OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBahodir Abdurazzoq
Asar nomiBir tun ertagi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Bahodir Abdurazzoq
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm37KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/02
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


Nashr belgilari
«Yoshlik» jurnalining 2009-yil, 3-sonidan olindi.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Bir tun ertagi (hikoya)
Bahodir Abdurazzoq

Guljamol oʻzi qanchadan beri orziqib kutgan xuddi shu kuni choʻlga ketayotganidan boʻgʻilardi. Axir, Nosir akasi kelishiga uch oydan beri intiq. Moskvada dissertatsiyasini yoqlab, oʻzlarining ishxonalariga bosh muhandis qilib tayinlangan qalligʻini kutib olish uchun qanchalar tayyorgarlik koʻrgandi-ya, essiz...

Ertalab Guljamol katta laborant boʻlib ishlay¬digan sanoat koʻlamidagi ilmiy tadqiqotlar boʻlimi¬ning boshligʻi Rustam aka uning taklifi asosida ishlab chiqilgan texnologiya sinalayotgan oʻrtabuloq konidagi 37-quduqda neft chiqish sur'atida sezilarli oʻsish boʻlganligi bilan tabriklab, bu ratsionalizatorlik taklifini patentlashtirish uchun zarur hujjatlarni zudlik bilan tayyorlashni topshirdi. Buning uchun esa oʻsha joyga borib kelmasa boʻlmasdi. Rustam aka gapni koʻpaytirmasdan mashina tayyor ekanligini, ishni tezroq bitirib, erta-indinga hamma narsani taxt qilishini buyurdi va oʻzi zarur ish bilan boshqa uchastkaga chiqib ketdi. Guljamol bugun borolmasligini aytolmay qolaverdi.
— Mashina tayyor boʻlsa tushgacha borib kelaman. Nosir akam kechqurun keladilar, ungacha bemalol ulguraman, — Oʻziga tasalli berdi kiz va shoshilib sumkasiga kerakli qogʻozlarni solib, tashqariga yoʻnaldi.

Koʻchaga chiqib yoʻl boʻyida turgan yakkayu yagona «UAZ»ga koʻzi tushgach, ertalabdan buzilgan kayfiyati battar tushib ketdi. Rulda Normurod oʻtirardi. Bu Normurod deganlari oʻttizlarga borib qolgan boʻlsa-da hali uylanmagan, soch qoʻyib, burnining tagiga muylov oʻstirgan, allaqanday temir-taqalar ilib tashlangan jinsi shim, kurtka kiyadigan olifta yigit. Eskiroq mashinasini ham kelinchakning uyidek yasatib olgan, unga mabodo kir poyabzal bilan chiqqan, yoxud pista chaqqan kishi boʻlsa Normuroddan baloga qolardi.

Guljamol bir safar uning mashinasida yurganida zerikib choʻntagidan pista olib bir-ikki qirsillatgandi hamki, Normurodning ayovsiz tanbehiga duch keldi:
— Bu yaxshi koʻrgan yigitingizning «Neksiya»si emas, oyimqiz, pistani oʻsha mashinada chaqasiz! Hozir esa uni choʻntakchangizga solib qoʻying!

Yigitning qoʻpol gapidan Guljamolning rangi oʻchib ketdi. Esini tanibdiki, yigitlardan bunaqa gap eshitmagandi. U ham haqini qoʻyib ketmaydiganlardan emasmi, darrov uzib oldi:
— Toʻgʻri aytasiz, haqiqatan ham bu «Neksiya» emas! Men axlat qutisimi deb oʻylabman!

Agar boshqa payt boʻlganda Normurod shartta tormozni bosib bu oyimchani yoʻlga tushirib ketgan boʻlardi. Lekin u ishda. Xohlaydimi-yoʻqmi, qizni oʻz manziliga yetkazib qoʻyishga majbur. Shu ilojsizlik uni asabiylashtirib, to manzilga yetguncha miq etmay bordi. Yetib kelganlaridan keyin qizning indamasdan eshikni taraqlatib yopgancha tushib ketgani uni battar junbushga keltirdi.
— Eshikni urgancha mening boshimga urganing yaxshiroq edi! — deb xirilladi Normurod.
— Boshing ham shu eshigingdek shalvirab qopti. Qattiqroq ursa toʻkilib tushadi!

Shu-shu ular orasidan qora mushuk oʻtdi. Endi bir-birini koʻrarga koʻzi, otgani oʻqi topilmasdi. Lekin xohlaydilarmi yoʻqmi, haftasiga bir-ikki marta bir-birlariga duch kelardilar: chunki, Guljamol toʻqson-yuz chaqirim uzoqdagi neft quduqlariga haftasiga bir marta borib ularning ishlashini oʻrganar, mahsulotlaridan namunalar olib qaytar, uni esa Normurod olib borib kelardi. Oʻsha voqeadan keyin Normurod dispetcherga iltimos qilib boshqa boʻlimga oʻtkazishni bir necha marta soʻragan boʻlsa-da, ammo boʻlim boshligʻi Normuroddan boshqa haydovchi chiqqan kuni darhol dispetcherga qoʻngʻiroq qilib joʻnatgan mashinasini qaytarar, oʻrniga esa Normurodni zudlik bilan yuborishni talab qilardi. Shu tariqa, xohlasa-xohlamasa Normurod Guljamol bilan, Guljamol esa Normurod bilan uchrashishga majbur edi.

Normurod qizni oʻlgudek yomon koʻrganidan unga «Echki« degan laqabni yopishtirgan, koʻzi tushishi bilan ichida "shu shayton echkiga yana koʻzim tushdi, bugun endi ishim yurishmaydi," deb ijirgʻanib qoʻysa, qiz esa »oʻzing aravakash boʻla turib kerilishingga oʻlaymi, qaerga niqtashsa oʻsha yerga aravani sudrab boradigan qirchan¬gʻisan-ku» derdi.

E, boʻldi. Har doimgidek oʻtlab ketib, tafsilot¬larni choʻzib yubordim.

Shunday qilib...

Guljamol xoʻmraygancha kelib mashinaga oʻtirdi. «Qirchangʻi«ning yana sasib qolishidan qoʻrqib, iloji boricha eshikni astaroq yopdi. Normurod marshrutni biladi shekilli, eshik yopilar-yopilmas »Qaerga?» deb soʻrab ham oʻtirmasdan gazni bosdi.

