OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Bahodir Abdurazzoq. Qiron (hikoya)
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBahodir Abdurazzoq
Asar nomiQiron (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Bahodir Abdurazzoq
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm34KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2010/06/18
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qiron (hikoya)
Bahodir Abdurazzoq

Tong sahardan zabtiga olgan izgʻirin qosh qoraya boshlaganda biroz pasayib, peshindan beri uchqun¬layotgan qor rostakamiga gupillay boshladi. Abdurahmon chorva suruvni oʻtoviga yaqin pastqamlikdagi qalin saksovulzorga endirdi. U yer sal boʻlsa-da shamoldan pana, sovuqni qaytarib turadi.

Chorva hangisining toʻqimini yechdi va jul oʻrnida ishlatadigan eski paxtaligini yopib, ayil bilan tortib bogʻlagach, uni suruv ichiga haydab yubordi. Suruv atrofida hushyor aylanib yurgan Qironga bir muddat tikilib turgach, koʻngli xotirjam tortib, toʻqimni koʻtargancha, ogʻir qadamlar bilan oʻtovga qarab yurdi. Oʻtovning oʻrtasida, gulxan yoqish uchun moʻljallangan chuqurchadagi choʻgʻlar allaqachon kulga aylanib qolgan ekan. Chorva kosov bilan uni titkilab, kichikroq choʻgʻni topib oldi. Ustiga qogʻoz va qurigan yantoqni bosib, puflay boshladi. Ozgina urinishdan soʻng yantoq gurillab yonib ketdi. Chorva gulxanga saksovul kundalarini tashladi. Oʻtov biroz isib, chorvaning muzlagan qoʻllariga yoqimli iliqlik yugurdi. Shundan keyin, qora qumgʻonga suvni yarimlatib, gulxanga qoʻydi. Qaniydi, shu payt toʻqson besh boʻlsa. Izgʻirinda, gulxan yonida oʻtirib, achchiq choyni quyib, maydalab oʻtirsa. Birozdan soʻng suv qaynay boshladi. Dasturxonni titkilab, yarim piyolacha non ushoqlarini topdi. Qaynoq suvda ivitilgan ushoqlar unga shohona taomdek tuyulib, uzoq tamshanib yedi. Ichiga issiq kirib, quldirayotgan oshqozoni ham biroz orom olgach, uyqu elita boshladi. Gʻaflat bosib uxlab qolmaslik uchun, tashqariga chiqdi. Saksovulzordagi suruvidan xabar oldi.

Qor hamon gupillab yogʻar, Boʻriyotogʻi sahrosi butkul oqlikka chulgʻanib borardi. Suruv tarvaqaylab oʻsgan ulkan saksovullar orasida xotirjam kavsh kaytarib yotardi. Chorvaning oʻtovdan chiqqanini koʻrgan Qiron, yoshligida kesilgan choʻltoq dumini oʻynatgancha unga peshvoz yurdi.
— Ha, Olavoy, osoyishtalikmi? — Chorva uning kalta quloqlarini, peshonasini sovuqdan qoraygan, yorilaverib qadoq boʻlib ketgan goʻshtsiz barmoqlari bilan silagan boʻldi.

Chorva Qiron bilan suruvning atrofini aylanib, sinib tushgan saksovul shoxlarini bir quchoq qilib koʻtargancha oʻtovga qaytdi. Birozdan keyin Qiron ham ortidan kirganida, pasayib qolgan gulxan yana gurillay boshlagan edi. Sal isinib olgan Qironning ham katta-katta jigarrang koʻzlari yumila boshladi.
— Boʻldi, endi sen chiqaqol, Olavoy. Suruvdan koʻz-quloq boʻl.

Qiron qari xoʻjasining gapiga tushungandek, oʻtovdan chiqib suruv yoniga yoʻrtdi. Chorva uning ortidan qoniqish bilan qarab miyigʻidan kulib qoʻydi.

... Bunga oʻn yildan oshib qoldi. Oʻshanda qishloqdan otarga qaytayotgan edi. Kichik ariqda choʻmilayotgan bolalar uni koʻrib jimib qolishdi. Shunda angillagan mittigina kuchukchaning ovozi eshitildi. Chorvaning eshagi toʻxtaganini koʻrib shumtakalar ura qochib qolishdi. Kuchukcha esa hamon zorlanib angillar, mitti, jiqqa hoʻl vujudi qalt-qalt titrardi. Chorva yoshligida uloqchi chavandoz boʻlmaganmi, shartta egildiyu kuchukni dast koʻtarib oldi. Ola kuchukchaning koʻzlari endigina ochilgan, beshafqat bolalarning qoʻlida holdan toygandi. Chorva uni choponining bariga oʻrab otarga olib keldi. Shundan beri ikkovlon ahil doʻst. Qiron kun-kundan ulgʻayib, ayiqqa kelbat beradigan, ulkan boʻribosarga aylandi. Anchagina inoqlashib, bir-birini bitta imo bilan tushunadigan boʻlib qoldilar.

...Qiron suruv yotgan saksovulzorni aylanib, yirik-yirik buta tanalariga peshob qilib chiqdi. Bu bilan, endi bu joylar unga tegishli ekanligini rasmiylashtirib, bu yerga yaqinlashgan jondorga ogohlantirish qoʻyib ketardi. Yaqin besh-olti yildan beri Abdurahmon chorvaning suruviga boʻri oralaganini hech kim eslay olmaydi. Qironning dovrugʻi butun sahroga yoyilib ulgurganidan, qashqirlar uning hidi anqigan joyning bir chaqirim narisidan aylanib oʻtishardi. Chorva ham hech qaysi choʻpon tunashga yuragi dov bermaydigan Boʻriyotogʻi saksovulzoridan joy tanlagani ham, bir tomondan Qironga boʻlgan cheksiz ishonchidan edi.

