OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBahodir Abdurazzoq
Asar nomiRishta (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Saralanmagan
Mualliflar
   - Bahodir Abdurazzoq
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm25KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/05/30
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Rishta (hikoya)
Bahodir Abdurazzoq

– Hobil amaki olamdan oʻtibdi...

Sovuq xabar qishloqqa bir zumda tarqaldi. Doʻppi, chopon kiygan kishilar Hobil amakining uyiga yigʻila boshladilar. Ming yildan beri odat shunaqa. Kimdir chin dunyoga safar qilar ekan, barcha qilayotgan ishini tashlab, azador xonadonga shoshilishadi. Ish kutib turadi. Bu yerda inson omonatini topshirgan...

Qarindosh-urugʻlar shivir-shivir qilishib, Hobil amakining qirq yildan beri yuz koʻrmas boʻlib ketgan akasi – Qobil terichiga ham xabar berishga qaror qildilar.

Qobil terichi Stalin oʻlganidan keyin qamoqdan qaytgach, bir martagina ukasining uyiga kelgan va shu boʻyi boshqa qorasini koʻrsatmagan, Hobil ham uni yoʻqlab bormagan, bu achchiq haqiqatni hamma biladi. Ogʻa-inining orasidan ne gap oʻtgani esa qorongʻu. Hatto qishloqning qaysi gʻunajini kimning buqachasiga koʻzini suzayotganigacha bilaman, deb lof uradigan usta Sevin ham bu siru sanoatning tagiga yetolmay dogʻda edi. Buni Hobil amakidan soʻrashga jur’at topgan paytlari ham boʻlgan, biroq «Tovuqqa oʻxshab goʻng titishni qachon bas qilasan, Sevin» degan zaharolud, shivirlagandek past tovushda aytilgan jumladan keyin, usta pildirpis boʻlib qolgan edi. Xullas ogʻa-ini qirq yildirki bir-biri bilan gaplashmaydi.

Buning ustiga terichi qamoqdan kelgan kuni hol soʻrashga kelgan hamqishloqlarining oyogʻi uzilishi bilan, polutorkani olib kelib unga lash-lushlarini, xotin va bola-chaqasini ortib qishloqdan yigirma chaqirimlar naridagi qozoqlar ovuliga yondosh temiryoʻl stansiyasiga koʻchib ketdi. Hozir u stansiya kichikroq shaharchaga aylangan, qozoq oʻtovlari choʻnqayib turadigan joylarda yaxlit panellardan tiklangan, toʻrt qavatli, negadir unda yashaydigan oʻris geologlar «Xrushevka» deb ataydigan uylar qad koʻtargan edi. Qobil terichi nafaqaga chiqqanidan keyin ham qishloqqa qaytib kelmay, temir yoʻl ishchilari uchun davlat pishiq gʻishtdan qurib bergan uyda yashayverdi. Bu orada qozoq choʻponlaridan boshqa hech kimga kerak boʻlmagan sap-sariq sahrodan yermoyi topilib, bu ovloq stansiya gavjumlashib qoldi. Bu yerda geologlar shaharchasi quriladigan boʻlib, terichining katta oʻgʻli Bahriddin qurilishga ishga kirdi. Kichigi Faxriddin esa «buravoy»chilarga qoʻshilib, haftalab choʻlda qolib ketardi. Keyin ikkalasiga ham yangi qurilgan «xrushevka»lardan uy berishdi. Davlat ham bor pulini shu sahroga toʻkishga ahd qilgan ekanmi, ularning oladigan oyligi hisobini eshitgan terichining boshidan qatirmoch telpagi tushib ketar darajaga yetardi. Qobil terichi birin-ketin, oradan olti oyni oʻtkazib, ikkala oʻgʻlini uylantirib qoʻydi. Toʻgʻrisini aytganda, oʻgʻillar oʻzlarini oʻzlari uylantirishdi desayam boʻladi. Bu toʻylarga ham, sarpo-suruqlarga ham terichi bir soʻlkavoy sarflagani yoʻq. Bularning barchasini, yangi uydagi asbob-anjomlarigacha oʻgʻillarning oʻzlari sotib olishdi. Toʻyga qishloqdan hech kim kelmadi, hisob. Faqatgina yolgʻiz ammasidan qolgan Yodgor jiyanini aytmasa... O’gʻillar falonchiniyam aytaylik, deyishmadi. Terichi ham anovilarga ham xabar beringlar, deb emranmadi. Toʻy yangi paydo boʻlayotgan shahardagi yosh-yalanglar, terichining oshnalari boʻlgan Rauf abziga oʻxshagan qari temiryoʻlchilar bilan oʻtdi. O’gʻillar qishloqda amaki, amakivachchalari borligini unutishgan, Qobil terichi ularni unutolmasa-da, eslatmoqqa uringan tilni kesishga tayyor, ham bosqon, ham sandonning orasida qolib, bir siqimgina boʻlib yurgan kampirning esa dardi ichida...

