OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBahodir Abdurazzoq
Asar nomiQora kiyik ta’qibi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Bahodir Abdurazzoq
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm28KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/30
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qora kiyik ta’qibi (hikoya)
Bahodir Abdurazzoq

Usmon tun boʻyi bosinqirab chiqdi. Tavba, miltiq tutgan allaqanday kiyik Munisani tinimsiz ta’qib qilarmish. Jon hovuchlab ularning oʻrtasiga tushishga harakat qilsayam, oyoqlariga tosh bogʻlangandek, joyidan qimirlay olmas ekan. Shu tushni bir kechaning oʻzida bir necha marta koʻrdi. Hatto uxlashga ham choʻchib qoldi. Koʻzlarini loʻq qilib xayol surib chiqdi. Ertalab boʻkib ichgan sarmastday boshi loʻqillab ogʻriyotganidan, kanda qilmaydigan odati, onasining hujrasiga bosh suqib salom berishni ham unutdi. Soqolini chala-chulpa qirtishlab ishga otlanayotgan mahal qunishibgina sochiq uzatib turgan Munisa bilan nigohlari toʻqnashdi. U ham tuni bilan mijja qoqmagan hoynahoy, qovoqlari salqib, surmarang soya tushgan edi. Nimanidir undan yashirayotgani titrayotgan lablari qimtilganidan, nigohlarini yashirishga urinayotganidan anglashilib turardi.

«Bu bechoraga ham qiyin, dardi ichida, ichidagini toʻkib soladigan yaqin kishisi ham yoʻq. Qizlari turganida bu paytga kelib unga dardkash, sirdosh boʻlib ketarmidi. Onam azaldan uni xushlamaydi. Shunday boʻlsa hamki, oʻttiz yildan beri miq etmay chidayapti. O’zi qaynona boʻladigan yoshga yetganida ham, qaynonasining bir imosiga mahtal, yosh kelinchakdek zipillab yumushini qiladi. Nega yigʻladi ekan? Yo, yana Sulton...»

Usmon simillayotgan chakkalarini qoʻllari orasiga oldi.

– Doringizni ichib oling, davleniyangiz...

Xotini uzatgan hapdorini bir piyola sovuq choy bilan zoʻrgʻa yutdi. Biroz boshining loʻqillashi bosilgandek boʻldi. Xotiniga «Nima gap?» degandek nigoh tashladi. O’ttiz yildan beri bir yostiqqa bosh qoʻyib, hali biror marta san-manga bormagan, bir-birini bir qisqa nigoh yoxud, yarimta harakatdan anglab oladigan boʻlib qolganlaridan Munisa erining soʻroqli nigohi alomatini tushundi. Yanada mungʻayib, bir siqimgina boʻlib qoldi.

– Yanami?

Munisa sekingina bosh irgʻab qoʻydi. Labini ming tishlab ovozini ichiga qamab tursa-da, ammo koʻz yoshlarini tiyib turolmasdi. Usmon yaxshi koʻradigan uzun-uzun qayrilma kipriklaridan duvillab yosh quyila boshladi.

– Chaqir!

Munisa seskanib boshini koʻtardi. Yuzlarida iltijoli ifoda zohir boʻldi.

– Dadasi, ishdan qaytganingizdan keyin gaplasha qoling. Bechoraning hozirgina koʻzi ilindi. Yuzini momataloq qilib tashlabdi uyginangga oʻt tushgurlar.

– Ming marta aytdim unga, oʻsha koʻchaga qadam bosmagin deb! Yana boribdimi?

Munisa unsizgina bosh irgʻab qoʻydi. Usmon ishga kechika boshlagan edi. Nonushta ham qilmay mashinasiga oʻtirdi.

* * *

...Rahmatli Burhon ovchi koʻp gʻalati fe’lli odam edi. O’zining alohida hujrasida yashar, imkoni tugʻilishi bilan sahroga bir necha kunga, ba’zan esa haftalab ovga chiqib ketardi. Onasi Karomat kampir shu paytlarda hujrani supurib-sidirib chinnidek yaraqlatib qoʻyar, ammo Usmonni bu yerga yaqin yoʻlatmasdi. Otasi ba’zan ilvasinni moʻl qilib, toʻlib-toshib kelganida, hujra ulfatlari bilan toʻlar, kiyik goʻshtidan boʻlgan kabobni shayton suviga chazan qilib bazm qurishardi. Ba’zan ovi baroridan kelmay uyga holdan toyib, qup-quruq kirib kelganida esa unga koʻrinish berishga hech kimning yuragi betlamasdi. Burhon ovchi Usmon oʻn ikkiga kirib-kirmay vafot etdi. Hali bu fojianing butun qudratini his qila olmay, keldi-ketdilarga angrayib karab turgan Usmon soʻrida oʻtirgan chollarning suhbatiga beixtiyor quloq tutdi.

