OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Bahodir Abdurazzoq. U (qissa)
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifBahodir Abdurazzoq
Asar nomiU (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Bahodir Abdurazzoq
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm115KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/11/29
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Yoshlik» журнали 2010 йил, 6-cонлар


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





U (qissa)
Bahodir Abdurazzoq

Ular daryodan oʻtib olganlaridanoq chek-chegarasi yoʻq sahroga duch keldilar. Hozirgina qoʻlbola solda vahimali daryo bilan olisha-olisha qirgʻoqqa qadam qoʻyganlarida yelkadan togʻ agʻdarilgandek yengil tortgan boʻlishsa-da, biroq lop etib paydo boʻlgan tushuniksiz, daryodan-da vahshatli bu sargʻish-qoramtir, tikkaygan buta ham koʻzga tashlanmaydigan, kimsasiz kenglik oldida shunchalik ojiz va gʻarib edilarki, asov daryoning tugʻyonlarini yenga olganlari tufayli qalblarida paydo boʻlgan muzaffarona masrurlik shamolga sochilgan kuldek bir zumda tarqab ketdi. Ularning oldini bahaybatligidan narigi qirgʻogʻi zoʻrgʻa koʻzga ilinadigan, boʻgʻizlangan jonivorning soʻnggi tomchi qoni yangligʻ quyuq va boʻtana suvi qaynab, yaqinlashishga jur’at topa olgan har qanday jonzotni bir zumda oʻz komiga tortmoqqa tayyor boʻlib oqayotgan tuganmas suv toʻsganida ham bu yangligʻ sarosimaga tushib qolmagan edilar. Toʻgʻri, oʻshanda daryo ularning olisdan-olis, sirli va mashaqqatli yoʻllarida goʻyoki soʻnggi bir sinov, shundan eson-omon oʻta olsalar, bu yogʻi manzillariga yetishlariga ishonishardi. Shu ishonch har ikkalalariga ham dalda boʻlib ulkan daryodan sogʻ-omon olib chiqqan edi. Endi esa…

...Oʻshanda, otlari bor paytda qaroqchilar qoʻlidan eson-omon qutilib, ular ta’qib qilmayotganiga ishongan lahzalarida, nega ortga qaytishga koʻna qolmadiykan. Unda hali kech emas edi. Bir-ikki kun yurganlarida yaqin qishloqqa yetib borgan, qishloqdagilar bularning kimligini bilgan zahoti ot-ulov berib uylariga eson-omon qaytarib yuborgan, agar shunday qilganida hozirgi mashaqqatlarga duch kelmagan, hayoti esa oʻzi oʻrganib qolgan oʻsha eski maromida ketavergan, xoʻjayinning oʻtinini yorib, suvini tashib, bersa yeb, bermasa chalaqursoqligiga ham shukr qilib yuravergan boʻlarmidi. Endi esa kech… Demak, u tanlagan yoʻlning mashaqqati to mahshar qadar tuganmas ekan-da…

Shom qoʻnayotgan edi. Quyosh qirmiz kosasini asta-sekinlik bilan boʻtana suvga botira boshladi. Ikkalasi bir tomoni xun yangligʻ qip-qizarib jilvalanayotgan daryo, bir tomoni kuyib, qovjirab ketgan qoramtir mallarang qumtepalar orasida serrayib turib qolishdi.

– Men och qoldim, – dedi Jilva begim, qora qoʻngʻiroq sochlaridan loyqa tomchilarni siqib chiqarar ekan, bir paytlar malikalarga xos boʻlgan, ammo, hozir bir uyum uvadaga aylangan koʻylagini tekislashga harakat qilayotib, amirona qoʻshib qoʻydi: – Biron yegulik topib kelsang-chi!

Nurgeldining oʻzi ham och edi. Ammo uning miyasida gʻujgʻon oʻynayotgan xayollar hozir ochlikni his qilishga imkon bermasdi. Shu sabab kimsasiz sahroda mavqelari tenglashib qolgan, hattoki, taqdiri oʻz qulining tadbirkorligiga va odamgarchiligiga (toʻgʻri-da, hozir Nurgeldi, bor-e desayu, oʻzi boshi oqqan tomonga ketsa kimsasiz sahroda uni kim ham qutqarib qolardi?) bogʻliq boʻlib qolganida ham oʻz hukmfarmoligini oʻtkazishga urinayotgan begimga gʻazabli nigoh tashladi. Oʻgirilib daryo qirgʻogʻi tomon yurib ketdi. Bir tomoni suvga botib turgan kattaligi sandiqdek keladigan toshga oʻtirgancha yana botayotgan quyosh nurlarida qizgʻish tovlanayotgan daryoga termulgancha sukutga choʻmdi.

– Menga qara, Nur, senga aytyapman! – Jilva begimnig figʻoni falakka chiqdi. – Nega indamaysan qulogʻing karmi?!

Nurgeldi sekin oʻgirilib begimga oʻqdek nigohini qadadi.

– Qulogʻim kar emas, begim. Ammo yeyishga ham hech vaqo yoʻq. Buni tushunishingiz kerak.

– Tushunishni istamayman! – Qaysarlik qilardi begim. – Sen mening buyrugʻimni bajarishing kerak! Boʻlmasa… – U birdan oʻzining qayerdaligini eslab, tutilib qoldi.

– Aytavering, begim, boʻlmasa nima qilmoqchisiz?

– Seni… Seni… – Begimning gʻazabdan tili kalimaga kelmay qolardi, – Seni kaltaklataman! Keyin zindonga tashlataman!

Kutilmaganda Nurgeldi xoxolab yubordi. Uvada yaktagining ostidan boʻrtib turgan keng koʻkraklari silkinib-silkinib kulardi.

– Kimga kaltaklatasiz? Zindonni qayerdan topasiz? – zaharxanda qildi yigit.

Begim ming gʻazablansin, ammo oʻzini tiyib turishga majbur ekanligini, bu ishni amalga oshirish uchun hali Arkka yetib borishi lozimligini, agar shu qulvachcha uni manzilga olib bormasa, bir oʻzi ikki dunyoda ham yeta olmasligini oʻylab, gʻazabini bosishga majburligidan beixtiyor tishlarini gʻijirlatsa-da indamadi. Jim turaverdi.

Ular ikkinchi tunni ham och oʻtkazdilar.

Ertalab. Quyosh hali yuz koʻrsatmagan esa-da, atrof yorishib ulgurgan, ulkan daryo ham endi tundagidek sirli va mudhish pishillamas, sokin, ba’zan koʻpirib oqardi. Olisda quyoshning zarrin tojlari orasidan koʻm-koʻk orolcha elas-elas koʻzga tashlanar, tinimsiz oʻziga chorlardi. Jilva begim negadir shu orolchaga borishni va butun umr shu yerda qolib ketishni istadi. Keyin xayolini kutilmaganda qaroqchidek bosib olgan bu istakni quvish uchun koʻzlarini yumib oldi. Birozdan soʻng koʻzini ochib koʻkarib kelayotgan osmonga termuldi.

Oʻrnidan turmoqchi boʻlganida ustiga yopib qoʻyilgan Nurgeldining uvada choponiga koʻzi tushib ajablandi…

… – Jilva, – dedi bir kuni oʻsmirlikdan yigitlik pallasiga oʻtib, iyaklari va lablari ustini mayin moʻy qoplashga ulgurgan amakivachchasi Mengli unga gʻalati nazar tashlarkan, – senda bir gapim bor edi.

Oʻn toʻrtga kirib anchagina durkun qizaloq boʻlib yetishgan Jilva begimning ham yuragi orziqib ketdi.

– Ne gaping bor, ogʻa?

Menglining koʻzlari chaqnadi, ammo tili kalimaga kelmadi.

– Gapingni unutib qoʻydingmi, ogʻa? Nega gapim bor deysan-u, lekin gapirmaysan?

– Men… men seni olib qochib ketmoqchiman!

– Qay tomonga, ogʻa? Nega?

Menglining peshonasini sovuq ter qopladi.

– Amakim seni menga bermaydi. Shuning uchun ham olib qochaman!

Jilva begim bechora yigitchaning qaltirab turishidan avji keldi. Kulgisi qistadi. Bolalikdan birga oʻynab katta boʻlishganidanmi, Menglini sodda, biroz dovdirroq, jur’atsizgina bola deb bilardi. Nahotki, u shunchalar oʻzgargan boʻlsa-ya…

– Men rozi boʻlmasam-chi? Unda qanday olib qochasan?

– Ne uchun rozi boʻlmaysan? Axir amakim seni amirga choʻri qilib bermoqchi boʻlib yuribdi-ku!

Qiz qiqirlab kulib yubordi. Bundan Mengli battarroq sarosimaga tushdi.

– Bilsang, ogʻa, meni amirga choʻri emas malika qilib bermoqchi otam. Men malika boʻlishni xohlayman. Sening is bosgan qora uyingda chilik yigirib, kigiz bostirib yurgandan koʻra, Amirning saroyida zarga koʻmilib yurganim yaxshi emasmi?

– Jilva…

Qiz uning moʻltirab turgan koʻzlariga qarab turib kulgisi qistaganini bildirmaslik uchun oʻgirilgancha chopib ketdi.

Mengli yigʻlab yuborgandi oʻshanda…

… Nurgeldining qorasi koʻrindi. U koʻtarilayotgan quyoshni toʻsgancha yirik laqqa baliqni yelkalab kelardi. Jilva begimning yoniga kelganida yukini yerga qoʻydi. Baliqning qorni yorilib ichak-chavogʻi olib tashlangan boʻlsa-da, shundayligicha ham bir pud tosh bosardi. Nurgeldi indamay baliqni tilkalay boshladi.

– Qayerdan ushlading buni, Nur? – Jilva begim kechagi dilxiralikni unutib unga birinchi boʻlib soʻz qotdi.

– Nariroqdagi koʻlmakdan, – Nurgeldi ishdan boshini koʻtarmay javob qaytardi.

– U yerda baliq borligini qanday bilding? – qiziqishini qoʻymasdi begim.

– Tongga yaqin suv shalopladi. Shuning tovushiga qarab boraverdim. Daryo toshganida suv qirgʻoqqa chiqib bir chuqurlikni toʻldirgan ekan. Suv qaytganidan keyin u yer koʻlmak boʻlib qolibdi. Endi esa koʻlmakda suv quriy boshlaganidan laqqa daryoga oʻtib olish uchun sakrayotgan ekan. Zoʻrgʻa ushlab oldim.

– Buni xomligicha yeymizmi?

– Pishirib yeymiz, begim.

– Qanday pishiramiz?

Nurgeldi indamadi. Baliq boʻlaklarini tosh ustiga tartib bilan terib chiqa boshladi.

– Aytsang-chi axir, qanday pishiramiz? – sabrsizlanardi Jilva begim.

– Agar pishirilgan baliqni yemoqchi boʻlsangiz, borib shox-shabbalarni terib keling, ungacha men olov yoqishga harakat qilaman.

– Men-a?!

– Sizdan boshqa bekor oʻtirgan biror kishi yoʻq-ku, bu yerda!

– Sen… sen menga ish buyuryapsanmi, hali?! – Begimning jahldan chiroyli toʻgarak yuzi qiyshayib ketdi.

– Buyurayotganim yoʻq, begim. Pishirilgan baliqni yemoqchi boʻlsangiz, oʻtin terib kelishingizga toʻgʻri keladi.

– Sen-chi, sen oʻzing ham yeysan-ku!

– Menga xomi ham boʻlaveradi. Axir men qulman-ku! – Nurgeldi shunday degancha bir boʻlak xom baliqni ogʻziga tashladi. – Pishganidan koʻra xomi mazali buning.

– Yovvoyi! – tishlarining orasidan shivirladi Jilva begim nafrat bilan va daryo chiqarib tashlagan shox-shabbalarni terish uchun istar-istamas oʻrnidan turdi.

Nurgeldi Beshim oqsoqol xonadoniga qachon kelganini eslay olmaydi, ammo shu yillar davomida birinchi marta xoʻjayini ustidan zafar quchganidan qalbida allaqanday iftixor tuydi. Toʻgʻri-da, dagʻdagʻali oqsoqolning shaddod qiziga ish buyura oldi. Buning ustiga buyrugʻini bajarishga majbur qilishga ham oʻzida kuch topdi!

…Karvon ertalabdan yoʻlga tushgan boʻlsa-da, qosh qoraya boshlaganda ham Sandiqli qumidagi Toshquduqqa yetib kela olmasdi. Avval rejalashtirilganidek, mahobatli karvon shu quduq yonida oyoq ilishi va tunni shu yerda oʻtkazib, ertalab yoʻlga chiqishi kerak edi. Lekin moʻljalni notoʻgʻri olishganidanmi, yo sekin yurishganidanmi, quduqqa oʻz vaqtida yetib kela olishmadi. Quyosh ham qizarib-boʻzarib bota boshladi. Hamon quduqdan darak yoʻq. Oxir-oqibat Abdurayim oftobachining sabri toʻldi shekilli, karvonning oldida qora toʻriq otini yoʻrttirib borayotgan Sarbonga qoshini chimirib yaqinlashdi. Oftobachi sinalmagan bir kimsani karvonga yoʻlboshlovchilikka tayinlaganidan oʻkina boshlagan edi. Aslida kelgan yoʻllaridan qaytmoqchi edilar. Biroq yoʻlga tushganlaridan soʻng bu kimsa kelib, yaqin yoʻlni bilishini, oʻsha yoʻldan yursalar Buxoroga qariyb ikki hafta oldin yetib borishlarini aytib koʻngliga gʻulgʻula solib qoʻydi. Aslida har bitta qadamini oʻylab bosadigan, shuning uchun ham birin- ketin taxtga oʻtirgan uchta amir davrida ham yuksak mavqeini boy bermay kelayotgan oftobachi uning gapiga laqqa tushib oʻtiribdi. Endi esa yoʻlning anchagina qismini bosib oʻtgandan keyin, qarorini bekor qilib, yana ortga qaytishga yuragi betlamadi. Bu kimsaning hatto otini ham bilmaydi. «Sarbon» esa albatta laqabi boʻlsa kerak…

– Bu qanaqasi boʻldi, Sarbon, quduqqa peshin namoziga qadar yetishimiz kerak edi-ku?

Sarbonning bir-biriga nomutanosib yuzlari burishdi. Chap koʻzi oʻngiga qaraganda qisiqroq boʻlganidan gʻilaysifat koʻrinadigan, engagidagi nechta tukdan iboratligini xatto sanasa boʻladigan darajada siyrak choʻqqi soqolining gapirganda silkinib turishidan pixini yorgan tullak odam, degan taassurot uygʻotar, ammo, yirik oʻng koʻzidagi jiddiy nigoh uning koʻpni koʻrgan mulohazali va boshlagan ishini oxiriga yetkazmay qoʻymaydigan qat’iyatli ekanligidan darak berib turardi.

– Biz sal sekinroq yurganimizdan vaqtida yetib kela olmadik, aybdorman, oftobachi janoblari.

Xatosini tan olib turgan karvonboshini yana koyish, oftobachining fe’liga toʻgʻri kelmasa-da, noroziligini ichiga ham yutib keta olmasdi.

– Oʻzimiz bilgan yoʻldan yursak yaxshiroq boʻlardi. Bir-ikki hafta keyin boʻlsa-da bexavotir yetib olgan boʻlardik. Bu yoʻlni sizdan boshqa hech kim bilmaydi. Shuning uchun ham, siz barchasiga javob berasiz! Tushundingizmi, Sarbon?

– Bosh ustiga, oftobachi janoblari.

Sarbon osmonga bir qarab qoʻyib, yana otini yoʻrttirib ketdi.

Bu paytda Nurgeldi amirning shohona soyabon aravasida oʻzining joriyasi va kanizlari bilan ketayotgan Jilva begimning ortida piyoda kelardi. Beshim oqsoqol amirning ishonchli amaldorlaridan boʻlgan va Jilva begimga tojdor kuyovdan sovchilikka kelgan Abdurayim oftobachi boshchiligidagi karvonni as’asayu dabdaba bilan kutib oldi va bir hafta toʻy qilib, yedirib-ichirdi. Keyin Buxoroga qaytishlarida kelinning sepi deya oʻn aravani sandigʻu sandiqchalar bilan toʻldirib jiyani Mengli boshchiligida qirq yigit va yana shuncha qulni aravalarni kuzatib manziliga eson-omon yetkazish uchun karvonga qoʻshib joʻnatdi. Nurgeldi shu qullar safida, Jilva begimning xos gʻulomi sifatida edi. U yoʻlga chiqayotganida xoʻjayin Beshim oqsoqol unga qaytib kelish toʻgʻrisida hech qanaqa topshiriq bermagan, bundan kelib chiqardiki, agar begim unga «qol» desa, amirning haramida qolishga majbur boʻlardi. Omadi kelmay begim unga qolishni buyuradigan boʻlsa, haramda xizmat qiladigan qullar singari oʻzining bichilishini bilar va shundan qattiq qoʻrqardi. U kunu tun Xudoga yolvorib begimning koʻngliga insof tilar va uni olib qolish jahdidan qaytarishni yalinib-yolvorib soʻrardi.

Kun qorongʻilashib, osmonda ilk yulduzlar miltiray boshladi hamki, hamon va’da qilingan quduqdan darak yoʻq edi. Shu payt kichikroq barxanni aylanib oʻtayotganlarida olisdan gulxanning miltillagan shu’lasi koʻrindi. Sarbon buni koʻrganidan keyin otini yoʻrttirib Oftobachining oldiga keldi va gulxanga ishora qildi.

– Oftobachi janoblari, gulxan shu’lasini ilgʻadingizmi, bu oʻsha quduq boʻlishi kerak. U yerda bizdan boshqa ham yoʻlovchilar boʻlsalar kerakki, gulxan yoqmoqdalar.

– Balki, boshqa kimsalardir? Men yoʻllarda qaroqchilar koʻpligi haqida eshitgan edim. – Abdurayim oftobachi negadir sarbonning nomutanosib yuzlariga ishonchsizlik bilan qaradi.

– Oftobachi janoblari, bul kimsasiz sahroda qaroqchilar ne qilsin. Men oldin ham bu yoʻldan bir necha marta oʻtganman, hali biron yerda qaroqchiga duch kelmaganman. – Negadir karvonboshi oftobachini ishontirishga urinardi.

– Ne boʻlganida ham, ehtiyot boʻlganimiz ma’qul. – Oftobachi ortiga oʻgirilib amir sarbozlarini sardori Hakimbekka yuzlandi. Chamasi u hamon Sarbonga ishonmasdi. – Sardor, siz sarbozlaringiz bilan oldinga oʻting. Ortdagi aravalar bilan zaifalarni Menglining yigitlari qoʻriqlasinlar.