...Qobil terichi yigirmanchi yilning sunbulasini hech qachon esidan chiqarmaydi... Qirqim payti edi. Bunaqa paytda choʻpon-choʻliqqa mardikor qirqimchilar yordamga kelishadi. Sadriddin terichining besh mingdan ortiq qoʻy-qoʻzisining junini toʻrt choʻpon bilan yetti choʻliq, ana boring terichining ikki oʻgʻli – yigirmani urib qoʻygan Qobil bilan oʻn olti yashar oʻspirin Hobillarni qoʻshsa oʻn uch kishi bir haftada qirqib tugata olmaydi-ku. Bu yil qirqim mahalidan bir hafta-oʻn kun oldin keladigan Sadriddin terichi ha deganda koʻrinavermagach, Qobil choʻponlarga qoʻylarni daryo boʻyiga haydashni aytdi.

– Otam negadir kechikdi. Qoʻylarni oʻzimiz yuvib turaylik-chi. Hali-zamon kelib qolar.

Besh ming qoʻyni daryoda choʻmiltirishga ikki kun ketdi. Qoʻyni choʻmiltirmasdan qirqib boʻlmaydi. Yoz boʻyi changda, xas-xashak orasida yurgan jonivorning uzun junlariga tuprogʻu choʻp-chor ilashib qolib uzun qaychi – qirqlikning tigʻini jun orasiga oʻtkazmaydi. Natijada ham qirqimchiga, ham qoʻyning oʻziga azob boʻladi. Qoʻyni choʻmiltirishning qanchalik mashaqqat ekanligini aytish shart emas...

Choʻliqlar bir suruv qoʻyni daryoning sayozroq sohiliga taqab keladilar. Ishtonchang boʻlib olgan choʻponlar esa birin-ketin qoʻylarning orqa oyogʻidan tortib suvga tushirishadi va qoʻyni chalqancha qilib quloqlari va old oyoqlarini juft ushlagancha (qoʻyning qulogʻiga suv kirmasligi kerak) suvga botirib olaveradilar. Oftob tigʻida muzdek suvga tushib olib qoʻy choʻmiltirish oldiniga serzavq tuyuladi. Choʻponlar qiyqirishib, bir-birlariga suv sochib qoʻy yuvadilar. Bir qoʻyni chiqarib yuborib, ikkinchisini ushlab keltirgunlaricha bir-ikki yoshroq choʻponlar daryoning chuqurroq joylariga shoʻngʻiydilar, atrofga suv sachratib suzib keladilar. Ammo vaqt oʻtgan sari qoʻylarni ushlash qiyinlashib boradi. Chunki daryodan chiqqan qoʻylar junidan oqqan suv qirgʻoqni shalabbo, sirgʻanchiq qilib tashlaydi. Soatlab suvda harakat qilish, ularni ochqatib, tinkasini quritib tashlaydi. Charsroq toʻqli va qoʻchqorlarni boʻysundirib daryoga olib tushishning endi oʻzi boʻlmaydi. Kun oxiriga borib bechora qirqimchiyu choʻponlarning ahvolini koʻrsa hatto maymunlar ham hoʻngrab yuborar darajaga keladi. Sirgʻanchiq qirgʻoqda yiqilaverib, buning ustiga tuyoqlar va shoxlarning zarblaridan momataloq boʻlmagan joyi qolmagan bechoralar, bir kosadan shoʻrvani zoʻrgʻa ichib shundoqqina uxlab qolaveradilar.

Sadriddin terichi qoʻylar yuvib boʻlingan kuni tunda keldi. Qobil qirqimchilar bilan kapada uxlab yotgan, Hobil esa choʻliqlar bilan birga suruv yotgan joyda gulxan yoqib oʻtirardi. Otasining kelganini u koʻrdi. Koʻrdiyu, otasining oldiga emas, uxlab yotgan akasini uygʻotish uchun chopdi.