Ikki kun oldin, hali chillaning qorasovuqlari kelib ulgurmasidan Abdurahmon chorva oʻziga choʻliqlik qilayotgan oʻgʻli Abdurahimni qishloqqa joʻnatdi. Oziq-ovqatning tagi koʻrinib qolgan, va eng asosiysi nos va choy tugab boʻlgandi. Uzogʻi bilan ertasi kuni kelishi kerak boʻlgan Abdurahim, uchinchi kundirki qorasini koʻrsatgani yoʻq.

«Ha, bola-ya, bola! Sahroda och-nahor qolgan otasidan koʻra xotinining issiq quchogʻini afzal bilgan bola!»—Abdurahmon chorva shularni oʻylab, bir gʻazablanib, bir koʻngli choʻkib, pasaya boshlagan gulxanga oʻtin tashlash ham esiga kelmay, ustiga qirq yillik pocha poʻstinini tortgancha uyquga ketdi.

Tongga yaqin qor toʻxtab, haqiqiy qorasovuq boshlandi. Qorda dikirlab sakrab yurgan Qironning butun vujudiga igna sanchilgandek boʻldi. Ozroq isinib olish umidida saksovulzorni aylanib yugura boshladi. Baribir boʻlmadi. Eng soʻnggi chora, ya’ni oʻtovga oʻzini urib, gulxan yonida biroz isinib olmasa izgʻirin achchigʻiga chiday olmasdi. Qiron sekingina, dumini qisib, oʻtovga kirdi. Gulxan allaqachon oʻchgan, xoʻjasi esa, pochapoʻstinga oʻralgancha qimir etmay yotardi. Qiron pochapoʻstinni tishlab tortdi. Xoʻjasi koʻzlari yumuq, yuzi esa muzdek edi. Qiron uning yuzlarini yalay boshladi.. Shunda xoʻjasi bilinar-bilinmas nafas olayotgani sezildi. Xoʻjasining koʻzlari biroz ochilgandek boʻldi.
— Qiron... Sovuq... Gulxanni yoqish kerak.

Qiron eshikka oʻrnatilgan kigiz yonida sindirib taxlab qoʻyilgan saksovul shoxlarini birin-ketin tishlari orasida tashib, soʻna boshlagan choʻgʻ ustiga tashlayverdi. Abdurahmon chorva inqillab oʻrnida turib choʻgʻni puflay boshladi. Akashak boʻlib qolgan qoʻllari uning erkin harakat qilishiga monelik qilar, Qironning keltirgan oʻtinlari yirik va aralash-quralash qoʻyilgani uchun alanga olmasdi. Abdurahmon chorva qoʻynidan gazeta parchasini olib, zoʻrgʻa oʻtinning orasiga tiqdi. Puflashga esa madori qolmagandi. Tashqarida hushtak chalayotgan izgʻirin eshik oʻrnidagi kigizni xuddi kemaning yelkanidek shishirib lopillatardi. Qiron chopib borib, kigizning bir uchini tishlaganicha eshikni qiya ochdi. Sovuq shamol shahd bilan oʻtovga oʻzini urdi. Choʻgʻ birdan alangalanib, gurillab ketdi. Atrof yorishib, oʻtovga iliqlik yugurdi.

Abdurahmon chorva inqillagancha oʻrnidan turib, palapartish tashlangan shoxlarni kosov bilan tartibga keltirdi. Gulxan bir maromda gurillab yona boshladi. Anchagina qizinib,oʻziga kelib olgan Qiron ham tashqariga chiqdi. Uning ham xoʻjasi singari qorni och edi. Saksovulzorning adogʻidagi kichikroq barxan ustiga chopib chiqib, sharqqa, quyosh bosh koʻtarayotgan tomonga uzoq termulib koldi. Kichik xoʻja shu tomondan keladi. Yoʻq. U hamon koʻrinish beravermasdi. Qiron uning kelishidan umidini uzib, boshini osiltirgancha yana ortga qaytdi. Kechasi belgi qoʻyib chiqqan chegaraning buzilgan-buzilmaganini tekshirib saksovulzorni aylandi. Hammasi joyida. Suruv tong otishi bilan yalanglikka yoyilib ketdi. Qor ostida, namiqib, xushxoʻrlashgan yantoq va shuvoq qoldiqlarini terib yeya boshlashdi. Qiron bir muddat suruvning atrofida aylanib yurib shubhali narsa koʻrmagach, yana oʻtovga qaytdi.

Abdurahmon chorva gulxanga qarab oʻtirgancha oyogʻini tinimsiz uqalardi. Qiron uning oldida choʻkka tushib, tilini osiltirgancha moʻltirab qaradi. Chorva jonsiz qoʻllari bilan itning ulkan boshini siladi.
— Shunaqa gaplar, Olavoy, oyoqni oldirganga oʻxshaymiz.

Qiron guyo tushungandek, uning yalangʻoch oyogʻini yalashga yaladiyu, birdan tilini tortib oldi. Xoʻjasining muzdek oyoqlaridan oʻlik hidi kelardi. U boshini koʻtarib ayanchli gʻingshib qoʻydi.
— Ha, sen ham sezdingmi, Olavoy. Oyoqdan judo boʻldik. Endi holimiz nima kechadi-a, Olavoyginam? —Abdurahmon chorvaning qoqsuyak barmoqlari titrab, kipriklari namlandi.

...Qiron yalanglikda yoyilib yurgan suruv atrofini aylanib chiqdi. Keyin barxan ustiga chiqib yana kunchiqar tomonga umid bilan uzoq tikilib qoldi. Kichik xoʻjadan darak yoʻq edi. Ichikib gʻingshidi. Burilib pastga tusha boshlaganida soʻnggi umid bilan yana ortiga qaradi. Sahro oppoq, qimirlagan qora koʻrinmasdi. Shunda kunbotar tomondagi ulkan burgʻulash minorasiga koʻzi tushdi. Oʻtgan bahordagi voqealar koʻz oldida gavdalandi.