– Xoʻp boʻladi, oftobachi janoblari, – Hakimbek harbiylarga xos boshini sal egib ta’zim qildi-da sarbozlari tomonga otini yoʻrttirdi. Sarbozlar bir zumda jangovar holatga kelib, karvonning oldiga oʻtib yoysimon saf tortdilar. Menglining chavandozlari ham aravalar safini oʻrab oldilar. Mash’ala yoqish taraddudiga tushgan karvonboshini Abdurayim oftobachi toʻxtatdi.

– Oʻzimizni elburutdan bildirib qoʻyish yaramaydi, Sarbon.

Karvonboshi oftobachining ehtiyotkorligidan ijirgʻangancha, mash’alani oʻchirib, otini yoʻrttirib oldinga oʻtmoqchi edi yana oftobachi qarshilik qildi.

– Sarbon, oldinda sarbozlar borishadi. Siz biz bilan yuravering.

Karvon ehtiyotlik ila yana oldinga siljiy boshladi.

Nurgeldi karvonda allaqanday bezovtalik boshlanganini koʻrib, oldin nima gapligini tushunmadi. Keyin Menglining yigitlari gap-soʻzlariga qarab qaroqchilar hujum qilishi mumkinligini sezib oʻzi ham hovliqib qoldi. Bu cheki-chegarasi yoʻq sahroda agar qaroqchilar hujum qiladigan boʻlsa, jonini qanday saqlab qoladi? Qul boʻlsa ham baribir jon shirin. U bezovtalanib yon atrofiga nazar soldi. Navkarlar jiddiylik va sergaklik bilan borishardi. Uning oʻzi qatori qullar esa boshlarini quyi solgancha aravalar ortidan sudralishar, ammo ba’zan koʻzlari olazarak yiltillab qoʻyardi. Demak, ular ham oʻz terisining tashvishiga tushib qolishgan. U xavfu xatar oldida oʻzining yolgʻiz emasligini koʻrib biroz yuragini bosib oldi. «Koʻpga kelgan toʻy, bular nima boʻlsa men ham shu-da».

Karvon gulxanga yaqinlashganida shuncha tashvishlangani bekor boʻlib chiqdi. Toshquduq yonida yigirma chogʻli kishi gulxan atrofida suhbatlashib oʻtirishardi. Chamasi bunaqa yoʻlovchilarni koʻraverib koʻzlari pishib ketganidan boʻlsa kerak, karvonni koʻrib ham ular pinaklarini buzishmadi. Nihoyat qurollangan sarbozlarni ilgʻaganlaridan keyin ular oʻrinlaridan turishdi.

Ular ham Buxoroga borishayotgan ekan. Oftobachi ularni rosa soʻroq qilib, shubhaliroq narsa topa olmaganidan keyin, shu yerda tunab qolishga buyruq berdi. Birozdan keyin toshquduq atrofida oʻnlab gulxanlar yoqildi. Quritilgan goʻsht solingan qozonlar gulxanga qoʻyilib, ishtahani qitiqlaydigan shoʻrva hidi tungi sahroning iliq havosida suza boshladi.

Kun buyi jazirama sahroda yoʻl bosib charchagan yoʻlovchilar, toshquduqning muzdek suvidan qonib ichib mazali shoʻrvadan qorinlarini toʻydirib olgach mizgʻiy boshladilar. Shunda birdan qiyomat qoʻpdi…

…Nurgeldi qoʻynidagi chaqmoqtoshni olib, choponining astari ostidan chiqib turgan paxtadan uzib oldida toshni bir-biriga urib uchqun chiqardi. Tutab turgan paxtani kuh-kuhlab oʻt oldirdi va ustiga bir siqim xas tashladi. Xashak xurr etib yonib ketdi. Nurgeldi uning ustiga kichik-kichik shoxchalarni tashlab gulxanni kattalashtira boshladi. Jilva begim olib kelgan bir quchoq oʻtinini yerga qoʻyib, Nurbeldining ishini kuzata boshladi. Yigit yoʻgʻonroq shoxlarni olovga tartib bilan terib chiqqach, ustiga choynakdan sal kattaroq yapasqi toshni qoʻyib unga baliq boʻlaklarini tera boshladi. Oradan chorak soat oʻtmay ular pishgan baliqlarni ishtaha bilan tushirishardi.

– Nur, endi buyogʻiga nima qilamiz?, – Jilva begim baliqning qiltanogʻini goʻshtidan ajratarkan, Nurgeldiga umid bilan termuldi. – Bu sahrodan qanday oʻtib olarkanmiz, a?

– Bu yogʻini peshonangizdan koʻrasiz, begim. Peshonangizda bor boʻlsa, bir amallab Buxoroga yetib olarmiz.

– Nega bunaqa deyapsan, Nur? Sening peshonang-chi, nima, bu yoʻlning senga aloqasi yoʻqmi?

– Men qulman, begim. Shu yerda sahroda qovjirab oʻlib ketamanmi, yo xoʻjayinning qamchisining ostida oʻlamanmi, buning farqi yoʻq.

Jilva begim uning joʻrttaga qoʻrslik qilayotganini, lekin oʻzi ham sahroni qanday kesib oʻtish toʻgʻrisida oʻylayotganini tushunib turardi.

– Menga qara, toʻgʻrisini ayt, sen nega men bilan birga yuribsan? Hozir meni tashlab oʻzing hohlagan joyingga ketaverishing mumkin-ku, toʻgʻrimi? Nega sen ketmayapsan? Agar shunday qilsang, xoʻjayindan qutularding. Oʻzing orzu qilgan ozodlikka ham erisharding?

Nurgeldi indamay koʻzlarini yerga tikdi. U shuni oʻylamaganmidi. Shu toʻgʻrida oʻylamagan biron daqiqasi bormi oʻzi uning. Bugun tongda ham u koʻlmakni baliq shaloplashi tovushidan topgani yoʻq-ku, axir. U uxlab yotgan begimning ustiga choponini tashlab, oʻzi esa boshi oqqan tomonga ketmoqchi emasmidi.

Shunda koʻlmakda shaloplayotgan baliqni koʻrib qolib, fikridan qaytdi. Begimning ikki kundan beri tuz totmayotgani esiga kelib, kimsasiz sahroda zaifani och va yolgʻiz tashlab ketishga ahd qilganidan uyalib ketdi va baliqni koʻtarib ortiga qaytdi. Oʻzi butun umr orzu qilgan ozodligiga erishishiga bir necha qadam qolganida, ortga chekingani uchun asabi buzilib turgan edi. Shuning uchun ham begimni oʻtin terishga majbur qilmadimi…

...Oʻshanda uning butun vujudini gʻazab, nafrat, alam va xoʻrlikning aralashmasidan bino boʻlgan gʻalati bir isyon butkul qoplab olgan edi. Oʻn toʻrtga kirib labining ustini ilk bahorda bosh koʻtargan maysadek mayin moʻy qoplay boshlagan, boʻyi choʻzilib, bilagiga quvvat inib qolgan pallalar edi. Shomda oqsoqolning suruvini qoʻraga qamagach, oʻzining tegishi boʻlgan obiyovgʻondan quruq qolmaslik uchun qullar uchun taom pishiriladigan oʻchoqxonaga yoʻrtayotganida oqsoqolga duch kelib qoldi. Beshim oqsoqol negadir tund edi. Bir u emas, ichki hovlidagi barcha xotin-xalaju bola-baqraning barisining qiyofasidan zahar tomardi. Oqsoqol unga burgut qarash qildi. Bolaning tizzasi qaltirab, hatto salom berishga ham holi qolmay duduqlanib qoldi.

– Hoy, yetimak, nechun salom bermaysan?! – oʻshqirdi u. Shu payt qayerdandir qoʻlida qamchi paydo boʻldi. – Erganja it emganning haromisi, sening ham boshingni sapchadek uzib tashlash kerak!

Takaning terisidan tilib toʻqilgan qamchining qattiq arqogʻi, koʻzlari allanechuk gʻayritabiiy gʻazabdan xonasidan soqqadek otilib chiqadigan darajada baqraygan, choʻgirmasi qiyshayib ketgan boshi ustidan bir aylanib bolaning boʻyni aralash chakkasiga zarb bilan urilib uzun qontalash iz hosil qildi. Nurgeldi yuzini kaftlari bilan toʻsib, munkirkan, oqsoqolning gʻazabdan titrayotgan taka soqoliga koʻzi tushdi. Shunda negadir uning shu soqolidan changallab turib boʻgʻziga pichoq tortishni, tizillab oqayotgan qonga qoʻlini yuvgisi kelib ketdi. Bu istak shunchalar kuchli ediki, ustma-ust tushayotgan qamchi zarblari ham kor qilmas, ojiz boʻzdan tikilib, uzzukun oftob tigʻida yurganidan hilvirab qolgan guppisi tilka-tilka boʻlib uchayotgani, qonga belanayotganini his qilmas, negadir ogʻriqni unutgan, faqatgina xomsemiz oqsoqolning har zarbdan keyin harsillashinigina eshitardi. Ogʻzida qon ta’mi oʻtirib qolgan, koʻzlari oldida esa kesilgan boshdan oqayotgan qon qotib qolgandi.

Keyin quturgan oqsoqolning qoʻlidan Ayoz chol bilan Nusrat chopib kelib ajratib olishganini elas-elas koʻrdi. Oʻsha kecha Oqsoqolning toʻqsondan oshgan onasi jon berganini bildi. Shungacha u qismati shu ekaniga ishonib kelgan, dashtda qoʻy boqib, oqshom chogʻi oʻziga yetgan zarang kosadagi obi yovgonni ishtaha bilan tushirib yuravergan edi. Oʻsha qamchilangan oqshom uning yuragiga isyon kelib oʻrnashdi. Bolaligi tugab, mashaqqatli va zahardan-da achchiq hayoti boshlangan kun boʻlib xotirasiga oʻrnashdi...

– Siz mening ozodlikni orzu qilishimni qayerdan bilasiz? Balki shu hayotimdan boshqa narsani orzu ham qilmasman?

– Yoʻq. Men aniq bilaman, sen ozodlik istaysan. Ba’zan koʻzlaring yovvoyi mushuknikidek yaltirab ketadi. Shunaqa paytda men sendan qoʻrqaman!

– Siz-a? Nahotki sizdek oliynasab begim, tagi past quldan qoʻrqsangiz! Buni boshqa birovga aytsangiz ustingizdan kulishadi.

Jilva begim nigohlarini daryo tomonga burib sukutga toldi. Oʻsha tunda qoʻllarini qayirib, tagiga bosib olayotgan qaroqchiga tashlanib koʻksiga pichoq sanchgan Nurgeldining koʻzlaridan yovvoyi va sovuq alanga sachragan pallani hamon koʻz oʻngidan uzoqlashtira olmasdi…

…Qayerdandir paydo boʻlgan qora kiyimli kishilar mudroq sarbozlarni ayovsiz qilichdan oʻtkaza boshladilar. Ular shafqatsiz va sovuqqonlik bilan oʻzlarining qonli ishlarini aniq bajarardilar. Bir zumda sahroni xotinlarning uvvosi bilan yaradorlarning ingroqlari tutib ketdi.

Nurgeldi bu dahshatli goʻsht qiymalagichdan qanday omon chiqqanini haligacha ham tushuna olmaydi. U Jilva begim oʻz joriyasi bilan yotgan soyabonli aravaning kattakon gʻildiragiga suyangancha mudrab oʻtirardi. Qilichlarning sovuq jaranggi va tanasini qilich tilgan yaradorlarning faryodidan oʻziga keldi. «Qaroqchilar hujum qilganga oʻxshaydi!» U emaklab aravaning tagiga kirib oldi va dahshat bilan yon-atrofida boʻlayotgan xunrezlikka qarab oʻtirdi. Qaroqchilar Hakimbek sardorning sarbozlarini tinchitib boʻlishdi shekilli, endi aravalarni qoʻriqlab turgan Menglining yigitlariga tashlanishdi. Nurgeldining shundoq yonginasida bir yigit chopib tashlandi. U ola-gʻovurda qilichini olishga ulgurmaganidan xanjar bilan raqibiga tashlangan shekilli, jonsiz qoʻllari bilan hamon dudama xanjarini mahkam siqimlab turardi. U diqqatini jamlab olgach Menglining qonga botgan jasadini tanib qoldi. Xanjar ham tanish, Menglining talabi bilan Ayoz chol yasab bergandi. Nurgeldi uning qoʻlidan sekingina xanjarni ajratib olib qoʻyniga soldi. Chamasi qaroqchilar Menglining yigitlarini yer tishlatishgan boʻlsa kerak, endi aravalarni talashga oʻtishdi. Shunda tepasida joriyaning chinqirgan tovushi eshitildi.

– Malikaga zinhor qoʻlingizni tekkizmang!

– Oʻ-hoʻ, malika?! Oʻljamiz chakki emasga oʻxshaydi! Ushla uni!

Shunda Jilva begim ilojsiz yordam soʻrab nola qildi.

– Ey, badbaxt malika, bu sahroda senga yordam berishi mumkin boʻlgan tirik jon qolmadi! Nimayam qila olarding, koʻnasan-da!

Allaqanday yovvoyi xoxolash eshitildi. Nurgeldining yuragidagi qoʻrquv birdaniga qayoqqadir chekindi. Arava ostidan chiqib oʻrnidan silkinib turdi. Va shunda, soyaboni pora-pora qilib tashlangan aravaning burchagida joriya qoʻllarini yuziga bosgancha hoʻng-hoʻng yigʻlayotgani, bir barzanggi kimsaning begimni tagiga bosib olgancha, hadeb uning etagini koʻtarishga harakat qilayotgani, sochlari toʻzgʻib ketgan begim esa uning ostida tipirchilayotganiga koʻzi tushdi. Yigit gʻazabdan boʻgʻriqqancha bir sakrab arava ustiga chiqib oldi va qaroqchining kuraklari orasiga xanjarni urdi.

– Ih, – ingrab yubordi barzangi va begimning ustidan agʻanab tushdi. Shunda Nurgeldi begimning shoxona kuylagi dabdala boʻlganini, oppok koʻkraklari ochilib kolganini koʻrib yuzini burdi.

– Turing begim, qochamiz!

U qizning qoʻllaridan sudragudek boʻlib sahro ichkarisiga chopib keta boshladi.

– Toʻxta!

Orqalaridan kimdir baqirdi. Keyin otning dupuri eshitildi. Ortda chopib kelayotgan joriyani oldinga oʻtkazish uchun begimning qoʻlini qoʻyib yuborib, oʻgirilganida ot choptirib kelayotgan kimsa qilichini bir oʻynatib oldi. Shilt etgan tovush elas-elas quloqqa chalindi va joriya munkib ketdi va yerga shaloplab quladi. U qilichni ikkinchi marta urishga ulgura olmadi. Nurgeldi chaqqonlik bilan otning yuganidan ushlagan zahotiyoq bir sakrab chavandozning biqiniga xanjarini sanchdi. Qulayotgan otliqning oyogʻini uzangidan chiqarib yuborib darhol oʻzini egar ustiga oldi-da, jilovni siltadi. Koʻzlarini katta-katta ochgancha nimalar bulayotganini anglab-anglamay qotib turgan begimni mingashtirib, sahro qoʻyniga ot qoʻydi…

…Mengli nega uni kuzatib borishga otasidan ruxsat oldiykin. Bunga hecham aqli yetmaydi. Balki yoʻlda shunga oʻxshagan tasodif roʻy berishini va ikkalalarining yolgʻiz qolishlarini juda-juda istagandir. Balki, biron ilojini qilib uni karvondan olib qochib ketishni oʻylagandir. Qanday reja oʻylagan boʻlsa ham bu yoʻl uning boshini yedi. Qiziq, Mengli nahotki oʻzini qurbon qilar darajada uni sevib qolgan boʻlsa… Axir, u bilgan Mengli ogʻasi bunaqa bola emasdi-ku. Yo buni sezmagan, yo boʻlmasa u shunchalar oʻzgarib ketgan ekan-da. Oʻsha dahshatli tundan beri qancha vaqt oʻtdiykan. Hisoblab koʻrsa bir oydan sal oʻtibdi. Ammo, xuddi yuz yil boʻlgandek. Oʻzini oʻn oltiga kirganigayam, yigirma oltiga kirganini ham bilmaydi. Oʻtgan shu bir oy nahotki uni shunchalar oʻzgartirib yuborgan boʻlsa… Atigi bir oycha oldin qulning buyrugʻiga itoat qilib oʻtin-terib kelishni hatto tasavvuriga ham sigʻdira olmasdi. Endi esa …

Mengli oʻshanda aravaga tashlanayotgan barzangi qarshisiga dudama xanjari bilan chiqqandi, koʻksiga qilich sanchilib qularkan, yupqa lablari titrab yuzlari qiyshayib, ogʻzidan qon favvora boʻlib otilayotgan holati hamon koʻz oʻngidan ketmaydi. Qanchalik istamasin uni xotirasidan oʻchirib tashlay olmaydi. Negadir Menglining arvohi mudom uni ta’qib qilayotgandek. Ba’zan bir necha kun uni unutgandek boʻladi, biroq, shunday kunlarda Mengli lop etib uning tushida paydo boʻladi…

…– Toʻgʻri aytasiz, men ozodlikni istayman. Hamma qatori erkin odam boʻlishimni, mening roʻzgʻorim, bola-chaqam boʻlishini, men ham odamlar ichida yashashni istayman. Biroq, agar qochib ketadigan boʻlsam, butun umrimni ta’qibda oʻtkazishim kerak boʻladi. Mudom qoʻlga tushib qolishdan qoʻrqib, jon hovuchlab yurgim kelmaydi. Hayotim yolgʻiz, shu kimsasiz sahroda oʻtishini istamayman.

– Unda seni kimdir otamdan sotib olib, keyin ozodlik vasiqasini berishi kerak. Lekin unaqa oliyhimmat odamni qayerdan topasan bu zamonda?

– Oʻsha odam siz boʻlasiz, begim.

– Nima? – begimning koʻzlari hayratdan katta-katta ochilib ketdi. – Nahotki sen mening shunaqa qilishimga ishonsang?

Nurgeldi miyigʻida jilmayib qoʻydi. Keyin yuzlari jiddiy tortdi.

– Bilasizmi, begim, tekinga mushuk ham oftobga chiqmaydi degan naql bor. Men sizni qaroqchilarning qoʻlidan qutqarib chiqdim. Asrab-avaylab olib ketyapman. Xudo xohlasa, sochingizdan bir tolasini ham nobud qilmay Buxoroga yetkazib boraman. Buning evaziga esa siz menga ozodlikni hadya etasiz. Men qoraquyunli elatiga yo ozod kishi sifatida boraman, yo mutlaqo qaytmayman, deb qaror qilganman.

– Men senga ozodlik berishimga ishonasanmi?

– Hozircha menda ishonch bor. Ammo ishonchim soʻngan kuni meni qaytib koʻrmaysiz.