Negadir qish bu yil qattiq keldi. Ketma-ket yoqqan qorning ortidan kelgan qorasovuq yoʻlni oynadek yaltiratib muzga aylantirib tashlagandi. Normurod muzlama yoʻlda mashinani mahorat bilan boshqarar, ammo tezlikni oshira olmas, imillagancha oldinga zoʻrgʻa sudralardi. Yoʻlda mashina kam, borlari ham toshbaqa qadam bilan yurganidan, xuddi oldinga siljimay bir nuqtada kotib qolgandek taassurot uygʻotardi. Yigirma chaqirimlar yoʻl bosganlaridan keyin, Guljamolning sabr kosasi toʻla boshladi.
— Tezroq yurishning iloji yoʻqmi? Kechikyapmiz!

Normurod ortni koʻrsatuvchi oynadan unga oʻqrayib qaradi.
— Birovlarning judayam shoshayotgani uchun jonimga qasd qilish niyatim yoʻq! — sovuq toʻngʻillab qoʻydi va koʻzini yoʻldan uzmay, rulni mahkam quchoqlagancha oʻsha maromda ketaverdi.

«oʻl-a, toʻngʻillamay, qirchangʻi! — ichidan barcha qargʻishlarini bir-bir xayolidan oʻtkazdi qiz.—Qaysi gunohim uchun Xudo sendek eshakmijozni menga roʻpara qildi ekan».

Mashina imillab yurgani sari vaqt tezlikni oshirardi. Belgilangan quduqqa tushdan oʻtib yetib bordilar. Rustam aka ogohlantirib qoʻygan shekilli, kon injeneri, geolog va usta Guljamolni kutib oʻtirishgan ekan. Ular taklif qilgan vagonchaga kirib tushlik qilib olishni Guljamol rad etib, darhol quduqqa oʻlchov asboblarini oʻrnatdi va kerakli hisob-kitoblarni bajara boshladi. Ikki soatlarda ishni bitkazib boʻldi. Qogʻozlarni yana qayta sumkasiga joylab ular bilan xayrlashdi.
— Ehtiyot boʻlib ketinglar, Nor, yoʻllar sirpanchiq. — dedi ularni kuzatayotgan keksa geolog. —Hozir meteostantsiyadan xabar keldi, qattiq boʻron turishi mumkin ekan.

Normurod unga e’tibor bermay bosh silkib qoʻydi va mashinasini oʻt oldirdi. Ular yarim soatlar chamasi sekin-astalik bilan siljigancha oʻrtabuloq qiridan oshib bir paytlar koʻlning tubi boʻlgan chuqurlikka enishdi. Chuqurlik shamoldan pana boʻlganligi uchun bu yerlarda shamolning zabti sezilmas, yoʻl ham kamroq muzlagan edi. Hammasi chuqurlikdan chiqib olganlaridan keyin boshlandi. Geolog aytgan boʻron yetib kelgandi shekilli, havo xuddi tumandek mayda qor parchalari bilan qoplangan, shamol uvullab mashinaning oynalarini qor bilan savalay boshladi. Oynatozalagich esa qorni tozalab ulgura olmayotganidan Normurod mashina tezligini pasaytirishga majbur boʻldi. Yana yigirma chaqirimlarni bosib oʻtishlari uchun qariyb yarim kun ovora boʻlishgandek tuyuldi qizga. Yoʻlning yarmiga ham yetmaganlarini his qilib Guljamol bezovtalandi. Soat ham toʻrtdan oshgan. Qish kuni bir tutam. Atrofni qorongʻilik qoplab ola boshladi. Normurod mashina chirogʻini yokdi. Lekin faraning oʻtkir nurlari ikki qadam narini yorita olmasdi.

Boʻron quturar, yerni ham, osmonni ham mayda qor parchalari egallab olgandi. Yoʻq, bu osmondan yogʻayotgan qor emas, balki, guvillayotgan boʻron yerda yotgan qor parchalarini sovurib oʻynar, mashinaga doʻldek keltirib urardi. Yoʻl mutlaqo koʻrinmayotgan boʻlsa-da, Normurod epchillik bilan mashinani boshqarib, sekin, ammo sabot bilan oldinga siljirdi. Qiz uning toʻngligidan ming ijirgʻansa-da, shunday tang holatda ham oʻz ishini puxta bajarib, mashinani epchillik bilan boshqa¬rayotganidan koʻnglidagi xavotir biroz chekingandek boʻldi. Bu yoʻl tor, ikki chetida esa ariqlar bor. Qor boʻroni yoʻlni ham, ariqni ham bir xilda tekislab tashlagan. Agar haydovchi biroz adashsa bormi, mashina ariqqa tushib agʻdarilib ketishi hech gap emas. Lekin, Normurodning butun vujudi koʻzga aylangan, goʻyoki nigohlari bilan paypaslab yoʻl topib borayotgandek tasavvur paydo boʻlardi.
— Yana ozgina qoldi. Salgina yursak katta yoʻlga chiqib olamiz. Keyin yurishimiz osonlashadi, — xayolidan oʻtdi qizning.

Normurod mashinada oʻzidan boshqa hech kim yoʻqdek, rul chambaragini xuddi jangchi miltigʻini ushlagan kabi siqimlab ushlar, dam-badam qor ostida qolib ketgan yoʻlning oʻnqir-choʻnqiriga tushib qolgan mashina siltanib qoʻyganida yonida qiz bolaning borligini ham unutib beixtiyor soʻkinib qoʻyardi.

Bu orada qorongʻi tushib, atrofni butkul zulmat qoplab oldi. Boʻron kuchayib sovuq zabtiga olardi. Mashinaning pechkasi gurillagancha ishlayotgan boʻlsa-da, ammo allaqanday tirqishlardan kirgan sovuq Guljamolning yuzlaridan tishlab ola boshladi. Oyogʻi toʻngʻib qolgandek edi. Azaldan uning oyoq panjalari sovuqqa bardoshsiz. Qalin jun paypoq kiygan boʻlsa ham, sovuq uning nozik joyiga zarba berayotgan qitmir raqibga oʻxshab oyoqlaridan ola boshladi. U etigi ichidan barmoqlarini ishlatib koʻrdi. Sal issiq yugurgandek boʻldi. Sharfini ogʻiz-burnini yopadigan qilib oʻradi.

