nozik qalbingiz
Dilozor soʻzlardan ogʻringanida,
Siz meni eslaysiz.
Quloqqa aylanib jonu jismingiz
Qadrdon tovushga zor boʻlganida,
Mening lafzimdagi goʻzal ismingiz
Ishqsizlar tilida xor boʻlganida,
Siz meni eslaysiz.
Qalbingiz tubida qolgan soʻzingiz
Tunlar uyqu bermay qiynaganida,
Nogoh suratimga tushib koʻzingiz,
Bedor yuragingiz oʻynaganida,
Siz meni eslaysiz.
Shirin xotiralar yodingiz buzib,
Xumor etganida erkaligingiz,
Chidolmay sadoqat rishtasin uzib,
Unutib bir uyga bekaligingiz,
Siz meni eslaysiz.
Men unda yoqimli ertakka choʻmib,
Ketaman eng uzoq tushdan-da olis.
Koʻrmoqchi boʻlasiz koʻzingiz yumib,
Dunyoni unutib, hammadan xolis
Siz meni eslaysiz...
2003


Dildorim

Yuragimga oʻt soldi
Istarangiz tafti, yor.
Aql chorasiz qoldi,
Qoʻldan ketdi ixtiyor.
Xalovatim yoʻqoldi,
Boʻldi zorlik baxti yor,
Ohi yeru falakni
Yoqmoq uchun, dildorim,
Ishq otashi kerakmi
Chaqmoq uchun, dildorim?!
Umrim misli chaqindir,
Bir yalt etib oʻchgayman.
Shart siltansam tagʻin bir,
Qayta koʻkka uchgayman.
Vido oni yaqindir
Sizni qachon quchgayman,
Ming tirildim, ming oʻlib,
Yoqmoq uchun, dildorim.
Koʻzingizga termulib,
Boqmoq uchun, dildorim.
Jafo tortay har kuni
Sizga jafo xush boʻlsa,
Qismat tutay uyquni
Visolingiz tush boʻlsa,
Sochlaringiz toʻlqinu
Qoʻllarim oqqush boʻlsa...
Tiz choʻkay poyingizda
Yoqmoq uchun, dildorim,
Ziloliy sochingizda
Oqmoq uchun, dildorim.
Oson ishq imkonida
Ado etmoq maholni –
Yuragim sandonida
Uzuk etgum hilolni.
Ketmayin armonida
Shu javobsiz savolni:
Ayting, ne qilay sizga
Yoqmoq uchun, dildorim,
Oyni barmogʻingizga
Taqmoq uchun, dildorim!
2002


Yoʻq

Siz deb oʻzligimdan tonib charchadim,
Behuda xayolga tolib charchadim.
Qizgʻonib charchadim, yonib charchadim,
Endi rashk oʻtida kuyishlarim yoʻq.
Boring, boravering oʻz yoʻlingizdan,
Tutib qololmadim oʻng qoʻlingizdan.
Biri ochilmagan oʻn gulingizdan
Koʻklam iforini tuyishlarim yoʻq.
Sizga xush keladi koʻngillar sayli,
Sevgidan yotlarga yor boʻling mayli.
Siz endi devona Majnunsiz Layli,
Mening telba boʻlib suyishlarim yoʻq.
Bilmaysiz, boryapsiz qay manzil sari,
Joningiz koyitmas olov xatari.
Ey koʻnglim dilbari, olam gavhari,
Koʻzimga berkitib qoʻyishlarim yoʻq.
Qay mahal sizni bir quchib qoʻygandim –
Bilmay ishq sharobin ichib qoʻygandim.
Visolsiz dunyodan kechib qoʻygandim,
Hijronda jonimdan toʻyishlarim yoʻq.
2002


Zerikish

Imillaydi soat millari,
Bir fursatni ikki bor sudrab.
Umrimizning oltin yillari
Darsxonada oʻtyapti mudrab.
Jonga tegar egiz saboqlar –
Shakli turfa, mohiyati bir.
Quchoqlashib asta qaboqlar,
Orom istab tuzadi tadbir.
Toʻldirolmas tasavvurimiz
Cheksizlikning xayoloti ham.
Koʻtarolmay orzu-sirimiz
Oqsab qolar xayol oti ham.
Kundan-kunga umr yolgʻizrang,
Borgan sari mazmunsiz hayot.
Koʻnglimizni yoritar arang,
Oshiqona eng goʻzal bayot.
Yoʻl olamiz yagona izdan,
Koʻnikamiz va oxir shunga.
Hadiksirab toleimizdan,
Koʻz tikamiz ertangi kunga.
2003