Uning koʻzlarida allaqanday shiddatli alanga chaqnagandek boʻldi. Bu olov begimga tanish edi. Begim sukutga toldi. Birozdan soʻng esa daryoga mayda toshchalarni otib oʻynayotgan Nurgeldiga qaradi.

– Qachon yoʻlga tushamiz, Nur?

– Bilmadim. Bir-ikki kun shu yerda hordiq chiqarsak yaxshi boʻlardi. Oldimizdagi sahroni mutlaqo bilmayman. Bir hafta yuramizmi, bir oymi… Shunga yarasha yegulik gʻamlab olishimiz kerak.

– Bu yerdan qanaqa yegulik topa olardik?

– Koʻproq baliq tutib quritib olishimiz kerak. Bu yerda koʻlmaklar koʻp ekan.

Nurgeldi ketdi. Begim uning tuni bilan oʻtirib chiqqan toshiga chiqib oldi…

…Ularning oti bor edi. Ot uning kasofatiga qolib oʻldi. Agar oʻshanda ozroq sabr qilganida edi, otlari oʻlmasdi. Sahroda qolib ketishdan qoʻrqmasdan yoʻlga tushavergan boʻlarmidilar. Nega hamisha shunaqa boʻladi? Xuddi kimdir yuqorida uni kuzatib turgan, sabri, irodasining kuchini sinayotgandek tuyula boshladi. Uni xuddi qoʻliga tushgan sichqon bilan oʻynashayotgan mushukka oʻxshatdi. Bechora sichqon qocha boshlaydi va endi qutuldim deb yengil nafas olganida yelkasiga oʻtkir tirnoq sanchiladi…

Ot baquvvat, sahroda yurishning hadisini olgan ekan. Avvaliga ular qaroqchilar ortdan quvib kelishidan qoʻrqib, otni yeldirib ketishdi. Tuni bilan yoʻl bosib tongga yaqinlashganda ortlaridan hech kim ta’qib qilmayotganligini bilib biroz xotirjam tortishdi va endi bamaylixotir yura boshladilar. Ular tunda faqatgina jonlarini qutqarishni oʻylab duch kelgan tomonga ot surganliklaridan hozir qayerga qarab ketayotganliklarini mutlaqo bilmasdilar. Otning jilovini boʻsh qoʻyganlaridan butun umidlari shu otda boʻlib qolgandi. Charchagan ot esa bitta-bitta qadam tashlab oldinga sudralardi. Ular otdan ham battarroq charchashgan, ilojini topib mizgʻib olishga qulayroq joy izlardilar. Shunda olisda itlarning akillagan tovushi eshitildi. Allaqayoqlardan esa qoʻy-qoʻzilar ma’rashi eshitilardi. Demak, shu yaqin atrofda choʻponlarning qoʻnalgʻasi boʻlsa kerak. Saksovulzorni kesib oʻtganlaridan keyin birdaniga yalanglikka chiqib qoldilar. U yerda yoyilib ketgan suruvga koʻzlari tushdi. Ayiqdek keladigan boʻribosar oʻtov oldida loʻkillagancha aylanib yurardi. Ularni koʻrib vovullagancha bostirib kela boshladi. Oʻtovdan qaytarma qalpoq kiygan, siyrak soqoliga oq oralagan kichik jussali choʻpon chiqib, avval ularga biroz xavotirli qarab turdi, keyin esa akillayotgan itini chaqirdi.

– Boʻldi! Bas, Yoʻlbars!

It qanday tezlikda ularga otilgan boʻlsa, xuddi shunday ortiga qaytdi.

Choʻponning basharasi har ikkalalariga ham oʻtirishmadi. Bir koʻzi qisiq, soqoli siyrak, jikkak yuzida negadir neklikdan alomat berguvchi biron alomat koʻrinmasdi.

– Kelinglar, baxay, kimsizlar?

– Biz yoʻldan adashib qoldik.

Choʻpon yigitning qon sachragan yaktagiga, qizning roʻmolsiz, parishon toʻzgʻigan sochiga qarab ularning shunchaki yoʻldan adashgan oʻtkinchi emasligiga ishonsada, buni sezdirib oʻtirmadi.

– Emasa tushingiz. Sal dam olingiz. Soʻgʻin yoʻldi oʻzim koʻrsatib yuboraman.

U otning jilovidan ushladi. Nurgeldi egardan tushib Jilva begimning ham tushishiga qarashib yubordi.

– Ayalingiz oʻtovga kirsin. – Choʻpon oʻtov tomonga tovush berdi, – Ulboʻsin, hov Ulboʻsin, qara qoʻnoq keldi. – Keyin Nurgeldiga yuzlandi, – siz men bilan yuring. Otingizga Mirza qaraydi.

U angrayib qarab turgan oʻn toʻrt-oʻn besh yoshlardagi oʻspiringa otning jilovini tutqazib yubordi.

Ichkaridan chiqqan toʻladan kelgan keng va yumaloq yuzli xotin avval begimga qarab angraydi, keyin birdan oʻziga kelib uni ichkariga boshladi. Begimning ahvoli u qadar yaxshi emasligiga unga qaragan har qanday kimsa shubha bildirmasdi. Shohi durrachasi aravada barzangi bilan olishayotganidami, yo ot choptirib qochayotganlarida tushib qolgan, sochlari toʻzgʻib ketgan, atlas koʻylagi bilan baxmal kamzulining yoqasi yirtilgan, yuzi timdalanib, boʻyni va tomogʻining osti koʻkargan edi. Ustiga ustak sillasi qurigan, oyoqlarida zoʻrgʻa turardi. Buni koʻrgan ayol uni ortiqcha savolga tutib oʻtirmadi.

– Tomoq yeysizmi, miymon?

Begimning qorni och boʻlsa-da, ishtahasi yoʻq edi. Tili qaqrab ketganidan zoʻrgʻa aylandi.

– Bir piyola suv bering, opa.

Ayol zipillagancha borib kattakon koʻzadan bir kosa suv quyib keldi. Begim uni shosha-pisha boshiga koʻtardi va toʻkib-sochib ichdi. Vujudi yengil tortib, tarang tortilgan mushaklari boʻshashdi.

– Charchabsiz, miymon, ozroq mizgʻib olasizmi?

Begim bosh irgʻadi. Ayol tashlab bergan toʻshakka oʻzini tashladi.

– Koʻylagingizni yeching, siz uygʻonguncha yamab qoʻ­yaman.

Jilva begim ixtiyorsiz yechinib, ayol bergan keng koʻylakni kiygancha boshini yostiqqa qoʻydi va shu zahoti uxlab qoldi.

Ayol esa uning yirtilgan kuylagiga, chiroyli yuzining tirnalgan joylariga, boʻyni va koʻkragidagi dogʻ­larga qarab labini tishlagancha bosh chayqab qoʻydi. U qizning bunday abgor holatidan shubhalansa-da, biroq koʻnglining bir chetida unga mehr uygʻongandi. Qiz haqiqatan ham goʻzal edi. Butun umri choʻlda oʻtib, fe’li sahrodek qattiq va oʻzgaruvchan, qahru gʻazabi ba’zan toshib ichidan chiqib ketadigan, tiyiqsizroq boʻlsa-da, qizning ma’sum tarovati oldida iya boshladi. U sekingina qizning sarxil matodan tikilgan boyvuchchalarga xos koʻylagining titilgan joylarini choklay boshladi.

Oʻtovning soyasiga tashlangan sholchada oʻtirib choʻ­pon bilan bir kosadan ayron ichib oʻtirgan Nurgeldi ichkaridan chiqib kelgan ayolning qoʻlidagi begimning kiyimlarini koʻrib yuragi shuvillab ketgan boʻlsa-da, bilintirmadi. Ayol imo bilan choʻponni yoniga chaqirdi. Birozdan keyin esa u qiyofasi tundlashib qaytib keldi.

– Bu zaifa ayalingizma? – soʻradi u shubhalanayotganini yashirib ham oʻtirmay.

– Yoʻq, – dedi Nurgeldi ham unda qanday oʻzgarish boʻlganini oʻzicha tushunib, unga diqqat bilan razm solarkan.

–Oʻgʻirlab kelayotirmisiz?

– Yoʻq.

– Unda nega unga doridingiz?

– Dorimadim. Qaroqchilarning qoʻlidan qutqarib olib kelyapman.

Choʻpon unga ishonqiramay qaradi.

– Qaroqchilar deysizma, bu zaifa ayalingiz boʻmasa, nega uni qutqarish uchun joningizni garovga qoʻydingiz. Tushunuksiz.

– Bu zaifa mening bekam. Men uning quli boʻlaman. Shuning uchun ham bekamni qutqardim. Bekam Buxoro amiriga malikalikka bormoqda edi. Men uni Amirning oldiga beshikast eltishim lozim.

– Ey-bi! Sen hali qulmisan?

Hozirgina taxdidli savollar berayotgan boʻlsa-da, uning hurmatini joyiga qoʻyib turgan choʻponning birdan sensirashga oʻtishi Nurgeldini hushyor torttirdi. Uning yuziga yana razm solib bu basharani qayerdadir koʻrganga oʻxshataverdi. Keyin esa xayoliga kecha kunbotar oldidan otda yoʻrtib ketayotgan karvonboshiga roʻpara boʻlgani xayoliga keldi. Bu choʻponning yuzi qaysi jihati bilandir oʻsha Sarbonni eslatardi. Uning ham chap koʻzi qisiqroq, siyrak soqolli...

– Oʻzimam oʻylagandim, nega bu ayalning usti boybichalarnikidek-u, bunisi qullardek yupun deb. Gap shunda, de! Toʻgʻrisini ayt, qayerga olib ketyapsan uni?

– Buxoroga. Amirning oldiga.

Choʻpon endi uning mutlaqo yolgʻon gapirayotganiga ishondi. Yuzidagi tundlikning oʻrnini gʻazab egalladi. Barcha sahroyilar kabi uning ham fe’li torroq edi. Butun umrini choʻlda, odamlardan yiroqda oʻtkazayotgan choʻpon odamlardan koʻra koʻproq boʻribosar itiga ishonardi.

– Emasa ayt-chi, nega bekangning koʻylagi yirtilgan?

– Aytdim-ku karvonimizga qaroqchilar hujum qilishdi. Men uni zoʻrgʻa qutqarib qoldim!

Choʻpon unga baribir ishonmagani sovuq yiltirab turgan qoʻy koʻzlaridan bilinib turardi.

– Hali buni koʻramiz. Bekang uygʻonsin. Uning oʻzi aytib beradi.

Oʻzi aytib bergani ming marta yaxshi. Ammo bu toʻng va qaysar choʻpon nega uni mirshablardek soʻroq qilaveradi. Bundan Nurgeldining jahli chiqsa-da, uning mehmoni ekanligidan izzatini saqlashni ma’qul topdi. Ammo bir narsaga u tushunmay turardi. Agar unga ishonmayotgan ekan, bunaqa qovoq-tumshuq qilib oʻtirgandan koʻra, koʻtar lash-lushingni deb haydab yuborsa birov unga gʻing deya olarmidi. Kiritishga kiritib, keyin bunaqa qilishning nima keragi bor. U xayol surib oʻtirib mizgʻib qolgan ekan, choʻponning tap-tup qadam tovushi uygʻotib yubordi. Choʻpon qoʻlida bir tovoq qaynatilgan goʻsht bilan choʻqqa koʻmib pishirilgan non olib kelardi. Uning chehrasidagi tundlik tarqagan, yonoq suyaklari boʻrtib, qisiq koʻzlari yanada qisilib jilmayishga moyil ifodani zohir etardi.

– Ol, tomoqdan ye, keyin bafurja gaplashib olamiz.

Nurgeldi och edi. Goʻshtning kattagina boʻlagini olib ishtaha bilan tushira boshladi. Choʻpon qumgʻondan choy quyib uzatdi.

– Sening ogʻa-inilaring bormi? – soʻradi goʻsht chaynab ustidan choy ichayotgan yigitni koʻz qiri bilan kuzatarkan.

– Bilmayman, – dedi Nurgeldi ovqatdan boshini koʻtarib. – Esimni taniganimdan beri bekamning otasining eshigida xizmat qilaman.

– Ha, bechora, – achingandek koʻrinishga harakat qilardi choʻpon, – qulning koʻrgan kuni qursin.

Nurgeldining ishtahasi gʻippa boʻgʻildi. Qoʻlini sochiqqa artdi. Choʻpon bu mizgʻib qolganida nimanidir oʻylaganini va shuning uchun ham turqini birdan oʻzgartirganini tusmol qildi. Uning xayoliga nima kelganidan bexabar, biron shumlikni oʻylamadimikin, degan tashvishi ham yoʻq emasdi. Choʻponning oʻzi yorilishini kutib indamay turdi.

– Buxoroga qanday yetib bormoqchisan? Otda axir bir oylik yoʻl-ku. Yana daryoni ham kechib oʻtishlaringga toʻgʻri keladi. Bekangni urintirib qoʻymaysanmi?

Nurgeldi ham shuni oʻylab boshi qotib turardi. U oʻsha tunda qaroqchini oʻldirib, begimni otga mingashtirib olib qochganida shu ketishda toʻgʻri Buxoroga borishni moʻljallagandi. Agar begimni beshikast eltib topshirsa Amir uning bu jasorati evaziga ozodlik vasiqasini beradi, deb ishongandi. Ammo to Arkka yetib borgunicha yoʻlning bu qadar uzoq va mashaqqatli ekanini hecham oʻylamagandi.

– Ha, buyogʻi oson boʻlmaydi. Nima qilishga ham hayronman.

– Bunday qilsang-chi, – dedi choʻpon ogʻir muammoning yechimini topgan olimdek hovliqib, – Sen yaxshilab hordiq chiqarib olganingdan soʻgʻin erta saharda yoʻlga chiqsang. Bekang esa shu yerda qolsa. Sen Buxoroga borib, uning shu yerda sogʻ-salomat ekanligini amirga yetkazsang bas. Uning oʻzi bekangni olib ketish tashvishini qiladi.

Oʻylab qarasa choʻponning gapida jon bor. Begim bilan sudralib yurgandan koʻra bir oʻzi boʻlsa tezroq yetib boradi manziliga. Ammo baribir oxirgi soʻzni begimning oʻzi aytishi kerak. Keyin uning bir oʻzini begona kishilar orasida qanday qoldiradi. Bunisi ham bor hali bu rejaning. Eson-omon amirning huzuriga yetib ham bordi deylik, agar bu yerda begimga bir narsa boʻlsa amir ham, Beshim oqsoqol ham uni tirik qoʻyishmaydi. Oʻshanda uning ozodlik haqidagi orzularining roʻyobga chiqishi oʻrniga, kundaga bosh qoʻyishi haqiqatga yaqinroq. Yoʻq, bunga koʻnib boʻlmaydi.

– Boʻlmaydi, ogʻa, – dedi fikrlariga yakun yasab Nurgeldi. – Men bekamni yolgʻiz tashlab keta olmayman. Agar shunday qilsam, sizni ham, oʻzimni ham xatarga qoʻygan boʻlaman. Boshqa yoʻlini topish kerakdir.

Choʻponning qiyofasi yana oldingi holatiga qaytdi.

– Ne uchun boʻlmasakan? Sen menga ishonmayapsanmi?

– Yoʻq, nega unaqa deysiz. Men ketganimdan keyin agar bekamga bir narsa boʻlsa men ham, siz ham tirik qolmaymiz. Buni oʻzingiz anglagan boʻlsangiz kerak?

– Axir yoʻlda biron kor-hol boʻlishi mumkin-ku, unda nima qilasan?

– Unda peshonamdan koʻraman. Xatarga sizni sherik qilish niyatim yoʻq. Bola-chaqali odam ekansiz…

Choʻpon allaqanday gʻalati qarash qildi. Yigitning anchagina joʻyali mulohaza qilganidan unga tuzukroq javob topa olmay, chakkasiga qon tepdi shekilli, qizarib ketdi.

Nurgeldi bilmasdiki, u uxlab qolganida choʻpon oʻtovga kirib, uyqudagi qizning husnini koʻrgan, endi qanday qilib boʻlmasin uni olib qolish harakatiga tushib qolgandi. Shunaqa, shoshganda labbay topilmas deganlaridek, u yigitga tuzukroq bahona topib bera olmay qiynalardi. Oxir u oʻylay-oʻylay, miyasiga joʻyali fikr kelmaganidan keyin tikkasiga hujumga oʻtishga majbur boʻldi.

– Men, bekangga uylanmoqchiman! Men boʻydoqman. Ulboʻsin esa mening singlim boʻladi. Buni shunchaki qilmoqchi emasman, senga yuzta qoʻy beraman. Sen shu qoʻylarning yarmininng puliga oʻzingga ozodlik sotib olishing mumkin. Sen qizni qoʻyib, bir suruv qoʻyni haydab ketasan. Oʻylab koʻr!

Nurgeldi xuddi shunday gap boʻlishidan qoʻrq­qandi. Haqiqatan ham shu gap aytildi. Bunga esa javob qaytarish lozim. Lekin Nurgeldi unga javob qaytarishga ulgura olmadi. Oʻtovda qiy-chuv koʻtarildi. Olislashib ketayotgan ot tuyogʻi tovushi eshitila boshladi.

Jilva begim uygʻonib ketib, oʻtov tashqarisidagi gap-soʻzlarni eshitib turgandi. Choʻponning niyatini tushungan zahoti, tashqariga otildi. Eshik oldida turgan oʻzining kiyimlarini qoʻltigʻiga tiqqancha tashqariga chiqdi. Otning bogʻlangan ipini qoziqdan yecha solib uzangiga oyoq qoʻydi. To oʻtovdagilar nima boʻlganligini anglab ulgurganlaricha u quyosh botib, sahroning me’daga tegib ketgan sargʻish qoramtir rangi tim-qoraga aylanayotgan qumtepalari ortiga singib koʻzdan yoʻqolib ketdi

– Hay, toʻxtat uni! Hozirgina jemish jegan otni chovib boʻlama?! –Hirqiroq ovoz bilan baqirardi choʻpon. – Qochib hech joqqa ketalmaydi-ya, lekin otni jeydi! Zotdor ekanligi tuyogʻidan koʻrinib turgandi-ya, essiz!

Choʻpon mushtdek boshini sarak-sarak qilgancha qolaverdi…

…Ular uchinchi kuni yoʻlga tushdilar. Nurgeldi yelkasiga osib olgan tugunda nimalar yoʻq deysiz: Begimning duxoba koʻylagiga oʻralgan qoq baliq, yana ipu igna bilan birgalikda, oʻzlari oʻldirgan quyonu boʻrsiqning terilari, bir qadoq keladigan tuz, bir mesh suv ham joy olgandi. Tong quyoshi koʻtarilayotganda daryoni tark etib sahroga qadam qoʻydilar. Ular borishi lozim boʻlgan olis sharqdan quyosh koʻtarilib kelar, shunchalik begʻubor va ma’sum ediki, goʻyo u sahroni otash tafti bilan qovjiratib tashlamagandek, goʻyo u atrofga doʻzax alangasini sachratib, bosh koʻtargan buta yoxud jonzot borki, qaqratib, yoʻqlik sari ravona qilmagandek, atrofga kelinchakdek qimtinibgina, ma’sum va hurkak nazar tashlardi.