– Rahmatlini kiyikning piri urib ketdi-yov, – dedi tishsiz milklari bilan bir boʻlak nonni chaynay olmay kavshanayotgan qoqsuyak chol, – O’zim guvohi boʻlganman. Boʻriyotogʻidagi kiyiklarni Burhon ovchi qiyratdi. Bir kuni desang, qoʻshda oyogʻimni choʻzib yotuvdim, uzoqdan barxan oralab, Burhonning pat-pati tovushi chiqdi. Bir payt quyuq chang koʻtarildi. O’rnimdan turib qarasam, oʻttiz chogʻli kiyikni oldiga solgancha pat-patini uchirib quvib yuribdi. Yarim soatcha ta’qib qilganidan soʻng, ularni yalanglikka olib chiqdi. Keyin nima boʻlarkin, deb qiziqqanimdan barxan ustiga chiqib qarasam, Burhon bilan yana bir kishi qarsillatib otib yotibdilar. Besh-olti chogʻli kiyikni otishdi-yov, dedim. Birozdan keyin ularning tovushi oʻchdi. O’sha kuni kechga yaqin, oʻgʻlim bir yarador kiyikni eshakka oʻngʻarib olib keldi. Orqa chap oyogʻini oʻq choʻrt sindirib ketgan ekan. Negadir, bechoraning qorni va oyoqlari oppoq, tanasining rangi esa qora edi. Shu paytgacha bunaqa qora kiyikni koʻrmagandim. Bunda bir xislat boʻlsa kerak, deb oʻyladim va uning oyogʻini taxtakachlab bogʻlab boqa boshladim. Bir oylarda tuzalib qoldi. Keyin suruv orasiga qoʻyib yubordim. Ancha el boʻlib qolgandi. Keyinchalik kiyiklar yaqinroq kelganlarida ularga qoʻshilib ketdi. Lekin ahyon-ahyonda kelib qolar, men ham qoʻlimga ilashgan nonmi, yemmi uning ogʻziga tutardim. Jonivor biram goʻzal, kirishimli edi-da oʻzi ham. O’lgan kishining ortidan yaxshi-yomon gapirib boʻlmaydi-yu, lekin har safar Burhon sahroni oralaganida yuragim simillab, shu kiyikni otib qoʻymasin-da, deb Xudoning zorini qilib turardim. Burhon ketgandan soʻng bir-ikki kun oʻtib, kiyiklar oʻtlaydigan joylarni aylanardim. Shunda uning oʻtlab yurganini uzoqdan boʻlsa ham koʻrib, xotirjam tortib qaytardim. Bir kuni otarni suvga haydayotganimda yana pat-patini patillatib Burhon kelib qoldi. Sahroda ancha aylanib yurganidan boʻlsa kerak, yuzi qorayib, ust-boshi changga belangan, tomogʻi qaqrab ketganidan, ovozi bazoʻr xirillab chiqardi. U suv soʻrab kelgandi. Suv berdim. Saksovulning soyasiga xurjunini toʻshab biroz nafas rostladi. Shundan foydalanib, unga nasihat qilmoqchi edim, qaerda... Hatto quloq solgisi ham kelmadi. Ikki kundan beri sahroning tit-pitini chiqarsa ham biror kiyik uchramabdi. Menimcha kimgadir kiyik otib kelaman deb va’da bergan u. Endi quyi suvloq tomonini qidiraman, dedi. Yuragim «shuvv» etib ketdi. Kecha kechqurun kiyiklarning shu tomonga ketayotganini koʻrgan edim. Shu tomonga borsa albatta kiyiklarni topadi. Uni gapga koʻndirolmasligimni tushunib oxirida koʻnglimdagini aytdim.

– Orqa chap oyogʻi biroz oqsaydigan, urgʻochi qora kiyik bor, iltimos ukam, shuni otmagin.

– Qiziqsiz-a, Abdurahmon aka, toʻdaga qarab otgandan keyin, oʻqqa shu kiyikka tegma, bunisiga teg deb aytib boʻladimi!

– Ukajon, shu kiyikning bir xosiyati bor. Bekorga uning rangi qora emas. Shuni oʻldirmagin, iltimos. Uvoli yomon boʻladi.

U menga bir qaradi-yu indamadi. Pat-patiga minib, quyi suvloq tomonga ketdi. Shundan keyin kiyigimni qaytib koʻrmadim.

...Usmon oʻshanda yoshlik qilibmi, yoxud cholning iztirobini his qila olmaganidanmi, «Otamni yomonotliq qilmoqchi boʻlyapti, ichiqora», deb oʻylagandi. Lekin yillar oʻtib, otasining oʻlimi tafsilotlarini eshitgach, Abdurahmon chorva va uning kiyigi haqidagi voqeani bot-bot eslab qolardi.