Muhammad Yusufning Aytganlari

Chin shoir haq soʻzni aytar,
Agar haqni demassan,
Bitsang hamki sara baytlar,
Asl shoir emassan.
Nom topib el orasida
Xalq gʻamini yemassan.
Baxshida et ming qasida,
Xalq shoiri emassan.
Atirgulga kapalakning
Shivirini sezmassan,
Ishqsiz ekan tor yuraging,
Demak shoir emassan.
Onang kutsa ertayu kech,
Bir yilda bir kelmassan.
Qoʻy mehrdan soʻz ochma hech,
Aslo shoir emassan.
Tinglaganda zoʻr bitta she’r,
Dildan qoyil emassan.
Borligʻingni baxillik yer,
Shoir-poir emassan.
2002


Ey Sen Quyosh...

Ey sen quyosh, bagʻri otash, mangu bedor,
Xarorating koinotni serfayz etar.
Mening uygʻoq koʻnglimda ham ishq oʻti bor,
Oʻn sakkiz ming olam uchun tafti yetar.
Kel, ikkimiz dardlashamiz otashzabon,
Dunyolarga oʻt tutashsin ohimizdan.
Yolgʻizlikning hasratlari oʻrtar yomon,
Ikkimiz ham ayrilganmiz mohimizdan.
Men sahroda, sen samoda sarson yurib,
Majnunsifat dunyokezar devonamiz.
Koʻksimizda milliard yillik yogʻdu turib,
Hijron tuni shu’la istab parvonamiz.
Sen ovvora izhori dil soʻzlaringni
Nurga koʻmib, yoring tomon yoʻllagan dam,
Ishq havasi berkitibdi koʻzlaringni,
Koʻrinmabdi oy yuzining dogʻlari ham.
Men ham uni mengzab koʻkning hiloliga,
Firoqida senday kuyib she’rlar aytdim.
Qadrim bilmas satang dildor jamoliga
Yuz ming hissa husn qoʻshdi har bir baytim.
Qoʻy, qismatdosh, kuyma ortiq, magʻrur yasha,
Atrofingda sayyoralar parvonadir.
Men ham yor deb sado bersam togʻlar osha,
Bir ohimga mingta chaman mastonadir.
Zorlik yetar , xorlik yetar , alqissa shu:
Sen hilolga, men visolga yetolmaymiz.
Bizga Azal Kotibining bitgani bu!
Bilamizu koʻngil uzib ketolmaymiz.
2006


Nozli Gulim

Nozli gulim yuz ochganing chaman boʻldi,
Iforingga daydi yellar vatan boʻldi.
Shabbodalar oʻgʻirlagan har yaprogʻing,
Mening gʻarib ishqim uchun kafan boʻldi.
Oʻz koʻnglimda sendan lahza koʻz olmadim,
Ammo daydi shamollarni toʻsolmadim.
Tongdan toza nigohingni asragani
Koʻzlaringda kiprik boʻlib oʻsolmadim.
Endi gavhar sadafidan uziladi,
Kiprigingda marjon boʻlib tiziladi.
Insonga yo baxt, yo husn berar ekan,
Chiroyinga boqsam jonim eziladi.
Koʻnglim kuyar armon bilan gʻam dogʻida ,
Poyon bormi bu qismatning qiynogʻida?!
Yurak dogʻim oʻrtar meni qabrimda ham
Boʻy koʻrsatib qizgʻaldoqning yaprogʻida.
Shabbodalar ahvolimni bilib keting,
Men oʻtganda qabrimga bir kelib keting.
Titrab yana oʻtmishimni eslatmasin,
Qizgʻaldogʻim yaprogʻini yulib keting.
2005