Salqinda imkon qadar koʻproq yoʻl bosish uchun shoshilib yurishardi. Kunduzgi jaziramadan keyin, tunda sovub ulgurmagan mayin qum hamon iliqligidan oyoqlari rohatlanar, ba’zan qush uyqusidek qisqa bahor pallasida gullab, yana urugʻ sochib ulgurgan ravochning qovjirab qolgan tanasida saqlanib qolgan yakkam-dukkam shoxlarida yaltirayotgan shabnam tomchilari yalang oyoqlariga toʻkilib seskantirishi ajabtovur hislarni uygʻotib yuborardi. Ular oftobning shunday mayin va ma’sum boʻlib turishini xohlashar, tonggi sarin shabadaning ham oʻzlariga yoʻldosh boʻlib qolishini istashar, biroq, hali zamon, mayin nurlarning qilichdek keskirlashishini, shabadaning garmselga aylanishini bilib tursalarda, bu tong abadiyatga qadar choʻzilishiga ishongilari kelardi. Quyosh daqiqa sayin koʻtarilib borar ekan, avvalo qovjiragan shoxlarda endi marjondek ilinib turgan shabnam tomchilari havoda erib yoʻq boʻlayotganidan muzdek tomchilar oyoqlarini seskantirmay qoʻyganidan keyingina, ularning qalblarini toʻlqinlantirgan tong chekinganini his qilib, havoyi tuygʻular oʻrnini quyosh tikkaga kelganida panalaydigan joy topish tashvishi egallab oldi. Yaydoq sahroda bunday joyni topishning oʻzi boʻlmaydi.

Nihoyat, sahroning boʻronlariga basma-bas turib oʻsgan qari saksovulning yashil va suvga toʻla nina barglari, ajdardek xunuk buralib oʻsgan, xuddi koʻsaning soqolidek yakam-dukkamgina qolgan shoxlari ostidan panoh topishdi. To bu yerni topguncha, bir necha soat oftob tigʻi ostida yurishgan, buning ustiga bir zumda tandirdagi choʻgʻdek qizib, tovonlarini ayovsiz kuydirayotgan qumda boʻlari boʻlib holdan toygan bechoralarga saksovulning olachalpoq soyasi jannat bogʻidan avlo tuyulib ketdi.

Nurgeldi tugunni yechib begimning uzun, kimxob kuylagini saksovul shoxiga yoyib soyani quyuqlashtirdi. Keyin poʻstak boʻlib qolgan terilarni yerga toʻshadi. Ular yonma-yon choʻzilgancha mudrab oʻtirishardi. To shom qoʻnguncha bu doʻzax sahroda yoʻl yurib boʻlmasdi. Mizgʻiy-mizgʻiy rostakamiga uxlab qolganlarini sezmay ham qolishdi...

...Keyingi kun kechga borib meshdagi suv tugadi. Yurish endi rostakamiga azobga aylandi. Buning ustiga begimning isitmasi koʻtarilib ketib, alahlay boshlagach Nurgeldi yurishni bas qilib, chogʻroq barxan panasida tunash uchun joy hozirlay boshladi. Bu yerlarda yotish xavfli ekanligini bilar, kunduzgi jaziramada yer ostidagi inlariga bekinib olib, oftob tigʻidan yashiringan barcha choʻl jonivorlari tungi salqinda tashqariga oʻrmalab chiqishgan, sahro jonlanib qolgandi. Bu yerda shunday kamquvvat va chalajon holda yotishsa, ilon chaqib ketishi yoki biron choʻl yirtqichining yemishiga aylanishlari ham hech gap emasdi. Ammo begimning bu holatida yurishni davom ettirish uni ajal jariga itarib yuborishdan boshqa narsa emasligini his qilgan Nurgeldi arosat oʻtida qovrilardi. Agar ertaga quyosh tikkaga kelgunicha suv topa olmasalar, ikkalalari ham sahro otashida qovrilib oʻlishlarini his qilishning oʻziyoq uni dahshatga solardi. Iliq qum ustida yotgan qiz ingray boshladi. Uning har bir nolakor va zaif tovushi yigitning qulogʻiga oʻqdek sanchilar, biroq unga yordam berishdan ojiz ekanligidan, imkonsizligidan boʻridek ulib yuborgisi kelardi.

U yuragini parmalab teshib yuborayotgan bu tovushni eshitmaslik uchun quloqlarini bekitib oldi. Yoʻq. Ingroq tovushi aksincha kuchayib kelardi. Goʻyo uning butun vujudi quloqqa aylanganu, jismi joni faqatgina jon berayotgan begimning ingrogʻini tinglashga mahkumdek edi. Nurgeldi chidolmadi. Oʻrnidan sakrab turib zulmatga burkangan sahroning duch kelgan tomoniga chopa ketdi…

…Nurgeldi olisda bayroqdek hilpirayotgan begimning koʻylagini koʻzdan qochirmaslik uchun, halloslagancha uning ortidan choparkan, bor kuchi bilan hayqirib begimni toʻxtatishga urinardi. Quyosh botib borgan sari uzoqlashayotgan otliqni ilgʻab olish shunchalik qiyinlashib borar, ustiga-ustak yigitning oʻpkasi boʻgʻziga tiqilib, chopolmay, madori qurib borardi. Keyin esa shilqillab qumga yiqilib tushdi. Shu buyi qancha yotganini bilmaydi, bir payt oʻziga kelsa, allaqachon osmonga oy koʻtarilgan, sahro sutdek yorishib ketgandi. U oʻrnidan turib qumga chuqur botgan ot izlarini qoralagancha yoʻlga tushdi. Tong oqardi hamki, begimning qorasi koʻrinmasdi. Quyosh tikkaga kelganida negadir osmonda kalxatlar paydo boʻlganiga e’tibor berdi. Ular osmonda yarim doira yasab, nariroqdagi qumtepa orqasiga shoʻngʻishardi. Oʻsha yerda nimadir borligini his qilgan Nurgeldi oʻpkasini qoʻltiqlab shu tomonga yugurdi. Qumga toygʻonib-toygʻonib tepalikka chiqib olganida, eng avval pastda orqa oyogʻi beoʻxshov koʻtarilgan ot choʻzilib yotganini koʻrdi. Uning yonida esa begim boshini changallagancha otga termulib oʻtirar, atrofni esa yuzga yaqin kalxat zich halqa boʻlib oʻrab olgandi. Nurgeldi, bu oʻlaksaxoʻrlar xuddi begimga tashlanib, bir zumda burdalab tashlaydigandek qoʻrqib ketdi. Ustidagi yaktagini yechib boshi uzra aylantirib qiyqirgancha, chopib tusha boshladi. Kalxatlar, undan choʻchib, bir zum havoga koʻtarildilar, ammo uzoqqa ketmay oʻn-oʻn besh qadam nariga qoʻngancha, koʻzlarini loʻq qilgancha ular tomonga xunuk, patsiz boʻyinlarini choʻzgancha qarab turaverdilar. Begim uni koʻrib yigʻlab yubordi. Keyin jazavaga tushib qichqira boshladi.

– Yaqinlashma! Yaqinlashma, deyapman, tagi past! Sen la’nati hali meni yuzta qoʻyga almashtirmoqchi boʻldingmi?! Yoʻqol!

Nurgeldi birdan toʻxtadi. Qiz tomonga hayron koʻz tashladi.

– Nimalar deyapsiz, begim, tushunolmayapman?

Qiz battarroq hoʻngradi.

– Eshitdim! Barini eshitdim. Anavi tepaning ortida shilpiq choʻponing ham kutib turgandir?

– Siz xato eshitgansiz, begim. Toʻgʻri, choʻponning niyati shu ekan. Ammo, men uning gapiga koʻnmaganimni eshitmadingizmi?

Jilva begim, choʻponning past ovozda Nurgeldiga begimning evaziga yuzta qoʻy bermoqchiligini aytganida koʻzi qonga toʻlib ketganidan yigitning unga ne javob qilganini anglay olmagan edi. Uning nazarida Nurgeldi uni yuzta qoʻyga alishib yuboradigandek tuyulgan va otga mina solib, sahro qoʻyniga yeldirib ketgandi.

Begim unga ishonishni istardi. Biroq fe’lidagi qaysarlik oʻzining shoshilib kalta oʻylaganini tan olishga yoʻl qoʻymas, shuning uchun ham oʻzini ishonmagandek koʻrsatib, tugunini yerdan yulqib koʻtargancha poyi-piyoda yoʻlga tushdi.

Nurgeldi besoʻnaqay choʻzilib yotgan otning jasadiga xoʻrsiniq bilan nazar tashlab, puxta charmdan ishlangan jilovining tasmasini qoʻynidagi xanjari bilan kesib oldi. Ikki qulochlik tasmani yelkasiga tashlagancha begimning ortidan yoʻlga tushdi. Oʻn qadamlar uzoqlashganidan soʻng, otga soʻnggi bor nazar tashlash uchun oʻgirilganida, quzgʻunlar allaqachon ziyofatni boshlab yuborishgan, otning faqat tikkaygan orqa oyogʻigina koʻrinardi xolos...

...Otni u oʻldirdi. Nega oʻshanda shunchalik gʻazablanib ketdiykin-a. Agar, uni tuni bilan chopishga majbur qilmaganida ot oʻlmasdi. Otda allaqachon manzilga yetib borgan boʻlardilar. Nur qayerga ketdiykin. Balki yoʻlga yaramaydigan ortiqcha dardisardan qutulish uchun uni tashlab ketgandir.

– Nur, yaramas qulvachcha! Hali seni qirq darra urdiraman. Tering parcha-parcha boʻlib ketmaguncha savalataman! Keyin yarangga tuz bostiraman! Qani oʻshanda tayoq yegan itdek angillashingni eshitib bir huzur qilay!

Nurning sopol qoʻgʻirchogʻini sindirib qoʻygani koʻz oldiga keldi. Oʻshanda Mengli uning qoʻllarini qayirib oʻtirgan, oʻzi esa uning yumshoq joyiga juvoldiz tiqib olgandi. «Purt-purt» kirayotgan juvoldizdan eti seskansa-da, uvada ishtoni qip-qizil qonga belansa-da, oʻspirin yoshiga yetib qolgan Nurgeldi miq etmagan. Oʻshanda agar istasa qoʻlini qayirib turgan Menglini bir zarb bilan qulatgan, injiq va erkatoy bekning qoʻlidan qonga belangan juvoldizni tortib olgan boʻlardi. Biroq u bunday qilmadi. Begim qachonki, bu ermakdan zerikib, juvoldizni irgʻitib yuborib nari ketmaguncha jim oʻtiraverdi. Keyin bir necha hafta ketini yerga bosa olmay qiynalib yurgan boʻlsa-da bu haqda birovga ogʻiz ochmagandi.

U shuncha qiynaganlarining alamini olish uchun kimsasiz sahroda ochlik va suvsizlikdan azob chekib oʻlishini xohlagani uchun ham tashlab ketdimikan. Yoʻq, u ketmagan, qanday qiynalib jon berishini miriqib tomosha qilish uchun biron joyda pisib, kutib oʻtiribdi.

Nahot, ajal unga shunchalar yaqin kelgan boʻlsa... Kimdir shu atrofda aylanib yuribdi. Qanoti ham bor! Uzun va qopqora. U oʻlaksaxoʻr kuzgʻun-ku! Ana, yana bittasi kelib koʻndi. Nahotki, u oʻlgan boʻlsa?! Quzgʻunlar faqatgina oʻliklarning goʻshtini yeyish uchun kelishadiku, axir. Quzgʻunning koʻzlari tanish koʻrinmokda. Boshiga choʻgirma kiyib ham olibdimi...

– Mengli! Mengli ogʻa! Sen nahotki quzgʻunga aylanib qolgan boʻlsang? Kulma! Nega kulasan?! Toʻgʻrisini ayt, men ham oʻlganmanmi? Ketma! Hech koʻrsa savolimga javob berib ket! Mengli ogʻa-a-a!

Mengli qanotlarini keng yoygancha uning oyoq uchiga qoʻndi. Keyin beoʻxshov va bahaybat qanotlarini keng yoyib uning ustini qoplab oldi. Shunda uning qanotlari qora bulutga aylanib yuziga yomgʻir tomchilari tusha boshladi. Qaqragan lablari orasidan qurib yotgan tomogʻiga bir necha tomchi suv tushdi. Begim yutoqib ichdi. Yomgʻirdan balchiqning qoʻlansa hidi anqirdi. Boshi uzra egilib turgan, quzgʻun – Mengli asta-sekin Nurgeldiga aylana boshladi. U qoʻlidagi tirishib ketgan toshbaqa kosasidan uning ogʻziga qoramtir boʻtana suv qoʻyardi. Begimninng yuragi toʻlqinlanib ketdi.

– Nu-ur...

Quyosh allaqachon tikkaga kelgan. Boya quzgʻunning qanoti boʻlib koʻringan narsa ikkita choʻpni qumga sanchib, ustiga koʻylak tortib, nomigagina yasalgan soyabon ekan.

– Nu-ur, tunda sen meni tashlab ketganingga ishongandim. Shu sahroda oʻlib, jasadim quzgʻunlarga yem boʻlishini hatto, tasavvur ham qilgandim, Nur!

– Men qaytib keldim-ku, begim. Men eski, qaqrab yotgan quduqni topdim.

– Endi oʻlmaymizmi, Nur?

– Yoʻq, begim. Sizning oʻlishingizga yoʻl qoʻymayman.

Begim titroq qoʻllari bilan yigitning boʻyniga osilib oldi.

– Endi oʻlmaymiz-a? Quduqni topganing rostmi?

– Rost, begim. Bu yerdan uzoq emas.

Begimning holsiz tanasiga quvvat kirgandek boʻldi.

– Narsalarni yigʻ, oʻsha yoqqa boramiz.

Nurgeldi cheksiz sahroda yolgʻiz ikkalalari qolib ketganlaridan beri, begimning bunaqa buyruqlarini bajarishdan bosh tortib kelgan boʻlsa-da, bu safar indamadi. Mutelarcha narsalarni yigʻishtirib tugunni yelkasiga ortdi va tunda taqdir in’omi bilan topgan quduq sari yoʻl boshladi...

...Tunda begimning ingrashiga chidolmay zulmatdagi sahroning duch kelgan tomoniga oʻzini urgan Nurgeldining yagona maqsadi yuragini talka-tilka qilayotgan bu zaifgina umidsiz ingroqdan imkon boricha uzoqroq ketish edi. Taqdir har ikkalalarining peshonalariga shu dahshatli sahroda oʻlim topishni bitgan ekan, bir-birlarining qanday azobdan jon taslim qilishlarini koʻrmaganlari ma’qul.

Xayoliga kelgan fikr oʻziga ham ma’qul koʻrinib, begimdan imkon qadar uzoqroq ketishga intilar, to quvvati yetgunicha yuraverishga, qadam tashlashga holi qolmaganidan keyin toʻxtashni va oʻsha yerda soʻnggi soniyalarini kutishga ahd qildi. U qadamini sudrab bosarkan, ortidan allaqanday qadam tovushlari eshitilgandek boʻlardi. Nurgeldi toʻxtab quloq solsa tovush ham tinar, yursa yana eshitila boshlardi. Sillasi quriganidan, oʻzining qadam tovushini boshqa joydan eshitgandek tuyuldi. Oʻlim onlari yaqinlashgani sari shunaqa koʻziga allaqanday sharpalar koʻrinadigan, qulogʻiga gʻalati tovushlar keladigan boʻlib qoladi, deyishgani xayoliga keldi. Balki bu tovushlar uni izma-iz ta’qib qilayotgan ajal sharpasidir. Agar ajal uni ta’qib qilib kelayotgan boʻlsa, uni ham, oʻzini ham ovora qilib nima qiladi. Jonini olmoqchi boʻlsa shu yerda olaqolsin. Nurgeldi toʻxtadi. Qumga choʻkkalab oʻtirib oldi. Qani kel, bekinmachoq oʻynaguncha shu sabil jonini ola qol! Zora shu bilan orom topsa… Hatto nafas ham olmay, tiq etgan tovushni ham e’tibordan chetda qoldirmasdan oʻzining soʻnggi soniyalarini kuta boshladi.

Sahro jim-jit edi. Tim qorongʻu sahroda umrguzaronlik qilayotgan jonzotlar ham yigitning soʻnggi lahzalaridagi ulugʻvor sokinlikni buzishga jur’at qilmay joylarida haykaldek qotgandilar goʻyo. Shu tariqa asrlarga teng oʻn daqiqa oʻtdi. Yigit oʻlimga mahkum etilib, boshi kundaga qoʻyilgan, barchasiga koʻngan, muallaq turgan jallod oyboltasining pastga tushishini kutayotgan mahbusdek, boshini xam qilib, koʻzlarini yumgancha ajalini kutib oʻtirardi. Shunda nimadir unga yaqinlashayotganini his qildi. Sharpa bir necha qadam qolganda toʻxtadi. Ogʻir-ogʻir nafas olgancha gʻingshib qoʻydi.

– Boʻri! – xayoliga keldi uning.

Ajal shu yirtqich qiyofasida uning oldiga kelgan. Hozir xanjardek keskir tishlar boʻgʻziga qadaladi va bu sarhad bilmas azoblar nihoyasiga yetadi. Nurgeldi koʻzlarini yanada mahkam qisib, boshini quyiroq egdi. Lekin boʻgʻziga sanchilishi lozim boʻlgan tishdan hamon darak yoʻq. Goʻyo vaqt toʻxtab qolgandek, bu kutish soʻngsizdek, to mahshar qadar shundoq davom etadigandek edi. Soʻnggi lahzaning zalvoriga chidolmay yigit ingrab yubordi. Shu payt sharpa yana gʻingshidi. Uning qisqa-qisqa nafas olishi shundoqqina burnining tagidadek edi. Hatto issiq nafasining yuziga urilishini ham his qilib turardi. Yana to qiyomat qadar choʻzilgandek tuyulgan bir lahza oʻtdi. Nurgeldi endi ortiq bardoshi yetmay koʻzlarini ochib yubordi. Asta-sekin koʻz oldida tillarini osiltirib turgan itning yirik boshi namoyon boʻldi. Yigit beixtiyor uning boshini siladi. Shuni kutib turgandek it uning qoʻlini yalay boshladi. Uning hozirgina oʻlimning barcha azobiga tayyor boʻlib turgan koʻngli yumshab, diydasi eridi. Sahro tunining salobatli sukunatini buzib bor ovozi bilan yigʻlab yubordi.