Oʻshanda yil yaxshi kelib, sahroni yashil gilamdek barra oʻt qoplagandi. Suruv ikki barobar koʻpayib ketgan. Dirkillagan qoʻzichoqlarining ma’rashi atrofni tutardi. U qishda tugʻilgan, anchagina yirik qoʻzi bilan oʻynashib, suruv oralab yurgan edi. Shunda bir qora mashinada toʻrt-besh kishi oʻtovga qarab kela boshladi. U qoʻzichoqni unutib mashinaninng yoʻlini kesib, vovullagancha bostirib bora boshladi. Mashina uni chaqqongina aylanib oʻtib, toʻgʻri oʻtov yonida oyoq ildi. Qironning gʻazab bilan tashlanishga tayyor turganini koʻrgan mashinadagilar, eshikni ochishga yuraklari betlamasdan, qattiq-qattiq signal chalgancha turaverdilar. Bir payt xoʻjasi yetib keldi.
— Olavoy, boʻldi, bas qil. Bor, ishingni qilaver!-deganidan soʻng mashinadagilarga yovqarash qilib, sal nariroqqa borib, ularning har bir harakatini koʻzdan qochirmay kuzatib yotaverdi.

Ular mashinadan tushib xoʻjasi bilan suhbat¬lashishdi. Keyin, oʻtloq ustiga namat toʻshab yonboshlab olishdi. Mashinadan turli xaltalarni olib, dasturxonni toʻldirishdi. Qironning dimogʻiga oʻtkir, ishtahasini qitiqlab, soʻlagini oqizib yuborgan hidlar kela boshladi. U shunda ham oʻz obroʻsini saqlab, ularning yoniga yaqinlashmadi. Kichik xoʻjasi bir qoʻzini ushlab, oʻtov orqasiga olib oʻtib soʻydi. Tez orada qozonda qovurilayotgan goʻshtning yoqimli hidi atrofni tutib ketdi. Boshida vahima bilan kutib olgan boʻlsa-da, bu kelguvchilarga el boʻlgisi keldi. Bir payt xoʻjasi uni yoniga chorlab qoldi. Sekin oʻrnidan turib, viqor bilan bir-bir qadam bosgancha unga yaqinlashdi. Qironning kelbatini koʻrib qorachadan kelgan moʻylovli kishi qiyqirib yubordi.
— Oʻ, Abdurahmon aka, buningiz ayiqpolvonning oʻzi-ku! Har qanday itni bir martadan oʻtkazmasa kerak. Sotmaysizmi? Qancha soʻrasangiz berardim!
— Bu gapingizni qaytib tilingizga olmang, ukam! Odam oʻz doʻstini ham sotadimi?! Ana, suruvdan xohlagan qoʻchqoringizni soʻrang, berib yubormagan nomard. Lekin Qironni soʻramang!
— Boʻldi, boʻldi, Abdurahmon aka. Soʻzimni qaytib oldim.

Moʻylovdor sekin Qironning boʻynidan siladi. Chaqaloqning mushtumidek keladigan, xushboʻy hidli yemishni olib unga tutdi. Qironning yegisi kelayotgan boʻlsada, unga yuzini burmadi. Xoʻjasiga qaradi.
— Ol, olaver, Olavoy.

Qiron kishining qoʻlidan sirli, xushboʻy hid taratayotgan yemishni olib, nariroqqa choʻkdi-da, ishtaha bilan tushira boshladi.

Keyin ular mashinaga minib, sahrodagi ulkan minoraga qarab ketishgandi.

Ularning yoniga borish kerak. Faqat oʻsha odamlargina xoʻjasiga yordam bera olishi mumkin.

Qiron xotirjam oʻtlab yurgan suruvdan koʻngli toʻq, oʻtovga qaytib kirdi. Xoʻjasi endi xirillab nafas olgancha pochapoʻstinga oʻralib yotardi. Qiron oʻtovdan oʻqdek otilib chiqib, ulkan minora turgan tepalik tomonga chopib ketdi.

Oppoq qorga burkangan tepalikka chiqib borganida minoraning shovqinidan qulogʻi tom bitib, titrayotgan yerga oyogʻini zoʻrgʻa bosardi. Bu vahimali minoraga yaqin borishga yuragi dov bermas, ammo ortga qaytishga ham haqqi yoʻq edi. Shunda u choʻkka tushib olgancha baland ovozda vovullay boshladi.

... Parmalash minorasi atrofida yurgan uch-toʻrt kishi bor kuchi bilan ishlab, ulkan dolotani aylantirgancha yerni oʻyib borayotgan dizellar shovqinida itning tovushini eshitmadilar. Shu payt beriroqdagi vagonchadan bir yigit chiqib, boʻribosarga hayron boʻlib qarab qoldi. Keyin uning salobati va vahshatidan qoʻrqib, ikki qadam ortga tisarildi.Choʻchinqiragancha yana itga tikildi. Qironni tanidi shekilli, bir nimalar deb baqirgancha minora yonidagi odamlar tomonga yurdi.
— Jumamurod aka! Hov, Jumamurod aka! — Yigit shovqinni bosib baland ovozda chaqirdi.

Minora atrofida gʻoz yurib, burgʻuchilarga koʻrsatma berayotgan smena boshligʻi Jumamurod unga oʻgirildi.
— Nima deysan?
— E, aka, bu yoqqa qarang. Abdurahmon choʻpon¬ning sizga sotmagan iti oʻz oyogʻi bilan kelib turibdi!