Sadriddin terichi yilida uch marta, erta bahorda, toʻl boshlangan paytlarda kelib, qoʻzilarning soʻyiladigan va qoldiriladigan qismlarga ajratar, tayyor terilarini tuzlab, kapaga bosar, buning ustiga qoʻshni chorvador boylardan ham minglab qorakoʻl terilarni sotib olar va ularni aravalarga yuklab Buxoroga olib ketardi. Shuning uchun ham uni Sadriddin terichi deyishardi. Keyingi safar oradan bir oyni oʻtkazib bahorgi qirqimga kelardi. U shu yerda oʻn kuncha turib, junlarni saralab qanorlarga joylatar, qoʻshnilarning ham junlarini sotib olib yana aravalarga yuklagancha Buxoroga ketardi. Tiramoyi qirqimda ham shunday qilardi. Aytishlaricha terichining Buxoroda katta hovlisi, xotinlari bor emish. Biroq Qobil bunga ishonish, ishonmasligini oʻzi ham bilmasdi. Chunki otasi uni biror marta ham Buxoroga olib borgan emas.

Hobil yilida attigi uch martagina koʻradigan terichidan hayiqar, yovvoyilarcha qandaydir tuygʻu uni otasiga yaqinlashishga qoʻymasdi. Shuning uchun ham u akasiga yaqinroq edi. U chopib borib akasini uygʻotdi va otasining kelganini unga bildirdi. Qobil inqillab oʻrnidan turdi-da oti qozigʻini qoqayotgan terichining yoniga qarab yurdi.

– Qobil, buyoqqa yur, gap bor, – dedi otasi egardan xurjunni olib unga uzatarkan.

Xurjun ogʻirgina ekan. Qobil uni yelkasiga tashlab otasining ortidan ergashdi. Ular nariroqdagi chaylaga kirishdi.

– Men ketyapman, oʻgʻlim, – dedi u biroz sukutdan keyin ogʻir tin olib. – Amir yengildi. O’rislar Buxoroni kunpayakun qilib tashladilar. Endi bu yerlarga ham kelishlari mumkin. Men Amirning ortidan Afgʻonga ketyapman. Erta peshinda karvonga qoʻshilib olaman. – Sadriddin terichining ovozi oldingidek oʻktam emas edi. U xurjunda chogʻroq sopol koʻzachani chiqarib Qobilga uzatdi. – Bunda mingta tilla tanga bor. Yashirib qoʻy. Ertaga tongda qoʻylarni Pomuq tomonga hayda. O’sha yerdan Beshim Durdini top. Qoʻylarning hammasini unga sotasan. Beshim Durdi insofli, dangal odam. Meni yaxshi taniydi. Pulni Buxoro tilla tangalarida toʻlasin. Besh ming tanga boʻladi.Uni ham shu koʻzachaga solib, to yaxshi zamonlar kelguncha ovloq joyga koʻmib qoʻy. Xudo xoxlasa bir-ikki yilda oʻris balosidan qutulamiz. Shunda Amir bilan qaytib kelaman. Shunda seni ham, ukangni ham uylantiraman. Bu pullarni shunga ishlatamiz. Hatto onang ham bilmasin. Tushundingmi?

– Tushundim, – dedi Qobil gʻamgin.

– Agar men kelmasam, Hobilni sen uylantirasan. Ukangga otalik kilasan. Men senga ishonaman. Agar oʻlib ketadigan boʻlsam, buni vasiyat oʻrnida koʻrasan. Tillani ukang bilan teng boʻlib olasan. Ukangning xaqiga xiyonat qilmaslikka ont ichasan.

– Ont ichaman, ota, agar ukamning haqiga xiyonat qilsam, Xudo ursin!

– Mayli, oʻgʻlim. Sen esli-hushli yigitsan. Senga ishonaman.

Sadriddin terichi oʻgʻlini qattiq bagʻriga bosib xayrlashdi. Keyin namlangan kipriklarini koʻr-satmaslik uchun ters oʻgirilib otini qoziqdan boʻshatdi va uzangiga oyoq qoʻydi.

Qobil qorongʻulikka singib borayotgan otasining sharpasi ortidan uzoq termulib qoldi.

Qobil hammasini otasi aytgandek qildi. Buni na onasi bildi, na ukasi.