Siz

Siz shunchalar goʻzalsiz, erkam,
Sizni sevmoq eng buyuk sharaf.
Siz tufayli bu dunyo koʻrkam,
Siz bir taraf, dunyo bir taraf.
Soya solar oyga yuzingiz,
Shuning uchun goʻzallik mohi
Jamolida xijolatli iz,
Zulmat ichra berkinar gohi.
Sochingizda poklanmoq tilar,
Bahorning eng toza sabosi.
Atay sizni sogʻinib kelar,
Hilviratib koʻklam libosin.
Koʻz yumsangiz, qaroqlaringiz
Qoʻmsab qora kiyadi olam.
Tutqich bermas nigohlaringiz
Hurkakroqdir ohulardan ham.
Koʻksim ichra ismingiz tugun,
Yuragimni yecha olmayman.
Men dunyodan kechmogʻim mumkin,
Lekin sizdan kecha olmayman.
2002


Qani Endi Imkoni Boʻlsa

Qani endi imkoni boʻlsa,
Ayrilmasam sendan bir nafas.
Yuragimda ming orzu havas,
Qani endi imkoni boʻlsa...
Nogohoniy uchrashuv uchun
Har kun yoʻling poylab turaman,
Mahallangda oylab yuraman,
Kelgin endi, ahvolim tushun!
Kelgin endi, koʻzlarimga boq,
Biyobonda qirq yil bemajol,
Kezgan tashna yoʻlovchi misol
Visolingga mushtoqman-mushtoq.
Kechdim necha parvonalardan,
Sen koʻnglimning yolgʻiz matlabi.
Koʻzingdagi kipriging kabi
Asray deyman begonalardan.
Umrim oʻtsa sochlaring silab,
Yuzim yuvsam buloqlaringga.
Singib ketsam qaroqlaringga,
Bir umrlik saodat tilab.
Sen xazonsiz bogʻim, bahorim,
Jannatlarni qilmayman havas.
Menga oʻzga ma’vo kerakmas,
Sen boʻlsang bas yonimda, yorim!
2004


Qizgina

Yor qoʻynida ishq taftidan shu’la ichib,
Oftob koʻrgan oy misoli toʻl, qizgina.
Mungligʻ onang hamda mening baxtim uchun
Sen hamisha sogʻu omon boʻl, qizgina.
Quloq tutsam, zarra gʻam yoʻq soʻzlaringda,
Ammo pinhon oʻkinch zohir yuzlaringda.
Bu ne qismat – kulsang hamki koʻzlaringda
Anduhlaring yulduzlardan moʻl, qizgina.
Arzir osmon manzil boʻlsa asli senga,
Munosibdir malikalar qasri senga.
Urmish kimning gunohlarin kasri senga,
Tikonidan ozorlangan gul, qizgina.
Kemtikbagʻir nayning mungli navosi bor,
Yaratganning suyganiga atosi bor.
Qaygʻurma koʻp, har ogʻriqning shifosi bor,
Koʻz yoshidan yostiqlari hoʻl, qizgina.
Koʻngil yorsam, keng koʻnglimga dunyo sigʻar,
Lekin darding sendan koʻra meni siqar.
Ishon, bir kun qadamingga peshvoz chiqar
Toleingda tongdan yorugʻ yoʻl, qizgina.
Goʻdakdayin ma’sumginam, hasrat nechun?
Yayrab yasha, oy qizgina, gul qizgina.
Sensiz dunyo boʻlolmaydi bagʻri butun,
Bu dunyoning baxti uchun kul, qizgina.
2004


Sevgidan Shirin Visol

Yolgʻizim, bizlarni siyladi taqdir,
Ming usulda toʻsdi borar yoʻlimni.
Sevgimiz bezavol yashaydi, axir –
Visol – muhabbatning goʻzal oʻlimi.
Iqbol Mirzo
Muhabbat, ilk sevgi va ishq haqida
Dostonlar bitildi, aytildi she’rlar.
Hamon yashab kelar koʻhna aqida:
“Visol – muhabbatning oʻlimi”, derlar.
Balki bu – yoriga yetolmay ketgan,
Chorasiz oshiqning soʻnggi yupanchi.
Qani kim koʻnglining tubiga yetgan,
Qachon oxirlagan muhabbat ganji.
“Sevgilim bizlarni siyladi taqdir”,
Ketmoqqa shoshilma vidolar ayta.
Koʻzlaring, hayotbaxsh nafasing axir
Oʻlgan tuygʻularga jon berar qayta.
Muhabbat otashi soʻnadi nechun,
Lablaring choʻgʻlanib, dilga oʻt yoqsa?!
Koʻnglimda ishqguli yashaydi durkun,
Koʻksimda ziloliy sochlaring oqsa.
Balki anglolmasman ayriliq sirin,
Majnun qismatiga qilmayman havas.
Sevgilim, visoling sevgidan shirin,
Menga sen keraksan, muhabbat emas!
2006