Bir payt mashina oʻz-oʻzidan chir aylangancha chuqurga tushib ketgandek boʻldi. Guljamol peshonasini urib oldi.

Yoʻl oʻrtasida doʻppayib turgan qor uyumini aylanib oʻtish uchun rulni sal chaproqqa burgan Normurod muzlagan yoʻlda gʻildiraklar toygʻanib, rul oʻziga buysunmayotganidan ijirgʻanib tormozni ham bosib yuborgandi. Mashina bir aylanib, yoʻl chetidagi ariqqa tumshugʻi bilan tiralib qoldi. Old gʻildiraklar shamol qor bilan toʻldirgan chuqurga tushib, kuzov qariyb bir yarim metrlik qor uyumiga botib qoldi.
— Jin ursin! — Normurod oʻz odatiga koʻra rul chambaragiga musht tushirdi. Keyin motorni oʻt oldirishga ming urinsin, biron ish chiqarolmadi. Chamasi bobinaga qor kirib, svechalarga tok ajratmay qoʻygandi. Qoʻlini kalitdan uzib boshini orqaga tashladi. Shundagina oynaga koʻz kirini tashlab Guljamolning gʻurra boʻlgan peshonasini koʻrib qoldi.

«Hammasi shu echkini deb boʻlyapti. Ajab boʻlsin! — xayoliga shu fikr keldi. Keyin unga ora-sira koʻz qirini tashlab negadir achingandek boʻldi. — Bu bechoraga ham qiyin. Shu sovuqda oʻziga qolsa kimsasiz choʻllarga oʻla qolsa ham kelmasdi. Ish-da. Kelmasa boʻlmaydi».

Yigit negadir mutlaqo hushlamagan qizga achina¬yotganidan avval hayron boʻldi, keyin ahmoqlik qilib tormozni bosib qoʻygani uchun oʻzini ham qizga qoʻshib ichida soʻkdi.

Normurod qorga koʻmilgan eshikni jon-jahdi bilan surib zoʻrgʻa qiya ocha oldi xolos. Keyin asta qisilib chiqib, usti muzlab tarashadek qotib yotgan qorga sekin oyoq qoʻydi. Qor uyumi beligacha yetdi. Amal-taqal qilib yoʻlga chiqib oldi. Qorboʻron quturgancha uvillar, mayda shisha parchalariga oʻxshagan qor koʻzni ochirishga qoʻymasdi. Sovuqdan qunishgancha yoʻlning har ikkala tomoniga koʻz tashladi. «Milt» etgan chiroq koʻrinmaydi. Sovuqdan tishlari takillab oʻzini mashina ichiga urdi. Qiz hamon peshonasini ushlagancha oʻrindiqqa singib ketgudek boʻlib qaltirab oʻtirardi. Bir zumda mashina sovib boʻlgandi.
— Endi nima qilamiz? — qoʻrqa-pisa soʻradi qiz.
— Nima qilardik, muzlab oʻlamiz! — soʻzlari oʻziga ham sovuq tuyulib eti junjikdi. Koʻzlarini katta-katta ochib ma’yus termulib turgan qizni battar qoʻrqit¬maslik uchun biroz iliqroq soʻz aytmoqchi boʻldi, — bironta oʻtkinchi mashina kelib qolishini kutamiz!

Chunki oʻzi ham nima qilishga hayron. Oʻtkinchi mashina oʻtib qolishiga uning oʻzi ham ishonmasdi. Agar shunday oʻtiraverishsa, hozir radiatordagi suv muzlaydi. Keyin mashinani oʻt oldirishga umid qilmasa ham boʻladi. Tezroq mashinani qor uyumidan tozalash kerak.

Normurod yana beligacha qorga tushib qoʻllari va oyoqlari bilan qorni surib mashina tumshugʻini tozalay boshladi. Muzlagan qorning siljishi qiyin kechardi. Oʻn daqiqalardan keyin qoʻllari muzlab akashak boʻlib qoldi. Kattakon panjalarini olifta charm kurtkasining tor choʻntaklariga bazoʻr joylab, sovuqdan yashirgancha endi oyoqlari bilan qorni surarkan, toyib ketib qorga quladi. Bir yarim metrlik qor uyumiga koʻmilib qolgan yigit kurtkasi choʻntagidan hech qoʻllarini chiqarib ololmas, ustiga-ustak shamol xuddi kurak bilan tashlayotgandek ustiga uyum-uyum qor tashlardi.

Qiz Normurodning qanday yiqilganini koʻrgandi. Koʻzlarini yirib qorongʻilikka tikilsa ham uning qaytib turganini koʻra olmadi. Tashqariga chiqishga harchand urinmasin, muzlab qolgan orqa eshik ochilay demasdi. Shunda u emaklab haydovchi oʻrindigʻiga oʻtdi va hozirgina yigit ochib chiqqan eshikni itardi. Haytovur u kishi sigʻardek qiya ochildi. Guljamol qorga botgancha hali shamol koʻmib ulgurmagan izlardan mashina oldiga zoʻrgʻa surilib bordi. Shunda qor ostida tipirchilayotgan oyoqlarga koʻzi tushib, qorni siqimlab uloqtirgancha yigitning yuzini ochdi. Qoʻltigʻidan tortib uni turgʻazib oldi. Qoʻllarini choʻntak mahbusligidan amallab ozod qila olgan Normurod minba’d bunday choʻntakli kurtka kiymaslikka qasamlar ichib qizning ortidan mashinaga kirdi. Salonning xira chirogʻi yorugʻida Guljamol yigitning sochi va moʻylovi muzlab qolgani, yuzi koʻkarib ketganini koʻrib, kapalagi uchib ketdi. Hozir ikkalasi bir jonu bir tan boʻlmasa, boʻronning changa¬lidan omon chiqa olmasliklariga ishonardi. Hayot-mamoti shu oʻzi yoqtirmaydigan yigitning topqirligiga bogʻliq. Shoshilib uning akashak barmoqlarini uqalay boshladi. Boshqa payt boʻlganda-ku uning barmogʻini uqalash uyoqda tursin, yuziga qayrilib qarashni ham oʻziga ep koʻrmagan boʻlarmidi. Normurod biroz oʻziga keldi.
— Aptechkada spirt bor. Oʻshani olib bering.