... Qiron moʻylovdor kishini darrov tanidi. Shovqin va yerning titrashidan paydo boʻlgan qoʻrquv ham unutilib, oʻziga xushta’m yemish tutgan kishining yoniga choʻltoq dumlarini likillatgancha yoʻrtib bordi. Moʻylovdor qoʻrqa-pisa uning boʻynini siladi. Qiron Boʻriyotogʻi saksovulzori tomonga oʻgirilib vovullab qoʻydi. Moʻylovdor esa yonidagi yigit chiqarib bergan bir parrak kolbasani Qironning ogʻziga tutdi. Undan tilidan hamon ta’mi ketmayotgan bahordagi yemishning xushboʻy hidi kelardi. Qiron och emasmi, yemishni apil-tapil chaynab yutib yubordi. Keyin moʻylovdorning baridan tishlagancha Boʻriyotogʻi tomonga tortqilar, ayanchli gʻingshib qoʻyardi. Moʻylovdor esa uning gapini uqmasdan, yonidagi yigitga bir narsalarni shivirlab ichkariga kiritib yubordi...

Jumamurod yoshligidan it urishtirishga qiziqar, qish kunlarida shahar chetidagi tashlandiq bogʻda boʻladigan itlar jangini bitta qoldirmay tomosha qilardi. Kelgusi haftada katta jang boʻladi. Buxorodan «Tayson« degan chempion it kelarmish. Eh-he, unga tikiladigan pulni koʻrsang edi! Ikki-uch yildan beri »Tayson»ning oldiga tushadigani yoʻq. Uni faqat shu Qiron yutishi mumkin! Oʻz oyogʻi bilan kelgan xazinani qoʻldan chiqarib boʻladimi!

Yigit burgʻuchilar minora tepasidagi, palati deb ataladigan kichik kabinaga chiqayotganlarida xavfsizlik uchun bir uchini minoraga, bir uchini bellariga bogʻlab oladigan poʻlat zanjirli charm kamarni olib chiqdi. Jumamurod itning boshini silab turgancha kamarni chaqqonlik bilan boʻyniga solib mahkamladi.

Qiron birdan hushyor tortdi. Bunday xiyonatni kutmagan itning gʻazabi toshib, moʻylovdorni bir zarb bilan agʻanatdi va ortga qaytdi. Moʻylovdor va yonidagi yigit ikkovlashib uning yoʻlini toʻsgancha hay-haylashar, ammo gʻazablangan boʻribosarga yakinlashishga jur’at topisholmasdi.

Qiron ogʻir zanjirni sudrab yana Boʻriyotogʻiga qaytib keldi. Biroz olislab ketib qolgan suruvni ortga qaytarib kelgach oʻtovga kirdi. Xoʻjasi hamon ogʻir-ogʻir nafas olar, choʻgʻdek qizib ketgandi.

Qiron barxan ustiga chiqib, kunchiqarga termuldi. Bu safar sahroni kesib oʻtgan yoʻldan qandaydir, harakatlanayotgan narsa koʻrindi. Boʻynidagi la’nati zanjirni bazoʻr sudrab chopa boshladi. U yoʻlning oʻrtasida turib, mashinani sabr bilan kuta boshladi.

... Qor bosgan yoʻlda imillagancha «Villis» mashinasi oʻrmalab kelardi. Bu burgʻuchilarning mashinasi boʻlib, yoshgina yigit boshqarar, yonida tinimsiz sigareta tutatayotgan geolog oʻtirardi. Yoʻlning oʻrtasida turgan bahaybat itni koʻrib, har ikkalasi ham hayron boʻlib qolishdi. Ular yaqinlashganlarida it bir-ikki vovullab, mashina oldida zanjirni sudragancha xuddi yoʻl boshlayotgandek boraverdi.Chamasi, Qironning omadi chopib qoldi-yov, ular itning imosini ilgʻashdi.
— Bunda bir gap bor, Ravshan, sekin uning ortidan boraver-chi! — dedi geolog haydovchiga.

It kunbotarga burildi. Mashina ham ehtiyotlik bilan uning ortidan ergashdi. It ularni toʻgʻri choʻponlar oʻtoviga boshlab borganida, mashinadagilar biron hodisa sodir boʻlganiga toʻliq ishonishdi. Mashina toʻxtaganida it gʻingshigancha oʻtovga kirib-chiqar, chopqillab ularning yoniga kelib, yana oʻzini oʻtovga urardi. Geolog oʻtovga kirgach, choʻzilib yotgan Abdurahmon choʻponni koʻrib esxonasi chiqib ketayozdi. Poʻstinni tortib, uning yuziga qoʻlini bosdi. Choʻponning issigʻi baland, alahlab yotardi. Ular shosha-pisha uni koʻtarib mashinaga olib chiqishdi. Qiron ham oʻzini mashinaga urmoqchi edi, ammo biroz oʻziga kelgan Abdurahmon chorva inqillagancha «Sen suruvga qara, Olavoy,» deganidan keyingina shahdidan qaytib, to mashina katta yoʻlga chiqqunicha zanjirni shiqirlatib sudragancha unga ergashdi.

...Qosh qorayib, yana sahroning kechki izgʻirini boshlanayotgandi. Yalanglik boʻylab tarqalib ketgan suruvni ming bitta azob bilan yigʻib, saksovulzorga haydadi. Boʻriyotogʻiga gʻuj boʻlgan suruvni aylanib, yana oʻz chegarasini yangidan belgilagach, barxan ustiga chiqib, to kun botib, mudhish qorongʻulik sahroni butkul chulgʻab olmaguncha, xoʻjasini olib ketgan mashina ketidan termulib turaverdi. Sovuq jonidan oʻtganidan keyingina, oʻrnidan qoʻzgʻalib suruv tomon yurdi. Ochlik va sovuqdan tinka-madori qurib borar, hatto boʻyniga osilgan zanjirni ham sudrashga holi qolmagandi. Boʻynidagi charm kamardan xalos boʻlishga urinishlari behuda ketdi. Tun yarmidan oqqanda holsizlikdan koʻzi yumilayozgan ekan, qari serkaning qoʻngʻirogʻi asabiy jaranglashidan hushyor tortdi. Qoʻy-qoʻzilar bezovtalanib, paydar-pay ma’ray boshladilar.