Uygʻonsam

Uygʻonsamu, tush boʻlsa bari,
Seni ilk bor koʻrganim mahal.
Xayolimdan ketmaydi nari,
Hayotimga beradi sayqal.
Uygʻonsamu, tush boʻlsa bari,
Darsxonaga sen kelgan lahza.
Dilim toshdi daryo singari,
Shu ekan-da baxt kulib boqsa.
Uygʻonsamu, tush boʻlsa bari,
Menga sirli-sirli boqqaning.
Va keltirib sevgi xabarin
Yuragimga oʻtlar yoqqaning.
Uygʻonsamu, tush boʻlsa bari,
Yot osmonda aylanib oyga
Bir kechada ketding, dilbarim,
Tushimdanam olisroq joyga.
Uygʻonsamu, tush boʻlsa bari,
Dilga qayta quloq solmayman.
Koʻz yumaman bilganim sari,
Bu uyqumdan uygʻonolmayman.
2005


Ortiqcha Tashvishman

Qismatim shunchalar yengil ekan-da –
Suzyapman oʻzgalar tikkan yelkanda.
Bugun anglaganim – hayot yelkangda
Ortiqcha tashvishman, ortiqcha tashvish.
Oxir qoʻl siltadi qoʻlimdan tutgan,
Dil – xarob kulbadir sohib unutgan.
Yoʻq yerdan yorugʻlik kutganim-kutgan,
Ortiqcha tashvishman, ortiqcha tashvish.
Hamisha gʻam koʻrdim onam koʻzida,
Rozilik kam koʻrdim otam soʻzida.
Izimdan zerikish ulfat yuzida,
Ortiqcha tashvishman, ortiqcha tashvish.
Orzular tosh qotib, toʻkildi zangdan,
Umidvor qilganding asli nimangdan?
Hayot, tushib qolay koʻhna kemangdan,
Ortiqcha tashvishman, ortiqcha tashvish.
2002


Sadoqat Haqida

Tiriklik yoboni boshlandi mana,
Umr karvonida ketib boryapman.
Necha manzillarni qoldirib, yana
Yoʻqlik vodiysiga yetib boryapman.
Nurafshon yoʻllarda borar izma-iz,
Ortimdan ergashib sodigʻim – soya.
Koʻpga choʻzilmadi harohligimiz,
Oqshom bekatida topdi nihoya.
2001


Gul Umringiz...

Gulday umring kulday toʻzib ketmoqda,
Kimni kutib yoshing qirqdan oʻtmoqda,
Yolgʻizmisan endi sen bu chorbogʻda,
Endi yoʻqlab kelmasmu u aldagan?...
Muhammad Yusuf
Gul umringiz shamollarga tutyapsiz,
Yigirmadan oʻtib kimni kutyapsiz?
Yuz oshiqdan yuz oʻgirib ketyapsiz,
Nahot, hanuz yoʻqlamadi siz kutgan?
Majnuningiz zor yigʻlarmi sahroda,
Farhodingiz holi sizsiz aftoda.
Balki, siz deb yoʻlga chiqqan shahzoda
Afsun tegib ismingizni unutgan.
Osmonlarda sizdan oʻzar yulduz yoʻq,
Boʻstonlarda sizdan goʻzal gulyuz yoʻq.
Bu dunyoda baxti butun yolgʻiz yoʻq,
Yolgʻizlarning yoshin alam quritgan.
Oy xayoli otash berar quyoshga,
Odil tangrim hamroh bermish har boshga.
Bir kun oxir choʻkib ketar koʻz yoshga
Tashvishlarda tanho oʻzi qon yutgan.
Sizni koʻrib, koʻzdan afsun uchganday,
Eng yaqinim birdan yodga tushganday.
Endi yolgʻiz yasholamiz biz qanday?
Ayting, menmi siz intizor koʻz tutgan?!
2003