... U zamonlar Burhon ovchi kolxozda tabelchi boʻlib ishlar, bosh hisobchilikka koʻtarilishni orzu qilardi. U kolxozda, moliya texnikumini tugatgan yagona diplomli hisobchi boʻlsa-da, ammo rais uni hisobchilikka qoʻyishga shoshilmasdi. O’qishni tugatib kelganida, «bir yilcha tabelchilik qilib turasan, keyin albatta hisobchilikka oʻtkazaman», deb va’da bergandi rais. Lekin oradan toʻrt yil oʻtib ham hech qanday oʻzgarish boʻlmadi. Rais oʻsha-oʻsha, va’da berishdan charchamas, yigʻim-terimdan keyin albatta, idorada oʻtirib, bir ustolga egalik qilishini aytib qoʻynini puch yongʻoqqa toʻldirib yuboraverardi. Shunda uning yaqin joʻrasi, kassir boʻlib ishlayotgan Umarqul bir gap bilan koʻzini ochib qoʻydi.

O’shanda Umarqul ikkovi kimningdir toʻyidagi oshda hamtovoq boʻlib qoldi. Gurung oqimi Burhonning tabelchiligiga taqalganida, u chiday olmay dardini dasturxon qilib yubordi, Umarqul sirli iljaydi.

– Tuppa-tuzuk ovchisan, ana, Boʻriyotogʻi kiyikka toʻlib yotibdi. Bittasini shartta otginu raisning uyiga eltib tashla. Rais kiyik goʻshtini koʻrsa oʻzini tomdan tashlaydiganlardan. Meni aytdi dersan, ertagayoq hisobchilikka oʻtkazadi seni.

Burhon ovchi uning aytganidek qildi. Ertasi kuni oʻz brigadasi bilan paykalga chiqayotganida uni rais yoʻqlatdi.

Rais bu safar uni oldingidek ensasi qotib emas, anchayin iliq qarshi oldi. Kecha yegan kiyik qovurdoqning ta’mini tamshanib eslarkan, uni yordamchi hisobchilikka oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruqqa gajakdor imzo chekib yubordi.

– Mana ukajon, biz va’damizni bajardik. Endi siz bizning oʻz odamimizsiz. Shuning uchun bitta-yarimta xizmat chiqib qolsa boʻyin tovlamaysiz. Keyinchalik sizni bosh hisobchilikka koʻtarish niyatimiz ham bor. Shuni e’tiborga olib astoydil ishlang, ukajon.

– Xoʻp boʻladi, rais buva, – dedi Burhon qoʻlini koʻksiga qoʻyib.

Uning bunday tavozesi raisga ham xush yoqib, yoyilib iljaydi.

Rais aytgan «bitta-yarimta xizmat» oʻzini judayam koʻp kuttirmadi. Yangi joydagi ishining ikkinchi haftasidayoq raisning muhtasham kabinetiga chaqirildi.

– Keling, Burhonjon. Sizga bitta xizmat chiqib qoldi.

Burhon qoʻlini koʻksiga qoʻydi.

– Eshitaman, rais buva.

– Gap bundoq. Uch kundan keyin, ijroqoʻmning tugʻilgan kuni. Shunga bir kiyik kabob qildirmoqchi edim. Keyin u kishi, shunaqa jonivorlarni yaxshi koʻradilar. Uylari zapark boʻlib ketgan. Har xil qushlar, gʻalati jonzotlarni boqadilar. Shunga bir kiyik bolasini tirik ushlab kelsangiz, zoʻr boʻlardi-da. Bu ishlar sizday ovchiga choʻt emas-ku, a? – Rais tevarakka bir alang-lab, sirli pichirladi. – Normat aka nafaqaga chiqaman deb qoʻymay yurgandi. Sizga ishonaman, iqtisodchilikni bemalol eplaysiz.

Burhon ovchi asta-sekinlik bilan raisning qoʻygan tuzogʻiga chirmashib borarkan, mansabi ham yildan yilga oshar, raisning hakalak otgan nafsi Boʻriyotogʻi kiyiklariga qiron keltirardi. Bosh hisobchilikka koʻtarilganidan keyin rais ovga chiqishingizga yaraydi deb bir suvchiga atalgan mototsiklni unga topshirdi.

– Viloyatdagi bir rahbarimizga kiyik goʻshti zaril, – dedi bir kuni rais, – agar shuni eplasangiz, shu yil hosil bayramida «Moskvich»li boʻlib qolasiz.