Oradan yillar oʻtdi. Amir qochganidan keyin ham hayot toʻxtab qolgani yoʻq. Sadriddin terichining hovlida yigirma-oʻttiztacha qoʻyni qamab boqish odati bor edi. U suruvdan qoʻy keltirib soʻydirmas, mehmon kelganda qoʻradagi qoʻylardan soʻyilardi. Shuning uchun ham bu qoʻylar semizgina boʻlishi lozim edi. Qobil endi shu qoʻylarning iziga tushib boqib yuradigan boʻl-di.

Buxoroni olgan oʻrisning hukmi bu yerlarga hali yetib kelmagan, biroq oʻgʻriyu qaroqchining kuni tugʻib qolgan pallalar boshlangandi. Kimdan, qaerdan eshitgan, bilmaydi, bir kuni ikkita basharasini jun bosgan qaroqchilar kelib uning boʻgʻziga xanjar tiradi. Otasidan qolgan tillani chiqarib berishni buyurdi.

– Otamdan hech qanaqa tilla qolmagan, – izilladi yigit. – Tillam boʻlsa shundoq yurarmidim?!

Yigitning soʻzlari ishonchli chiqdi. Ustida sharti ketib, parti qolgan, yamoqlari koʻpligidan asli qanday matodan tikilganini anglab boʻlmaydigan darajadagi yaktak-ishton. Oyogʻidagi kavushning yirtigʻidan qorayib, yorilib ketgan barmoqlari chiqib turardi. Oldiga solib haydab yurgan qoʻylari ham ramaqijon. Haytovur qaroqchilar unga ishonishdi.

– Berdi enagʻar bizni chuv tushiribdi-da. Bu bolada tilla tugul, uyida bir burda noni ham boʻlmasa kerak. Yur ketdik, – dedi norgʻulroq qaroqchi va ular ortiga oʻgirilib ot surib ketdilar.

Qobil Berdi kimligini yaxshi bilardi. U oʻzlarining choʻponi. Pomuqqa birga qoʻy haydab borgandilar. Bir-ikki marta «Bundoq yurguncha oʻsha tillalarni ishlatib, boyvachcha boʻlib yurmaysanmi?» degan ilmoqli gap qilgandi.

– O’sha kuni tunda otam kelib, barchasini olib ketganlar. Uyda tillam boʻlganda oʻzim bilardim, – degandi oʻshanda Qobil.

Demak ablah Berdi unga ishonmagan ekan-da. Biroq qaroqchilar ishonishdi. Qaytib bezovta qilishmadi.

Oradan yetti yil oʻtib, nihoyat Shoʻro hukumati bu ovloq sahroga ham yetib keldi. Berdi qishloq shoʻrosiga rais boʻldi. Bosmachi, qaroqchi deganlari yoʻqolib ketdi. Odamlar yengil nafas olib, uyoq-buyoqqa chiqadigan, Buxoroyu Qarshining bozorlariga borib keladigan boʻlishdi. Qishloqda anchadan beri boʻlmayotgan toʻylar boshlandi.

– Qobiljon, – dedi onasi bir kuni, – yoshing yigirma yettidan oshdi, ukang ham yigirma uchga kirdi. Endi sizlar ham uylansalaring, men ham kelin olib nevara koʻrsam...

– Mayli, ena, – dedi Qobil, enasiga muloyim jilmayib qararkan, – kimni kelin qilmoqchisiz?

– Shu, Berdining ikki qizi boʻyga yetib qolgan. O’zimning qoʻlimda oʻsgan, desamam boʻladi. Tunov kun Guljon chiqib shunga shama qilgandek boʻluvdi. Nima deysan?

Otasi badar ketgandan beri Qobil shu xonadonning xoʻjasi. Onasi biron ish qiladigan boʻlsa, albatta katta oʻgʻliga maslahat soladi. Qobil hech qachon nojoʻya maslahat bermagan. Bu safar esa Qobildan sado chiqmadi. Chunki Berdining nima ishlar qilib yurganini onasi ham, ukasi ham bilmaydi. Ularga Berdining qaroqchilarni unga yoʻllaganini ularga aytgani yoʻq. Berdi hamon tilladan umidini uzmagan koʻrinadi, la’nati.

– Ena, shu gapingiz boʻlmaydiganga oʻxshayapti. Berdi yaxshi odam emas.