Qiron allaqanday ichki sezgisi bilan suruvga qashqir oralayotganini sezib, oʻsha tomonga otildi. Evoh, arslon kuchdan qolganini sezsa chiyaboʻrilar ham gʻimirlab qolar ekan-da! Uning sillasi quriganini qaerdan bildi ekan bu jondorlar! Qiron gʻazabdan vujudiga kuch inayotganini his qildi. U xuddi, bir necha yil oldingi yosh va kuchga toʻlgan pallalardagidek sezdi oʻzini. Duch kelgan qoʻyni boʻgʻizlab borayotgan ulkan arloni boʻrining oldini toʻsib chiqdi. Bir necha soniya koʻzlari toʻqnashganidan keyin boʻri unga tashlandi. Qiron bunday janglarning hadisini olib ulgʻayganidan, tezda chap berib, uning kekirdagidan olgancha bosib tushdi. Boʻri yosh va baquvvat, Qiron esa kuchdan qola boshlagan, buning ustiga bir necha kundan beri och edi. Lekin Qirondagi cheksiz gʻazab va tajriba oʻz soʻzini aytdi. Boʻri ming urinsa-da uning omburdek qisilgan jagʻlari orasidan chiqib ketishning yoʻlini topa olmadi. Qashqir asta-sekin holsizlanib, harakatlari susaya boshlaganida urgʻochisi jon-jahdi bilan yordamga tashlandi. Uning zarbidan Qiron agʻanab, ostidagi boʻri uni bosib tushgan boʻlsa-da, ammo boʻrining boʻgʻzini hamon qoʻyib yubormasdi. Bu jonjabrlik uni asrab qoldi. Ustidagi jondor qalqon vazifasini oʻtab turar, urgʻochi qashqir uning kekirdagidan olishiga imkon topolmasdi. Shu payt boʻrining joni uzildi. Uni qoʻyib yuborganida yirik, yoldor boshi shilqillab tushdi.

... Abdurahim uyga qaytganidayoq, hech boʻlmaganda ikki kun uyda qolishni rejalashtirgandi. Otasi ochidan oʻlmaydi. Ana, xohlagan qoʻyni soʻyib yeyaversin. Shu la’nati qoʻylarni deb, izgʻirin sahroda yuraveradimi? Uylanganiga olti oy boʻldi. Shundan beri ikki, nari borsa uch marta kelgandir, xolos. Chorvaga qolsa, yilda bir marta ham uyga joʻnatay demaydi. U kechga yaqin eshagini qichab haydagancha uyga kirib keldi. Anchadan beri qirilmagan siyrak soqoli, telpagi bulduruqlagan,har nafas olganida ogʻzidan bulutdek boʻlib hovur chiqardi. Hali kelinchaklik uyning fayzi arimagan xonasiga kirganida Gulsumning mayin jilmayib salom berishidan, ehtirosi joʻsh urib ketdi. Xotinini chanqoqlik bilan bagʻriga bosmoqchi edi, u nozlanib koʻksidan itardi. «Oldin bu isliqilaringizni yechib, yuvinib oling».

Abdurahim iliq suvda uzoq yuvindi. Oxirida soqolini ham qirtishlab, archilgan tuxumdek silliqqina boʻlib chiqib keldi. Tunni maromida oʻtkazgan yigit ertalab ham, indingi kuni ham yoʻlga chiqqisi kelmasdi. Uchinchi kuni istar-istamas, kerakli narsalarni xurjunga solib otlandi. Shu kuni tunda daryoda muz koʻchib, omonatgina koʻprikni yuvib ketganini koʻrib, qolishga bahona topgandek boʻldi. Uchib-qoʻnib ortga qaytdi. Onasiga shuni chala-chulpa aytib, uyga oʻzini urayotganida Risolat kampir uni toʻxtatib qoldi.
— Shoshma, bolam. Koʻprik buzilgan boʻlsa uyga kirib oʻtiraverasanmi? Otangning holi nima kechadi. Qanday qilib boʻlmasin, borasan!
— Nima, daryodan uchib oʻtaymi, yo shu izgʻirinda kechib oʻtaymi?

Onasi indamadi. Keskin ortiga oʻgirilib keta boshladi. Abdurahmon chorvaning butun umri choʻlda oʻtib, bolalarni Risolat kampir tarbiyalab oʻstirganidanmi, Abdurahim qattiqqoʻl, aytganini qildirmay qoʻymaydigan onasidan hayiqardi. Ilojsiz ortga qaytdi. Eng yaqin koʻprik yigirma chaqirimlar narida, burgʻuchilar posyolkasiga boradigan asfalt yoʻlda edi. Agar shu yoʻl bilan ketsa yarim kechasi ham yetib borolmaydi. Yoʻlda muzlab qolishi hech gapmas. Undan koʻra eshakni qoʻyib, yoʻlovchi mashina poylagani yaxshi. Abdurahim xurjunni yelkasiga tashlagancha, beton koʻprikka yetib kelganida sovuqning zabtidan toʻngʻib qolay dedi. Abdurahim yoʻl chetiga chiqarib tashlangan eski mashina gʻildiragini yoqib isinishga qaror qildi. Biroz atrofni izlab, koʻprik ostidan quruq xashak va oʻtin-choʻplarni topib chiqdi. Shularni gʻildirak ostiga qoʻyib, bir amallab olovni yoqib oldi. Gʻildirak gurillab yonib, atrofni quyuq qora tutunga chulgʻay boshlaganidan soʻnggina uning tanasidagi qaltirogʻi biroz bosildi. Vujudiga issiq oʻrlab, yoʻlga tuzukroq razm soldi. Oʻrkach-oʻrkach, oppoq qorga burkangan barxanlar oralab, choʻl tomondan imillab kelayotgan qora «Villis» koʻrindi. Mashina sekin-sekin yurib kelib gulxan toʻgʻrisiga kelib toʻxtadi.
— Hoy, yigit, buyoqqa qarasang-chi! — mashinadan tushgan oʻttiz besh-qirq yoshlardagi kishi uni chaqirardi.