Burhon shirin entikdi. Axir qishloqda shu raisning «Volga»sidan boshqa mashina yoʻq. Mashina minib qishloq koʻchalarini changitib yurishini, koʻrgan oʻrtoqlarining ogʻzi ochilib qolishini tasavvur qilib, kayfiyati koʻtarilib ketdi.

– Boʻpti rais buva, qoyillatamiz!

– Balli, yashang!

Burhon oʻshanda sahroning tit-pitini chiqarib uch kun izlasa ham birorta kiyikning qorasini koʻrolmay xunobi chiqib yurganida Abdurahmon chorvaga duch kelgandi. O’sha kuni shom qoʻnayotgan mahalda quyi suvloqdan kiyiklarning siyrakkina toʻdasiga koʻzi tushdi. Ularni bezovtalik bilan shoxdor taka suvga boshlab kelardi. Mototsiklning patillashini eshitsalar bir soniyadayoq koʻzdan yoʻqolib, cheku chegarasiz sahro boʻylab tarqalib ketishga tayyor turardilar. Burhon mototsiklini oʻchirib suvloqqa pisib borishga qaror qildi.

Shoxdor taka suvloq yonidagi moʻ‘jaz tepalikda hushyor turar, siyraklashib qolgan toʻda esa shosha-pisha suv ichardi. Burhon salgina ehtiyotsizlik qilib, oyogʻining ostidagi shoxni shitirlatib yubordi. Qari taka esa qulogʻini ding qilib yerni bir tepib qoʻydi. Suvga engashgan kiyiklar birdan boshlarini koʻtardilar. Shoshilmasa boʻlmasdi. Qorongʻulik asta-sekinlik bilan qoplab kelayotgan sahroga singib, koʻzdan yoʻqolishlari hech gapmas! U shoshilib oʻrnidan turdi-da chopib ketayotgan toʻdaning soʻnggidagi oqsayotganligi elas-elas seziladigan yirikkina qora kiyikni moʻljalga olib tepkini bosdi. Kiyik oʻmbaloq oshib tushdiyu zarbdan yana turib ketdi. Burhonga u yana yugurib ketayotgandek tuyulib, ikkinchi oʻqni ham boʻshatdi. Kiyik iltijoli boʻzlab qulaganicha qaytib turmadi. U uch kunlik sarsonligiga nuqta qoʻygan oʻljasi tomon horgʻin qadamlar bilan yaqinlasha boshladi. Shu payt toʻda boshida ketayotgan taka kutilmaganda ortga qaytdi. Qonga belanib yotgan kiyikni hidlab, etni junjiktiruvchi xunuk va yoʻgʻon tovushda oʻkirib yubordi. Burhonning oyoqlaridan mador qochib, jismini qaltiroq egalladi. O’ljaning yoniga borishni ham, ortga qaytishni ham bilmay ikkilanib qoldi. Bexos, sahroning mungli oqshomida shoxdor taka kiyikning qop-qora koʻzlari bilan nigohi toʻqnashib ketdi. Yoshdan yanada yaltirab, kattalashib ketgan koʻzlarni soʻnggi kunlariga qadar unuta olmasa kerak!

– Nima qilib qoʻydim?! – Uning ichida nimadir chirt uzilgandek boʻlib, titroq ovozda pichirladi. U boʻzlayotgan kiyik tomon yaqinlashishga oʻzida kuch topa olmadi. Miltigʻi ogʻirlik qilayotgandek qayishidan ushlagancha sudrab ortiga qaytdi. Barxan panasida qorayib turgan mototsikli ham unga kiyik boʻlib tuyulib, yuragi orqasiga tortib ketdi. Sinchiklab qarab mototsiklini ilgʻagach arang sudralib borib unga suyanib qoldi.

– Menga nima boʻlyapti oʻzi? Shuncha kiyik ovlab bunaqa holga tushgan emasdim-ku. Haqiqatan ham anavi chorvaning gapida jon bormikan? Xosiyatli kiyikmikan u? ...Barisi boʻlmagan gap! Uch kundan beri sahro kezib yurganidan charchagan, xolos. Hozirgi ahvolini Umarqulga oʻxshagan koʻrsa rosa masxara qilib kulsa kerak. Kimsan, Burhon ovchi, ayolga oʻxshab kiyikning oʻligidan qoʻrqib oʻtirsa-ya!

Burhon mototsiklni oʻt oldirib, farasini yoqdi. Uzun ingichka nur yaydoq sahroni tilib, suvloq boʻyidagi qamish va yulgʻunlarni yoritdi. Mototsikl patillagancha qonga belanib yotgan kiyikning jasadiga yaqinlashganda Taka kiyik hamon uning yonida ekanligini koʻrib, Burxon yana bir seskandi, biroq oʻzini tezda qoʻlga oldi. Motor tovushidan choʻchigan taka kiyik biroz nariga chopib bordi-yu, taqqa toʻxtadi. O’girilib, koʻzlaridan koʻkimtir-yashil alanga sochganicha qotib turaverdi. Burhon unga qarashga botina olmay oʻljasini mototsikliga oʻngʻarib, gazni qattiqroq siqimlab buradi. Mototsikl sahroning osuda oqshomini suronga toʻldirib, yolgʻizoyoq yoʻldan uchib ketdi.