Enasi uning fe’lini bilgani uchun, nega deb soʻrab oʻtirmadi.

– Boʻlmasa, oʻzing ayt, kimnikiga boray?

– Ernazar polvonnikiga boring. Uning ham boʻyga yetgan ikki qizi bor edi, shekilli.

– Qizlari borlikka borku-ya, biroq...

– Nima biroq, ena?

– Polvoni qurgʻurning dimogʻi baland. Bizga berarmikan...

– Beradi. Men ertaga Buxoroga ketaman. Qaytib kelganimdan keyin borasiz.

Shu kuni tunda Qobil tandirxonaga koʻmilgan koʻzadan yigirmata tilla tangani olib beliga tugdi va Buxoroga ketdi. Uch kundan oʻtib, sarpoyu suruq, novvotu holvaga toʻldirilgan ikki qopni yelkalab qaytib keldi. Keyingi chorshanbada Hidoyat kampir ohori toʻkilmagan adras koʻylagi ustidan baxmal nimchani kiyib, manglaychasi ustidan buxori shol roʻmol tashlagancha amirkoni mahsi kovushda, dasturxon oʻralgan togʻorasini qand-qursga toʻlatib Ernazar polvonning uyiga yoʻl oldi.

Oradan oy oʻtmay, Ernazar polvon qoʻsh kuyovli, Hidoyat kampir qoʻsh kelinli, Qobil bilan Hobil esa bir-biriga boja boʻldi. Qobil ukasini uylantirganida otasiga bergan va’dasini bajarib, yelkasidan togʻ agʻdarilgandek tuyuldi.

Oradan yana bir necha yil oʻtdi. Berdi shoʻro qanchalik harakat qilmasin, baribir Qobilni quloq qilib Sibirga surgun qilishning ilojini topa olmadi. Bu orada Hidoyat kampir olamdan oʻtdi. Qobil ikki oʻgʻil koʻrib ularni Bahriddin va Faxriddin deb nomladi. Hobilning esa negadir xotini yukli boʻlavermadi. Yugurmagan tabibu azayimxoni, boqtirmagan doʻxtiri qolmadi. Shu paytlarda Qobil yana tandirxonadagi koʻzadan besh tanga olib ukasiga tutqazdi. Buxoroyu Samarqandlarga borib davolatishni maslahat berdi. Ukasi xotinini olib safarga chiqqan kun kechqurun uning hovlisini melisa bosdi.

Xotini va bolalarini burchakka dildiratib qoʻyib, xonadagi lash-lushlarni oʻrtaga uygancha titkilab nimalarni izlashga tushishdi. Keyin molxona, oʻtinxona, tandirxonani ham titkilashdi. Tuzuk-quruq narsa topisholmadi shekilli, otasining qirq yildan beri otilmagan, almisoqdan qolgan piltamiltigʻiga yopishib olishdi, xuddi bosmachini qoʻlga tushirgandek, uni quroli bilan otga oʻngʻarib olib ketishdi.

Tergovda esa bosmachilarni emas, Sadriddin terichidan qolgan tillalarni soʻrashdi. Yoshgina noʻgʻay tergovchi yigit uni har safar tergovga chaqirganida «Ha, terichi, keldingmi, balki bugun aytib berarsan, tillalarni qaerga yashirganingni!» – derdi. Har qancha azob berishsa-da, bariga chidadi. Tillaning qaerdaligini aytmadi.

Bir hafta Kosondagi melisaxonaning tor va zax zindonida yotdi. Shunda uni yoʻqlab avval xotini katta oʻgʻli Bahriddinni ergashtirib kelgan boʻlsa, ikkinchisida qaerdan xabar topgan, bilmaydi, Hobil bilan keldi. Hobilning kelgani yaxshi boʻlgan ekan. U otasining vasiyatini bajarishga imkon topdi. Bor-yoʻgʻi oʻn daqiqalik uchrashuvda u Hobilni quchoqlagancha shivirladi:

– Tandirxonaning ostonasini kavla. Topganingni olib boshqa joyga yashir. Otam uni teng boʻlib olinglar degandi. Yaxshi zamonlarda uchrashsak, yarmini berarsan. Boʻlmasa bolalarimga ishlat. Ular xor-zor boʻlib yurishmasin.

– Xoʻp, ogʻa, – dedi Hobil yigʻlamsirab. – Iloyim omonlikda uchrashaylik. Shunda hammasini oʻzingizga qaytarib beraman.