Sevgi

Qalbimni qayroqdek qayraysan, sevgi,
Jonimni ogʻritib yayraysan, sevgi.
Qovurgʻam qafasi ichida turib,
Bogʻdagi bulbuldek sayraysan sevgi.
Xudoyim yoʻllagan yogʻdumisan, ayt,
Yo yoʻldan ogʻdirar jodumisan, ayt.
Ortingdan ovvora necha bechora
Qoʻl yetib-etmagan ohumisan, ayt.
Izingdan qoldirib dillarda kuyuk,
Sen buncha baribir yoqimli suyuk?!
Yondirib, kuydirib, yoqaverasan
Moʻ’jiza koʻrmadim oʻzingdan buyuk.
Men seni eng shirin orzu deyinmi?
Yoki Qaysdan qolgan qaygʻu deyinmi?
Unga ham, bunga ham koʻnmasang, sevgi –
Ta’rifi topilmas tuygʻu deyinmi?
Bilmadim, oʻzing ayt, nimasan sevgi?
Koʻngildan koʻngilga kemasan sevgi.
Koʻyingda Majnundek kuymas-kuymasam,
Sen meni Laylidek sevasan sevgi!

Holat

Gumbur-gumbur ovoz keldi falakdan,
Ochildi koʻkdagi koʻhna darvoza.
Uvvos koʻchgan kabi dardli yurakdan,
Osmon koʻz yosh toʻkdi koʻnglini yoza.
Na bagʻri osmonman va na qaldiroq,
Koʻksimdan oʻkirik ketmaydi biroq.
Qoradil bulutlar toʻplandi zumda,
Zumda yorugʻlikni qopladi qora.
Osmon oltin shamshir ushladi shunda
Va qildi zulmatning bagʻrini pora.
Qoʻlimda na imkon, na oltin chaqmoq,
Yoʻlimda bulutlar uchradi koʻproq.
Daraxtni savalab pokladi yomgʻir,
Yaproqlar choʻmildi xarxasha qilib.
Hammadan zahmatkash ildizga ogʻir,
Loyqa yer ostida yotar siqilib.
Na yomgʻir boʻloldim, na daraxt, yaproq,
Meni qoʻyvormaydi qadrdon tuproq.
2006


Sensiz

Ketding. Sensiz koʻngil uyim boʻshab qoldi,
Va kimsasiz xarobaga oʻxshab qoldi.
Gurkiragan tuygʻularim qaqshab qoldi,
Kelgin jonim, dilbogʻimga orzu boʻlib.
Taqdir ravon yoʻllarimga tosh toʻkadi,
Yillar sabr daraxtidan dosh toʻkadi.
Koʻnglim kuyib koʻzim shamdek yosh toʻkadi,
Kelgin jonim, qarogʻimga yogʻdu boʻlib.
Ishing yoʻqmi mendek bagʻri kuyuk bilan?
Har kim oʻtsin koʻnglidagi suyuk bilan.
Togʻlar koʻrki koʻksidagi kiyik bilan,
Kelgin jonim, quchogʻimga ohu boʻlib.
Sarmast edim taqdir seni bergan chogʻi,
Xayolimda koʻrinmasdi baxt adogʻi.
Sogʻintirdi bugun zulfing qoʻngʻirogʻi,
Kelgin jonim, barmogʻimga cholgʻu boʻlib.
Dunyo koʻzga tor keladi, yor kelmasa,
Yashash nima, hayotingdan dil toʻlmasa?!
Sendan soʻnggi iltijoyim – hech boʻlmasa
Kelgin jonim, dudogʻimga ogʻu boʻlib.
2006