Burxon mototsiklning quloqni qomatga keltirgudek patillashi orasidan ortidan chopib kelayotgan taka kiyikning tuyoq tovushlarini aniq eshitar, bunga sari yuragini vahima qoplab rulga qattiqroq yopishardi. Yarim tunda osuda uyquga choʻmgan qishloqni mototsiklning shovqini uygʻotib yubordi.

* * *

...Sultonni allaqanday sirli kuch bobosining hujrasi tomonga tinimsiz chorlayverardi. U momataloq boʻlgan yuzidagi ogʻriqlardan aftini bujmaytirib, bu hujra qachondan beri oʻziga tortayotganini oʻylashga urinardi. Shunda birinchi bor qoʻshni mahallalik Qodir mushtumzoʻrdan kaltak yeganida, bobosining eski miltigʻi haqida obdon oʻylagani esiga tushdi. Ha, toʻgʻri. Xuddi oʻsha birinchi bor kaltaklanganidan keyin, bu hujra, toʻgʻrirogʻi, uning suvoqlari koʻchib ketgan paxsa devoridagi zanglab ketgan qoziqqa ilib qoʻyilgan miltiq uni oʻziga chorlay boshlagan edi. Eh-he, unga ham bir necha yil boʻlib ketibdi...

O’shanda u endigina maktabni tugatgan payti edi. Suluvni dugonalari bilan maktabdan qaytayotgan paytida uchratib qoldiyu, qalbi, aqli, dunyoqarashi, maqsadlari agʻdar-toʻntar boʻlib ketdi. U institutga kirish ilinjida edi. Kelajakda katta-katta ishlar qilmoqchi edi. Hammasi, bari-bari suvda oqib ketgandek, bir zumda yoʻqoldi-qoldi. Ularning oʻrnini esa toʻlaligicha Suluvning ishqi, Suluvning hajri, uning vasli-sogʻinchi egalladi. U Suluvning chang koʻchasidagi har bitta xasu xashagini oʻpishga tayyor edi. Suluvning oyoqlari izi tushgan kesagu toshlarni bagʻriga bosishga shay edi. U yerdagi nuragan paxsa devorlar naqadar baxtli, chunki har kuni Suluvni koʻradi, uning xush boʻyini toʻyib-toʻyib hidlaydi. Sulton tongga qadar Suluvlarning mahallasida izgʻiydigan qiliq chiqardi. Shunday sandiroqlashlarida qizni olisdan koʻrib qolsa ham undan baxtli kimsani dunyodan topib boʻlmasdi.

Shunday darbadarlikning nechanchi kunidir, uning majnunligi mahalla yigitlarining e’tiborini torta boshladi. Qodir mushtumzoʻr boshchiligida u ogohlantirildi. Natija chiqmaganidan keyin esa Sulton yaxshigina ur-kaltaklar bilan uyiga joʻnatib yuborildi. Agar Sultonda ovchi bobosining oʻr fe’li boʻlmaganida voqea shu bilan intiholagan, hushini yigʻib olgan yigit yana oʻz holiga qaytib institut umidida katta shaharga yoʻl olgan boʻlarmidi. Ammo, uning suyak-suyagiga singib ketgan oʻrlik isyon qilib ertasi kuniyoq koʻkargan koʻzlariga qora koʻzoynak taqqancha yana oʻsha mahallada paydo boʻldi. Qodir mushtumzoʻr bu safar oʻzi anglab-anglamay Sulton bilan Suluvning yuragida oʻz holicha aylanib yurgan ishq jilgʻasini yagona oʻzanga burib yubordi.

Qora koʻzoynak taqib olgan «majnun»ning yana mahallada paydo boʻlgani hakidagi xabar shotirlari tomonidan qulogʻiga yetdi.

«Shoshma, – deb oʻyladi Qodir. – Uni Suluvning koʻz oldida sharmandasini chiqarib, obroʻsini yer bilan bitta qilish kerak!» Qodir oʻzining topqirligidan magʻrurlanib, yonidagi mute shotirlariga osmondan nazar tashladi. Ular Qodirning zarbasi qanchalar zalvorli boʻlsa, aqli shunga teskari mutanosiblikda ishlashini bilishar, lekin uning baquvvat, suyagi buzuq gavdasi, maymunnikidek uzun qoʻllari, kattakon mushti soʻzsiz itoat etishlarini ta’minlardi.