Abdurahim shoshilib uning yoniga bordi.
— Qara-chi, manavi choʻponni taniysanmi? Oʻtovida ogʻir alahlab yotganida topib oldik.Kasalxonaga olib boryapmiz.

Abdurahimning yuragi jimillab ketdi. Orqa oʻrindiqda choʻzilgancha, hushsiz yotgan odam otasi Abdurahmon chorva edi.

Chorva uch kun ajal bilan olishdi.Oʻzini aybdor his qilib, boshini qaysi devorga urishni bilmay turgan Abdurahim ham, Risolat kampir ham uch kun uning yonidan jilmadilar. Nihoyat, toʻrtinchi kun tong saharda chorva koʻzini ochdi. Uning ilk aytgan soʻzi «Qiron» boʻldi.
— Qiron... Qiron suruv bilan yolgʻiz qolgandi. Sen undan xabar ol. Men tuzukman.

«Oʻzi oʻlaman deb turibdi-yu, yana shu itni oʻylaganiga balo bormi!»

Abdurahim noiloj sahroga qaytishga majbur boʻldi.

... Qiron keyingi kuni butkul holdan toydi. La’nati moʻylovdor boʻyniga osgan zanjirni sudrab barxanga chiqishning ilojini topolmadi. Shunda saksovulzor tomondan yegulik hidi anqiyotganini ilk marta sezdi. Sekin sudralib Boʻriyotogʻi saksovulzoriga kirib ketdi. Bu ishtahani qitiqlovchi yegulik hidi kuni kecha qashqir boʻgʻizlagan qoʻyning jasadidan kelardi. U hech narsani oʻylab oʻtirmay muzlab qolgan qoʻyning tanasiga tishini botirdi. Ochlikning zoʻridan bir zumda qoʻyning ustixonlarigacha gʻajib tashladi. Bir necha kun davom etgan ochlikdan keyingi bu ziyofatdan soʻng mudray boshladi. Kechki izgʻiringacha hali vaqt bor. U saksovulning panasida, oʻzi qazigan oʻrasimon inga kirab koʻzlarini yumdi.

U shuncha kun ochlikka mardona chidagan boʻlsa-da, endi oʻzini tutolmay, nafsning quliga aylanib borayotgandi. Qari saksovulning xunuk buralgan shoxlari panasida boʻgʻizlangan ikkinchi qoʻyning oʻligi yotardi. Qiron ermakka chaynagandek, uning etini burdalab yuta boshladi. Bu qoʻy unga bir kunlik yemish boʻldi. Keyingi tunni zoʻrgʻa oʻtkazdi. Kun yorishib, qoʻylar yalanglikka oʻtlagani chiqishayotgan paytda ochlik hissi chidab boʻlmas darajaga chiqib koʻziga qon quyila boshladi. Tomirlarida oqayotgan ajdodlari qoni koʻpirib, koʻzini xiralashtirib qoʻydi. Jazavaga tushiradigan issiq qon hidining xumori tutib boshi aylanib ketdi. U endi oldingi Qiron emas! Koʻzlari qonga toʻlib, suruv tomonga chopdi. Birinchi duch kelgan qoʻyning boʻgʻzini yulib tashlab, oqayotgan issiq qonini chapillatib yalay boshladi...

... Abdurahim geologlarning vaxta mashinasida, peshin payti otarga yetib keldi. Qoʻylar saksovulzorda toʻplanib, olazarak koʻzlari bilan atrofga boqishar, bezovta ma’rashar edi. Abdurahim suruvga jondor oralagan gumon qilib, tayogʻini qoʻlida mahkam ushlagancha atrofni aylanib koʻzdan kechirib chiqdi. Saksovulzor boʻgʻizlangan qoʻylarning jasadiga toʻlib ketgandi. Ba’zilari ustixonigacha gʻajilgan boʻlsa, ba’zilari esa shunchaki ermak uchun oʻldirilganligi bilinib turardi. Abdurahim oʻn chogʻli jasadni sanaganidan keyin birdan Qiron esiga tushib ketdi. Otasining sevimli iti nima qilib yuribdi ekan. Uning hidini sezgan boʻri zoti borki, bir chaqirim naridan aylanib oʻtardi-ku!
— Qiron! Qiron!

Boʻriyotogʻi saksovulzoriga taqalib turgan barxanning ustida Qironning bahaybat boshi koʻrindi. U erinib oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Lekin negadir Abdurahim tomonga yurgisi kelmasdi.
— Qiron!

Abdurahim itning bu qiligʻidan hayratda qoldi. Axir Qiron uning bir imosi bilan yoniga oʻqdek uchardi-ku! Oʻtgan bir haftada u goʻyo boshqa itga aylanib qolgandek edi.