Seni Yaxshi Koʻraman Juda

Jon-jonimni oʻrtadi firoq,
Arazlama yorim behuda.
Bilasan-ku mendan yaxshiroq,
Seni yaxshi koʻraman juda.
Yaralganman sen uchun faqat,
Ey men uchun paydo mavjuda.
Koʻnglimizga etaylik shafqat,
Seni yaxshi koʻraman juda.
Qalqib-qalqib oʻynar yuragim
Tuygʻularning asov mavjida.
Bong uradi oʻtli koʻkragim:
Seni yaxshi koʻraman juda.
Sen dilimga yagona taskin,
Iztirobda, gʻamda, qaygʻuda.
Bas qil endi shubhalar bahsin,
Seni yaxshi koʻraman juda.
Umr qisqa, har lahzani, yor
Oʻtkazaylik birga osuda.
Soʻnggi soʻzim boʻlsin shu iqror:
Seni yaxshi koʻraman juda!
Seni yaxshi koʻraman juda!
2006


Qalb Rishtasi

Ming yil yondosh yashab hamki tushunmaydi
Ishq dardiga yoʻliqmagan sogʻlar bizni.
Olis yoʻllar oʻrtaga gʻov boʻlgan payti
Qalb rishtasi yana yaqin bogʻlar bizni.
Surxon eli uzoq yerda makon garchi,
Fargʻonadan ayrib turar dovon garchi,
Ikki elning fe’li yeru osmon garchi,
Hayronginam, qalb rishtasi bogʻlar bizni.
Onang oʻylar voha-vodiy orasini,
Ishonmaydi koʻzin oqu qorasini.
Toping, deysan koʻndirishning chorasini,
Biyronginam, qalb rishtasi bogʻlar bizni.
Koʻngil toʻla muhabbatim sigʻmas soʻzga,
Bu ishqimga munosib yoʻq sendan oʻzga.
Koʻrinmaydi boshqa gullar oshiq koʻzga,
Rayhonginam, qalb rishtasi bogʻlar bizni.
Seni mendan yiroq yoʻllar toʻssin mayli,
Oʻrtamizda ming qaysartogʻ oʻssin mayli,
Yoʻllar bosib, togʻlar oshib ishq tufayli,
Jayronginam, qalb rishtasi bogʻlar bizni.
2006


Mehmon Muhabbat

Oʻn sakkizda kelding kun sanab,
Yurakka ishq olovin qadab.
Mezbonlikni aylama talab,
Dilga mehmon boʻlgan muhabbat.
Hozir qizlar mayli oʻzgacha,
Zamonamning zayli oʻzgacha.
Zuhro oʻzga, Layli oʻzgacha,
Dilga mehmon boʻlgan muhabbat.
Bilmaydilar sadoqat nadir,
Sof tuygʻular arzon, beqadr.
Bari bedil, bari toshbagʻir...
Dilga mehmon boʻlgan muhabbat.
Dilda dardli navo yigʻlaydi,
Ruhi Momo Havo yigʻlaydi,
Quvgʻin boʻlgan vafo yigʻlaydi,
Dilga mehmon boʻlgan muhabbat.
Izzat-qadring oʻzing bilib ket,
Ishqsiz zamon uzra kulib ket,
Mehmon kelding, mehmon boʻlib ket,
Dilga mehmon boʻlgan muhabbat.
2002


Sevgilim, Ismingiz Qanday Chiroyli

Sevgilim, ismingiz qanday chiroyli,
Talaffuz etganda koʻnglim yorishar.
Birgina shu soʻzning zavqi tufayli
Xayolim jannatiy boʻyga qorishar.
Sizga parilarning kelar havasi,
Nahotki tuproq shu latif jismingiz.
Oʻlikka jon bersa Masih nafasi,
Dilga nur bagʻishlar yolgʻiz ismingiz.
Barchani barobar etadi shaydo,
Alifbo qatida baxtli olti harf.
Yoqimli moʻ’jiza boʻladi paydo
Shu harflar yonma-yon turganida saf.
Nomingiz oʻqisam, aytsam, tinglasam
Ruhimga kuch berar adabiyotdek.
Tilimdan toʻkilar eng totli malham
Qaqragan qalbimga obihayotdek.
Hijronlar hanjarin qayragan payti,
Dunyodan koʻz yumib ketsam nogahon.
Bir soʻzni duoday uch bora ayting,
Tirilib kelaman shunda begumon:
... ... ...!