– Ehtiyot boʻl, uka...

Bundan buyogʻiga eshik oldida koʻzini loʻq qilib oʻtirgan melisa gapirtirishga qoʻymadi. Hobilni turtkilay-turtkilay tashqariga chiqarib yubordi. Shundan keyin yana uchrashishga imkon boʻlmadi. Uni sud-pud ham qilib oʻtirmay, toʻppa-toʻgʻri oʻn besh yilni bosishdi-da, Sibirga joʻnatib yuborishdi. «Otilmay qolganingga shukr qil, bosmachi,» deb pisanda ham qilib qoʻydi uning ishini yopayotgan tergovchi...

Oradan ikki yil oʻtdi. Akasi badar ketdi. Ortidan bir parcha qogʻoz ham kelmadi. Hobil akasining otilib ketganiga shubha qilmay qoʻydi. Qirqinchi yilning kech kuzida hech qanday davo-muolajalarning foydasi boʻlmagach Hobil xotinini haydab soldi. Unga qoʻshilib yangasi va ikki jiyani Ernazar polvonnikiga ketadigan boʻlganida ham parvo qilmadi. Hayhotdek hovlida bir oʻzi qoldi. Uning uyiga negadir Berdi serqatnov boʻlib qoldi. Har kelganida stansiyadagi temiryoʻlchi oʻrislardan olgan bir shishani koʻtarib kelardi. Ikkalasi anchagacha shakarguftorlik qilishardi. Shunday ulfatchiliklarning birida Berdi qishloqdagi maktabda xoʻjalik mudirligi boʻsh ekanligini aytib shu ishga oʻtishga undadi.

– Seni yoshligingdan bilaman. Xat-savoding chakki emas. Choʻt qoqishni ham eplaysan. Kel, qolganiga oʻzim yordam beraman...

Hobil maktab xoʻjalik mudirligini egallagan boʻlsa-da kunini Shoʻro idorasida oʻtkazadigan boʻldi. Albatta ish kuni Hobilnikida ichkilikli ziyofat bilan yakunlanadigan boʻlganidan keyin, maktabning direktori Shoʻroning oshnasi boʻlgan Hobilning pishagini pisht deyishga botina olmas, bunga sari uning oʻz homiysi Berdiga ixlosi oshib borardi.

Bu orada esa tunu-kun akasi ketida sudralib, oʻn beshini ellikka yetkazgan qoʻylarni sotib, soʻyib barakasini uchira boshlaganiga chiday olmagan Ernazar polvon qizlarining yuklariga qoʻshib, qolgan yigirma besh qoʻyni olib ketdi.

– Sen haromxoʻr, mayli xotining tugʻmas ekan, qoʻyding. Bunga indamadim. Nega endi shu norasidalarning rizqini yeb yotibsan? Insofing bormi oʻzi?!

Hobil allaqanday sovuq, tirjaygancha indamay turaverdi. Polvon soʻkingancha chiqib ketdi. Oradan bir oy ham oʻtmay, Hobil Berdining oʻtirib qolgan qiziga uylandi. Endi ulfatlar qaynota-kuyov boʻlib olganlaridan keyin yanada qadrdonlashib ketgandilar. Navbatdagi shakarguftorlikda Berdi ayyorlik bilan uning qoʻyniga qoʻl solib koʻra boshladi.

– Sen yosh eding, bilasanmi, yoʻqmi, hoʻ, poshsho qochgan yili otangning besh ming qoʻyini Pomuqqa eltib Beshim Durdiga sotib kelgandik. Bir xum tilla boʻlgandi. Shuni Qobil isini chiqarmay ketdi. Juda-a pismiqdan kelgan ekan akang.

– Nega isini chiqarmas ekan? Chiqardi, – dedi kayfdan yayrab oʻtirgan Hobil qaynotasiga oʻzining davlatmand odam ekanligini koʻrsatgancha maqtanib qoʻydi. – Kosonda qamoqda yotganlarida borgandim. O’sha tillaning joyini aytdilar. Olib boshqa joyga yashirib qoʻydim.

Berdining koʻzlari katta-katta boʻlib ketdi. Demak la’nati Qobil pismiq shu paytgacha hammani aldab yurgan ekan-da! Voy haromi-ey! Hatto organni ham chuv tushiribdi-da!