Qiz mashina gʻaladonini titkilab, doriqutini topdi. Kichkina shishachani olib unga uzatdi. Normurod oʻziga buysunmayotgan barmoqlari bilan qopqoqni ochib kaftiga ozroq toʻkib oldi va jon-jahdi bilan qoʻl¬larini bir-biriga ishqalay boshladi. Biroz oʻtib yigit oʻziga keldi.

Nimadir qilish kerak. Shunday qoʻl qovushtirib oʻtiraversalar, hademay mashina kattakon muztepaga aylanib qoladi. Chetdan yordam kutish befoyda: shunday sovuqda biron mashinaning oʻtib qolishiga umid qilish, osmondan chalpak yogʻishiga ishongan laqma holiga tushish bilan baravar. Mashina sirti bir enlik muz bilan qoplandi. Tashqarida boʻron quturar, oynalarga kelib urilayotgan qor parchalari endi yiriklashgan, xuddi doʻldek olatasir qarsillardi. Shu payt uning xayoliga olov keldi. Agar gulxan yoqa olsa, mashinani bosib qolgan qorni eritib, motorni qizitib olardi. Soʻngra amallab uni yurgizib olsa boʻlar...
— Gulxan yoqamiz, — dedi yigit. — Nariroqda saksovul bor. Shoxlarini sindirib qaytaman.

Qiz yigit bir amallab undan qutulib oʻzi yolgʻiz qochib qoladigandek tuyulib xavotirlandi. Boʻron guvillayotgan, vahimali sovuq tunda, sekin-asta muzga aylanayotgan mashinada yolgʻiz oʻzi ajal bilan yuzma-yuz qolib ketadigandek tipirchiladi.
— Shoshmang, men ham birga boraman. — Guljamol unga ergashmoqchi edi, yigit qoʻymadi.
— Siz mashina radiatorini qordan tozalab turing, shu yerda olov yoqamiz.

Normurod oʻrindigʻi ostidan zalvorli choʻkichni oldi. Saksovul shoxlari moʻrt boʻladi. Qattiqroq narsa bilan yaxshilab tushirilsa, qarsillab sinib ketaveradi. U choʻkichning muzdek dastasini mahkam ushlab yuz qadamlar narida qorayib turgan saksovul tomonga qor kechib keta boshladi. U saksovulning pastga qarab osilib qolgan shoxiga choʻkich bilan bir-ikki zarba berib sindirib ola boshlaganida boʻrining xunuk uligani eshitilib eti jimirlab ketdi. Shamolda uning ovozi goh yaqindan, goh uzoqdan kelardi.
—Tezroq gulxan yoqish kerak, — xayolidan oʻtdi yigitning. Jondor olovga yaqinlasha olmaydi, derdi umri choʻponchilik bilan oʻtgan bobosi.

U ikkita tarvaqaylagan shoxni sudrab ortiga qaytganida yirtqichning ovozi shundoqqina mashina yonidan keldi. Yigitning qadami oʻz-oʻzidan ildamladi. Qizning qattiq qichqirigʻi eshitilganidan keyin Normurod shoxlarni tashlab choʻkichni mahkam siqimlagancha mashina tomonga chopdi.

Guljamol qoʻlqopchasini kiyib olib, mashina tumshugʻini qordan tozalayotganda yonginasida bir narsaning xirillaganini eshitdiyu, ammo shamol qorni gʻijirlatib urayotgan boʻlsa kerak, deb e’tibor bermasdan muzlagan kapotni tozalayverdi. Bir payt mashina ortidan boʻrining uligan tovushi kelganida vujudi muzlab, dagʻ-dagʻ titraganicha ortiga oʻgirilsa, bir juft koʻz yonib turibdi! U avvaliga nima qilishni bilmasdan joyida qotib qoldi. Keyin shartta ortiga oʻgirilib eshik tomonga chopdi. Eshikka yetar-etmas paltosini kimdir ushlab olgandek joyidan jila olmadi. Qattiqroq siltangandi, oyogʻi toyib ketib yiqilib tushdi. Shunda boʻrining gavdasi ustiga tashlanganini sezib jonholatda baqirib yubordi.

Normurod halloslagancha chopib kelsa, Guljamol qorga yuztuban yotib olgan, bahaybat arloni boʻri uning paltosidan tishlagancha siltar, burdalab tashlashga urinardi. Yigit qoʻlidagi choʻkich bilan jondorning naq quloqlari oʻrtasiga bor kuchi bilan urdi. Suyakning koʻngilni aynitib yuborguvchi qisirlab singan tovushi eshitilib yirtqich birdan boshini koʻtardi. Ayanchli gʻingshib ikki qadam tashladi va qorga quladi. Normurod qizni suyab oʻrnidan turgʻazdi. Guljamol tili kalimaga kelmay hiqillab yigʻlardi. Uni mashinaga chiqarib shishachada qolgan uch qultum spirtni majburan ichirganidan soʻng qiz biroz oʻziga keldi.

Boʻri oʻldi. Xavf biroz chekingandek boʻlsa ham, lekin sovuqdan muzlab oʻlish dahshati bir zum boʻlsa ham ularni tark etmas, qaytaga havo yanada sovuqlashgandek, boʻron ularni toʻngʻitib, muz parchasiga aylantirishga jon- jahdi bilan kirishgan shekilli, endi mashinaga urilayotgan qor tasirlamas, qarsillamas, balki rosmana gumbirlardi. Normurod gumburlash yondan emas, balki tepadan ham eshitilayotganiga hayron edi. Xuddi mashina tomiga bir toʻda bola chiqib olib, shoʻxlik qilayotgandagi qadam tovushiga oʻxshagan sas kelardi. Bir payt tepadan boʻrining tovushi eshitilib barchasiga oydinlik kiritdi. Qizning nazarida shafqatsiz boʻron mutloq hukmronlik qilayotgan cheki-chegarasi yoʻq sahroda minglab boʻrilar ularning tashqariga chiqishini poylab turgandek, agar shu ojizgina qoʻrgʻonlaridan boshlarini chiqargudek boʻlsalar, bir zumda tilkalab tashlashga tayyordek edi. Guljamol bu kimsasiz va yovuz kenglikda suyansa boʻladigan bitta kishi shu qoʻrs va toʻng Normurod ekanligini his qilib, beixtiyor yigitning pinjiga suqulib oldi. Ularning issiq nafasi bir-birini sal isitgandek boʻldi. Endi tashqarida tish qayrab turgan qashqirlar ham, butun qudrati bilan ularni komiga tortishga urinayotgan boʻron ham ularning shu kichkinagina boshpanalariga kira olmasligiga negadir ishonch uygʻondi. Sekin-asta har ikkalalarini ham uyqu elita boshladi.