Bu safar Sulton suvga chiqqan Suluvning koʻz oʻngida kaltaklana boshlandi. Qodirning har bir zarbasidan ikki qadam ortga uchib ketayotgan Sulton, ming mashaqqatlar bilan boʻlsa-da oʻrnidan turib yana raqib tomonga tashlanishga oʻzida mador topa olardi. Qodir oʻzining ham Suluvga befarq emasligini bildirib qoʻyishni, buni qiz oʻz koʻzlari bilan koʻrishini istardi.

– Yana Suluvning ortidan ergashganingni koʻrsam, uyingga tirik qaytmaysan! – vishilladi u ogʻzidan tupuk sachratib.

– Yoʻq! O’ldirsang ham ahdimdan qaytmayman!

Qodirning gurzidek mushti bu safar uning chakkasiga qaltis tegdi. Sulton muvozanatini yoʻqotib, chang koʻchaga quladi.

– Nokaut! – hayqirishdi shotirlar.

Suluv Qodir mushtumzoʻrning anchadan beri ularning uyi atrofida bunaqa tomoshalar uyush-tirishiga koʻnikib qolgandi. Suluv ayni maktabdan kelar chogʻi, yoxud, suvga yoki doʻkonga chiqqan chogʻi bu bekorchixoʻjalar kurash, yo boks musobaqasini uyushtirar, pirovardida Qodir barcha shotirlarini yer tishlatgancha, mutloq chempionlikni qoʻlga kiritib, uning oldidan gʻoz yurib oʻtardi. Bugun ham shunaqa tomoshalarning biri deb oʻylagan Suluv unga e’tibor bermadi. Ammo mushtlashayotganlar uning nomini tilga olishganidan soʻng, e’tibor berib qarasa...

– Nima qilyapsan, kallaxum?! Undan qoʻlingni tort! – Suluv Qodirning tirjaygan ot basharasiga nafrat va gʻazab bilan tikilgancha, hamon tuproqqa qorishib yotgan Sultonning turishiga yordamlashdi.

...Usmon oʻgʻlining fe’lida gʻalati oʻzgarish boʻlayotganini sezib yurar, to oʻzi boshlamaguncha, unga biror gap aytib koʻnglini qoldirishni istamaganidan arqonni uzunroq tashlagan edi. Ammo uning qiladigan ishlaridan tayin qolmay, hatto, institutga kirishga ham tayyorgarlik koʻrmayotganidan, buning ustiga har ikki kunda bir marta yuzini koʻkartirib keladigan odat chiqarganidan keyin sabr kosalari limmo-lim toʻldi. Shunday kunlarning birida ochiq gaplashib olish uchun oʻgʻlini chaqirmoqchi boʻlib turgan edi, Sultonning oʻzi shishgan yuzini otasiga koʻrsatmaslikka tirishib kirib keldi.

– Xoʻsh, – oʻgʻliga sinovchan nazar tashladi u. – Sarguzashtlarni bir boshdan tinglarkanmiz-da?

Sulton ikkilanib, qizarib-boʻzarganicha bor gapni otasidan yashirmay aytib berdi.

Usmon uning gaplaridan keyin bir muddat oʻyga choʻmib qoldi. O’zining boshidan ham bir paytlar shunga yaqin savdolar oʻtgandi. Onasining Munisaga roʻyxushlik bermasligi sabablarining bir uchi ham shunga kelib taqalardi. Usmon yolgʻiz oʻgʻlini tushungisi keldi.

– Ikkinchi oʻsha koʻchaga borib, allakimlar bilan mushtlashib yurma. Menga qoʻyib ber. O’zim hal qilaman.

– Mayli, – dedi Sulton ham otasining oʻziga xayrixohligidan quvonib. Lekin Suluvning koʻchasiga bormaslikka kuch topa olishiga oʻzi ham ishonmasdi.

Darhaqiqat shunday boʻldi ham. Bir necha kundan soʻng u yana Qodir bilan roʻpara keldi. Bu gal Sulton Suluv bilan ochiq-oydin gurunglashib kelayotgan mahal raqibning qoʻliga tushdi.

Suluvni chetga surib chiqarishib Sultonning basharasiga paydar-pay musht yogʻdira ketishdi. Sulton yana tuproqqa qorishdi. Suluvning chirqirashiga hech kim e’tibor ham bermadi.

– O’ldiraman seni! O’ldiraman! – Sultonning ovozi cheksiz gʻazabdan xirqirab chiqdi. Suluv uning koʻzlarida yovuzona shu’la chaqnaganini koʻrib titrab ketdi. U hoziroq Qodirni oʻldirib qoʻyadigandek, chopqillab borib Sultonning qoʻllariga yopishib oldi.