... Qiron kichik xoʻjasining chaqirigʻini eshitganida, uning yoniga chopib borishga ichida uygʻongan allaqanday yovvoyi tuygʻu monelik qilardi. Sodiq va aqlli Qiron oʻzi bilan xoʻjasining oʻrtasida devor paydo boʻlganligini his qila boshladi. U endi xoʻjasiga ishonmas, undan biroz hayiqib, biroz begonasirab turardi. Bir paytlar oʻzi bilan xoʻjasi oʻrtasidagi mehr, sadoqat va muhabbat tuygʻulari, bir necha yuz yil oldin boʻlgandek, xotirasida xiralashib qolgandi. U oʻsha paytlarni eslagisi ham kelmas, hammasiga tupurib, bir necha kundan beri oʻzi tuyib kelgan ozodlik, mastu mustagʻriq qilguvchi issiq qon hidi ortidan toabad chopib yurishni istaydi. Xoʻjasi bilan oʻrtalarida qad koʻtargan mustahkam devorning tamal toshi ham boʻgʻizlangan qoʻyning jon taslim qilar chogʻi jismidan oqayotgan issiq qoni ta’mini tuygan lahzalarda qoʻyilgan edi. Endi bu devorni buzishning iloji yoʻq.

Qiron barxan ustida qaddini tiklab, maza qilib kerishdi. Yaqindagina qornini toʻydirib olmaganmi, vujudida allaqanday yovvoyi kuch uygʻonib, cheki-chegarasi yoʻq sahroda tinimsiz yugurishni istay boshladi. Allaqayoqlardan, anavi koʻzga elas-elas chalinayotgan saksovulzordanmi vujudini sarxush qilib, tinimsiz oʻziga chorlayotgan sirli boʻy anqirdi. U tumshugʻini shamolga tutib hidni yanada ravshanroq his qila boshlaganidan keyin junbushga tusha boshladi. Shunda u itlar uchun mutlaqo taqiqlangan ishni qildi: tumshugʻini osmonga koʻtargancha uvlab yuborishdan oʻzini saqlay olmadi.

... Abdurahim Qironning bu qiligʻidan dahshatga tushdi. Nahotki, shu oʻzi bilgan Qiron shunchalikka borgan boʻlsa. Otasiga aytsa, mutlaqo ishonmaydi! Eh, Qiron, Qiron! Endi uning qaytib kelishidan umidini uzib, saksovulzorda muzlab yotgan qoʻy jasadlarini yigʻishtira boshladi. Ularni saksovulga osib qoʻymasa boʻlmaydi. Boʻgʻizlangan qoʻylarni akt qiluvchi komissiya, kerak boʻlsa har bitta suyagini sanab, keyin «spisat» qiladi.

... Qiron boʻynidagi zanjirning ogʻirligini ham sezmay, olisdagi saksovulzordan anqiyotgan sirli boʻyga qul boʻlib chopa ketdi. Kun botib kechki izgʻirin uygʻongani ham uni shashtidan qaytara olmadi. Oy koʻtarilib, ajabtovur vasvasaga solguvchi yogʻdusi oppoq qorda akslana boshlaganda saksovulzordan iliqqan boʻrining zorlanib uvlagani eshitildi. Uning qoʻshigʻi Qironning badanini jimirlatib yubordi. Sehrli hid va bu qoʻshiq uni betoʻxtov oldinga chorlardi.

Sirli hid saksovulzor ichidagi moʻ’jaz tepalikda toʻlinoyga qarab uvlayotgan urgʻochi boʻridan anqirdi. Qiron uning atrofidan bir aylandi. Bu oʻsha, yaqinda suruvga hujum qilib, Qironning jagʻida halok boʻlgan yoldor boʻrining jufti boʻlib, oʻziga yangi arlon axtarayotgan edi. Qiron atrofida girdikapalak boʻlib, tongga yaqin uning visoliga yetishdi. Keyingi tunda ikkovlari birga ovga chiqdilar. Qironning oʻz suruviga borishga oyogʻi tortmadi. Shu yerga yaqinroq, koʻhna toshquduq atrofidagi suruvga hujum qilishdi. Suruvning yonida yurgan ikkita qora it shovqin solib ularga tashlanganida Qiron keskin harakat bilan birining boʻynini yulib tashladi. Ikkinchisini ostiga bosib piypalay boshlaganida, boʻri allaqachon ikkita qoʻyni boʻgʻizlab ulgurgandi. Shu payt choʻponning oʻtovi yonidan miltiqning varanglagani eshitildi. Qiron itni qoʻyib yuborib oʻzini gʻuj boʻlib turgan qoʻylar ichiga urdi. Duch kelgan oʻrtacharoq shirbozni koʻtargancha saksovulzor tomonga chopib ketdi. Shundoqqina bir-ikki qadam ortda jufti chopib kelayotganini his qilib, yanada gʻayrati joʻsh urardi.

... Nihoyat qish oʻtib, izgʻirinlar barham topdi. Sahro yam-yashil gilamga burkanib, lolaqizgʻaldoqlar kelinchakdek qimtinib yuz ocha boshlaganda, boʻri bolaladi. Koʻzlari yumuq, mitti jimitvoylarni onasi hatto Qirondan ham qizgʻana boshladi. Toʻrtta uzun tumshuqli, quloqlari dikkaygan, kulrang boʻrivachchalar ichida shalpang quloqlari osilgan, tumshugʻi yoʻgʻon, tanasida kattagina uchta sargʻish dogʻi boʻlgan qoruvli, boʻriga hech oʻxshamagani, ayniqsa boshqacha edi. Bir haftadan keyin ularning koʻzi ochilib, saksovul tagidagi inlaridan oʻrmalab chiqib, bir-birlari bilan olishib oʻynay boshladilar. Shunda shalpangquloqning barcha ogʻa-inilaridan kuchliroq ekanligi bilinib qoldi. Uni onasi siltab tashlar, emizishni ham istamasdi. Lekin u boʻrivachchalarni itarib-turtib, onasining emchak¬lariga yopishib olardi. Salgina ulgʻayganidan keyin Qironga ergashib, uzoq-uzoqlarga ketib qoladigan ham boʻldi. Ona boʻri Qironni endi mutlaqo oʻziga yaqinlashtirmay qoʻydi. Qiron ham qishki ehtiroslari sovib boʻlganidanmi, iniga onda-sonda bir kelar, shunda ham u yerga bosh suqmay, faqat oʻziga oʻxshab ketadigan bolasi bilan biroz oʻynardi-da, keyin yana qorasini koʻrsatmay ketardi. Shunday kunlardan birida u bolasini ergashtirgancha butunlay uyasini tark etdi.