– Shunaqa degin, Hobilvoy! – dedi u endi yaltoqlangancha iljayib. – Omadim chopib qoldi, desang-chi, kuyov!

Berdi oʻrnidan chayqalgancha turib, uyiga ketganida tong oqara boshlagan edi. Oradan hafta oʻtkazib keldi va yana qaynota-kuyov shisha ustida mashvaratni boshladilar.

– Buxoroda Moʻrdaxay degan juhud tanishim bor, – dedi u chaynalib. – Zangʻar juda zoʻr zargar. Besh-oʻn tanga bersang unga olib borardim. Xotiningga zirak yasatarding, keyin qolganini pul qilib, sigir-buzoq, besh-olti qoʻy qilib qoʻysang, nimasi yomon? Anavi oʻpkasi yoʻq polvon bor-budingni shilib ketganidan keyin qoʻrang changib yotibdi-ku, kuyov.

Qaynotasining gapi Hobilga joʻyali tuyuldi. O’zi kunduzlari ishda boʻlsa, xotini ertalabdan kechgacha xurrakni tortib uxlaydi. Keyin kechkurunlari otasi bilan oʻziga chala-chulpa bir narsani pishirib beradi va yana oʻzini koʻrpaga uradi. Pirovardida boʻrdoqiga boqilgan qoʻydek semirib ketdi. Agar uyda mol-hol boʻlganida ishga kuymalasharmidi...

Berdi ertasi kuni tongda stansiyaga borib, temiryoʻlchi tanishlari yordamida Buxoroga ketayotgan qizil vagonli poezdga ilashib oldi va shu ketganicha uch kundan keyin allaqanday vahima bilan qaytib keldi: «Urush boshlanibdi!»

Unga berib yuborgan yigirma tangasining ahvoli bilan qiziqishga Hobilning vaqti boʻlmadi. Bir haftadan keyin oʻzi, oradan uch oyni oʻtkazib Berdi ham urushga ketdi. Koʻzadagi tilla tangalar esa endi Hobilning hovlisida koʻmilgancha oʻz vaqtini kutib yotaverdi...

Qobil Sibir sovuqlarida qariyb oʻn olti yil arra tortdi. Daraxt kesdi. Bir necha bor oyoq-qoʻlini sovuqqa oldirdi. Bir marta ustiga daraxt yumalab toʻrtta qovurgʻasini majaqladi. Buncha azoblardan keyin odam bolasining tirik qolishi gumon, agar tirik qolganda ham bir umr mayib-majruh boʻlib kun kechirishi lozim edi. Biroq, Qobilni nimadir hayotga bogʻlab turgandek, negadir har safar u omon qolar, tezda tuzalib yana arra tortaverardi. Stalin oʻlganida u ellik uch yoshda edi. Biroq uni koʻrganlar kamida yetmishni qoralagan chol deb oʻylashardi. Muttasil mashaqqat ostida oʻtgan yillar uning jismiga oʻz muhrini bosgan boʻlsa-da, biroq ruhini tushira olmagan edi. Uni ozod qilganlarida qanot chiqarib uchgudek boʻlib yurtga oshiqdi. Shuncha yillik mashaqqatdan keyin odamga oʻxshab yashashni shunchalik istar ediki...

– Qanaqa tilla? – dedi Hobil akasining savoliga koʻzlarini loʻq qilgancha javob qaytarar ekan, – Tandirxonadan hech qanaqa tilla chiqmadi.

– Otamning ruhini chirqiratma, uka. Uning yarmi mening haqim. Shuni bersang boʻldi.

– Qiziq gaplarni gapirasiz-a, aka. Aytyapman-ku, tandirxonadan tilla chiqmadi, deb.

Hobil shirakayf edi. Urushdan kelganidan beri ertalabdan otib olish odatini chiqargandi. Hech qaerda tuzuk-quruq ishlamaydigan kishi har kuni ikki shishaga pulni qaerdan topadi, buni hamqishloqlar tushuna olmasdilar. Oyda, ikki oyda bir marta Buxoroga tushib keladigan odatini aytmasa, hamisha uyida boʻlardi.

Qobil terichi ukasining mastona koʻzlaridagi surbetlikni koʻrib gʻazabi toshdi. Biroq u bilan adi-badi aytishishni oʻziga ep koʻrmadi. Xudo oʻziga insof bersa, topib boradi, degan xayol oʻtib, lash-lushini polutorkaga ortgancha qishloqdan chiqib ketdi va shu-shu qaytib kelmadi.