– Sen hezim, hali meni oʻldirmoqchimisan?! – dedi Qodir yana sovuq tirjayib: Qoʻlingdan keladimi? Agar yana seni shu qiz bilan koʻrsam, oʻzingni asfalosofilinga joʻnataman!

U changga belangan Sulton tomonga chirt etib tupurgancha nari ketdi. Sulton hamon titrogʻini bosolmasdi. Shunda bobosining hujrasidagi miltiq koʻzlari oldidan oʻtdi. O’taverdi.

* * *

...Karomat kampir necha yildirki, toʻshakka mixlanib, kuni oʻzi xushlamaydigan kelini Munisaga qolgan. O’shanda eri yarim tunda patpatini patillatib hud-behud boʻlib kelganida yuragi bir seskangandi. Erining shunaqa yurishlariga koʻnikib qolgan boʻlsa-da, bu safargisi boshqacha edi. Rang roʻyi bir holdagi Burhon ovchi qoniga belangan gʻalati qora kiyikni yerga uloqtirdi. Mototsiklini devorga suyab gandiraklagancha hujrasi tomon yurdi. Keyin qorachiqlari kengayib ketgan koʻzlarini katta-katta ochib xotiniga gʻoʻldiradi:

– Darvozani tambala! U ortimdan kelyapti!

Kim kelyapti? Baloning oʻqiga tik boradigan eri buncha joniqadi? Karomat hech narsani anglamasa ham erining amriga soʻzsiz boʻysunib, gʻayri shuuriy tarzda darvozaning zulfinini tushirdi. Shu payt, keyinchalik uni umrining oxirigacha ta’qib qilib yurgan tuyoq tovushlari, xuddi boʻgʻizlanayotgan soʻqimning soʻnggi nidosiga oʻxshagan vahimali xunuk tovushni eshitdi-yu, jismi joniga titroq indi. Bu tovushni eri ham eshitgan chogʻi miltigʻini shosha-pisha oʻqlayotganiga koʻzi tushdi.

– Nima qilyapsiz? Yarim kecha ham miltiq otadimi?

Ovchining quloqlari kar, koʻzlari koʻr edi. U duch kelgan tomonga qaratib har ikkala tepkini bosib yubordi. Negadir bitta oʻq uzildi. Qaltiroq qoʻllari ikkinchi tepkini toʻgʻri bosolmadimi yoxud patron notoʻgʻri joylanganmi, ikkinchi oʻq otilmay, oʻz vaqtining kelishini uzoq, qirq yil kutib qoldi...

Karomat yarimjon qaynonasining iltijosi bilan qoʻshni qishloqqa, qushnoch kampirnikiga yoʻl oldi.

Isiriq va yana allambalolarning hidiga toʻlgan badboʻy hujraga kirganida, kampirning ohorsiz qasabasi ostidan chiqib, yelkasida yoyilib ketgan patila-patila, kirchil oq sochlari, burishib ketgan yuzlari, kipriksiz qovoqlari ostidan yiltirab turgan bit koʻzlaridan shu qadar irganib ketgandiki, shart oʻrnidan turib joʻnavoray dedi. Ammo kampir yiltiroq koʻzlari bilan unga tikilar ekan:

– Joyingdan qimirlama! – dedi amirona xirqiroq ovozda. – Eshikka quloq tut, u shu yerda. Eshityapsanmi?

O’sha dahshatli tunda darvoza ortidan eshitgan tovushlari qulogʻi ostida qayta jaranglagandek boʻldi. Vahimali hujraning hilvirab qolgan eshigi ortidan qandaydir hayvonning tuyoq tovushlari, buzoq boʻzlaganiga oʻxshaydigan tovushda ma’ragani eshitilib turardi.

– Hozir oʻrningdan turib, eshikdan chiqsang, kuning bitadi!

Bu gapdan keyin Karomat turgan joyida taxta boʻlib qoldi.

– Ering kiyikni oʻldirgan. U kiyik parilarining gʻazabiga duchor boʻldi. Endi uni ham, seni ham soʻnggi kunlaringgacha oʻsha kiyik ta’kib qiladi.

Kampir mis togʻorada nimadir tutatdi. Uning koʻkimtir tutunlariga bir muddat karab turib, goʻyo tutundan nimanidir oʻqiyotganday soʻzlay boshladi.

– Ering oʻladi. Kiyikni oʻldirganining qirqinchi kuni. Uning avlodi qargʻishga qolgan. U ona kiyikni otgani uchun, uning avlodida qiz farzand boʻlmaydi. Agar boʻlgan taqdirda ham u ona boʻlolmaydi.