... Abdurahmon chorvaga ikki oy deganda ruxsat tegib, shunda ham qoʻltiqtayoq bilan kasalxonadan chiqdi. Qolgan bir oylik muolajani uyda oladigan boʻldi. Kasalxonada yotganida ham, uyga kelganidan keyin ham, bir zum boʻlsa-da qadrdon Qironi haqidagi xayollar uni tark etmasdi. Agar shu iti boʻlmaganida oʻtovda oʻligi muzlab qolib ketaverarmidi. Shularni uylaganida mijjasida ikki tomchi issiq yosh paydo boʻladi.

Qironning bir urgʻochi boʻriga ilakishib, Boʻri¬yotogʻi sahrosidagi suruvlarni qon qaqshatayotgani haqidagi mishmishlarni eshitib Abdurahmon chorvaning gʻazabi qaynab, toshib ketardi. Buni koʻrolmaslar igʻvo qilayotganiga ishonar, hali ularning ogʻzini yopib qoʻyish qoʻlidan kelishini bot-bot takrorlardi.

Bahor iliq kelib, dov-daraxtlar gullay boshla¬ganida Abdurahmon chorva endi uyida oʻtirolmasligini his qilib, sahroga otlandi. Risolat kampirning hay-haylashiga ham qaramay koʻk hangisini toʻqimlay boshladi.

Otarga kelganida toʻl avjida, Abdurahim bilan choʻliq yigit qoʻli-qoʻliga tegmas, uyqusizlik va charchoqdan koʻzlari yumilib-yumilib ketardi. Chorva nigohlari bilan izlab Qironni topolmadi.
— Abdurahim, Qiron koʻrinmaydi?
— E, qoʻying ota, shuni eslatmang.

Chorva ichidan zil ketdi.
— Ha, — dedi birozdan soʻng, — nima boʻldi?
— E, nimasini aytasiz, qish boʻyi barchamizni qon qaqshatdi, harom qotgur! Allaqanday urgʻochi qashqirga ilakishib, suruvlarga oʻrlay boshladi. Unga hech qanday it bas kela olmasa. Ikki marta otdim. Chap berib qoldi, yaramas!

Kun botish arafasida qoʻy-qoʻzilarning bezovta ma’rashini eshitgan chorva oʻtkir koʻzlari bilan ayiqdek keladigan bahaybat ola itning yirikkina qoʻzini jagʻiga olgancha saksovulzorga urib ketayotganini koʻrmaganida Abdurahimning bu gaplariga oʻlaqolsa ham ishonmasdi.

Erta tongda u hangisiga minib, xurjuniga qoʻshotarini solgancha Qiron ketgan tomonga yoʻl oldi. Saksovulzor oralab ancha yurganidan soʻng, kuchukning irillagan, vovullagan tovushlari eshitildi. Ulkan saksovulni aylanib oʻtsa... Ne koʻz bilan koʻrsinki, Qiron yastanib yotar, xuddi oʻziga oʻxshagan ola kuchukcha uning terilarini tortqilab oʻynardi. Qironning yonida kechagi olib qochilgan qoʻzichoqning qoldiqlari sochilib yotardi.
— Qiron! — Gʻazab bilan baqirdi Abdurahmon chorva.

Qiron sapchib oʻrnidan turib ketdi. Kuchukcha esa jimgina oʻzini saksovul panasiga oldi. Abdurahmon chorva qadrdon itining uch oy davomida qanchalar begonalashib, yovvoyilashib ketganini koʻrib, ichidan ezildi.
— Eh, Olavoyim, nimalar qilib qoʻyding-a, ola¬ginam! — Chorvaning koʻzlaridan yosh dumalab, oppoq soqoliga ilashib qoldi.

Qiron sobiq xoʻjasiga yovvoyi, begona nazar bilan nigoh tashlab turardi. Abdurahmon chorva eshakdan tushib, oqsoqlana-oqsoqlana bir-ikki qadam oldinga yurdi. Qiron buni koʻrib begona tovushda irillab qoʻydi. Abdurahmon chorva esankiradi. Qarshisida turgan oʻzining qadrdoni Qiron emas, mutlaqo begona, yovvoyi va vahshiy maxluq ekanligini ichki titroq bilan his qildi. Xurjunidan qoʻshogʻizni olib, qoʻllari qaltiragancha Qironga oʻqtaldi. It koʻksini kerib, boshini magʻrur koʻtargancha battarroq vahshat bilan irillay boshladi. Chorva nishonga olib, tepkini koʻtargunicha oʻtgan soniyalar yillarga tengdek tuyuldi.
— Yoʻq! — hayqirdi ovozi titrab. — Otolmayman, seni!

Chorva miltiqni pastga tushirdi.

... Hammasi oniy lahzada roʻy berdi. Qiron gʻazab bilan sobiq xoʻjasiga tashlandi. Chorva qanday qilib miltiqni unga toʻgʻrilaganini va ikki tepkini birdan bosib yuborganini bilmay qoldi. Birvarakay uzilgan ikki oʻq Qironning koʻksini oʻpirib ketdi. Chorva inqillab uning jon berib ulgurgan tanasi ustiga egildi.

...Abdurahmon chorva Qironning jasadini quchoqlagancha, yelkalari silkinib-silkinib yigʻlardi.

«Yoshlik» jurnalining 2009-yil, 3-sonidan olindi.</i<</div>