Agar suvi muzlab qolgan radiator qarsillab yorilib ketmaganida ularning uyqusi to qiyomatga qadar choʻzilgan boʻlarmidi... Qarsillashdan keyin tomdagi qadam tovushlari tindi.
— Radiator yorildi, — dedi yigit qizga qarab. —Yaxshiyam yorildi. Yaxshiyam radiatorga antifriz sol¬maganim! Boʻlmasa muzlab qolgan boʻlardik. Bu yerda uxlash oʻlim bilan teng! Olov yoqish kerak!

Agar yolgʻiz oʻzi boʻlganida u mashinadan chiqib, qashqirlar izgʻib yurgan sahroga qadam qoʻyishga jur'at topa olmagan boʻlarmidi... Lekin yonida oʻzi yoqtirish- yoqtirmasligidan qat'i nazar qiz bola bor. Nahotki, Normuroddek or-nomusi uchun yotib qolguncha olishadigan joʻmard yigit koʻz oldida qizning muzlab oʻlishiga yoʻl qoʻya olsa...

U qoʻliga yakkayu yagona, ammo sinovdan oʻtgan ishonchli quroli — choʻkichni olgancha, muzlagan eshikni kuchanib surib tashqariga chiqdi. Boʻri hali uzoqqa ketmagan boʻlsa kerak. Bunday sovuqda unga yemish boʻladigan jonzot sahroda topilmaydi. Och yirtqich esa oʻljasidan umidini uzib keta olmaydi. Ellik qadam narida qolgan shoxlarni olib kelishga yuragi betlamadi. Orqa yukxonadan zahira gʻildirak bilan yarim kanistr benzinni koʻtarib tushirdi. Gʻildirakni mashinaning panasiga oʻtkazdi va ustiga benzin toʻkdi. Haytovur benzin lipillab oʻt oldi. Birozdan keyin rezinaga ham olov tutashib, endi shamol unga bas kelolmasligini bilganidan keyin yigit eshikni ochib, Guljamolni gulxan boshiga yetaklab keldi. Qizga gulxan xuddi tiriklik manbai boʻlib koʻrinib kayfiyati koʻtarildi. Endi muzlab oʻlmaydilar. Endi tirik qolsa boʻladi. Chunki ularda olov bor! Bu yerga qashqir ham yaqinlasha olmaydi. Yirtqichlar olovdan qoʻrqadilar! Qiz qornining ochligini ham, hozirgina boʻri timdalagan yelkalaridagi ogʻriqni ham unutdi.
— Soat necha boʻldiykin? — soʻradi yigit orqasini olovga tutib toblarkan.

Guljamol bir paytlar Nosir akasi Moskvadan sovgʻa qilib olib kelgan jajji tilla soatini gulxan yorugʻiga tutdi: tungi bir!
— Oʻh-hoʻ, hali tong otishiga yetti soat bor! Olovimiz esa bir soatga yo yetadi, yo yoʻq!

Guljamol soatga koʻzi tushishi bilan Nosir akasini esladi. Qiziq, shu oʻtgan olti-etti soatdan beri naq ajalga roʻpara boʻlgan paytlarida ham negadir Nosirni xayoliga keltirmapti. Uning bugun, aniqrogʻi kecha kechqurun kelishini necha oylab sabrsizlik bilan kutgan edi. Bir paytlar Nosir akasini eslasa vujudiga shirin titroq tushardi. Hozir esa u shunchaki ismdan boshqa narsa emas! Xayoliga esa goʻzal talabalik pallalarida Nosir akasi bilan Toshkentdagi xiyobonda sayr etib yurganlari keldi. Oʻshanda bir-ikkita shilqim yigitlar unga gap otishganida Nosir indamay uning qoʻltigʻidan mahkam ushlagancha chetga olib ketgandi. Oʻshanda Nosirning oʻrnida Normurod boʻlganida nima qilardi? Ular bilan jiqqamusht boʻlib ketarmidi, balki. Agar hozirgi holatda Normurodning oʻrnida Nosir akasi boʻlganida unga tashlangan yirtqichning boshiga choʻkich bilan tushira olarmidi?! Bilmaydi! Toʻgʻri, Nosir akasi uni sevishi mumkindir, lekin, u uchun jonini xatarga tashlay olarmidi? Buni ham bilmaydi. Toʻgʻrirogʻi ishonchi komil emas...

Normurod qars-qurs qilib yonayotgan, ombor mudiridan undirganiga hali bir hafta ham boʻlmagan gʻildirakka ma’yus qarab turardi.

«Achinma, — derdi oʻzicha, — bu shunchaki bir matoh, ertaga yana bitta yangisini olish mumkin. Lekin, muzlab qolishsa-chi, ertaga yangi Normurod bilan yangi Guljamolni hech qaerdan topib boʻlmaydi!»