Kampirning bunday dahshatli gaplaridan Karomatning vujudi muzlab ketgandek boʻldi: «Ogʻzingdan chiqib yoqangga yopishsin!»

– Sen bunaqa gaplarni xayolingga ham keltirma! – Kampir uning xayolidan kechganlarni oʻqib turgandek koʻzlarini gʻazab bilan yaltiratdi. – Sen ham eringning ortidan ketishing kerakligini bilib turibman. Uning oldini olmoqchiman. Qulogʻingga quyib ol! Ering tuproqqa qoʻyilganidan qirq kun oʻtib sen shu yerga, mening oldimga kelasan. Qaytarma qilaman. Shunda sen tirik qolishing mumkin. Boʻlmasa har qirq kunda uyingdan bitta tobut chiqadi. To ovchining avlodi butkul qirilib bitmaguncha. Qaytarmadan keyin bu muddat qirq yilga uzayadi.

Karomat kalovlanib uyiga qaytdi. La’nati folbin, hali tirik, toʻrt muchasi sogʻ odamni bir zumda oʻlishiga ishontirgani unda qarama-qarshi tuygʻularni uygʻotardi...

Qushnoch aytganidek, roppa-rosa qirq kun oʻtib Burhon ovchi omonatini topshirdi. Erining qirqi oʻtganidan soʻng bir qizil xoʻrozni koʻtarib yana kampirnikiga bordi. Qushnochning qilgan amallari ta’sir qildimi, tuyoq va ma’ragan tovushlar uni ta’qib qilmay qoʻygandi. Ammo ikki-uch kundan beri yursa ham, tursa ham, oʻsha qirq yil burungi, dahshatli tovushlar qulogʻiga kiradi. Kechalari alahlab, erining qiyshayib ketgan basharasi, qonga belangan kiyiklar uni ta’qib qilib chiqishadi. Qushnoch hali ham bormikan. O’shanga bir alas qildirsa boʻlmasmikin? Agar tirik boʻlsa, hozir yuz yigirmaga kirgan u. Yo, allaqachon suyagi surma boʻlib ketdimikan.

* * *

...Sultonning telbavoriy shahd bilan bobosining hujrasiga kirib ketganini koʻrib qolgan Munisa uning qay paytda qanday chiqib ketganini ilgʻamay qoldi. Negadir shu kuni tongdan yuragi alagʻda. Ertalab erining ham rang-roʻyi bir xil boʻlib turganidan unga ham biron gap aytishga yuragi betlamadi. Qoʻli ishga bormasa ham qaynonasining gʻurbatiga qolmaslik uchun hovlida kuymalanib yurdi. Tezroq kelin tushirsa, koʻngli biroz tinchib, jismi orom olarmidi.

Ayvon raxiga suyangancha bir muddat xayol surib qolibdimi, shu payt birdan oʻzi umrida koʻrmagan qaynotasining hujrasi eshigi gʻalati qiyshayib ochilib turganidan bir mash’umlikni ilgʻab yuragi orqaga tortib ketdi.

Darvoza tashqarisida qandaydir tuyoq tovushlariga omuxta boʻlib vahimali boʻgʻiq ovoz ham eshitilardi. Bu tovush tushlariga kirib chiqqan tovushlarga oʻxshab ketardi. Shunda u beixtiyor eshigi qiyshayib ketgan ovchining hujrasiga qarab yurganini bilmay ham qoldi. Hujrada qirq yildan beri iligʻliq miltiq yoʻq edi.

– Sulton... Sulton kirgan edi!

Munisa yuz berajak mudhish fojeani his etib, seskanib ketdi. Kovushlarni poyma-poy ilib tashqariga chiqqanida, shundoqqina darvozalari roʻparasida qorni va oyoqlari oppoq, tanasi esa negadir qorayib ketgan kiyik yirik-yirik qora koʻzlarini jovdiratgancha qarab turardi.

Munisa bu gavjum koʻchada kiyikning qanday paydo boʻlib qolganidan hayratlanish ham esiga kelmay u tomon yurdi. Kiyik ortimdan yur degandek, uni boshlab ketaverdi. ...Bir payt Suluvlarning mahallasida koʻrdi oʻzini... Ana, yolgʻizi Sultonjon allaqanday maymunsifat yigitga miltiq oʻqtalib turibdi.

Onaning yuragi hapriqdi.

– Toʻxta-a!!! Sultonjon, bola-am...

Qirq yil oldin moʻljalga olingan oʻq uning koʻksini oʻpirib ketgandi. Munisaning bir necha soniyada oqargan sochlari yoyilib, yengil bir epkinda silkindi. O’zining qulayotganini, bexosdan onasini nishonga olib qoʻygan Sultonjonning qiyshaygan basharasini elas-elas ilgʻagancha koʻzlari yumildi...