Sohilda

Suvda aks etganda feruza osmon,
Samo ham tutadi dengizga koʻzgu.
Sening koʻzlaringga termulganim on
Mening qarogʻimda porlaydi yogʻdu.
Osmon mahbubiga yoʻllaydi maktub,
Bogʻlab bulutlarning par qanotiga.
Dengizning javobiy nomasin tutib,
Bulutlar shamolda qaytar ortiga.
Osmonni quchoqlab uxlaydi quyosh,
Dengizning qoʻynida erka suvpari.
Nahot ikkimizga shu qismat qiyos,
Nigohlar ovvora bulut singari.
Bilaman, dengizni yaxshi koʻrasan,
Xayoling oladi asov toʻlqinlar.
Olisdan chorasiz qarab turasan,
Biz taqdir izmida ojiz tutqinlar.
Jonimiz kuydirib, qiynaydi firoq,
Goʻyoki abadiy bizga bu otash.
Azizam, hov uzoq kelajakka boq,
Osmonning oxiri dengizga tutash.
* * *
Toʻlqinlar sochini taraydi sohil,
Yuvilib ketadi qumlardagi iz.
Quyoshning choʻgʻidan shafaq qip-qizil,
Ufqqa turmulib qoldik ikkimiz.
Orzu-umidlardek gʻarq boʻlar oftob,
Hademay qolmaydi hatto uchquni.
Shoʻrlik dengiz chekar unsiz iztirob,
Oshiqlar koʻz yoshi yaratgan uni.
Men olov yoqaman, topgan choram shul,
Tuygʻular sovqotib qolmasin tanda.
Yoritib boʻlmaydi zulmatni butkul,
Sohilda yoqilgan mitti gulxanda.
Hayot toʻlqinlari qutirgan sari
Bir oʻy borligʻimni etadi vayron:
Qumloq sohildagi izlar singari
Yuvilib ketarmi sevgimiz oson?...
* * *
Derazadan boqib turasan,
Dengiz qoʻshiq kuylar shovullab.
Nelarnidir xayol surasan,
Nigohlaring ufqqa ulab.
Gʻashlanaman, alamga toʻlib,
Kimga buncha uzoq e’tibor.
Xayollaring qizgʻonib, boʻlib,
Deyman: “Senda muhim gapim bor”.
Bir jilmayib qaraysan: “Ne gap”,
Shodlanaman qilgan ishimdan.
Deyman: “Tursang nigohing qadab,
Ayrilaman aqlu hushimdan.
Gap-soʻzlarim esimdan chiqar,
Ishonmaysan nechun dodimga.
Aytaqolay keyingi safar,
Oʻsha gapim tushsa yodimga”.
Sen oʻylaysan: “Yana aldabdi,
Ishonmayman chaqirsa qaytib”.
Men aslida eng muhim gapni,
Allaqachon boʻlganman aytib.
Tinglagansan u gapni takror,
Ishqim izhor qilganda yonib.
Men tortaman atay e’tibor,
Xayollaring har gal qizgʻonib.
* * *
Qirgʻoqqa urilib, jafolar chekib,
Turfa tomoshalar koʻrsatar dengiz.
Sohilda turibman gʻoyat zerikib,
Ya’ni shu lahzada hayotim sensiz.
Suvning suyagi yoʻq, qayga quysang bas,
Oʻshaning shaklini olar begumon.
Koʻnglimni ovlashga chora topolmas
Milyon ovchilarga zavq bergan makon.
Sen hozir kelasan, hayot oʻzgarar,
Husningga men kabi lol boʻlar dengiz.
Eh, buni qayerdan bilsin oʻzgalar,
Sen sabab dunyoning chiroyi tengsiz.
Qayta jon bagʻishlar malham nigohing
Ayriliq beayov urgan chogʻi nish.
Qalbimni oʻrtasa hamki firogʻing,
Bunchalar yoqimli seni sogʻinish.
Koʻzimni bir yumib ochgan mahalim,
Oʻtgandek boʻladi yuz yil uyquda.
Bir lahza koʻrinmay qolsang, dilbarim
Sogʻinib-sogʻinib ketaman juda.
Bu dunyo chiroyli, bu dunyo koʻrkam,
Lekin boshqa ma’vo chorlaydi jonni.
Qachondir koʻz yumsam bilginki, erkam,
Sogʻingan boʻlaman moviy osmonni.
2010