U jimgina qoʻlini olovga toblab turgan qizga qiziqsinib boqdi. Nega shu paytgacha uni yoqtirmay yurgan ekan. Tuppa-tuzuk ekan-ku! Qoʻllari choʻntakda, boshi qor uyumiga qoziqdek sanchilgan, oyoqlari osmon boʻlib tipirchilagancha, noqulay ahvolda qorga koʻmilib qolganida qizning dadillik bilan uni turgʻazib qoʻyganini eslab oʻzidan uyalib ketdi. Qanday jasur qiz. Buning ustiga judayam mehribon ekan. Shu paytgacha boʻydoq yurganidan ayol mehribonligi shunchalar sirli va goʻzal boʻlishini his qilib boshqacha boʻlib ketdi. Qizning paltosini boʻri dabdala qilib tashlaganligini koʻrib unga achindi. Agar qizga radiatorni qordan tozalashni buyurmaganida u shunday ayanchli ahvolga tushmasmidi. Hammasiga oʻzi aybdor. Oʻzining kaltabinligi... Eson-omon shu sahrodan chiqib keta olsa, albatta, maoshi qoʻliga tegishi bilan, unga eng chiroyli paltoni olib beradi! Xayolidan oʻtgan shu fikrdan oʻzi ham ajablanib qoʻydi. Chunki, shu kunga qadar kimgadir nimadir sovgʻa qilishni xayoliga ham keltirmasdi. Topganini oʻziga sarflar, shu safargi maoshidan oʻziga allambalo jinsi shim va charm kurtka olishni moʻljallab qoʻygandi.

U birinchi bor boʻlib oʻtgan hodisada oʻzini aybdor deb topdi. Shu paytgacha hech qachon oʻzini ayblamas, xatti- harakatini tahlil ham qilmasdi. Uni nima oʻzgartirdi? Kimsasiz sahroda qiz bilan yolgʻiz qolishimi, qizni va oʻzini muqarrar oʻlimdan saqlab kolish istagimi, yoki har daqiqasi asrga teng, yaldo kechasidek tuganmas adoqsizlikda oʻzining ichida yashayotgan boshqa bir oʻzi bilan yuzma-yuz kelishimi? Buning javobini topolmadi. Topa olishiga ham koʻzi yetmasdi. Agar tirik qolsa oʻzini butunlay sindirib, keyin qaytadan yasagan shu tunni hech qachon unutmasa kerak. Shu payt orqa oʻrindiqqa toʻshab qoʻygan adyol borligi esiga tushib mashinaga qaytdi. Shart-shurt uni oʻrindiqdan sugʻurib olib qunishib turgan qizning yelkasiga tashladi. Qiz unga qarab ma’yus va mas'um tabassum qildi.
— Keling oʻzingiz ham. Sovqotib ketgandirsiz. Adyol ham keng ekan.

Negadir ularning oʻrtasidagi jinsiy tafovut mutlaqo xayollarini tark etgan. Ular bir-biriga begona yigit va qiz emas, balki ofat oldidagi ojizliklarini yengish uchun yelkama-elkama kurashayotgan ikkita inson edilar, xolos.

Normurod qizning yoniga borishni harchand istasa ham, u bilan adyolga burkanib, qaltirab turishga gʻururi yoʻl qoʻymadi.
— Siz bemalol oʻtiravering, men oʻtinni olib kelay.

Sovuq borgan sari zabtiga olar, gʻildirak ham yonib tugay deb qolgandi. Normurod boyagina yarim yoʻlda qoldirgan saksovul shoxlarini olib kelishga oʻzida jur'at topa oldi. Axir u erkak kishi. Shu ishonch bilan oʻzini tezlab ikki qadam tashlagandi hamki, xuddi shuni kutib turgandek, yaqinroq joydan qashqirning uligani eshitildi. Normurod taqqa toʻxtadi. Ishonch qal'asi yashin urgan daraxtdek, kuyib toʻkilib tushdi. Chamasi urgʻochi qashqir nar hamrohini izlab, shu atrofda izgʻib yurgan koʻrinadi. Nazarida u qizdan ikki qadam uzoqlashishi bilan qashqir unga tashlanib qoladigandek tuyulib ortiga qaytdi. Gulxan pasayib borardi. Boyagina uning taftidan erigan qor yana qayta muzlay boshladi. Shu payt mashina kapoti ichida yana bir narsa qarsilladi.
— Blok yorildi, — deb qoʻydi Normurod, bundan na xafa, na xursand boʻlganligi chehrasida aks etmadi. Boʻlmasa, bu motorni epaqaga keltirish uchun qancha vaqti, qancha mehnati-yu qancha mablagʻi sovurilgandi. Endi bir necha soat ichida barcha ishlari chippakka chiqyapti. Sovuqning vayronkor qudrati mashinani asta- sekin bir uyum muzlagan temirga aylantirayotgandi. Radiator ketdi. Blok ketdi. Yangi gʻildirak yonib turibdi.

«Barchasi arzimagan narsa. Ishqilib bu sahrodan omon chiqib olsak boʻldi». — Normurod oʻziga eski qadrdon boʻlib qolgan mashinasining fojiasini koʻrmaslik uchun, teskari oʻgirilib oldi.

Qashqir yana ulidi. Gulxan pisillay boshladi. Normurod bariga qoʻl silkib oʻrnidan turdi. Yukxonadan domkrat va gayka kalitini olib orqa gʻildirakning ostiga oʻrnatdi. Mashinani koʻtarib gʻildirakni burab chiqarib oldi va oʻylanib oʻtirmasdan uni ham gulxanga tashlab ustiga benzin sepdi. Olov tillari yana boʻron bilan oʻynasha boshlagach, boʻri ham jimib qoldi.
— Soat necha boʻldiykin? — deb soʻradi u mudrab oʻtirgan qizni gapga tutib chalgʻitish uchun. Oʻz tajri¬basidan biladi. Sovuqning zahri yomon. Sal mudradingmi, boʻldi. Biron joyingni oldirasan. Agar uxlab qolsang, toshdek qotasan, vassalom.
— Uch, — dedi qiz behol. Uning koʻzlari yumilib-yumilib borardi. — Men biroz uxlab olmoqchiydim...
— E, yoʻq. Bu kecha ikkalamiz xam uxlamaymiz. Keling, men sizga bir qiziq voqea aytib beraman.

Qiz unga e’tiborsizgina qaradi. Gulxan taftidan yuzlari qizarib ketgandi. Normurod qoʻliga bir siqim qor olib uning yuziga bosdi. Guljamol qichqirib yubordi.
— Bu nima qilganingiz, Normurod aka!

Guljamol oʻzining ovozidan uyqusi oʻchib ketgandi. Birdan hushyor tortib uyoq-buyoqqa olazarak nigoh tashladi. Atrof biydek sahro. Boʻron guvillab yopinib turgan adyoliga qor parchalarini keltirib urmoqda. Raqs tushayotgandek tepinib yurgan Normurod bilan oʻzidan boshqa hech kim yoʻq. Biroz oldin yigit bu yerda uxlamoq oʻlim bilan teng, degani esiga tushib, oʻrnidan turdi. Oyoqlari oʻziga boʻysunmay gandiraklab ketdi. Panjalari sovuqdan uvushib ketganmi, hatto ularning bor-yoʻqligini ham his qilmadi. Majburlab bir qadam bosdi va yerga quladi.
— Normurod aka...