Tong oqara boshladi. Gʻira-shira yorugʻda itning bir oyogʻi choʻloqligi, qovurgʻalari sanalib qolganidan boshi gavdasiga nisbatan kattaroq ekanligi koʻrinardi. It uning qoʻllarini yalagancha gʻingshir, yorishib kelayotgan ufqqa qarab ojiz vovullardi. Nurgeldi tunda ajal sharpasi boʻlib koʻringan itning najot farishtasi ekanligiga imon keltirib, oʻrnidan turdi. Shuni kutib turgan it boshini osiltirgancha oqsoqlanib yoʻrta ketdi.

Kun nayza boʻyi koʻtarilganida ular toshnovini qum biroz koʻmgan, tashlandiq quduqning roʻparasidan chiqib qoldilar. Nurgeldi danakdek toshni quduqqa tashlagandi, birozdan soʻng ojizgina shipillash eshitildi. Demak, quduq tubida ozgina boʻlsa ham suv bor! Quduqdan balchiqning qoʻlansa hidi anqir, biroq yigit bunga e’tibor beradigan darajada emasdi.

U tunda quyoshning chiqishini endi qaytib koʻrmasligiga ishonchi komil edi. Endi esa birdan yashagisi, judayam uzoq umr koʻrgisi kelib ketdi. Mayli, qolgan hayoti shu gʻazabkor sahro ichida ming mashaqqatlar orasida oʻtsin, biroq tiriklik deb atalgan ne’matdan bebahra qolmasa boʻldi. Sahroda chopib yurgan notavon kaltakesak singari quyosh chiqayotganini, giyohlar gullab, muattar boʻy taratayotganini koʻrsa, chanqagan pallasida bir piyola zilol suv ichganidagi rohatni tuysa, hammasidan ham oʻzining tirikligini his qilib yursa, bas.

Nurgeldi suv solishga yaroqli idish qidirib ancha ovora boʻldi. Qumga koʻmilib yotgan toshbaqaning kosasini topib olganida kun ancha koʻtarilib, sahroni qizdira boshlagan edi. Yigit shosha-pisha yoʻnilmagan tosh qalangan quduq devoriga tirmashib tubiga tushib oldi. Quduq sahro shamoli natijasida qumga koʻmilganidan tubi ancha sayoz, balchiq orasida toshbaqaning kosasi zoʻrgʻa botadigan suv bor edi. Nurgeldi sabrsizlik bilan shu qoʻlansa suvga labini bosdi. Biroz nafsi orom olgach, uni shu yerga boshlab kelgan it esiga tushib kosani toʻldirib suv oldi-da yuqoriga koʻtarildi. It suvni shaloplatib ichar ekan, ba’zi-ba’zida yigitga yaltoqlanib, dumini likillatib qoʻyardi. Nurgeldi ikkinchi bor quduqqa tushib kosani toʻldirib chiqdi va begim yotgan tomonga yoʻl oldi…

… Quduqning yoniga kun peshindan ogʻib, jazirama avjiga chiqqan palladagina yetib keldilar. Nurgeldining ahvoli ham begimnikidan avlo boʻlmasa hamki, u quduq tubiga yana bir marta tushib chiqishga majbur edi. Begim suvdan qonib ichib olgach, toshnov soyasida uyquga ketdi. Chanqoqlari qonganidan keyin bir necha kundan beri tuz totmaganlari eslariga tushdi. Nimadir qilib boʻlsa-da oshqozonni aldamasa boʻlmasdi.

Begimning issigʻi tushgan boʻlsa-da, holsizlanib qolgandi. Nurgeldi biron qushmi, jonzotmi uchrarmi, degan umidda oftob taftidan jizgʻanagi chiqib ketgan sahroning olis kunjaklarigacha sinchiklab razm solib oʻtirdi. Qarayverganidan koʻzlari tinib ketsa ham, harakatlangan biron bir qorani ilgʻay olmadi. Yana qalbini umidsizlik kemira boshladi. Begim har-har zamonda zaif tovush chiqarib, uxlab yotardi. Sahroning beshafqat quyoshidan nozik lablari poʻrsildoq bogʻlab yorilib ketgan, oriqlaganidan yonoq suyaklari boʻrtib, yuzlari dagʻallashgan boʻlsa-da uning koʻzlariga dunyoda undan goʻzalroq qiz yoʻqdek tuyuldi. Nahot ikkalalari ham shu yerda ochlikdan tirishib oʻlib ketsalar. Yigit beixtiyor qizning toʻzgʻib ketgan sochlarini silay boshladi. Keyin, nima qilayotganligini idrok qilib qoʻrqib ketdi va birdan qoʻlini tortib oldi.

It negadir bezovtalana boshladi. U ellik qadam naridagi qumtepa yoniga loʻkillab borar, yerni iskab-iskab qaza boshlar, keyin loʻkillab, boshlarini silkitgancha uning yoniga kelar, gʻingshiy-gʻingshiy yana ortiga qaytardi. Bu hol bir-ikki qaytarilganidan keyin Nurgeldi oʻrnidan turib u qazayotgan joyga bordi. It dumini likillatar, va oʻzi qazigan chuqurga qarab hurib qoʻyardi. Nurgeldi oʻsha qaroqchilar hujum qilgan tundan beri yonidan qoʻymay olib yurgan xanjarini qoʻynidan chiqarib chuqurni kavlay boshladi. Biroz ovora boʻlganidan keyin, xanjarning uchi qattiq narsaga tegib taqilladi. Nimadir bor edi. Yigitning vujudiga gʻayrat indi. Chuqurga qoʻlini tiqib yirik-yirik ikkita toshbaqani chiqarib oldi.

Nurgeldi toshbaqaning kosasi va likopi birlashgan joyiga xanjar tiqib ikkiga ajratdi. Yumshoq goʻshtini ajratib toshnov ustiga qoʻyib tuzladi. Qolgan qismi esa itga tegdi. Kechga yaqin begim uygʻonganda, yigit gulxan yoqib, kabob pishirib oʻtirardi. Ular mazali kabobni yeganlaridan keyin yana uyquga ketishdi…

…Ayoz chol negadir uni yaxshi koʻrardi. Qachon borsa chogʻroqqina ustaxonasida, yoshi nechadaligini bilib boʻlmaydigan, yuziga qarab turib bemalol qirqdan oshganligini chamalasa boʻladigan, ammo, oʻspirinlarnikidek ozgʻin va kichik jussasi va ingichkaga moyil ovozi mutlaqo basharasiga mos kelmaydigan shogirdi – Nusratga dam bostirib, laqqa choʻgʻ temirni bolgʻa bilan tekislayotgan boʻlardi. Uni koʻrishi bilan Ayoz cholning muttasil choʻgʻga qarayverganidan xiralashib qolgan koʻzlariga nur inar, Sandiqlining barxanlaridek qatma-qat boʻlib ketgan ajinlari yoyilib, oʻt taftidan koʻmirdek qorayib ketgan basharasiga jilmayishga monand tus kirardi.

– Kel, kelaver, Nurboy! Ishqilib, echkilarni bu safar toʻydirib keldingmi?

Sandon ustidagi qoraya boshlagan temirni qisqich bilan ushlagancha yana koʻkimtir alangalanib yonayotgan oʻtda kuyar ekan, qat-qat ajinlarini kir belbogʻiga artib, tumshugʻi singan choynakdan kattakon piyolasiga giyohlardan damlangan choy quyib hoʻplaydi. Bu giyohlarni echki boqishga chiqqanida Nurgeldi terib kelardi. Choydan hoʻplab-hoʻplab, bolani gapga tutadi.

– Hoʻsh, Nurboy, choʻlda nimani koʻrdilar? Bugun ham kunbotardan karvon oʻtmadimi?

– Yoʻq, buva, – deydi Nurgeldi, – shom kirguncha qaradim. Bittayam tuya koʻrinmadi. Buva, nega hadeb, kunbotardan keladigan karvonni soʻraysiz?

Ayoz chol indamaydi. Negadir yuzidagi jilmayish ifodasi yoʻqolib, oʻrnini adoqsiz gʻussa qoplab, nursiz koʻzlari choʻkib qoladi. Cholning kayfiyati buzilganini koʻrib Nusrat bolaga qoshlarini chimirib xoʻmrayadi. Nurgeldiga ham cholning gʻussasi koʻchgandek, chuqur xoʻrsinib qoʻyadi, yelkasini qunishtirib jim qotadi. Nusrat cholga qaramaslik uchun damning arqonini tez-tez torta boshlaydi. Chol shu turishida, choy qaynarlik fursat bir nuqtaga tikilib oʻtiradi. Keyin asta-sekin boshini koʻtaradi. Allaqanday iddao bilan laxcha choʻgʻ boʻlgan temirni atrofga uchqun sachratib bolgʻalay boshlaydi. Har zarbda bir xarsillagan cholning kalta mosh-guruch soqoliga ter toʻkiladi, choʻgʻlangan temir xanjar shakliga kirib boradi. Chol qoraya boshlagan temirni toshoxoʻrdagi suvga voshillatib tiqadi.

– Oʻtni oʻchir, – deydi Nusratga.

Chol kattaroq odam zoʻrgʻa suqilib kira oladigan, taxtalari hilvirab ketgan torgina eshikdan botayotgan quyoshga unsiz termulib turadi.

– Oʻsha tomondan keladigan karvonni ellik yildan beri kutaman. Unda Bibi Fotima kelar deyman... Oʻh-hoʻ, ellik yil... Oʻshanda u oʻn oltiga kirgan sanama rasta edi, – oʻzicha gʻuldiraydi chol. – Hisoblab koʻrsam, endi oltmish oltiga kirgan boʻlarkan. Hilviragan bir kampir boʻlib qolgandir... Yo omonatini Olloga topshirib qoʻya qoldimikin... Yoʻq, u hali oʻlmagandir. Men ham uning ilinjida oʻlib oʻlolmay, qolib qololmay yuribman-ku...

Chol yana eshikka termuladi. Endi quyosh botgan, osmonda uning qonli shafaq boʻlib izi qolgan edi. Koʻzlari bilan shafaq choʻkayotgan ufq tomonga imo qiladi.

– Mening yurtim oʻsha tomonlarda edi. Oʻzim yigirma beshga kirgan Siyovush kelbatli yigit edim. Otam qip-qizil temirni sandon ustiga qoʻyib turar men sandonni urardim. Har urganimda xuddi togʻni iylayotgandek atrofga uchqun sachratardim. Togʻamning qizi Bibi Fotima menga aytilgan edi. Shu qizning tirqishdan meni kuzatib oʻtirishini his qilgan sayin butun jismim oʻtga qoʻyilgan temir parchasidek qizib ketardi. Toʻyni kuzga belgilagandik. Qishlogʻimizdagi Mutallib degan eng katta boy otamga uchta omoch bilan, yigirmatadan cholgʻi-oʻroq buyurtma berdi. Bu anchadan beri mijoz kutib, bekorchilikdan pichoq charxlab oʻtirgan temirchi uchun haqiqiy omad qushining boshiga qoʻngani edi. Hali hech qaysi temirchi bunday katta ish olmagan, buning ustiga boy ham qizgʻanchiqlardan emas, shu ishni eplasak, bitta emas, ikkita toʻyni ham qiynalmasdan oʻtkazishimizdan tashqari qishlik u-bu narsani gʻamlab olishimiz mumkin edi. Bularning orasida otni taqalash, ketmon, belni tuzatish kabi mayda-chuydalar ham chiqib turar va u roʻzgʻorning kundalik xarajatlariga asqotardi. Boy saxiyligini koʻz-koʻz qilishni yaxshi koʻrardi. Shu fe’li sababmi, ishini tezroq bitirib bersak, ustamasiga bitta qoʻchqor berishini aytib, gʻayratimizga gʻayrat qoʻshib ketgandi. Otam ish koʻpligidan, togʻamning katta oʻgʻli, Bibi Fotimaning akasi Kabirni ham yordamga chaqirdi. Ishni yigirma kunlarda yakunlashni rejalashtirayotgandik. Oʻn beshinchi kuni falokat bosdi. Bir devor yon qoʻshnimiz boʻlgan togʻamning uyiga tunda bosqinchilar kirishgan, Kabirni oʻldirib, Bibi Fotimani oʻgʻirlab ketishibdi. Oʻsha kuni ish koʻp boʻlganidan, uyga kirishga ham madorim yetmay doʻkonda uxlab qolgandim. Otam bilan Kabir eshikni ustimdan qulflab uyga ketishgandi. Shuning uchun ham bu mudhish xabarni tongda eshitdim. Keyin otamning savdogar birodari Ali ogʻaning otini olib ular ketgan tomonni taxminlab ortidan tushdim.

Ayoz chol qumgʻonda sovub qolgan choyni sirqiratib cheti uchgan piyolaga toʻkadi. Qaqrab ketgan tomogʻini hoʻllab olgach, tishsiz ogʻzini chapillatib qoʻygancha yana eshikdan tashqariga termuladi. Endi ufqdagi shafaq ham soʻngan, qosh qorayib osmonda bitta-yarimta yulduzchalar miltirab qolgandi.

– Qishloqdan chiqib sahro tomonga ot qoʻyishim bilan men ham qoʻlga tushdim, – chuqur xoʻrsinib qoʻyadi chol. – Besh-oltita choʻgirma kiygan baquvvat otliq yigitlar oʻrab olishdi. Ular bilan solisha ketdim. Biroq bir zumda otdan agʻdarilib qoʻl oyogʻim bogʻlandi. Ularga otim kerak, deb oʻylagandim. Adashibman, ularga otim ham, oʻzim ham kerak ekanman. Mening temirchi usta, buning ustiga zabardast ekanligim uchun men otdan koʻra qimmatroq turarkanman. Buni Chorjoʻy bozorida shu Oqsoqolga yetmish tangaga pullanganimda bildim. Ot esa bor-yoʻgʻi oʻn tanggaga sotilgandi. Oʻshandan beri shu yerdaman. Oʻshanda Bibi Fotimani ham Hirotda bir boyga choʻrilikka sotib yuborishgandi. Shundan beri kunbotardan keladigan karvonga koʻz tikib yuribmanda, Nurboy.

– Bobo, men qayerdan kelib qolganman bu yerga? – soʻraydi Nurgeldi, cholning muttasil choʻgʻlangan temirga qarayverganidan xiralashib, yoshlanib turadigan boʻlib qolgan koʻzlariga termulgancha.

– Sen hech qayerdan kelmagansan, sen shu uyda tugʻilgansan.

– Qanday qilib, – tushunmaydi bolakay, cholga koʻzlarini katta-katta ochib qararkan.

– Hamma qanday tugʻilgan boʻlsa, sen ham shunday tugʻilgansan.

Nurgeldi tushunmaydi. Agar u shu yerda tugʻilgan boʻlsa, unda ota-onasi qani? Shuni Ayoz choldan soʻraydi.

– Onang oʻlgan, bolam, – deydi chol.

– Otam-chi? – boʻsh kelmaydi Nurgeldi ham.

– Otang... Otangni bilmayman!

Cholning aldayotganini koʻzlariga qarab sezgan bola, baribir qistayverishini sezgan chol, oʻrnidan turib, gap tamom deganday etagini qoqadi. Nurgeldi istamaygina oʻrnidan turadi. Oqsoqolning yetimlari turadigan bir xona va dahlizdan iborat uychaga qarab yoʻl oladi...

...Ular shunday uch kun uxlashdi. Toshnov soyasi salqin edi. Buning ustiga Nurgeldi yonlaridagi teri va boshqa latta-puttalarni soyabon qilib ikki kishi zoʻrgʻa sigʻadigan pana joy yasab qoʻygandi. Jilva shu uch kun ichida ancha quvvatga kirib qolgan, tongda va oqshomgi salqinda quduqni qazayotgan yigitga qumni chiqarib tashlashga koʻmaklashardi. Quduq tubidan balchiq aralash qumdan tozalaganlaridan soʻng suv ancha tiniqlashib, qoʻlansa hid ham yoʻqoldi. Negadir ikkalalarining ham ketgilari kelmas, goʻyo barxan ortida sahroning ajdahosi ularning quduqdan uzoqlashishlarini kutib poylab turgandek, undan ozroq chetlashsalar, otash nafasi bilan kuydirib kabob qiladigandek, toshnovdan jilgilari kelmasdi.

Nurgeldi quduq atrofida bir paytlar choʻponlar suruvni sugʻoradigan obxona boʻlgan, keyinchalik qarovsizlikdan nurab, sahro boʻronlaridan duv toʻkilib tushgan xarsangtoshlarni toʻplab, ularni devor qilib tera boshladi. Ikki kunlik urinishdan keyin, koʻtarilgan tosh devorning ustiga shox-shabbadan tom yasadi. Endi har qanday issigʻu boʻronga bardoshli kulbacha bunyod boʻlgandi. Bundan ular shunchalik quvonib ketgandilarki, bunday baxtiyorlikni hatto yangi qasrga koʻchgan amir ham tuymagan boʻlsa kerak. Jilva uchib-qoʻnib allaqanday bekalarga xos sarishtalik bilan poʻstakni toʻshab, chang-chunglarni supurib chiqdi. Keyin, Nurgeldi xom teridan tiqib, choklarini toshbaqaning charvisi bilan moylab chiqib, suv oʻtmaydigan qilgan chogʻroq qovgʻada quduqdan suv tortib atrofga shakarob qilib suv sepgach, shamol toʻzgʻab oʻynayotgan qumning xuruji bosilib, kulbaga salqin havo ufurgandek boʻldi. Bundan yigitning ham koʻngli koʻtarilib, nimadir qilgisi kela boshladi. Oʻylab koʻrib, tugunlarni ildirgancha yelkalab yuradigan ikki qulochlik yulgʻun tayoqni bukib terini tilib eshgan pishiq arqon tortgancha oʻq-yoy yasadi. Qidira-qidira topgan qurib qolgan yulgʻunning mayda shoxlaridan oʻntacha oʻq kesib oldi. Nishini nimadan yasashga koʻp bosh qotirsa-da, tuzukroq yechim topa olmadi. Shunda unga beka yordamga keldi. Nariroqda sochilib yotgan, biron echkiningmi, yo jayronningmi, chamasi boʻrilar xomtalash qilgan, keyin sahro oftobida tarasha boʻlib qotib ketgan ustixonlarini keltirib berdi. Nurgeldi xanjari bilan ularni kesib, toshga ishqalab oʻtkirlashtirdi. Natijada duppa-durust paykonga ega boʻldi. Endi ovga chiqsa boʻlardi. Nurgeldi oʻnta paykoni bor oʻq-yoy va xanjar bilan qurollanib, itni ergashtirgancha ertalab ovga ketdi va kechqurun ham, ertalab ham, shom qoʻnganda ham qaytmadi...