Hobil oradan bir necha yil oʻtib qattiq kasal boʻlib qoldi. Moʻrdaxay zargarning jiyani boʻlgan mashhur doʻxtir uni davolab oyoqqa turgʻizdi, biroq, uyiga javob berayotganida aytgan bir gapi Hobilning keyingi hayotini butkul oʻzgartirib yubordi.

– Agar yana bir qultum ichsangiz, oʻlasiz. Sizga hech kim yordam bera olmaydi.

Shu-shu Hobil ichkilikni ogʻziga olmay ketdi. Keyin nurab ketgan uyini tuzatdi. O’gʻillarini uyli- joyli qildi. O’ziga nafaqa toʻgʻriladi. Soqol qoʻyib, qishloqning ma’rakalariga qatnaydigan boʻlgach, uni Hobil amaki deb ataydigan boʻlishdi. Biroq, biron marta boʻlsin akasini yoʻqlab bormadi.

Qobil terichi toʻqsondan oshib qolgan boʻlsa ham bardam, tetik chol edi. Ertalab bomdodni oʻqib, keyin oʻz xonasiga kirdi. Koʻrpachaga yonboshlagancha koʻzi ilinibdi. Ukasi, oʻsha kayfdan koʻzlari qisilib turgan, surbet holda emas, yoʻq, oʻsha, otasi bir xum tillani olib kelganida uni uygʻotgan oʻn olti yashar oʻspirin holida ekan. U qoʻlidagi koʻzachani uning oldiga qoʻyib, «aka, oling bularning barchasi sizniki» dermish. Terichining koʻzlari birdan ochilib ketdi.

– Astagʻfurullo, – dedi u koʻzlarini kaftining orqasi bilan ishqalarkan.

Hech bunaqa, namozdan keyin mizgʻiydigan odati yoʻq edi. Keyin oʻrnidan turib moʻ‘jaz hovlichani aylandi. Gullarga qaragan boʻldi. Shu payt oshxonaga yondosh uydan nevara kelini chiqib keldi.

– Buva, choyingizni kiritaymi?

– Mayli.

Qobil terichi xuddi birov kirib keladigandek darvozaga intiq termuldi. Keyin esa bir-bir bosib oʻz xonasiga kirdi. Kelini olib kelib qaytarib qoʻygan choydan bir piyolasini ermak qilib oʻtirdi. Birozdan soʻng xabar olishga kelgan keliniga «Meni bezovta qilmanglar, biroz dam olmoqchiman» dedi va yonboshladi.

Ishga ketadiganlar ishga, oʻqishga ketadiganlar oʻqishga ketib, hovli bir zumda suv sepilgandek jimib qolgach, kelin bir togʻora kirni chayish uchun hammomga yoʻl olganida darvoza taqilladi. Kelin qoʻlidagi magʻzava yuqini kir choyshabga arta-arta darvoza tomon yoʻnaldi.

– Qobil amakining uylari shumi? – soʻrardi doʻppi-chopon kiyib, belini bogʻlagan yigit.

Kelin shuncha tikilmasin, baribir uni tanimadi.

– Ha, shu edi. Tinchlikmi?

– Hm, shu... bobomni berib qoʻydik. Hobil bobomni. Shuni Qobil amakiga aytsangiz.

Kelin avvaliga uning gapini anglamadi. Keyin Qobil boboning qishloqda Hobil degan ukasi borligini, nimagadir ikkovlari yuz koʻrmas boʻlib ketganlarini eshitganini esladi.

– Hozir, buvamni chaqiraman.

Kelin darvozani ochiq qoldirib, Qobil terichining xonasiga qarab yugurdi. Xonaning eshigi qiya ochiq. Undan yonboshlagancha, darvoza tomonga koʻz tikib yotgan Qobil bobo koʻrinib turardi.

– Buva, buva!

Kelin chorloviga u javob bermadi. Kelin ichkariga kirib, hamon bir nuqtaga tikilib turgan terichining quruqshagan qoʻlidan ushladi. Panja muzdek edi. Kelin oʻlimning mudhish sharpasini sezib, birdan qoʻllarini tortib oldi. Qobil terichining boshi shilqillab bolishga tushdi. Terichi allaqachon omonatini topshirib boʻlgan edi.