Yigit qizning «Normurod aka» deganidan ta’sir¬lanib ketgandi. Shunda uning yonidagi kishining qiz bola ekanligi xayoliga keldi. Shu paytgacha hech qaysi boʻy yetgan begona qiz unga Normurod aka, deb murojaat etmagan edi. Qizning holsizgina yerga yiqilganini koʻrib, hammasini tushundi. Qiz oyoqlarini sovuqqa oldirgan edi.
— Oyoqlarimni sezmayapman... —ingrardi Guljamol. — Nahotki endi shol boʻlib qolsam...
— Qaysi oyogʻingiz?
— Ikkalasining ham panjalari yoʻqdek.

Normurod qizning etigini zoʻrgʻa sugʻurib oldi. Panjasi shishib ketganidan qalin jun paypogʻini yechib yalangʻoch oyogʻiga qor ishqay boshladi. Oʻn daqiqalar zoʻr berib harakat qilganidan keyin barmoqlarga qon yugurib qiziy boshlaganini his qilib yengil tortdi.
— Qani endi sakrang. Boʻling. Bir joyda oʻtirsangiz yana oyogʻingiz toʻngʻib qoladi.

Guljamol yigitga qoʻshilib oyoqlarining uchida sakray boshladi. Birozdan soʻng u ham qizib, boʻysunmayotgan oyoqlariga jon kirgani sezildi.

Normurod gulxanning tagida qolib ketgan birinchi gʻildirakning qizib turgan temir diskini choʻkichga ildirib tortib oldi va qor sepib sovutdi. Keyin oʻrindiqqa yozib qoʻygan koʻrpachani olib kelib uning ustiga toʻshadi.
— Oyogʻingizni olovga yaqinroq surib oʻtiring. Sovuq oldirish bilan hazillashib boʻlmaydi.

Normurodning qoʻlidan shunaqa mehribonchilik ham kelishi mumkinligini oʻylab Guljamolning koʻngli iyib ketdi. Beixtiyor uni Nosir bilan yana taqqoslay boshladi. Bir paytlar yangi olgan, poshnasi ingichka tuflisini kiyib tosh toʻshalgan yoʻlkada ketib borayotganida, hali bunaqa tufliga moslashib ulgur¬maganmi, turtib chiqqan toshga depsinib oyogʻini qayirib olgani esiga tushdi. Oʻshanda Nosir uning qoʻltigʻidan suyab olgandi, ammo to yotoqxonaga borgun¬laricha uni ehtiyotsizlik qilgani uchun mingʻillagancha koyiyverib qoniga tashna qilib yuborgandi.

Boʻron asta-sekin pasayib, oddiy shamolga aylandi. Qor parchalarining yuzlariga nina sanchilgandek urilishi ham toʻxtadi. Bulutlar tarqab osmonda oy koʻrindi. Tonggi izgʻirin boshlandi. Yana qashqir ulidi. Normurod tovush kelgan tomonga oʻgirildi. Uch yuz qadamlar naridagi kichikrok barxan ustida, tumshugʻini osmonga koʻtargancha, oyga qarab uliyotgan boʻrining shakli oydinda qorayib koʻrinardi.
— Moda qashqir, — dedi Normurod xuddi oʻziga oʻzi gapirayotgandek past tovushda. —Juftini qidirib yuribdi.
— Uni endi hech qachon topa olmaydi, bechora, —dedi qiz ham allaqanday hazin tovushda.
— Ha, topa olmaydi. Uni juftidan biz ayirdik. Balki u, to oʻlgunicha bizni qargʻab oʻtar.

Normurod xayoliga kelgan fikrdan oʻzi ham ajab¬landi. Unga nima boʻlyapti oʻzi?! Yoʻq, oldinlari u bunaqa fikrlardan yiroq yurardi. Nega birdan juftidan ayrilgan boʻriga rahmi kelib ketyapti? Balki odamzod oʻlim bilan yuzma-yuz kelganda shunaqa mushohada qiladigan boʻlib qolarmikan? Buni u hech qachon tushuntirib bera olmaydi. Bir tilsiz hayvonning qargʻishidan nega qoʻrqayapti — buni ham bilmaydi.
— Agar uni oʻldirmasangiz, u meni burdalab tashlardi.
— Nahotki hayotda birovni saqlab qolish uchun kimnidir oʻldirish kerak boʻlsa? gʻalati tuyulmayaptimi sizga?

Guljamol oddiy aravakash deb mensimay yurgan yigitning faylasuflarcha gapira boshlashidan hayron qoldi.
— Bilmadim. Balki yashash uchun kurash deganlari shu boʻlsa kerak-da...

Shu yerda suhbat uzilib qoldi. Gulxan yana pasaya boshlagandi. Boʻron toʻxtagan boʻlsa-da, sovuqning zahri pasaymagan, izgʻirin suyaklarini qaqshata boshladi. Bir oyogʻidan ajragan choʻltoq mashina tumshugʻini qorga tiqqancha, ulkan muzqoyaga aylanib borayotgan edi. Endi uning ikkinchi oyogʻini ham yulib olib yoqmasa boʻlmasdi.

Normurod qoʻliga chippa yopishadigan temir domkratni endi ikkinchi gʻildirak ostiga oʻrnata- yotganida muzlab qolgan boʻrining jasadiga tepinib ketdi. Agar oʻshanda choʻkichni moʻljalga toʻgʻri urolmaganida hozir oʻzlarining jasadi shunday toʻngʻib yotgan, yoxud boʻri oʻz juftini mazali goʻsht bilan mehmon qilayotgan boʻlarmidi... Kimningdir oʻlimi yana kimgadir yashab qolish uchun imkoniyat boʻlsa... Ha, yashash uchun kurash deganlari judayam jumboqli masala ekan...