...Jilva begim toshnovning ustiga chiqib ketgan tomondan koʻzini uzmay kutib oʻtiraverdi. Tongga yaqin, koʻzi ilinib uxlab qolgan ekan, tushiga otasi kiribdi. Oqsoqolning engagidagi soqoli silkinar, koʻzidan gʻalati oʻt chiqar, jon-jahdi bilan Nurgeldini qamchilardi. Bu tush shunchalik qisqa, koʻz ilgʻamas lahzalarda bir koʻrindiyu oʻchdi. U qachon koʻzi yumilib, qachon ochilganini ham his qilishga ulgurmay qoldi. Biroq otasining yuz ifodasi xotirasiga shirachlab yopishtirilgandek, koʻz oldidan ketmay turaverdi.

...Nahot endi Nur qaytib kelmasa... U shu mudhish sahroda yolgʻiz qolib ketadi va oxir-oqibat paykon qilib yasalgan ustixonlardek suyaklari qumlar orasida sochilib yotadi. Qachondir, yana oʻzidek baxtiqaro kimsalar undan paykon yasashadi. Tarang tortilgan yoydan uchib chiqadi. Uchaveradi, uchaveradi. Shunda oʻzi bilan yonma-yon uchayotgan qushga koʻzi tushadi. Qanotlari ulkan, tirnoqlari chang solishga tayyor, qayrilgan va uchli. Tumshugʻi burgutnikidek, boshi kal – bittayam pat yoʻq. Bu kalxatga oʻxshaydi, biroq tez uchadi. Ulkan qanotlarini silkitib uni ushlamoqchi boʻladi, biroq eplolmaydi. Birdan qanotlarini qoʻltigʻiga qisgancha pastga qulaydi. U ham qush bilan birgalikda pastlayotganini, yer dahshatli tezlikda yaqinlashib kelayotganini koʻrib qoʻrqqanidan qichqirib yuboradi.

Shunda koʻz oldidagi xira qoramtir dogʻlar tiniqlashib kimsasiz va qizgʻish-mallarang kenglikka – sahroga aylandi. U koʻzlarini ochgancha tush koʻrayotganini his qilib qoʻrqib ketdi. Atrofda qimirlagan qora koʻrinmaydi. Hatto qilt etgan shabada ham yoʻq. Uning nazarida otasining uyidan chiqqanidan soʻng oʻtgan balki uch oy, balki uch yil orasida dunyo shunchalik oʻzgarib ketgan va yer yuzidan inson zoti supurib tashlanganu hammayoq qip-qizil sahroga aylangan. Yana ming yil uloqib yursa ham shu koʻchmanchi qumlar uyuridan boshqa hech narsani koʻra olmasligiga ishonch hosil qila boshladi. Uning yonida togʻdek tayanch boʻlib turgan Nurning ham qaytib kelishiga umid qilmay qoʻydi. Goʻyo uning oldingi hayoti xotirasida elas-elas qolgan tushdek, undagi Beshim oqsoqol ham, onasi ham, Nur ham, Mengli ham, va yana saroyida malikalik orzusida yoʻlga tushgan Amir ham sarobdan paydo boʻlgan shakllardek bir paydo boʻlib, tuman yangligʻ tarqab ketgan roʻyo edi xolos. Hatto oʻzining ham bu yerda bor ekanligiga shubha uygʻondi. Uni borliq emas, yoʻqlik oʻrab turgandi. Bu yoʻqlikning koʻz ilgʻamas kengligida faqatgina U bor. U borliqni yoʻqlikka, yoʻqlikni esa borliqqa aylantira oladi. Qolgan hammasi bekor. Qolgan hammasi qoraxayoldek, sahrodagi sarobdek bir narsa. Koʻzga koʻrinadi, biroq ushlab boʻlmaydi. Balki, mutlaqo koʻrinmas, xuddi koʻrinayotgandek tuyular...

...Asta-sekin qosh qoraya boshladi. Sahro qumtepalarining qizgʻish boʻyogʻi quyuqlashib, boʻgʻiz qoni singari qoraya boshladi va oxir oqibat butkul zulmatga burkanib oldi. Jilva begim hamon toshnov ustida choʻnqayib oʻtirgancha zulmatga tikilib turardi. Qayerdadir ilonmi yo kaltakesakmi qumni shuvillatib oʻtib ketdi. Yana qayerdadir shoqol uvladi. Hozir biron yirtqich unga tashlanib qolsa, indamay turavergan boʻlarmidi. Baxtiga, sahrodek baxtsiz, sahrodek yolgʻiz qizga sahroning ham ishi boʻlmadi. Goʻyo borliq uning oʻzi bilan oʻzi yolgʻiz qolishini istayotgandek edi...

… Qish chillasi edi. Bir kuni oqsoqolning xizmatkorlari va qullari turadigan orqa hovliga bir kampir kirib keldi. Nurgeldi kampirning uvada egnidan ham koʻra koʻzlariga qarab uning esi joyida emasligiga amin boʻldi. Uning qorachiqlari kengayib ketgan koʻzlaridan biron narsani uqib olishning iloji yoʻq edi. Shunda kampir bosqonning sandonga urilgan tovushlari uchib chiqayotgan Ayoz cholning ustaxonasiga yura boshladi. Cholning unga koʻzi tushgach, bir zum angrayib qoldi. Qoʻllariga qaltiroq inib qisqichni tushirib yubordi. Kampir esa unga baqraygancha qotib turardi. Keyin esa ma’nisiz koʻzlari nurlana boshladi. Devonalarga xos oʻlik yuzi jonlandi.

– A-ayoz!

Chol ham oʻrnidan turishga majoli qolmay xarrakday shalvirab turardi.

– Bi-bi…

Qolganiga cholning kuchi yetmadi. Sekin tanasi qiyshayib boshi osilib qoldi. Nusrat nima yuz berganini anglab, cholning yoniga yetib borgunicha, bechora omonatini topshirib boʻlgan edi. Uning ochiq koʻzlarida shu paytga qadar Nurgeldi koʻrmagan allaqanday nur jilvalanardi. Birozdan keyin oʻlimning xira pardasi uning yuzini qoplab olganidan keyin, bu nur ham soʻndi. Biroq baxtiyorlikning sarmast ifodasi qotib qolgan cholning chehrasi yigitning onggiga yopishib qoldi.

Hamma Ayoz chol bilan boʻlib devona kampirni unutib yuborgan ekan. Kampir ham qanday daf’atan paydo boʻlgan boʻlsa shunday toʻsatdan gʻoyib boʻlgandi. Oradan bir necha soat oʻtib, xizmatkorlardan biri gap topib keldi. Hovli devorining shundoqqina kungay tomonida bir juldur kiyingan kampir, sovuqda qotib qolibdi.

– Tushunmadim, – derdi jikkak xizmatkor, – oʻzi qotib qolganu, ammo, xuddi kulib turgandek tuyuladi. U yoshligidagi allanimani eslab iljayib turganida joni uzilgan boʻlsa kerak.

Beshim oqsoqol odamgarchilik qildi. Daydi kampirni ham Ayoz cholning yoniga dafn etishga ruxsat berdi…

...Nurgeldi quyosh tikkaga kelib, sahroni mumdek eritib yuborar darajaga olib kelganida, olisda harakatlanayotgan qora nuqtalarga koʻzi tushdi. Nuqtalar muttasil kattalashib kelayotganlaridan, oʻzi tomonga chopib kelayotgan qandaydir jonivorlar toʻdasi tusmol qildi. Ular yaqinlashib qolganida esa suv qidirib chopib yurgan oʻttiztacha jayronni aniq koʻrdi. Darrov issiqni ham, charchoqni ham unutib oʻq yoyni qoʻliga oldi va ularning maqbul masofaga kelishini poylab turdi. Yuragida ovchilarga xos ehtiros uygʻondi. Nafas olishni ham unutib, paykonning uchi yoyning choʻpiga tiralgunicha tortdi va eng birinchi kiyik bilan oʻrtasidagi masofa oʻn besh qadamcha qolganda qoʻyib yubordi. Paykon jonivorning boʻyniga sanchildi. Jayron bir munkidi, biroq birdan oʻnglanib yoʻnalishni oʻzgartirgancha chopa boshladi. Nurgeldining ikkinchi paykoni uning sepkil toshgan yuzdek xol-xol nuqtali soniga ikki enlikcha botib, sanchilgancha turib qoldi. U uchinchi oʻqni ham uzishga ulgurmadi. Toʻda burilib, oʻng tomondagi ulkan qumtepa orqasiga oʻtgancha koʻzdan gʻoyib boʻldi. Faqatgina shamolsiz havoda ular tuyoqlaridan koʻtarilgan chang muallaq qotib qoldi. It halloslagancha ularning ortidan chopdi. Nurgeldi ham qumtepa ortiga oʻtganida toʻda anchagina olislab ketgan, ular bir qatorga tizilib olganlaridan boʻlsa kerak, bir tutamgina, arqondek ingichka chang chuvalib ular ketgan tomonni koʻrsatib turardi. Nurgeldi yaralangan jayronning qayerdadir qonsirab yiqilishiga umid qilib, changning izidan yoʻlga tushdi. Birozdan soʻng esa tillari osilib, choʻzilgancha qisqa-qisqa nafas olib, kutib turgan itga yoʻliqdi.

Tili qaqrab ketgan boʻlsa-da, beliga osib olgan meshdan suv ichishni istamadi. U borsa gumon yoʻlga tushgandi. Bu yoʻl qancha davom etishini: bir soatmi, yo bir necha kunmi, bilmas, shuning uchun ham suvni ehtiyot qilishga qaror qilgandi. Qosh qoraya boshlaganda goʻyo qirmizrang dengizning ulkan toʻlqinidek yastanib olgan koʻchma qumtepaga duch keldi. U kiyikdan umidini uzib boʻlayozgan edi. Hatto yantoq-da oʻsmagan mayin qum yengilroq shabadada ham koʻchib allaqachon toʻdaning izini koʻmib yuborayotgan, oqshom chogʻi havo biroz salqinlashib, shabnam hidi dimoqqa urilayotgan mahalda, muallaq turgan chang ogʻirlashib, asta sekinlik bilan yerga chiqayotganligidan, u toʻdaning izini yoʻqotishiga shubhalanmay qoʻydi. Tunni barxanning ustida oʻtkazishga ahd qilib, qumni pastga shovullatib surgancha tepaga oʻrmalay boshladi. It ham tillarini osiltirib unga ergashdi. Tepaga chiqib olganidan keyin atrofga umidsiz nigoh tashladi va birdan koʻngli yashnab ketdi: toʻda shundoqqina barxanning pastidagi siyrakkina xazorispand oʻsgan yalanglikda gʻuj boʻlib yotardi. It tashlanishga harakat qildi, biroq Nurgeldi boʻynidan bosib, siljitmadi. Hozir ular hurkitilsa bepoyon sahro boʻylab olislab ketib qolishi va izini butunlay yoʻqotishi mumkin. Jayron tunni shundoqqina yonida oʻtkazgani yaxshi.

U meshdan bir hovuch suv olib qaqragan va changdan loyqa tiqilib qolgan ogʻzini chaydi. Yana bir hovuchni esa itning ogʻziga tutdi. It tillarini chapillatib ichdi. Suv qurigach esa uning yuqi qolgan hoʻl kaftini yalay boshladi. Nurgeldi itga rahmi kelsa-da boshqa suv tutmadi. Quyosh botib, atrof zimistonga chulgʻonar ekan, jonga yoqar salqin shabada uygʻonib, qovjiragan sahroni rohatijon yelpugʻichida yelpib sovutayotgandek edi. Sahroni yoqimli salqin havo qamrab oldi. Bu hol qanchadir davom etib, sahro qanday isigan boʻlsa shunday tezlikda soviy boshladi. Tanasi junjika boshlagach esa hali taftini yoʻqotib ulgurmagan mayin qumga koʻmilib yotdi. Algʻov-dalgʻov oʻtgan kun uni ancha toliqtirib qoʻyganidan darrov koʻzlari yumildi.

Itning gʻingshib akillashidan uygʻonib ketganida u qayerda yotganini birdaniga anglay olmadi. Osmonga termulib, yetti yulduz dastasi kunbotarga qarab anchagina ogʻganini koʻrib tongga yaqin qolganini his qildi va shundan soʻnggina jayron ortidan tushib, qumtepa ustida yotgani xotirasiga keldi.

It hamon irillar, ilojsiz gʻingshir, pastda esa dupir-dupir va allaqanday yirtqich, chamasi shoqol boʻlsa kerak, gʻalati uvlab qoʻyardi. Nurgeldi sakrab oʻrnidan turdi va quyuq koʻkimtir tus olayotgan osmonning ta’siridanmi, gʻira-shira yorishayotgan sahroni tiniqroq ilgʻay boshlaganida, gʻalati manzarani koʻrdi. Toʻda uch yuz qadamcha nariga borgan va barchasi gʻuj boʻlib barxan tomonga qarab turishardi. Kecha kiyiklar yotgan xazorispandzorda esa bir nechta shoqol yarador kiyikni halqa qilib oʻrab olishgan, tashlanishga yuraklari betlamas, biroq uni qoʻyib yuborishga ham koʻzlari qiymay turishardi. Nurgeldi oʻrnidan turib barxandan pastga sudralib tusha boshadi. Undan oldin pastga qum shuvillab toʻkilganidan hushyor tortgan shoqollar irillagancha arra tishlarini taqillatib oʻdagʻaylasalar-da, lekin zich halqani buzib, naqd oʻlja boʻlib turgan yarador kiyikni qochirib yuborishni ham istashmasdi. It yonida Nurgeldi turganidan sherlanibmi, qattiq vovulgancha shoqollarning toʻdaboshisiga tashlandi va koʻkragi bilan bosib tushdi. Shu payt toʻdaning zich halqasi tarqab, jayron sheriklari tomonga katta sakradi, ammo yarador, hamon suyak nishli paykon sanchilib turgan oʻng oyogʻi pand berib avval munkidi, keyin koʻp qon yoʻqotib holsizlanib qolganidan, oʻzini oʻnglab ololmay agʻanab tushdi. Qulay fursatni kutib turgan shoqollar, itning ostida qolib piypalanayotgan sheriklarining zorlanib ingraganiga e’tibor ham bermay kiyikka tashlandilar. Nurgeldi qoʻliga xanjarini oldi.

– Yoʻqollaring bu yerdan! Bu mening oʻljam!

Uning hayqirigʻiga och yirtqichlar vahshiyona irillash bilan javob qaytarib, kiyikning boʻgʻziga tish botirishga urinishlarini bamaylixotir davom ettiraverdilar. Nurgeldi sal paysalga solsa kiyikdan faqatgina ustixon qolishini tushunib, oqarib kelayotgan tong nurlarida tikkaygan yoli qizgʻish tovlanayotgan jondorlarning duch kelganining biqiniga xanjar urdi. Sugʻurib olib, ikkinchisining boʻgʻzini tilib yubordi. Uchinchisi esa lip etib unga chap berdi va boldiriga ogʻiz soldi. Iskanadek qisib olgan jagʻdan boldirini boʻshatish uchun egilgan yigitning ustiga toʻrtinchi shoqol sakrab chiqib boʻyin aralash yelkasiga tish botirdi. Sal boʻsh kelsa yirqichlar uni bir zumda xomtalash qilib tashlashini koʻz oldiga keltirgach, bor kuchini yigʻib bir silkindi va yelkasini tishdan xalos qilarkan, yiqilayotgan shoqolning kuragiga xanjar sanchishga muvaffaq boʻldi. Oyogʻini silkitgancha shoqolni uchirib yuborishga urinarkan, beshinchi jussasi kichikroq yirtqich allaqachon oʻljaning boʻgʻziga tishini botirganini koʻrdi. Bechora jayron oyoq qoqib, jon talvasasida xirillardi. Nurgeldi ming bir azobda oyogʻini tirik qopqondan ajratib oldi. Jagʻini ochishni istamagan shoqolning jagʻida boldiridan uzilgan bir tishlam goʻsht ham qoldi. Tishini-tishiga bosib jayronni saranjomlashga urinib yotgan yirtqichga qarab ikki qadam tashlaganida yolgʻizlanib qolgan shoqol endi oʻljadan butkul umidini uzib, istar-istamay oʻzini chetga oldi. Hamon jon talvasasida xirillab yotgan bechora jonivorning boʻgziga xanjar tortib, azobini yengillashtirgan yigit holsizlanib oʻtirib qoldi. Jarohatlangan boldiridan tomiri uzilgan shekilli, sharillab qon oqar, negadir koʻngli aynib koʻz oldida sahro chir aylana boshlagan edi.

Shunda koʻzlarining oldida toshnovga choʻnqayib oʻtirib olgancha ma’nosiz koʻzlarini olis-olislarga qadab oʻtirgan Jilva begimning qiyofasi namoyon boʻldi. Qizning boshini osiltirib, yelkasini qunishtirgancha qilt etmay turishi negadir oʻljasining oʻlimini poylab oʻtirgan ulkan kalxatga oʻxshardi.

Shunday oʻtiraverish uni muqarrar oʻlimga boshlashi aniq edi. Harakat qilish kerak. Buning uchun esa oldin oqayotgan qonni toʻxtatish lozim.

Nurgeldi bir hovuch toza qum olib jarohatiga bosdi. Qum bir zumda shafaqrang loyga aylandi, biroq qonning yoʻlini toʻsdi. Qon oqishi toʻxtagach, yigitning bosh aylanishi ham sekinlashdi.

Taka jayron ikki pudcha tosh bosardi. Uni koʻtarib ketishning oʻzi boʻlmasdi. Nurgeldi qornini yorib ichak-chavoqlarini chiqarib itga berdi. Jigaridan bir boʻlak kesib olib ogʻziga tashladi. Bu orada it ham oʻziga tekkan nasibani paqqos tushirib boʻldi. Xom jigar Nurgeldiga kuch bagʻishladi. Yengillashib qolgan jayronni yelkalab, oqsagancha yoʻlga tushdi. Biroz yurganidan keyin anchadan beri bunday ziyofatga yuzi tushmagan, omadi kelib qolganidan, toʻyib, anchagina ogʻirlashib qolgan it biroz erinib boʻlsa-da, oldinda yoʻl boshlab keta boshladi. Tushgacha yoʻl yurganlaridan keyin, dam olishga oʻtirdi. Jayronning biroz qayrilgan, uchi oʻtkir xanjarsimon shoxli chiroyli boshi bilan ingichka, paydor oyoqlarini kesib tashlashga majbur boʻldi. Oʻlja birozgina yengillashdi. Biroz oʻtib, jayronning faqatgina ikki sonini qoldirib qolgan joylarini ham tashlashga majbur boʻldi. Oftob tigʻida, buning ustiga yarador oyoq va yelkada shuncha yuk bilan yoʻl bosishning oʻzi boʻlmasdi.

Qosh qoraya boshladi hamki, hamon toshquduqqa yetib kelishning iloji boʻlmas, yigit butun inon-ixtiyorni itga qoʻygancha hud-behud uning ortidan sudralardi. Meshdagi suv allaqachon tugagan, tomogʻi qurib ketganidan hatto tili ham aylanmasdi. Butun tunni oyoqda oʻtkazgan yigit tong oqara boshlaganida itning shodon xurgancha chopqillab qolganidan hushyor tortdi. Olisda bir necha kun oldin oʻzi qurgan kulbacha qorayib koʻzga tashlanib qolgandi. Uning vujudiga qayerdandir kuch inib, qadami tezlashdi...

...Sen kelmasliging kerak edi, Nur. Sening qaytishingdan umidimni uzib boʻlgandim. Nazarimda sening qaytmaganing ham ma’qul ekanligiga oʻzimni ishontirib boʻlgan edim. Koʻngilda umid va ilinj tugaganida oʻlim soʻnggi bir ilinjga aylanarkan. Shunda barcha azoblardan qutqarib, osoyishtalikni keltirguvchi Xaloskorni kutayotgan lahzalarda sen bir qop umid va ilinjni yetaklab qaytib kelding. Endi oʻlim, xalos qilguvchi osoyishtalik baxsh etguvchi emas, balki, barcha narsalardan mosuvo etguvchi qaroqchidek tuyulyapti. Endi oʻlgim kelmayapti. Endi oʻlishning oʻzi boʻlmaydi, Nur...

...Nurgeldining ahvoli ogʻirlashib borardi. Shoqol bir tikkasini uzib olgan boldiri yiring bogʻlab shishib ketdi. Keyin esa isitmasi koʻtarilib tuni bilan alahlab chiqdi. Tongga yaqin koʻzi ilingachgina Jilvaning koʻngli biroz tinchigandi, biroq bu osoyishtalik ham uzoqqa choʻzilmadi. Tong oqara boshlaganida yigit sovuqdan tishlari takillab, eti junjika boshladi. Beka oʻsha kuniyoq u yelkalab kelgan kiyikning etini maydalab tosh ustida qovurib olgan va sahroyilarning odaticha teriga oʻrab, qumga koʻmib qoʻygandi. Oʻshani olib yogʻini ajratdi va Nurgeldining tanasiga surtib uqalay boshladi. Buni beka onasidan oʻrgangan edi. U Beshim oqsoqolning issigʻi chiqqanida yelkasiga qoʻy yogʻi surtib uqalar va shu bilan oqsoqol tuzalib ketardi. Darhaqiqat, uning harakati bejiz ketmay, Nurgeldi biroz tinchidi. Qiz uning ustiga kiyik terisini tashlab oʻzi kulbadan tashqari chiqdi. Bir paytlar buvisi – koʻpni koʻrgan kampir, xazorispandning qaynatmasi, yara-chaqani tuzatadi degani esiga tushgandi U toshquduq atrofida siyrak oʻsgan xazorispandning garmseldan qovjirab qolgan shoxlarini yulib keldi. Xas-xashak va unda-bunda uchrab turadigan shox-shabbadan olov yoqdi. Tosh quduq atrofidagi toshlar orasidan topib olgan, cheti uchgan sopol kosani suvga toʻldirib ichiga xazorispandni tashlab gulxanga qoʻydi. Suv qaynab, qoramtir tusga kirdi. Jilva gulxanni oʻchirib qaynatmani sovutdi. Keyin extiyotkorlik bilan patos boylagan yarani yuva boshladi. Kuniga bir necha marta shu ishni takrorlagach, tadbiri em bera boshlagani sezildi. Yara quriy boshladi...

...Men sizni tanimay qoldim, begim. Men oʻlayotgan edim. Jahannam ogʻzidan tortib oldingiz. Men otamni koʻrdim. U qoʻlida qonli xanjar bilan kimningdir boshini kesib olayotgan edi. Uning xanjar tutgan qoʻli to tirsagigacha qonga botgan ekan. Nega otam uning boshini kesyapti, tushunmadim. Lekin xanjarni tanidim. U mening xanjarim edi. Otam nega bu kishiga qasd qilgan? Hamon koʻz oldimda turibdi. U jayronga tashlangan shoqoldek, koʻzlaridan sovuq alanga sachratib, qora soqolli bir kimsani choʻkkalatdi. Keyin uning boshini tizzalari orasiga qisib, dikkaygan soqolidan torta-torta boshini tepaga qaratdi va oʻynab turgan kekirdagiga xanjar tortdi. Hammasini oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Begim, men otamni hech qachon koʻrgan emasman. Men uni hatto tasavvur ham qila olmasdim. Lekin oʻsha bosh kesayotgan jallodnusxa kishining otam ekanligini bildim. Qizigʻi hech kim menga ana shu kimsa otang boʻladi deb ham aytgani yoʻq. Men maqtulning kesilgan joyidan likillab turgan kekirdagini, oppoq tomirlaridan soʻnggi qoni tomchilashini, jon tark etayotgan tanasining ahyon-ahyon dirkillab turishini ham koʻrdim. Boshidan judo boʻlib, shalvirab qolgan jasadning eti pir-pir uchayotgani, tupchadek dum-dumaloq kallani qonga belangan soqolidan ushlab koʻtarib turgan otamning koʻzlaridagi mastona tantanani ham koʻrdim.

Atrof tumonat odam edi. Ularning yarmi mahqum, yarmi esa jallod ekanligini bildim. Men ham oʻsha toʻdada edim. Lekin ularning qaysi firqasiga kirishimni bilmadim. Men maqtulmidim yoxud qotil, shuni bilmadim, begim. Siz buni anglashimni istamadingizmi, mening ham qoʻllarim qonga bulgʻanmasligini istadingizmi...

...Nurgeldi bir oyda oʻrnidan turdi. Qovurilgan kiyik goʻshti ham bir oyda tugadi. Sahro ham gʻazabini shu bir oyda sarflab boʻldimi, endi oftob oldingidek jizgʻanak qilgʻulik otashini purkamas, oqshomlari salqin tushib etni junjiktirar darajaga olib kelar, kunlar kisqarib borayotgandi. Mezon kirib kelayotganini bildirib, havoda oʻrgimchak toʻrlari suzib qolgandi. Ular nima qilishni bilishmas, toʻgʻrirogʻi ertaning tashvishini qilishni, oʻylashni istashmasdi. Qorinlari toʻygudek oʻlja topilsa baxtiyor, boʻlmasa chalaqursoq boʻlsalar ham indamay kiyik terisiga oʻralib yotishar, tong otgachgina yana bir oʻzlari uchun mavhum kunning boshlanishini allaqanday gʻalati xursandchilik bilan kutib olishardi. Kunlar kun-kundan sovuy boshlagan, shuning uchun kulbaning ichida gulxan yoqishga majbur boʻlishayotgandi. Qilichini qayrab qish kelayotganini his qilishar, bu omonat kulba qahratondan oʻzlarini saqlab qololmasligini ham bilishar, biroq ikkovlari ketish haqida soʻz ochishmas, gaplashganlarida ham shu mavzuni chetlab oʻtishardi.

Negadir Nurgeldi ozodlikka chiqish haqida oʻy surishga ham qoʻrqardi. Jilvaning amir saroyida malika boʻlish orzusi unutilgandi. Yana qiz oʻzining begoyim ekanligini, yigit esa bechora qul ekanligini ham unutgandilar. Ular guyo qirq yildan beri bir yostiqqa bosh qoʻyib kelayotgan er-xotindek, bir-birlarini koʻz qarashidan tushunadigan boʻlib qolgan edilar. Nurgeldi ertalabdanoq turib, oʻq-yoyini yelkasiga ilgancha ovga chiqib ketar, omadi kelsa, biron ilvasin koʻtarib kelar, beka esa kulbani supurib-sidirar, quduqdan suv tortar, gulxan uchun shox-shabba terib kelar, agar yigit ovdan oʻljador boʻlib qaytsa, kuydirib-pishirish harakatini qilardi. Ularning bir oila boʻlishlariga yetishmagan bitta narsa, u ham boʻlsa tunlari ayri yotishlari edi. Yigit kunduzlari yolgʻiz qolganida faqat shuni oʻylar, bu tun albatta maqsadini amalga oshirishga ahd qilar, biroq koʻzi bekaning koʻziga tushishi bilan kunduzgi botirligidan asar ham qolmas, birdan sovub, shalvirab qolar, haqida kunduzi oʻylaganlaridan uyalib ketardi. Jilva ham kunduz kunlari kulbada yolgʻiz qolganida toshnovning ustiga chiqib olib, Nurgeldining kelishini kutar ekan, uning keng quchogʻida toʻlgʻonayotganini tasavvur qilib, hayajonga tushib terga botardi.

Shunday kunlarning birida ularning tor kulbasiga isqirt bir chol kirib keldi. U bir koʻzi gʻilay, qosh va kipriklari kuya tushgan poʻstakdek ilvirab qolgan, burni yapasqiligidan nafas olganda ingichka, hushtakmonand tovush chiqarar, ich-ichiga botib ketgan chakkalari yonoq suyaklarini yanada boʻrtiqroq koʻrsatar, echkinidek engagida bitgan soqoli siyrak, boshiga qoʻndirgan kulohi bilan ustiga tashlagan jandasi kirlikdan yaltirab ketgan, oyogʻidagi xom teridan uquvsizlarcha tikilgan choriqni ola-chipor jun arqon bilan oʻrab bogʻlagan, kishining koʻzi ilkis tushgudek boʻlsa, saksovul kundasiga chipor ilon chirmashib turgandek sovuq taassurot uygʻotar edi.

Quyosh botgan boʻlsa-da, atrof qorongʻulashib ulgurmagan, ufqda paydo boʻlgan yakkayu yagona bulut parchasi qip-qizil shafaqqa aylangan, kun botayotgan tomondan esayotgan sovuq shamol etni junjiktirib, sahrodagi gʻarib qumtepalarni yanada qoraytira boshlagan, allaqanday oʻksik oʻylar yurakni ezgʻilab, gʻijimlab yuboradigan zavol pallasida osmondan tushgan yoxud qumdan bosh koʻtargan ilondek qoʻqqisdan paydo boʻldi bu chol. Anchadan beri oʻzlaridan boshqa kimsaga koʻzlari tushmagan, oʻzlaridan boshqa hamsuhbat topmagan boʻlsalar-da, bu kimsaning murdor qiyofasi har ikkalalariga ham mutlaqo oʻtirishmadi. Biroq uni kulbaga taklif qilishga bu holat negadir monelik qilmadi.

– Men bir qalandar, Olloning sargardon bandasidurman. Hargiz, injimangiz. Menga bir qultum suv, bir tishlam yemak boʻlsa bas. Kulbangizning bir chetida tong otdirsam, tongda yoʻlga chiqajakman.

Uning qiyofasi qanchalar dahshatli boʻlmasin, yakka-yarim qolgan sargʻish-qoramtir tishli oʻradek keng ogʻzidan chiqayotgan soʻzlari shunchalik mayin va xushyoqar ediki, ular birdan cholning tinimsiz soʻzlashini istab qoldilar.

Nurgeldi gulxan yoqdi. Kulba birdan yorishib, tanalariga yoqimli iliqlik yugurdi. Jilva cholning ostiga poʻstak tashladi. Keyin yakkayu-yagona bisotlari boʻlgan cheti uchgan sopol kosani suvga toʻldirib, ichiga uch boʻlak quritilgan goʻshtni tashlagach, gulxanga qoʻydi.

– Bu ojizaning kangluni nechun ozorlamoqdasiz, boʻtam? – dedi chol Jilva tashqariga chiqqanida Nurgeldiga yagona koʻzini kattaroq ochib qararkan.

– Bilmadim. Jilvaning koʻnglini olish mening ilkimdan kelmaydurgʻon ish koʻrinadir. – Yigit ogʻir soʻlish olib boshini xam qildi.

– Er kishining qoʻlidan kelmaydirgʻon ishning oʻzi yoʻqtur. Uning uchun yurakda jahd boʻlsa bas. Ollo Odam­atoning qiyshiq qovurgʻasindan Momohavoni bunyod etkaninda, uning kangul sururini shul lazzatga bogʻlab qoʻymishdur. Erta bahorda unib chiqqan chechak agar yomgʻir boʻlmasa qurib xasga aylangani singari Momohavoning nasli ham shu sururdan benasib qolsa qovjiray boshlaydir.

Jilva kirib kelsa ham, chol avzoyini oʻzgartirmay, gapini davom ettiraverdi.

– U birovni past, birovni yuqori qilib yaratmagan. Hech kim Uning dargohida tabaqalanmagay, boʻtalarim. Sen qul, men hoja deganlari bu yerda, – u tirnoqlari oʻsib ketgan, irkit koʻrsatkich barmogʻini pastga nuqidi, – oʻzini tirik deb ataydigan mavjudotlar orasindadir. Odamotaning qavmi Momahavoning nasliga qovushmogʻi shart. Bunga hech qanday monelik boʻlmas. Aksinda Uning oʻzi yaratgan ins qavmi yoʻqolib bitmagaymi?

Uning qisilgan gʻilay chap koʻzi ham ochilib ketgandek edi goʻyo. Undan ohanraboday oʻziga tortguvchi qandaydir sirli quvvat taralar, ilk bor koʻrganlaridagi irganish qaergadir izsiz gʻoyib boʻlgan, uning boʻsh qolgan oʻrnini esa tushuniksiz hurmatga ham, ixlosga ham, muhabbatga ham oʻxshab ketadigan, ularning qorishigʻidan paydo boʻlgan haromi oʻgʻildek surbet tuygʻu butkul egallab olgandi.

Jilva gulxanda shoʻrvasi bilq-bilq qaynayotgan sopol kosani teri bilan ushlab koʻtarib, ikkita toshbaqaning muguz kosasiga boʻlib qoʻydi. Keyin allaqanday iymanish bilan birini cholning, ikkinchisini Nurgeldining oldiga surdi. Chol shoʻrvadan bir-ikki hoʻplagan, goʻshtdan totingan boʻlib kosani chetga surdi.

Nurgeldi cholning qul va hoja xaqidagi gapidan keyin avliyo ekanligiga ishonch hosil qildi. Koʻnglidagi gaplarni topib gapirayotganidan mumdek erib oʻtirardi.

– Lut paygʻambarning qismati ne boʻlganini eshitganmisizlar, – chol tishsiz milkini chapillatgancha bir tishlamgina goʻshtni uzoq chaynalib yutgach, ularga ifodasiz koʻzini tikkancha qaradi. – Lut paygʻambar ham Uning tanlaganlaridan biri edi. Shul zot bir sabab bilan qavmidan badargʻa boʻlib, ovloq gʻorda ikkita boʻy yetgan qizi bilan yashay boshladi. U qarib qolgan, umri nihoyalayotgan esada oʻz naslini davom ettiradigan oʻgʻil farzand koʻrmagan edi. Bir kuni qizlari otasini shu muammodan xalos qilishning oqilona yoʻlini topadilar. Oʻsha tunda katta qizi ota­siga chogʻir ichirib mast qilgach qoʻyniga kiradi va undan homila orttiradi. Keyingi tunda esa kichik qizi opasining ishini takrorlab, ul ham homilali boʻladi. Otasi tezda oʻlim topadi. Qizlaridan ikki oʻgʻil dunyoga keladi. Shu ikki oʻgʻildan ulkan Lut qavmi vujudga keladi. Koʻrdingizmi, U Lutga shafqat qilib, undan qavm bunyod etdi. Illo sizlar ham bu sahroda beiz ketmagaysiz. Sizdan qavm bunyodga kelsa ne ajab. Sizlar ham qovushinglar. Tiriklikning asosi shuning oʻzi emasmi, boʻtalarim, – u biroz tanaffus qilganidan soʻng gapini davom ettirarkan. – Sizning farzandingiz tugʻiladi. U sizning naslingizni davom ettirgusi. Kun keladi, siz bu sahroni tark etasizlar. Shunda ul farzand shu yerda qoladi.

Jilvaning koʻzlarida gʻalati, tushuniksiz alanga koʻrindi. Yigit esa hamon boshini yerdan koʻtara olmas, nigohlari bilan yer chizib oʻtirarkan, tanasi choʻqqa qoʻyilgan toshdek qiziy boshladi. Agar chol boʻlmasa, Jilvani bagʻriga bosgan, lablaridan, oppoq boʻynidan boʻsa olgan boʻlardi.

Tashqarida negadir it uvladi. Unda bunaqa odat yoʻq edi. Uvlashi ham xunukdan-xunuk, etni junjiktirar darajada sovuq tuyuldi.

– Iye, hali it ham bormi? Uvlagan it bexosiyatdir. Ul xojasiga oʻlim tilasagina uvlaydir. Uni oʻldiringiz! – Chol negadir bezovtalanib qoldi.

It kulba atrofini bezovta aylanib chopdi. Gʻingshidi. Keyin yana bir karra uvlab yubordi.

– Tong ham oqarib qoldi, – dedi negadir chol qalt-qalt titragancha. – Endi ketar fursatim ham keldi. – Chol oʻrnidan turib kashkulini beliga osarkan, bir narsa esiga tushib qolgandek Jilvaga oʻgirilib, unga bir gʻalati qarash qildi. Kashkuldan bujmayib ketgan olmani chiqarib unga uzatdi. – Buni ikkalangiz boʻlib yesanglar er-xotin boʻlasizlar. Bu ilohiy olma. Farzand koʻrganingizda uning ismini Sotuna qoʻyasizlar. Esingizdan chiqmasin. Sotuna.

Chol tashqariga yoʻnaldi. Haqiqatan ham mashriq ufqi qizara boshlagan edi. Bundan hayratga tushishga ulgurmadilar. Qayerdan paydo boʻlgan it akillagancha cholga tashlandi. Chol hay-haylagancha tayogʻini silkib, yirik-yirik qadamlar bilan kunbotarga qarab loʻkillay boshladi. Lahza oʻtmay zulmatga qorishib koʻzdan yoʻqoldi. Biroq, it hamon vovullagancha uning ortidan ergashar, qumtepadan oshib koʻzdan yoʻqolgan boʻlsa-da, anchagacha uning tovushlari kelib turdi. Shundan keyingina ular ichkariga qaytib kirdilar.

– Sizningcha butun tunni gaplashib oʻtkazdikmi, begim? – hayratini yashirmay soʻradi Nurgeldi chol oʻtirgan poʻstakka choʻkar ekan.

– Men ham anglamay qoldim. U kunbotarda kelib edi. Oʻshandan keyin bir shoʻrva qaynar fursat oʻtirdi. Yo shoʻrva shunaqa sekin qaynadimikan...

– Gulxan ham oʻchgani yoʻq. Yo oʻtin tashlaganmidingiz? – Hamon hayratini yashira olmasdi Nurgeldi.

– Yoʻq, tashlamadim. Oʻsha oʻtin, – yelkasini qisdi qiz ham.