Gʻildirakni qiynala-qiynala yechib oldi. Gulxan biroz tutab turib yana alangalanib ketdi. Qizning qaltirayotgan vujudiga yana issiq oʻrladi.
— Nimani oʻylayapsiz, Guljamol?

Gulxanga ma’yus termulib turgan qizni suhbatga tortmoqchi boʻldi yigit.
— Beva qolgan qashqirni oʻylayapman. Yolgʻizlik yomon narsa. U endi qanday kun kechirarkan-a...
— Nima qilardi, boshqa bir hayvonni topib oladi. Ular shunchaki bir yirtqich. Ularda sadoqat, vafo degan tushunchalar boʻlmaydi.
— Bilmadim. Ammo bir narsa esimga tushib ketdi. Oʻn besh yil burun, men toʻrtinchi sinfda oʻqib yurgan paytimda katta opamning eri — Samad pochchamni oʻldirib ketishgandi. Nima uchun oʻldirishganini bilmayman. Lekin opamning xuni biyron boʻlib yigʻlagani hech esimdan chiqmaydi. Oʻshanda yigirma uch yoshli opam ikki norasidasi bilan tul qolgandi. Oradan bir necha yil oʻtib uyoq-buyoqdan unga ogʻiz solib sovchilar ham kelib turishdi. Opam barchasini qaytardi. Yana bir necha yildan soʻng men maktabni tugatdim. Ancha-munchaga aqlim yetib qolgandi. Opamdan «Nega turmushga chiqmayapsiz?« deb soʻrasam, "Pochchangdan uyalaman", degandi. »Allaqachon koʻkarib chiqqan pochchamning nimasidan uyalasiz?» desam, opam bir oʻqrayib qoʻydi. Pochchamning kattalashtirilgan suratiga uzoq termulib qolganidan keyin mening gapim oʻrinsiz, buning ustiga judayam qoʻpol chiqqanini tushunib tilimni tishlagandim...

Normurod ham uning ezgin hikoyasidan ta’sir¬lanib, ma’yus tortib qoldi.
— Bu qashqirning oyga tikilib turishi opamning suratga termulib sukutga tolib oʻtirishini eslatib yubordi...

Qiziq, hozirgina ajalga roʻpara kelgan, buning ustiga hali ham sovuqda muzlab oʻlish xavfi chekinmagan, borsa gumon yoʻlda turgan qizning yovvoyi bir yirtqichga achinib shunaqa gaplarni gapirib oʻtirishi yigitni hayratga soldi. Ha, inson fe’l-atvori shunaqa tushunik¬siz, gʻalati boʻlarkan-da. Yoshi oʻttizga yetib, shunaqa narsalar haqida hech oʻylab koʻrmagan ekan...

Normurod uchinchi gʻildirakni ham gulxanga keltirib tashladi. Sharq ufqi asta-sekinlik bilan yorisha boshladi. Qashqirning ovozi endi butunlay oʻchdi.
— Anavini qarang, — dedi qiz yorisha boshlagan barxanga imo qilib.

Normurod barxan ustida bir necha soat oldin qanday oyga termulib uligan boʻlsa, hamon oʻshanday qilt etmay turgan boʻriga hayron qoldi. Keyin bariga tushundi: juftidan ayrilgan yirtqich oyga koʻzlarini tikkancha muz qotgan edi. Yengil shamolda uning yunglari tebranmas, balki muz bilan qoplanganidan, tongning zarrin shafagʻini oʻzida akslantirib, jilvalanib turardi.
— Muzlab qolibdi, bechora... — dedi yigit ogʻir xoʻrsinib.
— U oʻlmasligi ham mumkinmidi? — soʻradi Guljamol yigitning ogʻziga termular ekan.
— Qaydam, balki barxan ustida qotib turmasdan uyasiga kirib yotganida oʻlmasligi ham mumkin edi.
— Demak, u juftini tashlab keta olmagan... — qizning tovushi hazinlikka shunchalik chulgʻangandiki, Normurodning yuragi ezilib ketdi.

«Demak, — yigitning xayolidan oʻtdi, — u boshqasini topib olishni mutlaqo istamagan. Hamrohisiz yashashni ham...»

Ular oʻz oʻylariga gʻarq boʻlib turisharkan, hayvonlarcha sadoqatga qoʻyilgan haykalga oʻxshab, osmonga hasratli termulgancha tosh qotgan moda boʻri jasadiga qarashga hech birlarining yuragi betlamasdi.

Yagona gʻildirakda qolgan mashina butunlay qorga singib ketgandi. Normurod hali tong otib, texnikalar harakatga kelishiga ikki soatdan ortiq vaqt borligini chamalab, soʻnggi gʻildirakni ham yechib olish taraddudini koʻra boshladi. Qariyb bir sutkadan beri tuz totmaganligi, buning ustiga sovuq va bedorlikdan ham koʻra miyasini parmalab oʻtayotgan fikrlar uning sillasini quritib tashlagandi. Buyogʻi tezlashib ketdi. Soʻnggi gʻildirakni alangaga aylantirganidan keyin boshlari aylana boshladi. Guljamolning gaplari olisdan kelayotgandek tuyuldi. Bir payt qizarib chiqayotgan quyosh fonida allaqanday yuk mashinasining qorasi koʻringanida u yengil tortgandek boʻldi. Yaldo kechasidek tuganmas tuyulgan dahshatli tunning sinoviga bardosh bergan, muhimi, oʻz hayotini uning ixtiyoriga topshirgan qizni oʻlim changalidan olib qolganiga ishonib ma’yus jilmayib qoʻydi. Yuzma-yuz jangda raqibidan ustun kelgan pahlavondek qoniqish hosil qilgandi. Oyoqlaridan mador ketayotganini his qilib, muzlagan qorga shilqillab tushdi. Guljamolning olisdagi mashinani qarshilab yigʻlagancha chopib ketayotgani xuddi tushdagidek ola-chalpoq koʻrindi va koʻzlari yumildi.

Oradan uch oy oʻtib aprelning yomgʻirli kunlarining birida Guljamolning toʻyi boʻldi. Hamkasblarini hayratga solib, sanoat koʻlamidagi ilmiy tadqiqotlar boʻlimining laboranti korxonaning kelajagi porloq, ilmiy darajali bosh muhandisiga emas, balki uning haydovchisiga turmushga chiqib ketdi...