– Ha, biz hizrgami, yo biron avliyogami roʻpara boʻlganimiz haqiqatga oʻxshaydi. Aytgancha, u sizga olma bergandimi?

Jilva qoʻyniga qoʻl solib koʻrdi – olma yoʻq. Nahotki, hozirgina koʻrganlari tush boʻlsa?

– Yoʻq, – dedi qiz koʻzlarini katta-katta ochib, – nahotki yoʻqotib qoʻygan boʻlsam. Hozirgina qoʻynimga solib qoʻygandim-ku!

– Balki tashqariga chiqqanimizda tushirib qoldirgandirsiz.

Shundan soʻng har ikkalalari ham tashqariga yoʻl oldilar. Olma shundoqqina eshikning oldida dumalanib yotardi. Biroq, uni topib olganlari uchun emas, balki kunchiqar ufqda hozirgina koʻrinib turgan shafaq zim-gʻoyib boʻlganidan hayratlanardilar. Atrof hali tun yarmidan ogʻmaganini bildirib zimistonligicha turar, osmon yulduzlarga toʻla edi.

– Balki, bizga shunday tuyulgandir. Hali tongga uzoq-ku, – dedi yigit yana bir karra osmonga qarab olarkan.

– Yoʻq, chol bizning koʻzimizni bogʻlagan boʻlsa kerak.

– Hmm. Olmasini koʻrsating-chi.

Qiz qoʻlida ushlab turgan olmani yigitning qoʻliga tutqazdi. Bujmaygan olma unga sirli va ajabtovur koʻrindi. Olmani aylantirib koʻrdi. Keyin hidladi, dimogʻiga hushboʻy hid urilib vujudi yengillashdi. Yuragi dukillab, tanasiga yoqimli iliqliq yugurdi. Shartta xanjar bilan uni ikkiga boʻlib, birini qizning ogʻziga tutdi. Ikkalasi ham bir paytning oʻzida qarsillatib olma chaynasharkan, bir-birlariga nigohlari tushib ilkis jim qoldilar. Keyin sekin-sekin siljib bir-birlariga yaqinlashdilar. Oradan olisdan-olis choʻzilgan bir soniya ham oʻtib ular bir-birlarining ogʻushlariga singib ketdilar...

...Ena, enajon, sahroda bir oʻt boʻlarkan, tuyaqorin degan. U tuyaning qornidek katta va dum-dumaloq boʻlib oʻsarkan. Bahor oʻtib, birinchi garmsel qoʻzgʻolganida u tomiridan choʻrt sinib dumalanib ketarverarkan. Qachonki, biron ilinib qolardek narsa topganida tinarkan. Keyin shamolda uchib kelayotgan qumni ushlab qolaverganidan u toʻxtab qolgan joyda katta barxan paydo boʻlarkan. Mening ham bahorim oʻtib, boshlangan ilk boʻron tomirlarimni sindirib, sahroga uloqtirib tashladi. Darbadarligim boshlandi. Oʻsha tuyaqorin singari sarson daydishim bu tunda poyoniga yetdi. Men Nurga ilinib toʻxtadim. Endi sahro menga shafqat qilib, qumga koʻmmagunicha, bagʻriga olmaguncha, shu yerda qolaveraman, ena.

Siz endi tushimga kirmay qoʻyasiz. Siz, yuz berishi muqarrar boʻlgan voqeaning, bu tunda amalga oshganini bilganingizda edi, hozir meni yer mushtlab qargʻayotgan boʻlarmidingiz. Balki, siz mening oʻlimim xabarini eshitgan, mening motamimni ham oʻtkazib ulgurgan boʻlsangiz, bunga umrbod ishonib yuravering. Agar qandaydir daydi shamol mening hidimni olib borsa, u shamolni haydang va unga inonmang. Men oʻlganman. Oʻsha sizning xonadoningiz ostonasidan chiqqan lahzalarimda tomirim qurigan, jonim uzilgan, enajon. Bu shamollar mening loshimni sudrab yuribdi.

Siz mening baxtiyor kelinchak boʻlib goʻshangaga kirishimni istardingiz. Bugun qismat yetaklab kelgan qahri qattiq sahroda oʻsha siz orzu qilgan goʻshangaga yetishdim, ena. Yana qaytib sizni koʻramanmi, yoʻqmi, biroq, otam orzu qilganidek qasrda amirning goʻshangasiga emas, kimsasiz sahroda bir qulning quchogʻida orom topdim, ena! Agar shundan otam xabar topganida ikkalamizni ham tilkalab tashlarmidi. Xudoga shukrki, otam qiyomatga qadar bundan xabardor boʻlmaydi. Hartugul men shundoq boʻlishini istayman.

Men har bir bosgan qadamim, garchi ming mashaqqat bilan amalga oshayotgan boʻlsa-da, biroq firdavsmonand hayotga, olamning eng farahbahsh manzili deb bilganim, oʻzimcha tasavvur qiladigan, hatto tushlarimga-da kirib chiqadigan Buxoroga yaqinlashtirayotganidan azoblarim tatimasdi. Ming bir azob bilan boʻlsa-da, qarichma-qarich yaqinlashayotganim, Buxoro endi yoʻq. Men bir necha yillar davomida koʻnglimda, fikru xayolimda bunyod etgan, har tun koʻnglim bilan yolgʻiz qolganimda, miriqib tomosha qiladigan, unga necha-necha yangi tafsilotlarni qoʻshadigan, har tun osmonimda yoʻlchi yulduzdek mayoq boʻlib jilvalanadigan Buxoromni yoʻqotdim, enajon. Ichim huvillab qoldi. Boʻron yalab oʻtgan sahrodek, kimsasiz va zimiston boʻlib qoldim, ena.

Endi, yongʻin vayron qilgan qasrning ustunidek soʻppaygancha, huvillagan koʻnglimda faqatgina Nur qoldi. Shu qip-qizil va kimsasiz yalanglikda Buxoroni qayta bunyod etmoqni Nur uddalarmikan. Bilmadim, ena. Bilmadim...

...Ertalab Nurgeldi kech uygʻondi. Negadir toʻshakdan turgisi kelmay maza qilib kerishdi. Tungi voqeani eslab yoniga qaradi. Begimning oʻrni boʻsh edi. Erinib oʻrnidan turdi. U tashqarida oʻzi yaxshi koʻradigan toshnovning ustida, quyosh chiqayotgan tomonga qarab oʻtirardi. Nurgeldi Beshim oqsoqolga taqlidan tomoq qirib qoʻydi. Shunda qiz birdan oʻrnidan turib, toshbaqa kosasiga toʻldirilgan suvni olgancha peshvoz yurdi. U suv quyib turdi, yigit yuvindi. Oʻtgan tun ularning hayotidagi barcha narsani oʻzgartirib yuborgan, endi yigitning xizmatini Jilva bajarardi. Yigit avval oʻzini shuncha xoʻrlagan Beshim oqsoqolning arzanda qizi girdikapalak boʻlib xizmatini qilayotganidan magʻrurlanib qoʻydi. Koʻksida necha yildan beri toshdek qotib yotgan qasos olish istagi ushalayotgandek tuyulib, huzurlandi. Biroq qizning samimiy yuzidagi bolalarcha sodda va begʻuborlikni koʻrganidan keyin otasining alamini shu ojizadan olish yigit kishiga yarashmasligini oʻylab, qovogʻini ochdi. Unga jilmayib qaradi. Jilva ham uning chiroyi ochilganini koʻrib, jilmaydi.

– Nega kulasiz....kulasan? – joʻrttaga qovogʻini soldi yigit.

– Siz-chi? Siz nega kulyapsiz? – qiqirladi qiz, uning bir sizlab, bir senlashidan zavqlanib.

– Nega kulayotganimni aytaymi, a. Aytaymi?

– Ayting.

– Aytsam, ana eshit. Sening yuzingga qorakuya surtilibdi!

– Qayeriga?

– Mana bu yeriga, – yigit unga talpinib qoʻlidan ushlamoqchi boʻldi. Biroq Jilva ham jayrondek chaqqonlik bilan qoʻlidan sirgʻalib chiqib yuziga suv sepib yubordi. Yigit birdan toʻxtadi. Qiz esa qiqirlagancha qocha boshladi.

Nurgeldi uning ortidan kulimsirab qarab turarkan, yuragi bir entikib ketdi. Oʻtgan umri davomida hech qachon ta’mini totish nasib etmagan baxt unga shu kimsasiz sahroda oʻzining butun husni tarovati bilan boʻy koʻrsatgan edi. Nurgeldi unga sarmast boʻlib tikildi. Bu lahzalar uchun butun boshli umrini qurbon qilsa ham arzirdi. Uning koʻzlariga shu paytgacha faqat yolgʻizlik va badbinlikning timsoli boʻlib koʻringan gʻarib qumtepalar shunchalik yashnab ketgandiki, xuddi jannat shu yerda bino boʻlgandek, qanchalik tikilmasin, undan koʻz olish qiyin boʻlib borar, vujudida tuganmas qudratni his qilib, xuddi burgutdek qanotlarini yoygancha, bu firdavsmonand sahroning osmonini qulochlashni istab qoldi. Qiqirlab kulayotgan, farishtaga oʻxshab ketayotgan qizning ortidan bir hovuch suv olib chopa ketdi. Unga yetib olganida qoʻlidagi suv toʻkilib ado boʻlgan edi. Qizni qumga yiqitib oldi va yuzlaridan, boʻynidan, hilvirab qolgan koʻylagi yashira olmagan oppoq siynalaridan oʻpa boshladi...

...Ular shu lahzalarning toabad davom etishini istashardi. Biroq baxtga qarshi kunlar chopqir otlardek bir-birini quvalashib yelib oʻtaverardi. Sahroning saratondagi jaziramasidan amallab omon qolganlariga hech qancha oʻtmay, qish izgʻiriniga duch kelishdi. Amallab bahorga chiqib olganlarida Jilvaning koʻzi yoridi. Ularga unchalik oʻtirishmasa-da baribir cholning gapini ikki qilmasdan pahlavondek tugʻilgan chaqaloqqa Sotun deb ismni qoʻyishdi.

Sotun durkun boʻlib oʻsdi. Ikki yoshga kirganida chopqillab yura boshladi. Ular sahroni makon tutganlariga uch yil toʻlganida pildirab yurgan bolakay qumtepalar orasidan bilakdek keladigan ilonni sudrab keldi. Buni koʻrib Jilvaning oʻtakasi yorilib ketdi. Ilon tirik edi. Bola uni xuddi mushukni oʻynagandek ezgʻilab oʻynar, ogʻziga qoʻlini tiqib, ayri tilini ushlab olishga urinardi. Jilva koʻzlarini chirt yumgancha chinqirib yubordi va chopib borib ilonni uning qoʻlidan tortib olib sahro bagʻriga irgʻitib yubordi va shilqillab oʻtirib qoldi. U tildan qolgandi...

…Tushimga yana otam kiribdi, Begim. Negadir bu safar barchasini aniq-tiniq koʻrdim. Buning ustiga barcha tafsilotlarini miridan-sirigacha eslab qoldim. Otam barzangi odam edi. Zulukdek qora oti ham oʻzidek bahaybat edi. U oqsoqolga oʻxshab ketadigan, ammo, undan yosh va iyak ostiga oʻstirgan soqoli ham qop-qora kimsaning choʻgirmasini olib tashladi va, taqir boshini tizzalari orasiga qisib turib, boʻgʻziga xanjar tortdi. Aniq koʻrdim, hatto uning jon talvasasida xirillashini ham, ayollarning chuvvos tortishini ham eshitib turardim. Otam ul kimsaning boshini kesib oldi va soqolidan ushlagancha baland koʻtardi. Keyin uni irgʻitib yubordi. Atrofda qiy-chuv koʻtarildi. Keyin birdan sukunat qopladi. Otam qonga belangan boshni tepib dumalatib yubordi va dahshatdan koʻzlari olayib ketgan qizning koʻlidan ushladi. U qiz qayerdan paydo boʻlganini ilgʻay olmadim. Qiz negadir senga oʻxshab ketardi, Jilva! Lekin u sen kabi dadil va magʻrur emas, allaqanday oʻksik, allaqanday tushuniksiz, gʻussaga choʻlgʻongandek edi. Otam uni bir siltab bagʻriga bosdi…

Shunda qayerdandir bir bashara namoyon boʻldi. U bashara menga naqadar tanish ekanligini his qildim. U sarbonga ham, shilpiq choʻponga ham, avliyo chol boʻlib koʻringan darvishga ham oʻxshab ketardi. Biroq yana qaysidir jihatlari bilan ularga mutlaqo oʻxshamasdi ham.

Begim, sen tildan qolgandan beri koʻzim ilingan zahoti koʻra boshlayman. Bilmadim, bu nimadan darak…

…Kundan kunga begimning ahvoli ogʻirlasha boshladi. Uni bir hozik tabibga koʻrsatish kerak edi. Nihoyat ularga uch qishu uch yoz boshpana bergan, yaxshi- yomon kunlariga guvoh boʻlgan, va negadir yuragidan joy olgan qadrdon sahrodan rizqlari uzilganini his qilgan Nurgeldi narsalarini yigʻishtira boshladi. Xotinini opichlab, oʻgʻlining qoʻlidan yetaklagancha yoʻlga tushdi...

Daryoning narigi tomonidagi bir qishloqqa yetib kelganlarida Jilvaning ahvoli ancha tanglashgan, Nurgeldining oʻzi ham sillasi quriganidan birinchi duch kelgan eshikka zoʻrgʻa yetib keldi. Itning hurganini, kimningdir ovoz berganini elas-elas eshitib, yigit begimni yelkasidan tushirib, yerga yotqizdi. Oʻzi ham uning yoniga choʻzildi. Koʻzini ochganida allaqachon tong otgan, shiftdan osilib turgan qamish darchaning tirqishidan tushgan bir qatimgina nurdanmi, allaqanday qizgʻish tovlanardi. Tashqarida avval otning dupuri eshitildi. Keyin qandaydir erkak kishining qattiq-qattiq gapirishi eshitildi. Birozdan keyin, oʻsiq yungli choʻgirma kiygan barvasta kishi xonaga kirib keldi. Nurgeldi holsiz boʻlsa-da oʻrnidan inqillab turib choʻkkaladi. Kelguvchi unga e’tibor ham bermadi.

– Shularmi? – soʻradi u ortiga oʻgirilib.

Shunda uning keng yelkalari ortida koʻzga tashlanmay turgan kimsa ovoz berdi.

– Ha, shular, taqsir.

Nurgeldiga bu tovush tanish tuyuldi. Qayerda eshitganiykin.

– Ayol bilan bolani aravaga oling. Buni otga oʻngaring, – buyruq berardi barzangi. – Oqsoqolning qoʻliga tirik yetkazish kerak!

– Bosh ustiga, taqsir! Oʻrningdan tura olasanmi?

Shu payt ovoz egasi kelguvchining ortidan chiqib, koʻrinish berdi. Uni shum taqdiri yetaklab yurganidan beri duch kelayotgan kimsalarning yana bittasining irkit basharasi namoyon boʻldi. Yana oʻsha gʻilay va shilpiq koʻz, siyrak soqol, kuya tushgan poʻstakka oʻxshagan qosh va kinoyali iljayish qotib qolgan yuz…

Unga qarab turib, Nurgeldi barchasidan charchaganini, barchasi tuzsiz oshdek me’dasiga urganini his qildi. Endi unga baribir edi. Uni tushiyu oʻngida taqib etayotgan bu basharalarga qarshilik koʻrsatishga endi unda majol qolmagandi. U horgʻinliq va loqaydlik bilan kimsaning ortidan ergashdi. Beshim oqsoqolning hovlisiga yetib kelganida ham ongi faromush boʻlib angrayib turardi…

… – Ha, Erganjaning haromisi! Oʻshanda sening boshingni olib tashlasam boʻlarkan, itvachcha! Oʻshanda jon berayotgan enamning iltijosi yerda qolmasin, degandim. Sen la’nati meni nahsga botirishingni tush koʻribmanmi! Otang Erganja qaroqchi, ukamning boshini olib, singlimning nomusiga tekkani, shundan sen haromini toʻratgani kammidi?! Menglining otasiz oʻsgani yetmaganidek, sen uni ham juvonmarg qilding!

Munkillib qolgan oqsoqolning soʻnggi yillarda birorta qora tolasi qolmagan engak osti soqoliga zahardan-da achchiq ikki tomchi yosh dumalab tushdi.

– Oʻldir uni, Normat, – dedi tishlari orasidan chiqarib. Oʻgirilib eshik tomon yurar ekan, past ovozda qoʻshib qoʻydi: – Uchalasini ham!

…Negadir bola izsiz yoʻqolgandi. Keyinroq, odamlar bir qalandarsifat kimsa uni yetaklagancha sahro tomonga ketayotganini koʻrishganini aytib yurishdi. Qalandarni batafsil tasvirlab berishar, biroq bolaning qanday koʻrinishdaligini aytolmasdilar…

Ha, u bolani oʻzi bino boʻlgan sahroga olib ketgandi. Sotun shilpiq choʻponni izlab topishi, uning qiziga uylanishi, undan ikki oʻgʻil koʻrishi, vaqti kelib, ulardan sahroni titratib, karvonlarni qon qaqshatadigan qaroqchilar qavmi bunyod boʻlishi bitilgan oʻz qismati izidan ketgandi…

Hovlida qirq chogʻli odam yigʻilgan boʻlsa-da, oqsoqolning shivirlagandek past tovushda aytgan ikki jumlasini barcha eshitdi. Hovliga oʻlik sukunat choʻkdi. Barzangi Normat negadir birdan tetiklashib qolgan Jilvani ham qoʻllari bogʻlik Nurgeldining yoniga tiz choʻktirib qoʻydi.

Boshini egib jimgina choʻkkalab turgan bandilarning oldida bir zum serrayib turganidan keyin pichirladi: «Kalima keltir, yigit!» Nurgeldi sekin boshini koʻtardi. Kun botayotgan tomonga qaradi. Ufq negadir qip-qizil edi. Koʻzlarini qisib biroz termulib turdi. Keyin Jilvaga qaradi. Jilva ham ufqdan koʻz uzmay turardi.

– Jilva, – shivirladi, yigit, – Jilva, men Uni koʻrdim! U koʻrinmoqda!

Jilvaning qonsiz yuzi hayajondan boʻgʻriqib ketdi. Birdan tilga kirdi:

– Men ham...

Normatning keskir qilichi Nurgeldining boʻyniga zarb bilan urildi. Bosh tarvuzdek uch-toʻrt qadamgacha dumalab borib toʻxtadi. Uning ochiq koʻzlari hamon shafaq qoplagan ufqqa termulib turardi. Shu payt qilichning ikkinchi marotaba yumshoq etga shilt etib urilgani eshitildi va hammasi tugadi.